Yangi bangol adabiyotining asoschisi, umumhind madaniyatining ulug‘ namoyandasi, Ovro‘pa lahjasida Tagor nomi bilan mashhur bo‘lgan Rabindronath Thakur (1861-1941) dunyoga kelganiga yuz ellik yil to‘ldi. Lekin daho yozuvchining asarlari bugun uchun yozilgandek, biz bilan yonma-yon yashab kelmoqda. Thakur Sharqdan birinchi bo‘lib Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yozuvchi. Uning hikoya va qissalari, roman va piesalari jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Bizda ham Thakurga qiziqish XX asr boshlaridayoq boshlangan edi. Buyuk shoirimiz Cho‘lpon hali yoshlik paytidayoq yangi, realistik o‘zbek adabiyotini yaratish haqida qayg‘urar ekan, ana shunday yangilikni u Rabindronath Thakurda ko‘radi. Thakurga bir emas, uch maqola bag‘ishlaydi.
Thakurning estetikaga doir mulohazalari asosan «Go‘zallik», «Go‘zallik va adabiyot», «Go‘zallikni idrok etish», «Adabiyotda olamning aks etishi» kabi risola va maqolalarida o‘z ifodasini topgan. Uning estetik qarashlari asosida o‘zi butun umr amal qilgan g‘ayrizo‘ravonlik axloq falsafasi tamoyillari va brahmanchilikning axloqiy aqidalari yotadi. U go‘zallikning maqsadi, vazifalari va zarurligi haqida fikr yuritar ekan, shunday yozadi: «Shubha yo‘qki, go‘zallik hissini rivojlantirish – uyg‘un kamol topgan shaxs tarbiyasining ajralmas sharti. Go‘zallik zaruriydir». Lekin haqiqiy go‘zallikka erishish, uni tom ma’noda idrok etish uchun inson muayyan komillik sohibi bo‘lmog‘i lozim. Go‘zallikka olib boradigan yo‘l yengil-elpi tuyg‘ular orqali o‘tmaydi, bu g‘oyat murakkab, sabrni, quntni talab qiladigan yo‘l. Shu bois go‘zallikni yaratish va idrok etish o‘zni tuta bilish, bosiqlik bilan bog‘liq. Zero, «Inson qo‘li bilan yaratilgan go‘zallik doimo uni yana bir boshqa – qudratli go‘zallikka chorlab turadi», deb yozadi adib. Go‘zallikning asosiy quroli istisnolikdir. Go‘zallik quvonchi haqiqatni to‘g‘ri idrok etishdan yuzaga keladi.
Thakur go‘zallikni idrok etish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tadi. U go‘zallikni faqat hissiy idrok etish mumkin emasligini ta’kidlaydi, aks holda biz bor-yo‘g‘i o‘tkinchi yoqimlilikni kuzatgan bo‘lamiz. «Shunday qilib, – deb yozadi buyuk bangol mutafakkiri, – aniqki, go‘zallik faqat ko‘z uchun manzara bo‘lish holatidan to aql uchun ozuqaga aylanish darajasiga ko‘tarilmaguncha muhimlik kasb etolmaydi. Aql uchun ana shu ozuqani ola bilish – alohida tarbiyaning ishi. Zero, aql juda ko‘p bosqichlarga ega. Agar tanqidiy aql hissiyot bilan yonma-yon tursa, bizning quvvai hofizamiz kengayadi. Biz yana ham uzoqni ko‘ra olamiz, agar bizning qarashimiz yuksak axloqiy ideallar bilan nurlangan bo‘lsa, bunday ruhlangan nigoh chegara bilmaydi». Buning asosiy sababi shundaki, go‘zallik baxt bilan bog‘liq. Agar biz baxt haqidagi tasavvurimizning voqelik bilan to‘la mos kelganini anglasakkina, go‘zallikni ko‘ra bilamiz: baxt, bu – aslida insonning teran botiniy go‘zalligi. Baxtni anglash esa doimo ezgulik va yovuzlik tomonidan bo‘ladigan zarbani kutish holatidir. Ana shu kurash ikki qirg‘oq orasidagi daryoning hayotiga o‘xshaydi. To daryo dengizga yetib kelmaguncha, ikki qirg‘oq orasidagi kurash davom etaveradi, faqat u dengizga qo‘shilgandagina kurash to‘xtaydi. Go‘zallik ham ana shu taxlit namoyon bo‘ladi: u haqiqatga kelib qo‘shilgandagina haqiqiy o‘zligini, betakror kengligini topadi. Shunday qilib, haqiqat – baxt va oliy go‘zallikning uyg‘unligidan iborat ekanini biz tushunib olamiz.
Thakurning ilhom, tasavvur va xayolot borasidagi fikrlari ham go‘zallik to‘g‘risidagi mulohazalari bilan hamohang. U ilhomni alohida, hech bir tilga o‘xshamaydigan, noodatiy hissiyotni ifodalaydigan sirli tilni yaratuvchi mo‘‘jizaviy hodisa, deb ataydi. Ilhom yaratgan bu til teran mazmunni ohang bilan uyg‘unlashtirgan tarzda nimanidir ochiq so‘zlaydi, nimanidir yashirib qoladi. U real olam insonda uyg‘otgan tuyg‘ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki timsol va istioralar pardasiga o‘rab taqdim etadi.
Tasavvurni esa mutafakkir inson qalbining eng ajoyib hususiyati sifatida talqin qiladi. Inson qalbi shunday ulug‘vorki, u real mavjud bo‘lgan olamni o‘zining sub’ektiv mulkiga aylantira olishi mumkin. Dunyo bilan qalban birlashuv insonni iztirobdan qutqaradi. Olamga faqat hissiyot vositasida emas, balki teran ma’naviy-ruhiy jihatdan bog‘liq bo‘lishimiz uchun ana shunday holat – tasavvur zarur. Aynan tasavvur botiniy «men»imizning o‘zidan tashqaridagi mavjudlik bilan qondosh ekanini his etishiga imkon yaratadi: biz o‘zimizniki bo‘lmagan narsalarni ma’naviy jihatdan o‘zimiznikiga aylantiramiz. San’at ana shu tasavvurning mahsuli. Zero, adibning ta’kidlashicha, «voqealar qachonki reallik to‘ridan ozod bo‘lgandagina va biz unga tasavvur prizmasi orqali qaray olganimizdagina, bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri badiiy ta’sir ko‘rsatadi».
Ana shu tasavvurga asoslangan xayolot bizning o‘z olamimizni yaratishga ko‘mak beradi. Xayolot kuchi real dunyoni o‘zimiz uchun qaytadan yaratadi. Zero, inson tabiatan yaratuvchi mavjudot, Biruborning yaratganlariga qanoat qilmay, hamma narsani o‘ziga moslashtirishga harakat qiladi va o‘z ijodi orasida yashaydi. Inson o‘z olamini, o‘z olami manzarasini o‘z qo‘li bilan yaratadi va bundan teran quvonch hissini tuyadi. Buyuk san’atkorlar yaratgan o‘lmas badiiy qiyofalar shu taxlit vujudga kelgan.
Thakur realizm uslubida badiiy qiyofa yaratishda tipiklashtirishning ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tadi. Badiiy qiyofadagi individuallik umumlashtiruvchilik xususiyatiga ega. Zero, badiiy ijod tabiatdan, voqelikdan nusxa ko‘chirish bilan shug‘ullanmaydi, balki real hayotda sochilib yotgan hodisalarni muayyan badiiy tizimga, bizning qalbimiz, ma’naviy olamimiz bilan uyg‘unlashib ketadigan tartibga soladi. Shu bois adabiyot va san’at doimo umumnikiga aylangan shaxsiy fikr va hissiyotlardan iboratdir, deydi buyuk bangol mutafakkiri. U adabiyot misolida realizmning qudratini tavsiflar ekan, ayni paytda realistik adabiyot va san’atning vazifasini quyidagicha belgilab beradi:
«Realistik adabiyotda biz o‘z fikrimiz, qayg‘ularimizni nafaqat zamondoshlarimiz uchun muhrlashga intilamiz, balki ularni abadiylashtirishga urinamiz, – deb yozadi Thakur. – Demak, ularning ahamiyati vaqtning shu ulkan davriga mos kelmog‘i lozim. Garchand abadiylik zamonaviy vositalar bilan tiklansa-da, lekin zamonaviy miqyoslar bilan chegaralanib qolishi mumkin emas. Shu sababli voqelikning adabiyotdagi in’ikosi mohiyatan tor dolzarblikdan farqlanadi.
Adabiyotning vazifasi – botinni zohirga, fikrni so‘zga, xususiylikni ijtimoiy ahamiyatli hodisaga, bugunni adabiyotga aylantirishdan iborat».
Thakurning fikriga ko‘ra, realizmdan chekinish – oqilona, bosiqlik bilan haqiqiy go‘zalikni idrok etish o‘rniga tasodifan junbushga kelgan instinkt vositasida qandaydir bir muddat uchungina go‘zal bo‘lib ko‘ringan narsa-hodisani topib, undan zavqlanish, kichik bilan kattaning, qism bilan butunning farqiga bormaslikni keltirib chiqardi; bunday holatda inson junbushni – zavq, xunuklikni – go‘zallik deb xatoga yo‘l qo‘yadi; bunday noto‘g‘ri yondashuv zamonaviy Ovro‘pa adabiyoti va san’atida tobora ko‘proq uchrayotgani achinarli hol.
Ko‘rinib turibdiki, bu o‘rinda gap ba’zi bir modernistik yo‘nalishlar san’ati haqida bormoqda. Thakur bunday modernizmni o‘tkinchi hissiyotga, shov-shuvga asoslangan uslub sifatida tanqid qiladi. Chunki unda yuksak ideal yo‘qoladi, uning o‘rnini bir zum bizni hayratga soladigan oppoq dunyodagi qora dog‘ egallaydi, olam o‘z go‘zalligi va ulug‘vorligini yo‘qotib, maydalashib, xunuklashib ketadi. «Afsus-nadomatlar va yomonliklar ortida insonning ulug‘ligi ko‘rinmaydigan adabiyot bilan faxrlanib bo‘lmaydi», deb yozadi buyuk mutafakkir yozuvchi.
Shunday qilib, Rabindronath Thakurning estetik qarashlari go‘zallikning o‘ziga xos talqinidan tortib, san’at va san’atkor masalalarining atroflicha, realistik tahlilini o‘z ichiga olgan ma’naviy boylik sifatida ham milliy-mintaqaviy, ham umumbashariy jihatdan diqqatga sazovordir. Uning go‘zallik falsafasi bugungi kunda, ommaviy san’at avj olgan asrimizda alohida ahamiyatga ega.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 21-sonidan olindi.