Ayni paytda mamlakatimizning ko‘pgina kinoteatrlarida Hollivud kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Janob Smit va Smit xonim» filmi namoyish qilinayotganidan xabaringiz bor, albatta. Ushbu film ancha-muncha kassabopligi sabab, ko‘pgina kinoteatrlar iloji boricha barcha seanslarda «Janob Smit va Smit xonim»ni qo‘yish bilan band. Xo‘sh, filmning oshig‘i olchi bo‘lishiga sabab nima? Aktyorlarning mahoratimi yoki yana boshqa sabablar mavjudmi? Agar filmni tomosha qilgan bo‘lsangiz, bosh rollarni ijro etgan Hollivud yulduzlari Bred Pitt va Anjelina Jolining san’atiga tasannolar aytishingiz turgan gap. Gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, ana shu film qahramonlaridan biri Bred Pitt bizning bugungi mehmonimiz Bredning asl ismi Uilyam Bredlidir. U 1963 yilning 18 dekabrida AKShning Oklaxoma shtatidagi Shouni shaharchasida tug‘ilgan. Otasi Bill Pitt, onasi Jeyn Pitt. Xullas, Uilyamning hayoti misli bir tarixiy ertak. Unaqada boshladik. Bir bor ekan, bir yo‘q ekan...
Missuri shtatidagi Springfildning hududida Pittlarnikidan durustroq va zerikarli oila bo‘lmagan.
Bill Pitt — yuk tashish bo‘yicha kichik menejer, 36 yillik xizmat faoliyatida biror marotaba ishga kech qolmagan, kasal bo‘lmagan va maoshini oshirish to‘g‘risida iltimos ham qilmagan. Onasi — Jeyn Pitt esa yosh ota-onalarga pedagogika asoslaridan dars bergan, ko‘p yillar davomida bolalardagi individuallikni o‘z vaqtida ilg‘ay bilish zarurati haqida va uni rivojlantirishni yodaki tinmay so‘zlardi. Har holda uning o‘g‘illarida yorqin individuallikdan hech vaqo yo‘q edi. Ammo o‘g‘li Dag haqiqatan ham kunlarning birida ko‘zini ko‘kartirib kelgan, qizi Juliyani esa o‘n ikki yoshidayoq maktab hovlisida sinfdoshi bilan o‘pishib turganini payqab qolgan. Katta o‘g‘li Uilyam Bredlining ishlari yaxshi emasdi. Uning o‘ta chiroyli va maftunkorligidan boshqa biror aytadigan jihati yo‘q edi. Ko‘k ko‘zli Uilyam kun bo‘yi xonadan-xonaga sudralib, televizordan ko‘zini uzmas, biror qiziqroq ko‘rsatuvni ko‘rish uchun televizor murvatini burashga ham erinardi.
Bredli o‘qishni tamomlagach, Missuri universitetining jurnalistika va reklama ishi fakultetiga o‘qishga kirdi. Ammo diplom qo‘liga tegmaydi, o‘rniga u aktyorlik pillapoyasini zabt etish maqsadida Hollivudga yo‘l oladi. Kissasidagi 325 dollar bilan Los-Anjelesga yetib kelgach, Pitt shunday xulosaga keladi. «Bundan keyin Uilyam Bredli nomi bilan mashhur bo‘lish qiyin». Ana shunday qilib u o‘z ismini bizga hozirda tanish bo‘lgan «Bred Pitt»ga almashtiradi. Ammo bu o‘zgarish bilan unga taklif qilinadigan rollar soni ortmas edi. Shuning uchun Bred shou-biznesdan yiroq bo‘lgan yumushlar bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ldi: u mahalliy restoranda xo‘randalarni chorlovchi vazifasida ishlagan, buning uchun u kattagina jo‘ja kostyumini kiyib olib, yo‘lovchilarni tashrif buyurishlari uchun astoydil harakat qilardi. Ishdan bo‘sh vaqtlari chiroyligina basharasiga professionallik ato etish maqsadida u aktyorlik kursiga ham qatnadi.
Agarda Pitt teleprodyuserlar nazariga tushmaganida, yana qancha jo‘ja bo‘lib yurishi noma’lum edi. Turli seriallardagi rollar bu maftunkor jamol sohibiga qiyinchiliksiz nasib qilardi. Televideniedagi aktyorlik ishi Bred uchun juda qo‘l kelgandi. «Hech narsa ish qilmasang ham, mo‘maygina pul to‘lashar ekan», deb eslaydi Bred. Har holda bu pullar kechqurun duch kelgan restoranga kirib, yaxshigina maishat qilib, boz ustiga tasodifan uchragan ayol bilan «osh-qatiq» qilishga yetardi. Mabado u ayol «Ho, yigitcha, kecha televizorda seni ko‘rmadimmi?» desa ... Bunday iltifotdan so‘ng hayotdan yana boshqa narsalarni talab qilishlikning o‘zi axmoqlik! Shu tariqa Bred «Dallas», yana bir nechta seriallar va badiiy filmlarda kichik rollarni ijro etdi.
«O‘lish uchun o‘ta yosh» telefilmi jarayonlarida yigirma olti yoshli Pitt o‘n yetti yoshli aktrisa Julet Lyuis bilan uchrashadi. Va ular o‘rtasida ishqiy munosabatlar romani boshlanadi. Ularning ishqiy munosabatlari uch yilga cho‘zilib, to‘y bilan tugashi mumkin edi, ammo ... ikkisi ham mashhur bo‘lib ketmaganida. Julet «Qo‘rquv burni» filmida bosh rolni ijro etganidan so‘ng, Pitt esa «Telma va Luiza» filmida 15 daqiqalik epizodik lavhada namoyon bo‘lganida, uning go‘zalligi va tabiiy yoqimtoyligi o‘z kuchini ko‘rsatdi — butun Amerika Bredga oshiq bo‘ldi. O‘sha paytlarda ekran yuzini ko‘rgan «Jonni Sued», «Parallel dunyo» katta muvaffaqiyat qozonmasada, «Kuz afsonasi» va «River runs through it» filmi kinotanqidchilar tomonidan yaxshi baholandi. Ana o‘shandan beri suratga tushishining keti yo‘q. To‘satdan kelgan shon-shuhrat nuridan harorat olgan Pitt yulduz bo‘lish oson emasligini, sertashvish ekanini tushunib yetdi. Oxiri yo‘q intervyular, muxlislarning xiraliklari... Hatto qalin, ovoz o‘tmaydigan devor ichida u o‘zini oynadan yasalgan uydagidek his qilardi. Bred mashhurlikdan o‘ziga qarashli emas, o‘zganiki bo‘lib qolganday tuyuldi.
Bu orada izzattalab Julet o‘z mashuqining shuhratidan rashk qila boshladi. Ular orasidagi kelishmovchiliklar darhol matbuotda chop etilib, murakkab ikki yulduz juftligining munosabatlari yanada chigallashdi. Bunday ovozalarga barham berish, mish-mishlarga raddiya berish yoki yetkazilgan ma’naviy zarar uchun tovon to‘lash maqsadida Pitt sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Albatta, sud jarayonlari Pittning hayotga bo‘lgan qiziqishiga yanada o‘t qalardi. Oxir-oqibat u barcha ayb-sababni o‘zining tashqi ko‘rinishidan ekanligini tushundi. Keyin o‘z imijini o‘zgartirishga qaror qildi. U yangi suratga olinadigan «Kaliforniya» filmida chiroyli, xushbichim yigit rolini o‘ynashdan qat’iy bosh tortdi. Rejissyor Domenik Senyaga «Keling, yaxshisi meni yaramas rolini ijro eta qolay», deydi Bred. Qotil savdoyi roliga Pitt xuddi Stanislavskiy kabi tayyorgarlik ko‘rdi. «Men kitob sahifalarini o‘qir ekanman, har bir bobda yigirmata qotillik bo‘lishini angladim. 37-betdagi qahramonning psixologiyasi bo‘lishini tufayli menga barchasi ayon bo‘ldi va yengil tortib kitobni karovatim ostiga qo‘ydim». Bundan tashqari Pitt soch-soqolini olmadi. Filmni suratga olish jarayoniga kelib, u haqiqiy sochi to‘zg‘algan, sersoqolga aylandi. Sochini qoraga bo‘yagach, «Telma va Luiza»dagi barno yigitdan asar ham qolmadi. Uning yangi obrazi orqali haqiqatan xunuk, yaramas, ablaxni aks ettirishi yaqqol namoyon bo‘ldi. Filmdagi yana bir bosh rolga sevgilisi Julet taklif etildi. Bred filmda uni vaxshiyona o‘ldiradi. «Kaliforniya» suratga olib bo‘lingach, ular o‘rtasidagi sevgiga rosmanasiga darz ketdi va shu tariqa ular ajraldilar.
«Yetti» filmida Pitt bilan bosh rolni Morgan Frimen ijro etdi. Filmda uning turmush o‘rtog‘i rolini aktrisa Gvinet Peltrou o‘ynaydi. Bu esa ularning kelajak ishqiy munosabatlariga o‘ziga xos zamin yaratdi. Gvinet — ma’lumotli, nazokatli va yaxshi oiladan kelib chiqqan edi. Pitt uni ko‘pincha «farishtam mening», «ilhomim mening», deb erkalardi.
Hayotidan mamnun Gvinet bunday lutfdan aktrisalik kasbini tashlashga va Pittga farzandlar tug‘ib berishga rozi edi. Ammo aktrisaning ota-onasi ular munosabatiga muttasil aralashdi. Bu esa o‘zaro munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Qizning otasi Bryus Peltrou prodyuser bo‘lib, Pittni o‘ta mashhur, deb hisoblardi. Onasi Blayt Denner esa aktrisa edi. U Bredni sodda, ma’lumoti kam, o‘zini tutishni bilmaydi, deb ta’kidlardi. Bechora Gvinet bekorga Pittni muzey, ko‘rgazmalarga olib borar, ko‘p kitob o‘qishga majbur qilar, dasturxon atrofida o‘zini qanday tutish qoidalariga o‘rgatardi. O‘z navbatida Pitt ham ma’lumotli ko‘rinishga, tarbiyasi nozik didli bo‘lishga intilardi. Ammo Pitt bunday «rol»larni ijro etishga qiynadi. Vaqt o‘tgan sari Gvinet Pittning tengi emasligini tushundi. Ayniqsa, butun kun bo‘yi xonada pijamada yurishi, chekishi, pivo ichishi, televizor ko‘rishi, boshqa kanalga olish uchun ham Bredning erinishi o‘tib tushdi.
Kunlarning birida hamma yerda hoziru nozir paparatstsilar Bred va Gvinetni Karib bo‘g‘ozi sohilida dam olayotganini suratga tushirishga muvaffaq bo‘ladilar. Bunda jurnalistlar tomonidan ularning kiyimlariga biror-bir shama qilinmagandi. Gvinet bu suratlarga oddiy qarasa, Pittning g‘azabini qo‘zg‘atdi. U suratni chop etgan «Pleygerl» jurnalini sudga berdi. Sud jarayoni haqida Pittning to‘xtovsiz intervyulari Gvinetni qattiq ranjitdi.
Bu orada Pittni «Tibetda yetti yil» filmida suratga tushishga taklif qildilar. U rozi bo‘ldi. Suratga olish jarayonlari asosan Argentinada o‘tadi. Shu sababli Bred vaqtinchalik Gvinet bilan aloqani uzdi. Los-Anjelesga qaytgach, Pitt darhol Gvinetning oldiga oshiqadi. U Argentinada Gvinetga atab sotib olgan nikoh uzugini hadya qilmoqchi edi. Biroq kutilmaganda, Gvinetni Bredni sovuqqonlik bilan kutib oldi. Uzukni olishdan bosh tortib, nikoh haqida so‘z bo‘lishi mumkin emasligiga shama qildi.
Bundan OAV ahli oshiq-ma’shuqlarning navbatdagi xiylasi, deb o‘ylaydi. Shu sababli televidenie, radio va matbuotda «Muxlislar va jurnalistlar xalaqit bermasliklari uchun ular shunday yo‘lni tanladilar» degan xabarlar berildi. Biroq ularning sevgisiga tom ma’noda rahna solingandi. «Bunda Bredning hech qanday aybi yo‘q» — Gvinetning aytgan so‘zi shu bo‘ldi. Bred esa nafrat bilan jilmayib, sigaret tutuni bilan yashirinishga harakat qilardi. Kunlardan birida jurnalistlarning «Gvinet bilan do‘st bo‘lib ajralishdilaringmi?» degan savoliga «kim bilan?» deya savolga savol bilan javob qaytardi. «Kim haqida gapirayotganingizni men tushunmayapman. Hech qanday Gvinet Peltrouni men bilmayman», deb lo‘nda javob qaytardi. Shu orada u dengiz bo‘yidagi surat mojarosi bilan sud jarayoniga qatnayotgandi. Natijada Bred sudda g‘alaba qozondi. Sud «Pleygerl» jurnalida chop etilgan suratlar olib tashlansin», degan qarorga keldi. Ammo jurnal allaqachon auditoriya qo‘liga yetib borgandi. Eng qizig‘i, sud jarayonidan so‘ng bu jurnallar kollektsionerlar tomonidan mo‘may pulga sotib olindi. Keyin Bred Gvinet bilan ajrashdi. Bu ajralish uning biror yerini o‘pirib yuborganday bo‘ldi.
«Qonxo‘r bilan intervyu» filmidan so‘ng bu kabi rollarga xirs qo‘ya boshladi. Masalan, «Iblis mulki», «Tanishing, Jo Blek» filmlaridan keyin hayotda ham yovuz kuchlarning yordamchisiga aylandi. U turli o‘rgimchaklar va xameleonlarni yig‘a boshladi. O‘zini yorug‘likan olib qochadigan bo‘ldi. Faqat qora kiyimda yurishni odat qildi. Alvastilar rolini qoyilmaqaom ijro etgan aktrisa Kassandro Pittersonning «Drakula» qasriga o‘xshash uyni sotib oldi. Ushbu uydagi stol bamisoli tobutning o‘zi, oshxona esa xuddi sag‘ananing o‘zginasi edi. Bora-bora qo‘riqchi va xizmatchilarni ham ishdan bo‘shatdi va uyda bir o‘zi haftalab chiqmasdan yashdi. Tez orada matbuot sahifalarida Pitt bir umrga aktyorlikni tashladi va o‘zini sehrgarlik sirlarini o‘rganishga bag‘ishlamoqchi, degan taxminlar paydo bo‘ldi. Muxlislar baxtiga bunday bo‘lmadi. Pitt o‘zining dastlabki barno yishit, degan nomidan bundan-da nafratlanadigan bo‘ldi. Masalan, «Olishuv klubi» filmidagi roli uchun chirigan tish qoplamasini yasatdi. Agarda uning taqdirida aktrisa Jennifer Eniston paydo bo‘lmaganida, Bred o‘zining zulmat tajribalariga jiddiy o‘ralashib qolardi. Bred Eniston bilan haqiqiy sevgi romanini boshladi. Ularning munosabatlari a’lo darajada edi. O‘rgimchak va xameleonlarni yig‘ishga bo‘lgan qiziqishi orasiga keyinchalik velosiped ham qo‘shildi. U velosipedlarni sotib olaverdi. Hatto ularning soni qanchaligini bilmay qoldi. Chunki velosipedlar uchun Amsterdamda, Kanadada, Nyu-Yorkda va Las-Vegasda garajlar sotib olgan.
Barno yigit sevgilisidan farzand ko‘rishni xohladi. Lekin bu qistovga Jenni ko‘nmadi. Bredning unga nisbatan muhabbati soviy boshladi. Xullas, ular ajrashdilar.
Mana aziz gazetxonlar! Bred haqidagi tarixiy ertagimiz ham o‘z nihoyasiga yetay deb qoldi. Iya, oxiri nima bo‘ldi, kim murodu maqsadiga yetdi, deyapsizlarmi? Unaqada so‘nggi so‘z. Hozirda Pittning hayotiga betakror Anjelina Joli kirib keldi. U bilan sirli sevgi mojarolari «bolalagan». Faqat bu boshqa mavzu...
“Turkiston” gazetasidan olindi