«Tong oldidan» filmi ijodkori izlarini izlab...
Milliy kinematografiyamiz mahsuloti bo‘lgan «Tong oldidan» (ekranda birinchi va so‘nggi marta 1933 yilning 5 iyul kuni ko‘rsatilgan) tarixiy kinodramasining rasmiy premerasi hali-hanuz o‘tkazilganicha yo‘q. Asar chor Rossiyasining zulmini ayovsiz fosh etgani uchun sho‘rolarga ma'qul bo‘lmadi. O‘sha kolonial siyosatni yangi sharoitda tadrijiy rivojida hayotga tatbiq etib kelgan qizil imperiya homiylari filmni hamda uning muallifi, rejissyori, bosh obraz ijrochisi Sulaymon Xo‘jaevni dastlabki norasmiy namoyishdan keyin hibsga oldilar. Ijodkor turli bahonalar bilan qatl etildi. Filmni ham «qatl» etishgan ko‘rinadi - uning birorta nusxasini yurtimiz filmotekalarida uchratmadik. Keyinchalik ushbu kinoasarning noyob nusxasi Moskva viloyatining «Bel?e stolb?» deb atalgan shaharchasida joylashgan filmofondda mavjudligidan darak topib, uni o‘sha yerda ikki marta tomosha qilib, hayratlanib, o‘zbek o‘g‘loni Sulaymon Xo‘jaevning avvalo, fuqarolik, so‘ngra ijodiy jasoratiga qoyil qolgan edik. Buni O‘zbekiston televideniesiga xabar qilganimizdan so‘ng kino tahririyatining bosh muharriri Bahodir Muhamedovning sa'y-harakatlari bilan o‘zbek kinosining shoh asaridan nusxa ko‘chirib olindi. Lekin kadrlarni tomoshabinlar, kino ahlining aksariyati ko‘rmagan. Zero, u faqat bir marta yarim kechadan o‘tganida «Kino olamida» teleko‘rsatuvidagina namoyish etilib, ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan edi. Bir gazetada «Shunday asarimiz bormi, bilmas ekanmiz!» degan taajjub bilan maqola ham e'lon qilindi.
Kino xazinasini noyob, mukammal asar bilan boyitgan bu film haqida qay tarzda hikoya qilish kerak? Eng oson, jo‘n yo‘li asarning mazmunini aytib berish, mahorat bilan olingan kadrlar (bu ham oddiy axborot beradigan jumla) haqida hikoya qilish, murakkab vazifani to‘la bajarish niyatida tayyorgarlik ko‘rdik: asarni qayta-qayta ko‘rdik, har gal uning oldin ko‘zga tashlanmagan fazilatlaridan bahramand bo‘ldik, montaj varaqlarini o‘rgandik (ularning asl nusxasi ham Moskva viloyatida saqlanadi). Ammo sho‘rolar taqiqlagan bu asarga tegishli birorta boshqa manbadan foydalanish imkoni bo‘lmadi. Ijodkor hibsga olingach, filmga tegishli hujjatlar yo‘q qilib tashlangan ko‘rinadi... Muallif, rejissyor, bosh qahramon rolini ijro etgan Sulaymon Xo‘jaev puxta tayyorgarlik ko‘rib, stsenariyni yozgani hamda uni kitob shaklida nashr etganidan, rejissuraning uslubi, ko‘tarinki ruhini belgilashda madaniy merosdan, buyuk S.Eyzenshteynning ijodiy va ilmiy kashfiyotlaridan kelib chiqqanidan voqif bo‘la boshladik...
Sulaymon Xo‘jaevning kelini bo‘lmish Fozila Sulaymonovani topib, suhbat qurgan kunlarimiz mazkur buyuk asarni o‘rganishning yangi bosqichi boshlangandek bo‘ldi.
- Qayinotam Sulaymon Xo‘jaev o‘qimishli, bilimdon kishi bo‘lgan. Moskvada kino institutida ta'lim olgan. So‘ngra aktyor sifatida ijodini boshlagan. U o‘zining bo‘lajak asari - «Tong oldidan»ni suratga olishga yillar davomida tayyorgarlik ko‘rganini bilaman. Stsenariyni yozib bo‘lgach, uni chop etishga imkon topgan. O‘sha kitobning birdan-bir nusxasini uzoq yillar saqlab keldim. Malik Qayumov so‘rab oldiyu, qaytarib bermadi. Necha marta qayta iltimos qildim: oilamiz yodgorligi bu, birgina kitob saqlanib kelingan, uni tiklab bo‘lmaydi, dedim. Javob bo‘lmadi. Kitobda stsenariy matnidan tashqari filmga aloqador boshqa hujjatlar ham bor edi.
Bunday ma'lumotlarni keyinchalik to‘ldirishga muvaffaq bo‘ldik. S.Xo‘jaev kino oliy o‘quv yurtiga kirishdan oldin islomiy ma'lumot ham olgan, Moskvada jahonga tanilgan san'atkor va olim S.Eyzenshteyn ijodidan bahramand bo‘lgan, undan saboq olgan. Lekin o‘tgan asrning 30-yillari boshlarida kashf etilgan kitob kimningdir shaxsiy kutubxonasida e'tiborsiz qolgan yoki yo‘qolib ketgan bo‘lsa-ya - bu xabardan ajablandik, dong qotdik!
Boshqa manbalarni izladik. Toshkentning «Samarqand darboza» dahasidagi mashhur Abdulla Qodiriy xonadoniga Sulaymon Xo‘jaevni ko‘rgan, uning suhbatida bo‘lgan Habibulla Qodiriyni - adibning to‘ng‘ich o‘g‘lini yo‘qlab bordik. U kishidan yangi ma'lumotlarni oldik.
- Sulaymon akani yaxshi eslabsiz. O‘qimishli, zehnli kishi edi. Yevropacha tarbiya olganidanmi, Moskvada, Pamirda turli millat vakillari bilan muloqotda bo‘lib kelganidanmi, harqalay gap-gashtakda, o‘zini tutishi kulgi uyg‘otgan vaqtlar ham ko‘p bo‘lgan. Masalan, G‘ulom Zafariy, Cho‘lpon kabi fikrdosh do‘stlari bilan choyxonada osh damlab, gurunglashib o‘tirganida Sulaymon aka shlyapa, umuman, yevropacha libosda yasangan rus xotinini o‘sha yerga - choyxonaga boshlab kelardi. Gap, askiya, so‘z o‘yinlari to‘xtab, barcha «podrushka» qilib «gap»ga kelgan ikki «yosh»ga qarab kulardi. Kimdir miyig‘ida piching qilar, ulfat nima qilishini bilmay qolganida dadam o‘rinlaridan turib, baland so‘ridan tushib haligi ajralmas sevishganlarning oldiga borardi-da, ko‘rishib, fotiha o‘qib choyxonaning kichikkina hujralaridan biriga boshlardi. Ularga non, qand-qurs keltirib, mehmonlar ko‘nglini olardi. Sulaymon aka esa bir piyola choydan keyin haligi yorini yolg‘iz tashlab, maslakdosh do‘stlari bilan hangomalashar, so‘ngra joyiga qaytib borib «choyxona palov»ni qoshiq bilan yer, osh oshalatish payiga tushganlarni to‘xtatmoqchi bo‘lardi...
Sulaymon akaning kinodagi ijodi bilan ham oz bo‘lsa-da tanish edim. Bir-ikki ma'lumot berishim mumkin: o‘sha kezlari «O‘tkan kunlar»ni kino qilishmoqchi bo‘lganlarida otam «Otabekni o‘zim o‘ynardim, uning xarakterini mendan yaxshi biladigan kishi yo‘q», deb yurganida kino bilim yurtida o‘qib qaytgan S.Xo‘jaevni ham shu rolga mo‘ljallashgan ekan. Menimcha, yosh jihatidan u bu rolga to‘g‘ri kelmagan..
Sulaymon akaning farzandi Hamid Sulaymonovga dadam «Mehrobdan chayon» qo‘lyozmasini ko‘chirtirishga berganlari haqidagi ma'lumotni hozir sizdan eshitdim. Shundaymikan? Nahotki, yosh yigitchaga birdan-bir nusxada bo‘ladigan roman qo‘lyozmasi ishonib berilsa? - deb taajjublarini ham bildirgan edi Habibulla aka.
Suhbat Abdulla Qodiriy o‘z romanlarini yozgan ijodxonada, mashhur fotosuratlarda o‘z aksini topgan sandiq va qutilar qo‘yilgan xonada uzoq davom etgandi.
Ertasiga Navoiy ko‘chasidagi qo‘lyozmalar instituti tomon yo‘l oldik. Mazkur ilm maskanining direktori lavozimida ishlagan H.Sulaymonov Sharq poeziyasini, miniatyurasini chuqur o‘rganganligini nazarda tutib, «Navoiy va kino. TV» deb nomlangan qo‘lyozmamizni olib, qog‘oz va qalam bilan qurollangandik.
- Hamidulla Akbarov siz bo‘lasizmi?! Maqolalaringiz bilan tanishman. Sizningcha, kino, televidenie Navoiydan, Boburdan boshlanadimi? Men Moskvada dadam Sulaymonxo‘ja bilan birga kino oliy o‘quv yurtida o‘qiganman. Otam 35 yoshda, men esa 17 yoshda edim. Operatorlik ham qildim. Lekin adabiyot, uning ilmi tortib ketdi. Shu bois, sizning she'riyatimizni, miniatyurani yangi san'at bilan bog‘lashingiz meni juda qiziqtirib qoldi.
Shu so‘zlardan keyin suhbatdoshim qo‘limdan ko‘k va qizil harflar bilan terilgan matnni oldi-da (yozuv mashinkasining ko‘k va qizil, qora va qizil ranglardagi jajji tasmalari yordamida matnga ikki-uch bo‘yoq berish mumkin bo‘lardi) baland ovoz bilan o‘qiy boshladilar:
Jabanlar gul-gulu kipriklari xor,
Qabog‘lar keng-kengu og‘izlari tor...
Mavlononing yozishlarini qarang! Sizningcha, bu yirik planmi? - savol berdilar Sulaymon aka.
- Yirik plandan ham yirik. Portretning ayrim detallari alohida-alohida ko‘rsatiladi. «Kipriklari xor» (ya'ni kipriklari tikanga o‘xshatilishi) yoki qabog‘lar kengligi, og‘izlari tor bo‘lishiga ishonishimiz yoxud bu tasvirni tasavvur eta olishimiz uchun «kadr» tobora yiriklasha bordi. Oldin portret, so‘ngra gul-gul jabanlar, go‘zal kipriklar, keng qabog‘lar, xushbichim og‘iz ta'riflanadi.
Sulaymon aka kuldilar. Qo‘lyozmani varaqlab so‘zladilar:
- Navoiyni kinochi qilib yuboryapmiz-a! Mana bu misralarni kino tilida tomoshabinga qanday yetkazasiz?- deb savol berdilar-da, qo‘llaridagi ilmiy ocherkdan yana ikki misrani o‘qidilar. O‘qiganda ham maroq bilan har bir so‘zning mag‘zini chaqib, ta'sirlanib, hayratomuz bir holatda o‘qidilar:
Chekar bog‘ ichra bulbul oncha afg‘on,
Ki afg‘oni qilur gul bag‘rini qon.
- Mavlononing o‘xshatishlari, istioralari chuqur ruhiy holatni ko‘rsatishga xizmat qiladi-ya! Bulbul shunchaki afg‘on chekibdiki, u gul bag‘rini qon qilibdi-ya! Qaerda bor bunday o‘xshatish! Balli sizga, ustoz!.. Ayting-chi, bu misralarni kino qilib bo‘lmasa, demak, shoir kinodan ancha yiroq bo‘lganmi?
Javobim tayyor edi:
- Siz o‘qigan ikki misra sof adabiy uslubda yozilgan. Kinochining vazifasi unga teng keladigan tasviriy obrazli ekran vositasini izlab topish. Bu manzarani aynan «Farhod va Shirin» dostonida keltirilgandek ekranda ko‘rsatilsa, u o‘zining teranligini, ta'sirchanligini, go‘zalligini yo‘qotib qo‘yadi. Navoiy ta'rifining kino, TV uchun ahamiyati shundaki, poetik misralar majoziy ifodalarni izlashga, ularga ma'no berishga o‘rgatadi.
Domla, xuzuringizga kelishimning yana bir sababi bor, - dedim gapni Sulaymon Xo‘jaevga burmoqchi bo‘lib. Padari buzrukvorlarining taqdiri bilan qiziqib, u haqda asar yozmoqchi bo‘lganimni eshitib minnatdorchilik so‘zlarini aytdilar.
- Otam ijodga tashna edilar. Baxtga qarshi dillari tashnaligicha ketdilar. Qirq ikki yoshlarida hibsga olindilaru, qayta yorug‘ dunyoni ko‘rmadilar. Ko‘kaldosh madrasasida tahsil ko‘rdilar. U yerda Abdulla Qodiriy - Julqunboy va dramaturg, musiqa bilimdoni G‘ulom Zafariy bilan do‘stlashib qolganlar.
- Hamid aka, otangiz san'atkor, avvalo, yurt fuqarosi sifatida o‘tkir so‘zini kinoda aytishga ulgurgan, chamasi. Uning to‘rt-besh rolini, ikkinchi rejissyor sifatidagi faoliyatini, milliy masalalar bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ko‘rsatgan fidoyiligini inkor etmagan holda «Tong oldidan» stsenariysining muallifi, shu nomli filmning rejissyori, undagi Botir ismli qahramon roli ijrochisi sifatida jasorat ko‘rsatgan. U hibs qilinganida ham fikridan qaytmagan, temir qafas, zindon azobi, tuhmat, sotqinlik - bularga qarshi irodasini, aql-idrokini, o‘zining shoh asarini qo‘ygan. «Tong oldidan» milliy kinematografiyaning sara asari bo‘lish bilan birga ekran san'ati rivojining yangi yo‘llarini belgilab bergani bilan ham qadrlidir.
- 1916 yilning voqealariga bag‘ishlangan bu filmning ko‘rigi Shayxontohurdagi kino-fabrikada bo‘lganini bilaman. Barchaga mazkur bo‘lgani yodimda. Otam to‘rt-besh yil davomida tarixiy materiallarni o‘rgangan. 1916 yil voqealarining yuzlab guvohlari va ishtirokchilari bilan suhbatlashgandilar. Bu qizg‘in jarayonning mahsuli bo‘lmish stsenariy 1933 yili Moskva va Toshkentda o‘zbek va rus tillarida kitob ham bo‘lib nashrdan chiqqan. O‘sha davrda men otam huzurida ko‘p bo‘lar edim. Uning ish stoli ustida turli-tuman kitoblar, hujjatlar, eski zamondan saqlangan har xil fotosuratlar yotardi. Yodimda, fotolardan birida soch-soqollari o‘sgan, eski to‘ndagi odamlar qator bo‘lib yerda tuproqqa belanib o‘tirar edilar. Hammasining qo‘liga kishan solingan, kishanlar esa bir-biriga ulangan edi.
- Bular kim o‘zi, ota? Nega ularni zanjirband qilishgan?-deb so‘raganimda qisqagina javob olgandim. Endi o‘ylasam, bu haqda hikoya qilish otamga juda og‘ir bo‘lgan ekan.
- Hurriyat uchun kurashgan, bosh bergan odamlar. Bularni rus podshosi kishanga solib Sibirga surgun qilgan,- bu javobni oldimu juldur kiyimdagi o‘sha bandilar haqida ko‘p o‘ylab yurdim.
Hamid aka tilga olgan hujjatlarni ko‘p izladik. Aytib o‘tganimizdek, filmni topdik. Xotirada biroz sharhlangan fotosuratni - bir uzun zanjir bilan kishanlangan «mahbuslar»ning fotosuratdagi aksini ham ko‘rib chorizm amalga oshirgan genotsidga nisbatan yana nafratimiz oshdi. Bu fotoni arab alifbosida chop etilgan «Yer yuzi» jurnalida uchratdik. Lekin Hamid aka, Fozila opa tilga olgan kitob - stsenariy haligacha topilganicha yo‘q. Shu o‘rinda bir o‘tinch: kimningdir shaxsiy arxivida bu noyob kitob saqlanayotgan bo‘lsa, jamoatchilikka xabar qilishingizni so‘rardik.
Suhbatdoshimiz Hamid Sulaymon esa armonda ketdi. U o‘z davrida tegishli idoralarga xat yo‘llab, ta'qib ostiga olingan otasining taqdiri haqida ma'lumot berishni iltimos qilgan edi. Unga javoban S.Xo‘jaev qamoqda bo‘lib, o‘z ajali bilan vafot etganini «tasdiqlovchi» xatni oldi. Vaholanki, o‘zbek o‘g‘loni, o‘tkir san'atkor Sulaymon Xo‘jaevga nisbatan zo‘ravon «uchlik» oliy jazoni qo‘llashni zarur deb topgan. Hukm o‘sha davrdagi «Malik» savxozida ijro qilingan. Bu ma'lumotlarni biz sadoqatli farzand H.Sulaymonov vafotidan keyin o‘sha davr arxividan topdik.
Intiho
Biz tilga olgan arxivda mahbus S.Xo‘jaevning Fitrat bilan «Umar hukmronlik qilgan mamlakatda» (manbada ruscha nomi yozilgan: V strane, gde prodal Umar») stsenariysini yoza boshlaganiga oid qaydlar bor. Bu bilan Sulaymon aka Fitrat xonadoniga borgani va u yerda mashhur hofiz domla Halim Ibodatni uchratgani ham ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, bu rejissyor do‘sti Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini ekranlashtirish niyatida bo‘lgan.
So‘nggi ma'lumot: o‘zbek kinosining sara asarini og‘ir sharoitda yaratgan san'atkorning asl ismi Sulaymon Xo‘jaev emas - Sulaymonxo‘ja Umarxo‘ja o‘g‘li ekan.
Hamidulla Akbarov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.