OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lutfixonim qo’shiqlari

 Lutfixonim Sarimsoqova haqida shingil hikoyalarni onamdan - kompozitor Xafiyaxon Muhamedovadan eshitib, u kishi bilan uchrashishni, suhbatini olishni orzu qilib yurardim. Toshkentning "Oq machit" dahasidagi mahallalarga elektr quvvati yetmay qolar, ko‘p qatori bizning bolaxonali xonadonimizda ham lampa chiroq yoqilar, yarim tunga qadar sandal atrofida o‘tirib hikoya, latifa, musiqa eshitardik. G‘ira-shira yoritilgan, lekin iliqqina xonaning bir chetida savlat to‘kib turgan qop-qora pianinoning oq va qora klavishlariga onamizning nozik barmoqlari tekkanida atrof yorishib ketgandek bo‘lardi. Yoqimli kuy, lirik taronalar zulmatni yengib, har birimizga xushkayfiyat bag‘ishlardi.

"Omon yor", "Qilpillama, yor", "Barno yigit", "Fabrikaning yo‘lida ro‘molcha topib oldim" kabi qo‘shiqlarni xirgoyi qilib, ularning ohangidan zavq olib bizni qorong‘i tunda ovutayotgan onamiz: "Mana bu qo‘shiqni Lutfixon ayadan yozib olganmiz. Bu mashhur xonanda, usta sana'tkorni Mar­g‘ilondan izlab topganmiz!" - derdi. Shokilali zirak taqqan, iroqi do‘ppi kiygan, uzun, tim qora soch­larini orqaga tashlab olgan Lutfixon ayaning xonadoniga borganimizda u biroz taajjublandi. Meni eslagandek bo‘ldi. Lekin yonimdagi peshonasiga to‘r durracha tang‘ib olgan rus ayolini ko‘rib hayratomuz tikilib qoldi. Salom-alikdan keyin nima vajdan kelganimizni aytdim:

- Qo‘shiqlaringizni notaga olishga keldik. Hamrohim Yelena Yevgenevna Romanovskaya. Peterburg konservatoriyasini bitirgan. Hozir Toshkentda istiqomat qiladi. Yelena opa madaniyatimizga mehr qo‘ygan. Qur'onni biladi. Hozir vodiyda ayollar aytadigan qo‘shiqlarni yozish bilan bandmiz.

- Oson bo‘lmayotgandir. Ayollarimiz juda tortinchoq-da, - qiziqib qoldi mezbon. Ichkariga taklif etdiyu, bizdan yana ma'lumot olishga oshiqardi. - To‘y-hasham, qizlar davrasida o‘rtaga tengdoshlarimni, yosh qizaloqlarni tortmoqchi bo‘laman. Hech unashmaydi.

- Qaysi xonadonga bormaylik, bajonidil so‘rashib, dasturxon yozib, choy uzatishadi. Lekin «Bir juft ashula aytib bering, dugonalaringiz sizni tavsiya etishdi», deb iltimos qilsak, durrachalari bilan yuzlarini berkitib «Kim aytdi? Ashula, o‘yinni bilmaymiz. Artistlar bor-ku, o‘shalarga ayting. Qoyil qilib aytib berishadi» deb hech ko‘nmaydilar.

Lutfixon aya tajribalari bilan o‘rtoqlashgandek bo‘ldi:

- Bir uchrashuvdan keyin ular darhol o‘rtaga tushib, o‘ynab, xirgoyi qilib, katta ashulalarni baralla aytib berishi amrimahol. Siz ketganingizdan keyin eshikni tambalab, lapar ham aytishadi, dugonalari bilan askiya ham qilishadi. Farg‘onacha raqs tushishini aytmaysizmi? - deydi va devorga osig‘liq dutorni olib uni shunaqangi sayratdiki, biz opa bilan (Yelena Yevgenevnaga shu tarzda murojaat etardim) shoshib qoldik. Chamadondan metironomni - ohangning yangrash sur'atini belgilaydigan uchburchak shakldagi asbobni olib, uni darhol ishga solishga urindik. Nota tagiga kichikroq patnis qo‘yib, yangrayotgan tovushlarni maxsus belgilar bilan qog‘ozga tushira boshladik. Qo‘shiq ketma-ket aytildi. Shosha-pisha birimiz ashulaning so‘zini, birimiz esa ohangni ilg‘ab olib notaga muhrlash bilan band bo‘ldik.

Uch-to‘rt qo‘shiq aytib bo‘lgach, piyoladagi sovib qolgan choyni ho‘plab, notaga tikilib qoldi:

- Shu nuqtalar bilan hozir men aytgan ashulalarni yozib oldingizmi? - deb qahqaha urib kulib yubordi. Chamasi, «harakatingiz behuda» demoqchi bo‘lardi.

- Ha. Ohang ham, aytilish maromi, so‘zlarini ham - yozib oldik.

- Yo‘g‘-e. Aytib bering-chi? Hech yanglishmaysizmi? - bu taklif ado etilishiga ishonqiramay yozuvimizga qarab qoldi.

- Siznikidek yangroq ovozim yo‘q. Lekin so‘zingiz hurmati unnab ko‘raman dedim-da, Lutfixon ayaning qo‘lidagi dutorga ishora qilib:

- Dutoringizni ishonasizmi? - deb so‘radim.

Mezbon bizni faqat yozuvchi, sharhlovchi, musiqa to‘plovchi sifatida qabul qilgan ekan, shekilli, taajjubini yashirmay sozini uzatdi.

Oldin vodiyning shahar va qishloqlarida yozib olgan «Yor-yor» ashulasi turli ohangda, rang-barang so‘zlar bilan aytilishini eslatdim. Lutfixon aya bag‘rimga bosib olgan dutor kosasida harakat qilib torlardan mayin tovushni «tortib olayotgan» barmoqlarimga qarab ko‘zlariga ishonmay o‘tirdi. «Yor-yor»ning erkaklarga xos yo‘llari boshlanib, men sun'iy ravishda bariton ovozi bilan aytmoqchi bo‘lganimda, mezbon «Ko‘p yashang! Bormisiz!» dediyu, o‘zi ham qo‘shilib, mashhur «Yor-yor»ning Farg‘ona yo‘lida aytiladiganini baland ovoz bilan ijro eta boshladi. Bizga tanish bo‘lgan kuy o‘zgacha so‘z bilan aytildi. Opa ikkimiz bir-birimizga imo-ishora qilishga ulgurdik. Qo‘shiqning Lutfixon aya ijrosidagi nusxasi ham yozib olindi. Fursat o‘tmay hozirgina notaga olingan kuy-qo‘shiqlarni popurri shaklida ketma-ket chalib, ashulasini ham baholi qudrat aytdik. Shunda Lutfixon aya o‘rnidan turib yuzini-yuzimizga qo‘yib:

- Aylanay sizdan! Shunday ish bilan bandmisiz? Avlodlarimizga saqlanib qoladimi biz aytib yurgan ashulalar? - dedi-da, biroz jiddiylashib, - lekin buni savob ish deya olmayman. Musiqani qog‘ozga yozish dinimizda nojoiz ish emasmi? - deb so‘radi. Bu mulohazaga javob ham borligiga ishora qilib o‘rnidan turib ketdi. Oshxonaga borib sariq samovarga o‘tin qalashga kirishgan mezbonga qarashdim.

- O‘zim qaynataman samovarni. Xizmatga qo‘ydik sizni, - deb yana gap boshlagan edim, suhbatdoshimizdan sado ham chiqmadi. O‘sha paytda targ‘ibotchilar ko‘p bo‘lardi. Ular singari men ham tashviqot qila boshladim. - Toshkentda ham shunday voqea ro‘y bergan edi. Farg‘ona va Toshkent maqomlarining ustasi Shorahim ota Shoumarovdan «Dugoh Husayin», «Bayot», «Chorgoh», «Gulyor-Shahnoz» yozib olindi.

- Maqom ijrosining o‘zi ancha murakkab. Uni yozib olish undan ham qiyin bo‘lgandir. Qay yo‘sinda o‘tdi o‘sha damlar? - Lutfixon aya tobora ishimizga ko‘proq qiziqa boshladi.

- Shorahim ota tanbur chertib, maqomni qay tarzda aytsa o‘sha maromda, o‘sha pauzalar bilan yozib olindi. Peterburgdan yurtimizga kelgan, musiqamizni sevib qolgan kompozitor, etnograf bilimdon olim va ijodkor Viktor Uspenskiy Ilyos Akbarov bilan maqomni to‘laligicha yoza boshlaganida ularga qarshi chiqqanlar ko‘p bo‘ldi. «Nomuvofiq ishni qilding. Ohangni qog‘ozga yozib bo‘ladimi? Hech kim qilmagan ish bu...» deb ayniqsa, Shorahim ota va Viktor Aleksandrovichni ta'qib qilishgan edi. Shunda tumonat odam yig‘ilib, Balandmachitdagi musiqa bilim yurtining katta xonasida keskin tortishuv bo‘lib, Shorahim tanburchini, hofizni imonsizga chiqarib qo‘yishlariga oz qoldi. Sahnada qo‘lini paxsa qilib gapirayotgan bir notiqni oldiga V.Uspenskiy Shorahim otani boshlab olib chiqdi-da, «Hozir shashmaqomning siz tanlagan ashula yo‘llaridan birini Shorahim sozanda va xonanda sifatida ijro etadi. Men uni ayni bir vaqtda yozib olaman. Ijrodan keyin Shorahimga javob beramiz-da, men mana bu pianinoda o‘sha kuyni aynan chalib beraman», deb sahnadagi pianinoga ishora qildi. Hamma hayron bo‘lib sozandaga qarab qoldi. U esa shashmaqomdan olingan parchalarni asta chala boshladi. Viktor Uspenskiy yozishga ulgurayaptimi-yo‘qmi, deya unga tez-tez qarab qo‘yar, ishora ham qilar, ayrim musiqa jumlalarini qayta ijro etardi... Ijro nihoyasiga yetgach, sozanda sahnani tark etdi. V.Uspenskiy esa hozirgina yozib olgan kuyni notaga qarab zavq-shavq bilan ijro etdi. Yig‘ilganlar hang-mang bo‘lib qoldi... Shorahim otadan uzr so‘ragandek bo‘lib tarqaldilar.

Bu voqea Lutfixon ayaga ta'sir etdi, shekilli, goh dutorni, goh esa oddiy likopchani chertib ketma-ket xalq qo‘shiqlarini shunaqangi berilib, ehtiros va qizaloqlarga xos nazokat bilan ayta boshladiki, biz Yelena opa bilan tovushni notaga olish, she'riy misralarning o‘ziga xos talaffuzini - transkriptsiyasini qog‘ozga muhrlashni unutayozibmiz. Raqs tushib, bir zum to‘xtab ashulalarning avjini aytib, so‘ngra jozibali raqsida davom etayotgan aya daf'atan bizga murojaat etib qoldi:

- Nimaga chapak chalib o‘tiribsizlar? Sizlarga ko‘pchilikni o‘zbek raqsi, musiqasi, sho‘x va o‘ychan, hazil-mutoyibaga boy, ba'zan esa kinoya, kesatiqlardan ham xoli bo‘lmagan qo‘shiqlari bilan tanishtirsin, deb lapar aytsamu, qo‘lingizga qalam ham olmay, tomosha qilib o‘tiraversangiz, - deb choydan xo‘plagan mezbon iroqi do‘ppini yechdi. Tokchadagi qalampir rasmi solingan Qo‘qon do‘ppini olib peshonasi aralash bostirib kiydi. Katta ashulaga hozirlangandek ko‘ringan edi shu chog‘. Lekin ta'lim-tarbiyaga oid sho‘x ashulasini boshlab yubordi. Xonandaning bu chiqishini u hozirgina bizga hazil aralash aytgan kinoyali so‘zlarining davomidek qabul qila boshladik:

- Bozor boraymi, qizim,
 Sholpar olaymi, qizim?
- Yo‘q, yo‘q, jon dadajon,
 Aslo ochilmaydi ko‘zim.
 
- Bozor boraymi, qizim,
 Atlas olaymi, qizim?
- Yo‘q, yo‘q, jon dadajon,
 Asta ochilmaydi ko‘zim.
 
- Bozor boraymi, qizim,
 Sanga er olaymi, qizim?
- Yo‘q, yo‘q, jon dadajon,
 Asta ochilmaydi ko‘zim.
- Bozor boraymi, qizim,
 Maktab beraymi, qizim?
- Ha, ha, jon dadajon,
 Endi ochildi ko‘zim!

Dastlabki musiqa jumlalarini notaga tushirdik, birlamchi to‘rtlikni so‘zma-so‘z yozib oldik. Undan so‘ng Lutfixon aya shunday harakat, nigoh, imo-ishora bilan aytayotgan sho‘x qo‘shiqni boshlab yubordiki, yozolmadik. Qotib-qotib kular, "dadajon" bo‘lib erka qizining ko‘nglini ovlamoqchi bo‘lgan xonandaning yo‘g‘on ovoz bilan savol aylashiga qoyil qolar, fursat o‘tmay sho‘x, erkatoyning hozirjavobligini, Marg‘ilonning atlasini emas, yorni ham emas, o‘qishni istagan qizaloqning holatini, hatto jozibali qiyofasini mayin ovoz, noz-karashmalar bilan bizga yetkazishidan zavqlanib, oddiy tomoshabin va tinglovchiga aylandik. Bu xonanda va raqqosaning uncha katta bo‘lmagan so‘rida xuddi sahnadagidek harakat qilishini, har bir qahramonining holatiga kira olishiga mahliyo bo‘lib qolgan hamrohim Yelena Romanovskaya to‘lqinlanib:

- Qanday serqirra iste'dod! Ritmni his etib turishini qarang. U xonanda, raqqosagina emas, aktrisa, zo‘r aktrisa-ku! -deb ayani quchoqlab oldi. Hali holatdan chiqishga ulgurmagan Lutfixon esa odatda rejissyor aktyorga aytadigan so‘zlarini bizga yo‘llab:

- Bu qo‘shiq qahramoni zukko qiz. Fahm-farosatli, bilimga tashna qizaloq dadajonisi huzuridagina o‘zini biroz erka tutadi. Padari buzrukvori ham serjahl, qahri qattiq emas, diydasi bo‘sh, ko‘ngilchan kishi. Qarang, kichkinagina qo‘shiqda ota va qizning o‘ylari, o‘zaro munosabatlari ochilgan.

Yelena opa hozirgina aytilgan qo‘shiqni xirgoyi qilib, qalin daftarga nimalarnidir yozib qo‘ydi. Aya menga yuzlandi:

- Bu ovrupolik ayol o‘zbek qo‘shig‘ini hirgoyi qilib o‘tiribdimi?

- Ha, Yelena Yevgenevna kuylarimizni yoqtiradi. Kuylarimiz tilidan tushmaydi. Ayniqsa, "Yor-yor"ni ko‘p aytadi. Biz uni "Yor-yor shaydosi" deymiz. Savollarimizni ularga o‘zingiz beravering, -deb suhbatimizdan bahramand bo‘lib, kulimsirab o‘tirgan Yelena Romanovskayaga ishora qildim.

Lutfi aya bilan Yelena opaning o‘rtasidagi suhbatning o‘zi bir doston... Mashhur o‘zbek qizi Peterburgda tahsil ko‘rgan, Polshada istiqomat qilgan, lekin yurtimizga mehr qo‘yib, uning musiqasini to‘plash, nashr etishda tashabbus ko‘rsatgan, bu yo‘lda musiqashunos-etnograf sifatida ish ko‘rgan Ye.Romanovskaya bilan dar­hol til topishgani, birgalashib qo‘shiq aytgani, raqs tushgani - bu daqiqalarni unutib bo‘lmaydi.

Ko‘chaga chiqqanimizda qorong‘u tushgan edi. Toshkentda uchrashishni niyat etib, hayrlashdik.

Volidai mehribonimiz Xafiya Muhamedova hikoyalari bilan tiklashga uringan uchrashuv, suhbat, tadqiqot ishlarining birgina ko‘rinishi, avvalo, Lutfixon Sarimsoqovaga ta'rif va tavsif beradi. Aniqrog‘i, yetuklik bo‘sag‘asidagi xonanda, raqqosa, ijrochilik san'atini namoyon eta boshlagan iste'dod sohibining 1933-1934 yillardagi ijodiy mavqei, darajasi haqida fikr yuritish uchun estetik darajadagi axborot beradi. Keyinchalik mamlakatimizning shahar va qishloqlarida aktrisaga barcha "Aya" deb murojaat eta boshladi. Zero, teatr va kinoda o‘nlab mehri daryo Ona obrazlarini yaratib shuhrat qozongan L.Sarimsoqova sahnaga, ekranga fayz kiritgan damlar bo‘ldi. Lekin ayaning musiqa, vokal sohasidagi bilimi, imkoniyatlaridan kinoda bir marta - "Stadionda uchrashamiz" (1956) komediyasida keng foydalanildi. Vaholanki, ekrandagi birinchi rollaridayoq aya ashula aytib ham qahramonining xarakterini ochib berishi mumkinligini ko‘rsatgan edi. "Asal"da (1940) Lutfixon aya qo‘shiq aytib, firoq o‘tida yongan qizini yupatadi. "Nasriddin Buxoroda" (1943) komediyasida uning qahramoni bashang ayol, aysh-ishratga berilgan tannozxon toshoyna oldida ko‘z yoshini to‘kayotgan kelinchakka qalin o‘sma, upa-surma qo‘yib, satang ayollarga o‘xshatishi sahnasida chapani qo‘shiq aytgan holda namoyon bo‘ladi. Boshqa birorta filmda aktrisaning vokal imkoniyatlaridan foydalanilmadi. Aya uzoq yillar davomida musiqali teatrning yetakchi aktrisasi sifatida samarali ijod etib keldi. Bu haqidagi hikoyamizni, serqirra iste'dod sohibasi bo‘lgan ayamiz bilan bo‘lgan suhbatlarimizni davom ettirish niyatidamiz.

(2-maqola)

 

Shahrimizning Ko‘kcha va Oqlon mahallalariga yaqin joyda «Katta hovuz» deb atalmish fayzli guzar bo‘lardi. Har tomondan qad ko‘tara boshlagan imoratlar o‘sha mashhur hovuzni bamisoli qurshovga olib, sathini toraytira bordi. Bora-bora u ko‘lmakka aylandi. Nihoyat, suvi qurib, o‘sha yerdagi hamisha gavjum choyxonaning kichkina gulzoriga aylandi. Lekin «Katta hovuz» nomi bilan qoldi.

O‘sha choyxonaning yonginasidagi bir mo‘'tabar xonadonga borib «Hovuzning o‘zi yo‘g‘u, nomi qolgan» deb taajjublansam, Tojizoda ismli mashhur aktyor bir gal bunday javob qilgan edi: «Bir yigit uyining atrofiga baqaterak novdalarini qadab, parvarish qilib, voyaga yetkazganda, uning ismiga «baqaterak» so‘zini qo‘shib aytadigan bo‘lishibdi. Bog‘bon yigit jahli chiqib barcha teraklarni arralabdiyu, to‘nkalar baqrayib o‘tgan-ketganning g‘ashiga tegibdi. Endi «Karim to‘nka» laqabini olgan yigit chiday olmay to‘nkalarni tag-tugi bilan qo‘porib tashlabdiyu, yig‘ilgan tuproqdan supachalar yasab, tekislab, suv sepib o‘sha yerga qayta chiroy kiritibdi. Shunda u «Karim - saranjom» laqabini olibdi...»

-Mahallamizdagi hovuz allaqachon qurib qolgan bo‘lsa ham «Katta hovuz» nomi qoldi, - deb ichkariga taklif etdi uy bekasi Lutfixonim Sarimsoqova.

- Tojizoda akangiz menga aytmaydigan gaplarini sizga aytadi. Ayollarga ochilib-sochilib so‘zlamaydi. Hozir sizni «Karim baqaterak», «Karim to‘nka», «Karim saranjom» deb kuldirganini eshitib, men ham bahramand bo‘ldim. Ularga ko‘proq men gapiraman. Ayniqsa rol ustida ishlayotganimda. «Surayyo» filmini suratga olishayotganida bir qiz - Sayram Isaevaning qahramoni stsenariy bo‘yicha yig‘lashi talab etilgandi. Hech yig‘lamasa deng. Rejissyor Uchqun Nazarovning xunobi chiqdi. Menga esa uyini, qishlog‘ini sevgan yigiti deb tark etayotgan o‘sha dovyurak qizning onasi rolini o‘ynash topshirilgandi. Uyga vaqt xuftondan o‘tgan paytda kelganimda Tojizoda akangiz «Nima bo‘ldi, yana o‘ynay olmadimi? deb so‘radi. Mo‘min-qobil akangizning jahli chiqib, dabdurustdan «mana senga, deb, qulog‘ining tagiga solmaysizmi. Uyini tashlab ketayotgan qizning adabini berardingiz. Boshqalarga ibrat bo‘lardi» deb qoldi. Bu maslahat menga teskari ta'sir ko‘rsatdi: urish, so‘kish bilan emas, mehrli so‘zlar ila, muloyim muomala qilish yo‘li bilan yosh aktrisa yuragiga ta'sir etish mumkin-ku, deb o‘ylab qoldim. Ertasiga suratga olish maydonchasiga borganimda Sayram bilan onalardek ko‘rishdim. Hol-ahvol so‘radim. Pardozxonadan chiqib kamera ro‘parasida paydo bo‘lganimizda «Ona qizim Sayram, uzoq Xo‘janddan kelding-a, necha oy bo‘ldi onangni, otangni ko‘rmaganingga, onaizor Xo‘jandda, beparvo qiz pavilonda! Sog‘inmadingmi volidai mehriboningni? - deganimni bilaman, Sayram Isaeva xo‘ng-xo‘ng yig‘lab yuborsa bo‘ladimi?! «Motor!» buyrug‘i eshitildi. Kamera ishlab ketdi. Sayramning katta-katta ko‘zlaridan yosh oqib, oppoq ko‘ylagiga tomayotgani suratga olindi.

Aktrisaning ustaxonasi sirlariga oid bir sirni bilmoqchi bo‘lib savol berdim:

- «Surayyo» filmida umr yo‘ldoshingiz Tojizoda mulohazalariga nisbatan teskari ish qilib, vaziyatdan chiqibsiz. Har gal bunday bo‘lmas. Imo-ishora, nigoh tashlash, umuman, jismoniy harakat, ruhiy holatlarni ifoda etuvchi so‘z ohangini, orzu-umidlar ifodasini topishingiz jarayoni qanday kechadi? «Mahallada duv-duv gap»da qahramoningiz Mehri xolaning uzoq safardan qaytgan o‘g‘liga bo‘lgan munosabatining teran ifodasini topganingizdan hayratga kelamiz...

- Tojizoda akangiz bilan ko‘p o‘zbek oilalari kabi bolajonmiz. Urush yetimlarini biz ham uyimizga olib kelganmiz. Aktyorning o‘zida ehtiros, mehr bo‘lmasa bunday ruhiy to‘lqinlarni ifodalab bera olmaydi. Aktyor uchun yana bir xazina: hayot oqimi, zamondoshlari qiyofasi, so‘zlash ohangi, yurish-turishi, ro‘mol o‘rashi, sochini tarashi. ... Chorsu bilan Eski Jo‘va oralig‘ida bir ayolni ko‘rardim. Sochi tagi bilan olingan, uzun ko‘ylak kiygan holda boshyalang yurardi. «Aya-ya! Aya-ya!» deb o‘tgan-ketganga nimalarnidir aytmoqchi bo‘lardi. Uni ko‘p kuzatganman. «Farzandlar» filmida esa shunday holatni tasvirlashim talab etildi. Chor Rossiyasi hukmronlik qilgan yillari suvsiz, nonsiz, boshpanasiz qolgan o‘zbek qishlog‘i aholisi qaergadir ko‘chib keta boshlaydi. Birgina qari ayol - mening qahramonim piyola ko‘tarib «suv bering, suv bera qoling» deb huvillab qolgan qishloq ko‘chalari bo‘ylab yuradi. Bu epizodda bir shaxsning emas, qashshoq qishloqning fojiasi tasvirlanadi. Kuzatishlarimni o‘rganish, o‘zlashtirishga bo‘lgan intilishimni ko‘rgan, menga ishongan rejissyor Zohid Sobitov erkinlik berdi. Kino tasmasini ayamadi. Obrazning filmda tutgan o‘rni haqida mulohaza qildi, xolos. Ijod jarayoniga esa suqilib kirmadi.

- Tashqi qiyofangizni pardoz ustalariga topshirasizmi yoki o‘zingiz tanlagan ko‘rinish, portretlar ham bo‘ladimi?

- Stsenariydan kelib chiqamiz, albatta. Bu jarayonda. rejissyor, ba'zan liboslar bo‘yicha rassom ham ishtirok etadi Lekin, menga qolsa, bu o‘rinda aktyor yoki aktrisa o‘z qahramonini rejissyordan ham ko‘proq bilishi, har daqiqa uni ko‘rib, eshitib, sezib turishi kerak. Shunda u tashqi ko‘rinishini qahramoniga moslab o‘zgartira oladi. Men 38 yoshimda qari kampir rolini o‘ynaganman. «Qasam» filmidagi (1936) ona kelini paranjini tashlaganini eshitib, dod-faryod ko‘taradi, ayni paytda u pichog‘ini yalang‘ochlab «isnod keltirgan», paranjisiz ko‘chaga chiqqan kelinni chavaqlab tashlamoqchi bo‘lgan o‘g‘liga taskin bermoqchi bo‘ladi. Zomindagi qishloqlardan birida xonadonga kirdim-u, sochimga upa sepib oqartirdim, tishimga qora saqich yopishtirdim, ko‘ylagimga yamoq soldim, oyoq-qo‘limga tuproq surtib o‘tgan asrning 20-yillaridagi qishloqning manzarasiga mos keladigan kampirning ko‘rinishini yaratgandek bo‘ldim. Keyin ekranda yoyilib yotgan sochimning oqlari, ora-sira «saqlanib qolgan» tishlarim, jazirama issiq va changdan «yorilib» ketayozgan oyoq va qo‘llarim, juldur kiyimim epizodga, umuman, filmga mos kelibdi.

- Bunday izlanishingizda sizga kinochilar ko‘maklashadimi? Siz tanlagan kiyim-kechak, ko‘rinish, qiyofa kino tasmasida ham o‘z mazmunini, mohiyatini siz o‘ylagan darajada saqlab qolishi uchun operatorning kamerasi «ziyrak» rejissyorning fikri teran, madaniyati yuksak bo‘lishi, nihoyat sizning partnyoringiz malakali bo‘lishi zarur emasmi?

- Bu haqda men ko‘p o‘ylayman. Sherik aktyorni olaylik. Yonimda hamisha durust ijrochilar bo‘ladi. Ular bilan yonma-yon turib ijod etish menga ma'qul. Faqat Qudrat Xo‘jaev bilan birorta filmda rol o‘ynamaganimdan afsuslanaman. Salbiy rollarni qiyomiga yetkazib o‘ynaydi. U bilan kinoda suratga tushmaganimdan armondaman. Suratga olish guruhining boshqa a'zolari haqida mulohaza qilsam Z.Sobitovni, Sh.Abbosovni, H.Fayzievni tilga olardim. Biri tajribali rejissyor, ikkinchisi endigina kinoga kirib kelgan san'atkor, uchinchisi esa operator. Ular bilan bajonidil ishlayman. Chunki aktyorni cheklamaydi, uni tinglaydi, biror so‘zini e'tiborsiz qoldirmaydi. Sobitov- aktyorlarning eng yaqin do‘sti. Har birimizning imkoniyatlarimizni ko‘ra biladi, dadillik bilan goh chuqur psixologik, goh hajviy, goh fojeaviy unsurlarga boy bo‘lgan rollarni topshiradi. Natijada ijroning turli qirralari namoyon bo‘lib, aktyor xazinasi boyib boradi. Kinoga kelibmanki, menga ezilgan, mushtipar, zahmat chekkan ayol obrazi topshiriladi. "Qasam"da (1936), "Asal"da (1940), "Yer farzandi"da (1965) - bunday filmlar ko‘p - bir xil obrazlarni o‘ynab keldim. Zohid Sobitov esa "Stadionda uchrashamiz" komediyasida quvnoq, hazil-mutoyibani sevadigan, turmush o‘rtog‘i bilan ham shunday muloqotda bo‘ladigan o‘zbek ayoli obrazini menga ishonib topshirdi. Xuddi shu rejissyor "Farzandlar" tarixiy dramasida (1958) nochorlik, adolatsizlikdan ruhiy kasallikka chalingan shaxs obrazini yaratishni menga topshirganida stsenariyni, rolimni, hatto filmning metrajini o‘zgartirdik. Bu kinoda kamdan-kam bo‘ladigan voqea. Bir kichkina epizod uch-to‘rt katta epizodga aylandi. Aktyorga erk berildi. Kinotasmasi ayalmadi. Men qo‘limda bo‘m-bo‘sh piyolani ushlaganimcha kimsasiz qolgan qishloqni kezib yuraman. So‘z bilan emas, nigoh, jismoniy harakat, sezilar-sezilmas ishora bilan fojiaga uchraganini o‘zi ham anglamagan ayolning murakkab obrazini ko‘rsatishga harakat qilganman. Rejissyordan biror marta meni to‘xtatib holatdan chiqib ketishimga yo‘l qo‘ymagani uchun minnatdorman. Kinokameralar u vaqtda bahaybat, qo‘pol edi. Qo‘lda ko‘tarib yurib suratga olish amrimahol edi. Kichkina aravachaga kamerani o‘rnatib goh orqamdan, goh yonimdan suratga olavergan. "Suv bering!" deb kulishim, goh yolvorishim ham tasmaga aynan yozilgan. Usti qamish bilan yopilgan bir hujraga kirib qolganimda yirik planda suratga olingan kadrlar ko‘pincha o‘zimga ham ma'qul bo‘ladi. Sochlarim yoyilgan. Bo‘z ro‘molning bir chetigina yelkamga ilinib qolgan. Qo‘limdagi katta bo‘m-bo‘sh piyolaga termulib achchiq qismat haqida o‘ylayotgan mushtipar ayolning ruhiy holati aks etgan.

Operator Hotamjon Fayzievdan norozi bo‘lgan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. "Sen yetim emassan" filmida kadrni shunchalik uzoq, qo‘yar ediki, toqatimiz toq bo‘lardi. Issiq kunda elektr yog‘dulari qizdirib yuborgan pavilonda o‘tiraverardik. Ko‘p mashaqqat chekardik. Baribir minnatdorman undan. Suratga olgan kadrlarini ko‘rganimizda san'atiga qoyil qolardik. Voqea bir tekisda rivojlanib boradi. Aktyorning hunobi chiqqani, operator ertadan-kechgacha «kadrni qo‘ygani» sezilmaydi. Bunda rejissyor Shuhrat Abbosovning xizmati katta. Istiqboli porloq-da bu yigitning!

Lutfixon Sarimsoqovaning so‘zlarini «bo‘lib» shuni qayd etmoqchimanki, aktrisa Sh.Abbosov endigina («Mahallada duv-duv gap» (1961 y.), «Sen yetim emassan» (1963 y.) filmlarini yaratganu, ammo hali maqtov so‘zlarni eshitmagan, hech qanday mukofotga munosib topilmagan, bironta sovrin ham olmagan damda uning serqirra iste'dodini, porloq istiqbolini aya ko‘ra bilgan edi. Tilga olingan bu san'atkor keyinchalik «Abu Rayhon Beruniy», «Toshkent - non shahri», «Muhabbat mojarosi», «Qalbingda quyosh» kabi turli janrda, badiiy uslubda suratga olgan filmlari bilan shuhrat qozonganidan bugungi tomoshabin xabardor. Aya hikoyasini davom ettirdi:

-Kino muxlisining didi noziklashdi, talabi o‘sdi. Unga loyiq asar yaratish mashaqqati menga ko‘p qatori ma'lum. Esimda, 20-yillarda Andijonda ovozsiz filmlar ko‘rsatilardi. Ashur kartinachi taxallusini olgan uzun bo‘yli kishi ekranning yonida turardi-da, barcha voqealarni tushuntirib borardi. Hozir bu hol ko‘pchilikda kulgi uyg‘otadi. O‘sha yillari esa bu «sharhlovchi» kino ko‘rigining ajralmas, juda zarur jonli bo‘lagi hisoblanardi. U nos otmoqchi bo‘lib yoki piyoladagi choyidan bir xo‘plam ichish uchun bir zum jim qolsa, «Gapiring, nima bo‘layapti. U nega yugurib ketayapti?» kabi savollar yog‘ilib ketardi. Shu bois Ashur kartinachi yod bo‘lib ketgan kadrlarni qayta-qayta ko‘rishga, «Tunda kutilmagan mehmon keldi», «Osuda qishloq uyquda» deb yoki kadrdagi tasvirni aynan qaytarib «Qarang, yomg‘ir ezib yog‘ayapti. Kambag‘al yigit esa eshikma-eshik yurib, ishini bitira olmayapti» kabi jumlalar bilan tomoshabinga xabar berib turardi. Hozir esa kino ixlosmandlari bilan birga kinoning o‘zi ham keskin ravishda o‘sishi zarur. Buning uchun, avvalo, ijodkorlar imkoniyatidan foydalanish uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘ylash darkor! Men o‘zbek ayolining mukammal, har jihatdan kamol topgan obrazini yaratsam, deyman! Ona, murabbiy, olim, sevikli va sevadigan yor, san'atkor!.. Bularning faoliyatida, hayotida qanchadan-qancha murakkabliklar mavjud! Men shunday rolni o‘ynashga bajonidil rozi bo‘lardim.

Lutfixon ayaning bu so‘zlarini eshitganimda, iste'dod egasining kinoda bir xil rollarni o‘ynashga majbur bo‘lganini esladim. Hatto baquvvat asar hisoblanmish «Sen yetim emassan»da ham ayaning qahramoni Fotima ko‘p o‘rinda ikkinchi planga o‘tib qolgan. Teatrda esa yayrab ijod etgan vaqtlari ko‘p bo‘ldi. Sahnadagi rollari, rang-barang obrazlari ko‘pincha katta adabiyotdan olindi... Ayamiz so‘nggi suhbatda ham hali o‘ynalmagan rollari, ushalmagan orzulari haqida so‘zlagan edi. Mo‘'tabar 90 yoshida ham yoqimli tabassumi yuzidan arimadi. O‘sha kezlari u «Katta hovuz» mahallasidan yangi - «eksperimental uy»ga ko‘chib o‘tgan edi. O‘sha xonadon hozirgi «G‘uncha» kinoteatrining orqa tomonida joylashgan.

Hamidulla Akbarov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.