Fan va madaniyat olamida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan ulug‘ mutafakkir, zabardast olim, buyuk allomalardan biri, shubhasiz, Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlug‘ Tarxon Forobiydir (873—950). Dunyo fani va madaniyati, uyg‘onish davrining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri bo‘lgan Forobiy qadimgi yunon fani va madaniyatining insoniyat tsivilizatsiyasida tutgan o‘rnini yuksak baholab, butun ilmiy faoliyati davomida nafaqat unga suyandi, cheksiz hayratlandi va ilhomlandi, balki kishilik tarixida o‘chmas iz qoldirgan yunon olimlarining, ko‘proq Arastuning asarlarini targ‘ib qildi, ularning ko‘plarini arab tiliga tarjima qildi, sharhlar yozdi. Antik dunyo olimlarining qoldirgan meroslarini to‘la o‘zlashtirmasdan turib, fan va madaniyatni rivojlantirish mumkin emasligini yaxshi tushungan Abu Nasr Forobiy yunon mutafakkirlarining «quli»ga aylanib qolmadi, balki ko‘p qirrali olim va ijodkorlarning davomchisi, o‘z davri sharoitida mustaqil fikr yurituvchi alloma sifatida o‘zini namoyon qildi.
Abu Nasr Forobiy «Sharq Arastusi», «Ikkinchi muallim» nomlari bilan O‘rta Osiyo madaniyatining asoschilaridan biriga aylanganligi bejiz emas edi, albatta. Forobiyning shaxsi va ijodi ko‘pgina olimlarning diqqatini o‘ziga jalb etgan bo‘lib, u haqida ko‘pdan-ko‘p tortishuv va munozaralar bo‘lib turar edi. Uning so‘nmas ilmiy va madaniy merosi ta’siri ostida dunyoning juda ko‘p madaniyat vakillari, jumladan, Nizomiy Ganjaviy, Shota Rustaveli, Nosir Xisrav, Mirzo Ulug‘bek, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Grigor Tativatsi, Ioane Petritsi, Rodjer Bekon, Sicher Brabantskiy va boshqa yuzlab fan fidoyilari shakllangan, o‘zligini anglab, mustaqil ijod yo‘lini topib olganlar, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Abu Nasr Forobiy o‘rta asr fani va madaniyatining barcha muhim sohalarini to‘la egallagan buyuk allomadir. Uning 160 dan ortiq asar yozib qoldirganligi ma’lum. Taniqli forobiyshunos akademik M.Xayrullaev o‘zining «Uyg‘onish davri va Sharq mutafakkiri» asarida Forobiy asarlari turli mamlakatlardagi mashhur shaharlar: Sankt-Peterburg, Moskva, Toshkent, Boku, Qozon, Qohira, Bayrut, Damashq, Istanbul, Berlin, London, Parij, Madrid, Nyu-York, Haydarobod, Isfaxon, Bombey, Tehron va boshqa ko‘plab shaharlarning katta kutubxonalarida, davlat va shaxsiy qo‘lyozma fondlarida saqlanib, e’zozlanib kelayotganligi haqida yozadi. Forobiyning sotsiologik, ijtimoiy-falsafiy, tabiiy-ilmiy, tarbiyaviy-tibbiy qarashlari, nazariy xulosalari keng qamrovli va rang-barang bo‘lib, mohiyat mazmuniga ko‘ra nafaqat o‘z zamonasi uchun, balki hozirgi davrda ham juda ahamiyatlidir.
Forobiy yaratgan falsafiy tizim mazmunan universal xususiyatga ega bo‘lib, o‘z davri fanlarining barcha muhim masalalari — falsafaning umumiy muammolaridan tortib, tabiatshunoslik ilmining asosiy falsafiy masalalari, borliqni bilish va mantiqning bahsli muammolari, inson va tabiat o‘rtasidagi chambarchas bog‘liqlik, ya’ni ekologik muammolarni ham o‘z ichiga oladi.
Forobiyning ijtimoiy-falsafiy fikrlari o‘zining keng qamrovli, teran va mazmundorligi bilan gumanistik xususiyatga ega. U «Fozil shahar aholisining fikrlari» deb nomlangan asarida Arastu tomonidan ilgari surilgan, inson, eng avvalo, ijtimoiy hodisa, deb ta’riflangan g‘oyani yanada aniqlashtirib, quyidagilarni yozadi: «Har bir inson, o‘z tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishish uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, u bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi va ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoji tug‘iladi... Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir butun holda, ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuvi uchun zarur bo‘lgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari ko‘paydilar va yerning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi». E’tibor bering, muhtaram o‘quvchi, bu fikrlarning zamirida falsafaning bosh muammosi bo‘lgan bahsli masala — insonning paydo bo‘lishi, shakllanishi va yetuklikka erishuvi haqida so‘z bormoqda. Eng muhimi, bu jarayonda jamoatning roli va ahamiyati to‘g‘risida aniq va lo‘nda fikr bildirilmoqda.
Darhaqiqat, Forobiy o‘z dunyoqarashi bilan zamonasidan ancha ilgarilab ketgan yetuk olim, ilm va ma’rifat kurashchisi, tabiat va jamiyat rivojlanishi qonuniyatlarini ochib berishga astoydil intilgan buyuk shaxsdir.
Forobiy o‘zining «Fozil shahar aholisining fikrlari», «Baxt-saodatga erishuv haqida» va boshqa asarlarida axloq falsafasi, jumladan, axloqiy tarbiyaning muhim muammolarini hal qilishga harakat qiladi. Mutafakkirning axloq va uning asosida yosh avlodga tarbiya berish g‘oyalari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q, aksincha, axloqiy tarbiyaning yangi usul va qoidalarini ishlab chiqish va ularni takomillashtirishda juda katta ahamiyat kasb etadi.
Forobiy axloq tushunchasini keng ma’noda talqin qilar ekan, butun insonlarni, ularning dini, e’tiqodi, irqi, tilidan qat’iy nazar, hamjihatlik va hamkorlikka chaqiradi. Dunyoda bir butun yagona inson jamoasini shakllantirishni va barcha fuqarolarning manfaatlarini birdek ko‘zlab faoliyat ko‘rsata olishini orzu qiladi. O‘z davrida ajoyib orzu-istaklar va g‘oyalarni ilgari surgan Forobiyning dunyoda yagona jamiyat barpo qilish to‘g‘risidagi fikrlari ham keyinchalik dunyoning juda ko‘p mutafakkirlari, jumladan, nemis faylasufi I.Kant tomonidan ham ilgari surilgan edi. Forobiy ilgari surgan, shuningdek, dunyo olimlari tomonidan ham maqsadga muvofiq deb topilgan «dunyoda yagona fuqarolik jamiyati»ni tarkib toptirish haqidagi g‘oyalari ustida jiddiyroq bosh qotirsak, bu g‘oyaning bugungi kunda naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligi ravshan bo‘ladi. Axir biz, shu kunlarda XX asrdan XXI asrga o‘tib, butun insoniyatga misli ko‘rilmagan kulfatlar keltirayotgan: SPID, terrorizm, diniy aqidaparastlik va boshqa buzg‘unchilik xatti-harakatlariga qarshi butun insoniyatni hamjihat bo‘lib kurash olib borishga chaqirmoqdamiz-ku!
Forobiyning fikricha, yuksak axloqiy fazilatlarga rioya qilgan holda rivojlanayotgan har qanday davlat o‘z fuqarolarini shak-shubhasiz baxt-saodat yo‘liga olib chiquvchi kuchli quroldir. Inson bilim va namunali axloq egasi bo‘lgandagina yaxshi odat va harakatlarni o‘zida mujassamlashtira oladi, u har qanday yovuz buzg‘unchiliklar ko‘chasiga kirmaydi, aksincha, ularga nisbatan shafqatsiz jang olib boradi.
Buyuk allomalar keng dunyoqarash, ko‘pqirrali ilmga ega bo‘lishlari bilan bir qatorda hunarga, kasbga ham mehr qo‘ygan insonlar sifatida tarixdan joy olganlar. Forobiy ham o‘z navbatida nazariy jihatdan musiqashunos, amaliy jihatdan taniqli bastakor, xalq uchun yaqin va qadrdon siymo sifatida nom chiqargan ustozlardan bo‘lgan. U o‘zining «Musiqa haqida so‘z» asarida musiqa tarixi, nazariyasi, musiqa asboblari, bastakorlik va ijrochilik san’ati bo‘yicha o‘z davri uchun mukammal ma’lumotlar bera olgan. Ko‘pchilik yevropalik arabshunos olimlarning ta’kidlashlariga qaraganda, Forobiyning musiqa haqidagi fikr va mulohazalari, asarlari, unga qadar musiqa haqida yaratilgan asarlardan nafaqat o‘zining ustunligi, balki originalligi, noyobligi va yangi nazariyalar bilan to‘ldirilganligi sababli, butun Sharq va Yevropa musiqa taraqqiyotiga qo‘shilgan ulkan ulushdir.
Forobiy musiqani, insonda yuksak axloq namunalarini shakllantiruvchi, unda estetik did va go‘zallik tuyg‘ularini uyg‘otuvchi va hatto inson sihat-salomatligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi vosita deb ta’riflaganligi bizga ma’lum. Alloma musiqa asboblarini shaxsan o‘zi yasar va ularni ko‘cha-ko‘ylarda, bozorlarda, odamlar to‘planib, gurunglashib o‘tirgan vaqtlarida chalib, ularda zavq-shavq, his-tuyg‘ularni uyg‘otib, kayfiyatlarini ko‘tarar edi. Uning musiqaga bo‘lgan muhabbati, ijrochilik mahorati shu darajada ommabop, xalq hayotiga yaqin ediki, u turli rivoyatlarning to‘qilishiga sabab bo‘lgan.
Rivoyat qilishlaricha, darveshona kiyingan Forobiy Halab shahrining ko‘chalarida musiqa chalib yurganligi haqida shahar hukmdoriga kimdir xabar yetkazadi. Shahar hukmdori bu darveshni huzuriga keltirishlarini buyuradi. Choparlar Forobiyni hukmdor huzuriga yetaklab kelganlarida, shahar hukmdori o‘z yaqinlari bilan kayfu safo qilib o‘tirgan bo‘ladi.
Hukmdor keltirilgan darveshga qarab:
— Aytishlariga qaraganda sen musiqa asboblarini juda yaxshi chalar emishsan, shu to‘g‘rimi? — deb so‘raydi.
— Demak, ular adashmaganlar, — deb javob beradi Forobiy.
— Unday bo‘lsa, — deydi hukmdor, — sen shunday musiqa chalginki, biz o‘tirganlar xoxolab kulib yuboraylik, tanalarimiz ham larzaga kelsin.
— Xo‘p bo‘ladi, — deb Forobiy ichak uzdi musiqa chalib, hammani kuldiradi.
— Endi, — deydi hukmdor, o‘zini kulgidan zo‘rg‘a to‘xtatib, — sen bizlarni yig‘latib yuboradigan musiqa chalib ber.
— Buyrug‘ingiz men uchun vojib, — deb Forobiy shunday mungli musiqa chaladiki, o‘tirganlarning barchasi yig‘lashga tushadi. Yig‘idan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtata olgan hukmdor, ko‘zlarini artib, yana darveshga yuzlanib deydi:
— Ofarin. Endi qo‘lingdan kelsa, musiqa chalib, bizlarni uxlatgil, biroz dam olib, o‘zimizga kelib olaylik. Shunda Forobiy boshqa bir mo‘’jazgina musiqa asbobini qo‘liga olib, shunday mayin, nafis tovushda musiqa chaladiki, o‘tirganlarning barchasi uyquga ketganidan foydalanib, bir varaq qog‘ozga quyidagilarni yozib, saroydan chiqib ketadi: «Sizlarni kuldirib, yig‘latib, keyin uxlatib, musiqa chalgan darvesh aslida Forobiy edi».
Uyqudan cho‘chib uyg‘ongan hukmdor varaqdagi yozuvga ko‘zi tushib, musiqa chalgan darveshni topib, zudlik bilan uni yana saroyga keltirishlarini buyuradi. Choparlar qanchalik qidirmasinlar, darveshni topishning iloji bo‘lmaydi. Chunki bu vaqtda Forobiy shahardan chiqib ketishga ulgurgan edi.
Abu Nasr Forobiy haqida rivoyatlar talaygina. Bu, o‘z navbatida, buyuk allomaning naqadar oddiy, kamtarin inson bo‘lganligidan hamda uning doimo xalq ichida kamtarona hayot kechirganligidan dalolat beradi.
falsafa fanlari nomzodi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi