Keyingi yillarda ulug‘ shoirning 10 va 20 jildli mukammal asarlar to‘plamlari nashr etildi, hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy monografiyalar, adabiy-badiiy kitoblar, shuningdek, haykaltaroshlar, rassomlar, bastakorlar tomonidan rang-barang asarlar yaratildi.
Yangi davr voqeligi Alisher Navoiyning xalqimiz va jahon madaniyati, ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yanada keng targ‘ib etish, ul zotning ijodi va ma’naviy merosini aslicha, mohiyatini teran tushungan holda tadqiq, talqin va targ‘ib etish borasida yuzaga kelgan imkoniyatlardan izchil, samarali foydalanishni taqozo etmoqda.
Bu bejiz emas, albatta. Zotan, navoiyshunos olimlarimiz haqli e’tirof etganlaridek, Navoiy merosi jahon adabiyoti namoyandalari Homer va Dante, Rumiy va Hofiz, Shekspir va Pushkin meroslari singari ulug‘dir. Shu bois o‘z hayoti va ijodi bilan Mashriqu Mag‘rib xalqlari madaniyatini o‘zaro yaqinlashtirgan buyuk shoir va mutafakkirning noyob asarlarini dunyoning turli tillariga tarjima qilish, nashr etish, ommalashtirish, bu boradagi har qanday xayrli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash tom ma’noda davr talabiga aylandi.
Bu haqda so‘z yuritganda, yaqinda Polshada Alisher Navoiyning dilbar g‘azallaridan bir turkumi o‘zbek va polyak tillarida alohida kitob holida nashr etilgani e’tiborga loyiq ma’rifiy voqea bo‘lganini ta’kidlash lozim.
Taniqli tarjimon Yanush Kjijovskiy tomonidan tayyorlangan ushbu to‘plamning ilk nusxasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga taqdim etildi. Bu yangi kitob va, umuman, Navoiy asarlari Polsha Milliy kutubxonasi katalogidan joy olgani ham e’tiborni tortadi.
Buyuk ajdodimiz asarlarining polyak tiliga tarjimalari muallifi Ya.Kjijovskiy Polsha Tibbiyot akademiyasida va Varshava universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. Berlindagi Gumboldt universitetida fan doktori ilmiy darajasini yoqlagan.
Ayni vaqtda Ya.Kjijovskiy Zahiriddin Muhammad Bobur nazmiy javohirlaridan bir shodasini ham polyak tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirdi. Ushbu to‘plam 2013 yili Varshavada “Indo-Polish Cultural Committee” nashriyoti tomonidan chop etilgan. Kitobning kirish qismidan ulug‘ shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyati, shuningdek, she’riyati tahlil etilgan maqolalar o‘rin olgan.
Eng muhimi, to‘plamda Bobur nazmiy javohirlaridan sara namunalar berilgani tahsinga sazovordir. Nega deganda, shu paytga qadar dunyoda asosan “Boburnoma”ni tarjima qilish hamda tadqiq etish, Bobur va boburiylar sulolasi tarixini o‘rganishga e’tibor qaratilgani holda, Bobur she’riyatini turli tillarga o‘girish va keng targ‘ib etish masalasi e’tibordan bir qadar chetda qolib kelayotgani sir emas. Polyak tarjimoni Ya.Kjijovskiy tomonidan taqdim etilgan Boburning polyak tilidagi saralangan she’rlar to‘plami bu boradagi bo‘shliqni to‘ldirishda jiddiy va muhim qadam desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Yana bir ahamiyatli jihat – to‘plamni tayyorlashda Sharq she’riyatining devon tuzish an’analariga rioya qilishga intilish kuzatiladi. Ya’ni Boburning nafaqat g‘azallari, balki boshqa she’riy janrlarda bitilgan asarlaridan ham namunalar polyak tilidagi ushbu to‘plamga muayyan tartib bilan kiritilgan. Xususan, kitobdan Bobur qalamiga mansub 116 ta g‘azal, 146 ta ruboiy, 5 ta qit’a, 16 ta fard va 8 ta masnaviy, jami 291 ta she’riy asar tarjimalari joy olgan.
To‘plam oxirida muxtasar lug‘at ham ilova qilingan. Bu, o‘z navbatida, Bobur nazmiy asarlarida qo‘llanilgan eski o‘zbek tilidagi ba’zi murakkab so‘z va atamalarni, milliy mumtoz adabiyotimiz an’analari, xalqimizning olis tarixi bilan bog‘liq ayrim muhim tushuncha va istilohlarni bilish hamda to‘g‘ri talqin qilishda polyak kitobxonlariga yaqindan ko‘mak beradi.
Dilbar shoirimizning go‘zal she’rlari tarjimalaridan jamlangan ushbu nazmiy guldasta faqat polyak kitobxonlari uchun ajoyib tuhfa bo‘libgina qolmay, ayni chog‘da xalqimiz ma’naviy hayotida ham muhim voqeadir. Nega deganda, Bobur she’riyatini uning vorislari bo‘lgan biz ham tom ma’noda o‘qib-o‘rganishga kirishganimizga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Chunki mustabid sho‘rolar zamonida qanchadan-qancha mo‘‘tabar ajdodlarimizning nomlarini tarix sahifalaridan butunlay o‘chirib yuborishga harakat qilinmadi, deysiz.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng xalqimizning tarixiy xotirasi qayta tiklana boshladi. Ulug‘ ajdodlarimizni yod etib, ularning ma’naviy merosini o‘zlashtirishga kirishdik. Aynan shu davrda o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z yurtida haqiqiy qadr-qimmatini topdi.
Shu ma’noda, polyak tarjimoni Ya.Kjijovskiyning va bu nodir kitobni polyak tilida alohida to‘plam holida nashr etishga aloqador boshqa barcha insonlarning ezgu ishlarini yuksak qadrlagan holda, davlatimiz rahbarining quyidagi so‘zlarini keltirish maqsadga muvofiqdir: “Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan har qancha faxrlansak arziydi. O‘zbek xalqining dovrug‘ini dunyoga taratgan ulug‘ ajdodlarimizdan biri o‘laroq, ul zot bizni tariximizni qadrlashga, kelajakka buyuk ishonch bilan qarashga o‘rgatadi. Bobur Mirzo bobomizning siymosini abadiylashtirishga qo‘l urgan insonlarga samimiy minnatdorlik bildiraman”.
Bugungi globallashuv zamonida, shiddat bilan o‘zgarayotgan, xalqlar, millatlar, turli din vakillari o‘rtasida inoqlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik xislatlari, afsuski, tobora tansiqlashib borayotgan murakkab dunyoda Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining milliy va umuminsoniy g‘oyalar tarannum etilgan boy ma’naviy merosi jahon miqyosida xalqlar do‘stligini mustahkamlash, butun yer yuzida tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash borasida ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Ulug‘ ijodkor bobolarimizning qalb gavhari va tafakkur durdonalari bo‘lmish boqiy asarlari zamonlar osha yashab kelayotgan ekan, bu buyuk merosdan bashar ahlini qanchalik ko‘p bahramand etsak, ona sayyoramizda ma’naviyatni yuksaklikka ko‘tarishda, insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz.
Akmal Saidov,
professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 48-sonidan olindi.