OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boy berilgan imkoniyat yoxud kliplar bizga nimani o‘rgatyapti?

Musiqali videoklip — bu juda qisqa hajmli, ya’ni davomiyligi o‘rtacha to‘rt daqiqalik o‘ziga xos asar. U tomoshabinga ham videotasvir, ham musiqa, ham qo‘shiq matni orqali ta’sir o‘tkazadi. Shu tufayli musiqali klip, aniqrog‘i, undagi axborot inson ongi va ong ostiga osonroq singadi. Xo‘sh, bu qanday axborot?

Har qanday musiqali videoklip qo‘shiq matni va musiqasiga yuklatilgan mazmundan tashqari, vizual axborotga ham ega. Bunday axborot, birinchi nav­batda, xonanda va auditoriya o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatish uchun xizmat qilishi kerak. Aslida, qo‘shiqqa klip ishlashdan asosiy maqsad ham shu. Teleekranda kliplarning muntazam namoyish etilishi natijasida tomoshabin ongida xonanda obrazi muhrlanadi. Klipda ko‘rayotganlarimiz — xonandaning kiyimi, soch turmagi, taqinchoqlari, pardoz-andozi, xatti-harakatlari, raqs, dekoratsiya bu vizual axborotdir. Yoshlar ko‘pincha o‘zi yoqtirgan xonandaga o‘xshagisi keladi, ba’zi hollarda esa unga taqlid ham qiladi. Ammo teleekrandagi o‘sha “yulduz” aslida bir guruh mutaxassislar tomonidan yaratiluvchi sun’iy qiyofa, ya’ni obraz ekanini ular ko‘pincha o‘ylab ham ko‘rishmaydi.

Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimizda o‘smir yoshidagi bolalar haftasiga 25 soat vaqtini televizor qarshisida o‘tkazarkan. Shunday ekan, qanday ko‘rsatuvlar yoshlarni “jodu”layotganini tahlil etish maqsadga muvofiqdir. Bu jihatdan musiqali kliplar mavzusi alohida muhokamani talab qiladi.

“Yetakchi” yoshlar markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarda aniqlanishicha, yoshlarning 25 foizi zamonaviy qo‘shiqlarda mazmun yo‘qolib borayotgani, 20 foizi milliy musiqa an’analari buzilayotganini ta’kidlashgan. Aksariyat ishtirokchilar kliplarda xorijdan “o‘g‘irlash” holatlari ko‘plab uchrayotgani, bu esa ko‘chirmachilikdan boshqa narsa emasligiga e’tibor qaratgan.

Ma’lumki, ko‘ngilochar mahsulotlar bozorida musiqali kliplarga talab, ayniqsa, katta. Ammo hozir musiqali kliplar ommaviy madaniyatning zamonaviy ko‘rinishi sifatida ham qabul qilinmoqda. Negaki, bugun aksariyat kliplar ommaviy iste’mol uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ijtimoiy auditoriya — ommaning ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilmoqda. Ular qaysi davlat yoki qaysi millatga mansub xonandaning qo‘shig‘iga suratga olinishidan qat’i nazar, xalqaro telekanallar tomonidan dunyoning yetti qit’asida millionlab tomoshabinlar, turfa millat vakillari e’tiboriga havola etilmoqda.

Musiqali klip ommaviy madaniyatga daxldor hodisa ekani mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgan. Xususan, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimov klipni “ommaviy madaniyat fenomeni”, ya’ni ommaviy madaniyat tarkibida vujudga kelgan yangi hodisa deb ataydi. Uning fikricha, klip madaniyati nisbatan yangi hodisa bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston yoshlarining keng qatlamini qamrab olgan. Ularning estetik tafakkuri, ma’naviyati shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, klip ­milliy shou-biznesning ­muhim tarkibiy qismi ham hisoblanadi.

Dunyoda, shu jumladan, yurtimizda ham musiqali telekanallarning faoliyat ko‘rsatishi klip madaniyatining yoshlar madaniyati ta’sir ko‘rsatishiga olib keldi. Chunki televidenie ixlosmandlarining asosiy qismi yoshlardir. Biroq musiqali kliplarning hali dunyoqarashi to‘liq shakllanmagan, hissiyotlarga o‘ta beriluvchan, taqlid qilishga moyil o‘smir-yoshlar orasida kundan-kunga shuhrat topayotgani bexavotir hol emas.

Binobarin, hozirgi axborot makonida zamonaviy kliplar “ommaviy madaniyat fenomeni”ga aylangan bir paytda, televizor orqali son-sanoqsiz xorijiy yoki o‘zimizniki-yu, ammo xorijdan “o‘g‘irlangan” musiqali videomahsulotlarning namoyish etilishi yurtimizga “ommaviy madaniyat” unsurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri “eksport qilinayotgani”dan dalolat beradi. O‘zingizga savol berib ko‘ring-chi, ming-minglab o‘zbek yigit-qizlari “zamonaviy” kiyinish, soch turmaklash uslublariyu ma’no-matrasiz raqslarni qaerdan ko‘rib, o‘rganayotgan ekan? Axir, biz doimo tanqid qiladigan, milliyligimizga to‘g‘ri kelmaydi deydigan ochiq-sochiq kiyimlar, tor ko‘ylaklar, yelkalari ochiq kelinlik liboslari, yirtiq-yamoq shimlar, qolaversa, boshdan-oyoq g‘arbona madaniyat, masalan, yevropacha to‘y marosimlari yoxud yigit va qiz o‘rtasidagi mentalitetimizga chindan ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan ishqiy munosabatlar ko‘rsatiluvchi sahnalarga boy kliplar to‘lib-toshib yotibdi-ku.

O‘tgan yili estrada xonandasi Izzatilla Ibragimovning “Bir juft yurak” nomli qo‘shig‘iga ishlangan musiqali klip efirga chiqqan edi. Mazkur klip barcha musiqali hamda nodavlat telekanallarda takror va takror namoyish etilgani bois tomoshabinlar orasida tezda tanildi. Qo‘shiq barchamiz uchun yaqin va qadrli mavzu — ikki yoshning “baxt uyi”, ya’ni oila qo‘rg‘onining barpo etilishiga bag‘ishlangan. Klipda bu jarayon yoshlarni rasmiy nikohdan o‘tkazish marosimi sifatida tasvirlanadi. Tan olish kerak, klip rejissurasi yuqori darajada. Biroq unda ko‘rsatilgan nikoh marosimi ko‘proq Gollivud kinolarini eslatadi. O‘zbeklikdan, milliy qadriyatlarimizdan asar ham yo‘q. Kelin-kuyov yo‘lakning ikki chekkasida saf tortib ularni qarshi olayotgan mehmonlar orasidan yurib kelishadi. Bu odat ko‘proq g‘arbdagi taomilga xos ekanini tomoshabin, albatta, xayoliga ham keltirmaydi. Axir, klip chiroyli ishlangan-da. Bir so‘z bilan aytganda, juda tomoshabop. Unda qaysi millatning urf-odati targ‘ib qilinayotgani esa ikkinchi darajali masalaga aylangan.

Shuhrat Qayumovning “Baxtim meni” qo‘shig‘iga ishlangan musiqali klip ham oila mavzusida. Lekin bu klipda aynan milliy ruh ustunlik qiladi. Tasvirlarda kelin-kuyovlik, oila qurish va farzandli bo‘lish baxti voqea-hodisalar emas, timsollar yordamida ko‘rsatilgan. Masalan, bir-birining ustiga qo‘yilgan erkak va ayol poyafzali, beshik, bolalar o‘yinchoqlariga o‘xshash detallar orqali qo‘shiqning mazmunini hatto, so‘zsiz tushunib olasan, kishi. Klip ijodkorlari oilaviy baxt mazmunini mana shunday oddiy, biroq dilga oson yetib boradigan shaklda ochib berishgani e’tiborga molik.

To‘g‘ri, o‘zbek yoshlari zamonaviy o‘zbek musiqasini yaxshi ko‘rishadi. Buni “Zamonaviy kliplarga yoshlarning munosabati” mavzuida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari ham ko‘rsatib turibdi. Umuman olganda, bugungi yoshlar sifatli klipni sifatsizidan ajrata oladilar, deb bemalol aytishimiz mumkin.

—    Yoshlarning kliplarga qiziqishini musiqaga bo‘lgan qiziqish keltirib chiqaradi, — deydi psixolog Luqmon Qozoqov. — Musiqiy did esa insonda yillar o‘tgan sari o‘zgarib boraveradi. Yoshingiz o‘tgan sari sizga mumtoz musiqa, folklor kuy-qo‘shiqlari ko‘proq yoqa boshlaydi. O‘smir-yoshlarning asosan pop, rok, jo‘shqin estrada musiqasini eshitishi shu yoshda ularning organizmida kechadigan tabiiy biologik jarayonlar bilan bog‘liq. E’tibor bersangiz, o‘smirlar qiziqqon, jizzaki, ba’zan hatto, tajovuzkor bo‘lishadi. Bola o‘zidagi ana shu ichki quvvatni chiqarib yuborishi kerak. Shu bois u shovqin-suronli, insonni jumbushga keltiruvchi musiqani tanlaydi.

Globallashuv, madaniyatlar to‘qnashuvi sharoitida yashayotgan inson uchun televizorni yoqib, mana bu klip milliyligimizga mos, shuni ko‘raman, mana bunisi esa, sharm-hayodan mosuvo, tarbiyamni buzadi, shu tufayli uni ko‘rmay qo‘yaqolganim ma’qul, deb ularning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratishi juda qiyin. Axir, teleekran bizdan qaysi mediamahsulotni iste’mol qilasan, deb so‘rab o‘tirmaydi, didimizga mos keladimi-yo‘qmi, tayyorini taqdim etaveradi — orasidan tanlash imkoniyati ham yo‘q. Aqlini tanigan, muayyan ma’naviy immunitetga ega kattalarning ongini-ku behayo kliplar bilan zaharlash qiyindir. Ammo bolalar, o‘smirlarning-chi? Ayniqsa, televizor qarshisida soatlab o‘tirgan bola telemaniya kasalligi tugul, axloqsizlik va ma’naviyatsizlik dardiga mubtalo bo‘lishi ham hech gap emas. ­Faqat boy berilgan vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaganidek, tarbiya uchun boy berilgan imkoniyatni ham qaytarib bo‘lmaydi.

Nargiza Umarova

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 33-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.