O‘tgan yigirmanchi asr tarix bisotiga aylandi. Yuz bergan qanchadan-qancha voqealar endi o‘tmish, deb ataladi. Biroq shundoq kashfiyotlar, betakror ijod namunalari borki, ular vaqt sinovlaridan behadik o‘ta oladilar.
Ma’naviyat osmoni hech qachon yulduzsiz qolgan emas. Lekin ularning umrlari ba’zan o‘lchovli bo‘lib chiqadi. Deylik, qandaydir bir shoir muayyan tuzumning kuychisi sifatida porlab turishi mumkin. Lekin tuzum barham topgach, o‘sha yulduzdan nom-nishon qolmaydi. Ha, mangulikning yuki nihoyatda og‘ir. Unga kafolat berish faqatgina Vaqtning qo‘lidan keladi.
O‘tgan asrda porlagan o‘sha yulduzlardan ayrimlarigina bugun ham nur sochib turibdi, illo ular hech qachon so‘nmagaylar. Jahon adabiyotiga o‘tgan XX asr tuhfa etgan o‘lmas siymolardan biri, shubhasiz, Dog‘iston yulduzi — Rasul Hamzatovdir.
Bu zot haqida gap ketganda, men beixtiyor, havas qilgulik adabiy davralarni esga olaman. Bular Mustay Karim, Qaysin Quliev, David Qug‘ultinov, Chingiz Aytmatovlar edi. Ma’lumki, ularning har biri nisbatan kichik millatlarga mansub bo‘lib, Rasul aka goho hazil aralash: “Bizlar “natsmen”lar (milliy ozchilik), deb yurguvchi edi.
Albatta, bu mutoyibaning tagida teran mazmun mavjud bo‘lib, o‘sha ijodkorlarning har biri o‘z millatini astoydil himoya qilib kelardilar. Bu jarayonda Rasul Hamzatovning siymosi yarq etib ko‘zga tashlanib turardi. Chunki u “ulug‘ sovet oilasi”ni rad etmagan holda tinimsiz Dog‘iston haqida yozar, avarchani esa dunyodagi eng go‘zal til, deb hisoblardi. Shoirning yurtparvarlik, elparvarlik tuyg‘ulari boshqalarga hech qachon malol kelmasdi.
Xullas, Rasul Hamzatov dunyoga, o‘zi orzu qilganidek, avvalambor, Dog‘iston kuychisi bo‘lib tanildi. “Mening Dog‘istonim” kitobini esa Rasul Hamzatovning shoh asari, deyish mumkin. Albatta, Rasul Hamzatovning she’riyati yer yuzidagi barcha kitobxonlarga dini, tili, e’tiqodi, dunyoqarashidan qat’i nazar birday manzur bo‘ldi. Biz o‘zbeklar ham Hamzatovning o‘ta hayotiy, ohori to‘kilmagan tashbihlarga boy, turfa jumboq va boshqotirmalardan xoli hikmatli she’rlarini intiq bo‘lib kutar edik va darhol tarjima ham qilardik. Uning ijodiy ta’siri ham ko‘zga tashlanardi. Bir vaqt shoir sakkizliklar yoza boshlaganda bizning she’riyatimizda ham sakkizlik urchib ketgan edi. O‘xud “Mening Dog‘istonim”ga o‘xshash asarlar yozishga urinishlar ham ko‘p bo‘ldi. Biroq ot allaqachon minilgan edi. Chavandozi esa Rasul Hamzatov ekanini hamma bilardi.
Shoir O‘zbekistonni, o‘zbek xalqini benihoya hurmat qilar, daholarining nomini tildan qo‘ymasdi. Oradan yillar o‘tib, sobiq ittifoq parchalanib ketgach, men xizmat safari bilan Maxachqal’aga bordim va, albatta, Rasul Hamzatovga yurtimizdan salom yetkazdim. Rasul aka ko‘rishganimizdayoq istiqlolimiz, mamlakatimiz Yo‘lboshchisi haqida g‘oyat samimiy fikrlar bildirdi. U asarlarining O‘zbekistonda, o‘zbek tilida o‘qilayotganidan takror-takror quvonib, “Mening Dog‘istonim”ning tarjimasi ham oxiriga yetdimi, deb so‘radi. Men: “Ha, albatta, oxiriga yetadi”, dedim. Aslida asarning Erkin Vohidov tarjimasidagi katta bir qismi sho‘ro zamonida jurnalda chop etilgan, ammo unga ma’lum doiralarning ro‘yxushlik bermagani bizga ayon edi. Nazarimda, bu kitob o‘zbeklarning ham milliy tuyg‘ularini yanada jo‘shtirib yuborishi mumkin, degan ishtiboh uyg‘otgan.
Men vaziyat taqozosiga ko‘ra, Rasul Hamzatov bilan ko‘p marta uchrashganman. Ammo Maxachqal’adagi suhbatlarimiz ancha bafurja kechgan edi. Men hozir bu suhbatlarning barcha tafsilotlarini yozib o‘tirmayman. Bir gal Rasul aka o‘ziga xos erkalik bilan: “Yer yuzida ayrim bir she’rga haykal qo‘yilganini eshitganmisan? — deb so‘rab qoldi va gapni o‘zi davom ettirdi. — Sizlarning Chirchiq degan shahringizda mening “Juravli” (“Turnalar”) she’rimga haykal o‘rnatilgan”. Darhaqiqat, Hamzatovning ushbu she’ri buyuk armonlar, ayriliqlar ruhi singib ketgan qo‘shiq sifatida Yer yuzi bo‘ylab yangrardi. She’rning motivlari bizning qalbimizga ham yaqin edi. Axir, dunyoda urushlardan, yo‘qotishlardan zada bo‘lganlar ozmi?
Rasul aka tabiatiga ko‘ra, sodda, samimiy, bag‘rikeng, nihoyatda zukko odam edi. O‘zi kuylagan tog‘liklarga xos mardlik va sadoqat ham shoir siyratida mujassam edi. U O‘zbekistonda o‘ziga ko‘rsatilgan izzat-hurmatga iloji boricha javob qaytarishga harakat qilardi. Maxachqal’a aeroportida Rasul aka samolyotgacha birga chiqib, hatto o‘rindiqning tasmasini ham bog‘lab qo‘ygan. Men u kishiga: “O‘zbekistonga boring, kutamiz”, dedim. Shoirning qo‘llari (xastalik bois) qaltirab turardi. Rasul aka sog‘lig‘iga ishora qilib: “Abdullajon, men o‘zbek do‘stlarimning xotirasida sog‘lom, tetik Rasul sifatida qolishni istayman”, dedi. Bu mungli va lekin o‘ktam javob edi.
Rasul Hamzatov uzoq yillar Dog‘iston O‘zuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi. Dog‘istonda turli tilga mansub qavmlar yashaydi. Rasul aka ularning boshini qovushtirish mushkulligini doim yodda tutar, hammaning ko‘ngliga yo‘l topishga harakat qilar edi.
Rasul Hamzatovdek nozik tabiatli shoir zohiran qanchalik hayotsevar bo‘lib ko‘rinmasin, botinan uning qalbini dunyo nomukammalligi ezib kelardi. Bunga shoirning katta-kichik har bir asari, satrlari, hikmatlari isbotdir. Sobiq ittifoq tarqalganidan so‘ng, ayniqsa, Kavkazda turli boshboshdoqliklar kuchayib ketdi. Bu holdan keksa va xasta shoir g‘oyat iztirob chekdi. Shoirning ko‘ziga dunyo butunicha nodonlarga, tovlamachiyu muttahamlarga qolgandek bo‘lib ko‘rindi. Rasul Hamzatovning Maxachqal’ada nashr etilgan so‘nggi to‘plamida cheksiz nadomat va benihoya o‘kinch to‘la satrlar jamlangan. Menga bular ulug‘ shoirning achchiq qismati bo‘lib tuyuldi. Lekin baribir Rasul Hamzatov yulduzi endilikda mustaqil xilqat sifatida o‘zidan nur va mehr taratib, she’riyat osmonida abadiy harakatini davom ettirmoqda. Uning boy ijodiy merosida “Mening Dog‘istonim” kitobi gavhardek porlab turibdi.
Men bu kitobni faqat kitob, deb atayotirman. Muallifning o‘zi ham “buning tayinli janrini bilmayman”, degan. Nashrda uni “badia” deyishibdi. Lekin baralla aytish mumkinki, ushbu asarda shoirning butun borlig‘i: dunyoqarashi, ma’naviyati, iztirobi, armoni, faxri va g‘ururi — barcha-barchasi mujassam bo‘lgan. Bu bepoyon tuyg‘ularni esa Rasul akaning o‘z ona tiliga, mitti bo‘lsa ham yagona Dog‘istoniga cheksiz muhabbati, sadoqati birlashtirib turadi. Rasul Hamzatovning fikricha, Dog‘istonning olamda tenggi yo‘q. Chindan ham shoir haq. Axir, har qanday bolakay ham dunyoda eng yaxshi ona — mening onam deydi-da. Bu qonuniy va tabiiy holdir. Rasul Hamzatov yurtiga quyidagicha xitob etadi: “Dog‘iston — sen mening onamsan! Men bilan bahslashmoqchi bo‘lganlar, shuni yodda tuting. Meni xafa qilish mumkin — bariga chidayman. Biroq mening Dog‘istonimga til tekkiza ko‘rmang”.
Shoir o‘z ona tilini jonidan ortiq suyadi:
Ona tilimdagi so‘zlarni elasEshitgan dam kirdi jasadimga jon.Va, bildimki, menga tabiblar emas,Faqat ona tilim bag‘ishlar darmon.Kitobda yuzlab, minglab yombi fikrlarni, hikmatlarni uchratish mumkin. Ularning hech biri atayin o‘ylab topilgan emas. Muallif ajdodlar, zamondoshlar tajribasiga tayanadi. Har qanday siyosatning igna ko‘zidek teshigidan ham “tuya”ni bemalol o‘tkaza oladi. Mana buni mahorat, desa bo‘ladi.
Rasul Hamzatov ijodiga, shon-shuhratiga muttasil hasad bilan qarab kelganlar oz emas edi. Ularning aytishicha, go‘yo Rasulni Rasul qilgan tarjimonlar emish. Ana shunday bir paytda Rasul Hamzatov “Nabiram Shahrizodaga”, deb nomlangan she’rini badiiy tarjima emas, o‘zi so‘zma-so‘z o‘girgan holda “Literaturnaya Rossiya” gazetasida e’lon qildi. She’rning ushbu so‘zma-so‘z tarjimasi ham o‘quvchilarni hayratga solgandi. Ayniqsa, uning “Mening Dog‘istonim” kitobi hech qanday izohga muhtoj emas.
Shoir bir qarashda zamonasoz bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida g‘oyat jur’atli zot edi. Ko‘pgina gurunglarda Rasul Hamzatov bilan bog‘liq bir voqeani hanuz eslashadi. Hozirgi Sankt-Peterburg (Leningrad) shahridagi majlislardan birida Rasul aka tagdorroq gapni minbardan aytib yuboribdi. Tanaffusga chiqishganda shaharning o‘sha paytdagi katta xo‘jayini Rasul akaga qarab: “Men sizning bundayligingizni bilmagan ekanman”, desa, Rasul aka quyidagicha javob qaytaribdi: “Men esa sizni bilishni ham xohlamayman!”
“Mening Dog‘istonim” kitobida, ayniqsa, yosh ijodkorlar uchun bebaho saboqlar ko‘p. Ular goh Sulaymon Stalskiy, goh Abu Tolib, goh shoirning otasi Hamzat Sadasa tilidan bayon qilinadi.
Shoir muhabbatning betakror kuychisi edi. U bir qarashda Petrarka, Robert Byornslarga ham o‘xshab ketadi. Rostdan, bu yorug‘ dunyoda yolg‘iz muhabbatgina zavol topmaydi. O‘lg‘iz muhabbatgina dinu irqlardan, siyosatlardan baland turadi. O‘lg‘iz muhabbatgina haqiqat kabi abadiydir. Shoir mana shu nishonlarni bexato topa bilgan.
Rasul Hamzatov ijodidan qilingan turli tarjimalarni qadrlagan holda shoir ukamiz Asror Mo‘min xizmatlarini ham alohida ta’kidlaymiz. U yaqinda shoirning “Mening Dog‘istonim” kitobini o‘zbek tiliga to‘lig‘icha o‘girdi.
She’rsevar xalqimiz dunyo adabiyotining barcha gavharlarini ko‘z qarog‘ida asrab-avaylab kelayotir. Bu bebaho xazinada Rasul Hamzatov ijodining ham alohida qimmati bor.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 37-sonidan olindi.