OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Savobtalab mashhurlar

 Saxiylikni har kim har xil tushunadi. Kimdir muhtoj odamni ko‘rganida unga chin dildan yordam bermoq istasa, o‘z manfaati yo‘lida pul sarflab, kerak bo‘lsa o‘sha pulni minnat qilgan holda o‘zini qo‘li ochiq hisoblaydiganlar ham yo‘q emas. Bugun biz tilga olmoqchi bo‘layotgan kishilar ham o‘z saxiyligidan manfaatdor mashhurlardir. Aslida ularga yuqoridagi ta’rifni berish biroz nojoiz, lekin ular bilan hamnafas ishlayotgan bir insonning fikri borki, uni hargiz inkor etib bo‘lmaydi:

“Odamlarga yordam qo‘lini cho‘zish muhimligi jihatidan ularning asosiy kasbidan hech ham farq qilmaydi. Chunki mashhurlar qanchalar saxiy bo‘lishsa, omma ularni shu qadar sevib ardoqlaydi” deydi Celebrity Sourse (mashhurlarni xayr-saxovat aktsiyalariga jalb etuvchi Los-Anjelesdagi agentlik)ning vitse-prezidenti Pol Grinfild.

Shunday qilib, Forbes jurnalining fikricha, “Saxiylar reytingi”ga kirgan mashhur shaxslarni ikki guruhga bo‘lish mumkin ekan. Birinchisi, “yurak amri bilan” yordam beruvchilar, ikkinchisi esa o‘zi (yoki yaqinlari)ning boshidan o‘tgan musibatlarni eslab odamlarga yordam beruvchi toifa. Berilayotgan birinchi sifatning yaqqol namoyondasi irlandiyalik Bono (U2 guruhining solisti) bo‘la oladi. U o‘zining OITSga qarshi kurashuvchi ko‘plab kompaniyalari va Afrikadagi kambag‘al davlatlarning qarzini to‘lash kabi ishlari tufayli Nobel mukofoti nominatsiyalariga nomzodlikkacha yetib bordi. Garchand, mukofot atom energiyasi bo‘yicha Xalqaro agentlik bosh direktori Muhammad al Barodiyga nasib etgan bo‘lsa-da, bu Bononi tushkunlikka tushirgani yo‘q. U 2002 yili Debt AIDS Trede Africa (DATA) tashkilotiga asos soldi. Shuningdek, OITSdan aziyat chekayotganlarga yordam beruvchi “One in Four Ireland” tashkilotiga $40 ming miqdorida mablag‘ o‘tkazgan. 
Bononing safdoshi Anjelina Joli ham ushbu reytingdan joy oldi. Anjelina afrikalik bolalarga yordam qo‘lini cho‘zib kelmoqda. Besh yildirki, u BMTning qochoqlar bo‘yicha Qo‘mitasida elchi bo‘lib ishlaydi. U Afrikadan tashqari uchinchi dunyo mamlakatlari deb nom olgan kambag‘al davlatlarni ham qo‘llab kelayapti. Shu kungacha Joli saxiylik borasida $3 mln.dan ko‘proq mablag‘ni shaxsiy hisobidan sarflagan.

Pol Makkartni o‘z rafiqasi Xizer bilan birga piyoda askarlarni minalashtirishga qarshi kurashmoqda. Bunga uni shaxsiy hayotidagi baxtsizlik undadi. To‘g‘rirog‘i, 1993 yili uning xotini avtohalokatda oyog‘idan ajragan. Shundan beri Pol tinch aholi (ayniqsa harbiy xizmatdagi  askarlar)ning majruh bo‘lib qolishiga sabab bo‘luvchi minalashtirishning taqiqlanishini talab qilishdan charchamaydi. Uning mashhur aktsiyasi 2004 yili dunyo bo‘ylab sayohatga chiqqani bo‘ldi. O‘shanda u “Piyodalarga qarshi mina taqiqlansin!” degan yozuvli ko‘ylakda omma oldida namoyon bo‘lgandi.

Mina muammosidan tashqari 2004 yildagi Janubi-Sharqiy Osiyodagi tsunami fojiasi ham Polni befarq qoldirmadi. O‘tgan yili u tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga $2 mln. sarfladi.

Tabiiy ofatlar “sharofati”


11 sentyabr voqeasidan so‘ng aktrisa Sandra Ballok Qizil Xochga  $1 mln. hadya qildi. 11 sentyabrdagi terakt oqibatlarini bartaraf etish uchun millionini ayamagan Sandra Ballok xuddi shuncha pulni Janubi-Sharqiy Osiyo fojeasiga sarfladi.

Shuningdek, Nikolas Keyj $1 mln.ni tsunami oqibatlari uchun xayr qildi. Selin Dion ham xuddi shuncha miqdorni “Katrina” to‘foni keltirgan zararni bartaraf etish ishlariga sarfladi.

Jeki Chan osiyolik jabrdiydalarga $64 ming o‘tkazdi. Steven Spilberg esa $1,5 mln.dan yaxshilik yo‘lida voz kechdi. Spilberg yana shuncha mablag‘ni Yangi Orleanni qaytadan tiklash uchun berdi. 

Bu bilan ularning saxiyligi barham topgani yo‘q. Misol uchun, Jeki Chan Qizil Xochga yordam sifatida Xitoydan AQShga bolalarni olib borar edi. Xuddi shu vaqtda u Gonkongda bir jamg‘arma ochish fikriga keldi.  U ham bo‘lsa, bugungi kunda xitoylik bolalarning “hayotda o‘z o‘rnini topishi”ga yordam berayotgan tashkilotdir. Hozir aktyor o‘zi istiqomat qilayotgan Los-Anjeles shahridagi  boshpanasiz odamlarga ko‘mak beruvchi Chrysalis tashkilotiga $100 mingni hech qanday afsus-nadomatlarsiz ehson qilib yubordi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, bu tashkilotni Nikolas Keyj ham qo‘llab-quvvatlaydi. 

Shaxsiy musibatlar


Shaxsiy ko‘rguliklari tufayli bugun o‘z hamyonlaridan muhtojlarga yordam puli ajratayotgan mashhurlarga kelsak, Selin Dionni bunga misol qilish mumkin. 1982 yili uning 16 yoshli opasi kistoz fibrozi kasalligidan vafot etgandi. Boy va mashhur bo‘lgach esa Selin bu kasallik bilan og‘riganlarga yordam beruvchi Kanada  jamg‘armasini qo‘llay boshladi. Shunisi ham borki, u o‘z shaxsiy hisobidan pul sarflash bilan bir qatorda kontsert dasturlari va xayriya kechalarini muntazam uyushtirib boradi.

 2001 yili Arnold Shvartsneggerning xayriya badali $4 mln.ni tashkil etdi. Bu miqdor uch dastur bo‘yicha taqsimlandi — uning bir qismi 11 sentyabr teraktidan jafo chekkanlar uchun, bir qismi — kulturistlarning maxsus Olimpiya o‘yinlariga, yana bir qismi esa aktyorning qaynonasi asos solgan “Nelson Mandela bolalariga yordam” jamg‘armasiga sarf etildi.

Amerikalik qora tanli teleboshlovchi Opra Uinfrining xayr-ehsoni barcha sanab o‘tilganlarni ortda qoldirdi. U “Katrina” qurbonlari uchun $10 mln.ning “boshiga suv quydi”. Bundan tashqari uning ikki jamg‘armasi mavjud bo‘lib, biri bolalar va ayollarni qo‘llaydi. Ikkinchisi esa “yangi” mashhurlarni turli xil muammolar yechimi uchun xayriya ishlariga jalb etadi va o‘nlab million dollarni jamg‘arib boradi. Masalan, The Oprah Winfrey Foundation dasturi (ayollarni qo‘llash bo‘yicha dastur) uchun o‘tgan yili $36 mln. kirim ro‘yxatga olindi. 

Saxiylikni yuqorida tilga olinganlardan tashqari boshqa sahna va ekran yulduzlari ham amalga oshirgan. Ushbu o‘ntalika kirmagan bo‘lsa-da, Forbes ularni alohida tilga oldi. Aktyor Kristofer Riv (2004 yili vafot etgan) so‘nggi o‘n yil ichida otdan yiqilib, oyog‘i shol bo‘lib qolgan edi. Shollar assotsiatsiyasi bilan birga u o‘zi kabi nogiron insonlarga yordam beruvchi jamg‘armaga asos soldi. Va uch yil davomida jamg‘armaga $10 mln. pul o‘tkazdi.

Shuningdek, Jessika Simpsonni ham alohida e’tirof etish kerak. U tug‘ma mayib va tanasida nuqsoni bor bolalarni darddan xalos qiluvchi tashkilotga homiylik qiladi. Simpson ushbu jamg‘armaning xalqaro elchisi hisoblanib, uning tashabbusi bilan televizion xayriya kechalari o‘tkazib turiladi. Shunday kechalardan biri jamg‘arma fondiga $4 mln. foyda keltirganini misol qilish mumkin. 

Biz yuqorida saxiylikni bir necha turlarga bo‘ldik. Mohiyatan bu tushunchaga e’tibor berilsa, bir haqiqatni unutmaslik kerak: inson kim bo‘lishidan, ijtimoiy mavqei qanday ekanidan qat’i nazar qo‘lidan kelsa, albatta yonidagilarga yordam berishi lozim. Axir, aytadilar-ku, qo‘lingdan kelsa, yaxshilik qil, agar shuni ham eplolmasang, jilla qursa yomonlik qilma, deb. Chunki birovga yomonlikni ravo ko‘rmaganimizning o‘zi ham saxiylikdan darakdir. 

Muborak Oxunova

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.