Anton Pavlovich Chexov, xudo umr bersa, 2010 yilda yuz ellikka to‘lgan bo‘lardi. Umri qisqa ekan: qirq to‘rt yoshida vafot etdi. Yigirma olti yilgina ijod qildi. U 1878 yilda chop etilgan ilk asarlaridan biri “Ninachi”ga “O‘spirin qariya” degan taxallus qo‘ydi. Yozuvchi hayoti, asarlari bilan tanishar ekanman, mavjudligi shubhasiz, lekin elas-elas anglashiladigan ziddiyatni sezdim. Qarang, adib qisqa umr ko‘rdi. Asarlari esa 110-130 yildan beri yashayapti. Muhimi, yildan-yilga navqironlashib, oydek to‘lishib bormoqda. A.Chexov jismonan uvoqqina, ko‘z nuri tug‘ma xira edi. O‘ttizdan oshgach, sil kasali uni chirmovuqday chirmab boraverdi. Yozuvchi ruhan tetik, sho‘x, hazilkash, ulfat fayzi, suhbati janon edi. Uni L.Tolstoy, V.Korolenko, M.Gorkiy, I.Bunin, A.Suvorin singari yorqin siymolar nihoyatda hurmat qilganlar. XIX asrning 80–90-yillarida ijod qilgan rejissyor, aktyorlar Chexovni “o‘z odamlari” hisoblaganlar, dildan suhbat qurganlar. A.Chexov zamonasining gazeta, jurnallari tahririyat a’zolari bilan do‘stona aloqada bo‘lgan, hamkorlik qilgan. Yozuvchi vaziyatga, asar yo‘nalishi, ruhiga ko‘ra taxallus tanlardi. Uning ellikdan ortiq taxallusi bo‘lgan. Mana, ulardan ayrimlari: “A.Ch”, “Antosha”, “Antosha Chexonte”, “Og‘amning og‘asi”, “Don-Antonio Chexonte”, “Laert”, “Ruver”, “Talog‘i yo‘q odam”, “Qichitqi”, “Nasrning shoiri”, “Ch.Xonte”, “Navqiron qariya”, “Uliss”. Ularda piching, yengil yumor, qochiriq, kesatiq, fojiaviy qahramonlarga ishora, teranlik bor. Qiziq, Jeyms Joysning “Uliss”i yaratilguncha bu atama deyarli qo‘llanilmasdi. Chexov esa “Uliss” yaratilishidan 20 yillar ilgari bu atamani taxallus sifatida tanlagan. Shu taxallusgina A.Chexovning Qadimgi yunon madaniyati, adabiyoti, san’atidan mukammal ma’lumotga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
A.Chexov tabiatan odamoxun, ulfatsevar bo‘lgan dildoshlar suhbatisiz yashay olmagan. Rus ziyolilari orasida Chexonte bilan bog‘liq hangoma, latifalar mavjud. Mana shunday quvnoq, qalbi keng inson o‘ta kamtar, tortinchoq edi. Kimdir uni “ardoqli”, “atoqli”, “ulug‘” deb qo‘ysa, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolardi, yuzlari uyat-andishadan lov-lov yonardi. Zinhor pesa muallifi sifatida sahnaga ko‘tarilmas, o‘ynalayotgan asarini zalning oxirgi qatorida o‘tirib tomosha qilardi. Lekin Vl.Nemirovich-Danchenko, K.Stanislavskiy singari rejissyorlar, aktyorlar bilan qizg‘in bahslarga kirishardi.
A.Chexov tabiat oshig‘i, go‘zallik shaydosi edi. Ko‘p yurishni, sayohat qilishni yoqtirgan, rus o‘rmonini kezib huzur-halovat olgan. U qo‘li gul bog‘bon bo‘lgan. Tug‘ilgan shahri Taganrogda, Moskvada, Yaltada undan anvoyi gullar, manzarali va mevalai daraxtlarga boy bog‘lar qolgan. U o‘zi yaratgan olchazorga shunchalik mehr qo‘ygan ediki, ijodining shoh asarlaridan birini “Olchazor” deb atadi. “Vanya tog‘a” asaridagi shifokor, o‘rmon oshig‘i Mixail Astrov – Chexov idealidagi odam. Bu xarakterni u suyib, ardoqlab, havas qilib yaratgan.
Chexovda ham xom sut emgan bandalarga xos fazilatlar, nuqsonlar bor edi, albatta. Hech kim onasidan gijinglagan otday serg‘ayrat, yerga ursa, ko‘kka sapchiydigan bo‘lib tug‘ilmaydi. Inson qonidan joy olgan shaytoni lain odamzotni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishga intiladi. Tanballik, yalqovlik, dangasalik hammada bo‘ladi. Chexovning shapaloqday “U” nomli asari bor. Yozuvchi yosh, injiq, erka kelinchak haqida yozayotibdi deb o‘ylaymiz. U qoshini qoqadi, ko‘zini suzadi, o‘ziga chorlaydi. Inon-ixtiyoringizni oladi. Qalbingizga ega bo‘ladi, xayolingizni o‘g‘irlaydi. “U tunu kun yonimda, borimda. Kechalari uyqu bermaydi, kunduzlari o‘zidan bir bahya ham yiroqlashtirmaydi. U Tansiq, Tayanchga ohangdosh. U mening Tanballigim...”
Antosha Chexov tanballikni yengdi, uni o‘ziga yaqinlashtirmadi. Aks holda, bu ulug‘ adib 26 yillik ijodi davomida katta-katta hajmli 30 jild asar yozarmidi? Yuzlab aktyor, rejissyorlarni o‘z asarlariga asir qilib qo‘yarmidi? Minglab tomoshabinlar qalbini poklab, go‘zallikka oshno etarmidi? Yozuvchi sal yalqovlikka izn bersa, yuzlab novella, hikoya, sayohatnoma, qissalar yaratarmidi? Eng muhimi, asarlariga necha-necha yuz yillab yashash vasiqasini olib bera olarmidi? Yozuvchining bir asrlar muqaddam yozilgan asarlari shu kunlarda nafaqat tirik, balki navqiron, yangi zamon, yosh avlodlarga xizmat qilyapti.
Xalqda: “Ko‘nglingdan top!” degan gap bor. Chexov tabiatan qo‘li ochiq inson bo‘lgan. U odamlarga moddiy, ma’naviy boylik ulashsa, terisiga sig‘may ketardi. Nochor ahvolga tushib qolganida ham falonchiga qarz bergan edim degan xayolga bormaydi. Berganga beradi, degan gap rost ekan-da, Chexov zinhor nochor ahvolda, moddiy qiyinchilikda qolmagan. Qo‘li ochiqlik, saxiylik uning qon-qoniga singib ketgan. Asarlarida baxillar, tovlamachilar, poraxo‘rlar timsollari serob. Lekin ko‘zi och bironta kasning biri ikki bo‘lmagan. Yakov Ivanov (“Rotshildning skripkasi”) kichkinagina, xarobgina shaharchaning nom chiqargan tobutsozi. Hanuzgacha uning molidan hech kim noligan emas. Lekin Yakov – ziqna, chaqa sanaydigan odam. Doim xotinini ovqatdan, kiyim-kechakdan, yaxshi gap-so‘zdan-da siqardi. Bechora xotin ziqna er bilan toru zax xonada g‘aribona kun kechirdi. Kasalga chalindi. O‘ldi-ketdi. Yakov xotiniga tobut yasadi-da: “Marfa Ivanovaga tobut – 2 so‘m 40 tiyin”, deb yozib qo‘ydi.
A.Chexov o‘nlab asarlar, ko‘plab pesalar yaratgan bo‘lsa-da, qilayotgan ishlaridan qoniqmasdi. Uzoq Sibiriyaga, Saxalin oroliga borishni maqsad qilib qo‘ydi. Yozuvchining Saxalinga borishi “yo‘l azobi, go‘r azobi” ekanining aynan isboti bo‘ldi. Tasavvur qiling, yo‘lsizlik, zim-ziyo tun, uzluksiz yog‘in, goh izvosh buziladi, goh ot holdan toyadi. Aravakash ham, yo‘lovchi ham qora terga botib, dam aravani suradi, goh otni tortadi. Chexov safarga naridan-beri tayyorlangan edi. Piyma, palto, telpak jiqqa ho‘l bo‘lib ketar, holsizlik qiynar, uyqu istagi azob berardi. Saxalinga kelgach, Chexov ham shifokorlik, ham elshunoslik, ham ro‘yxat tuzuvchilik qildi. Hech kim majburlamagan bo‘lsa-da, orasi yiroq-yiroq qishloqlarni poyu piyoda kezdi: minglab odamlar bilan uchrashdi, ularning ro‘yxatini tuzdi, boshqaruv tartibot bilan tanishdi. Ajab, XIX asrda ham Sibir, Saxalin qamoqxonalar o‘lkasi bo‘lgan ekan. A.Chexov ochiq, yopiq qamoqxonalarda bo‘ladi. Qo‘l-oyog‘iga kishan urilgan mahbuslarni ko‘radi. Aleksandr nomidagi badarg‘a-surgun qamoqxonasining kishan urilganlar bo‘limida u mashhur o‘g‘ri – Oltin qo‘l – Sofya Blyuvshteynni bir kishilik kamerada uchratadi. Nozik-nihol Sofya qirqlarga borib qolgan, sochlariga qirov qo‘ngan bo‘lsa ham tinib-tinchimas, kameraning u boshidan bu boshiga tinimsiz borib kelaverar, xayollari bilan band edi. Qopqonga ilingan sichqonday havoni hidlar, ko‘rinishi ham kemiruvchiga mengzab ketardi. Darvoqe, 2010 yil oktyabr oyida Rossiya televideniesi “Sonka. Afsonaning davomi” nomli ko‘pseriyali film-ni ko‘rsatdi. Qiziq, Chexov o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan o‘g‘ri xonim XXI asr tomoshabiniga ham tanishtirildi. “Saxalin oroli”ni o‘qisangiz kenglik, bepoyonlikni, odam tabiatida tubanliklar ko‘p ekanini his qilasiz.
Anton Chexov nasrning deyarli barcha janrlarida ijod qildi. Lekin yozuvchi dahosi uning hikoyalarida bus-butun namoyon bo‘ldi. Adabiyotshunoslikda tarixiy-zamonaviy yondashuv degan masala bor. Buyuk asarlar uzoq yashaydi. Lekin Yer quyosh atrofida aylanganiday, mashhur asarlar goh soyada qoladi, goh quyoshning ort tomoniga o‘tib ketgan bo‘ladi. Har bir davr, zamon, mafkura o‘lmas asarlarning o‘ziga ma’qullarini tanlaydi. A.P.Chexovning 18 jildli asarlarini ko‘rib, o‘rganib shunday xulosaga keldim: Sho‘ro davlati Chexovning asl mohiyatini aks ettiruvchi asarlarini ko‘zdan panada saqlagan, g‘ozi yengilroq hikoyalarni ko‘z-ko‘z qilgan ekan. Biz yoshligimizda “Unter Prishibeev”, “Kashtanka”, “Uyqu istagi”, “Yovuz niyatli kishi”, “Amaldorning o‘limi”, “Badfe’l odamlar”, “Buqalamun”, “Semiz va oriq”, “Niqob” singari asarlarini o‘qirdik.
A.Chexov – din-diyonatli, xudojo‘y, odam bo‘lgan. Uning asosiy qahramonlari rostgo‘y, insofli, mehnatkash, yuragida o‘ti bor zotlar bo‘lgan. “Vanya tog‘a” dramasining bosh qahramoni Ivan Petrovich Voynitskiy vafot etgan opasi arvohini chirqiratmaslik maqsadida chorak asrdan beri onasi va jiyanini yoniga olib, tinmay mehnat qiladi. Topgan mablag‘ini pochchasi Aleksandr Serebryakovga oyma-oy, tiyinma-tiyin jo‘natib turadi. Serebryakov halol yo‘l bilan olimlikka erisha olmasligini sezgach, g‘irromlik yo‘liga o‘tadi: pul kuchi bilan professor bo‘ladi, qizi tengi Yelena Andreevnaga uylanib oladi. Serebryakov o‘zini xo‘jayin his qiladi, sobiq qaynonasi, qaynisi, qiziga xizmatkorday munosabatda bo‘ladi. Sabr kosasi to‘lgan Vanya tog‘a yurak dardlarini to‘kib soladi. Jafokash tog‘aning fig‘onlari toshni ham eritib yuboradi: onasi, jiyani, Yelena, Astrov, Ilya Telegin, enaga Marinalar yum-yum yig‘laydilar. Asarni tomosha qilgan tomoshabinlar ham ko‘z yoshlarini tiya olmaydilar. Muhimi shundaki, “Vanya tog‘a” sentimental asar emas, fojiaga yo‘g‘rilgan drama. “Vanya tog‘a”da katarsis – asarning poklovchilik vazifasi ko‘zga yaqqol tashlanadi.
A.Chexov – realist yozuvchi: u hayot haqiqatini nihoyatda teran yoritadi, qahramonlar ruhiyatidagi o‘zgarishlarni san’atkorona aks ettiradi.
“Jahon adabiyoti” jurnali 2010 yil 7 (iyul) sonida Ilhom Hafizov tarjimasida A.Chexovning “Rohibning qayg‘usi...”, “Aza ochish”, “Garov” hikoyalarini chop etdi. Bu hikoyalarda biz tamoman yangi Chexovni kashf etamiz. Hikoyalarda sarrohib, qavm, monastir, Poko Parvardigor, kaliso, tavba-tazarru, amru ma’ruf, Bibi Maryam ibodatxonasi, cherkov, mehrob, hazrat, Xudovandi karim, mag‘firat, hazrat Grigoriy, ojiza bandang Mariya singari diniy atama, iboralar bor. To‘g‘ri, mutarjim islom dinidagi atamalarni ham hikoyalar ruhiga singdirib yuborgan. Jiddiyroq izlansa, u nasroniy diniga oid atamalar, iboralarni topib-topib, o‘rniga qo‘yib-qo‘yib yozgan bo‘lardi. Lekin, baribir, tarjimon hikoyalarni o‘zbek kitobxoniga ma’qul bo‘ladigan tarzda yetkazgan. U “Yevangelie”ni “Muqaddas kitob” deya xato qilmagan. Ammo hikoyadagi tayanch, mustahkam jumlalardan birini (“Genii vsex vekov i stran govoryat na razlichnыx yazыkax, no gorit vo vsex ix odno i to je plamya”ni) boshqacharoq, yuksaklik cho‘qqisidan quyilatibroq o‘zbeklashtirgan (“Qadimda buyuk daholarimiz turli tillarda ijod qilishgan, biroq ularning qalblarida yagona maslak o‘t bo‘lib yongan”). Bu jumlani oyatday siqiq, ulug‘vor, beadad talqinlarga asos bo‘ladigan darajada o‘girish mumkin edi. Tarjimon “qadimda”, “daholarimiz”, “maslak” so‘zlarini qaerdan oldi? Daholar bo‘lgan, bor, bo‘ladi. Ular turli yurtlarda kamol topadilar. Qalblarida muqaddas olov hamisha lovullab turadi.
“Garov” hikoyasida keksa bankir bilan bahs bog‘lagan 25 yoshli huquqshunosning tanholikda kechirgan 15 yillik hayoti bir varaqli tasvirda bus-butun aks ettirib berilgan. Bir varaqdagi so‘z, jumlalarga Misr ehromlaridagi toshlarday, Eyfel minorasidagi uskunalarday, yuk, vazifa yuklatilgan. Yozuvchi maromni sal buzsa, psixologik holat ham, tasvir ham, voqealar rivoji ham buzilib ketardi.
O‘n besh yil chilla o‘tirgan (tanholikda yashagan, kitoblar ummonida suzgan, musiqaning lojuvard osmonida sayr etgan, jism yukini ruh kuchiga aylantirgan) huquqshunos kim edi-yu, kim bo‘ldi? U komillikka erishdi. Yolg‘on dunyo so‘qmoqlarida keza-keza asl haqiqatni topdi. A.Chexov yaratgan Huquqshunos nas-roniy dini kishisi. Lekin u daho xarakter darajasiga ko‘tarildi. Daholar ma’lum zamon va makonda dunyoga keladilar, insoniyatning Yaratganga qadrdon kishisi sifatida boqiy olamga o‘tadilar. “Garov” hikoyasida, ayniqsa, uning ikkinchi qismida Chexov uslubiga o‘xshamagan ko‘pso‘zlik, biyronlik uchraydi.
“Jahon adabiyoti” jurnali A.Chexovning “Rohibning qayg‘usi...”, “Aza ochish” hikoyalarini ham chop etgan. Birinchi hikoyasining ilk jumlasi voqealar milodiy V asrda ro‘y berganidan xabar beradi. U paytlarda nasroniylik shakllanish jarayonida edi. Rohiblar kunu tun toat-ibodat qilishar, tili burro sarrohib va’zlar aytib hammani yig‘latardi. Ammo rohiblar ruhiga boqiy dunyodan ko‘ra foniy dunyo lazzatlari yaqinroq edi. Hatto sarrohib shaharda ko‘rganlarini zavqlanib, tamshanib gapiradiki, rohiblar o‘shanday hayotni qo‘msay boshlaydilar. Alal-oqibat, “har tong olamtob uyqudan bosh ko‘targanida” barcha rohiblar “shaharga qochib ketgan edilar”.
“Azaga borgan xotin o‘z dardini aytib yig‘laydi”, degan gapni “masjid, ibodatxona, kalisoga borgan dindor o‘z dardini Haq taologa aytib soladi” tarzida o‘zgartirish mumkin. Boqqol Andrey Andreevich Bibi Maryam ibodatxonasiga ohorli kiyimlarini kiyib, tahorat olib, o‘zini ibodatga shaylab bordi. Uning qizi Mashutka uyidan ketib qoldi, ota ta’biri bilan aytganda, “aktyorka” ga aylandi, tamaki chekdi, choshgohgacha uxlaydigan bo‘ldi. Xullas, qiz aynadi, vafot etdi. Otaning dardi-dunyosi qorong‘i: cho‘qinarkan, “zalolatga botgan ojiza bandang Mariyani o‘z rahmatingga olgin-da, uni bilib-bilmay qilgan ma’siyatlarini mag‘firat qil...” der, mujikchasiga so‘kinib qo‘yardi. Hazrat Grigoriy dastlab otaning dardlarini bilmaydi: Bibi Maryamni so‘kyapti deb o‘ylaydi. So‘ng, u gap nimada ekanligini ilg‘ab qoladi. O‘rtanayotgan otaga aza ochishga ruxsat beradi.
A.Chexovning jurnalda bosilgan uchala hikoyasi yetuk, yuksak mahorat samarasi. Har bir hikoya betakror drama – ruhiy g‘alayonlar, ziddiyatlar ko‘rinishi.
Yozuvchining yuksak mahoratini, daholigini namoyon etuvchi hikoyalaridan biri “Rotshildning skripkasi”dir. Tobutsoz usta Yakov nazari past, tiyinni yuz joyidan tugadigan ziqna bo‘lganini, mumsik er dastidan kun ko‘rmay o‘lib ketgan Marfa haqida yuqorida eslatib o‘tdik. Tobut yasovchining bir xonali uyi, eski-tuskilar, asbob-uskunalar go‘rday sovuq, yurakka qo‘rqinch soladi.
Marfa vafot etgach, fayzsiz xona yana ham huvillab qoldi. Yakov – Bronza dardga chalindi.
Uvol ketgan umr poyoniga yetyapti. Tobutsoz, o‘ylab ko‘rsa, o‘ynab-kulmapti, tabiat go‘zalligidan bebahra qolibdi, daryoning o‘ychan oqimiga mahliyo bo‘lmapti, oqqushlarning chappor urib uchishidan zavqlanmapti.
Shunda u qo‘liga skripkasini oldi. Darvoqe, shaharda juhudlarning yagona orkestri bor edi. Uni misgar Moisey Ilich Shaxkes boshqarardi. Yakovni to‘y, marosimlarga chorlab turishardi. Yakov ellik tiyin ish haqi olganidan, Shaxkes iste’dodli skripkachini orkestrga jalb etganidan xursand edi. Oriq, malla juhud Rotshild Yakov iste’dodining muxlisi edi. Bronza (Yakov) qo‘pol, sovuq, badjahl bo‘lib, kamtaru kamsuqum Rotshildni yoqtirmasdi: uni hamisha quvib solar, hatto itiga qoptirgan edi. Orkestrda Yakovning o‘rni o‘rtada, chap yonida kontrabas xirillar, o‘ng tomonda Rotshild chaladigan temir surnay “yig‘lardi”. Quvnoq kuy chalinsa-da, temir surnay g‘amgin sado berardi.
Umr poyoniga yeta boshlagach, yashab yashamagan, o‘z-o‘ziyu xotiniga ham kun bermagan Yakovning qalbi g‘ussaga to‘ldi. Qo‘liga skripkani oldi: musiqa Yakov yuragidagi anduhni to‘kib sola boshladi. Mashshoqning ko‘z yoshlari kiyimlarini jiqqa ho‘l qildi, skripkaga chak-chak tomdi. Kuyni tinglab turgan Rotshild chidab turolmadi: “Vaxxx!” deb yubordi... Yakov skripkasini Rotshildga berishlarini vasiyat qildi. Gohi-gohida Rotshild Yakov ijro etgan o‘sha kuyni chalib turadi: to‘lib-toshadi, ko‘z yoshlarini tiya olmaydi, yeru ko‘kni titratib: “Vaxxx!” deb hayqiradi. Uni qaerga chorlashmasin, “Vaxxx!” deya hayqiriladigan kuyni chalishni qayta-qayta iltimos qilishadi. “Vaxxx!” insoniy dard, alam, o‘kinch, dunyoga sig‘may ketishning ifodasi. Ajab, o‘n besh yil tanholikda yashagan huquqshunos, tobutsoz Yakov, farzand dog‘ida kuygan And-rey Andreevich o‘rtasida allaqanday sirli rishta bor. Uni “daholargina hal qilib bera oladigan jumboq”, deb atash mumkin.
Anton Pavlovich Chexov yaratgan nodir hikoyalar jahon adabiyotining durdonalari necha-necha yuzyilliklardan keyin ham o‘quvchini maftun qilib, barhayot yashayveradi. Ular mangulikka daxldor asarlardir.
Abdug‘afur Rasulov,
filologiya fanlari doktori, O‘zMU professori
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 11-son.