OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Taqdirga shu bitilgan

 Jamol Malik bir urinishdayoq 20 million rupiy sohibiga aylandi. U bunga qanday erishdi?

A: u juda ayyor

B: uning omadi keldi

S: u rostdan ham daho

D: taqdiriga shu bitilgan

Hozirda abiturientlarga xuddi shunday test topshiriqlari sinov tarzida beriladi. Bu ham savol. Lekin oddiy emas. Bu Yaratganning jumbog‘i. Bunga javob topish uchun esa Jamol Malikning kimligi, uning nima ish qilishi, oilasi, vatani, muhabbati - umuman hammasidan xabardor bo‘lish kerak. Keling, shu savolga birgalashib javob izlaymiz.

Shu yil boshida kino olamida butun dunyoni o‘ziga qaratgan eng shov-shuvli voqea nima bo‘ldi, deb o‘ylaysiz? Yil boshida o‘tgan yilgi ishlar sarhisob qilinishini bilasiz, to‘g‘rimi? Shunday fursatlarda butun jahon ahli «Oskar» mukofotini intiqib kutadi. Buning nimaligini hamma bilsa kerak. «Titanik», «Gladiator», «Uzuklar hukmdori» singari filmlar bir necha nominatsiyalar bo‘yicha «Oskar»ga loyiq ko‘rilgan. 2009 yilda esa bu marosimda sensatsion hodisa kuzatildi.

Oramizda Hindiston kinolarini xush ko‘ruvchilar qancha ko‘p bo‘lsa, uni yoqtirmaydiganlar ham shuncha topiladi. Xullas, salbiy yoki ijobiy xususiyatlarni qo‘yib, hind kinosiga necha yillardan buyon befarq bo‘lib kelolmayotganimizni e'tirof  etaylik. O‘sha Bollivud har doim Hollivudga tenglashishga harakat qilib kelgan. «Oskar» olish hindlar uchun ham orzu hisoblanadi. Bir paytlar Sanjay Lila Bxansalining «Devdas» kinokartinasi bu nufuzli mukofotga nomzod qilingan edi. Biroq amerikaliklarga undagi qo‘shiqlar yoqmagan bo‘lsa kerak, film nomzodligicha qolib ketdi.

Mana, oradan yillar o‘tib, yana hind filmi «Oskar»ga  nomzodini qo‘ydi. Va «Xarobadan chiqqan millioner»  butun dunyoni zabt etdi. Garchi homiy kompaniyalar va bosh ijodkorlar Hollivudga qarashli bo‘lsa-da, undagi aktyorlar Bollivud tarbiyalanuvchilari. «Ikki yorti - bir butun» deganlaridek, Hollivudning aqli hamda Bollivudning hissiyoti bir ajoyib filmning yaralishiga zamin hozirladi.

Film syujeti Hindistondagi eng past tabaqaga kiruvchi, tomlari bir-biriga ulanib ketgan xarobalarda yashovchi aka-ukaning achchiq hayoti tasvirlangan voqealar bilan boshlanadi. Shu aka-uka orqali rejissyor butun Hindiston xarobalaridagi zo‘ravonliklar, zulm va ba'zi politsiyachilarning asl qiyofacini fosh qilgan. Hindiston hozirda texnika bo‘yicha eng taraqqiy etgan mamlakat, shu bilan birga, u qashshoq hamdir. Filmda xuddi ana shu masala ochib berilgan.

Film bosh qahramoni Jamol Malikning qismati esa dunyo bo‘yicha bir xil stsenariyda o‘tkaziladigan «Kim millioner bo‘lishni xohlaydi?» teleo‘yini uchun yozilgandek edi. Fikrimizni isbotlash uchun teleo‘yindagi har bir savolga to‘xtalib o‘tamiz.

1-savol. 1973 yilning eng shov-shuvli filmi bo‘lmish «Zanjir»ning bosh qahramoni kim?

Variantlarini keltirish muhim emas. Asosiysi, bu savolga javob topish uchun Jamol o‘qib o‘rganishi 
shartmas. Hindiston aholisi uchun (ayniqsa, xarobadagilarga) afsonaviy aktyor Amitabx Bachchanni bir bor ko‘rish orzu bo‘lib kelgan va shuning uchun bu orzuga yetishish yo‘lida ular har narsaga tayyor bo‘lishgan. Bunday vaziyatda yuqoridagi savolga javob berish uchun, albatta, o‘sha kinoni ko‘rib chiqish zarur emas.

2-savol. Hindiston davlat gerbida tasvirlangan uch sher rasmi ostiga qanday so‘zlar yozilgan?

Ko‘rinishidan juda oson tuyulgan bu savol Jamoldek o‘qimagan, xarobada hayot uchun kurashib yashayotgan insonga juda murakkab edi. Shuning uchun u o‘ziga berilgan uch imkoniyatning biridan foydalanishni afzal ko‘radi, ya'ni zalda o‘tirgan tomoshabinlarga murojaat qiladi. Jamolni qiynagan politsiya ofitserining aytishicha, buni 5 yoshli qizcha ham bilishini inobatga olsak, tomoshabinlardan yuz foizlik to‘g‘ri javob chiqishi ishonarli edi.

3-savol. Ram xudosi o‘ng qo‘lida nima ushlab turadi?

Jamol Malik - musulmon. Shu bois, u umri davomida Ram xudosiga ishonmagan. Bunga musulmonlarni yomon ko‘radigan hindistonliklar sababchi bo‘lgan. Mutaassib hindlar xarobalarga o‘t qo‘yadi, to‘g‘ri kelgan odamni o‘ldiradi. Jamol akasi Salim bilan qochib qolishga ulguradi. Qochayotgan paytda bir bolani Ram xudosi kiyimida ko‘rib, bir muddat to‘xtab qoladilar. Bolaning o‘ng qo‘lida o‘q va yoy, chap qo‘li esa boshi bilan baravar qilib ko‘tarilgan edi. Bu hodisa Jamolning miyasida umrbod mixlanib qoladi, chunki o‘shanda tomirlarida bir xil qizil rang oqib turgan, lekin ikki turfa dinga ajrab olgan odamlar tufayli u onasidan ayrilgandi. Bu yerda butunjahon birdamligi haqidagi orzu g‘oya sifatida ilgari surilgan.

4-savol. «Darshan Do Ghanshyam» qo‘shig‘i matni qaysi mashhur hind shoiri qalamiga mansub?

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nima uchun Hindistondagi ko‘zi ko‘r yoki qaeridir mayib bolalar tilanchilik qilib yurishadi? Ularni shunday qilishga kambag‘allik majbur qilganmi? Bir hisobdan yo‘qchilikdan ham shunday ishga qo‘l urish mumkin. Lekin Jamol o‘g‘irlaydimi, mehnat qiladimi, ishqilib hech qachon tilanchilik qilmaydi. Boshpanasidan ajragan aka-uka axlatlar ichida yotganida o‘zlari «mehribon» deb o‘ylagan odamga duch kelishadi. O‘sha «mehribon» kishi ularga ko‘p pul topish yo‘llarini (masalan, she'r yodlab, qo‘shiq aytish) o‘rgatmoqchi bo‘ladi. Jamol esa bundan boshi osmonda, she'r yodlashga tushadi. Alifni kaltak deyolmaydigan bola «Darshan Do Ghanshyam» she'rini shunday yodlaydiki, bir umr xotirasiga mixlanib qoladi. Ammo bu tuzoq edi. Nutqi yaxshi rivojlangan bolalarning ko‘zlari esa shu zahotiyoq ko‘r qilinib, pul topib kelish uchun ko‘chalarga quviladi. Ko‘zlari ojiz ashula aytgan bolalar ko‘proq foyda keltirardi-da.

5-savol. AQShning yuz dollarlik banknotida Amerikaning qaysi davlat arbobi surati tushirilgan?

Ko‘rinishidan juda oson savol. Bizda ham ko‘pchilik uning nomini bilmasa-da, qiyofasini bemalol taniydi. Jamol ham oradan bir necha yillar o‘tib, yana Bombey vayronalariga qaytadi. Bu paytda Bombey Mumbayga aylangan edi. Sevgilisi Latikani qidirayotib, bir ko‘zi ko‘r do‘stini ko‘rib qoladi. U tilanchilik qilayotgandi. Jamoldan ham pul so‘raydi. Jamol unga yuz AQSh dollari beradi. Bola pulni hidlab, dollar ekanligini biladi va qiymatini so‘raydi. Jamol yuz dollarligini aytganda bola ishonqiramay, unga kimning rasmi tushirilganini aytib ber, deydi. Jamol uning ismini o‘qiy olmaydi, lekin ko‘rinishini tasvirlab beradi. Tilanchi bola darrov «Benjamin Franklin», deb javob beradi.

6-savol. Revolverni kim ixtiro qilgan?

Latikani izlayotgan aka-uka yana «mehribon» kishi Mamanga duch kelishadi. Biroq bu safar Salim uni ayab o‘tirmaydi. Cho‘ntagidagi 6 kolibrli koltrevolver bilan uning peshonasidan «darcha» ochadi... To‘g‘ri javob esa Samuel Kolt edi. 

7-savol. Tarixda eng ko‘p ochko to‘plagan kriketchi kim?

Jamol Latikani akasi orqali topib, uning qandaydir boyga turmushga chiqqanini bilib oladi. Bir iloj qilib, qiz yashayotgan uyga xizmatkor bo‘lib keladi va sevgilisi bilan uchrashadi. Latika «Kim millioner bo‘lishni xohlaydi?» teleo‘yinini tomosha qilayotgan bo‘ladi. Ikkalasi ko‘rishib, gaplashishadi. Shu payt kriket «jinnisi» bo‘lmish Latikaning eri kirib keladi. U g‘udranib, kanalni kriket o‘yiniga oladi. To‘g‘ri javobni erining har bir nafas olishini yodlab olgan Latikadan eshitadi.

Va nihoyat, oxirgi bosqichgacha yetib kelgan Jamol Malikni yana bir taqdir hazili kutib turardi. Boshlovchi savolni o‘qiydi: «Aleksandr Dyumaning «Uch mushketyor» asarida uch mushketyorning ikkitasi Artos va Portos bo‘ladi. Uchinchisining ismi nima?»

Qismatning o‘yinini qarang, maktabda yurgan paytida o‘qituvchi aynan shu asarni o‘qishni tayinlaydi. Bular esa mutolaaga vaqt topa olishmaydi. Asar shunchalik mashhur bo‘ladiki, ular faqat bosh qahramonlarning ismini bilishadi, xolos. Salim - Atos, Jamol esa Portos bo‘ladi. Uchinchi sheriklari bo‘lmagani uchun mushketyorlarning uchinchisi ham ular uchun ahamiyatsiz edi.

Yigirma million rupiy olish imkonini beradigan bu savolning javobini Jamol bilmaydi va taxmin qilib ko‘radi. Shu paytgacha unga o‘z taqdiri yordam bergan bo‘lsa, so‘nggisiga omad qarashib yuboradi. Va u to‘g‘ri javobni tanlab, millionerga aylanadi. Akasi Salim esa bu paytda millionlarga ko‘milib, jon beradi.

Filmning mazmuni qisqacha shunday. Uning mohiyati nimada? Rejissyor nima demoqchi bo‘lgan? Omad omadlilarga ham, kuchlilarga ham kulib boqmaydi. Hayot yo‘llarida uchragan to‘siqlardan to‘g‘ri xulosa chiqargan  omadli hisoblanadi. Jamol Malik  ham kuchli, ham omadli, ham daho sanaladi.

Biz ham yuqorida berilgan savolning to‘g‘ri javobini keltiramiz:

Jamol Malik bir urinishdayoq 20 million rupiy sohibiga aylandi. U bunga qanday erishdi?

A: u juda ayyor

B: uning omadi keldi

S: u rostdan ham daho

D: taqdiriga shu bitilgan

Javob esa oddiy - uning taqdiriga shu bitilgan. Film ham shu savol bilan boshlanib, oxirida to‘g‘ri javobni aytib tugaydi.

Bobur Nabi, 
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.