Har qanday chinakam iste’dod sohibi kabi Abdulhamid Cho‘lpon ham ijodning deyarli hamma sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatgan. U ham shoir, ham nosir, ham dramaturg, ham tarjimon, ham publitsist bo‘lishi bilan birga, barkamol munaqqid, mohir adabiyotshunos, o‘ziga xos tarzda fikrlaydigan san’atshunos ham bo‘lgan.
Uning badiiy asarlari xalq ma’naviyatini shakllantirishda qancha muhim rol o‘ynagan bo‘lsa, adabiy-tanqidiy maqolalari ham shunchalik katta qimmatga ega. Ammo istibdod zamonida Cho‘lpon ijodini o‘rganish u yoqda tursin, nomini tilga olish ta’qiqlangani uchun keng jamoatchilikkina emas, hatto adabiyotshunos mutaxassislar ham Cho‘lpon ijodining bu qirrasi to‘g‘risida g‘oyat mavhum va tumanli tasavvurga ega edilar. Faqat so‘nggi yillardagina Sh. Turdiev, N. Karimov, B. Do‘stqoraev, M. Olimov, U. Dolimov, Z. Eshonova, D. Quronov, U. Sultonov kabi adabiyotshunoslarning harakati bilan Cho‘lponning. inqilobdan oldin va keyin chop etilgan, hozir esa topilishi amri mahol bo‘lib qolgan, jurnallar va gazetalarda sochilib yotgan adabiy-tanqidiy asarlari ilmiy muomalaga kira boshladi. Surxondaryolik yosh cho‘lponshunos N. Yo‘ldoshev esa Cho‘lpon hayoti va ijodiga doir bibliografiya e’lon qilib, unda birinchi marta Cho‘lpon maqolalarining ro‘yxatini berdi. Bibliografiyada ko‘rsatilishicha, shoirning 1914—1937 yillar mobaynida chop etilgan adabiy-tanqidiy maqolalari hozircha 63 ta ekan. Izlanishlar davom ettirilsa, bu raqamning ko‘payishi turgan gap.
Maqolalar bilan tynishish natijasida shunday xulosaga kelish mumkinki, Cho‘lpon o‘zini professional munaqqid yoki muayyan akademik qoidalar asosida ish yurituvchi adabiyotshunos olim deb hisoblagan emas. Cho‘lpon estetika bobida, san’at nazariyasida yangi sahifa ochgan emas, jahon san’atini va san’atshunosligini batamom yangi yo‘llarga burib yuboradigan tugal ta’limot ham yaratmagan. Shunga qaramay, yangn o‘zbek adabiyoti tarixini Cho‘lponning adabiy-tanqidiy faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yangi o‘zbek adabiyotini shakllantirishda, 20—30-yillardagi g‘oyat murakkab ijodiy kurashlar muhitida unda izchil realistik uslubning ustivorligini ta’minlashda Cho‘lponning adabiy-tanqidiy qarashlarining ahamiyatini kamsitish mumkin emas. Cho‘lpon munaqqid sifatida, birinchi navbatda, adabiyot va san’atning amaliy masalalari bilan shug‘ullangan, yanada aniqroq aytganda, ma’naviy uyg‘onish va madaniy rivojlanish asosida adabiy jarayon davomida qo‘ndalang bo‘lgan dolzarb muammolarga javob topishga intilgan, shu tarzda adabiyotni o‘z davrining ilg‘or g‘oyalari bilan boyitishga, Sharq va G’arbning bebaho tajribasini yangi o‘zbek adabiyotiga olib kirishga harakat qilgan.
Cho‘lpon adabiy-tanqidiy merosining ahamiyati faqat shu bilan cheklanmaydi. Yuqorida aytganimizdek, Cho‘lpon tanqidiy faoliyati bilan estetika sohasida yangi bir ta’limot yaratishni maqsad qilib qo‘ymagan bo‘lsa-da, uning maqolalarini ichki yaxlitlikdan mahrum, har xil yillarda har xil munosabatlar bilan yozilib, har xil narsalar to‘g‘risida bahs yurituvchi parokanda asarlar yig‘nog‘idan iborat deb qarash mumkin emas. Aksincha, har bir maqolaniyg yugurik misralari ortidan Cho‘lponning o‘zi qarab turganday bo‘ladi. Har bir maqolada Cho‘lpon shaxsiyatining aniq muhri borki, xuddi shu narsa ularni bir yaxlit holga keltirib turadi. Cho‘lponning adabiy-tanqidiy merosi bu ulug‘ adib shaxsiyatining turli qirralarini, madaniy saviyasini, e’tiqodi va dunyoqarashini o‘rganishda, ijtimoiy hayotning muhim jihatlariga uning munosabatini aniqlashda, ijodiy biografiyasining ba’zi nuqtalarini to‘laroq yoritishda ham g‘oyat ahamiyatlidir. Biz bu merosni muayyan tartibda o‘rganish natijasida Cho‘lponning g‘oyaviy-estetik evolyutsiyasi qanday kechgani haqida tasavvurga ega bo‘lamiz, hatto «ijtimoiy tuzum va iste’dod» degan muammoni qo‘yib, sovet voqeligi Cho‘lponning san’atkor sifatida o‘sishiga qanday salbiy ta’sir etganini, bir san’atkor taqdiri misolida totalitar tuzumning chinakam iste’dodga qanchalik dushman ekanini to‘laroq tasavvur etishimiz mumkin.
Cho‘lponning birinchi tanqidiy asari «Adabiyot nadur?» degan maqola bo‘lib, «Sadoi Turkiston» gazetasida 1914 yil 4 iyun kuni e’lon qilingan. Bu maqola, umuman, Cho‘lponning matbuot yuzini ko‘rgan ilk asarlaridan biridir. Cho‘lpon uni 16 yoshida yozgan. Maqola shaklan juda ixcham bo‘lsa-da, mazmunan g‘oyat teran. Undagi fikrlar va mulohazalar shu qadar pishiqki, 16 yashar o‘smirning shunchalik tiyraklik bilan qalam tebratganiga qoyil qolmay ilojingiz yo‘q. Faqat favqulodda iqtidorga ega odamgina 16 yoshida tafakkurning bunchalik yuqori pog‘onalariga ko‘tarilishi mumkin. Sarlavhaning o‘zidanoq ayon ko‘rinib turiptiki, maqola juda muhim masalaga bag‘ishlangan. Adabiyot adabiyot bo‘lgandan beri Sharqda ham, G’arbda ham ne-ne buyuk iste’dod sohiblari «Adabiyot, san’at nadur? Uning kimga keragi bor? San’atkor kim? U jamiyat oldida burchdormi? Burchdor bo‘lsa, bu burch nimalardan iborat? Burchdorlik bilan ijod erkinligi o‘zaro qanday chiqishadi?» kabi muammolarga ro‘para kelishgan. Ko‘rinib turiptiki, bular ijodning hayot-mamot masalalari, ijodkor ularni loaqal o‘zi uchun hal qilmay turib, e’tiqod qilib olsa arziydigan estetik nrintsiplarni aniqlamay turib samarali ijod qilolmaydi. Lekin shunga qaramay, hanuz adabiyot va san’atning yetakchi xossalarini qamrab oladigan, hamma davrlar uchun baravar ma’qul bo‘ladigan universal ta’rif, mukammal javob topilgani yo‘q. Buyuk san’atkorlarning javoblarida ham masalaning ayrim jihatlarigina, adabiyot va san’atning ayrim xislatlari, ayrim fazilatlarigina ifodalanadi.
Tabiiyki, Cho‘lpon ham adabiyot olamiga qadam qo‘yishi bilanoq shu muammoga ro‘para keldi va unga javob nzlashga majbur bo‘ldi. Shunisi diqqatga sazovorki, Cho‘lpon o‘z izlanishlarida yolg‘iz emas edi. Xuddi shu davrda boshqa o‘zbek ziyolilari ham «adabiyot nadur?» degan muammoga javob izlab ancha urinishgan. Masalan, qo‘qonlik mashhur ma’rifatparvar, «Ash’ori nisvon» degan majmuaning muallifi Ibrohim Davron 1909 yildayoq «Turkiston viloyati gazetasi»da «Shoir nadur?» degan maqola e’lon qiladi. Yoki adabiyotshunos olim Begali Qosimovning ta’kidlashicha, 1914 yilda Mirmuhsin Shermuhamedov bilan Saidahmad Vasliy o‘rtasida adabiyotning mohiyati, vazifalarn va jamiyat oldidagi burchi to‘g‘risida bahs-munozara bo‘lgan. Qolaversa, bunday izlanish faqat turkistonlik ziyolilar o‘rtasidagina sodir bo‘lgan emas. Xuddi shu yillarda qo‘shni Qozog‘istonda ham, Ozarbayjon yohud tatarlar yurtlarida ham adabiyotning, mohiyatini izlash, uning jamiyat hayotidagi, millat ravnaqidagi ahamiyatini aniqlash harakati ancha avj olgan edi. Natijada, «adabiyot nadur?» degan mangu savolga turli mintaqalarda bir-biriga yaqin javoblar paydo bo‘la boshlagan edi, Ozarbayjon adiblari Jalil Mamadqulizoda yohud Abdurahim Haqverdievlarning, tatar yozuvchilari Abdulla To‘qay, yohud Olimjon Ibrohimovlarning XX asr boshlarida chop etilgan adabiyot haqidagi maqolalari fikrimizning dalili bo‘la oladi. O’z izlanishlari oqibatida ular naqadar bir-biriga yaqin xulosalarga kelganini ko‘rsatish uchun bir konkret misolga murojaat qilaman: taniqli qozoq jurnalisti, ma’rifatparvar va demokrat M. Seralin o‘zi muharrirlik qylgan «Ayqap» jurnalining 1922 yildagi 1-sonida yozadi: «Til va adabiyot xalqning qalbi va ruhidir... adabiyotsiz xalq zabonsiz boladay gap. Bunday bola boshqalarga o‘zining dardu quvonchlarini gapirib berolmaydi. Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan eng kuchli vosita til va adabiyotdir. O’z adabiyotining haqiqiy qadr-qimmatini bilgan xalqlarning farzandlarigina o‘z tilini chinakam ardoqlay oladi. Qozoq xalqining o‘z tili va o‘z adabiyoti bor... bizning burchimiz unutilib yotgan ulkan xazinalarni yuzaga olib chiqish va hammaning mulkiga aylantirishdir»[1].
Endi Cho‘lponga murojaat qilaylik. «Yosh munaqqid «Adabiyot nadur?» maqolasida, birinchi navbatda, adabiyotning ijtimoiy mohiyati to‘g‘risida fikr yuritadi. Uning fikricha, adabiyot millatni taraqqiy ettirish vositasi, uning ma’naviyatiny ta’minlaydigan omil. Cho‘lpon bu xulosaning chinligiga shu qadar ishonganki, maqolada hech qanday e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan tarzda «adabiyot yashasa — millat yashar» deya tasdiqlaydi:
«Ha, to‘xtamasdan harakat qilib turg‘on vujudimizga, tanimizga suv, havo naqadar zarur bo‘lsa, maishat yo‘lida har xil qora kirlar bilan kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa — millat yashar. Adabiyoti o‘lmag‘an va adabiyotining taraqqiyotiga cholishmagan va adiblar yetishtirmagan millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolib sekin-sekin inqiroz bo‘lur».
Biri Turkistonda, biri Qozog‘istonda turib, bir-biridan bexabar holda ikki muallif deyarli bir xil tarzda adabiyotning mohiyati, jamiyat hayotidagi, millat ravnaqidagi ahamiyati to‘g‘risida fikr yuritmoqda. Bundagi mushtaraklik tasodif emas, albatta. Bu shu bilan izohlanadiki, XX asr boshlarida Turkistonda ham, Qozog‘istonda ham ulug‘ Uyg‘onish shabadalari esa boshlagan edi. Turkistonda shu kezlarda tarix maydoniga kirib kelgan, keyinchalik «jadidlar» deb nom olgan fikri ochiq, taraqqiyparvar ziyolilar bu uyg‘onishni ta’minlagan asosiy kuch bo‘ldi. Ular mustamlakachilik siyosati tufayli Turkiston zabun ahvolga tushib qolganini, xalq jaholat va nodonlik qo‘ynida, erksizlik bo‘yinturug‘i ostida ikkiyoqlama zulm iskanjalari ostida qattiq ezilib yotganini chuqur angladilar va bunday hayotni o‘zgartish, yangilash zarurligi haqidagi g‘oyalarni olg‘a surdilar. Ular xalqni ma’rifatli qilishni, saviyasini ko‘tarib, oq-qorani taniydigan qilishni yangilanishning birlamchi sharti deb bildilar va shu olijanob niyatni amalga oshirish uchun fidoyilik bilan ishga kirishdilar. Ular har xil ta’qib va ta’qiqlarga qaramay, moddiy qiyinchiliklarni yengib maktablar ochdilar, darsliklar yaratdilar, gazetalar chiqardilar, nashriyotlar ochib kitoblar chop etdilar, turli madaniy-ma’rifiy to‘garaklar ochdilar... Xullas, qisqa muddat ichida jadidlar millatning sadoqatli va fidokor farzandlari sifatida tanildi.
Cho‘lpon shu ulug‘ ma’rifatparvarlik harakatining qanotlarida ijod maydoniga kirib keldi. U mustaqil o‘qib o‘rganish oqibatida g‘oyat yuksak madaniy saviyaga ega edi. Sharq klassiklari, ayniqsa, turk va hind yozuvchilarining asarlari bilan, shuningdek, Ovro‘pa va rus adabiyoti bilan puxta tanish edi. Shuning uchun 15—16 yoshlaridayoq ma’rifatparvarlik g‘oyalarini qabul qilishga har jihatdan tayyor edi. Shuning uchun Cho‘lpon yoshligiga qaramay, Turkistonning taqdiri to‘g‘risida, millatning istiqboli haqida chuqur qayg‘urish bilan o‘ylay boshladi. U ham jadidlarga ergashib, xalqni jaholat va nodonlik, erksizlik va qashshoqlik botqog‘idan qutqarib olishning birdan-bir yo‘li ma’rifat degan e’tiqodga keldi. Millatni ravnaq toptirish uchun, birinchi navbatda, uni mustamlaka asoratidan xalos etish kerak, buning uchun esa xalq o‘zinn o‘zi tanigan bo‘lmog‘i, hammani birlashtiradigan, yakdil qiladigan milliy iftixor tuyg‘usiga ega bo‘lmog‘i kerak. Cho‘lpon xalqni shu darajaga yetkazishga yordam beradigan imkoniyatlar, chora-tadbirlar izlaydi va adabiyot ularning eng samaralisidir degan to‘xtamga keladi. Shuning uchun ham yosh munaqqid komil ishonch bilan hatto millatning yashashini adabiyotning yashashiga bog‘liq qilib qo‘ydi. Ehtimol, Cho‘lpon bu o‘rinda biroz ehtirosga berilgandir. Biroz mubolag‘aga yo‘l qo‘ygandir, lekin hech shubha yo‘qki, XX asr boshlaridagi Turkiston sharoitida «adabiyot yashasa — millat yashar» degan formula to‘g‘ri va samarali formula edi. Muhimi shundaki, adabiyotga bunday qarash, uni xalq hayotini yangilashning muhim vositasi deb hisoblash Cho‘lpon ijodida shunchaki yo‘l-yo‘lakay aytilgan bir fikr sifatida qolib ketgani yo‘q, balki uning keyingi ijodi davomida doimiy ravishda rahnamolik qiluvchi dasturilamal bo‘ldi. Cho‘lpon shu e’tiqoddan kelib chiqib, 20-yillarda yangi niqobga kirib olgan mustamlakachilikni fosh etdi, xalq uchun kishan yasovchi turli-tuman to‘ralar va afandilarni qoraladi, hurlikni, erkinlikni ulug‘lovchi otashin she’rlar yaratdi, keyinchalik esa xalq hayotining turli qatlamlarini haqqoniy aks ettiruvchi roman va dramalar yaratib, xalqning ma’naviy ulg‘ayishiga katta hissa qo‘shdi.
«Adabiyot nadur?» maqolasining kishini lol qoldiradigan yana bir juda muhim tomoni shundaki, 16 yoshlik munaqqid adabiyotning ijtimoiy vazifasini ta’kidlash bilan cheklanmaydi, balki uning spetsifikasiga, ya’ni obrazli tabiatiga alohida urg‘u beradi. Yosh munaqqid uchun adabiyot quruq g‘oyalar majmuasi emas, balki, birinchi navbatda, inson ruhiyati bilan bog‘liq bo‘lgan hodisadir. U odamlarning shuurigagina emas, his-tuyg‘ulariga ham ta’sir etishi, ularni quvontirib, yohud mahzun ahvolga solib, shu orqali ijtimoiy burchini o‘tashi zarur. Cho‘lpon bu fikrlarni o‘ziga xos obrazlarda bunday ifodalagan:
«Adabiyot chin ma’nosi ila o‘lgan, so‘ngan qaralgan, o‘chgan, majruh yarador ko‘ngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydurgan, o‘tkir yurak qirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi, xiralashgan oynalarimizni yorug‘ va ravshan qiladurgan, chang va tuproqlar to‘lgan ko‘zlarimizni artub tozalaydurg‘on buloq suvi bo‘lganlikdan bizga g‘oyat kerakdur».
Qadim-qadimlardan beri ma’lumki, badiiy asar chinakam san’at darajasiga ko‘tarilmog‘i uchun unda g‘oyaviylik bilan badiiylik chambarchas birikib ketgan bo‘lmog‘i kerak. Badiiyatsiz g‘oyaviylik adabiyotni muqarrar o‘limga mahkum etadigan rak kasaliga o‘xshaydi. Adabiyot faqat badiiyati orqaligina, ya’ni teran hayotiy mazmunni, muhim hayot haqiqatini odamlarni hayajonlantiradigan, to‘lqinlantiradigan badiiy shakllarda ifodalaganidagina jamiyat ehtiyojini qondira oladigan qudrat kasb etadi. Buni yaxshi anglagan Cho‘lpon badiiyatning mohiyatini o‘ziga xos tarzda shunday uqdiradi:
«...ba’zi vaqtda falak bir odamni qayg‘uga solar, ul o‘zi tushunib, o‘ylab turib, oh tortib yig‘lar. Bu hasratlarni o‘z ichiga sig‘dirolmas. Birovga aytsa, «voy, bechora» dermukin deb, albatta, o‘z qayg‘usini birovga aytmakka tilar. Tub to‘g‘ri aytganda ul qadar ta’sir qilmas. Adabiyot ila aytganda, albatta ta’sir qilar. Mening bir oshnamning o‘ldigi xabari kelar. Men hech xafalanmayman. Bir vaqtda maktub kelar, maktubda alarning ko‘rgan kunlari adabiyot ila bunday yozilur:
Gullar bila pok qayg‘uli mahzun boqurdi,Ko‘z yoshlarimiz to‘xtamay tun-kun oqurdi.Mana shuni o‘qib albatta, bir ta’sir ila alarning qayg‘usiga qo‘shilurmiz».
Cho‘lpon adabiyotning yangi g‘oyaviy mazmuni uchungina emas, ayni choqda uning yuksak badiiyati uchun ham kurashganida, albatta, o‘sha davrdagi adabiy jarayonning xususiyatlariga tayangan. Ma’lumki, jadidlar XX asr boshlarida ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan yangi mazmundagi adabiyot yaratdilar, ammo turli sabablarga ko‘ra bu adabiyot hamma vaqt ham yuksak badiiyat bilan omuxta bo‘lavermas edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Cho‘lpon adabiyotni yean’atga yaqinlashtirish imkonlarini izladi va bunga erishishning eng cho‘g‘ri yo‘li haqqoniylikda degan xulosaga keldi. Haqqoniylikning ildizlari esa xalqchillikda. Adib yoxud shoir xalq hayotyning ichida bo‘lmog‘i kerak va bu hayotning hamma zamzamalarini aks ettirishga intilishi kerak. Ehtimol, yosh Cho‘lpon bunday qarashlarga stixiyali tarzda kelgandir, lekin nima bo‘lganda ham, u «qalam ahllari»ni xalq hayotiga yaqinroq «aralashib» yurishga undaydi. «Adabiyot nadur?»dan keyin yozilgan va «Sadoi Turkiston» gazetasining 1915 yil 6 fevral sonida chop etilgan «Muhtaram yozg‘uvchilarimizga» degan murojaatnomada Cho‘lpon shunday xitob qiladi:
«Muhtaram qalam ahllari milliy maishatni yomon deb bezmay, zohirda bo‘lsa ham to‘ylarda, gapxonalarda, bachchabozlar majlisida, bazmlarda va shunga o‘xshash millatning eng tanqid qiladurgan o‘rinlarida birga aralashib yurmaklari kerakdurki, toki komil o‘sha odatlarni kitob sahifalarida chiroyliroq qilib, yozgunday bo‘lsunlar. Milliy maishatdan bezgan bilan bezilib, ko‘milib ketaberadilar. Onda aralashib yurulsa, ondagi so‘zlarni, odatlarni o‘rganmoqqa bo‘ladurki, kitob betlariga ko‘churib yozmoqqa materiallarning eng asllari xalq orasidan olinur».
Cho‘lpon inqilobdan keyin ham o‘zining estetik printsiplarini shakllantirib bordi. U ko‘pgina maqolalarida konkret ijodkorlar misolida yoki muayyan asarlar tahlili orqali realizmning turli-tuman masalalarini o‘rtaga qo‘ydi. Jumladan, uning maqolalarida talant va ijodiy mehnat, hayotiylik va haqqoniylik, samimiyat va sun’iylik, matn ustida ishlash, badiiy tasvirning chinligi va rangdorligi, tabiat manzaralari va psixologizm kabi masalalar qalamga olingan va ular to‘g‘risida bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan qimmatli fikrlar aytilgan. Masalan, Cho‘lpon maqolalaridan birida adabiyotning «tugallanishi», ya’ni takomillashishiga katta e’tibor berib, bunga «adabiyotga kira olmagan narsalarni shafqatsiz sur’atda maydondan haydash» bilan va badiiy asar tilini soddalashtirish orqali erishilar deb hisoblaydi. Cho‘lpon «Chig‘atoy gurungi»ga mansub odamlar xuddi shu yo‘lda faoliyat ko‘rsatganini aytadi. Ma’lumki, bizning «sovet» adabiyotshunosligimizda bu tashkilot hamisha panturkistik tashkilot sifatida, aksilinqilobiy g‘oyalarni oldinga surgan guruh sifatida qoralanib kelindi.
Buning natijasida biz bugun «Chig‘atoy gurungi» haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. Bugunga kelib bilganimiz shu bo‘ldiki, «Chig‘atoy gurungi» haqida aytilgan gaplarning bari bo‘hton ekan. Shuning uchun Cho‘lpon maqolasidan olingan quyidagi parcha shoirning chin adabiyot uchun kurashini ko‘rsatish bilan birga, o‘sha to‘garak haqida qisman bo‘lsa-da, ma’lumot beradi: «...u jamiyatga mansub kishilar tilni soddalashtirmak maqsadini asos qilib ushlaganlari holda o‘zbek adabiyotining tugallanishiga ham katta ahamiyat berdilar. Tugallanadurg‘on adabiyot chin adabiyot bo‘lmog‘i kerak. Shuning uchun ular adabiy asarlarga haqiqiy qiymatini berib, adabiyotga kiraolmag‘an narsalarni shafqatsiz suvratda maydondan hayday boshladilar... «Chig‘atoy gurungi» asosini mahkam qurg‘onlig‘i va chinakam to‘g‘ri chizg‘onlig‘i uchun o‘zi yo‘q ketsa ham, o‘zbekning yangi adabiyotida yangi, porloq, sharafli sahifalar ochdi va ochmoqda davom etadir».
1918 yilda Cho‘lponning o‘zi ham «Chig‘atoy gurungi», to‘garagining faol a’zosi bo‘lganini aytsak, «chin adabiyot» uchun kurashda uning xizmatlari ayon bo‘ladi.
Albatta, bizning maqolamizda Cho‘lponning hamma adabiy-tanqidiy maqolalarini tilga olib, ularda ko‘tarilgan masalalarni batafsil sharhlab chiqish imkoni yo‘q, Biroq yangi o‘zbek adabiyoti uchun uning izchil kurashi haqida gap borar ekan, bir maqolani sira ham chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Bu «Ulug‘ hindi» degan maqola bo‘lib, unda olg‘a surilgan fikrlar g‘oyat printsipial qimmatga ega.
«Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 1925 yil 7—8 qo‘shma sonida chop etilgan bu maqola bir qarashda juz’iy masalaga — buyuk hind shoiri va mutafakkiri Rabindranat Tagor siymosini targ‘ib qilishga bag‘ishlanganday ko‘rinadi. Biroq aslida esa Cho‘lpon Tagor bahonasida o‘zbek adabiyotining rivoji qay yo‘ldan borishi kerakligi haqidagi mulohazalarini bayon qiladi. Maqolada Tagor asarlari ideal darajasiga ko‘tarilgan chinakam san’at namunalari sifatida talqin qilingan. Xo‘sh, Cho‘lpon Tagor ijodini qay jihatdan ideal ijod deb biladi? Shunisi muhimki, Cho‘lpon bu to‘g‘rida fikr bildirar ekan, faqat o‘zbek adabiyoti yohud o‘zbek yozuvchilarinigina nazarda tutmaydi, balki, umuman, yangi adabiyotning XX asr boshlarida adabiyotga kirib kelgan Sharq yoshlarini nazarda tutadi. Cho‘lponning nazarida bu yoshlar «yo‘lsizlik» kasaliga chalingan. Qolaversa, Cho‘lponning o‘zi ham «yo‘lsizlik» dardidan ko‘p aziyat chekadi. Nima uchun? «Yo‘lsizlik» deganini qanday tushunmoq kerak? Cho‘lpon yozadi: «Eski adabiyot bilan yangi adabiyotning o‘rtasida qolg‘on sharqlik yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin: yangisi yana shirin: g‘arbniki tag‘in yana shirin. Qaysi bittasiga ko‘proq berilsin? Afsuski, Cho‘lpon bu o‘rinda eski va yangi adabiyotning «shirinligi» nimalarda ifodalanishini aytmaydi, faqat maqola davomida yoshlarning yo‘lsizligi, «boshlab o‘zi yo‘lsiz» ekanini aytib, uning mohiyati nimadaligiga ishora qiladi:
«O’zimning yo‘lsizligimdan biroz so‘zlab o‘tayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiyman: bir xil, bir xil, bir xil... Ko‘ngil boshqa narsa qidiradir. Botu, G’ayratiy, Oltoy, Oybek, Julqunboylarni o‘qiyman: quvontiradir, xolos! Ular mening uchun yongon chiroqlar bo‘lsa ham, mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hakimzodalarni o‘qimayman, o‘qimayman. Meni shu holg‘a solg‘an o‘shalar!...»
Bu parchada Cho‘lpon o‘zbek namoyandalarining nomlarini tilga olyapti, ularning ijodida bir xillik borligidan, ba’zilarida esa bundan ham jiddiyroq nuqsonlar borligidan zorlanyapti. Shu parchaga qarab turib Cho‘lponning o‘zbek klassiklariga salbiy munosabati yoxud mensimay qaragani haqida gapirish mumkinmi? Afsuski, men Cho‘lpon haqidagi risolamda shunga yaqinroq gapni aytganman va klassiklarimizni o‘zimcha Cho‘lpondan himoya qilmoqchi, Cho‘lponning o‘zini ham o‘z maqolasidan himoya qilmoqchi bo‘lganman. Mana o‘sha parcha:
«O’ylamanki bugun Cho‘lponning bu xulosasi bilan unchalik kelishib bo‘lmaydi — klassiklarimizning har qaysisi o‘ziga xos qiyofaga, bir-birinikidan farq qiluvchi uslubga ega ekan, olamni idrok etishlari va olam haqidagi qarashlari bilan ham, estetik printsiplari jihatidan ham bir-birlarini takrorlamasliklari isbot qilinadi. Lekin Cho‘lpon ularni «bir xil, bir xil, bir xil!» deb baholayotgan ekan, bunda Sharq she’riyatining o‘ziga xos ba’zi sifatlarini nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin».
Gap shundaki, Cho‘lpon bu maqolada faqat o‘zbek adabiyoti haqidagina mulohaza yuritayotgani yo‘q, balki u Sharq adabiyotidan ham, G’arb adabiyotidan ham ko‘ngli uncha to‘lmasligini aytyapti, bu adabiyotlar yo «ortiqcha sharqliligi» yoxud «ortiqcha g‘arbliligi» bilan taassuf tug‘dirinpshi izhor qilyapti. «To‘qaydan tortib Qavi Najmiygacha — tatar adabiyotini, Hodidan tortib H. Javodgacha — ozarbayjon adabiyotini (Husayn Jovidni ajratib olib qoldim!) Nomiq Kamoldan Ali Sayfiga dovur usmonli adabiyotini o‘qiyman: yo ortiqcha yangilik, g‘arblilik yo ortiqcha sharqlilik, faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning ba’zi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan so‘fiylarcha she’rlarini o‘qiyman, shularga durustgina qonaman. Undan keyin Yahyo Kamolning «Saydobod» ruhida ba’zi narsalari. Faqat ular shu qadar ozki...»
Savol tug‘iladi: nima uchun Cho‘lpon bir varakayiga ham o‘zbek, ham tatar, ham ozarbayjon, ham turk adabiyotlarining namunalaridan qoniqmaslik tuyg‘ularini izhor etyapti? Menimcha, buning birdan-bir sababi shundaki, Cho‘lpon Uyg‘onish davrining odami bo‘lgani uchun adabiyotning ham yangicha bo‘lishini xohlagan, Yangi adabiyot Uyg‘onish davrining mohiyatiga mos keladigan, xalq hayotiga yaqinroq turadigan adabiyot bo‘lmog‘i kerak. Ortiqcha «sharqlilikka» yoki ortiqcha «g‘arblilikka» berilgan adabiyot esa bu talablarga javob berolmaydi. Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Adabiyotni, «shirinlikdan», «bir xillikdan» qutultirishning yo‘li qanaqa bo‘ladi? Cho‘lpon bu savollarning javobini Tagor ijodidan izlaydi. Munaqqid Tagor asarlarini o‘qib, «ulardan qonganini» ma’lum qilar ekan, buning asosiy boisi deb Tagorning «Sharq va G’arb o‘rtasidagi oltin ko‘prik» ekanini aytadi. Darhaqiqat, Tagor ijodi to‘laligicha Hindiston zaminida o‘sib-ulg‘aygan bo‘lsa-da, betakror milliy ranglarga ega bo‘lsa-da, bu ijod milliy mahdudlikdan uzoq. U o‘z ijodida ham milliy, ham Sharq, ham G’arb an’analarini birlashtirdi. Uning she’riyatida va romanlarida Sharqqa xos shartlilik, ko‘tarinkilik, donishmandlik ham, G’arbga xos psixologizm, xarakterlar mantig‘iga amal qilish, dalillash ham bor. Buning oqibatida u hind xalqining hayotini shunday tasvirladiki, bu tasvir butun jahon kitobxoniga — uning millati va yashash joyidan kat’iy nazar — baravar ta’sir qiladigan kuchga ega bo‘ldi. Yuksak badiiyat bilan tahlil qilingan umumbashariy muammolar Tagor asarlariga alohida teranlik va o‘ziga xos falsafiylik baxsh etdiki, xuddi shu sifatlar ularni Cho‘lpon uchun bag‘oyat jozibador qildi.
«Ulug‘ hindi» maqolasida Cho‘lpon Tagordan olingan saboq sifatida yana bir masalani qo‘yadi. Shu munosabat bilan yuqorida maqoladan keltirilgan matn parchasidagi bir nuqtaga diqqatni jalb qilmoqchiman. Cho‘lpon boshqalarga qaraganda Avloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hamza Hakimzoda sha’niga keskinroq ohangda gapiradi, «meni shu holga solgan», «ya’ni «yo‘lsizlikka» «mubtalo qilganlar «o‘shalar» deb, bir marta emas, ikki marta ularni «o‘qimayman, o‘qimayman» deb ta’kidlaydi.
Afsuski, bizning o‘zbek «sovet» adabi’atshunosligida Cho‘lponning bu mulohazasi ham ilmiy asosda xolisona tahlil qilinish o‘rniga unga siyosiy ayblar taqish uchun yana bir bahona bo‘ldi. Hatto «jiddiy adabiyotshunoslardan biri» sifatida tanilgan Izzat Sulton ham shu «dalil» asosida Cho‘lponni ayblashdan tiyina olmaydi. «Bu yerda sovet voqeligini so‘zsiz va izchil qabul qilgan shoirlarga salbiy baho berganligi (aftidan, Hamza va Avloniy nazarda tutilyapti, shekilli. Unda Tavallo bilan Siddiqiy nima bo‘ladi? — O.Sh.) Cho‘lpon «yo‘lsizligi» ning ma’nosini ochib beradi: u hali shoir sifatida yangi voqelikni tushunishga va madh etishga (!— O. Sh.) tayyor emas».
Cho‘lponning adabiyotdagi «yo‘lsizlikdan» qutulish yo‘llarini izlagani to‘satdan kattakon siyosiy aybga aylanib qolgan. Holbuki, Cho‘lponning maqolasida na sovet voqeligi, na inqilob haqida gap ketayotipti, ayrim shoirlar haqida keskinroq ruhda gapirilayotgan ekan, buni Cho‘lpon ularning inqilobni «so‘zsiz» qabul qilganlari uchun emas, boshqa sabablar tufayli qilyapti. Ma’lumki, jadidlar adabiyotdan jamiyatni yangilash jarayonida muhim qurol sifatida foydalanishgan. Ammo ayrim jadid yozuvchilarining ijodida g‘oyalar targ‘ibotiga ko‘proq e’tibor berilib, badiiyat masalalari keyingi o‘rinlarga tushib qolgan edi. Natijada san’atning eng muhim shartlaridan biri bo‘lmish mazmun bilan shakl birligiga putur yeta boshlagan, g‘oyaviylik badiiyat hisobiga ustivor o‘rin egallay boshlagan edi. Bu nuqson na faqat Hamza, Siddiqiy yoxud Avloniy asarlarida, hatto jadidchilik harakatining eng yirik siymosi Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodida ham ko‘zga tashlanadi. Aftidan, Cho‘lpon bu hodisani juda chuqur his qilgan, uning xavfini juda aniq anglagan va maqolalarida bunga qarshi ogohlantirgan. Uning ayrim asarlarni «o‘qimayman» deb zorlanishining asosiy sababi ham shunda — bu asarlarda g‘oyaga urg‘u berilgan-u, badiiyat oqsab qolgan.
Shunday qilib, Cho‘lponning 20-yillardagi bir qancha maqolalarida tilga olingan va «Ulug‘ hindi» maqolasida ancha to‘liq ifodalangan masala — yangi o‘zbek adabiyotini yaratish masalasi edi. Cho‘lponning nazarida bu vazifani muvaffaqiyatli hal qilish uchun Tagordek buyuk san’atkorlar tajribasidan kelib chiqib, Sharq va G’arb san’atlarini sintez qilmoq va mazmun bilan shaklning uyg‘unligiga erishmoq kerak, zinhor-bazinhor san’atni quruq g‘oyalar majmuasiga aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
Afsuski, 20-yillarda ham, undan keyingi davrlarda ham Cho‘lponning bu xitobi hech kimning qulog‘iga yetib borgani yo‘q. Chunki sovet hokimiyati yillarida amalga oshirilgan adabiy siyosat — chinakam san’at namunalarini yaratishdan ko‘ra yozuvchilarni hukmron mafkuraning sodiq soldatlariga aylantirishga qaratilgan edi. Yozuvchi o‘z «yog‘iga o‘zi qovrylib, ming xil ijod iztiroblarini kechirib, matn ustida jon kuydirib ishlab o‘tirishi shart bo‘lmay qolgandi — u «dolzarb» mavzuni tanlasa, ilg‘or ishchi yo sadoqatli kommunistni qahramon qilib olsa, xalqlar do‘stligini ulug‘lab, ulug‘ og‘amizga madhiyalar o‘qisa, «hayotimiz farovon, kelajagimiz porloq, partiyaga ming rahmat!» degan gaplarni aytsa kifoya edi. Bunday asar, badiiy saviyasidan qat’iy nazar, haqiqiy adabiyot deb baholanar, ortiqcha to‘siqlarsiz chop etilar, boshqa tillarga tarjima qilinar, har xil mukofotlar-u unvonlar bilan rag‘batlantirilar edi. Bu siyosat muqarrar ravishda adabiyotda «sxematizm» degan dahshatli illatni tug‘dirdi, haqiqiy iste’dod egalarini qadrsizlantirdi, o‘rtamiyonachilikka keng yo‘l ochdi, san’at bobida talantsiz, lekin ig‘volarga, fisqu fasodlarga, xushomad va laganbardorlikka, zamonaga moslashishga ustasi faranglar, nafsi uchun vijdonini sotishga tayyor odamlar suv betida ko‘pikdek qalqib yurishiga imkon, yaratdi. Afsuski, bu g‘ayritabiiy, teskari hodisaning oqavalari hozirgi kunga qadar ham sirqib yotipti. Cho‘lponning zorlanishlariga va ogohlantirishlariga e’tibor berib, o‘sha mahaldayoq bu hodisaning oldi olinganda, ehtimol, ahvol boshqacha bo‘lishi mumkin edi, o‘zbek, yozuvchilarining asarlari ham hozirgidan ko‘proq darajada jahon miqyosida tay olingan va tanilgan bo‘larmidi? Nima bo‘lganda ham, bizni g‘oyat quvontiradigan joyi shundaki, shoir va dramaturg, nosir va publitsist Cho‘lpon tanqidchilik bilan ham jiddiy shug‘ullanib, bugun ham qimmatini yo‘qotmagan asarlar meros qoldirgan. Uning maqolalari bu ulug‘ insonning chinakam xalq farzandi bo‘lganini, millat ravnaqi yo‘lida astoydil qayg‘urib cholishganini, o‘zbek adabyyotining tom ma’nodagi yuksak adabiyot bo‘lishi uchun qimmatli fikrlar bayon qilganini ko‘rsatadi. Cho‘lpon bu fikrlarni bayon qilish bilan, yangi adabiyot yaratish yo‘lidagi mulohazalarini o‘rtaga tashlash bilan cheklangani yo‘q, balki o‘zining amaliy ijodida bu e’tiqodlarga amal qilib, o‘zi ham «G’arb va Sharq o‘rtasida oltii ko‘prik» bo‘ladigan asarlar yaratdi.
* * *
Yuqorida aytganimizdek, Cho‘lpon sovet hokimiyati yillarida faollik bilan adabiy-tanqidiy asarlar yaratishda davom etdi. Uning maqolalarining aksariyati 20-yillarda chop ztilgan. Albatta, bu maqolalarning hammasi ham vaqt sinoviga dosh berolgan emas. Ularning bir qismi bugun ahamiyatini yo‘qotgan. Lekin bu bizga Cho‘lponga mensimay qarashga, uning tanqidiy merosini nazar-pisand qilmaslikka zarracha ham asos bermaydi. Afsuski, bugun ba’zi bir o‘rtoqlar Cho‘lponga yondashishda yana o‘sha eski davrdagi xatolarga, bir tomonlamalikka yo‘l qo‘ymoqdalar. Avvallari Cho‘lpon faqat qoralanib kelgan bo‘lsa, endilikda uni salkam farishta sifatida ko‘rsatishga intilmoqdalar. Bu yo‘l mutlaqo xato va o‘ta zararlidir. Cho‘lpon buyuk shoir, lekin u na avliyo, na farishta, u jonli odam bo‘lgan va favqulodda iste’dodiga qaramay, jonli odamga xos zaifliklardan ham xoli bo‘lgan emas. Shuning uchun uning ayrim maqolalari juda teran bo‘lsa, ayrimlari mundoqroq bo‘lishya mumkin, ba’zi maqolalarda adabiy hodisalar mukammal va xolis baholangan bo‘lsa, ayrimlarida sub’ektivlikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Lekin ularning hammasi bemustasno — qandayligidan qat’iy nazar — biz uchun juda qimmatlidir. Biz merosimizga, tarixiy shaxslarimizga, ulug‘ ajdodlarimizga xolis munosabatda bo‘lmoqnn, ya’ni ularga behuda qora chaplamaslik bilan birga ilohiylashtirmaslikni ham odat qilib olmog‘imiz lozim. Cho‘lponning tanqidiy merosidagi «mundoqroq» maqolalar bugun biz uchun loaqal shunisi bilan ardoqliki, ularning har birida Cho‘lpon siymosining biror qirrasi jilolangan. Bu maqolalardan biz Cho‘lpon xarakterini ham, uning badiiy didini ham, ijodiy biografiyasining ayrim tomonlarini ham va hatto g‘oyaviy qarashlarini ham aniqlab olishda foydalanishimiz mumkin. Shuningdek, bu maqolalar Cho‘lponning sho‘rolar hukumatining amaldagi adabiy siyosatiga qanday munosabatda bo‘lganini to‘laroq tasavvur qilishimizda ham g‘oyat qimmatli manba bo‘ladi.
Fikrimizni dalillash uchun misollarga murojaat qilaylik:
1927 yilda «Yer yuzi» jurnalining 6-sonida Cho‘lponning «Yana uylanaman» degan maqolasi bosilgan. Sira kutilmaganda, bu maqola Cho‘lponning ijodiy biografiyasidagi bir qorong‘i nuqtani yoritishga yordam berdi. Tadqiqotchilar ba’zi manbalardagi ma’lumotlarga tayanib, Cho‘lponning shu nomda pesasi bo‘lganidan xabar topishgan edilar-u, ammo asarning matni bo‘lmagani uchun pesa haqida hech qanday tasavvurga ega emas edilar. Men Cho‘lpon haqidagi risolamda «bu pesa haqida hech qanday ma’lumot yo‘q» deb yozishga majbur bo‘lgandim. Cho‘lpon haqida ancha samarali tadqiqotlar olib borayotgan Naim Karimov ham «Cho‘lpon» degan kitobchasida bu pesa haqida umumiy gaplar aytish bilan cheklanadi. Aftidan, Naim Karimov ham menga o‘xshab kitobni yozish jarayonida hali Cho‘lponning maqolasi bilan tanishib ulgurmagan ko‘rinadi. Maqolada pesa to‘g‘risida ancha mufassal ma’lumot bor ekan:
«Yusufjon akamning har qaerda necha yillardan beri aytib kelgan bir hikoyasi bor. Unda bir imom-domlaning namoz vaqtida g‘alati hiyla qilib mahalladan ikki yillik haqini undirib olgani aytiladi. Yusufjon akaning so‘zlashida bir necha og‘izdan oshmag‘an bu hikoya mazmun va mavzu jihatidan qiziq va boydir. Rejani yaxshi chizib, uni bir adabiy hikoyaga aylantirganda go‘zal narsa chiqar edi. Men shunday qilarman, deb o‘ylab yurardim.
... Sverdlin bir mustaqil asar qo‘ymoqchi bo‘ldi va studiyaning ko‘rsatishi bo‘yicha menga yo‘liqdi. Men unga Yusufjon akam hikoyasining qisqagina mazmunini aytib berdim. Ma’qul bo‘ldi va boshi-ketiga ko‘rinishlar qo‘shib, tezlik bilan yozib berishni buyurdi. Ana shu bilan «Yana uylanaman» degan 3 parda 7 ko‘rinishli asar maydonga keldi».
Bu asar Moskvadagi o‘zbek dramteatr studiyasida o‘qiyotgan artistlar tomonidan sahnalashtirilgan va 1926 yilda jamoatchilikka namoyish qilingan ekan. Yana shunisi e’tiborga loyiqki, bu spektakl haqida «Pravda» gazetasining 1926 yildagi 92-sonida shu gazetaning teatrshunos muharriri Fevralskiyning taqrizi ham bosilgan. Cho‘lpon maqolasida bu taqrizdan parcha keltiradi. Maqola oxirida esa «bu asarning mirzosi» sifatida «Yusuf akaga, Sverdlinga, cholg‘i rahbari Mironovga» minnatdorchilik bildiradi. Ko‘rinadiki, bir qarashda jo‘nginaday tuyulgan maqola Cho‘lponning dramaturglik faoliyati haqidagi tasavvurimizni to‘latish bilan birga, «Yana - uylanaman»ning ijodiy tarixi, Cho‘lponning rus san’atkorlari bilan hamkorligi to‘g‘risida ham qimmatli ma’lumotlar beradi.
Cho‘lpon maqolalari bilan tanishganimizda ularning muallifi ko‘z o‘ngimizda qiziqish doirasi nihoyatda keng, saviyasi yuksak, g‘oyat ko‘p o‘qiydigan va ko‘p narsa biladigan juda ma’rifatli, favqulodda madaniyatli odam sifatida gavdalanadi. Albatta, Cho‘lpon haqida yozgan tadqiqotchilarning hammasi uning fors, arab, turk, ozar, tatar, hind adabiyotlari bilan bir qatorda Ovro‘pa va rus adabiyotini mukammal bilganini ta’kidlashadi. Shulardan xabardor odam Cho‘lponning kitobxonligi yoxud saviyasinyng yuksakligi haqidagi uncha-muncha gapga hayron qolmasligi kerak. Shundoq bo‘lsa-da, ayrim maqolalarida Cho‘lponning madaniy, ma’rifiy qiyofasi shunaqa qirralari bilan namoyon bo‘ladiki, bunga lol qolmasdan iloj yo‘q. Yuqorida Cho‘lponning «Ulug‘ hindi» degan maqolasini tilga oldik. O’sha yili ya’ni 1925 yilda «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 11—32-sonida Tagor haqida uning yana bir maqolasi bosilgan. Tabiiyki bu maqolalarni yozish uchun muallif Tagor ijodi bilan tanishib, uning to‘g‘risidagi maqolalar yohud kitoblardan ham xabardor bo‘lmog‘i kerak. Cho‘lpon bu talabga amal qilgan, albatta, lekin bu bilan cheklanmay, tom ma’noda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan, maqolalarni bir-biriga taqqoslagan, hatto biror muallifning maqolasi bir necha joyda bosilgan bo‘lsa, ularning matnlari o‘rtasidagi farqni hijjalab aniqlab chiqqan. Quyidagi parchani o‘qisangiz, bunga o‘zingiz amin bo‘lasiz:
«1925 yilda Moskvada boeilgan qimmatbaho va juda yaxshi bir kitob bor, ismi «Hindiston istiqloli uchun kurash yo‘lida». U kitob maqolalar majmuasidan iborat bir narsa bo‘lib, Polovich, Gorko-Krashin va Valtman kabi sharqiyot olimlari aralashqonlar. Ushanda Valtmanning «Tagor va Hindiston» degan 23 sahifalik katta bir maqolasi bor. Xuddi o‘sha maqolaning o‘zi bosh-oyog‘i biroz qirqilgan holda mundan bir yarim ikki oylar oldin «30 kun» («30 dney») degan oylik bir majmuada ham o‘rtog‘imiz Valtmanning imzosi bilan «Hind tasvirlari» («Indiyskie silueti) sarlavhasi ostida bosilib chiqdi. Agar yanglishmasam, o‘sha mazmun va o‘sha mafhum bundan bir yilcha burun «Yangi sharq» («Nov?y Vostok») majmuasida ham yaia o‘sha imzo bilan o‘tib edi».
Ko‘ryapsizmi, birgina kitob bilan cheklanish mumkin bo‘lgan holda Cho‘lpon bunday qilmaydi, balki har maqolaning qaerda necha marta e’lon qilinganigacha aytyapti. Buni aytish uchun bilish kerak, matbuotni muntazam kuzatib borish kerak. Bunga esa ham vaqt kerak, ham qunt kerak, ham kitobxon oldida chuqur mas’uliyat hissiga ega bo‘lmoq darkor. Qani endi Cho‘lpondagi shu puxtalik, kuzatish va mulohazalarni obdon pishitilgan poydevorga qurish xususiyati bugungi tanqidchilarimiz uchun bir o‘rnak bo‘lsa!
Cho‘lponning puxtaligi va bilimdonligi yana boshqa ko‘pgina maqolalarda mana man deb ko‘rinib turadi. «Malikai Turandot» maqolasini olaylik. Cho‘lpon italyan dramaturgi Karlo Gotstsining bu mashhur asari italyan xalq komediyasi an’analari asosiga qurilganini ta’kidlaydi-da, keyin shu an’analar nimalarda ko‘rinishi to‘g‘risida atroflicha mulohaza yuritadi. Shu asnoda Cho‘lpon Italiyada oddiy xalq o‘rtasida Pantalone, Trufaldino, Birigalla kabi qiziqchilar bo‘lganini, ular yaratgan an’analar g‘oyat samarali ekanini ma’lum qilib, bu qiziqchilar obrazlari yangi sifatlar bilan boyitilgan holda Gotstsi asariga ko‘chgani haqida mulohaza yuritadi. Cho‘lpon bu bilan qanoatlanmaydi. Maqolada, «Malikai Turandot»ni zo‘r mahorat bilan sahnalashtirgan, olamdan bevaqt ko‘z yumgan Vaxtangovning ijodi to‘g‘risida, uning rejisserlik talqinlari xususida, umuman, bu atoqli san’atkorning rejissura sohasiga qo‘shgan hissasi haqida batafsil fikr yuritilgan. Bu maqola qatorida Cho‘lponning Meerxold haqidagi maqolasini ham eslasak, uning 20-yillarda jahon teatr san’atida sodir bo‘layotgan jarayonlardan yaxshi xabardor ekani, undagi turli-tuman yo‘nalishlar, xilma-xil uslubiy printsiplar to‘g‘risida tugal tasavvurga ega bo‘lgani ayon bo‘ladi.
Shuning uchun ham Cho‘lponning ko‘pgina maqola va taqrizlarida o‘sha davr adabiyoti haqida bildirgan mulohazalari, ayrim asarlarga bergan baholari, tahlil va talqinlari alohida salmoq kasb etadi.
Cho‘lponning adabiy-tanqidiy merosi bugun yana bir jihatdan katta ahamiyatga ega. Ma’lumki, sovet hokimiyati yillarida 1927 yildan boshlab roppa-rosa 50 yil mobaynida hukmron mafkura muhiblari Cho‘lponni ashaddiy millatchilikda ayblab keldilar. Go‘yo uning butun ijodi millatchilik og‘usi bilan zaharlangan, go‘yo u hamisha rus xalqiga, uning madaniyati va adabyyotiga qarshi chiqqan, xalqlarning o‘zaro hamkorligini, do‘stona aloqalarda bo‘lishini ko‘rolmagan, go‘yoki u o‘zbek xalqini boshqa xalqlardan ajralgan holda o‘z qobig‘iga o‘ralib olib yashashga undagan va hokazo, va hokazo... Cho‘lpon ijodi bilan tanishganda, xususan, uning maqolalarini o‘qiganda budarning bari behayo tuhmatdan, ashaddiy bo‘htondan boshqa narsa emasligiga ishonch hosil qilamiz. Aksincha, Cho‘lponning butun ijodi kabi adabiy-tanqidiy maqolalari ham shundan dalolat beradiki, shoir hamma xalqlarni birday hurmat qiladigan, ularning madaniy boyliklarini qadrlaydigan, an’analarini e’zozlaydigan chinakam baynalmilalchi inson bo‘lgan. U maqolalarida turli xalqlarning adabiyotdagi yutuqlarini, san’atdagi muvaffaqiyatlarini quvonib, yayrab targ‘ib qilgan. Cho‘lpon turk va hindilar, ozarlar va tatarlar, forslar va tojiklar haqida qanday ehtiros bilan qalam tebratsa, ruslar haqida ham, italyan, frantsuz, ingliz, xitoy adabiyotining namoyandalari va namunalari to‘g‘risida ham shunday to‘lqinlanib, hayajonlanib, to‘lib-toshib yozgan. U faqat Pushkin yoxud Tolstoy kabi klassiklar, yoki Meerxold va Vaxtangov kabi ulug‘ rejisserlar to‘g‘risidagina emas, Gorkiy, Leonid Andreev, Lidiya Sayfulina kabi adiblar haqida ham maroq bilan qalam tebratgan. Shunday ekan, turli xalqlarga, ularning madaniyatiga, o‘zining hurmat-ehtiromini namoyon etayotgan odamni millatchi deb bo‘ladimi? Yo‘q, albatta.
Eng muhimi shundaki, Cho‘lpon o‘zbek adabiyotining istiqboli haqida qayg‘urar ekan, uni dunyoning ilg‘or adabiyotlari qatoriga ko‘tarish yo‘llarini o‘ylar ekan, bu yo‘lni faqat bir narsada — ham G’arb, ham Sharq adabiyotidagi yetakchi an’analarni ijodiy o‘zlashtirishda, ularning boy tajribalariga tayanib ish yuritishda deb biladi. Cho‘lpon bu g‘oyalarini 20-yillardagi maqolalarida bir emas, bir necha marta izchil bayon etgan. Masalan, «Ota-bola san’atkorlar» degan maqolada Matyoqub va Matyusuf Harratovlar ijodi haqida gapiradi-yu, yo‘l-yo‘lakay Ovro‘pa muzikasidan o‘rganish masalalarini ham qo‘yadi. Bu o‘rypda ham Cho‘lpon o‘ziga xos teranlik bilan ish tutadi — u Ovro‘pa muzikasidan qunchaki xo‘ja ko‘rsinga o‘rganishni rad etib,. masalaning nozik tomonlarini ham yoritadi: «Bizga Ovro‘pa muzika bilimi ham kerak», —deb yozadi Cho‘lpon. Faqat, «Ovro‘pa muzika bilimi boshlang‘ich nazariyadan (nota o‘rganishdan) iborat emas, uning garmoniya (ohang ilmi), kontrpunkt singari juda muhim, lekin og‘ir pog‘onalari bor. Ovro‘pa muzika bilimi zinasiniig birinchi pog‘onasiga qadam qo‘yganlar narigi pog‘onalarga ham tirmashib chiqmasalar chala bilim bilan muzika sohasida ko‘p narsa qilolmaydilar».
Ayni choqda, Cho‘lpon ijod sohasida, teatr san’ati sohasida Sharq ham benihoya boy, rang-barang tajribaga ega ekanini ta’kidlab, undan bahramand bo‘lish, uni ijodiy o‘zlashtirish eng zarur vazifalardan ekanini ko‘rsatadi. «Mey Lan Fon» degan maqolada Cho‘lpon Xitoy klassik san’atining biz uchun ibratli tomonlarini ajratib ko‘rsatadi: «Mey Lan Fonning teatri judag ziyoli teatr. Uning direktori bilan direktor o‘rinbosari professor darajasiga ega bo‘lgan san’at olimlari Mey-Lan Fonni o‘zini ham doktor deb ataydilar. Bu — ming yillarning teatri, bu — an’ana teatri, bu — yuksak san’at teatri. Biz esa hali shakl jihatidan yoshmiz. 15 yilligimizni endi o‘tkazdik».
Boshqa xalqlarning adabiyot va san’atidan o‘rganishga da’vat etuvchi, ularga nisbatan ehtirom tuyg‘ularini uyg‘otishga qaratilgan bunday parchalarni Cho‘lpon ijodidan ko‘plab keltirish mumkin. Bularning bari Cho‘lponning millatchiligi haqidagi safsatalarni rad etuvchi dalillardir.
Ha, Cho‘lpon haqiqiy baynalmilalchi edi. Ayni choqda baynalmilalchilik unga buyuk millatparast bo‘lishga xalaqit bergan emas. Aksincha, Cho‘lpon tabiatidagi bu ikki jihat bir-birini taqozo etgan, bir-biriga tayangan, bir-birini to‘ldirgan. Cho‘lpon o‘z xalqini juda sevar edi, chunki uning buguniii ham, o‘tmishini ham juda yaxshi bilardi. Cho‘lpon dunyodagi bironta xalqni kamsitmagan holda o‘zbek xalqini boy tarix yaratgan, dunyoga buyuk san’atkorlar, shoirlar, olimlar, mutaffakkirlar yetkazib bergan xalq deb bilardi. Ba’zi bir ovro‘palik kaltafahm va befarosat odamlar o‘zbeklarny «osiyolik» deb tahqirlagan, ularni yarim yovvoyi tarzda hayot kechiradigan madaniyatsiz nodonlar deb chuvvos solgan, «mayda millat» deb pastga urgan bir sharoitda Cho‘lpon bu xalqning mislsiz madaniyati, juda boy ruhiyati, bukilmas e’tiqodi va pok imoni, mazmundor tarixi uchun iftixor qildi va bu iftixorni ko‘pgina asarlarida, shu jumladan, tanqidiy maqolalarida baralla aytishdan cho‘chimadi. Tabiiyki, Cho‘lponning otashin millatparvarligi uni millat istiqboli uchun qayg‘urishga undardi, shuning uchun u millat badanidagi hali o‘chmagan kishan izlari haqida fig‘on qilar, tog‘lari ko‘klarga salom bergan zo‘r o‘lka boshiga ko‘lanka tashlab turgan qora bulutlardan nafratlanar, na ohi, na faryodi €or, sustlashgan yuraklarni erk uchun, insoniy qadr-qimmat uchun kurashga chorlardi. Bir zamonlar Pushkin o‘z sozi bilan odamlar qalbida ezgulik tuyg‘ularini uyg‘otganidek Cho‘lpon ham ezilganlar va tahqirlanganlar yuragida erkka ishtiyoq tuyg‘ularini uyg‘otdi. U maqolalarida ham xalq qalbida milliy iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishga alohida e’tibor berdi, bu yo‘lda har bir imkoniyatdan foydalanishga harakat qildi. Negaki, milliy iftixor tuyrusidan mahrum odam o‘zligini tanishga intilmaydi, o‘zligini tanimagan odam esa insoniy qadr-qimmat uchun kurashmaydi.
Cho‘lpon 1924 yilda yozilgan «500 yil» maqolasida o‘zbek adabiyotchilari ichida birinchi bo‘lib Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyini o‘tkazish masalasini qo‘yadi va birinchi marta o‘laroq Alisher Navoiyning daho san’atkor ekani to‘g‘risida mulohaza yuritadi. Cho‘lpon o‘zbek xalqining Alisher Navoiy timsolida jahon madaniyati xazinasiga juda katta Hissa qo‘shganini ta’kidlaydi va fikrini dalillash uchun mashhur turk yozuvchisi Shamsiddin Samibekning asarlariga murojaat qiladi. Shamsiddin Samibek Alisher Navoiyni «usmonli adabiyotning eng ulug‘ vakili bo‘lg‘on Fuzuliydan» yuqori qo‘ygan ekan. O’z adiblariga 5—6 asrlik bir tarix yashata olgan xalqlar uncha ko‘p emaslar» deb ta’kidlaydi Cho‘lpon. Ayni choqda, o‘zi iftixor qilish bilan cheklanmay, butun xalqni ham g‘ururlanishga undaydi, o‘znning buyuk siymolarini e’zozlashga chaqiradi va bu borada boshqa xalqlardan o‘rnak olishga da’vat etadi: «Vatandoshlarimiz ruslar Pushkinning har besh yili uchun katta bayramlar yasaydilar, G’arbda esa bunday bayramlar juda katta tantanalar bilan o‘tkaziladi». Bunday millatparastlik ruhi bilan sug‘orilgan da’vatlar Cho‘lponning boshqa maqolalarida ham ko‘p uchraydi. Masalan, «Mirzo Ulug‘bek» degan maqolasida tub-joy xalqi bunday ulug‘ siymolarni yetarli ardoqlamasligi to‘g‘risida taassuf bilan yozadi-da, ularni munosib taqdirlash masalasini qo‘yadi: «Turkiston xalqi, ayniqsa, biz tubjoy xalq o‘zimizning shu olim kishilarimizni sira esga olmaymiz. Uning nomiga birgina, kichkina bo‘lsa ham xotira, nishona yo‘q. Shaharlarda ochilgan maktablar bilangina u ulug‘ olimni taqdir qildik deb ayta olmaymiz. Sira, sira ayta olmaymiz».
Cho‘lponning hasrat to‘la bu so‘zlari bugun ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Biz bugun ham boy madaniy merosimizni qadrlashni, avaylab asrashni, u bilan ich-ichdan iftixor qilishni o‘rganib olganimiz yo‘q. So‘nggi yillarga qadar ham bir buyuk olimni podsho deb, ikkinchisini hukmdor deb, yana birini diniy-mistik deb, to‘rtinchisini reaktsion deb chiqitga chiqarib keldik. Holbuki, ularning har biri istagan xalqning madaniyatiga husn bo‘la oladigan siymolar edi. 1992 yilning oxirida Madaniy yodgorliklarni saqlash jamiyatining s’ezdi bo‘lib o‘tdi. S’ezdda qilingan ma’ruzalarda har qanday odamni ham larzaga soladigan bir fakt ta’kidlanadi—so‘nggi yillar mobaynida har xil sabablarga ko‘ra minglab yodgorliklarimiz butunlay yo‘q bo‘lib ketipti. Demak, hali ham madaniy merosimiz millatning mulki, xalq boyligi ekani haqidagi fikr butun vujudimizga singib, e’tiqodimizga aylanib ketganicha yo‘q.
Cho‘lponda milliy iftixor tuyg‘usi shu qadar o‘tkirki, u biron o‘rinda millat sha’niga aytilgan tahqirli gaplarni nazardan qochirmaydi. Birinchi qarashda, bunday ta’nalar yoxud pichinglar har qancha arzimas ko‘rinmasin, Cho‘lpon ular haqida o‘z mulohazalarini aytadi, va yaraning gazak olishining oldini olganday bo‘ladi. Bir misol keltiraylik. Cho‘lponning 1924 yilda yozilgan va «Farg‘ona» gazetasida bosilgan bir maqolasi bor. «Qalamning toyilishi» deb atalgan bu maqola adabiy-tanqidiy maqola emas, biroq u Cho‘lponning o‘z xalqining milliy tuyg‘ularini, sha’nini nechoqli sezgirlik va hushyorlik bilan himoya qilganini yaxshi ko‘rsatadi. Maqolaning yozilishiga sabab bo‘lgan voqea shuki, Moskvada Glavxlopkom degan tashkilot paxta haqida bir kitob chiqaripti-da, unda «russkiy xlopok» degan ibora qo‘llapti. Toshkentda chiqadigan «Turkestanskaya pravda» gazetasi esa bir maqolada «Russkiy Pamir» deb ishlatipti. Shunga o‘xshash birinchi qarashda g‘ayri mantiqiy ko‘ringan, aslida esa ba’zi bir shovinistlarning o‘zbek xalqiga mensimay qarashi, Turkistonga otasidan qolgan mulkiday munosabatda bo‘lishini ifodalovchi iboralar Cho‘lponni qattiq g‘azablantiradi. «Russkiy xlopok» deyish mumkin bo‘lsa, nima uchun «russkiy Turkistan» deyish mumkin bo‘lmasin?» deya istehzo bilan so‘raydi Cho‘lpon va maqola davomida rus chorizmining mustamlakachilik siyosatini oqlashga urinuvchilarni qattiq fosh qiladi. Cho‘lpon o‘z maqolasida Turkiston iqtisodiy sho‘rosi chiqargan «Statisticheskiy yejegodnik»dan quyidagi parchani keltiradi: «Turkistonni olgan rus podsholari uni mustamlaka qilmoq uchun muayyan reja bilan iqtisodiy zarurat orqasida olg‘onlari yo‘q. Balki Rossiyaga chegaradosh bo‘lg‘on qabilalar rus savdo karvonlarini talab, ha deb besaranjom qila bergandan keyin, shularni bosamiz deb aylanashib kelib qolg‘on». Cho‘lpon chorizmning bunaqa himoyachilarini fosh qilar ekan, Turkistonning mustamlaka bo‘lganini oktyabr ideologlari ham tan olganini eslatib o‘tadi. Cho‘lpon boshqa masalalarda ham, jumladan, madaniyat borasida ham xalqqa o‘rinsiz ta’nalar qiluvchi, asossiz ravishda uning «nodon»ligi yoki «madaniyatsizligi» ni pesh qiluvchi odamlarni ham tanqid qiladi. Bunda ham Cho‘lpon uchun arzimaydigan gap yo‘q, u yo‘l-yo‘lakay aytilgan gap-so‘zlarga javob berishni ham burchi deb biladi. 20-yillarda ham ba’zi spektakllarga tomoshabin kam qatnagan ko‘rinadi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, «xalq teatrga yurmaydi» degan gap tarqalib, aybni madaniy saviyaning paetligiga qo‘ymoqchi bo‘ladilar. Cho‘lpon bunga keskin javob beradi: «Xalq teatrga yurmaydir» degan gap to‘g‘ri emas. Xalq yuradir. Lekin teatr-tomosha ismida bo‘laturg‘on qo‘g‘irchoq o‘yinlariga, o‘z ruhiga yot bo‘lgan, unga anglashilmayturgan tarjimalik «g‘arbiy» asarlarga yurmasa haqi bordir. Yo‘q esa, o‘zini qiziqtiradigan zaminlarda yozilgan va yaxshi o‘ynalaturg‘on tomoshalarga xalq yuradir».
Cho‘lponning millatparastligi, milliy iftixor tuyg‘usining o‘tkirligi unga madaniyat, san’at, adabiyot xodimlarini ob’ektiv baholashga xalaqit bergan emas. Kerak o‘rinlarda Cho‘lpon madaniy siyosat bobidagi nuqsonlarni keskin tanqid ham qilgan, xalq turmushidagi, urf-odatlaridagi, dididagi kemtiklarni ochiq aytishdan ham sira tortingan emas. Demak, Cho‘lponning 20-yillardagi maqolalarida namoyon bo‘ladigan millatparastligi shunchaki g‘ayri shuuriy, stixiyali, «biologik» tuyg‘u bo‘lgan emas. Undagi milliy iftixor tuyg‘usi real zamin asosida shakllangan tuyg‘u va u o‘z navbatida Cho‘lponning baynalmilalchiligiga qanot bo‘lgan.
* * *
1935 yilda «Guliston» jurnalida Cho‘lponning «Ashulaga ishqiboz» degan maqolasi bosildi. Bu maqola iste’dodli yosh xonanda Halima Nosirovaga bag‘ishlangan edi. Cho‘lpon Halimaxonning qo‘shiqchilik san’ati haqida teran bir samimiyat bilan zavqlanib hikoya qilar ekan, uni porloq istiqbol kutayotganini bashorat qiladi. Chindan ham Cho‘lponning bashorati to‘la amalga oshdi — keyinchalik Halima Nosirova o‘zbek san’atining eng porloq yulduzlaridan biri bo‘lib qoldi. Ammo gap hozir bu to‘g‘rida emas. Maqolani o‘qiyotgan bugungi kitobxon bir nuqtaga yetadi-yu, ravon yo‘lda bexosdan qoqilib ketgan odamday sapchib tushadi: «Inqilobning fayzli qo‘llari tegmasa, Halima bugun ko‘rib turganimiz talantli boshqa ko‘p noyob talantlarimiz singari to‘rt devor orasida qolib, zabun bo‘lardi».
G’alati gap-ku? «Inqilobning fayzli qo‘llari» nima degani? Nahotki Cho‘lpon ham iste’dodning ro‘yobga chiqish-chiqmasligini inqilob samarasiga bog‘lab qo‘ysa? «Hayotda nimaiki ijobiy narsa bo‘lsa hammasiga Oktyabr sharofati bilan erishdik», degan gap sovet hokimiyati yillarida keng singdirilgai bir afsona-ku?! Nahotki Cho‘lponday odam ham shu afsonaga laqqa tushgan bo‘lsa, nahotki u ham o‘z e’tiqodlariga xiyonat qilib, Sho‘roning do‘mbirasiga o‘ynagan bo‘lsa? Yoki bunday murosasozlik Cho‘lpon maqolalarida faqat bir marta uchraydigan tasodifmikan? Unday desak, bunga o‘xshash mulohazalar boshqa maqolalarda ham uchrab qoladi. Masalan, «Epizodik rollar ustasi» (1934) degan maqolada, Cho‘lpon «yaxshi teatrlar yolg‘iz «katta» rollarda o‘ynovchi aktyorlar bilangina yashamaydi», degan to‘g‘ri mulohazani aytadi-da, sira kutilmaganda va biron-bir ichki zaruriyatsiz davom etadi: «Ayniqsa, bizning buyuk elimizda!.. G’arbda san’atkor taqdir etilmak uchun mutlaqo «yulduz» bo‘lmog‘i kerak, yo go‘zal xotin! Bizda esa har kimning quvvati va qudrati iste’dod va hunariga yarasha joy va hurmat ta’min etilgan!»
Bunday taqqoslar sovet hokimiyati yillarida juda keng tarqalgan bo‘lib, «kecha va bugun», «bizda va ularda» degan shakllarda qilinar va har gal «kecha yomon edi, bugun yaxshi», «ularda yomon, bizda zo‘r» degan mazmunga ega bo‘lardi. Bu ham hukmron mafkura tomonidan sovet turmush tarzinpng «ulug‘lig‘i»ni tasdiqlashga xizmat qiluvchi soxta rivoyatlardan biri edi. Xo‘sh, buni qanday tushunish kerak? Demak, Cho‘lpon ham hukmrov mafkuranyng xizmatini qila boshlagan ekan-da?!
Albatta, yuqoridagiga o‘xshash parchalar bugun bizga erish tuyuladi, bizning Cho‘lpon haqidagi bugungi tasavvurimizga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin bunda bevosita Cho‘lponning aybi yo‘q. Bunga ko‘proq biz — adabiyotshunoslar aybdormiz. Cho‘lponga nisbatan o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan adolatsizliklar va jabr-zulmni biroz bo‘lsada o‘rtadan ko‘tarish uchun bugungi adabiyotshunoslar Cho‘lponga alohida mehr-muhabbat bilan ish yuritmoqdalar. Bu muhabbat mutlaqo qonuniy va o‘rinlidir. Biroq ayrim o‘rinlarda muhabbat zo‘rayib ketib, ob’ektivlikka putur yetkazib qo‘yayotganga ham o‘xshaydi. Biz ba’zan faktlardan ham ko‘z yumib, Cho‘lponni ideallashtirishga, o‘zi yashagan zamindan uzib olib, zamonaviylashtirishga, harakat qilyapmiz. Buning oqibatida bugun bizda Cho‘lpon haqida muayyan tasavvur shakllanib qoldi. Unga ko‘ra Cho‘lpon hech qachon sovet voqeligini qabul qilmagan, hech qachon hukmron mafkura ta’siriga berilmagan, zamonasozlik qilmagan, tuzum bilan murosai madoraga bormagan. U yakkash millatparast bo‘lgan, yakkash isyonchi bo‘lgan va sovet tuzumini ag‘darishga chaqirib o‘tgan. Menimcha, Cho‘lponni bunday qiyofada ko‘rsatish uni soxtalashtirishdan, pardozlab, jonli odam qiyofasidan mahrum qilishdan boshqa narsa emas. 70 yil mobaynida hukmron mafkuraga sidqidildan xizmat qilgan adabiyotshunoslik «ilmi» adabiyotimiz tarixida yetarli darajada soxtalashtirib keldi. Shoirlar va adiblar siyratini esa pardozlab, avliyo sifat qilib tasvirladi. Buning natijasida adabiy jarayon haqida ham, yozuvchi va shoirlar to‘g‘risida ham bir tomonlama noto‘g‘ri va hatto soxta tasavvurlar shakllandi. So‘ngg‘i yillardagina bu ilmda haqqoniylik va xolislik printsiplariga amal qilish imkoniga ega bo‘ldik. Shundoq ekan, bugun eski xatolarni takrorlamaslik kerak, hatto yaxshi niyat bilan bo‘lsa-da, Cho‘lpon va unga o‘xshab san’atkorlarni ideallashtirmasligimiz zarur. Haqiqiy iste’dod egasi hech qachon jo‘ngina formulaga tushadigan yuzaqi odam bo‘lmaydi. Uning hayoti hamisha oshkora va pinhona kurashga, kashfiyotlarga va yo‘qotishlarga», dramalar va fojealarga to‘la bo‘ladi. Chinakam iste’dod egasi muntazam izlanishda bo‘lgani uchun, hamisha haqiqat qidirib yashagani uchun birda insonning ulug‘ligi oldida boshi ko‘ka yetguncha g‘ururlanib kekkaysa, bir-da insonning razolati va tubanligi qarshisida hafsalasi pir bo‘lib, umidsizlikka tushmog‘i mumkin. Haqiqiy adabiyotshunoslik esa san’atkor shaxsiyatidagi ana shu murakkablikni, siljishlarni, ko‘tarilish va tushishlarni, fazilatlar va qusurlarni topib ko‘rsata bilmog‘i lozim. Odamlarga san’atkorning yuzida xoli bo‘lganmi-yo‘qmi, necha marta uylangan, maishatni yaxshi ko‘rganmi-ko‘rmaganmi kabi tafsilotlarning uncha qizig‘i yo‘q, ammo zamon tegirmoni san’atkorni ezib yubordimi yoxud san’atkor undan ustun keldimi, u inson haqida qanday izlandi va bu izlanishlari jarayonida qanday iztiroblandi, uning ma’naviyati qanday bosqichlarni boshidan kechirdi — mana bu masalalar hamma uchun ibratli. Shuning uchun Cho‘lponni ham real shaxs sifatida, insonga xos fazilatu nuqsonlardan xoli bo‘lmagan odam sifatida qabul qilmog‘imiz kerak. Muayyan zamonada, muayyan jamiyat qo‘ynida yashagan va tabiiyki, bu jamiyatdan tashqariga chiqib ketolgan emas. Cho‘lponga ob’ektiv yondashish, uning shaxsiyatiii, ijodini xolisonlillo baholash uni mutlaqo kamsitmaydi, balki bizning yuraklarga yaqinroq qiladi. Shundoq ekan, Cho‘lponning badiiy ijodidagi yoxud adabiy-tanqidiy maqolalaridagi hukmron mafkura g‘oyalariga yon berilgan o‘rinlarni, Cho‘lpon ijodining boshqa sahifalariga zidroq keladigan parchalarni ko‘rganda bir sapchib tushib, uning nomiga malomat toshlarini otishga shoshilmaslik kerak. Bil’aks, uni tushunmoqqa harakat qilaylik. Bu mulohazalar faqat Cho‘lponga emas, balki Oybek, G’afur G’ulom, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir kabi ko‘p yillar mobaynida adabiyotimizning chinorlari hisoblanib kelgan, keyingi yillarda esa o‘rinli-o‘rinsiz ta’na-dashnomlarga ro‘para kelayotgan odamlarga ham taalluqli.
Cho‘lpon ham boshqa ko‘pgina iste’dod sohiblari kabi sovet hokimiyati yillarida to‘rga iling‘an baliqday hukmron mafkura domiga ilinib, undan qutulish ilinjida tahlikada tipirchilib yashashga majbur bo‘lgan. Ayniqsa, bolsheviklar tuzumi murvatlarni qattiqroq buraganda, tizginlar qattiq tortilganda cho‘lponlar omon qolmoq uchun zamona zayliga qarab ish yuritishga majbur bo‘lgan. Agar 20-yillarning boshlarida hali adabiyot va san’at sohasida nisbatan jinday erkinlik mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hali adabiyotda bir-biridan farq qiluvchi oqimlar yashayotgan va ular bir-biridan farq qiluvchi g‘oyalarni olg‘a surayotgan bo‘lsa 20-yillarning ikkinchi yarmida jinday-jinday toza havo kirib turgan teshiklar batamom yopib tashlanadi. Ayniqsa RKP(b) Markaziy Komitetining 1925 yil 18 iyun qaroridan keyin «proletar adabiyotining gegemonligi» uchun kurash juda qizg‘in tus oldi, Buning oqibatida ijodda har qanday erkinlikka chek qo‘yildi. Yangi paydo bo‘lgan RAPP tashkiloti ham o‘zining vulgar sotsiologik qarashlari bilan hukmron mafkuraning tegirmoniga suv quydi. «Mafkuraviy sog‘lomlik uchun», «Yet mafkuralarga qarshi kurash» shiori ostida adabiyotdagi va san’atdagi har bir mustaqil kuch, har bir yilt etgan iste’dod egasi shafqatsiz tazyiq ostiga olina boshladi. Bunga bo‘y bermagan, bo‘lar-bo‘lmas rivoyatlarni, yolg‘on-yashiq afsonalarni qabul qilmagan adabiyotchilar boshi ustida esa hech mubolag‘asiz o‘lim xavfi qanot yoza boshladi. Hukmron mafkura o‘z aqidalarini NKVD-yu, GPUlar orqali zo‘rlik bilan, qurol kuchi bilan o‘tkaza boshladi. Bunday sharoitda har qanday ijodkor ham tabiiy ravishda jonini saqlab qolish yo‘llarini qidira boshlaydi. Ba’zilar ko‘proq, ba’zilar kamroq darajada zamonasozlik yo‘liga o‘tadi. Shular qatorida Cho‘lpon ham bor edi. Xo‘sh, buning uchun Cho‘lponni qoralash mumkinmi? Nega u mardona ravishda o‘zini o‘qqa tutib bermadi? — deya unga ta’na qilish mumkinmi? Menimcha, yo‘q. Chunki o‘z-o‘zini saqlash instinkti —insoniyat tabiatida, qonida, shuurining allaqaysi pinhona puchmoqlarida. Har qanday odam ham xatarga, o‘lim xavfiga duch kelganda, hatto istamasa ham, himoyalanish, o‘zini asrash yo‘liga o‘tadi. Ijodkor odam ham bundan mustasno emas. Buni o‘z e’tiqodidan chekinish deb qarash kerak emas. Cho‘lpon e’tiqodidan chekingani yo‘q. Avvalo, shuni aytish kerakki, mustabidlik tuzumi avj olib, hukmron mafkuraning hurujlari kuchaygan sari, ayniqsa 30-yillarning boshidan boshlab, adabiyotda «Sovet voqeligini madh ztish, partiyaning rahbarlik rolini ulug‘lash, dohiy obrazini yaratish» deganga o‘xshagan hodisalar juda keng quloch yoydi. Bu yo‘lga kirmagan shoiru yozuvchilar ochiqdan-ochiq aksilinqilobchi, millatchi shoirlar sifatida qaralardi. Buni qarangki, Cho‘lpon butuk ijodi-davomida bironta she’rida Stalinning nomini tilga olmadi, hatto bir necha yil qantargach, sozini yana qo‘lga olib, ya’ni «Sovet pozitsiyasiga» o‘tib yozgan she’rlarida ham bunday qilmadi. To‘g‘ri, «Soz» to‘plamiga kirgan she’rlar ichida «g‘oyaviy» she’rlar ham bor — ularning ayrimlari inqilobga; partiya qurultoyiga, yangi hayotga bag‘ishlangan. Biroq ular badiiy jihatdan Cho‘lponning asl she’rlaridan zaifroq bo‘lsalar-da, oshkora xushomaddan yoxud hamdu sanodan uzoq she’rlar. Aftidan, Cho‘lpon bitta yaxshi she’rini yaratish uchun o‘sha sharoitda hukmron mafkuraga jinday yon berib, ikki-uchta «g‘oyaviy» she’rlar bitgan ko‘rinadi. Uning adabiy-tanqidiy maqolalari ham shunaqa. Faqat ba’zi maqolalardagina, yuqorida ko‘rganimizdek, u hukmron mafkuraning ba’zi bir «qo‘shiqlari»ni kuylagan bo‘lsa ehtimol. Buning uchun Cho‘lponni qoralash, uning merosiniig ayrim qismidan voz kechish mumkin emas.
Ba’zi maqolalarda esa Cho‘lpon «bismillo» o‘rnida aytilishi lozim bo‘lgan rivoyat va afsonalarni atayin chetlab o‘tgani shundoqqina sezilib turadi. Masalan, Cho‘lponning Gorkiy haqidagi ikki maqolasini olib ko‘raylik. Bularning biri 1936 yilda yozilgan «Katta maktab egasi» degan maqola, ikkinchisi esa 1937 yil 18 iyun kuni — Cho‘lpon qamoqqa olinishidan bir oz avval «Qizil Uzbekiston» gazetasida bosilgan «Ustodning xislatlari». degan maqola. To‘g‘ri, bu maqolalarda bir-pkki og‘izdan Lenin va Stalin sha’niga maqtov aytilgan — bu bilan Cho‘lpon boshi ustida quyuqlashib borayotgan qora bulutlarni jinday bo‘lsada tarqatmoqni o‘ylagandir. Ammo maqolalarni to‘liq o‘qib chiqsak, Cho‘lponning o‘z e’tiqodlariga sodiq qolganini, «g‘oyaviylik» va «partiyaviylik» degan illatlardan yuqori turganini ko‘ramiz. Gap shundaki, 1934 yildan keyin lukmron mafkura Gorkiyni «proletar adabietining dohiysi», «sotsialistik realizm metodining asoschisi», «eng yaxshi sovet yozuvchisi», «partiyasiz bolshevik adib» gifatida ko‘klarga ko‘tara boshladi. Bu yillarda yozilgan har bir maqolada Gorkiyning bu sifatlari takror-takror tilga olinishi va shu yo‘l bilan uning sadoqatli partiyaviy adib ekani haqidagi afsonaga haqqoniylik shahodatnomasini bermoq kerak edi. Cho‘lpon har ikkala maqolada ham biron o‘rinda na «sotsialistik realizm» degan iborani ishlatadi, na Gorkiyning proletar adabiyotining asoschisi tarzidagi sifatlarini tilga oladi, na uning inqilobchi qahramonlari sha’niga hamd-sanolar aytadi. Aksincha, maqolada birinchi o‘ringa Gorkiyning san’atkorligi, badiiy mahorati qo‘yilgan. «...nasr tilini tarashlashni men boshlab Gorkiydan o‘rgandim, — deb yozadi Cho‘lpon birinchi maqolada. — U, menimcha, o‘zi ishlatadigan tilni juda yaxshi ko‘radi, uni har qanday qiyinchilikdan ozoda holda ko‘rmak istaydi. «Ona»ning tili mana shunday bir til. «Ona» men uchun katta bir maktab bo‘ldi. O’zimning «Kecha va kunduz» romanimda men ham shu buyuk uslubchining unumli ta’sirini doim sezib turdim».
Oradan bir yil o‘tib yozilgan maqolada esa Gorkiyning san’atkorligi yanada chuqurroq ochiladi.
«Gorkiy — shoir. Uning asarlarida faqat bir nasrchi (romanchi) ko‘rinmaydi, har yer-har yerdan nozik ko‘ngilli, go‘zallik sevguchi va tabiat maftuni bir shoir kelib chiqadi.
Men o‘zim har qanday nasrli asarda (roman, hikoya) go‘zal tashbehlar va tabiat tasvirlarini yaxshi ko‘raman. Gorkiyda bu narsa ko‘p emas, oz: uning shirinligi ham shundan. Ular juda ko‘p bo‘lib ketsa, rassomning san’at asari qolmaydi-da, bo‘yoqchi (sirchi)ning andozasiz va san’atdan mahrum chizma chizig‘i qoladi».
Maqola davomida Gorkiyning tabiat manzarasiga qanday qilib jon ato qilishi to‘g‘risida batafsil fikr yuritiladi. Ko‘rinadiki, Cho‘lpon hayotining eng og‘ir daqiqalarida ham, adabiy hayotda mafkuraviy zug‘um chekdan oshgan paytlarda ham umumiy oqimga tushib qolmaslikka, manqurtlik taqdirini bo‘yniga olmaslikka intilgan. Hukmron mafkura to‘xtovsiz hamla qilib, Cho‘lponday buyuk iste’dod sohibining «o‘jarligini» har qancha sindirishga urinmasin, uning shuuri va qalbini afsunlar asoratiga olishga tirishmasin, shoir ayrim o‘rinlarda unga jinday yon berganday bo‘lib, aslida o‘zining o‘zligini, ruhiyatining daxlsizligini saqlab qola bildi.
Shu o‘rinda ba’zi o‘rtoqlar «ie, shoshmang, axir, Cho‘lponning sho‘ro hukumatini olqishlagan, uning adabiy siyosatini ko‘klarga ko‘targan maqolasi ham bor-ku! Unga nima deysiz?» deya e’tiroz bildirsalar mumkin. Bu o‘rtoqlar «Sho‘ro hokimiyati va sanoe nafisa» maqolasini nazarda tutsalar kerak, albatta. Chindan ham bu maqola atroflicha mulohaza yuritishni va jiddiy sharhlashni talab qiladi. Bu maqola adabiyotshunoslarimizga anchadan beri ma’lum. U hatto 60-yillarning o‘rtalarida «O’zbek tili va adabiyoti» jurnalida e’lon ham qilingan. Adabiyotshunoslarimiz shu paytga qadar maqola haqida turli fikrlar aytib kelishgan. Men o‘zim ham maqola haqida bir necha marta yozganman. Garchi uni mukammal tahlil qilmagan bo‘lsam-da, bu maqolani Cho‘lponning Oktyabr inqilobini ijobiy kutib olganining dalili deb baholaganman va hatto maqola bevosita Leninning ayrim asarlari ta’sirida yozilgan degan taxminni ham aytganman. Maqolaga bunday munosabatda bo‘lishlikning boisi bor albatta. Ma’lumki, ko‘p yillar mobaynida sovet adabiyotshunosligi yozuvchini baholashda uning Oktyabr inqilobiga munosabatini asosiy me’yor qilib olgandi. Bu aqidaga ko‘ra qaysi shoir «Yasha sho‘ro!» degan bo‘lsa, u yaxshi, qaysi shoir yo adib indamagan bo‘lsa, u yomon, dushman deb hisoblanardi. Cho‘lpon ham ko‘p yillardan beri «yomonlar» qatoriga kiritib qo‘yilgandi. U inqilobni qabul qilmagan, uni qoralagan, unga qarshi kurashgan deyilardi; uning peshonasiga «aksilinqilobchi» degan tavqi la’nat yopishtirilgan ediki, o‘sha kezlarda uni bu malomatdan qutultirishning iloji yo‘qday ko‘rinardi. Men esa Cho‘lponning sovet shoirlari qatorida bo‘lishini juda-juda istardim. Negaki, o‘sha paytda ham, undan keyin ham ko‘p yillar mobaynida «sovet» degani «eng yaxshi, eng a’lo, eng to‘g‘ri, eng pokiza» degani ekaniga ishonib kelgan edik-da! Cho‘lponning men bilgan she’rlari esa chindan ham yaxshi she’rlar edi. Shunday sharoitda qo‘limga «Sho‘ro hukumati va sanoe nafisa» maqolasi tushib qoldi. O’qidim-u, juda xursand bo‘lib ketdim. Chunki mening o‘sha paytdagi tasavvurimga ko‘ra, maqolada sho‘ro hukumati mazlum xalq hokimiyati deb ta’riflangan, uning siyosati qo‘llab-quvvatlangan, binobarin, Cho‘lpon Oktyabrga ijobiy munosabatda bo‘lgan edi. Maqolaning 1920 yilda 7 noyabr kuni, ya’ni Oktyabr inqilobining 3 yilligi nishonlangan kuni «Ishtirokiyun» gazetasida bosilgani ham shundan dalolat berardi. Cho‘lponning maqolasida «Sho‘ro hokimiyati sanoe nafisani xalqniki qildi, endi san’at ezilgan mehnatkashlarga xizmat qilib, ularning ko‘nglini oladi» deganga o‘xshash gap bor. Shu gapga qarab taxmin qilish mumkinki, Cho‘lpon maqolada Leninning ayrim fikrlariga tayangan. Esingizda bo‘lsa, Lenin 1920 yilning 2 oktyabrida komsomolning III s’ezdida «Yoshlar soyuzining vazifalari» mavzuida doklad qiladi va dokladda proletar adabiyoti mutaxassislarning kallasida tug‘ilgan emas, balki mehnatkash xalq ommasi yaratgan madaniyatning qonuniy davomi ekanini aytadi. Albatta, bu doklad o‘sha kezlarda matbuotda e’lon qilingan va keng ko‘lamda targ‘ib qilingan. Aftidan, Cho‘lpon u bilan yaxshi tanish bo‘lgan-u, maqolasida Lenin g‘oyalariga ham asoslangan. Xullas, bu maqola Cho‘lponning 1920 yildayoq uzil-kesil sovet pozitsiyasiga o‘tganidan dalolat beruvchi muhim hujjat edi.
Keyingi yillarda ko‘pgina yangi materiallar bilan tanishish natijasida bu masalaga qarashim o‘zgardi va Cho‘lponning ijodiy evolyutsiyasini ham, millatparastligini ham, inqilobga munosabatini ham, badiiy va adabiy-tanqidiy asarlarini ham boshqacha baholay boshladim. Shu jumladan, «Sho‘ro hokimiyati va sanoe nafisa»ni ham bugun Cho‘lponning sovet pozitsiyasiga o‘tganini ko‘rsatuvchi maqola deb bilmayman. To‘g‘ri, yuqorida aytganimizdek, maqolada sho‘ro hukumati sha’niga aytilgan maqtovlar yo‘q emas: Cho‘lpon sho‘ro hokimiyatini ezilgan ishchi-dehqonlar hukumati deb hisoblaydi, mamlakatni chulg‘ab olgan qonli fuqarolar urushini ezilganlarning «o‘z zgaliklarini qurish» uchun olib borayotgan kurashi deb biladi. Ko‘rinib turiptiki, inqilobning birinchi kunlaridanoq Oktyabr to‘ntarishi va yangi hokimiyat haqida bolsheviklar tomonidan tarqatila boshlangan yolg‘on-yashiq gaplar hatto Cho‘lponday odamni ham o‘z asoratiga ola boshlagan, lekin u hali to‘laligicha asir bo‘lib ulgurgani ham yo‘q.
Aftidan, maqola gazetaning topshirig‘i bilan muayyan tazyiq va talablar asosida yozilgan bo‘lishi mumkin. 1918—1919 yillarda sho‘ro hukumati na faqat markazda, balki chekka o‘lkalarda ham ziyolilarga qattiq tazyiq o‘tkaza boshlagani, ularga qarshi ham jismoniy, ham ma’naviy terrorlar uyushtirgani bugun yaxshi ma’lum. Ayrim hollarda esa yangi hokimiyat ziyolilarning fikrlash tarziga ta’sir o‘tkazish uchun qurol ishlatishdan ham sira iymanmagan. Jumladan, Fitrat 1929 yilda yozgan «Yepishmagan gajaklar» maqolasida «Chig‘atoy gurungi»ning ba’zi majlislari qurolli qizil gvardiyachilarning kuzatuvida o‘tganini yozadi. Bunday yig‘inlarda Cho‘lpon ham ishtirok etgan. Ehtimol, shularning ta’siridadir, maqolada Cho‘lpon Leninning yoshlar s’ezdidagi gapini ma’qullab, san’at sho‘rolar zamonida xalqniki bo‘lib qolganini aytadi. Lekin mening nazarimda bu maqolada Cho‘lpon jinday «quvlik» qilgan. Maqolaning ko‘pgina joyi kinoyaviy ohangga ega, go‘yo muallif o‘sha paytlarda markaziy matbuotda ko‘plab bosila boshlagan «sovet ruhidagi» tashviqiy maqolalarga parodiya yozgandek. Cho‘lpon, ayniqsa, san’atning «sinfiyligi» haqidagi ta’limot ustidan oshkora kulayotganga o‘xshaydi. Mana, o‘zingiz ko‘ring:
«Butun umrini ishlamay, bekor o‘tkazaturg‘on boylar, boybachchalar, to‘ra bolalari, xonzodalar bekorchilikdan zerikmas uchun sanoe nafisaga berilar: chalg‘i chalar, o‘yinga tushalar, sevgi she’rlari to‘qiylar, o‘qiylar edi. Bularning ustiga katta shaharlarda 5—6 ta bizning «Kolizey»day teatrlari bo‘lar, shularda pul bilan, oltun bilan san’atni sotib olib, zavqlanardi».
Parchani o‘qiganda undagi yuzakilikka taajjublanmaslik mumkin emas. Nahotki, o‘tmishda san’atning urni oqsuyaklarning zerikmasligiga xizmat qilish bilan o‘lchanadi deb jiddiy o‘ylash mumkin bo‘lsa?! Nahotki, san’at yalpisiga «oltunga» sotilgan bo‘lsa?! Xo‘p, bunga ham ko‘na qolaylik. Mana, inqilob bo‘ldi, mana, sho‘rolar hukmronligida uch yil o‘tdi. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Endilikda san’atning ahvoli qanaqa? Uning o‘rni qanday?
«Sahna bu dunyoda yuqori sinflarning tum-taroqli turmushlarini ko‘rsatmaydi emas, ko‘rsatadir, biroq shu turmushning achchig‘ va jirkantiradurg‘on hidini tomoshachilarga hidlatmak uchun ko‘rsatadi. Chalg‘ining qillari yana boyagiday chertib turur, biroq boylar kayfi uchun o‘ynag‘anga yig‘lab emas, charchag‘on xalqning ko‘nglini ochqoni uchun sevinib, ezilgan xalqqa eziluv davrlarini eslatmoq uchun yig‘lab chertilur».
Xo‘sh, bu parcha sizga biron narsani eslatadimi? Menimcha, undan, ayniqsa, 1920 yilda yuqori pardalarda «xonish qilgan» ortodaksal proletkultchilariing nafasi yaqqol sezilib turipti. Bir lahza o‘ylab ko‘raylik — nahotki 16 yoshidayoq «Adabiyot nadur?»ni yozgan Cho‘lpon oradan olti yil o‘tgach, olti yil mobaynida hayot qozonida obdan pishib, yanada ko‘proq narsalarning siru asrorini idrok etadigan darajaga yetgach, shu tarzda yuzaki va sxematik fikrlasa? Nahotki, «Go‘zal»dek durdona she’rni yozib qo‘ygan daho shoir adabiyotning vazifasini yuqoridagidek primitiv tarzda izohlab bersa? Bu — hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Nihoyat, uning shu yilda yozilgan va shu yilning o‘zida e’lon qilingan «Marhum Tavfiq Fikrat» va «Chin sevish» kabi maqolalarini eslaylik. Bularning ikkovi ham juda yuqori saviyada yozilgan bo‘lib, hech qaysida yuqoridagiga o‘xshash mulohazalardan asar ham yo‘q. Adabiyotning «sinfiyligi» haqidagi bunday badburush tasavvurni Cho‘lpon 20-yillarda yozgan maqolalarida ham davom ettirgan emas Shuning uchun ham bu maqolani kinoyaviy ohangda yozilgan parodiya deb qarash mumkin. Albatta, mening bu fikrim bahsli bo‘lishi mumkin. Lekin men Cho‘lpon ijodini va shaxsiyatin chuqurroq o‘rganganimdan keyin, avvalgi qarashimdan kechib, shunday xulosaga keldim.
* * *
Cho‘lponning adabiy-tanqidiy merosi endigina o‘rganila boshlandi. Hozircha shu narsa ayon bo‘ldiki, bu merosning juda zo‘r fazilatlari ham, o‘ziga yarasha qusurlari ham bor. Ularda Cho‘lpon bosib o‘tgan murakkab yo‘l muhrlanib qolgan. Bu meros o‘zining jamiki fazilatlari va qusurlari bilan adabiy tafakkurimiz tarixining qimmatli sahifasini tashkil qiladi.
Ozod Sharafuddinov,
«Adabiyot nadir?» kitobidan (Toshkent, «Cho‘lpon» nashriyoti, 1994) olindi.
[1] Bu matn parchasi «Dala viloyatining gazeti» degan kitobdan olindi. Olma Ota. «Ilm» nashr. 1990 y. 17-bet.