Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur davrining jahon tsivilizatsiyasi tarixidagi yuksak o‘rnini baholashda uning faoliyatidagi bunyodkorlik ishlari, ayniqsa, me’morchilik va shaharsozlik san’ati alohida o‘rin tutadi. Mamlakatimiz hududida mavjud bo‘lgan to‘rt mingdan ziyod moddiy-ma’naviy obida, jumladan, Shahrisabz va Samarqanddagi tarixiy yodgorliklar umumjahon merosining noyob namunasi sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi sohibqiron bobomiz qurdirgan inshootlar yuksak me’moriy qadriyatlar timsoli ekanidan dalolatdir.
Albatta, Amir Temurning bunyodkorlik ishlariga oid ko‘plab tadqiqotlar qilingan, ularning ilmiy, nazariy va amaliy ahamiyatiga xolisona baho berilgan. Lekin bu mavzu keng qamrovli va serqirra bo‘lgani uchun hanuz Amir Temur davri me’morchiligida ochilmagan sahifa talaygina. Masalan, muctaqillik yillarida Amir Temur va uning avlodlari me’moriy merosini qayta tiklash va ta’mirlash borasida olib borilgan tadqiqotlarda Sohibqironning bevosita rahbarligi, ko‘rsatmalari asosida bunyod etilgan inshootlarning faqat ta’rifi keltirilgan, xolos.
G.Pugachenkova, P.Zohidovning mustaqillik yillarida chop etilgan asarlarida buyuk sarkardaning me’morchilik sohasidagi faoliyatiga haqqoniy baho berish, u qurdirgan inshootlarni real shart-sharoitlar nuqtai nazaridan tahlil etishga harakat qilindi.
Amir Temur Movarounnahr taxtini egallagandan keyingi dastlabki davrdayoq bunyodkorlik ishlariga katta e’tibor beradi, ya’ni, asosan shaharlar tizimida mustahkam istehkomlar yaratishga kirishadi. Shu sababli, u davlat tizimini kuchaytirishdan tashqari har bir shaharni himoya vositalari bilan ta’minlash, karvon yo‘llarida himoya qo‘rg‘onlarini yaratish bo‘yicha juda katta hajmdagi qurilish ishlarini amalga oshirdi. Saltanatning yirik shaharlari Shahrisabz, Qarshi, Samarqand va Toshkentda mudofaa devorlari, mustahkam darvozaxonalar bunyod ettirdi. Karvon yo‘llarida dunyoda birinchi bor pochta xizmatiga doir inshoot-bekatlar qurdirdi.
Amir Temur Samarqandni Afrosiyobdan janubda, mo‘g‘illar davridan oldingi tashqi shahar o‘rnida shakllantirdi. 1371 yili Sohibqironning buyrug‘i bilan maydonning hammasi qal’a devori bilan o‘rab olindi va bu joy hisor deb ataldi, uning g‘arbiy qismida ark-qal’a barpo etildi. Amir Temurning Samarqanddagi qal’asi poytaxtning mustahkam ma’muriy markazi edi. Unda Ko‘ksaroy qarorgohi, Bo‘stonsaroy, qurol-yarog‘ ustaxonalari, omborlar, devonxona joylashgan. Alohida maydonchada ko‘k toshli supa-taxt bo‘lib, taxtga chiqarish marosimi ana shu yerda o‘tkazilgan. Amir Temur yana bir ulkan shaharsozlik va me’moriy g‘oyani, ya’ni Samarqandni yer yuzidagi eng katta va go‘zal shaharga aylantirishdek maqsadni amalga oshirish uchun butun kuch-qudratini ishga soldi. Shahar atrofidagi maskanlar esa o‘sha davr mashhur shaharlariga monand yo‘ldosh shaharlarga aylanishini niyat qildi. Samarqandning tevarak-atrofida Qohira, Damashq, Bag‘dod, Sultoniya va Sheroz nomli ko‘plab qishloq-maskanlarning paydo bo‘lishi bejiz emas.
Shaharda Amir Temur qurdirgan qasr-qal’a qarshisida Registon majmuasining shakllanishiga asos solindi. Amir Temur jome’ masjidi va uning qarshisidagi “qo‘sh inshoot” usulida qurilgan ulkan madrasadan tashkil topgan majmualar shular jumlasidan. Shahar hisori tashqarisida, keyinchalik Go‘ri Amir nomini olgan majmua, Afrosiyob tepaligida Shohizinda me’moriy majmuasining bunyod etilishi ham XV asr shaharsozligining Temur davri yo‘nalishini namoyon etadi.
Me’moriy ansambllar “qo‘sh” usulda, ya’ni bir-biriga bosh ko‘rinishi bilan ro‘baro‘, peshtoqi g‘oyatda baland va ulug‘vor ko‘rinishga ega bo‘lgan inshootlar majmuasi tarzida qurilgan. Samarqanddagi Jome’ masjidi bilan Bibixonim madrasasi bu shaharsozlik usuliga namunali misol bo‘la oladi. Qadimiy Afrosiyobning Shahriston xarobalarida qolgan o‘rta asr inshootlarining ayrimlari, ya’ni Hazrati Xizr va Cho‘pon ota majmualari Sohibqiron e’tiboridan chetda qolmagan.
Ulug‘ bobomiz markazlashgan yirik davlatni shakllantirish bilan birga Markaziy Osiyoda shaharsozlik san’atining qayta tiklanishiga, uning yanada rivojlanishiga yo‘l ochdi, ya’ni Samarqand va Movarounnahrning boshqa shaharlarini tiklashga katta e’tibor berdi. Ko‘p yillik yurishlar davrida ham qo‘shin bir necha muddat dam olgan hududlarida Sohibqiron bunyodkorlik ishlarini olib borgan. Qarshi shahri qal’asining mustahkamlanishi, Toshkent yaqinidagi Zangiota va Turkistondagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbaralari qurilishi bunga misol bo‘ladi.
Shaharsozlik va me’moriy majmualar yaratishga yo‘naltirilgan ishlar asosan poytaxt shaharlar Camarqand va Shahrisabzda olib borilgan. Qadimiy Kesh shahri va saltanat poytaxti Samarqandda olib borilgan shaharsozlik tadbirlari bu sohaning keyingi asrlardagi yo‘nalishini belgilab berdi. Amir Temur va Temuriylar davrida shaharlarning asosiy qismi “hisor” deb atalgan tizimda shakllandi. Bu atama mo‘g‘illargacha bo‘lgan shaharlarning “Shahriston” atamasidan farq qiladi. “Hisor” shaharning asosiy qurilmalari, hunarmandchilik-savdo joylari, mahallalarni, shoh ko‘cha va majmualarni butunlay o‘z ichiga olgan yoki umuman yangi joyda paydo bo‘lgan tizimdir.
O‘sha davr bunyodkorlik ishlarida islomiy falsafa, oxirat uchun xayrli ishlar, maqbaralar qurish g‘oyasi ham hukm surgan. Sevimli farzandi Jahongir o‘limidan so‘ng Sohibqironda Shahrisabzda o‘xshashi yo‘q yirik xilxona-nekropol qurib, u yerga o‘z avlodlarini dafn qilish fikri tug‘iladi. Shahrisabz hisorining janubi-sharqida ana shu majmuaga tamal toshi qo‘yiladi. Keyinchalik bu yerda Dorut-tilovot va Dorussiyodat majmualari paydo bo‘lib, yangi qurilishlar bir necha asrlar davomida bosqichma-bosqich davom ettirilgan.
Sohibqiron hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan vaqtdan boshlab yirik shaharlar va maskanlarda mashhur so‘fiy shayxlarning qabrlarini, ya’ni Termizda Hakim at-Termiziy, Urganchda Najmiddin Kubro, Buxoroda Sayfiddin Boxarziy kabi bir qancha ziyoratgohlarni obod qilgan. Manbalarga ko‘ra, Shahrisabzda otasi Muhammad Tarag‘ayning piri Shamsiddin Kulol qabri ustiga maqbara ham qurdirgan.
Sohibqironning bunyodkorlik faoliyatida shahar atrofida jannatmakon bog‘lar yaratish va ular tarkibida ulkan ko‘shk-saroylar bunyod etish Sharq bog‘ tuzish san’atida alohida bosqich bo‘ldi. Ovrupo iqlim sharoitlarida yaratiladigan park-bog‘ san’atidan farqli ravishda keskin kontinental iqlim sharoitida, sug‘oriladigan quruq, issiq hududda so‘lim bog‘lar va chorbog‘lar yaratish amaliyoti katta mahorat bilan amalga oshirildi. Samarqand atrofida qurilgan Bog‘i naqsh jahon, Bog‘i behisht, Bog‘i dilkusho, Bog‘i shamol kabilar shular jumlasidandir.
O‘sha davr me’morchiligining shoh asarlari — mahobatli ko‘shk saroylarning ko‘plab qurilishi qadimiy bog‘ tuzish san’atida yangicha yo‘nalish paydo qildi. Bog‘lar agronomik-badiiy vazifalardan ko‘ra, ko‘proq monumental me’morchilikka yaqin ehtiyojlarga ham javob bera boshladi. Davlat miqyosida qabullar o‘tkaziladigan ma’muriy, shuningdek maishiy tadbirlar o‘tkaziladigan saroylar bog‘lar bilan hamohang tarzda bunyod etilishi o‘z navbatida yangicha me’moriy yechimdagi bog‘-saroy turlarini namoyon etdi. Bu esa bog‘ inshootlarining tarhiy va hajmiy yechimi murakkablashuviga olib keldi. Samarqanddagi Ishratxona binosi bog‘-saroy nuqtai-nazaridan tahlil etilib, bu inshootning asl vazifasi ilmiy jihatdan ochib berildi.
Keyinchalik G‘arb me’morchiligida mashhur bo‘lgan bog‘-saroylar (masalan Versal) yaratishda Sharq, jumladan, Sohibqiron barpo ettirgan bog‘-saroylar qurish amaliyotining ta’siri bo‘lgani, shubhasiz.
Amir Temur har bir inshootning bunyod etilishidan oldin muboshirlar va me’morlarga amaliy ko‘rsatmalar berib, qurilishni qat’iy nazoratga olgan. Bu borada, Tuzuklarda shunday fikrlar bor “... shaharlarda masjidlar, madrasalar, xonaqohlar, yo‘llarda karvonsaroylar va daryolar ustiga ko‘priklar qurmoqqa buyruq berdim. Muhandislar (me’morlar) mening uchun ulug‘vor imoratlarning va men uchun o‘zim daraxtlar o‘tqazgan bog‘larning tarhlarini chizib berdilar”. Bu esa har bir ishning dastlab puxta ishlangan loyihasi ishlab chiqilganidan dalolat beradi.
Zamonaviy O‘zbekiston me’morchiligida Sohibqiron dahosi bilan yaratilgan me’moriy g‘oyalar mujassam bo‘lgan boy merosdan oqilona foydalanish bugungi me’mor va quruvchi ustalar oldidagi mas’uliyatli vazifalardan biri bo‘lib qoldi. Amir Temur davri me’morchiligi an’analariga xos ravishda bunyod etilgan mustaqillik inshootlaridan Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqand yaqinidagi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi kabi binolardagi me’moriy yechimlar bu vazifani bajarishga sidqidildan kirishilganidan dalolatdir.
Demak, Sohibqiron davri me’morchiligi, bunyodkorligi, shaharsozlik sohasini ilmiy va nazariy jihatdan boyitgan g‘oya va usullarini o‘rganish davr talabidir. Ilmiy-tadqiqiy vazifalardan yana biri Amir Temur inshootlariga oid so‘nggi izlanishlar natijalari asosida ularning asl vazifalarini ham ochib berishdan iborat. Masalan, Shahrisabzda Amir Temur bobomiz tavalludining 660 yilligi tadbirlari tarkibida Dorut-Tilovat va Dorus-siyodat majmualarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlarning natijalari ularning me’moriy yechimlariga oid fanda hukm surib kelayotgan ilmiy farazlarga aniqlik kiritish imkonini beradi. Shuning uchun so‘nggi izlanishlar natijalari bilan birga avvalgi ilmiy xulosalarni ham qayta ko‘rib chiqish muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.
Abdujabbor Yahyoyev,
arxitektor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 15-sonidan olindi.