OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

"Devdas" - Buyuk muhabbatning achchiq nash'asi

 Hind kinolariga unchalik ham qiziqmasdim. Hammasining syujeti bir xil, oxir oqibat yaxshilar baxtli bo`ladi, yomonlar jazosini oladi. Shunday deb fikr yuritardim. Bir yil oldin “Devdas” filmini ko`rdimu, fikrlarim o`zgardi. Hind filmlarida ham haqiqat yashar ekan. “Devdas”da ham haqiqiy muhabbat vasf etilgan ekan. Hind filmlari ham tragediya bilan yakun toparkan. 
Film syujeti mukammal, personajlar bir-biriga juda mos tushgan. Dizayn ham filmga boshqacha bir tarovat baxsh etgan. 
Sanjay Leela Shansali rejissorligi hamda Bharat Shoh produserligida Mega Bollywood studiyasida yaratilgan ushbu film tez orada mashhur bo`lib ketdi. Nafaqat Hindiston, balki boshqa davlatlar ekranlaridan ham bu film oylab tushmadi. Film, uning qo`shiqlari xitga aylandi. Birqancha tanlovlarda “Devdas” filmi muvaffaqiyatga erishdi. 
Shohruh Xon (Devdas), Madhuri Dikshit (Chandramukhi), Ayshvariya Ray (Paro), Jeki Shroff (Chuni Babu), Kiron Kher (Sumitra), Simita Jayakar (Kaushaliya) kabi mashhur aktyorlar ushbu filmda rol ijro etishgan.
“Devdas”dagi voqealar o`tgan asr boshlarida Hindistonda bo`lib o`tadi. Filmning qisqacha mazmuni esa quyidagicha:

Mukerjilar xonadoni. Hamma yoq bayram libosiga burkangan. Xursandchilikning cheki yo`q. Advokat-o`g`ilni kutib olish marosimiga hamma narsa taxt qilib qo`yilgan. Eng ko`p xursand bo`layotgan esa Kaushaliya (Simita Jayakar). Axir o`n yillik ayriliqdan so`ng o`g`li Devdas (Shohruh Xon) Londondan qaytayotgan edi-da! 
Ayni marosim maslahati qizigan paytda qo`shni ayol Sumitra (Kiron Kher) kirib keladi va ushbu yangilikdan uning-da boshi osmonga yetadi. Axir qizi bechora o`z Devini 10 yildan beri sham yoqib kutaverib, ezilib ketgandi. Bu xabarni tezda qiziga yetkazishga oshiqadi, ona. Paro (Ayshvariya Ray)ning qalbi hayajondan titrardi. O`n yil hazilakam muddat emasdi...
Aravakash Dharandasning kelishi umid uchqunlarini porlatib yubordi. Mukerjilar xonadoni yana qiy-chuvga to`ldi. Lekin uyga Dharandasning o`zigina kirib kelardi. Oshiq Devdas esa yo`lda o`z sevgilisini ko`rgani qolgan edi. Onaizorning oniy umidlari puchga chiqdi va o`g`lidan xafa bo`lganday bo`ldi. Kelinining gapi esa ortiqchalik qildi: “Ko`rdingizmi oyijon, Devdasni birinchi bo`lib men kutib olaman degandingiz, qo`shnilar ilgarilab ketishibdi-ku!”
Devdasni Paroning onasi Sumitra kutib oldi: “Londonlik yigitlar o`xshab ketibsan-ku, Devdas”
— Paro qani?
— Yuqorida xonasida, o`zing chiqaver.
Ikki qalb hayajonga to`la. Uzoq ayriliqdan keyingi visol. Lekin Paro yuzini Devdasga ko`rsatmasdi.
— Yaxshimisan, Paro. Oradan qancha kunlar o`tdi. Ko`rishmaysanmi?
— Kunlar? Sen uchun shundaydir. Lekin men uchun 10 yilu 6 oy, 4 kunu 6 soat. Sen meni unutvording.
— Yo`q, Paro.
— Yolg`on! 10 yilda atigi 5 ta xat oldim. Bir yilda to`rtta fasl bor. Har faslda loaqal bittadan maktub yozganingdayam...
— Gaplaring ma’noli. Aqling kirib qopti. Ha, aqling kirib qopti. 
— Dengizga intilgan suv tez orada daryoga aylanadi. 
— Unda nega yuzingni yashiryapsan?
— Ko`p yillik firoqdan so`ng bugun oy to`lishdi. Ko`rsang hushingni yo`qotasan deb qo`rqyapman. 
— Hatto oy ham sendan kamtarroq.
— Ha-da! Axir uni dog`lari bor.
— Bo`pti, Paro unda oy chiqqanda yuzingga boqaman. Ko`ramiz, nima hushimni oladi? Oy nurimi yo seni g`ururingmi? Paro, yoningga hech kimni yo`latmayman.
Uyga kirib kelgan o`g`ilni ona ters yuz ila kutib oladi. 
— Qaramaysizmi menga onajon?
— Yo`q! Sen qo`shnilarni mendan ustun qo`yding.
— Ko`rishmaysiz hammi?
— Yo`q!
— Mayli, bo`lmasa ketganim bo`lsin. Dharandas narsalarimni yig`ishtir.
Hazilnamo aytilgan bu so`zlardan onaning qalbi yorilar darajaga yetdi va og`lini quchoqlay ketdi. Devdas hamma bilan so`rashib chiqdi. Bu kungi bayramda faqat uning otasi yetishmasdi. Onasidan so`raydi:
— Otam ko`rinmaydilar.
— Otangning davlat ishlari ko`payib ketdi. Ingliz hukumati unga yana unvon berayotgan ekan.
Yoshligidan uni tergagani, Paro bilan munosabatlariga doimo qarshi chiquvchi otasining bu kungi harakati ham unga yoqmagandi. 
Devdas Paroga bergan va’dasi ustidan chiqib, oydinda uning oldiga chiqdi. Haqiqatda ham oy go`zalmi, Paromi ajratib bo`lmasdi...
Ikki oshiq yangi odat chiqarishgan edi: bir-birlarini durbinda kuzatish. Bundan oila a’zolar ham voqif bo`lishgandi. Bir kuni ovqat bahona Paro Devdasni ko`rgani qo`shnisinikiga chiqadi. Bu albatta onasi va kelinoyisining jahlini chiqaradi. Nailoj, patnis bahona diydor g`animat. 
— Nechuk osmondagi oy yerga tushibdilar...
Devdasning birinchi gapi shu bo`ldi. Arzimagan bahonadan Devdasning kulgisi qistaydi. Paro:
— Voy-bo`, jahlini. Jahling burningni uchida turadi-ya! Sirayam o`zgarmabsan. 
— O`zinam shundayligingcha qolgansan.
— Qandayligimcha?
— Omiligingcha.
— Ha, endi hammamiz sen uchun shunaqamiz. Axir sen Londonda tahsil olib keldingku! London kattagina shahar bo`lsa kerak-a?
— Ha, London butunlay boshqacha! Bu yerda hamma narsa katta. Odamlaram, suhbatlaram, ko`chayu binolar, malika saroyi, hatto qushlaram, hamma-hammasi. Qayerga qarama, g`uj-g`uj odam. Bilasanmi, Paro, odamlar Londonda hayotlaridan juda ham mamnun.
— Sen-chi?
— Menam. Nega so`rayapsan?
— Shunchaki, aytchi, qishlog`imizni hech esladingmi?
— Yo`q... Haligi... Ahyon-ahyonda. Yotoqxonada ovqatlanayotib, onam yopgan nonni esladim. Kimdir bir-biri bilan urushsa, otamni esladim. Shu xolos. Ha, kechqurun sayrga chiqqanimda Dharandasning aravasini, uyqusiz tunlarda esa buvimni, faqat shularni esladim.
— Dev... a...
— Ha, nima?
— Meni-chi?
— Sirayam. Ha bir marta eslagan bo`lsam eslagandirman. Lekin, nimaga, qachon?...
— Nahotki eslamagan bo`lsang?
— Odam o`zi uchun qadrli narsani eslaydi. Kechirasan-u, sen ... men uchun ...
— Shunaqa degin. Demak sen qadrlisan.
— Ha!
— Shuning uchun ham bitgan maktublaringni kuniga besh marta o`qidim. Bir yilda qancha o`qigan bo`laman? 
— Agar...
— O`n yildachi?
— Ko`paytirsak... Agar...
— 18250 marta. Qadrli bo`lganing uchun ham o`n yil avval seni noming bilan sham yoqqan edim. Shu damgacha uni so`nishiga yo`l qo`ymadim. Necha soat yongan bo`ladi?
— Agar, hisoblab ko`rsak...
— 87600 soat. Qadrli bo`lganing uchun ham har lahzada seni eslardim. Bir kunda necha lahza boir, bilasanmi?
— Hozir... hozir aytaman... hozir...
— Hisobga yo`q ekansan.
— Hey, Paro. Har qalay seni eslagan ekanman.
— Qachon?
— Har nafas olganimda. Inson unutganlarinigina eslashga urinadi. Tentakkinam, meni eslagan lahzalaringni sanab o`tiribsan-a? Axir bu lahzalarni menam boshimdan o`tkazdim. Sham yoqqan senu, yongan men bo`ldim. Ha! 87600 soat!..
Kelinoyisinig avvaldan boshlangan g`alamisliklariga bugunki voqea juda yaxshi bahona bo`ldi. Buvisi sandig`ini kavlayotgan mahalda Devdas va kelinoyisi bir joyga jam bo`lishadi. Sandiq ichidagi oltin bilaguzukka ayyor kelinoyi ega bo`lishga intilgan paytda buvisi rad etadi va uni Devdasga, uning bo`lajak qallig`iga taqdim etajagini aytadi. Kelin esa bundan hafa bo`ladi. Devdas:
— Oling mana bu bilaguzukni taqavering. 
— Bilasizmi, inim, buni bizda cho`rilar taqishadi. 
— Nima qipti, taqib olib cho`ridek yuravering.
— Oxirgi paytda men bilan ko`p olishyapsiz-da, inim.
Gap bilan edirilgan kelinning yana g`alamisligi tutadi va bundan keyin Devdasga nisbatan fisqu fasod qo`zg`ashga qasam ichadi. Bu orada Devdas bilan Paroni orasini sovutishga bo`layotgan intilishlar kuchayayotgandi. Qo`shnilar esa badavlat Mukerjilar xonadoni qizlarini qabul qilishadimi-yo`qmi, shu haqda o`ylashardi. Kaushaliya ham o`g`lining muhabbatiga qarshi chiqayotgan, qayoqdagi “yalang`oyoq”lardan qiz olgisi kelmas, Sumitraning harakatlari esa joniga tekkan edi. Kelininning taklifi esa xush yoqib tushdi. Ushbu fitna esa ertasi kuni bo`lib o`tdi. Sumitrani kechaga chaqirishdi va o`ynab berishga ko`ndirishdi.
Ertasi kuni Sumitraning sevinchi qo`shig`u raqslariga qo`shilib ketdi. Quda-andalik ramzi bo`lgan bo`yoqni surtaman deb uzangan qo`llar esa rad javobi bilan qaytarildi. Muqaddas bo`yoq esa yer bilan bitta bo`ldi. Kaushaliya bo`lsa o`z qo`shnisini kurakda turmaydigan so`zlar bilan haqorat qilardi:
— Bilasanmi, seni ajdodlaring ko`chada yallo qilib pul topishgan. Men sendek zoti pastlardan qiz olaymi. Qizingni ham bilaman. Yoshligidan bog`imizdan meva o`g`irlab yerdi.
— Kaushaliya, sen mening qizimni bir marta bog`ingdan olgan mevasini gapiryapsan-a, lekin sening o`g`lingga necha marta non yegizganimni bilasanmi?..
Mana shunday og`ir gaplarga va nomusga chiday olmagan Sumitra omma oldida qasam ichadi:
— Agar bir haftani ichida qizimni senlardan-da badavlat xonadonga uzatmasam, janozamga boraverasanlar. Men bu xonadonga o`g`il tilab kelgandim. Endi esa kulfat tilayman. Iloyim, xonadoningda qiz tug`ilsin!
Bu gap albatta Paro va Devdasga qattiq ta’sir ko`rsatadi. Paro hali ham bu voqealarga ishonmasdi. Unutishga harakat qilardi. 
Yarim tun, Devdaslar xonadoni. 
— Paro, nima bo`ldi? Bemahalda nima qilib yuribsan. Qo`rqmadingmi?
— Bugun men narsadan qo`rqmayman.
— Sharmanda bo`lishdanammi?
— Ha, seni yoningda ekanman sharmanda bo`lishdanam qo`rqmayman.
— Bu yerga nega kelding?
— Nega daryolar dengizga oshiqadi? Nega kungaboqar quyoshga intiladi? Paro ham o`zligini, oilasi sha’nini unutib, tunligiga qaramasdan, nega mahbubi poyiga panoh istab keldi? Barcha savollarning javobi bitta...
— Javob bitta! Savollar ko`p-da!
— Toki birga ekanmiz savolga o`rin yo`q!
— Birga bo`lishimizni xohlashmayapti.
— Sen nimani xohlaysan?
— Baxtli bo`lishingni. Paro, otam bizning munosabatlarimizni tushunmaydi.
— Uni ko`ndiramiz. 
— Agar rozi bo`lishmasa-chi?
— Sevishganlar bu haqda o`ylamaydilar.
— Olov bor joyda tutun ko`tariladi. Paro! Men oilalarimiz orasida ko`tarilgan alanga tutunida yo`q bo`lib ketishimizni istamayman. Eshityapsanmi?
— Nima bo`lganda ham yo`qoladigan menman. Sen bilanam, sensizam.
— Yur, seni kuzatib qo`yaman.
— Kuzatib qo`yasan? Sharmandalikdan qo`rqmaysanmi? 
Ayni shu paytda Devdasning serjahl otasi Narayan Paroga zahrini sochadi:
— Hatto itniyam haydasang ketadi. Kunduzi kelisholmay, tun qorong`usidan foydalanmoqchi bo`ldingmi? Nega ona-bola ishratxona ocha qolmaysizlar.
Qiz bola uchun bunday haqorat o`ta ketgan johillik ekanligini Devdas ta’kidlaydi:
— Hattoki o`ta ketgan johil ham bunday maslahat bermaydi.
Buning javobi esa tarsaki bilan nihoya topadi. Bechora qizining holatini ko`rgan Sumitra:
— Paro, Devdasni deb shamdek ado bo`layotganingni ko`rib turibman. Unga bo`lgan muhabbatingni qadrlayman. Agar Devdasni oldiga borishga ruxsat so`raganingda bir kechalik fohisha bo`lishingga rozi bo`lardim.
— Oyi, men faqat, so`ragani...
— Qanday javob olding, gapir, Sen u yerga yolg`iz borganing yo`q. Ko`ksingda oilamiz sha’nini ham birga olib ketganding. O`zing qaytibsanu uni tashlab kebsan-da!
Sevishgan ikki qalb ham xavotirda. Nima qilish kerak? Taqdir ularni manguga bir-biridan ayru qilishga shay holatda turgan edi. Devdas otasi bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchi edi.
— Ota, nega uni haqorat qildingiz?
— Kechasi soat ikkida qo`shni xonadoniga kirgan qizni fohisha demay nima deb atash mumkin?
— Ota... axir u ham odam farzandi.
— Yalangoyoqlarni xonadonimga yaqinlashtirmayman.
— E’tiroz bildiraman. Ular ham siz kabi yerda yashaydilar.
— Ularning yerlari yo`q
— E’tiroz bildiraman, ular ham siz ichgan suvni ichishadi.
— Bo`ldi, bas qil, oilamiz sha’ni deb yalangoyoqlarga quda bo`lmayman.
— E’tiroz bildiraman...
Devdas uyidan chiqib ketishga ahd qildi. Akasi, Dharandasning qancha yalinib yolvorishiga qaramay o`z yo`lidan qaytmadi. Endi unga baribir. Sevgilisisiz bu hayotda yashash ham ma’nosiz edi. Hamma ish hal qilib bo`lingandi. Paroga yo`llagan xatida Devdas ushbularni bayon qildi:
— Paro, Men nima qilishni bilmay qoldim. Go`yo tarozi pallasida turgandayman. Men seni baxtli qilishni istayman. Lekin bu bilan otamni qahrini keltiryapman. Sen ular meni duoibad qilishlarini xohlamaysan-ku! Daryo nega dengizga oshiqadi? Nega kungaboqar quyoshga intiladi? Bu savollarga javob axtargandan ko`ra ularni yo`q qilishimiz afzal emasmi? O`rtamizda esa hech qanday muhabbat yo`q edi deb bil. Nima bo`lib o`tgan bo`lsa shunchaki bolalik edi. Bugundan boshlab sen men uchun qo`shnining qiz, men esa sen uchun do`sting Devman. 
Ushbu xat hamma narsani hal qilgandi. Oldinda Paroni dabdabayu as’asa to`la hayot kutardi. U to`yga tayyorgarlik ko`rardi. Devdas esa qalbini hech kimga yorgisi kelmas, homush bosh egardi. Mana shunday kunlarning birida do`sti Chuni Babuni ko`rib qoladi. Chuni Babu esa Devdasni qalbiga yorug`lik yo`qish maqsadida ishratxonaga, go`zal Chandramukhining oldiga boshlab boradi. Chandramukhining husni jamoli butun qishloqqa yoyilgan, uning qo`shig`u raqslari ko`plarni sarmast qilgan edi. Chandramukhi Devdasni ko`radi-yu unga nisbatan qandaydir moyillik paydo bo`ladi. Devdas esa uning turli ishva-nozlari, qochiriqlariga e’tibor bermas, fikru yodi Paro bilan band edi. Kunduzlari Paroni eslar, kechalari tushlarida alahsirab uni yod etardi. Oxirgi yozgan maktubini nega yozdim deya afsus qilardi. 
Ichki bir iroda uni uni to`yxona tomon, jonidan ortiq suygani Paroning to`yi tomon yo`lladi. Kelinni nikohga tayyorlashardi. Sumitra: — Bugundan boshlab hech kim seni Paro deb nomlamaydi. Sen bugundan boshlab Parvattisan, deb turgan mahalda Devdas: “Paro, uydami”, - deya kirib keladi. Bu kungi visol ayriliq visoli edi. Bu kun ayriliq kuni edi. 
— Esindami, Paro, oyning dog`i bor deya aytarding.
— Ha, oyning dog`i bor.
— Bugundan boshlab sening yuzingda ham dog` bo`ladi. Bu sevgimizdan nishona bo`ladi. Har gal oynaga boqib dog`ni ko`rarkansan, meni eslaysan. 
Shunday deb Devdas marjon bilan Paroning nozik yuziga dog` tushiradi. Bechora oshiq o`z mahbubasini nikohga o`zi olib chiqadi. O`zi uni kuyov ostonasiga kuzatib boradi. Qiz yum-yum yig`lar, yigit ham ichidan zil ketardi. Atrofda esa qo`shig`u yallalar yangrardi:

Suyganimni shum taqdir begonaga uzatdi.
So`ng berahm yangalar yallo aytib kuzatdi.
Yonib-yonib kul bo`ldi yuraklarda sevgimiz.
Baxtin topgan kim bo`ldi baxtsiz bo`ldik ikkimiz.
Taxtin topgan kim bo`ldi, taxtsiz bo`ldik ikkimiz.

Bu dunyoda muhabbat, kimlar uchun o`yindir.
Qo`llarimda surating bugun sening to`yingdir.
Qaydan keldi sevgimiz, ikkimizga bu jafo.
Xayr endi xushfe’lim, dunyo o`zi bevafo.


Bu alamli holatga chiday olmagan Devdas yana ishratxonaga yo`l oladi. Sharob uning uchun nafaqat ovunch, balki, doimiy hamrohga aylanadi. Ichkiliksiz bir zum ham yashay olmay qolgan Devdasning holiga eng ko`p kuyinadigan Chandramukhi edi. 
— Tashlang ichishni, nega ko`p ichayapsiz?
— Chandramukhi, nega dunyo faqat g`am-anduhdan iborat? Nega bechoralarga zulm qilinaveradi...
— Bilasizmi men umrim mobaynida ilk bor muhabbatni kashf qilayapman. Devdas, men sizni sevaman.
— Chandramukhi, mana shu to`la qadahga yana may quyilsa nima bo`ladi, bilasanmi?
— Yerga to`kiladi.
— Devdas misoli Paro nomi bilan to`lgan qadah. Yana solsang to`kiladi. Seniyam o`zi bilan tortib ketadi.
Xuddi mana shu kunlarning birida Devdasga otasining o`lgani xabari beriladi. Dharandas bu mudhish xabarni olib kelganda ham Devdas shirakayf, hech narsani tushunmas edi. Dafn marosimiga, otasini narigi dunyoga kuzatish marosimiga borgan Devdas ko`p ichganligidan allanimalar deb valdirab, hammaning oldida yerga yuztuban yiqilib tushadi. Hamma, shu jumladan, marosimga tashrif buyurgan sevgili vafodori Paro ham uning holatidan achinadi. Ha, u oldingi Devdas emasdi. 
Dharandasdan Devdasning ishratxonada bir fohisha bilan yashayotganini, ichkilikka mukkasidan ketganligi xabarini bilgan Paro ana shu jirkanch go`shaga Devdasni ko`rgani boradi. 
— Devdas, kel, shu ichishni tashlayqol, nima qilasan ichib.
— Qachonki seni unuta olganimdagina ichishni tashlayman.
— O`tinaman, ichishni tashla, Dev. Va’da ber, ichmayman deb.
— Men bilan birga ketaman deb senam va’da bera olasanmi?
— Axir, mening oilam, erim bor...
— Ha, sen katta xonadonning katta bekasisan. Endi orzularing ham, suhbatlaring ham, hatto bolalaring ham katta-katta... Kel, men senga bir narsa ko`rsataman. Yur, ko`r mana bu narsalarni. Men bularni ko`z qorachimday asrab kelaman. Mana bu...
— Mening qo`ng`iroqcham.
— Esingdami, yoshligimizda sening oyog`ingdan o`g`irlab qo`ygandim, sen uni so`rab ortimdan kechgacha yalinib yurganding...
— Devdas, yur seni uyimga olib ketaman, ichishni tashla!
— Yo`q, seni uyingga borolmayman. Lekin o`limim oldidan albatta ostonangga bosh qo`yib kelaman!
— Va’da ber. Qo`limga qo`llaringni qo`yib va’da ber.
— Va’da beraman!
Paroning so`zlari unga zarracha ta’sir qilmas, ichishni kanda qilmas edi.
Uyda esa ayyor kelinoyi yana bir fitnani qo`zg`ayotgan edi. Nokas aka ham o`z xotinining makriga uchib, boylikni o`zlashtirmoqqa bel bog`laydi. Kelin katta seyfning kalitini yashirib qo`yib, uni yo`qoldiga chiqaradi. Mana shu vaziyatda Devdas bu sirdan voqif bo`ladi va kelinoyisidan kalitni berishni talab qiladi. Ayyor kelin esa bunga rozi bo`lmaydi. Hech narsadan qaytmaydigan Devdas agar kelinoyisi kalitni qaytarmasa, bor-yo`q boylikning kulini ko`kka sovurishini aytadi va yoqa boshlaydi. Kelin esa kalitni qaytarmaydi. Qiy-chuvlarni eshitib, kelayotgan onani ko`rib, kelin kalitni Devdasga uloqtiradi va Kaushaliyaga yaqinlashib navbatdagi bo`htonini yog`diradi: 
— Oyijon, seyfni kalitini ahtarib yurgandingiz. Mana, inim boylikning hammasiga ega chiqmoqchi bo`lib uni o`g`irlab olgan ekan. Unday qilmang desam, hamma yoqni yoqib tashlayman deb do`q qilmoqda. Meni qutqaring, oyijon!
Hech narsadan bexabar ona kelinini tarafini oladi va jigarporasi — o`g`lini uydan ket, deya haydaydi. Devdas:
— Otam qishloqni tark et dedi. Hamma Paroni tark et dedi. Paro sharobni tark et dedi. Bugun esa onam uyni tark et dedi. Kuni kelar, Xudoyim ham bu dunyoni tark et deydi. Bu uyda meni hech qanday haqim yo`q, oyi. Meni haqim sizda. Uni mendan hech kim tortib ololmaydi. Hatto siz ham!
Bo`ldi, bas! Hamma narsa yakun topdi. Devdas yana ichkilikka mukkasidan ketadi va sharob uni ado qiladi. Doktor agar bir qultum sharob ichsang ham o`lasan, deya tashxis qo`yadi. Bo`ldi, hech narsa qolmadi, eng yaqin do`sti “sharob”dan ham uni ayirishdi. Devdas endi boshi oqqan tomonga ketishni ixtiyor qildi. Chandramukhi bilan xayrlasharkan:
— Agar nasib bo`lib narigi dunyoda sen bilan topishsam, albatta baxtli bo`lamiz, dedi
Poyezd asta chayqalib-chayqalib yurardi. Devdasning dardi og`irlashib borardi. Ittifoqo, poyezdda do`sti Chuni Babuni uchratib qoladi. 
— E, og`ayni bormisan, shuncha muddatdan keyin ham yana uchrashibmiz. Buni yuvmasak bo`lmaydi.
— E, Chuni Babu men ichmayman.
— Do`stligimiz hurmati, ichasan!
Qadahlar to`ldirildi. Qadahso`zlar aytildi... Birdaniga qadahlar ko`tarildi. Devdasni endi dard jiddiy qoplab olgandi. 
— Nima bo`ldi, senga do`stim?
— Menga ichish mumkin emasdi.
— Nega ichding bo`lmasa?
— Do`stligimizni o`rtaga qo`ydingku!
Dard tobora o`limning yaqinligidan dalolat berardi. Navbatdagi bekatda Devdas bir urinib tushib oldi-da, ot-aravaga o`tirgancha: “Malikpurga haydang” deya oldi xolos. Buyog`iga endi so`z ham chiqishi qiyinlasha borardi. Qulog`i ostida esa o`zining “o`limim oldidan albatta ostonangga bosh qo`yib kelaman!” degan gapi jaranglardi. Onda-sonda “Paro, Paro” deya ingrab qo`yardi. Arava Malikpurga tun qorong`usida yetib keldi. Aravakashning “Qayerda tushasiz, sohib” degan so`rog`i ham javobsiz qoldi. Devdasning javob berishga ham holi qolmagan edi. Uni shu yerga tushirdilar. Odamlar yig`ildi. 
— Yashab ketishiga umid yo`q.
— Ertalabgacha jon bersa kerak.
Og`riq to`la “Paro!” deb aytilgan hayqiriq, Paroning qalbini bezovta qila boshladi.
— Onajon, darvozamiz tagida kimdir jon berayotgan ekan.
— Kim ekan u?
— Devdas Mukerji, sizning qishlog`ingizdan ekan.
— Devdas!..
— Yonidan tanga, marjon chiqibdi.
— Ha, u mana shu marjon bilan dog`...
Paro yugurib keta boshladi. Ha, u o`z mahbubi qoshiga, umrining oxirida kelaman deya va’da bergan Devdasi visoliga shoshilardi. Buni ko`rgan eri uni to`xtatishga urindi. 
— Darvozalarni yoping!
Paro esa darvoza tomon intilardi. Birdan darvozalar yopildi. Paro darvozaga urilib, yum-yum yig`lardi. Darvoza ortida esa Devdas jon taslim qilardi. Uning oxirgi so`zi esa “Paro!” bo`ldi.

Garchi dilda ming g`uluv, dog`dir,
Muhabbat bir muqaddas bog`dir.
Yur, shu bog`da bir dam yuraylik,
Ishqdan tole qasrin quraylik.

Sen gul eding, men bir bolari,
Tushdir endi bularning bari.
Endi jonim, meni kutmagil,
Kutma, lekin hech unutmagil!

Davronbek Tojialiyev tayyorladi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.