OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Amir Temur va Yildirim Boyazid orasidagi maktublashuv

Amir Temurning Yildirim Boyazidga yozgan ilk maktubi:

Ey Rum eli diyorining podshohi, Yildirim Boyazid!
Avvalo,  shuni uqib olki, biz o‘z kuch-qudrati va iqtidori ila insoniyatning katta bir qismini o‘zimizga tobe’ qilgan hukmdorlarmiz. Bunday misli ko‘rilmagan ishni o‘z jiddu-jahdimiz bilan qildik, sen kabi iqtidorni (hokimiyatni) ota-bobolarimizdan meros qilib olmadik. Yaxshilikcha, Qora Yusuf bilan Ahmad Jaloyirni yurtingdan surgun qilib, chiqarib yubor. Bizga va buyruqlarimizga bo‘ysunmagan hukmdorlarning oqibatlari haqida eshitgan bo‘lsang kerak. Senga ham ularning boshiga kelgan musibatlar kelishidan ehtiyot bo‘l!

Yildirim Boyazidning Amir Temurga ilk javobi:

Ey qari ko‘ppak! Sen zolim kofirlarning eng ashaddiysisan. Maktubingda bizni qo‘rqitib, hiyla bilan chuv tushirmoqchi bo‘libsan. Usmonli sultonlarini ajamlarning podshohlariga o‘xshata ko‘rma. Usmonli askarlari Qipchoq o‘lkasidagi tatarlar kabi nimjon, hindlar kabi bo‘shang, ahmoq va yalqov emasdirlar. Usmonli askarlari Iroq va Xuroson askarlariga o‘xshagan hamiyatsiz va parishon emas, balki nihoyatda g‘ururli askardirlar. Shuningdek, sen Usmonli askarlarini Shom va Halab (Mamluk) askarlariga ham o‘xshatma...
Bu maktub qo‘lingga yetib borganidan keyin, kimda kim jang maydoniga kelmay ortga chekinsa, uning xotini uch taloq bo‘lg‘ay!    

Amir Temurning Yildirim Boyazidga yozgan ikkinchi maktubi:

Sen o‘zingni Alloh yo‘lidagi mujohid, bizlarni esa nohaqdan qon to‘kuvchi kofir hamda meni munkillab qolgan bir jangchi deb o‘ylaysan, chog‘i?! Bilki, men o‘tgan umrimning qirq yilini Xudo uchun jihod qilishga sarflagan odamman. Faoliyatim davomida qanchadan-qancha qal’alar va o‘lkalarni fath qilib, yer yuzini chirkinlik va iflosliklardan tozalash bilan mashg‘ulman. Ammo shu onda o‘tgan kunlarimdan ko‘ra yanada qat’iyatli, yanada jiddiyroqman. Olib borilgan kurashlar asnosida qanchadan qanchasini itoat qildirganmiz, ko‘pchilik bu yo‘lda biz uchun jonlarini fido qildilar. Shunday ekan, nega sizlar bizga itoat qilishdan, bo‘ysunishdan bosh tortmoqdasiz? Ustiga-ustak mening yoshim senikidan ko‘ra ulug‘roq.
Bugunga qadar qaerga yurish qilmayin, juda ham qisqa muddatda o‘sha yerni qo‘lga olganman. Sivasni ham qisqa muddatda bosib oldim. Sen esa Malatiyani qurshab olding, to‘rt oylab qamal qilding va lekin baribir bosib ololmasdan chekinishga majbur bo‘lding. Ayni damda ham Sinop qal’asiga hujum qilib, hamon bosib ololmayapsan.
Ilk maktubingdagi kabi tahdid va g‘ururga berilma, aql olmas so‘zlarni ishlatishga jasorat qila ko‘rma. Vaholanki, Sivasda asir olgan odamlaring orqali hozirgi ahvolingdan xabardorman. Qolaversa, musulmon musulmonni ranjitishi, xon va mollarini xarob qilishi joiz bo‘lmagan ishdir. Shunday ekan, to‘g‘ri javob yozishni fazilat bilib, o‘zingni va xalqingni xarob bo‘lishdan qutqarib qol.
Biz bilan sulh tuzib, ma’zuringni ifoda qilgan javob maktubi yozsang, sen bilan oramizda do‘stu birodarlik rishtalari bog‘lanadi. Natijada kofir Frankka qulay fursat bermagan bo‘lasan, biz ham Sivasni tark etib, orqaga qaytamiz. Bizning niyatimiz sizlarni kuchsiz holga solib, o‘zingiz bilan o‘zingizni ovora qilib, kofirning  diniga yordam berish emas! Bizni ham, askarlarimizni ham kofir, dinsiz, buzuq e’tiqodli mazhab egalari va xunuk odatli insonlar deb xomtama bo‘lma! Askarlarimizning ota-bobolari musulmon bo‘lishgan, ular musulmonlarning farzandlaridir. Qanday qilib ular hidoyatda bo‘lmasliklari mumkin? Qolaversa, Usmonli askarlarining aksari kofirlardan tashkil topgani hech kimga sir emas.
Oliy maqsadimiz: Jahonni fath qilishdir. Saltanatimiz nomiga xutbalar o‘qilib, tangalar bosilayotir. Musulmonlarning eng buyuklari – Ulul-Amr ekanligimizga zarracha shak-shubha yo‘qdir! Bizning nasl-nasabimiz El Xoni Oli sha’nga (el xonlarining shonli oilasi) borib taqaladi. Agar samimiy salomingiz va go‘zal ifodalar aks etgan maktub yuborsangiz har ikki tomonda ham biroz iliqlik va hurmat paydo bo‘ladi. Aks holda, qalamlar o‘z ishini qilichga topshiradi. Vassalom!

Yildirim Boyazidning Amir Temurning ikkinchi maktubiga javobi:

Zamonasining jahon sultoni – Temur Ko‘ragoniy!
Sivasga kelib yerlashishingni, bizning Tabrizga qarab yo‘nalganimizga solishtirib,  beo‘xshov qiyoslash qilibsan. Vaholanki, biz Kefedan Shirvonga borib, u o‘lkani bosib olsak, kim bizga qarshilik ko‘rsata olardi? Qipchoq xalqi sizdan bezigani uchun biz bilan istiqomat qilishni ma’qul ko‘rishmoqda.
Malatiya va Sinop borasidagi iddaolaringiz ham noto‘g‘ri. Urush ba’zi sabablar yuzasidan to‘xtatildi, bizning askarlarimiz ozligi, sizning askarlaringiz ko‘pligi sababli yengilganimiz yo‘q.  Kastamon va Karaman hokimlarining xiyonatlari va o‘sha vaqtda fursatdan foydalanib, ba’zi viloyatlarimizga hujum uyushtirishlari, bizning Malatiya va Sinopdagi qamalimizni kechiktirib qo‘ydi.
Shuni yaxshi bilki, otam Ertug‘rul Xon uch yuzga yaqin askari bilan Hulagu Tatarlarining o‘n mingini yer tishlatgan va Olouddin Kayqubodning ustidan g‘olib bo‘lgan. Shundan keyin davlatni boshqarish sharafiga noil bo‘lgan, qirollik hirqasini kiygan. Allohning lutfi ila Saljuqiylar oilasi o‘rniga idorani o‘ziga olishi hech qanday isyon yoki to‘ntarishlar bilan yuzaga kelmagan.
Usmon Bey taxtga o‘tirishi bilanoq, yer yuzining to‘rt burchagidagi kofirlarga qarshi kecha-kunduz ikki yuz mingdan ortiq askari bilan jang qilgan.
Bugun saltanatimizning yulduzining to‘rtinchi halqasi yurtni boshqarilmoqda. Shu kungacha biz fath qilgan qal’a va shaharlarning adadi bizdan oldin o‘tgan sultonlarning xayollariga ham kirmagan. Bizning nazarimizda, dunyo va undagi ne’matlar Alloh yo‘lida jihod qilish oldida somon cho‘pichalik qadrsizdir. Usmonlilar askariga Abdulloh o‘g‘li (ya’ni, musulmonzoda) deb xitob qilishdan g‘ururlanamiz. Chunki butun sahobayi kiromning otalari kofir bo‘lsalar-da o‘zlari musulmon bo‘ldilar. Bunday musulmonlar insofsiz musulmonzodalardan ming chandon ustundirlar.
Sizga Sivasga harob qilib, ahli Islomning izzat-obro‘sini poymol etganingizdan so‘ng nima ham deyish mumkin? Siz o‘z ayblaringizni yopishga urinmoqdasiz. Arab va fors tillarida kelgan maktublaringizda achchiq po‘pisa, qo‘pollik, kibr va g‘ururdan boshqa hech narsa yo‘q. Usmonlilar oilasi hiyla bilan o‘lkalarni o‘zlariniki qilib olmaganlar.
Maktublarimiz oliy aqlli davlat arkonlarimiz bilan maslahatlashilgan holda bitildi.

Amir Temurning Yildirim Boyazidga yozgan uchinchi maktubi:

Xabarlarni Sungur Chovush va Hoji Boyazid orqali yo‘llaganimiz rost.
Sizlarning kofirlar bilan jang olib borayotganingizdan xabardormiz. Biz ham bu tomonda Gurji kofirlari bilan jang qilmoqdamiz. Albatta bu holatdan siz ham, biz ham baxtiyormiz. Bu ikki taraf uchun ham juda manfaatlidir. Yozganlarimizda zarra qadar shak-shubha yo‘q.
Agar sulh tuzishga erishilsa, Misr bilan oramizni tuzatishga oid shartingiz rad qilinadi. Chunki eski Misr voliysi elchilarimizdan Iroq va Ajamlar nazdida juda ham hurmatli sanalgan Bahouddin Sovjini nohaqdan o‘ldirdi. Shuningdek, uzoq vaqtdan buyon zindonda ushlab turilgan Ko‘ngiltoshning ozodligini so‘raganimda buyrug‘imga itoat etmasdan, sho‘ri qurg‘ur begunohni ham nohaqdan qatl etdi. Biz Shom va Halabga kelganimizda Misrda “Hoji” nomli elchilari kelib zindondagi O‘tlamishni Halabga jo‘nataylik, dedilar. Endi sening “Misr voliysi bo‘lgan kimsa bizning o‘g‘limizdir” deyishingni ham munosib ko‘rmadik. Uni “Sultonul-Haramayn” (ikki muqaddas yer sultoni) laqabi bilan nomlashing ham to‘g‘ri emas! U “Mujavirul-Haramayn” (ikki muqaddas yerning qo‘shnisi) deyishingga ham loyiq emas, aslida.
Dushmanlarimizni o‘zingizga yaqin va do‘stlaringiz qatorida sanamangiz! Saltanat ishlari jiddiylikni, qat’iyatlikni talab qiladi. Juda ham ahamiyat berilishi kerak bo‘lgan jihatlari bisyor. Ahmad Jaloyir hozir Bag‘dod yaqinida ekan, biz ham u yerga askarlarimizni jo‘natdik. Agar u yana siz tomonga qochib kelsa, uni himoya qilib yonini olmangiz, bil’aks, tutib bizga taslim qilishingizni talab qilamiz. Ayni damda Erzinjonga borib, yerini  ko‘kka sovurish uchun sarhadda turib, elchilaringizning kelishini kutmoqdamiz...

Yildirim Boyazidning Amir Temurning uchinchi maktubiga javobi:

Misr hokimi bilan orangizda bo‘lib o‘tgan voqealar haqidagi fikrlarimizni to‘g‘ri tushunmabsizlar. Biz istasak, Misrni xohlagan paytimiz fath etishga qodirmiz. Ahmad Jaloyir yana Usmonlilarning tuproqlariga qaytsa, Qora Yusuf bilan birga ikkisini sizlarga taslim qilishimizni so‘rabsiz. Ma’lumingizkim, Hulagu “Dorus salom”ni olib, Eronning katta hududini bosib olgan vaqtda xalifaning amakisi bolalaridan bir-ikkisi Misrga, Qohira voliysi Baybarsdan yordam so‘rab borib, uning himoyasiga kirdilar. Hulaguning Bog‘dod voliysi Qorabog‘a No‘yon Baybars bilan jang qildi. Xalifaning amakisini Misr askari deb o‘ylab, uni o‘sha yerda qatl qilishdi. Qochib qutulib qolganlar esa hozirgacha Qohirada jon saqlashyapti, Hulagu Xon esa ularni qaytarib olmadi, ortidan ham ta’qib qilmadi. Endi esa bu do‘stingizni (ya’ni meni) ta’zirini yegan bir-ikki kishini himoyamga olganim uchun ayblashingiz to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zero, Hulagu bu kabi juz’iy mayda ishlardan voz kechgan edi.
Sizdan istagimiz: Sivas va uning hududlarini tark etishingizdir. Agar shunday qilsangiz, sizlarning bizga nisbatan hech qanday xusumatingiz yo‘qligini namoyon qilgan bo‘lasiz. Lekin har qanday holatda Allohning taqdiridan qochib bo‘lmaydi, nima bo‘lganda ham bizning hech kimdan qo‘rqadigan joyimiz yo‘q!

Amir Temurning Yildirim Boyazidga yozgan to‘rtinchi maktubi:

Shu ongacha sulh qilishga urindim va nihoyat, Sivasga kelishga majbur bo‘ldim. Kofirlarning tegirmoniga suv quymaslik, Islom diyorlarini xarob qilishdan andisha qilib, Shom tarafga ketayotib, Misr azizidan intiqomimizni olib qaytdik.
Sizning xasta ekanligingiz xususidagi gap-so‘zlarni eshitsak-da, buni o‘zimizga qulay fursat deb bilib, foydalanib qolmadik va bunga parvo ham qilmadik. Ammo sizlar fursatdan foydalanib, bizga tegishli bo‘lgan Erzinjonga kelib, voliyimizni ranjitdingiz. Bizning voliyimiz bo‘lgan Tahartan (Muttahartan) oramizda sulh tuzilishidan umid qilib, sizlarning bunday qilganingiz uchun pushaymon bo‘lganingizni bizga xat orqali bayon qildi. Biz ham unga ishondik va sulh uchun kelishuvga rozi bo‘lishingizni o‘ylab, bir necha marta maktub yozib jo‘natdik. Ammo borgan sari siz o‘z fikr doirangizda sobit qolmoqdasiz.
Sizlarning bizga va askarlarimizga nisbatan kofir va kofirdan ham ashaddiy kofirlar degan gapingiz har yerda ovoza bo‘ldi. Elchilaringiz Sungur va Ahmad uzoq vaqtdan beri bizning yonimizdadirlar. Musulmonligimizni va e’tiqodimizni biladilar. Maqsadimiz Kefe va Qrimga yo‘nalish ekan, Shirvonga qaytib kelib yana Erzinjondan u tomonga borishga majbur bo‘ldik. Samarqandda qolgan o‘g‘lim Mu’niddin Muhammad va Sulton Bahodir ham lashkarlari bilan bizga qo‘shiladilar. Istagimiz Erzinjonga bormasimizdan va askarlarimiz shahringizga kirmaslaridan oldin Sivas, Malatiya, Elbiston, Erzinjon va Kemahning bizga taslim etilganligi borasida ishonchli bir ahdnoma yuborishingizdir.
Men sulhga qarshi emasman, balki sulh bo‘lishini ko‘proq men istayman. Bu kelishuvning bir nusxasi Makkai mukarramadagi Bobul Haromda yopiq bir joyda saqlansinki, keyin kimning bu kelishuvga qarshi yoki qarshi emasligi ma’lum bo‘ladi. Ushbu maktub Sungur, Ahmad va Hoji Boyazid orqali yuborildi.

Yildirim Boyazidning Amir Temurning to‘rtinchi maktubiga javob maktubi:

Temur Ko‘ragoniy hazratlari! Ahdnoma haqida yuborgan maktubingiz men Sivasga yetib kelgandan keyin qo‘limga kelib tushdi. Men shu paytda kelishuv hozirligini ko‘rayotgan edim hamki, nogahon kelishuvga qarshi bir maktub Qoramon qo‘zg‘olonchilari qo‘lidan qirol qo‘shini qo‘liga yetib bordi va kelishuvning kechikishiga sabab bo‘ldi. Davlatimiz arboblarining kelishuvlari asosida shu qarorga kelindi.
Ikkinchi maktub esa tartibsiz vaziyatda yozilib, elchi orqali jo‘natildi. Qoramon jamoati eskidan bizning sulolamizga nisbatan dushmandir, ular elchimizni o‘ldirib, fitna yaxshigina kuchayguniga qadar bizdan xatni berkitishdi. Vaziyatlar yana iziga tushib ketishi ehtimoli borligini sezib, bu safar ba’zi razil kimsalarni jo‘natib, bizni shubhaga tushirib qo‘yishdi. Mazkur kimsalarning qo‘liga tushib qolib, kechikib borgan xatimizning sababini bildingiz.
Bu holatni tilyog‘lamalik deb o‘ylasangiz – yo‘q! Bizning aslo dushmanimizdan yuz o‘giradigan odatimiz yo‘qdir. Sulh va jangning jazosi ham, mukofoti ham bunga sabab bo‘lgan tomonga oiddir. Agar kim bir fitnaga sabab bo‘lsa, Alloh taolo uning jazosini bersin!

Abdulloh Rahimboyev tayyorladi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.