Benazir ovozi bilan muxlislari qalbini rom etgan hofiz Otajon Xudoyshukurov qo‘shiqlarini tinglar ekanman, o‘tgan asrning yetmishinchi yillari bo‘lib o‘tgan bir voqea yodimga tushadi.
O‘shanda yoshlar gazetasi (hozirgi “Turkiston”)da charchoq nimaligini bilmay yelib-yugurib ishlab yurgan kezlarim edi. Bir gal meni gazetaga qoraqalpog‘istonlik yoshlar hayotidan maqola yozib kelish uchun olis To‘rtko‘l tumaniga jo‘natishdi. Ikki-uch kun qishloqma-qishloq yurib, yon daftarimga ko‘p narsalarni yozib oldim. Yoshullilar, yoshlar bilan suhbatlashdim. Ishim bitdi. Ammo Toshkentga qaytadigan kuni osmonning tog‘orasi teshilib, tinimsiz ikki kun tegirmonning novidan tushayotganday shovqin solib yomg‘ir yog‘di. Do‘l ekin-tikinni yanchib-payhonlab tashladi. Ko‘chalarni suv bosdi. Uylarning tomidan o‘tayotgan chakka hammasidan o‘tib tushdi.
Vaqt imillab o‘tadi. Shunday bo‘lsa-da, kiyim-boshim shalabbo bo‘lishiga qaramay, hosil dalalarida tabiiy ofat bilan kurashayotgan, sel yo‘lini to‘sayotgan odamlarning oldiga borib, ular bilan ham muloqotda bo‘ldim. Nihoyat, yomg‘ir tinib, ufqning bir chetidan quyosh mo‘raladi. Ertasiga ertalab “An-24” samolyotida To‘rtko‘l aeroportidan Toshkentga uchdik.
Samolyotda hofiz Otajon Xudoyshukurovni ko‘rib qoldim. Ikki yuzi qip-qizil, yengi kalta qizg‘ish ko‘ylak kiyib olgan. Yonida sozandalari. Xush kayfiyatda kulishib, chaqchaqlashib kelishyapti. Bir vaqt styuardessa qiz kutilmaganda: “Hurmatli yo‘lovchilar, yana o‘n minutdan keyin samolyotimiz Buxoro aeroportiga kelib qo‘nadi”, deb qoldi.
Biroz sarosima bilan qo‘ndik. Shu yerning o‘zida hofizni muxlislar o‘rab olishdi. Otajon ularning savollariga javob qaytarar ekan, ko‘rinishidan biroz dag‘al, qo‘rs taassurot qoldiradigan bu yigitning mayin odobi, o‘zini tutishi, samimiy muomalasi e’tiborimni tortdi. Yo‘lovchi ayollardan biri: “Kuzda yolg‘iz o‘g‘limni uylantiraman, to‘yga aytsak kelasizmi?”, degan edi, hofiz: “Xudo rizqimizni qo‘shgan bo‘lsa, albatta, kelamiz, opajon”, deb javob berdi.
Havo yana aynib, samolyotning uchishi cho‘zilib ketdi. Boshqa reyslar ham kechiktirildi. Bunday paytda ko‘ngilga hech narsa sig‘maydi, aeroportdagi bir o‘rindiqqa kamida besh-olti kishi to‘g‘ri keladi. Kutish zalidagi birgina telefonga yaqinlashib bo‘lmaydi. Bugungidek qo‘l telefonlari gujonda deysiz u paytlari. Hammaning asabi tarang.
Men ham asabiylashaman, tahririyatga ertaroq yetib borib, yozuv stoliga o‘tirishim, materialni ertagacha tayyorlashim kerak. Nima qilishni bilmay, uyoq-buyoqqa yurayotgan edim, Otajon... qo‘liga torini olib, qo‘shiq boshlab yubordi. Shogirdlari unga jo‘r bo‘lishdi.
Hali-hanuz shu dilbar kontsertni eslab yuraman. O‘shanda men Otajon ijrosidagi qo‘shiqlarni u bilan deyarli yonma-yon o‘tirib tingladim, o‘ziga xos ijro mahoratini ko‘rdim, qo‘shiq so‘zlarini buzmay, aniq-ravshan ifodalashidan mamnun bo‘ldim. Va yana — samolyot uchmay, hammaning peshonasi tirishib turgan payt edi. San’atkorlar Toshkentdagi muhim bir tadbirga kech qolishdan xavotirda edilar. Shunday bo‘lsa-da, Otajon muxlislarning ra’yini qaytarmadi. “E, o‘zimning ashulam chiqib turibdi-ku”, desa bo‘lardi. Yo‘q, u bunday demadi. Bamisoli shu bugun, shu yerda kontsert berishi rejalashtirilganday, yaxshi kayfiyatda qo‘shiq boshladi.
Albatta, birinchi tasavvur hamisha ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. O‘shanda nomi elda mashhur bu hofizning ijro mahorati bilan birga ajib bir samimiyati, muxlislariga hurmatidan ko‘nglimda yorug‘lik paydo bo‘lgan edi. Komiljon Otaniyozovday ulug‘ san’atkordan “Sizdan keyin sahnada kim qoladi?”, deb so‘raganlarida, u kishi xorazmcha lutf bilan aynan shu yigitchaning nomini tilga olgani bejiz emasligini ham tushundim. Bu — juda katta ishonch, sahna hayoti nihoyasiga yetayotgan, kasallik xuruji tobora vujudini iskanjaga olayotgan keksa hofizning ilinj-umidi edi chog‘i. Keyinchalik boshqalardan ham shunday fikrlarni eshitdim. Hofiz bilan uzoq yillar yonma-yon turib kuylashgan, do‘st-qadrdon bo‘lishgan kishilarning xotiralari mening o‘shanda, Buxoro aeroportida, yomg‘ir shivalab, ezib yog‘ayotgan bir paytda tug‘ilgan tasavvurim yanglish emasligini tasdiqladi. Hofiz hayoti va ijodiga bo‘lgan qiziqishim ortib, kichik bir risola ustida ishlay boshladim. Shu sabab yozilgan va yozilmagan ko‘plab xotiralarni yana bir bor nazardan o‘tkazdim, tingladim, bu betakror san’atkorni yaqindan bilgan kishilarning suhbatida bo‘ldim.
“...Men Otajon Xudoyshukurovga uchinchi daryo deb nisbat bergan edim, — deydi O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon. — U shu nomdagi she’rimni eshitishni yaxshi ko‘rardi. Biror bir izdihomda, uchrashuvlarda ko‘rishsak, shu she’rimni o‘qib berishimni so‘rardi.
Otajonning qo‘shiqlari! Yuksak parda, goh nola, goh o‘tinch, goh undov, chorlov, inson ovozi yuksak imkoniyatlarining in’ikosi. Hofiz ovozi iymon jarchisiday bizni ko‘p narsalardan ogoh etadi, ruhiy olamimizni poklashga chaqiradi. Qudratli ovoz asl she’riy matn bilan uyg‘un bo‘lsa, xalqning, millatning g‘ururi ko‘rinadi unda.
Xorazm musiqa san’ati moybo‘yoqda yozilgan ulkan polotno desak, uning bosh qahramonlari Hojixon, Komiljon, Otajon...”.
Otajon haqida fikr yuritganda, bu betakror ovoz sohibining xotirasi uchun ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirayotgan taniqli musiqashunos olimimiz Otanazar Matyoqubovning xizmatlarini ham alohida e’tirof etishimiz zarur. Uning xotiralarida Otajon bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi:
“Mashhur san’atkor Juliana Pavarottining vafoti jahon opera san’atida katta judolik sifatida e’tirof etildi. Noyob ovozi va ijro mahorati tufayli Pavarotti jahonning eng mashhur va ardoqli shaxslaridan biriga aylandi.
Operaning vatani Italiya. Garchand Frantsiya, Germaniya, Rossiya va boshqa joylarda ham opera durdonalari yaratilgan bo‘lsa-da, Italiya operasi o‘z sohasida hanuzgacha peshqadamlikni saqlab kelmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, buning sabablari ravon kuylashga moyil bo‘lgan italyan tilidan boshlanadi va opera zamiridagi ko‘rkam ovoz san’ati bilan kamolga yetadi. Italiya operasining ijro uslubi musiqiy islohda “bel canto”, ya’ni “go‘zal kuylash” deyiladi. Kuychanlik, ravonlik uning ustuvor tamoyili. Operaning so‘nmas jozibasi ham shu kuychanlikda.
Olimlarning kuzatishicha, “bel canto”ning o‘q ildizlari Islom dunyosida voyaga yetgan ovoz san’atiga borib taqaladi. Odatga ko‘ra, Qur’oni Karim yoqimli va go‘zal ovozda tilovat etilishiga islom madaniyatida katta e’tibor beriladi. “Hofiz” degan tushunchaning dastlabki ma’nosi Qur’on suralarini to‘la yod olgan go‘zal ovoz sohiblarini anglatadi. Bu tushunchaning ikkinchi dunyoviy ma’nosi go‘zal ovozda chiroyli ohanglar taratuvchi san’atkorlarga taalluqli. Yaqin tarixda o‘tgan va ijrolari ohanrabo tasmalariga zarb etilgan Hoji Abdulaziz, Mulla To‘ychi, Domla Halim Ibodov, Hojixon Boltaev, Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov va boshqa ko‘plab hofizlarning merosi fikrimizning dalili bo‘la oladi.
Bundan 30 yil muqaddam ustoz Turg‘un Alimatov qiziq bir narsani tushuntirib bergan edilar. Bir kuni gapdan gap chiqib, o‘zlariga ta’sir o‘tkazgan san’atkorlar xususida so‘zlab, Hoji Abdulaziz ijrolari va To‘xtasin Jalilov bastakorligiga xos bo‘lgan ajib sir-sinoatni qayd etdilar. Keyin xuddi shunday fazilat Jo‘raxon Sultonov va Ma’murjon Uzoqov hamnafasligidagi ijrolarda ham mavjudligini aytdilar: “Ma’murjon aka ijrosida bir avj parda bor. U ham faqat ayrim hollarda, ilhom kelganda chiqib qoladi. Ajoyib hofiz bilan bir joyda bo‘lib qolsam, shu pardani poylab o‘tirardim. Nogahonda shu sayqal tovush chiqib qolsa, ikki-uch kun uning ta’sirida yurardim. Pardaning shirasini, ta’sirini so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. U bir ilohiy sir-asror va faqat ayrim san’atkorlarga nasib bo‘ladigan narsa”.
Ovozga bunday yuqori baho berilishining sababi inson hissiyotiga xos bir sifat bilan bog‘liq. Gap shundaki, muxlis — tinglovchi sevimli san’atkori ijro etadigan kuy yoki ashulaga berilib, uni ichidan o‘tkazib, go‘yo o‘zi ham qo‘shilib ijro etganday bo‘ladi. Musiqa san’atining mo‘‘jizakor qudratlaridan biri shunda. Aynan shu tuyg‘u tufayli shinavanda u yoki bu san’atkorning muxlisiga aylanadi.
Bizning avlod muxlislariga ko‘p xizmati singgan san’atkorlardan biri, marhum Otajon Xudoyshukurovning ovozi, sozi, san’ati va himmati to‘g‘risida ko‘p so‘zlar aytilgan. Muxlis va shogirdlari tomonidan nota to‘plamlari, esdalik va xotira kitoblari nashr etilmoqda. Ularda juda ko‘p qalb so‘zlari hamda qimmatli kuzatuvlar bayon etilgan. Ana shunday otashin fikrlardan biri bugungi kunning peshqadam opera xonandasi Muyassar Razzoqova tomonidan bildirilgan. Xonanda Otajon Xudoyshukurovni “o‘zbek Pavarottisi” deb e’tirof etadi. Juda o‘rinli va purma’no o‘xshatish...
— Otajon Xudoyshukurov qo‘shiqlarini bolaligimdan suyaman, — deb hikoya qiladi to‘rtko‘llik taniqli jurnalist Shirin Razzoqova. — Bu dilbar, Amu suvlariday o‘ynoqi, Xorazm lazgisiday sho‘x navolar ko‘plar qatori mening ham qalbimni rom etgan. Uning “Suvora”lari, “Seningdek”, ”Nigorimga” ”O‘ylayman”, ”Jayxun shamollari”, ”So‘yla go‘zal” qo‘shiqlari muxbir sifatidagi safarlarimiz chog‘i yuraklarni sel qilib, manzilga yetganimizni ham bilmay qolar edik.
Talabalik yillarimizda ”Tabassum qil” qo‘shig‘i yoshlar orasida rosa mashhur bulib ketgandi. Yoshlar shaharchasidagi yotohxonalarda bu qo‘shiq kunora jaranglab turardi. Shu yillari Otajon og‘aning “Shirin” qo‘shig‘i ham talabalar orasida urf bo‘ldi. Qo‘shiqni eshitib, ko‘nglim tog‘day ko‘tarilar, undagi qalbga yaqin satrlarni eshitib quvonardim. Boz ustiga hamxona qizlar ”hamyurtingiz sizga atab qo‘shiq kuylayapti” deb, meni quvontirishardi...”.
— Bir gal ish yuzasidan yo‘lim Nukusga tushib, avtobus bekatida tursam, odamlar orasida endi poezddan tushgan, oq sariqdan kelgan, egnidagi uzun paltosi o‘ziga juda yarashib turgan, uyoq-buyoqqa alanglab, nimanidir so‘rashga istihola qilayotgan qirq yoshlar chamasidagi istarasi issiq bir odam diqqatimni tortdi, — deb xotirlaydi shoira Gulchehra Rahimova. — “Opa, To‘rtko‘lga boradigan avtobus bekatini topolmay turibman”, dedi u dabdurustdan menga yuzlanib. Notanish yo‘lovchiga bekatni ko‘rsatib yuborar ekanman, undan To‘rtko‘lga kimnikiga kelayotganini so‘radim. U ko‘zlari ma’yus tortib: “Otajon hofiz betob bo‘lib qolibdilar. U kishini ziyorat qilgani kelayapman. Qashqadaryodanman. Bu tomonlarga birinchi bor kelishim. Hofiz bilan tanish emasmiz, ammo san’ati shaydosiman. Qo‘llarini olsam, deb yo‘lga chiqdim”, — dedi...
Shunday odam, dilbar ovoz sohibi dunyodan o‘tdi. Osmonda chaqmoqdek chaqnab, dovuldek suron solib o‘tdi-ketdi. Uning umri sadoqatli shogirdlari ovozida, muxlislari qalbida hamisha saqlanib qoladi...”.
Istiqlol yillarida butun mamlakatimizda bo‘lganidek, qadim qoraqalpoq tuprog‘ida, xususan, Ellikqal’ada ham buyuk o‘zgarishlar yuz berdi. Sobiq tuzumning kaltabin siyosati tufayli Orolbo‘yida yuz bergan ekologik halokat oqibatlari nechog‘li jiddiy bo‘lmasin, qoraqalpoq halqi davlatimiz rahbarining alohida mehri, e’tibori, hukumatimiz belgilayotgan chora-tadbirlardan ruhlanib, jamiyat hayotini isloh qilish, yangi yosh avlodni tarbiyalash, buyuk kelajagimizning mustahkam iqtisodiy-ma’naviy asoslarini yaratish yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilmoqdalar. Qoraqalpog‘istonlik yoshlar ilm-fan, badiiy ijodkorlik, amaliy va tasviriy san’at sohalarida jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritishayotgani ayniqsa quvonarli. Keyingi yillarda birgina Ellikqal’a tumanidan bir qator yosh ijodkorlar yetishib chiqdi. Bu yerda Otajon Xudoyshukurov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan an’anaviy tanlov milliy madaniyatimiz va san’atimiz daryosini yangi jo‘shqin irmoqlar bilan to‘ldirmoqda. Bu yerga kelib, qadim qal’alar qoshida xayol surmagan, olis moziyning nafasini his etmagan ijodkorlarni topish qiyin. O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov, xalq shoirlari Jumaniyoz Jabborov, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid, To‘lan Nizom, Mahmud Toir, shoirlar Erkin Samandar, Toshpo‘lat Ahmad, Oshiq Erkin, Azim Suyun, Matnazar Abdulhakim, Mirpo‘lat Mirzo, Komil Avaz, Tursun Ali, Qo‘chqor Norqobil, Xosiyat Rustamova, Salim Ashur, Rustam Musurmon va yana boshqa ko‘plab ijodkorlar moviy Aqchako‘l bo‘yida, Ayozqal’ada ilhom bilan haroratli satrlar bitishgan. Andijonlik shoir Shukur Qurbonning Ellikqal’aga sayohati natijasida “Ellikqal’a daftari” nomli to‘plam yuzaga keldi. Aqchako‘l — donishmand Orolning kichik bir qatrasi, qirg‘og‘iga yaxshi niyatga kelgan har bir insonga bag‘rini ochadi, dilini munavvar tuyg‘ular bilan yoritadi...
Shu satrlarni qog‘ozga tushirayotganimda, radiodan Otajonning ovozi yangrab qoldi.
Umr qisqa, manzil uzoq,Yillar bizdan ketar yiroq.Mangu qo‘shiq kabi guvlab,Esar Jayxun shamollari.Beixtiyor hofizning boshqa, dil-dilimizga singib ketgan qo‘shiqlarini eslayman. Ular go‘yo Otajon uchun aynan yozilganday, Otajonning dardlarini, ko‘ngil izhorlarini oshkor qilayotganday tuyuladi: “Sochlaringga tushsa hamki oq, peshonangni bossa ham ajin, kirganda ham gavdamga titroq, eshigingdan o‘tarman bir kun...” yoki: “Umr — yo‘l, qayrilish ko‘p, uchrashish, ayrilish ko‘p. Unutish, aytilish ko‘p, lekin hech qachon chiqmas yodimdan, sening yurishlaring, sening kulishlaring...” (Omon Matjon she’rlari).
Ha, umr chindan ham yo‘l, bizlar esa — yo‘lovchi. Bir qarasang, bu yo‘lning adog‘i yo‘qday — otda chopsang ham, qush bo‘lib uchsang ham oxiri ko‘rinmaydi. Bir qarasang, yo‘lga otlanishingga arzimaydigan masofa — Maxtumquli bobomiz aytganidek, “chapingdan o‘ngingga boqqancha bo‘lmas”. Boz ustiga, ayrilishu qayrilishlari, nogahoniy zarbalari, o‘ydim-chuqurlari ko‘p. Goh yolg‘izlik azobidan ezilasan, yo‘lingdan adashasan, goh xush-noxush kimsalarga duch kelasan, oylab, yillab safardoshlik qilasan. Boshqa yo‘l yo‘q, chora ham yo‘q.
Umr yo‘li kim uchun uzun, kim uchun qisqa. Bu yo‘lda hamma bir tomonga qarab yuradi, bir manzil sari intiladi, ortga qaytib bo‘lmaydi. Umr asli bir savdo. G‘avg‘oli savdo. Shu savdo bitgunicha yo‘lovchilik qilamiz.
Otajon hofiz o‘zining uncha uzun va uncha tekis bo‘lmagan umr yo‘lini odob, himmat va g‘urur bilan bosib o‘tdi. Nachora, u ham bu foniy dunyo yo‘llaridagi bir yo‘lovchi edi-da. Taskin shuki, uning ezgu amallari, chaqmoqdek umri, go‘zal qo‘shiqlari umr yo‘llarida hali davom etayotgan yo‘lchi muxlislari, el-yurti xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Biz uning “Suvora”larini hali ko‘p sog‘inamiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 40-sonidan olindi.