OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqar Mahkam. Adabiyot ibodati (shoir Shavkat Rahmon hayoti va ijodiga chizgilar)

Ey gulim,
Ko‘zlarga yoshlar to‘lganda
Soyamiz qo‘shilgan damlarni eslang!
 
Shavkat Rahmon

…U yuzini ters o‘girdi.

— Nimaga keldingiz?

Nafasi siqilib, butun vujudi bo‘g‘riqqan, yuz tomirlarigacha taranglashib, tobora qorayib borayotgan daryo toshlaridek zaxali, o‘ydim-chuqur yuzi endi burungidek qoya toshni eslatmas; o‘shlik musavvir polotnosidan boqib turgan burgut nigohlardan asar ham qolmagan; ayovsiz dard bilan olishavermoqdan tinkasi batamom qurigan; ketmonchinikiga o‘xshash baquvvat qo‘llariga botgan ignalarning son-sanoqsiz izlari o‘rnida ko‘kish-qora dog‘ bilaklariga yoyilib, tok zangiga o‘xshayozgan; qadimgi yunon haykaltaroshlarining havasini keltiruvchi mardonavor va asl o‘zbekona qiyofadan bir burda et qolgan; qattiq va tig‘iz sochlariga so‘nggi paytlarda tuyqusdan yog‘ilgan oq qirovlar endi qirq olti  yoshni qoralagan zabardast shoirni yetmish yashar munkillagan mo‘ysafidga aylantirgan edi. «Mo‘ysafid» nafas ololmasdi. Ko‘kragi tobora siqilib borar, uning boshida izillab turgan ayoliga xona havosizlikdan portlab ketadi-yu derazada turgan va gazi chiqarib yuborilgan mineral suvning idishi qayoqqadir uloqib ketadigandek tuyulardi. Nafsilamrini aytganda, ayolning nazarida havo faqat xonada jon talvasasida yotgan bemorning ko‘ksidagina emas, butun koinotda tugab qolgandek, endi o‘zi ham bu ko‘zga tashlanmaydigan tansiq ne’matga to‘ymayotgandek edi.

— Nimaga keldingiz?..

Men ruhoniyati cho‘qqilardek o‘ktam va qaysar, hech qachon hech kimning qoshida bosh egmagan, jismining har zarrasida mardlik, halollik, to‘g‘rilik, sodiqlik, e’tiqod, nomus va go‘zallik yashagan shoir ayni paytdagi holatiga toqat qilolmayotganini his qilardim. Bunday bo‘lishi mumkin emasdi. Dard nomardlarcha uni oyoqdan olganiga, bir qultum havo uchun butun vujudini qon qaqshatayotganiga chidayolmasdi. Yo‘q, o‘limdan qo‘rqadiganlardan emasdi. U boshqacha o‘limni istardi va hatto  o‘shandek bir o‘limni yashirin orzu qilardi. Deylik, she’rlariga o‘xshash go‘zal, ayovsiz, achchiq, fojiali va kutilmagan o‘limni… Men hech narsa demadim. Hammasi kundek ayon edi. So‘lg‘in ko‘zlarining tubida qotib qolgan «turkona» (bu uning iborasi) bitiklar o‘zbek she’riyatining Alp Tegini umrining oxirgi lahzarini yashayotganini tasdiqlardi. Bu bitiklarda millat qismatining bor fojea va musibatlari, tashqi dushmanlar qutqusiga uchib bir-birini ayovsiz qirg‘in qilgan jigarlar, Pomir-Oloy tizmalarida qolib ketgan beg‘ubor bolalikning uchqur xayollari, O‘sh ostonasida uning yo‘llariga ko‘z tikavermoqdan qorachig‘lari yo‘llarga to‘kilgan va nihoyat, dovon osha Toshkentga kelib, jon talashayotgan bolasining holsiz vujudi yonida Xudoga  nola qilayotgan onaizor (qaynona) lablarining pichir-pichirlari, sambit qomatli suluv qizlarining bo‘yiga boqib, ularga kahkashondek baxt orzu qilgan ayolining ma’yus xayollari, yagona Shohruxning beg‘ubor va sodda nigohlari… va yana ko‘p narsalar ifodalanayotgandek edi. «Turkona» qarashlar cho‘g‘idan kul to‘kilib borar, asl «turkona» zarbdan shukuh ketib bormoqda edi. So‘z aytish, ko‘ngil ko‘tarishdek bema’nilik xayolimga ham kelmadi. Jim uning nigohlariga boqdim va xonani tark etdim. Qaytib bormadim. Endi borib bo‘lmasdi. Rostini aytganda, o‘zim ham uni bu holda ko‘rishni istamasdim.

Toshkentning Talabalar shaharchasi yonboshidagi onkologiya markazi binosi joylashgan daraxtzor hovlida yurgan odamlarning qiyofasida ham allanechuk mung bor edi. Asosan saraton kasaliga chalinganlar bilan shug‘ullanuvchi duxtirlarning ahvolini tasavvur qilishga harakat qildim. Ular bemorlarga qanday qilib umid bag‘ishlashar ekan? Nega chorasiz bu dard qoshida ojizligini tan olmagan tabibu tabobat deyarli qolmadi? Nahotki, saraton o‘z changaliga olgan va olayotgan kishilarning ko‘z o‘ngida faqat saratonda qurib-qaqshab qolgan biyobondan boshqa hech narsa bo‘lmasa?.. Bu narsalarga aqlim yetmasligini bilardim. Men tobora bu dunyodagi rizqi qirqilib borayotgan «o‘jar shoir»ning qismatini o‘ylay boshladim. Ajal odam tanlamasligiga ishonsam-da, ammo bunday odamga aqalli bir oz shafqat qilish lozim bo‘lgan kuchlar bordek tuyulardi. Axir, shunday buyuk qalbni yaratib, uni qanday qilib qaytarib olish mumkin? Uning borliqqa hali qonib to‘ymagan nigohi, rayhon bo‘ylariga bo‘lgan go‘zal sog‘inchi, hamma-hamma narsaga cheksiz muhabbati, qilichdek keskir oriyati, vatan va el-yurtga bo‘lgan buyuk muhabbati haqqi-hurmati uni asraguvchi kuchlar bor deb o‘ylardim… Ammo hamma va hamma narsa saratonning qarshisida ojiz ekanligini oshkor tan oldilar.

 She’rni tom ma’noda har nechuk tutqunlikdan ozod qilgan, har qanday zohiriy sarhadlarni buzib tashlagan, so‘zga jon bag‘ishlash san’atini yaratgan, safsata, qasidavozlik, maddohlik va quruq bayonchilik, arzon pand-nasihat, matalnamo so‘zamollik, faylasuflik, ritorika va hayqiriqlar karnay-surnaylarini adabiyot maydonidan haydab solmoqchi bo‘lgan, yangi o‘zbek she’riyati maktabini bunyod etgan, jonli tilning bor imkoniyatlarini amalda qo‘llay olgan, ramziy ifodaning qiroli, majoz tanlash, jilovsiz ehtirosni so‘z bilan bo‘yinsundirishni ilk bor joriy qilgan va yalang‘och haqiqat tuyg‘usiga ilohiylik libosini kiydirgan  so‘z sehrgari omonsiz dard changalida surunkasiga uch yuz oltmish olti kecha-kunduz olishib, hali tugallanmagan she’ridek jon taslim qildi. Balki Paganini shunday jon bergandir, balki Mashrab ham shunday holatda dor ostiga borgandir. Balki Lorka… Ammo ular o‘z ahvolidan «xijolat» chekmagan. Dor to‘shak emas. U buni yaxshi bilardi va qachonlardir jangda qurbon bo‘lish  haqida so‘ylagandi. Endi esa bir qultum havo ham yo‘q, borliq olam guldirab, ayqirib, quturib nafas olib yotibdi, hatto uning Aravonida, Novqat va Sulaymon tog‘larida toshlar ham nafas olyapti. Daryolar shovillab, mirzateraklar O‘sh ko‘chalari bo‘ylab sollanib, yutoqib nafas olmoqda, maysa va giyohlar, qurtu qumursqalar, ilonu chayonlar ham nafas olyaptilar. Faqat u… bir qultum nafas olish uchun butun vujudi bilan tirishib, zo‘riqib azob chekadi.

Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
olis-olis vohalardan
tog‘larimni chaqiring,
osmon to‘la havolar
faqat menga yetmaydi.             
 
Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
ko‘zimda bir tomchi yosh,
soylar yuvsa ketmaydi.
 
Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
Peshonamning sho‘ridan
bino bo‘lgan bu daryo…
Osmon to‘la havolar
Faqat menga yetmaydi.
 
Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
Boring, qorli tog‘larga:
bir shoir yotibdi deng
Xudoning hovlisida…
Osmon to‘la havolar
Faqat menga yetmaydi…

U atrofida sarkash anhorlar bo‘yidagi xudro‘y gullarga qo‘nib yurgan ninachilardek qizlariga nima demoqchi? Nahot «osmon to‘la havolar» faqat ularning otasigagina yetmaydi? Nega faqat u butun borliqda siqilib yotgan havoga to‘ymaydi va hansirab nafas olmoqchi bo‘ladi. Ololmaydi. Bo‘g‘riqadi. Yo‘taladi. Havo jon bo‘lganda edi, havo hayotning o‘zi bo‘lganda edi, uni bermoq osonroq kechardi, ammo hammaga yetgan havo faqat ungagina yetmaydi. «Xudoning hovlisi» qaer? Dunyomi? Kasalxonami? Xudoning keng dargohiga sig‘mayotgan shoir endi uning «hovlisi»da yotibdi. Bu dargoh emas, qo‘rg‘on emas – hovli. Bu hovlidagi daraxtlar shoxidan charsillab uzilayotgan yaproqlar qismat farroshining supurgisiga ilashadi va hovlidan chetga supuriladi. Kimdir unga o‘t qo‘yadi. Burqsib yonayotgan barglarning achchiq tutuni «Xudoning hovlisi»ni tark etadi. Aslida hammamiz bu «farrosh» oyoqlari ostidagi supurindilarmiz. U bizni o‘zining ayovsiz qo‘llari bilan uloqtirib tashlaydi. Biroq hayotbaxsh nigohlaridan so‘nmas ishq nurlari taralgan, yurak-bag‘ri go‘zallikka to‘la, azaldan zil-zambil qismat yukini o‘z yelkasiga olish mas’uliyati bilan yaralgan, odamlarga faqat yaxshilik tilagan, hamma narsaga shafqat va muhabbat bilan munosabatda bo‘lishga buyurilgan,  yagona ilohiy imkoniyat – so‘z qudrati bilan insonlar hayotiga mazmun baxsh aylagan shoir shu ko‘yga tushadimi?  Nahotki undan havoni qizg‘anishdi? Nahotki…

Manzura opa, biror nafasi halol duoxon bo‘lsaydi, dedi ovozi titrab. U keyingi kunlarda qariyb erining ahvoliga tushib qolganga o‘xshardi. O‘shandek – eti borib suyakka yopishgan, o‘shandek – yuz-ko‘zlari kuyuk va dardli, o‘shandek siniq. Xayolimdan Sayyid Ne’matulloh Ibrohim o‘tdi. Shogirdi. Dalaning odami. Nafas ololmayotgan ustoziga Ko‘ktosh tomonlardan, Rangon tog‘laridan, aziz-avliyolarning marqadu mozorlaridan, erksevar laqay bobomiz Ibrohimbekning tulporlari kishnagan dala-dashtlardan ustozi uchun toza havo olib keladi, deb o‘yladim men. Ammo…

Uch yuz oltmish olti kecha-kunduz eng alamli she’rga aylandi va, nazarimda, o‘tgan asrning eng fojiali musibati sodir bo‘ldi. Bir quchoq ustuxonga aylangan shoirga dunyo nafas bermadi. Endi qirq olti yoshga to‘lgan zabardast chinorning ulkan yaproqlari bir-bir uzildi va qalqib-qalqib yerga to‘shala boshladi.

Koridorda duch kelgan Tohir aka «Shavkat o‘tibdi», dedi. «Shoira ketdi…»

Men Hofizga qo‘ng‘iroq qildim.

— Ko‘chaga chiqib turing. – Doimiy asabiy ovoz titradi.

Ko‘cha. Odamlar o‘sha-o‘sha sho‘x-shodon. Qayoqqadir shoshgan, qayoqdandir shoshib kelayotgan. Kimdir redaktsiyalarga she’r eltyapti va eng buyuk she’r jon taslim qilayotganini bilmaydi. Kimdir maqolasi qahramoni bilan suhbat qurmoqda. Moshindan tushib tahririyat binosiga yo‘l olgan mashhur tanqidchi qatag‘on qilingan adiblar haqida maqolalar yozadi va u ham qaerdadir Sibir yoqda, qandaydir GULAGlarda emas, bir chaqirim naridagi kasalxonada buyuk o‘zbek shoiri jon uzayotganini bilmaydi. Qayoqdan ham bilsin!

 Yeseninning bir holati esimga tushdi. 1922 yil. Berlin. Yesenin Oydinbog‘da M. Gorkiy bilan uchrashadi. Oydinbog‘ ayqirib yotibdi. Odamlarning baxtiyor kulgulari atrofni tutgan. Kim muzqaymoq shimadi, kim alvon pufagining bandidan tutib chopadi. Oshiq-ma’shuqlarning  qaynoq bo‘salari.

— Menga, – deydi M. Gorkiy mutlaqo ruhsiz Yeseninga, – anovi it haqidagi she’ringizni aytib bersangiz. Kuchuklari nobud bo‘lgan it…

Yesenin «Quyosh o‘ynar javdar xirmonda…»  deb boshlanuvchi va shafqatsiz sohibi yetti nafar kuchugidan judo qilgan ona itga bag‘ishlagan ma’yus she’rini o‘qiydi. Rossiyani larzaga solgan shoir mana bu satrlarni o‘qiyotib beixtiyor Gorkiyga nazar tashlaydi. Buyuk proletar adibi yig‘layotgan edi.

Botqoqlardan kechib o‘tdi loy,
Oyoqlari toldi, urindi.
Tom ustida qalqib turgan oy
Bolasiga o‘xshab ko‘rindi…
Sho‘rlik yana bolasin so‘rab,
Ko‘kka boqib uvladi xasta.
Yangi oy ham asta g‘ildirab,
Tushib ketdi ufqdan pastga.
Bechoraga ermaklab, kulib
Non o‘rniga otishgandek tosh,
It ko‘zidan yulduzlar bo‘lib
Qorga oqdi tomchi-tomchi yosh…

 (Erkin Vohidov tarjimasi)

Yesenin she’rni tugatib, Gorkiyga yuzlandi:

— Nima deysiz, she’riyat, umuman, mening she’rlarim kerakmi? Oydinbog‘ Shillersiz ham maza qilib yashayapti.

Buyuk proletar adibi Yesenin nimalarni nazarda tutayotganini bilardi. Hali she’r ta’siridan qutulmagan adib hech narsa demadi.

Mashina yo‘l chetida to‘xtadi. Orqa o‘rindiqda chopon, harakat maromini o‘zgartiradigan dastak yonida bir dasta pul.

— Qutulibdi, - dedi Hofiz parishon. -  Men hayotimda bunaqa to‘g‘ri odamni ko‘rganim yo‘q. To‘g‘rilik faqt Xudoga xos ekan, bandaga emas…

Shavkat Rahmonning o‘limi haqida Tohir Malikka yetib kelgan xabar bemahal bo‘lib chiqdi. O‘shanda Shoira (shoirning o‘rtancha qizi)  «Robita» jurnalida ishlar, Tohir Malik jurnal bosh muharriri edi. Shoir og‘irlashib qolgan kun kimdir Shoirani zudlik bilan kasalxonaga chaqirgan. Ehtimol, boyagi sovuq xabarning tarqalishiga     Shoiraning tahririyatdan yig‘lab chiqib ketayotgani sabab bo‘lgandir...

Biz kasalxonaga kirib borganimizda allaqachon do‘stlar o‘sha yerda jam edi. Mirza Kenjabek kalima qaytarar, Manzura opa butun jismiga turli xil tibbiy vositalar bog‘lab tashlangan umr yo‘ldoshining boshida nima qilarini bilmay jonhalak aylanar, qizlar bir burchakda mung‘ayib turishar, duxtirlar, do‘st-yorlar, qarindosh-urug‘lar… Hofiz ich cho‘ntagidan mo‘‘jaz Qur’onni oldi va menga uzatdi. Men uni varaqladim va «Yosin» surasini topib, tilovat qila boshladim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, duxtirlar bemorning ahvoli biroz o‘nglanganligini aytishdi va iyodatga kelganlarga ruxsat berishdi. Soat kech o‘nlar edi. Biz qaytdik. Yo‘l-yo‘lakay Nabijon Boqiy allaqanday noyob dori haqida gapira boshladi. Endi quloqlarimga na dori, na darmon kirmas, nazarimda, shoir eng so‘nggi nafaslarini olayotgandek tuyulardi. Menga sakarot lahzalari tanish edi. Bunday paytda odamning nafasi g‘arg‘araga aylanadi. Jon halqumga kelib, qaldiray boshlaydi. Yurak urib turadi, jon tomoq ostida lahzalarni sanaydi. Umr chegarasiga  dovur qaldirab ovoz chiqaradi. Ruh tanadan judo bo‘lib, miya faoliyati to‘xtaydi. Jon o‘lchab berilgan nafas tugamaguncha chiqmaydi.

Erta tong, soat beshlarda telefon jiringladi. Nabijon Boqiy Shavkat Rahmonning olamdan o‘tganligini aytdi.

Shoirning Qorasuv dahasidagi beshinchi qavatda joylashgan kvartirasida odam gavjum edi. Xona to‘riga yotqizilgan shoir jasadi, nihoyat, Hofiz aytganidek, bu dunyoning bor g‘am-g‘ussalaridan qutulib osuda va tinch orom olardi. Kimdir aytganidek, buyuk to‘fon tingandi. Endi hammasi tugadi. Hammasiga nuqta qo‘yildi. Bir chekkada Nabijon Boqiy  va Iqbol Mirzo qon bo‘lib yig‘lar, bir chekkada Mirza Kenjabek shoir jismini Toshkentga dafn etish yoki O‘shga olib ketish to‘g‘risida bahslashar, deraza yonida yotgan shoir go‘yo mana bu satrlarini o‘qiyotgandek, ammo hech kim bu satrlarni eshitmayotgandek edi:

Ayt, ey xasta bulbulim,
O‘shga qachon yetamiz?
Yashil bog‘lar sarg‘ardi,
Mag‘iz bo‘ldi gujumlar.
Oh, voy, muncha yo‘l og‘ir,
Bulbulim…
Ulkan soat o‘rtasida
Madorim yo‘q yurmoqqa,
Qashqirlar davrasida
Sudralaman turmoqqa.
Shunda qolib ketsam gar
Netamiz?
Abadiyat oralab
O‘shga qachon yetamiz?
Qorli tog‘lar bag‘rida
Begim – O‘shim ko‘rindi,
Sulton – O‘shim ko‘rindi…

Bu uning eng so‘nggi vasiyat she’ri edi. Ammo hozir hech kim she’r haqida o‘ylamas, «Xudoning hovlisi»ni tark etgan betakror o‘zbek shoirining bemahal o‘limi barchani es-hushdan judo qilgandi.

Shoir Toshkentning Qorasuv mavzesidagi Yalang‘ochota mozoriga dafn etildi. Butun aholi ko‘chib chiqqandek, odamlar ko‘chalarga sig‘mas, moshinlar saf-qator bo‘lib  Yalang‘ochotaga tomon yo‘naldi. Go‘yo osmon, go‘yo borliqning o‘zi motam tutayotgandek, go‘yo u sevgan yaproq va giyohlar, qushlar va yellar, jajji-jajji  bolalar, tuproq va toshlar, butun borliq motamga chulg‘angan, odamlar safiga oshiqayotgan, janoza namozini ado etish uchun masjid sahniga jam bo‘layotgandek tuyulardi. Muhtasham qabriston ulkan muzeyni esga solar, turli yoshda dafn etilgan marhumlarning byust va haykallari, anvoyi tusdagi marmarlarga o‘yib solingan tasvirlari, serdaraxt qabristonni marhumlar galereyasiga aylantirgandek edi.

Shavkat Rahmon olamdan o‘tdi. Qorasuvni boshiga ko‘tarib, «O‘g‘limni O‘shga olib ketaman!», deb yig‘lagan ona oxir qizlarning ra’yiga qarshi borolmadi. Rozi bo‘ldi… Ne-ne ulug‘larni bag‘riga olgan Toshkent shoirni o‘ziga chorladi.

Hali shoir tirikligida Yozuvchilar uyushmasi havosi toza, tinch degan maqsadda Do‘rmon bog‘idan dala-hovli ajratgan edi. Vafotidan keyin dala-hovli Raisning ko‘rsatmasiga binoan qandaydir vazirga bo‘shatib berildi. Nihoyat, shoir o‘limidan bir yil o‘tganidan so‘ng chop etilgan «Saylanma»sini tushlarida ko‘ra-ko‘ra oxirat diyoriga safar qildi…

* * *

Adashmasam, 1985 yil edi. «Sharq» matbaa uyiga qarashli muhtasham binoning to‘qqizinchi yo o‘ninchi qavatiga adabiyotimiz kelajagiga sidqidildan xizmat qilgan davlat rahbari va adib Sh. Rashidovning shaxsiy tashabbusi bilan tashkil qilingan, qisqa muddatda o‘zbek matbuotining ko‘zgusiga aylangan «Yoshlik» jurnali jamlandi. Ilgari jurnal bo‘limlari o‘n olti qavatli binoga sochib yuborigan edi.  Jurnalning she’riyat bo‘limini boshqarish yoshlar adabiyotining eng peshqadam vakili, saksoninchi yillar she’riyatiga toza havo olib kirgan va haqiqatda badiiy islohot deyishga loyiq kashfiyotlar yaratayotgan Shavkat Rahmonning zimmasiga yuklatildi. Jurnal bosh muharriri, mumtoz o‘zbek shoiri Erkin Vohidov adashmagandi. Ustoz shoir ortidan kelayotgan navqiron avlodning hamma havas qiladigan betakror vakiliga bejiz to‘xtamagandi. Jurnal sahifalarida o‘sha paytda badiiy islohotchilik yo‘liga  tushgan shoirlar ijodiga, jahon she’riyatining eng nodir namunalari, yangi syurrealistik oqimning turli shakl va uslublari, umuman, yangi o‘zbek she’riyatiga keng o‘rin berila boshladi. Frantsuz, Boltiqbo‘yi adabiyoti, ispan va yapon she’riyatidan amalga oshirilgan eng oxirgi tarjimalar ham jurnal sahifalari orqali keng kitobxonlarga yetib bordi. Bugun bordiyu «Yoshlik» jurnali bo‘lmaganda saksoninchi yillar adabiyoti naqadar g‘arib bo‘lib qolishini tasavvur qilish qiyin emas.

Toshkentga yangi kelgan kezlarimiz. She’rdan bo‘lak dardimiz yo‘q.  Qishloqda qolib ketgan bola-chaqa, eshik-elik, mol-hol, azizlar, el-urug‘ – taqdirga havola qilingan. Ular nima bilan yashab, qanday kun ko‘rayotganini Xudoning o‘zi biladi…

 «Yoshlik» jurnali yoshlar adabiyotining mehrobiga aylandi. Jurnalning talabi qattiq. Qilni qirqqa yoradigan nuktadon muharrirlar, so‘zni ming ko‘yga soladigan shoirlar, she’riyat haqidagi munozara va bahslar, davra suhbatlari… Ehtimol, yetmishinchi-saksoninchi yillar adabiyotining eng sara namunalari, umuman, mustaqillik uchun kurash davri adabiyotining oyoqqa bosishi, hech bir qolipga to‘g‘ri kelmaydigan isyon to‘la she’rlar, nasriy asarlar va o‘nlab iste’dodli yoshlarning adabiyotga kirib kelishida hech bir nashr «Yoshlik» jurnalichalik katta rol o‘ynamagandir. Hamma ana shu «mehrob»ga  bosh urgan. She’r va shoirlikning maqomi  ham «Yoshlik» jurnalining mezoni bilan o‘lchanadi. Tojikistondan kelgan biz kabi musofir qalamkashlarga bu qadar nufuzli jurnal eshigiga borish nima ekaninni tasavvur qilish qiyin emas. Qaysi eshikka bosh suqsangiz,  hechqur bir marta «Qaerdansiz?» deb so‘rash, albatta, bor. «Hah, – deydi qaerdanligingizni bilgan sho‘ring qo‘rg‘ur ichida, -   o‘zimiznikilar yetmay turgandi…»  Sira esimdan chiqmaydi. Toshkentga kelganimning to‘rtinchi yili edi, chamasi. Shunday toifa adiblar paydo bo‘ldilarki, ular o‘zbek adabiyotini, albatta, O‘zbekistonda tug‘ilgan adiblargina yaratishi kerak, deb da’vo qila boshladilar: «Poezdga osilib kelganlarga yo‘l yo‘q!» Ular hatto hazrat Navoiy qaerdadir Afg‘onistonda yashab o‘tganligi va Hirot Toshkentdan xiyla uzoq bo‘lsa-da, u zotga butunturkiy adabiyotning tamal toshini qo‘yishlariga monelik qilmaganini tushunib yetishmasdi. «Mahalliy qahramon»lar sirasidan, o‘nlab kitoblar muallifi bo‘lmish adiblardan biri  ko‘zlarimga tik boqdi va ashaddiy dushmani bilan nihoyat yuzma-yuz kelgandek:  «Qachon ketasan?» dedi nafrati ichiga sig‘may. Men «Qayoqqa?» dedim uning maqsadini sezib tursam-da. «Vataningga!..» dedi adib hech andisha qilmay. U negadir hatto ijara uyi ham yo‘q, bola-chaqasini qishloqqa qiyratib tashlab kelgan menday bir notayinning siymosida go‘yoki uning o‘tirgan o‘rnini toraytirib qo‘yayozgan oddiy musofirni emas, naq bosqinchini ko‘rib turgandek edi. Bunga o‘xshash «Qachon ketasan»larni keyinchalik yana ko‘plab adib va shoirlardan eshitdik. Tafakkuri mahalliy doiradan tajovuz qilmagan bunday kimsalarning urug‘-aymoqchiligi, «o‘ziniki»ni ko‘tar-ko‘tar qilib, «begona»larni oyoq ostiga olib ezg‘ilashlari oddiy hol ekanligini anglab yetish uchun hali yigirma-o‘ttiz yil «begonalarcha» yashash kerak edi. Va shunday yashadik ham… Sut bilan kirgan bu mudhish fojia – kasallikning davo topishiga mening ko‘zim yetmaydi. Ehtimol, jismu joni, ruhoniyati pok, o‘zligini anglagan, aqalli, hammamiz bir Ota, bir Onaning farzandi ekanligimizni tushunadigan nasllar kelar, ular tili bir, naslu nasabi bir, irqi bir, ammo tarix taqozosi bilan boshqa-boshqa sarhadlarda yashayotgan millatdoshlarini yuziga tupurmas, ularning betiga eshiklarini qarsillatib yopmas, ko‘kragidan itarib yubormas. Bizning yagona milliy fojiamiz xuddi ana shu – ayni ziyolilarning mahalliychiligi ekanligini anglab yetmagunimizcha bir odim ham ilgari bosolmasligimiz achchiq tarixiy haqiqatdir.

Xullas, «Yoshlik» jurnali navqiron qalam ahli topinib boradigan go‘shaga aylandi. U choqlarda she’r bozori bugungidan chandon qizg‘in edi. Yozuvchilar uyushmasida o‘tadigan she’riyat kechalari bayram tusini olardi. Afishalar, muxlislar, talabalar. Ammo, afsuski, bugun bu go‘zal an’analar yo‘qolib ketdi. Bugun birov uyushma idorasi qaerda joylashganini bilmaydi. Uyushma yilda bir mukofot taqsimlaydigan va yilda bir qur  nazr-niyoz tarqatadigan allaqanday xayriya jamg‘armasiga aylangandek.

 Shavkat Rahmonning «Yoshlik» jurnaliga ishga kelaganini eshitib, do‘ppimizni osmonga otdik va hech kutdirmay, bir dasta she’r bilan redaktsiya binosida hozir bo‘ldik. Bugun o‘sha kunlarni o‘ylar ekanman, yosh qalamkash uchun she’r ko‘tarib tahririyat ostonasidan hatlab o‘tish naqadar mashaqqat ekanligiga yana bir bor iqror bo‘ldim. Xudo yorlaqab, ostona ortida o‘tirgan odam she’ru shoirlik bilan aloqador bo‘lsa va eng muhimi, insof-diyonatsiz bo‘lmasa, xo‘bu xo‘b, bordiyu u she’rni tushida ham ko‘rmagan,  ustiga ustak, o‘ziga qattiq bino qo‘ygan va tahririyatda ham «shoirona» kayfiyatda hammaga qovoq uyib yuradigan toifalardan bo‘lsa, xudo urdi. Men nega bu haqda so‘zlayapman? Zotan, hali erta bolalikdan tahririyat ostonasiga qoqilavermoqdan jonbezor bo‘lgan oddiy bir qalamkash sifatida bu narsaning qanday mashaqqat ekanini chuqur his qilaman. Sen stol qarshisida qaltirab o‘tirasan. She’ringga istamay nazar tashlab o‘tirgan sovuq va kamgap odam loqaydlik bilan qog‘oz ustiga ko‘z yugurtirib bo‘lgach, cho‘ntagidan sigaret chiqarib lablariga qo‘ndiradi. Ammo dabdurustdan chekmaydi. Biroz tamshanadi. Yana qo‘liga oladi. U yer-bu yerini tekislaydi, barmoqlari orasida dumalatib ko‘radi, hidlaydi va nihoyat, pov etib gugurt yoqadi yoki bo‘lmasa, yaltiroq yondirgichini porillatadi-da, bir ko‘zini qisib chuqur nafas oladi. Bu tahririyat xodimlariga xos holat. Siz ana shunday sun’iy tasqaralarga duch kelavermoqdan jondan to‘ygansiz va ularning turqini ko‘rganingiz zahoti she’rdan ham, shoirlikdan ham ko‘ngilsiz bo‘lgansiz. Ayniqsa, badmast shoirlar huzuriga kelgan havaskorlarning ahvoliga voy. Ularning «buyuk»ligi, «betakror»ligi, «yagona»ligi haqidagi suyuq va bema’ni da’volari hafsalangizni pir qiladi.

Men tahririyat eshigi qoshida tin oldim va  silliq ishlangan eshikni sekin qoqdim. «Kiring», dedi ichkaridan allanechuk tanish ovoz. Dunyoda shunday odamlar bo‘ladiki, siz ularni ilk marta ko‘rib turgan bo‘lsangiz ham, ko‘hna qadrdonlardek tuyuladi. Ularning ovozi, yuz-ko‘zlaridagi issiqlik sizni o‘zidan itarib tashlamaydi, aksincha, ohanrabodek  tortadi. Shavkat Rahmonni bilganlar uni g‘alati, tomog‘iga sirg‘algannamo chiqquvchi salmoqdor ovozini yaxshi eslashadi. Odatda, o‘ziga qat’iy ishongan odamlarning ovozida shunday salmoq bo‘ladi. Ular ovozlarini baralla qo‘yib, viqor va ishonch bilan gapiradilar. Tabiatiga ko‘ra Shavkat Rahmon kamgap odam edi va hamma bilan ochiq-sochiq gaplashavermasdi. Chehrasidagi ajib dilbarlik xususida uni ilk bor ko‘rgan boshqa millat kishilaridan ham ko‘p eshitganman.

Xullas, «Yoshlik» jurnali eshigini qoqdim. She’riy turkumlari yonida quyuq sochlari tekis taralgan, o‘tkir nigoh, yuz tuzilishi nihoyatda bejirim  va negadir hamisha oppoq ko‘ylak va galstukda suratga tushguvchi go‘zal shoirimni tanirdim. Uning she’rlari allaqachon o‘zi haqidagi bor gaplarni aytib bo‘lgan edi. O‘sha yillari chop etilgan «Uyg‘oq tog‘lar», «Gullayotgan tosh» kitoblarining muallifi, haqiqiy she’r ustasi, quyma satrlar  kashshofi, she’rni oylab chaynamasdan bir nafasda to‘kib tashlash mumkinligini amalda isbot qila olgan, rangning suvratini, holat va manzaralarning naqshini so‘zlar bilan aslidagidek tasvirlaydigan, borliqni kutilmagan, ko‘rilmagan, boshqa bir olam vositasida aks ettira bilgan, har qanday ijtimoiy dardni lirik fojiaviylik bilan qorishiq holda aks ettiradigan, milliy o‘ziga xoslikning yangicha usullarini yaratgan, umuman, she’riyatimizga yangi, kutilmagan havo olib kirgan shoir o‘rnidan turib menga peshvoz chiqdi. Hayotimda bu qadar samimiy «tahririyat xodimi»ni ko‘rmagan mendek bir qalamkash tosh qotdim. Bu Shavkat Rahmonning o‘zi edi. U xuddi suratlaridagi kabi samimiy va haqqoniy edi. Negadir shunday bo‘lishini bilardim. Odamning surati aldamaydi. Ko‘z  hech narsani yashira olmaydi. Dumaloq yuzlari, tig‘iz qoshlari, doim kulib turuvchi nigohi, quyuq va tekis taralgan sochlari, sportchilarnikiga o‘xshash keng yelkasi, chiroyli gavdasi, bejirim kiyinishlari, hatto oyoqlaridagi sarg‘ish charm tuflisi uning pokiza va go‘zal tiynatidan darak berardi. Uyalinqirab turguvchi ko‘zlari, xijolatomuz jilmayishlari menga dalda bo‘ldi. Odamga yelka osha qaraydigan, dohiyona muomala qiladigan, ko‘rishgisi kelgan taqdirda ham qo‘llarini shopdek cho‘zadigan, o‘zini mutafakkir ekanligini har bir harakatlari bilan tasdiqlab turuvchi, nosamimiyligi hatto har bir tuk sochida ufurib turgan, lab-lunjlarigacha kibr-g‘urur bilan bo‘yalgan zotlarni ko‘raverib bezor bo‘lgan qalamkash favqulodda samimiy va dilkash odamning qarshisida turardim. Mening she’r olib kelganimni bilgach,  qoshlari xiyol chimirildi, nigohlari o‘z-o‘zidan jiddiylashdi va stulga o‘tirgach:

–  Qani, olib kelgan bo‘lsangiz ko‘rsating! -  dedi.

U qoralamalarimni uzoq va nihoyatda diqqat bilan o‘qidi. Keyinchalik ham men uning hech qachon hech bir narsaga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lmasligiga iqror bo‘lganman. Ayniqsa, she’riyat masalasida u hech kim va hech narsa bilan murosa qila olmasdi. Adabiyot  uning uchun ibodatdek muqaddas ekanini keyincha anglab yetdim. Nihoyat, u boshini ko‘tarib:

–  Qaerdansiz? - dedi. Negadir ko‘zlari ostidan diqqat bilan tikilib.

–  Tojikistondan…

–  Agar she’rni deb kelgan bo‘lsangiz, mayli. Ammo boshqanarsa uchun kelgan bo‘lsangiz… sarson bo‘lganingiz qoladi. Men ham musofirman…

Indamadim. Ko‘zlarim oldida to‘rt-beshta she’rimni tanlab  oldi va «Bularini chiqaramiz», dedi o‘sha-o‘sha ohangda. O‘zimda yo‘q shod edim. Nahot, birdaniga to‘rtta-beshta she’rni chiqarish mumkin?! Nega u she’rlarning badiiy kamchiliklari, estetik talablari haqida gapirmadi deb o‘yladim. Axir, bu taomil-ku! Nahot, estetika haqida safsata sotmaydigan shoir ham bo‘lsa?! Nahot, bir soat nasihat qilganidan so‘ng, aroq olib bermasang bo‘lmaydi, demaydigan shoirlar ham bor?! Nahot, she’laringizni tashlab keting, falon kun, falon oyda kelasiz demaydigan odamni uchratish mumkin?! Hayratimning cheki yo‘q edi. Rosti, o‘shandan menda bu insonga nisbatan bir odamiy mehr uyg‘ondi. Toshkentni sevib qoldim. Shunday odamlar yashaydigan shahardan haydab solsalar ham ketmayman dedim o‘zimga o‘zim. Na ijaralarning ijaraligi, na ochlik, na ishsizlik, na pasport bilan bog‘liq abadiy muammo, na kasallik, na musofirlik, na bolalar sog‘inchi, na kampir buvimning tashvishlari endi meni yo‘ldan qaytarib, Kofarnihon sohillariga olib ketolmas edi. Toshkent non shahrigina emas, balki to‘g‘ri  odamlar, halol shoirlar yashaydigan shahar edi. Men «Yoshlik» jurnali tahririyatiga tez-tez qatnay boshladim. Azbaroyi she’rlarim uchun emas, balki Shavkat Rahmonni yana bir bor ko‘rish uchun. Bu odatga aylandi.  Pasport bilan bog‘liq muammo hal bo‘lmagani uchun hali hech qaerda ishlamasdim. Ba’zan-ba’zan Nurali Qobul beradigan tarjimalarning qalam haqi yoxud uning o‘zi konvertga solib tutqazadigan pul bilan tirikchilik qilardim. Kutilmaganda Sherali Jo‘raevning “Oraliq” ko‘chasidagi uyiga ko‘chib o‘tdim va ishlarim biroz yurishib ketdi. Men hamon «Yoshlik» jurnaliga kanda qilmay borib turardim. Ko‘p o‘tmay jurnalda she’rlarim chop etildi, ammo Shavkat Rahmon G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotining she’riyat bo‘limiga o‘sha «korxona» direktori Erkin Vohidov tomonidan mudir sifatida ishga taklif qilindi.

Shoir «Yoshlik» jurnalida amalga oshira boshlagan niyatlarini adabiyotning katta dargohida davom ettirdi. Nashriyotning she’riyat bo‘limi yosh shoirlarning haqiqiy sinov maydoniga aylandi. «Shoirning birinchi kitobi» turkumi tashkil qilindi. Jahon adabiyotining yangi-yangi namunalarini tarjima qilib, nashr etish yo‘lga qo‘yildi. Shavkat Rahmon xira adabiyot namunalari, o‘sha davrda avjiga mingan xalturachilik, mahmadanalik, ko‘tara minbar she’rlari, baqiriq-chaqiriqlar, sayoz va saviyasizlikka qarshi oshkora urush e’lon qildi. She’rlari hech bir tahririyat darvozasidan qaytmagan va allaqachon klassik bo‘lib qolgan adib va shoirlarning ulkan kitoblari yangi tuzilgan Badiiy kengash tarafidan qayta «ishlash uchun» qaytarilardi,  tom-tom kitoblar chiqargan shoirlar qo‘lyozmalarini hafsala bilan o‘zlari o‘qishga tutindilar. Tahririyatlar eshigini tepib ochadigan jangovar shoirlar bunga toqat qila olmasdilar. Ular Shavkat Rahmonga to‘rt tomondan hujum uyushtira boshladilar. Dastlab bemorlik to‘shagida yotgan Anvar Isroilov nomidan «Qishloq haqiqati» gazetasida ochiq xat e’lon qilinadi. Negadir adabiyot gazetasida emas, qishloq hayoti bilan shug‘ullanadigan gazetada she’riyat haqidagi maktubning bosilishi  g‘alati edi. Unda shoir insofsizlik, noxolislik, she’riyat va shoirlarni pisand qilmaslikda ayblanar, boz ustiga, maktub uzoq yillardan buyon to‘shakka mixlangan bemor shoir nomidan uyushtirilgan edi. She’rlari nashrdan qaytgan shoirlar bu bilan cheklanib qolishmadi. Ular Shavkat Rahmon ijodidan millatchilik  g‘oyalarini tusmollab, turli idoralarga goh oshkor, goh yashirin xatlar yo‘llashni avj oldirdilar. Xuddi shunday maqolalardan biri «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftalik gazetasida bosiladi. «Munaqqid-shoir» o‘z bo‘htonnomasida Shavkat Rahmonni oshkora millatchilikda ayblar va shu yo‘l bilan «ulug‘ millat» tahqirlanayotganligiga pisanda qilardi. Sho‘rolar qilichini qayrab turgan payt. Shavkat Rahmon bilan maxsus xizmat idoralari shug‘ullana boshlaydi. Shoirning she’rlari, go‘zal istioralari chig‘iriqdan o‘tkaziladi. Uni Yozuvchilar uyushmasiga taklif qilishadi. O‘sha davrning mashhur shoirlaridan biri uning «turkona hovlilar» iborasiga to‘xtalib, bu «millatchilik ruhi»dagi ibora ostida nima yashiringanligi haqida uzoq surishtiradi.

To‘rt tomonga yuborilayotgan xatlar va ularga javob yozmoqdan charchagan shoir kunlardan birida shunday dedi:

— Mayli, nima qilsalar qilishaversin. Bizga bir kor-hol bo‘lsa, sizlar bor-ku…

O‘shanda havo namchil va tumanli edi, biz Navoiy ko‘chasidagi nashriyotlar uyiga kiraverishda haybatli ustunlari ostida turardik. Shoir g‘amgin va kamgap edi. U odatdagidek yerga qarab yurar, ahyon-ahyon boshini ko‘tarib diqqat bilan suhbatga quloq tutardi. Shavkat Rahmonning mudom yerga qarab xayol surib yurishi, engil-boshidagi  sarishtalik, kamgapligi, minbarlarga chiqib mushti bilan tilini barorbar ishlatish odatlari yo‘q edi. «Irillab she’r o‘qish» iborasini birinchi marta Shavkat Rahmon qo‘lladi. Haqiqatda, sahnaga chiqib olgach, olamni buzib yuboradigan vajohat bilan she’r o‘quvchi shoirlar ichida yashab, faqat xomushliknigina ixtiyor qilish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Shoir o‘sha so‘zlarni aytgach,  bosib-bosib sigaret torta boshladi. Har bir so‘zidan illat qidirishga tushgan kimsalarning kun sayin avjiga minayotgan tazyiqlaridan tolayotganligi shundoq yuz-ko‘zlaridan bilinib turardi.

— Sizlar tugilgan mushtdek bir bo‘lishlaring kerak.      O‘zaro nifoq, ixtilofning bahridan o‘tinglar. Adabiyot -  millatning ishi. Unda mahalliychilik, tasodifiy hodisalar bo‘lmaydi. Birgina bema’ni kitobning zarari millat uchun yuz yillarga tatiguvlik fojiaga aylanishi mumkin.

O‘shanda men shoirning xalturachilik va soxta adabiyotga tish-tirnog‘i bilan qarshi turishining sababini anglab yetgandek bo‘ldim. Bugun ayniqsa «sariq adabiyot» balo-qazodek bostirib kelgan kunlarda Shavkat Rahmonning o‘rni shu qadar bilinmoqdaki! Qarang, adib va adabiyotning chegarasi qolmadi. Pul, mablag‘i bor kaslar bugun eng iste’dodli odamlarni mardikorlikka yollab ham kitob chiqarishmoqda. Bolalari uchun non istab yurgan adiblar ular beradigan «sariq chaqa» uchun adabiyotimiz tarixida hech qachon kuzatilmagan qabohatga qo‘l urmoqdalar.

 Shavkat Rahmon adabiyot uchun hamma narsani bo‘yniga olgan shoir edi. G‘alamislarning tahdid va tazyiqlaridan ortga chekinadigan, qo‘rqib, talvasaga tushadiganlar toifadan emasdi. Haqiqiy adabiyot qurbonlarsiz bo‘lmasligini dil-dildan his qilgan shoir ortga qaytishni, murosaga borishni istamasdi. Zotan, o‘rtada millat uchun hamisha qismat vazifasini o‘tovchi Vatan Adabiyoti turardi. Vatanga to‘g‘ri, haqqoniy, xalq adabiyoti kerak edi. Shavkat Rahmon she’rni qasidabozlik, sharmandali xushomadbozlik, tamagirlik, laganbardorlik, o‘tkinchi siyosiy o‘yinlarga qurbon keltirishlardan asrab qolishga harakat qilgan va bu yo‘lda ko‘p narsaga erishgan barmoq bilan sanarli o‘zbek shoirlaridan edi. Shoir deyarli maqola yozgan emas (O‘sh voqealari munosabati bilan yozgan maqolasini istisno qilganda. Bu haqda keyinroq so‘z yuritamiz). Ammo «Vatan» gazetasining 1992 yil 14-22 iyul sonida e’lon qilingan suhbatda u shunday degan edi: «Millatimning yaxshi o‘g‘illarini, qizlarini ko‘rsam, kayfiyatim ko‘tariladi. Garchi millatning oyoqlariga qarab emas, millatning boshiga qarab fikrlashga o‘rgangan bo‘lsam ham, ba’zan ich-ichimdan o‘kinchlar, g‘azablar oqib keladigan paytlar bo‘ladi. Chunki millatparvarlik, baland g‘oyalar va bu g‘oya bugungi adabiyotning yetakchi mavzusiga aylanmog‘i, har bir vatandoshimizda millatparvarlik tuyg‘usini uyg‘otmog‘i zarur…» Adabiyot va adiblik mas’uliyatini ana shunday anglagan va bu g‘oyaga sadoqat bilan xizmat qilishni o‘zining muqaddas burchi deb  bilgan Shavkat Rahmon o‘zidan ham, boshqa qalamkash do‘stlaridan ham shuni talab qilardi. Jahon adabiyotining porloq siymolaridan biri Federiko Garsia Lorka she’rlarini aslidan o‘zbek tiliga o‘girib, qator-qator betakror she’riy injular yaratgan shoir hali adabiyotga yetarlicha xizmat qilmadik, deb o‘kinar, hech qachon katta da’volar qilmasdi. Uning tiynatiga da’vogarlik, buyukparastlik, shuhratga harislik batamom yot edi. U o‘z avlodining yutuq va kamchiliklarini ro‘y-rost ayta olardi. Milliy istiqlol uchun kurashning oldingi  safida turgan, til va tarixni oyoq osti bo‘lishdan asrashga bel bog‘lagan, xalqimizning toptalgan  haq-huquqini qaytarib berishga chog‘langan, imperiyaning razil o‘yinlarini fosh etish, millatni paxta qulligidan xalos qilish, bolalar va ayollar o‘limi, milliy qadriyatlarning kamsitilishi kabi xalqimiz boshida qilich qayrab turgan muammolarga javob qidirgan shoir o‘z avlodining nimalarga qodir va nimalarda ojiz ekanligini yashirib o‘tirmasdi. U yozadi: «Men mansub bo‘lgan avlodning kuchli tomoni dadil fikr bilan chiqqanida, ojiz tomoni esa, shu fikrni himoya qilishda sobitlikning yetishmasligida bo‘lsa kerak… Men mansub avlod hali o‘z vazifasini to‘liq bajargani yo‘q…» Shoir o‘z avlodi va ulardan keyin kelayotgan qalam ahlining qismatiga ham befarq emasdi: «Istardimki, bu beg‘araz avlod o‘zlari sig‘ingan g‘oyalarini, bayroqlarini nopoklarga berib qo‘ymasin! Aks holda, har qanday baland g‘oya, har qanday muqaddas bayroq kirlanib, insonlarni yaxshi amallar yo‘lida birlashtirishday buyuk quvvatdan mahrum bo‘ladi. Bundan esa, Xudo asrasin!»

Bugun o‘sha saksoninchi yillarning oxiri, to‘qsoninchi yillarning boshida mamlakatimizda sodir bo‘lgan voqealar xususida o‘ylar ekansiz, millatimiz chinakam fojialar domidan eson-omon o‘tib olganini his qilasiz. 1985 yildan boshlangan qatag‘onning yangi oqimi ming-minglab o‘zbek xonadonining sho‘rini quritishga qaratilgan mustamlaka siyosati ekanligi, bu siyosat millat umurtqasini yana yuz yillarga sindirib yuborishni maqsad qilganligini anglash qiyin emas. Milliy urf-odatlarga qarshi boshlangan oshkora tajovuz, Maskovdagi Butirka va Lefortovo qamoqxonalariga sudrab olib ketilayotgan dehqonlar va generallar, parchalanib, kunfayakun bo‘layozgan sho‘rolar davlatining o‘lim oldi talvasasi edi. Ag‘darilib, manguga yo‘q bo‘layotgan imperiyani «Jez otliq» suvratida tasavvur qilgan shoir yozadi:

Hamon ulug‘ kelbat,
hamon boshi tik,
hamon tog‘ni bo‘lar qilichin zarbi,
quturgan bu hangi ayg‘ir-da tetik,
dunyoga tashlanar ko‘zi och harbiy

Ko‘zingiz o‘ngida Sankt-Peterburg maydonida savlat to‘kib turgan va Osiyoni butkul rasvo qilgan, yuzlab millatlarning yostig‘ini quritgan Birinchi Pyotr jonlanadi. Uning takabburona kelbati, ostidagi «quturgan hangi ayg‘ir» qilmishlari ko‘lamiga mos. Butun maqsadi, o‘y-xayoli bosqinchilik bo‘lgan «ko‘zi och harbiy» dunyoga tashlanmoqda. Shoirning o‘tkir majoziy tili zamirida bosqinchi quturgan it, och qashqirdek jonlanadi:

Ikki yuz yildirki
ulashib sho‘rish,
mag‘lublar boshida qahqaha otar,
hattoki mangu erk timsoli bo‘lmish
osmon ham ko‘nikib qoldi bu zotga.

Birinchi Pyotrning tajovuzkorona yurishi XVIII asrdan, u Rusiyani buyuk imperiya deb e’lon qilgan kunidan boshlangan edi. Shimolu Sharqqa qarab o‘z sarhadlarini kengaytirib borgan imperiyachilar yo‘llarida uchragan jamiyki mavjudotni zeru zabar qildilar, ne-ne millatlar, irqlar, tillar yo‘q qilindi. Bugun hatto otasining ismini unutgan qavmlar o‘sha yo‘q bo‘lgan millatlarning urug‘-aymoqlaridir. Shoir ikki yuz yildan buyon dunyoga g‘avg‘o ulashib, mag‘lub etilgan xalqlar mazori ustida dahshatli qahqaha otayotgan «jez otliq»ning qilmishlariga «mangu erk timsoli» bo‘lgan osmon ham bo‘yin tovlamay ko‘nikib qolganligini iztirob bilan bayon qiladi. G‘orat qilingan millat va xalqlarning taqdiriga befarq bo‘lib qolgan osmon ostida «jez otliq» sodir qilgan vahshoniyatning chek-chegarasi yo‘q. U insoniyat boshiga bitilgan haqiqiy balo, ofat.

Ozmi bu dengizlar,
ozmi bu yerlar,         
ozmi tojlarini uzatgan yurtlar,
o‘z qonin simirib chirigan erlar,
boylangan hurlaru talangan durlar.
Tuyoqlar yanchmagan nimalar qoldi?
Aytarmi qaytadan tirilgan yodlar.
Turonday sarg‘aymish ot peshobidan
Samoviy xitoblar,
Aziz kitoblar.

Yer yuzida na dengiz, na daryolar qoldi. Ular hamma narsani «onalarining mahri»ga aylantirdilar. Otliqning tuyog‘i yetgan yerki bor, uning qonli tasarrufiga o‘tdi. Otliqqa sha’n-shavkatli imperiya kerak. Imperiya – bu o‘lim koshonasi. Uning qo‘rg‘onlari ichida zindonlar, dorlar, qullar, jallodlar va mahramlar bor. Imperiya – bu oyoq ostiga yiqilgan boshlar saltanati, to‘shalgan tojlar, taqdim qilingan «hurlar» va «durlar», haramlar, kanizaklar, molu dunyolar… Otliq dunyoga ov qilgani kelgan. Uning tuyoqlari ostida nimalar toptalib yotgani bilan ishi yo‘q.

Shoirning ayovsiz tili eng qaltis majozga murojaat qiladi va deydi: otliq ayg‘irining peshobi borliqni ko‘mib tashladi. Bu quritguvchi, qaqshatguvchi harom suvdan borliq kuyib-jizg‘anakka aylandi va dunyoning ilohiy dasturlari bo‘lmish muqaddas kitoblar «Turonday sarg‘aydi». O‘limning halokatvor tasviri, ko‘z o‘ngingizda peshobga cho‘milayotgan zangor vodiylar, bulg‘angan muqaddaslar, itlarga talangan hurlar namoyon bo‘ladi. «Jez otliq»ning dastidan ellar, yurtlar bedodga kelgan, u qaerga bormasin, qayoqqa ayovsiz tuyoqlarini tashlamasin faqat va faqat qora kunlarni olib keladi. Shoir «jez otliq»ning surunkasiga ikki yuz yildan buyon davom etayotgan «sho‘rish»i nihoyat odam farzandlarini qattiq holdan toydirganini bayon qilarkan, xitob qiladi:

Bas, telva suvori,
haddingdan oshma,
quturgan ayg‘irning jilovini tort,
ikki yuz yillarki ellar boshida
tuyog‘ini qayrar bu dahshatli ot…
Jez otliq o‘zini uradi har yon –
Mash’um saltanatning sohibqironi,
Chayqalar bug‘ilgan bir bahri faryod,
Bo‘riday ergashar el intiqomi.

Imperiya so‘nggi onlarini yashamoqda. Har nening nihoyasi bo‘lganidek, jez ot va  ayovsiz suvoriyning ham umri sanoqli. Ikki yuz yil qon bahri guldirab oqdi, ikki yuz yil millatlar mozoristoni kengaya bordi. Yetar.

Shoir «telba» so‘zini atay «telva» tarzida qo‘llaydi, chunki oddiy turonliklar tilida «telba» «telva» shaklida istifoda  qilinadi. Modomiki, gap oddiy xalq haqida borayotgan ekan, uning shevasida gapirgan ma’qulroq tuyuladi. Bu hol, umuman, Shavkat Rahmon she’riyatiga xos hodisa. U kutilmagan majozlar qatori juda kam istifoda etiladigan gavhar so‘zlarni topib, uni mahzun satrlari orasiga kiritishni suyadi. Ijtimoiy-siyosiy mavzu azaldan she’riyatda bor hodisa. Shoirlar hamisha davrning muhim hodisalariga o‘z munosabatlarini bildirganlar. She’rda ijtimoiy mavzuni qo‘llashning turli uslublari bor. O‘zbek shoirlari muayyan zamonlarda bu mavzuga o‘ziga xos tarzda murojaat qilganlar. Masalan, kollektivlashtirish avjiga mingan va adabiyot siyosiy hayotning ajralmas bir juzviga aylangan yillarda muhim voqelarni baland pardalarda tarannum etish bora-bora  adabiy uslublarning zaiflashishiga olib keldi. Adabiyot siyosat arboblarining didiga moslasha bordi va natijada o‘zining asl qiyofasidan mahrum bo‘layozdi.

 «Jez otliq»  mazmunan siyosiy she’r. U ikki yuz yildan buyon davom etib kelayotgan Rusiyaning mustamlaka siyosatiga qarshi qaratilgan. Ammo bu shoirning shunchaki norozilik bayonnomasi emas. Bayonnomalar bildirish adabiyotning vazifasiga kirmaydi. Siz Peterburgning qandaydir maydonida haybat solib turgan «jez otliq»ni tasavvur qilasiz va ko‘z o‘ngingizda tarixiy panorama jonlanadi. Tulporlar tuyog‘ining gumburlashi,  qilichlarning jarangi, sovut kiygan lashkarlar, ularning vahshiy nigohlari. Manzara tobora kengaya borib, nihoyat, shunday miqyosga yetadiki, go‘yo borliq bu yirtqich otning peshobiga cho‘milib yotgan sap-sariq hovuzga aylanadi. She’riy satrlarning quyma ohangi, kutilmagan tashbih va istioralar manzarani to‘liq tasavvur qilishingizga ko‘maklashadi. Saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida yaratilgan bu she’r Shavkat Rahmonning imperiya tanazzuli haqidagi o‘ziga xos bashorati edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 …Sahroda ko‘rinar tag‘in To‘maris,
tag‘in bir qo‘zg‘atar sabr toshini,
bu safar meshgamas,
qon dengiziga
otar bu zobitning og‘ir boshini…

Bu – Shavkat Rahmonning she’riy bashorati edi. Imperiya poytaxtida yashab ko‘rgan shoir uning nimalarga qodir ekanini yaxshi bilardi.  U millatining to‘marislar kabi o‘lmas ruhi qo‘zg‘olib bir kun ikki yuz yil cho‘zilgan bu asoratdan xalos etishiga ishonardi. Faqat shunday ruhgina ruhsiz jasaddangina iborat «jez otliq»larni mag‘lub qilishini chuqur his qilgan shoir uning muqarrar halokati haqida xabar beradi. Millatning to‘marisona ruhi bu «zobit»ning toshdek zil-zambil boshini meshga emas, balki uning o‘zi yaratgan so‘nggi yo‘q qon dengiziga uloqtirib tashlaydi.

Vatanga, uning har zarra tuprog‘iga fitriy muhabbat va e’tiqod Shavkat Rahmon she’rlarining bosh fazilati bo‘lib qoldi. Shoir oxirgi lahzalarigacha buyuk Turkiston birligini orzu qilib yashadi. Yuqorida eslatilgan suhbatda u shunday degan edi: «Atigi besh-o‘n yil ilgari mafkurachilar Turkiston g‘oyasini o‘lik g‘oya deb targ‘ib qilardilar. Biz bu muhtaram akaxonlar o‘z xalqiga, vataniga shu qadar zarar berish san’atini qaerdan, qanday qilib o‘rganib oldilar ekan, deb ajablanardik. Vaqt har bir narsani o‘z joyiga qo‘yadi. Sun’iy aralashuvdan buzilgan qadriyatlar asliyatiga qaytadi. Yangi iqtisodiy, siyosiy sharoitda qadim Turkiston o‘lkasining qarindosh xalqlari bir-birlariga astoydil talpina boshladi. Besh respublikaning kuchli ziyolilari boshini qovushtirish orqali boshqa  sohalarni ham yaqinlashtirishni sharoit talab qilib turibdi. Ichki va tashqi siyosatning muvofiqlashtirilishi, narx-navo, soliq, boj siyosati, kommunikatsiya, umumiy chegara, birlashgan armiyaga doir masalalar hal qilinsa, Turkiston o‘lkasida azaldan istiqomat qilayotgan xalqlarning tub manfaatlariga mos kelmaydimi? Xitoy bilan Rossiya oralig‘ida pirovard natijada har tomonlama rivojlangan, o‘zining ilg‘or, insonparvar siyosati bilan jahon hamjamiyatiga ta’sir qila oladigan yagona siyosiy makonning barpo bo‘lishidan hammamiz manfaatdormiz».

Buyuk Turon kengliklarida
ko‘milib yotibdi hadsiz xazina,
ko‘milib yotibdi yillar qa’rida
xazinaga tutash sanoqsiz zina…
Adashdim,
ruhimda parokandalik
ko‘p sirli asrlar shabistonida
kezganday bo‘laman aziz bitiklar,
donishmand ellarning qabristonida…
Vatan tushunchasi kuni kechaga dovur shu qadar mavhum ediki, uning sarhadini belgilab olish uchun shoirlar ham jug‘rofiy atamalarni qalashtirishdan nariga o‘tmasdilar: «Xadradan Arbatgacha, O‘shdan tortib to Sibir, Butun sayyora bo‘ylab bo‘y taratgan muattar, Shu Vatan biznikidir, shu Vatan biznikidir…»  Asl Vatan tushunchasi o‘lib bormoqda edi. Shoir «buyuk Turon kengliklarida» dafn etilgan had-hisobsiz milliy «xazina»larni qidiradi. Ammo ular shu qadar chuqurlikka dafn etilganki, son-sanoqsiz zinalar bilan unga tomon tushiladi. Bu xazina – parokanda qilib tashlangan Turonning shonli o‘tmishi, uning yalovbardor, tug‘bardor xalqi, dunyo xalqlariga saboq bergan donishmandlari, ma’rifati va madaniyati. O‘tmish agar tarix nuqtai nazaridan baho beradigan bo‘lsak juda nisbiy tushuncha. Biz uni oddiy qog‘ozlarga qayd qilingan «material» sifatida qabul qilishga o‘rganib qolganmiz. Aslida, u jonli vujud bo‘lib, hali-hanuz qoni silqib turibdi. Uni na yashirib bo‘ladi, na yo‘qotib. Tanangizdan silqib oqib turgan qonga e’tiborsiz bo‘lishingiz mumkinmi? Xuddi shu jarohatini unutgan xalqlar bora-bora o‘z vujudi uzvidan ayriladi; ya’ni, nihoyat, u chiriy boshlaydi va kesib tashlanadi. Tarixsizlik, xotirasizlik shu nuqtadan boshlanadi. Shoir xuddi moziyga befarqlik va loqaydlik tufayli kelib chiqqan kulfatlardan ogoh etadi:
Xalqlar injularni o‘tmishlaridan
zarralab-zarralab tergan paytida
biz nogoh shamolda ochilib qolgan
qancha javohirni ko‘mdik qaytadan.
Bu qullik belgisi
yoki ko‘rlikmi,
yo bandi bo‘ldikmi hirs, tamalarga,
o‘zgaga tutdikmi javhar o‘zlikni,
qo‘rqdikmi odamxo‘r mahkamalardan?!

Mutaraqqiy xalqlar o‘z tarixlari va tarixiy xotiralari tufayli insoniyat taraqqiyotining baland zinalariga chiqib oldilar. Ular o‘zinikini birovga sadaqa qilmadilar, birovnikini o‘zniki qilmadilar. O‘g‘irlangan shon-shuhrat bilan uzoqqa borish mumkin emas ekan. Bugun dunyo xazinalariga sochilib ketgan buyuk Turkiston tarixi, uning muqaddaslari haqida so‘z yuritgan tarixchilar yoqalarini tutib qolmoqdalar. Bu tajovuz va o‘g‘rilikning umumdunyoviy suvratiga qarang. Bir odamning cho‘ntagiga qo‘l tiqqan kissavur umrining falon qismini avaxtada o‘tkazsa-yu, butun millat tarixini talab ketgan o‘g‘rilar ularni o‘z sandiqlarida saqlasalar. Mana bu raqamlarga e’tibor bering-a: Nyu-Yorkdagi «Metropoliten» muzeyida temuriylar davriga oid quyidagi tarixiy ashyolar (ularning ta’biri bilan aytganda, eksponatlar) saqlanmoqda: medalon, muhr, pichoq, xanjar, oltin va kumushdan yasalgan, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan qilich dastasi, bronzadan ishlangan ko‘zachalar, oltindan yasalgan uzuklar, bilakuzuklar. Ulug‘bek Ko‘ragoniy deb yozilgan, nefritdan ishlangan ko‘zalar va boshqa buyumlar. Boston muzeyida: patnis, qadahlar, vazalar, ko‘zalar, siyohdonlar va kalit. Buyuk Britaniya muzeyida: ingliz qiroli Genrix IVning Amir Temurga va Mironshohga yuborgan maktublari nusxalari. Frantsiyaning Luvr muzeyida: Amir Temurning Karl IVga yo‘llagan ikki maktubi, isfahonlik usta Izaiddin ibn Tojiddin yasagan bronza shamdonlar (1397). Rossiya, Sankt-Peterburg Davlat ermitajida:  Temurning o‘g‘li Mironshoh  nomi yozilgan uzuk, Shohruxning xotini - Ulug‘bekning onasi Gavharshodbegimning muhri… Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin.

Vatanim deyman-u, bag‘rim qon bo‘lar,
Bu qanday vatanki,
Xoki birikmas.
Buyuk Turon kengliklarida
urug‘lar bir-birin yedi tiriklay.
Bu qanday vatanki,
shohizindalar
bir g‘arib elining orini sotsa,
shoirlar saltanat zinalarida
mansabu martaba tilanib yotsa.
Ey siz, adashganlar…
Elning qonida
nahotki samoviy chechaklar so‘lgan!
Iloj qolmadimi jang maydonida
Ollohu akbar deb o‘lishdan bo‘lak?..

Tarixiy tarqqiyot, milliy ma’rifat ko‘zlarini ko‘r qilgan hodisa – ixtilof, o‘zaro dushmanlik, tuqqan-tug‘ishganlarning adovati, tanglik va torlik, boylik, molu dunyo uchun murosasiz kurash, toju taxt, davlatu sarvat uchun olib borilgan jangu jadallar. Buyuk Turonning mudhish fojiasi shu!.. Taqdir taqozosi bilan vatanga sohib  chiqib qolgan shohu shahzodalar, amiru umaro, xonu xoqonlar bilibmi-bilmaymi, xalq taqdirini ot jilovini keng sahroda istagan tomonga burib solgandek hal qildilar Ular uchun millat va xalq taqdiri haram va yotoqxona oralig‘ida hal qilinadigan shahvoniy hodisadan o‘zga narsa emas edi. Ana shuning uchun olim va fozillar, shoir va adiblar ularning ostonasida parcha nonga zor qilindi, faqat ilohiy haqiqatni yozishga buyurilgan qalam ularning oyoqlarini yalashga, to‘pig‘larini hidlashga boshladi. Tarixlar «falonnoma» va «pismadonnoma»lardan nariga o‘tmadi. Iblislar malakka, itlar qo‘yga, qashqirlar jayronga aylantirildi. 

Ey elim,
qachondir bir gala bedil
ko‘ksingdan dilingni sug‘urgan mahal
nega shol yuzingni burding teskari,
nega tirik qolding ichmasdan zahar?!

El-yurt qismati otning oxirgi tuyoqlari, aslida, az-azal itning keyingi oyog‘i edi, xolos. Ammo nega bu xalqning boshiga mudom ko‘rgiliklar toshi yog‘ilishi kerak?  Nega u o‘zinikiga ham, o‘zgaga ham faqat qul bo‘lishi kerak? Sababi: «qachondir bir gala bedil» uning ko‘ksidan qalbini yulib olgan! Shoirning alam-iztirobi shundan. Ko‘ngli sug‘urib tashlangan xalq bilan qanday yashash mumkin? Axir, u to‘da, guruh, qabila, emas, xalq! Xazinalari talon-taroj qilingan, tashib ketilgan, o‘g‘rilangan, toptalgan, ma’nan va ruhan axta qilingan. Xazinalarini topib borish uchun yer qa’riga son-sanoqsiz zinalar osha tushishi kerak.

Shavkat Rahmon hayotining so‘nggi lahzalarigacha  bir jumboqni yechishga urindi, bedavo dard oyoq-qo‘llarini kishanlab, bir qultum havoga muhtoj qilib qo‘yganda ham ana shu niyatidan qaytmadi va bu yechuvsiz muammoni o‘zi bilan tuproqqa olib ketdi. Muammo – Sharqning bir-biriga qon-qardosh xalqlari o‘rtasidagi sun’iy to‘siqlar, sun’iy begonalik edi. O‘sha paytda qo‘liga tushgan qandaydir anglab bo‘lmas ism (R. Masov: muallif izohi) sohibining «Bolta bilan kallaklash» kitobini o‘qib chiqqach, mahalliy muallifning mayda millatchiligidan shu qadar iztirobga tushgan ediki, xiyla mahalgacha o‘ziga kela olmay qiynalib yurdi. Tiynati pok shoir oddiy qalamkashning tirik va haqqoniy fikrlaridan yosh boladek quvonar, tom-tom kitob chiqarib, millat va vatan tuyg‘usini mansab-martaba uchun qurbon keltiradigan, butun ijodini mukofot da’vosiga tikkan, moy unadigan  vositalarning hamma nuqtasiga paxta qo‘yib yuradigan xoin shoirlardan jirkanar, adabiyotni halollik va soflik maydoni deb anglar, shu g‘oyaga hayotini tikkandi. Shavkat Rahmonning murosasizligi, har nechuk pastkashlik va munofiqlik bilan mutlaqo chiqisholmasligi uning har bir satrida, o‘sha satrlarda ufurib turgan valiyona nafasida, she’rlarining goh ko‘tarilib, goh yana shiddat bilan pastga enguvchi ohangida, goh fojeiy, goh jangovar ayqiriqlarida, har bir bo‘g‘inida, ba’zan och, ba’zan to‘q qofiyalarida baralla sezilib turadi. Shavkat Rahmon she’riyati zarb she’riyati, yurak titrog‘i, tafakkur shu’lalaridan quyilgan she’riyat. Odatda, bir satr she’rni oylab yozadigan, bir so‘z yo iborani oylab tusmollab qidiradigan, lug‘at titkilaydigan shoirlar bor. Bu holni ular o‘zlari  e’tirof etadilar. Ehtirosi so‘nib, ilhomi tosh qotib bo‘lganidan so‘ng, oradan bir oy o‘tib, nihoyat, topib olgan so‘zini she’rga yopishtiradigan shoirlar Shavkat Rahmon she’rlarini tushunmaydilar. Bu she’riyat hech mubolag‘asiz faqat turk-o‘zbek adabiyotdagina emas, jahon adabiyotida ham tom ma’nodagi yangilik edi. Ammo, afsuski, Shavkat Rahmonning vafotiga o‘n yil to‘layozgan bo‘lishiga qaramay (Asqar Mahkam bu esseni 2005 yilda yozgan: muharrir izohi)  bu betakror shoir ijodi haqida na adabiyotshunoslik, na munaqqidlar lom-mim demadilar. Aslida ham Shavkat Rahmon ijodi hech kimning nazar-e’tiboriga muhtoj emas. Muhtojlar munaqqid ham topadilar, adabiyotshunoslikni ham yalpi yollay oladilar. Kerak bo‘lsa,  ular haqida kitoblar yozilib, tadqiqotlar olib boriladi.

Saksoninchi yillar she’riyati o‘zbek adabiyotida maxsus davrni tashkil qiladi. Oktyabr inqilobi bilan boshlanib tarixni ters aylantirgan va qariyb bir asr davom etgan mustamlaka sharoitida yashagan xalqlar o‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilliklaridan boshlab bu holga ortiq dosh bera olmasliklarini anglab yetdilar. Yer kurrasining oltidan bir qismida yaratilgan poyonsiz GULAGning umr shomi yaqin kelmoqda edi. O‘sha yillar Maskovda o‘qib kelgan bir guruh o‘zbek ijodkorlari bu hodisani «ichkari»da hamon «Vatanim SSSR, gulshanim SSSR» deb she’r yozib yurgan shoirlardan ko‘ra chuqurroq his qilardilar. Saksoninchi yillar she’riyati g‘oyaviy o‘zgarishlarni boshlab bergan davrgina bo‘lmay, u she’rda shakliy o‘zgarishlar yasagan davr bo‘ldi. She’riyat minbardan pastga tushib, odamlarning bevosita o‘zi bilan muloqot qilishga kirishdi. Keskin shakliy tajribalar bilan birga boshlangan siyosiy kurashlar davrning eng dolzarb masalalarini maydonga olib chiqa boshladi. Xuddi shu davrning qaynoq qozonida pishib yetilgan shoirlarning to‘ng‘ich bo‘g‘inida Shavkat Rahmonning ham nomi bor edi. Shavkat Rahmon she’riyatga nima olib kirdi? Uning she’rlari o‘z salaflari va tengdosh shoirlar she’ridan nimasi bilan farqlanardi? Shavkat Rahmon ijodining saksoninchi yillar adabiyotidagi mavqei qanday edi? Shoir she’riyatining keyingi bo‘g‘in she’riyatiga ta’siri nimalarda ko‘zga tashlanardi  qabilida savol qo‘yiladigan bo‘lsa, unda quyidagi manzara hosil bo‘ladi: g‘oyaviy jihatdan  Shavkat Rahmon she’riyati murosasiz she’riyatdir. Bu she’riyat sodir bo‘lajak inqilobiy hodisalarning xudaychisi sifatida mustamlaka zulmi ostida ezilgan xalqimizning fojiali ahvolini keskin ochib tashladi va uni ayovsiz  tanqid ostiga oldi. Biroq bu tanqid faqat «padaringga la’nat»dan iborat bo‘lmay, o‘ta ta’sirchan va betakror tilda ifodalangan jonli, tirik she’rlardan iborat edi. Shavkat Rahmon mustamlakaning tub sabablarini ochib tashlar ekan (bunga yuqorida qisman guvoh bo‘ldik), tarixiylik mezoniga qat’iy amal qiladi. Ya’ni, tarix sahnasida millat va xalq nimalarda ijobiy va nimalarda o‘ta salbiy rol o‘ynadi? Tarixning yaratuvchisi bo‘lmish xalqning milliy tarix oldidagi mas’uliyati nimalardan iborat bo‘lishi kerak edi? U, eng avvalo, ana shu savollarga javob axtardi. Millat baxtsizligining ichki omillari nimalarda ekanligini ko‘ra bildi va uni shaffof poetik til bilan ifodalay oldi. Shakl jihatidan Shavkat Rahmon she’riyati an’anaviy bo‘g‘inning batamom yangicha ko‘rinishi edi. Uning she’rlarida turdosh harflar bilan boshlanuvchi satrlar, tutiq belgisi, satrlarni sindirish va shu bilan shaklning ta’sirchanligini oshirish, voqeabandlik, eng muhimi, baland, jo‘shqin ehtirosning sintezi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shoirning biror satrini loqayd yoxud shunchaki daftarga qayd qilish uchun o‘qib bo‘lmaydi. Aslida ham Shavkat Rahmon she’rlari og‘ir o‘qiladi. U o‘ta burro tilni taqoza qiladi. Silliq ishqiy she’rlarni, balandparvoz qasidalarni o‘qishga moslashgan tillar bu she’riy satrlarni talaffuz qilishda bir necha marta tilini «sindirishi» lozim bo‘ladi. Shuning uchun Shavkat Rahmonning to‘rt qator she’ri ham na zamonaviy, na estrada, na mumtoz qo‘shiqchilar tomonidan kuyga solingan emas. Bu she’riyatga xos bastakor va xos ovoz kerak. Agar Shavkat Rahmon she’rlari asosida tasviriy san’at asari yaratilsa, u Salvador Dalining emas, ehtimol, Van Gogning manzaralariga o‘xshab ketgan bo‘lardi. Agar Shavkat Rahmonning she’riyati asosida musiqa yozilsa, u shubhasiz Betxoven  musiqalariga o‘xshash bo‘lardi. Agar bordiyu uni ijro etish lozim bo‘lganda faqat Paganini ijro etishi mumkin edi, xolos. Zotan, o‘ta milliy shoirimiz eng go‘zal umuminsoniy g‘oyalarning betakror musannifi edi. Siz, agar she’riy did va farosatingizga shubha qilmasangiz, mana bu satrlarga e’tibor bering-a:

Dunyoga sig‘madim,
sig‘madi dunyo
g‘urbatdan toraygan tabiatimga,
qop-qora chechakday sochilmish xulyo
jo‘mardlar ko‘milgan tariqatimga.

Dunyoga sig‘maslik va dunyoning  inson tabiatiga sig‘masligi buyuk ruhlar olamida kechadigan tazod holat. Dunyoga sig‘maslik – uning keng bag‘rida tordan-tor, maydadan-mayda kimsalarning yashayotganligidan, bu kimsalardan o‘tib yuqoriroq va kengroqqa nazar soladigan bo‘lsangiz, guvoh bo‘ladigan manzarangiz undan-da dahshatli.  Bunday dunyoga sig‘magan odamning tabiati dunyoni sig‘dira olmaydi. Satrlar oqimining quyilib kelishi tonggi shabadaga, tungi daryolar tovushiga, oy va yulduzlarning sokin suzishiga mengzaydi. She’r yurakdan quyilib kelmoqda, shoir kandakordek qo‘liga poytesha olib so‘zlarni chopmaydi, ularning oyoq-qo‘lini kallaklamaydi. Ehtirosning o‘zi satrlarni yasaydi, satrlar ichida so‘zlar esa o‘zini o‘zi topib keladi:

Mayliga, 
chechaklar  qop-qora bo‘lsin,
yiqitsa, shu yo‘lda yiqitsin taqdir,
qurtlagan istaklar shu’lasi so‘lsin,
xudoyim siylagan hurligim yaxshi.

Shoirning «jo‘mardlar ko‘milgan tariqati» nima? Tariqat yo‘lida faqat xudoning mardlari – valiyullohlar yuradi. Tariqat ahli mardlar, solihlar, siddiqlar, poksirishtlar. Bu tariqat bugun jo‘mardlar ko‘milgan qabriston. Undan xulyo qolgan va u ham qop-qora chechaklarga o‘xshaydi. Qop-qora chechaklar ham Shavkat Rahmon ilk bor she’riy til iste’moliga olib kirgan ibora. Siz qop-qora chechakni tasavvur qilasiz. Qarang, qip-qizil chechaklar bor, ammo qop-qorasi nima? Afsuski, bunday chechaklar faqat odam yuragida unib, gullaydi. Darvoqe, yodingizga «Gullayotgan tosh» tushdi. Toshlar gullaydi. Ular qoyalarda     yo‘lbars po‘stinini yopinib kerilishidan tashqari, ruhan chunon ham gullaydiki, tasavvuringiz yashnab ketadi. Ammo shoir «qop-qora chechaklar»dan rozi, zotan, qorami, qo‘ng‘irmi, ular qabristonga sochilib yotibdi. Demak, uni iblislar sochib ketgan taqdirda ham bari bir chechak. Qop-qora chechak. Iboraning favqulodda go‘zalligini his qilayotgandirsiz. Shoir jo‘mardlar yo‘lidan borishni istaydi, agar uning so‘ngida o‘sha siz ham suyib qolgan chechaklar sochilgan mazor bo‘lsa-da. Zero, «qurtlagan istaklar» unga kerak emas, unga bunday istaklar bilan yashagandan ko‘ra, qurbon bo‘lgan afzal, ammo jo‘mardlar qatorida. Qop-qora chechaklar yoyilib yotgan mardi maydonlar safida. Zotan, unga Xudo bergan, Xudo «siylagan» hurlikdan, ozodlikdan ortiq baxt yo‘q.

Bichilgan qullarning,
qulzodalarning
malak  siymolarin o‘ynatgan dunyo,
yaralgan lahzadan hur odamlarni
iblislar tilida so‘ylatgan dunyo.

Bu so‘zlar tizimi musiqasi, zalvori, ohangi achchiq va og‘ir. Abgor musiqachining qo‘lida kamoncha. U – ahli tariqat. Ana shunday dahshatli kuyni chalib bormoqda. Dunyo azaldan qullar va quldorlar munosabatidan iborat. Qul ham odam, ammo uning hech qanday insoniy haq-huquqi yo‘q. Xo‘jasi uning Xudo bergan yagona imtiyozidan ham mahrum aylagan va bichib tashlagan. Dunyo, Xayyom iborasi bilan aytganda, qo‘g‘irchoqboz. O‘ynatadi, o‘ynataveradi. Qul o‘yini va xoja o‘yini. Axtalangan qullar va «qulzodalarning malak siymolarin» o‘ynashini tomosha qiling. Xo‘jalik da’vosini qilganlar o‘zlariga qul yollaganlar, balki sotib olganlar. Axir, bir zamonlar odamlar qul qilinib, ochiq-oshkor bozorda sotilgan-ku. Shoir Qur’on ta’kidlari zamiridagi haqiqatga yovuq keladi. Buyuk osmoniy kitob ogohlantiradi: «Ey odamlar, iblis sizning dushmaningiz! Undan hazir bo‘ling!..» Ammo iblisga ham odamni qiyomatga dovur ming ko‘yga solish imtiyozi berilgan. Xohlagan ishiga qodir iblis va ibliszodalar orasida qolib ketgan ma’sum inson olovdan yaralgan xilqatning makriga dosh bera olmadi. Uni har qadamda ta’qib qildi, aldadi, avradi, aytganini qildirdi, xullas, odam bolasidan iblis yasadi. Bu sinov olamida iblis qutqusiga uchmagan odamlar kamdan-kam topiladi. Zero, uning ham chek-chegarasiz imtiyozi va qudrati bor! Shoir to‘rt yonda avjiga mingan iblislar bazmiga duch keladi. Haqsizlik, g‘irromlik, munofiqlik, sotqinlik, bu ham yetmagandek, asriy asoratlar. Dunyo ana shunday makru hiylalar manzili:

Chiroyli ermaklar maxzanidir ul,
mag‘izi qayg‘udan,
po‘stlog‘i zardan,
sarg‘arar ochilmay turib qizil gul,
tuprog‘i jimgina qusgan zahardan

Dunyoning eng qisqa va haqqoniy ta’rifi – ana shu! Yaltiroq gap-so‘zlar, yolg‘on shiorlar bilan aldanib kelayotgan olomon. Uni mana, necha ming yildirki ahmoq qilishadi. Yolg‘onlar so‘rg‘uchini og‘ziga solib qo‘yishgan. Olomon tamshanadi. Uning ko‘zlarini o‘ynatib yaltir-yultir ashyolarni ko‘z-ko‘z qilishadi. Hamma narsa sizlar uchun. Xalq baxt-saodati uchun, bolalar, ayollar uchun deydi dunyo ahli. Ular qachondir makkor pirlari yaratgan yo‘l va uslublardan ustamonlik bilan foydalanadi. Qarang, aldovning eng oliy usuli: go‘yo hamma narsa xalqning bolalari uchun emish. Ovsarlar esa bunga ishonishadi va beshik yo‘rgaklari, hidlangan lattalarini chayayotgan, yigirma yoshida qartayib qolgan xotinini ham ishontiradi. Hali yosharib ketasan, falonchi boyning qizidek, deydi ovsar. Dunyo o‘z-o‘zicha makkor emas, uni makkorlar boshqarishadi. Aldov, makr va yolg‘onlar bilan. Zotan, bu yolg‘onlar – «chiroyli ermaklar» odamning esini og‘diradi. Uni anglashning o‘zi muammo. Muammoligi boisidan odamlar uni hech qachon tushunishmaydi va hayotning murakkabligidan nolishadi. Aslida, «mag‘izi qayg‘udan» va «po‘sti zardan» yasalgan dunyo ermaklarining haqiqatini angab yetish mushkul savdo. Buni hamma ham anglab yetolmaydi. Biz ovsarlar hayotning murakkabliklaridan noliganlari xususida gapirdik. Aslida, hayotga asos solgan Buyuk Muallim uni bir ER va bir AYoLdan yaratgan. O‘rtada hech qanday muammo yo‘q. Buyuk Muallim ularga vaqti-vaqti bilan to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘ib ketmasliklari uchun ibodat buyurgan, xolos. Davlat qur, davru davron sur, birni qul qil, birni bosib o‘ldir, bir-biringni g‘orat qil, tala, topta, demagan. Bu mudhish murakkabliklar Buyuk Muallimning ishi emas. Bu - iblisga qo‘l bergan odam farzandlarining amali!

Chayqalar jaholat og‘ochlarida
necha ming Mashrabu
Mansuri Halloj…
Hamon yuksaladi yo‘l boshlarida
odamzot qoniga to‘ymagan jallod.
Tokay bu iblislik,
tokay bu yolg‘on,
tokay tig‘ ko‘tarar qora guruhlar,
tokay bijg‘ib yotar g‘arib alamon,
ichiga tiriklay ko‘milgan ruhlar.

Yuqoridagi manzaraning daqiq poetik tasviri. Jaholat olami o‘z sirlarini pinhon saqlaydi. Johillar hamisha etaklari ko‘tarilib, fosh bo‘lishlaridan qo‘rqadilar. Bordiyu ming, millionlar ichidan bir haqgo‘y chiqib, ularning yuzidagi qora shaltoq pardani ko‘tarsa, Xudo urdi. Dor og‘ochi tayyor. Guvoh ham bor, fatvo ham bor. Jallod esa to‘lib yotibdi. Jaholatning qo‘rqinchli tomoni shundaki, u hech kimga shafqat qilmaydi. Mashrabni osadi va unga shunday fatvo topadiki, alamon yana ming yil  dor og‘ochiga osib, sazoyi qilish uchun yangi bir Mashrabni qidiradi. Musulmon Halloj bir kechada ming rakat namoz o‘qirdi, uni besh mahal namozni yolchitib o‘qiy olmaydigan shariat ahli dorga osdi va shu yo‘l bilan haqiqatning ko‘zini ko‘r qilmoqchi bo‘ldi.  «G‘arib alamon» esa «ichiga tiriklay ko‘milgan ruhlar» bilan «bijg‘ib» yotibdi. Achchiq istioralar nogoh ko‘zingizni ochib yuboradi. So‘zlarning keskin xurujidan dovdirab qolasiz. Shoir bu «bijg‘ib yotgan alamon»ning najot yo‘lini qidiradi:

Zulfiqor ruh kerak,
kerak chin yog‘du,
chin ishq yolqinlari bag‘rimga to‘lsin,
jismimni toblasin faqat chin og‘riq,
chechaklar qop-qora bo‘lsa-da bo‘lsin.
Bag‘ri keng xudoyim
kechirib qo‘yar,
yiqilsam yetmay ul haqiqatimga,
ko‘milsam, ko‘milay o‘limi go‘zal –
jo‘mardlar ko‘milgan tariqatimga.

«Zulfiqor ruh»  iborasi ham Shavkat Rahmon majozlari silsilasidagi eng go‘zal topildiq. She’r jismini g‘oyat najib, kutilmagan, original majoz va istioralar bilan jonlantira oladigan shoir har bir she’rida kamida besh-oltita  hech bir shoir hech qachon qo‘llamagan majozni topib, uni o‘z o‘rnida mohirlik bilan qo‘llaydi. Agar bordiyu tanqidchilik erinchoqlikni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, xolisanillo ter to‘ksa, o‘zbek she’riyatida chinakam hodisa bo‘lgan shoirning ijodiy sir-asrorlari olami ularga shunday hayratli chechaklarni taqdim qiladiki,  uzoq vaqtgacha uning ta’mini unuta olmaydilar. Noumid shayton. O‘sha kunlar ham kelar. Yuqorida nazardan o‘tkazilgan she’rning nomi «Tariqat» edi. Tariqat – tor ma’noda yo‘l, ravish. Keng ma’noda tasavvuf ma’nosini anglatadi. Ammo bizga anglanishi qiyin bo‘lgan va hanuzgacha nima ekanini birov yolchitib isbotlay olmayotgan «tasavvuf»dan ko‘ra «tariqat» yaqinroq. Shavkat Rahmon tabiatan tariqat ahliga mansub edi. U harchand hech qachon biror sulukka yoxud biror pirga qo‘l bermagan bo‘lsa-da, tabiatan so‘fiymijoz edi.

Kunlarning birida Ispaniyadan kelgan bir guruh mehmonlar Shavkat Rahmonga tariqat ahli zikrini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatini yaratib berishni iltimos qilishadi. Ispanlarning Lorka she’rlarini asliyatdan tarjima qilib yurgan  buyuk Naqshband vatandoshidan tariqat ahli zikrini so‘rashlari bejiz emasdi. Zero, buyuk so‘fiylar va salaflar vatani bo‘lmish Buxoroyi sharif dunyoga dong taratgan tariqat maktabi namoyandalarining xoki pokidir. Shavkat Rahmon o‘sha paytda bir qur Toshkentga kelib Hasti Imom masjidida katta zikr halqasi tashkil qilgan «qodiriya»  suluki zokirlarining zikridan xabardor edi, ammo, taassufki, bu zokirlarning murshidi hazrat  Muhammadjon maxsum (Olloh rahmat qilsin) Tojikistonda istiqomat qilardilar va aksariyat muridlari  ham o‘sha yerlik edi. Shavkat Rahmon menga murojaat qildi. Men o‘sha zahoti Tojikistonga bordim va hazrat shayxdan zikr halqasi tasvirlangan videotasmani olib kelib berdim. Ispanlar tasvirni ko‘rishgach, juda xursand bo‘lib vatanlariga qaytib ketishdi. Haqiqatda, yuqorida aytganimdek, Shavkat Rahmonning biror tariqat maktabi bilan maxsus shug‘ullanganligini bilmayman, ammo Sharq falsafiy maktablarining katta bilimdoni bo‘lgan shoirning tasavvufga qiziqmaganligiga ishonish qiyin. Har bir satridan jazba va zikr ufurib turgan shoirning pokiza tiynatida so‘fiylikka botiniy mayl borligiga shubha qilmayman. Shoirning «Tariqat» she’ridagi so‘ngi satrlar bejiz emasdi:

…ko‘milsam, ko‘milay o‘limi go‘zal –
jo‘mardlar ko‘milgan tariqatimga.

Mardlarning o‘limi ham go‘zal bo‘ladi. Ularning hayoti o‘limdan-da go‘zal. Mashrabning o‘limi, Mansurning o‘limi, Bag‘dodiy va Nasimiyning o‘limi. Ularning o‘lim haqidagi go‘zaldan go‘zal she’riy bashoratlari. Agar o‘lim Mansur yoxud Mashrablar siymosida namoyon bo‘lmaganda, u xiyla tarovatsiz va dahshatli bo‘larmidi...

Turkiston birligi g‘oyasi Shavkat Rahmonning oliy armoni, she’rlarining bosh mavzusi edi. U har doim suhbatlarda, yig‘in yo anjumanlarda ayni ana shu nuqtaga ko‘p urg‘u berardi. Geosiyosiy jihatdan Markaziy Osiyoning mehvarida joylashgan va Turkiston xalqlarining umid-orzusi bo‘lgan o‘zbeklarning bu mintaqadagi tarixiy missiyasi chandon ulug‘ligini teran anglagan shoir xalqlarimizning istiqbol hayoti birlik va yagonalikda ekanini yaxshi his qilardi va o‘zining go‘zal she’rlarida bu ulug‘vor mavzuni qalamga olmoqdan charchamasdi.

Shuhrati sochildi bodiyalarga…
zarbadan beshtaga bo‘lindi anduh.
Yillarga yem bo‘lgan obidalarda
tinimsiz aylanar chinqiragan ruh.
Buzildi azob-la qurilgan dillar,
ilinjdan o‘zga bir tuyg‘u sig‘madi.
Nasabin bilmagan sho‘rlik yetimlar
g‘aflatda uxladi,
kimlar yig‘ladi.

Turkistonning sha’n-shukuhi buyuk edi. Shoir uning tarixiy  shavkatidan qissalar so‘ylamaydi. Bu shavkat bodiya – sahrolarga sochilib ketdi. Qum barxanlari ostida qolib, garmsellarga yem bo‘ldi. Uning Torobiy va Jaloliddinlari bor edi. Oriyati qilichdek keskir, vataniga jonini hech bir ikkilanmasdan tikadigan jo‘mardlari bor edi. Bari tarixga aylandi. Biroq tarixni ham aldash mumkin. To‘rtta yolg‘onchi bir bo‘lib, uni qayta yozishlari, garangsib turgan qorni och xalqni aldashi hech gap emas. Qoraqum, Qizilqum, Urganch xarobalari oralab kezsangiz, ahyon-ahyon ushalgan maqbara yo mazoru marqadlarga duch kelasiz, ulug‘vor shaharlardan qolgan yodgorliklarga duch kelasiz. Ularning tili yo‘q, aks holda olamni hasratga to‘ldirib qon qusgan bo‘lardilar. Bosqinchilikning eng ayanchli ko‘rinishini boshdan o‘tkazgan Turkiston xalqlari bu gal baloyi oxirzamonga giriftor bo‘lgan edilar. Hamma narsani yo‘q qilib yuborguvchi, yeb-yamlab ketguvchi bu balo Sharqning joniga chang soldi, uning qalbini o‘g‘irladi. To‘rt tomoniga o‘t ketgandek, beyodlik tutunlari qa’rida qolgan xalqlar hamma narsani faromush qildilar.

Fitnalar domida pishgan zulmdan
ayovsiz bosildi qo‘zg‘olgan yodlar,
o‘zlikni toptagan makkor ilmdan
kulgiga aylanib ketdi faryodlar.
Kim qoldi?
Iblisning makriga uchib,
qirpichoq bo‘lguvchi alamon qoldi,
yuz yillik adovat zahrini qusib,
qoniga g‘arq bo‘lgan g‘alayon qoldi.
Kim qolur?
Hattoki so‘nggi lahzada
ko‘zlari to‘ymagan jobirlar qolur,
o‘lim-la o‘ynashgan nazm avjida
yuragi yorilgan shoirlar qolur.

So‘nggi yuz, ikki yuz yil davomida dunyo xaritasini qayta tuzishga boshlagan avrupoliklar janubdan Osiyo xalqlarini,  shimol tomondan ruslar Sharq xalqlarini mustamlakaga aylantirish siyosatini ishlab chiqdilar. Yer yuzi ikki irq tomonidan taqsimlab olindi. Uzluksiz qirg‘inlar nihoyasida 1895 yili Amudaryoda to‘qnashgan ingliz va rus bosqinchilari dunyoni teng taqsimlab olganliklarini tasdiqladilar va olislarga cho‘zilgan daryoni o‘zlari uchun chegaraga aylantirdilar. «Daryoning narigi sohilidagi dunyo seniki, berigi sohilidagi dunyo  meniki!..» Bu daryo hozir ham bor va u hozir ham chegara. Tarix shu qadar ayovsiz sinovlarni boshdan kechirdiki, bugun Sharqning qiyofasi butkul o‘zgardi. Endi Amudaryo o‘zanlariga sig‘may oqar ekan, yuz yillik fitnaga yagona guvoh ekanligini yashirib o‘tirmaydi. Endi uning sohillarida qolib ketgan ingliz askarlarining bosh chanog‘ida qurt-qumursqalar yashaydi. Ustuxonlari afg‘on shamollarida daryo toshlaridek charsillab ag‘dariladi. Bosqinchi agar ming yil mazlumni oyoqlari ostiga olib bosib yotsa-da, bir kun shubhasiz sharmandalarcha mag‘lub bo‘ladi. Qanday kelgan bo‘lsa, shunday o‘z iniga qaytib ketadi. Shoirning chuqur lirik she’rlariga kirib kelgan tarixiy lavhalar jonli va quyuq bo‘yoqlarda tasvirlanadi. Tarixiy mavzuga qayrilgan qalami kutilmaganda shu qadar o‘tkirlasha boradiki, siz endi she’r o‘qimaysiz, balki o‘z-o‘zingiz bilan talasha boshlaysiz. Nimanidir isbotlaysiz, nimanidir inkor qilasiz.

Turkiston -
tarixi harbistonlarda
to‘kilib bitdimi buyuk qomatlar?
Ruhi dod solmasdi qabristonlarda
qaddini ko‘tarsa agar nomardlar.
Buyuk ruh chirqirar…
Mudhish saroyda
zinodan to‘ralgan necha dahriy zot
urchitar malaklar tug‘ilgan joyda
o‘zagi aynigan yangi maxluqot…

Amudaryoning ikki sohilida to‘qnashgan «birodarlar» biri Afg‘on cho‘llariga, ikkinchisi Zarafshonga tomon ot soldi. Dunyo xom talosh etildi. O‘zi azaldan taqsimlanib kelgan dunyo yana tarxon qilindi. Bugun o‘zlarini insoniyatning gultoji deb arillayotgan avrupoliklar bu qadar to‘kis va semiz hayotga nuqul o‘g‘rilik va g‘oratgarlik orqali erishganlarini sir saqlamoqchi bo‘ladilar va yuzingizga shu qadar shirin tabassum hadya qiladilarki, beixtiyor kuni kecha   minoradan  oppoq sallali mullavachchani tepib tushirib yuborgan musavvir Vereshchaginning avlodlari nahotki shular bo‘lsa, deb o‘ylanib qolasiz.

Bu kengliklarda boshqa avlod, boshqa naslu nasab, ya’ni shoir ta’biri bilan aytganda,  «yangi maxluqot» paydo bo‘ldi. Bu «maxluqot» o‘z ildiziga bolta soladigan jallod bo‘lib voyaga yetdi va ota-bobosining boshiga bolshovoy degan baloni boshlab keldi. Shoir ayni ana shu vatanfurushlarni «malaklar tug‘ilgan joyda paydo bo‘lgan yangi maxluqot» deb ataydi.

Demak, bor,
bahaybat zulm bor  hali,
hali bor odamni quvgan ovchilar,
shundan donishlari ovsaru dalli,
o‘g‘riga aylangan dono tojirlar,
shundan chumchuqyurak podsholari gung,
faqirlar ko‘nikkan balo, qahatga,
shundan vodiylarda o‘sib yotar mung,
hattoki bulbullar o‘xshar kalxatga.
Turkiston –
to‘zonday to‘zgan jigarlar,
jigarlar yo‘linda temir tikanlar,
gadolik ilmini o‘rgatar endi
ajdod-avlodi-la bosib shilganlar.
Burg‘ular chirigan…
zanglagan tig‘lar…
itlar tomoq ichar oltin tojidan,
moziyga tikilib mug‘anniy yig‘lar,
she’r yozib o‘ltirar lashkarboshilar.

Shoirning o‘tkir va ayovsiz tili eng qaltis tashbihlarni qidiradi. Ko‘z o‘ngingizda «bahaybat  zulm»ning suvrati namoyon bo‘ladi. Bu bahaybat suvrat sekin-asta qo‘liga nayza ilgan ovchiga aylanadi. Qurib ketgur, bu ovchi bug‘u emas, odam ovlaydi. Qachonki, ovchi uning jonini olish uchun kelaversa, darhol  oyoqlariga yiqilib, o‘zining jonini so‘rab oladi-da, qo‘shnisining jonini sotib yuboradi. Yurt hokimlari Xudoyorxondek  qandaydir zobit huzuriga birrov kirishga izn so‘raydi va Rusiyaga haydab solmasligini o‘tinadi. Saltanatni qoldirib ketaveradi. Xotin, bola-chaqa va oltmish arava oltin-kumushlar ham allaqayoqlarda qolib ketadi. «To‘zondek to‘zib ketgan Turkiston» qomatini ko‘tarolmaydi. Shol. Zotan, uni ajdod va avlodi bilan bosib, yeb yotgan balo domiga giriftor. Hammasi abas, hamma narsa fanoga yuz burgan. Davangir lashkarlardan qolgan «burg‘ular chirib, tig‘lar zanglagan», haromxo‘r ko‘ppaklar shohlarning oltin tojida aroq sipqorishadi va taxtning oyoqlariga bavl qiladi. Mug‘anniylar nuqul «Cho‘li Iroq»mi, «Munojot»nimi chaladilar va yovqur lashkarboshilar oyoqlarini sandalga tiqib «she’r yozib o‘ltiradilar». Sha’n-shavkatli Turkistonning eng so‘nggi manzarasi shu edi. Shoir xayolan tarix sarhadlariga boradi va ko‘rgan-kechirganlarini alam bilan hikoya qiladi. 

* * *

Shavkat Rahmon ma’lum muddat respublika Baynalmilal madaniyat markazida ishladi. U mazkur markazda o‘zining eng tansiq orzusi – Turkiston birligi g‘oyasini amalga oshirishni istardi. Ammo kutilmaganda shunday hodisa ro‘y berdiki, uning butun orzu-armonlarini  ko‘kka sovurib yubordi. Bu voqea Shavkat Rahmonning hayotida chinakam fojeaga aylandi. O‘sh viloyatida qirg‘izlar o‘zbeklarni ommaviy suratda qirg‘in qildi. Go‘yo sof va beg‘ash osmonda momaqaldiroq gumburlab, chaqin chaqqandek bo‘ldi. Asrlar davomida bir tuproqda yashab, bir anhordan suv ichgan ikki jondosh xalq bir lahzaning o‘zida dushmanga aylandi va aql bovar qilmas hodisalar ro‘y bera boshladi. O‘sha kunlarda Shavkat Rahmonni tanib bo‘lmasdi. Uning nigohlari chuqur botgan, sochlari parishon, qay eshikka boshini urishini bilmas, ortidan ergashib yurgan yigirma-o‘ttiz chog‘li o‘shliklar bilan Vazirlar Mahkamasi oldida tinimsiz sigaret tortar edi. Manzura opa ham shu ahvolda. O‘shdan biri-biridan sovuq va og‘ir xabarlar kelmoqda. O‘zgan, Qorasuv, Aravon yoqlarda sodir etilgan qirg‘inlar haqidagi gaplar yuraklarni larzaga solgudek og‘ir edi.

Turli idoralarga sim qoqqan shoir barcha toifadagi yuqori doiralar diqqat-e’tiborini bu mudhish voqeaga jalb qilmoqni va tezroq uning oldini olish choralarini topmoqni istardi. Ammo Toshkentda turib buni  qanday amalga oshirish mumkin?

Kechga tomon Yozuvchilar uyushmasiga yo‘l oldik. Pushkin ko‘chasidagi  uyushmaning ikkinchi qavatidagi muhtasham xonalarning birida savlat to‘kib o‘tirgan va o‘sha paytda o‘zini mamlakatning bosh demokrati deb e’lon qilgan yosh kotib bizni qabul qildi. Boshining ustiga xalqparvar Cho‘lponning qayg‘uli portretini osib olgan  kotib kuldonga dam-badam sigaretasining kulini qoqarkan, Shavkat Rahmonga shunday dedi:

- Qurib ketgur qirg‘izlar qurolni boshqa yoqqa to‘g‘rilashlari kerak edi…

Demokrat kotibning maslahati ham, bergan madadi ham shu bo‘ldi. Ya’ni, uningcha, qirg‘izlar aslida «qon-qardosh» o‘zbeklarni emas, boshqa bir millat vakillarini so‘yishlari kerak edi…

«O‘shga borish kerak, – dedi qat’iy qilib Shavkat Rahmon. – Boshqa iloj yo‘q».

Ertasi Shavkat Rahmon, marhum Muhammad Yusuf va men Andijonga uchdik. Andijon to‘zondek to‘zib yotar, xaloyiq viloyat hokimligi binosi oldidagi maydonga jam bo‘lgan edi. Ular O‘shdagi voqealarga o‘z noroziliklarini bildirmoqda edilar. Shahar ko‘chasi bo‘ylab hokimlik idorasiga borarkanmiz, shu qadar kuchli shamol ko‘tarildiki, men Andijon chinorlari tomiri bilan ko‘chayapi, deb gumon qildim. Viloyat hokimiyati binosiga joylashgan shtabni o‘sha paytdagi hukumat rahbarlaridan biri boshqarar, biz to‘g‘ri o‘sha binoga kirib bordik. Turkiston harbiy okrugining zobitlari jamlangan keng xonada o‘tirgan rahbar Qirg‘iziston hukumati vakili bilan telefonda  qaerdadir daxlsiz mintaqada uchrashishni muhokama qilmoqda edi. U bizning muddaomizni eshitgach, avvaliga O‘shga borish mumkin emasligini qat’iy ta’kidladi. Ammo Shavkat Rahmon so‘zida qattiq turib oldi: «Bormasam bo‘lmaydi».

– Bo‘pti, – dedi Rahbar va zobitlarning boshlig‘iga rus tilida murojaat qildi. – Bular o‘zbek shoirlari. Men  ulardan ayrilib qolishni istamayman. Ularni sihat-salomat O‘shgacha kuzatib qo‘yasiz.

Zobitlar rozilik bildirishdi. Biz odamlar to‘lib-toshib miting qilayotgan maydondan o‘tib, O‘shga yo‘l oldik. O‘sh – Andijon chegarasi jang maydonini esga solar, tanklar va BTRlar ustida o‘tirgan sariq yuzli askarlar bamaylixotir sigareta tutatar, bordi-keldi taqa-taq to‘xtatilgan. Chegaradan o‘tib yana kuzatuvchilar nazoratida O‘sh shahridagi shtabga yo‘l oldik. Shtab shahar Ichki ishlar bashqarmasi binosiga joylashgan bo‘lib, Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri shtab boshlig‘i ekan. Avtomat tutgan soqchilar nazoratidan o‘tib, to‘g‘ri shtab boshlig‘i xonasiga kirdik. General qisqa qilib, asosan, qaysi rayonlarda katta talafot bo‘lganligi to‘g‘risida axborot berdi va devorga tirab qo‘yilgan qo‘lbola qurollarni ko‘rsatdi. Bizning o‘sha rayonlarga borish haqidagi iltimosimizga mutlaqo rozilik bermadi. «Yo‘q, – dedi general. – U yoqlar hali tinchigani yo‘q…»

O‘sh shahri birmuncha osuda bo‘lib, voqealar chekka rayonlarda sodir bo‘lmoqda edi. Biz shaharda, Manzura opalarning hovlisida to‘xtadik. Shavkat Rahmonning O‘shdaligini eshitgan jafokashlar birin-ketin oqib kela boshlashdi. Marhum Muhammad Yusuf ular shu kecha-kunduzda boshidan kechirgan hodisalarni o‘z tillaridan magnit lentasiga yozib oldi. Bu gunohsiz odamlarning boshiga tushgan voqelarni tinglash mushkul emasdi. Tasodif bilan tirik qolgan bir ayol shunday mudhish voqeani hikoya qildi: ular hech narsani bilmagan holda odatdagidek ro‘zg‘or yumushlari bilan band bo‘lishgan. Tuni bilan mahalla atrofiga allaqaerdan keltirilgan yosh qirg‘izlarga deyarli e’tibor berishmagan. Kim biladi deysiz, balki hasharchilardir, balki talabalardir. Ular, asosan, tog‘ tomonlardan olib kelingan va qonli qirg‘inga safarbar qilingan jinoiy to‘dalar edi. Tuni bilan ishratni avjiga mindirib aroqxo‘rlik va nashavandlik qilgan yoshlar erta tongdan o‘zbek oilalariga bostirib kirganlar va bir chekkadan qatli omni boshlab yuborganlar. Odatiy turmush tashvishlari  bilan band odamlar tuyqusdan hovlilarga bostirib kirgan badmast kimsalarning qo‘lida najotsiz kiyik bolasidek tipirchilab qolaverishgan. Ular dunyodagi eng mudhish va jirkanch noma’qulchiliklarni zig‘ircha  tap tortmay qilishgan. Ota-onalarning ko‘zi o‘ngida norasida  qizlarning nomusiga tajovuz qilishgan, beshikdagi bolalargacha o‘ldirishgan, jasadlarni anhorga tashlashgan, burdalashgan… Maxsus josus va mutaxassislar tomonidan tog‘larda tayyorlangan bu qotillar o‘zbeklarni oyoqqa turg‘izib, O‘rta Osiyoni yana olov halqasiga tortmoqchi bo‘lganlar. Millatning eng nozik nuqtalarini toptab, juda katta fuqarolar urushini boshlab yuborishlari kerak edi. Shuning uchun asosan ayollar, qizlar va bolalarni nishonga olganlar. Bu o‘ta ko‘hna imperiyacha usul edi. Bu usul keyincha sobiq sho‘ro respublikalarda qayta-qayta sinab ko‘rildi. Ba’zi yerlarda o‘n yillarga cho‘zilgan fuqarolar urushi, ayrim mintaqalarda hali-hamon davom etayotgan qonli janglarga sabab bo‘ldi. O‘zbeklar va qirg‘izlar, tojiklar va o‘zbeklar o‘rtasiga solingan qutqular ham o‘lib ketgan imperiyaning fitnalari edi. Yovuz va g‘arazgo‘y kuchlar o‘z muddaolariga erisha olmadilar. Mahalliy o‘zbeklar juda katta talafot evaziga ham qirg‘izlarning yoqasiga chang solishmadi. Ko‘ziga qon to‘lgan ming, ikki ming o‘rgatilgan ko‘ppaklarning qilmishi uchun qirg‘iz millati gunahkor emasligini bilgan mahalliy o‘zbeklar barcha musibatlarga tishni tishga bosib chidadilar. Qon yig‘lab jigarbandlarini Qorasuv soyidan qidira-qidira burdalangan jasadlar ustida ko‘k kiydilar. O‘shanda O‘shga kelgan  Chingiz Aytmatov  guvoh bo‘lgan voqealarga dosh bera olmadi va televizor orqali bu mudhish voqealar sababchilarini «hayvonlar» deb haqorat qilishga majbur bo‘ldi. Vaziyat juda qaltis edi. Andijon tomonda to‘zib yotgan xalq chegara osha O‘shga kirib kelishi va natijada fuqarolar urushi  sodir bo‘lishi mumkin edi. Ammo hushyor odamlarning sa’y-harakatlari oqibatida Markaziy Osiyoning boshiga tushishi mumkin bo‘lgan juda katta ofatning oldi olib qolindi. Shoir o‘sha kunlarda og‘ir va bosiqlik bilan odamlarning dard-hasratlariga quloq soldi, aholi ichida yurdi, ularni sabr-bardoshga chaqirdi. U bu qonli voqealarning Bishkek va Maskovdagi dirijyorlarini bilardi. Uzoq va atroflicha tayyorlangan qonli drama keyincha shoirning «Maxfiya» nomli maqolasida batafsil yoritiladi.

O‘sh voqelari  Shavkat Rahmonning qomatini bukib yubordi. Hassos qalbli shoir, tabiiyki, bu fojialarga chiday olmasdi. Uning she’rlari tobora dardli, alamli, o‘qilishi ham, yozilishi ham og‘irlasha boshladi, she’rlariga  o‘tkir va «zaharli» (shoirning iborasi: m.i.) istioralar oqimi kirib keldi.

Xaloyiq ishondi,
ko‘zyoshdan iydi,
aybdor boltamas,
aybdor kunda.
Qasosin olmoqdan o‘zini tiydi
jallodlar niqobi yirtilgan kunda.
Qon ko‘lida suzar bedod saltanat,
barcha tafsilotin, qani kim yodlar?
Bu sodda xaloyiq buncha aldanar,
pixillab kuladi endi jallodlar.
O‘tar oshkoralik hash-pash deguncha,
kelajak ko‘rsatar kim kular, yig‘lar,
milyon ayg‘oqchilar dalil terguncha
qayrilib tursa bas,
isfahon tig‘lar.
 
Qaydadir
bulbullar toliqib sayrar
havoda uchgandek milyon maloyik.
Bir chetda jallodlar tig‘larin qayrar,
uyquni uradi sho‘rlik xaloyiq.

O‘shanda «Nezavisimaya gazeta»da «Kreml kartograflari qo‘ygan bomba O‘rta Osiyoni portlatib yuborishi mumkin» sarlavha ostida vahimali  maqola e’lon qilindi. Oshkoralik sharofati bilan bosilgan bu maqolada Sho‘ro mafkurachilari O‘rta Osiyo xalqlarini o‘zaro doimiy  nizo va ixtilofda ushlab turish uchun  noto‘g‘ri chegara siyosati o‘tkazganliklari xususida so‘z yuritilardi. Haqiqatda, asosan, o‘zbeklar yashovchi O‘sh viloyatining Qirg‘iziston hududiga kiritilishi ham imperiyaning «Taqsimlab tashla, hukmronlik qil» siyosatiga to‘liq mos edi.

Xaloyiq bu nayranglarni qayoqdan bilsin? Uning uchun chegara muammosi yetmay turgandi. U ishonadi. Og‘ir kelsa, yig‘laydi va alamini ko‘zyoshdan oladi. Nihoyat, shoir aytganidek, «niqoblar yirtilgan kunda jallodlardan qasos olish» fikrini xayoliga ham keltirmaydi. «Qon ko‘lida qalqib yurgan saltanat» o‘zini asrab qolishni istardi. Buning uchun milliy respublikalar o‘rtasida murosasiz nizo chiqarish kerak edi. Qirg‘izlar bilan o‘zbeklar, tojiklar bilan o‘zbeklarni bir-biriga qarshi qo‘yish siyosati oxir-oqibat bu mintaqada kuchli vulqon bo‘lib portlashi lozim edi. Imperiya boshdan kechirayotgan o‘lim talvasasida faqat qon bilangina yashab qolishini  anglab yetgan so‘nggi imperatorlar  tig‘larini qayray boshladilar. Bu tig‘ o‘zbeklarning bo‘yniga tushdi. Xuddi shu xalq:

Kecha o‘g‘ri bo‘ldi,
bugun vahshiydir,
endi butun dunyo bilar bu haqda.
Qanday mo‘min edi,
qanday yaxshiydi
anqayib jimgina terganda paxta.
Qayta qurish o‘zi chiqdi qaydanam?
Yuksak qal’alardan boqqan o‘g‘rilar
ulkan mamlakatning butun aybini
sodda o‘zbeklarga qo‘ydi to‘g‘rilab.
Shunda buyuk dengiz chayqalib ketdi,
maydonlarni bosdi bir yuvosh zulmat.
Shoirlar uyg‘ota olmagan elni
uyg‘otib yubordi malomat, tuhmat.
Kecha o‘g‘ri bo‘ldi,
bugun vahshiydir,
bo‘htonga ko‘milib turar asabiy.
O‘zin maydonlarga sig‘dira olmas,
bolalar qoniga o‘tar g‘azabi.
Yaxshilik tugadi, yomonlik ham goh,
bo‘lmasa ozgina qo‘ysalar maqtab,
bugun ham sahardan qaro shomgacha
jimgina iljayib terardi paxta.

O‘zbeklar  hamisha imperiyaning tomog‘idagi so‘ngak bo‘lib keldi. XX asrning  30-50-yillardagi qatag‘onlarda eng katta talafot ham o‘zbeklar boshiga tushdi. Imperiya vaqt-vaqti bilan «kallaklab turish siyosati»ni o‘tkazarkan, millatimizning yorqin siymolarini yo‘q qilishga harakat qildi. Xuddi shunday qatag‘onlarning eng so‘nggisi saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida sodir etildi. Bu qatag‘on imperiya tanazzulini tezlashtirdi. Butirka va Lefortovo qamoqxonlariga katta sur’atlar bilan olib ketilgan o‘zbeklar hali 30-yillardagi kabi avaxtada jon taslim qilmay, imperiyaning o‘zi jon bera boshladi. Bu gal o‘zbeklarga «bosmachi», «xalq dushmani» yorliqlari emas, ochiqdan-ochiq «o‘g‘ri» tamg‘asi bosildi. Ular o‘ylab ham o‘tirishmadi. «O‘g‘ri – o‘g‘ri-da!..» Xo‘sh, o‘zbeklar nimani o‘g‘irlagan edilar? Paxtani. Qaysi vallamatning ekib, yetishtirib qo‘ygan paxtasini? Sho‘rlik o‘zbeklar o‘z yerida o‘nib-o‘sgan va o‘zining jonidan bino bo‘lgan bolalari, qizlari izillab qora qishda yig‘ishtirgan paxtasini «o‘g‘irlagan» ekanlar. Xayriyat, deysan, ba’zan yoqa tutib, yaxshiyam oq qayinlarni tunamagan ekanmiz!  Shavkat Rahmon aslida  fasohatli lirik shoir edi. Ammo umrining oxirgi yillarida u butun iste’dod va iqtidorini siyosiy she’rlarga qaratdi. Ro‘y berayotgan voqea-hodisalar aslida go‘zallik va nafosatning teran shaydosi bo‘lgan shoir tilini achchiq va shafqatsiz majozlar tiliga aylantirdi. Kinoya, grotesk, oshkora norozilik, o‘rni-o‘rni bilan ayovsiz haqorat shoir she’rlarining ijtimoiy ta’sirini oshirib yubordi. Shoirning piyoz po‘stidek yupqa kitoblarini odamlar qo‘lma-qo‘l qilib o‘qiy boshladilar. Kutilmagan tashbihlar ijodkori saksoninchi yillarda eng ommaviy shoirlarimizdan biriga aylandi. Bayonchilik va quruq so‘zamollik she’riyati tabiatiga batamom yot Shavkat Rahmon kitoblari harchand og‘ir, murkkab va voqeabandlikdan   iborat bo‘lsa-da, xalqimizning minbari bo‘lib qoldi. Shoir «Battol orzusi» nomli she’rida mustabid imperiyachilarning jirkanch basharasini ayovsiz fosh etdi:

Xalaqit beradi
hamisha bu vaqt,
bemalol ishlashga qo‘ymas bizlarni.
Qancha cho‘lponlarni otuvdik paq-paq,
zo‘rg‘a yashirgandik qonli izlarni…
Ammo vaqt ochvordi…
biz gumdon qilgan
hozircha… o‘ttiz-qirq milyonta murda
sodda-go‘l xalqlarga ji-n-nday teshilgan
kalla chanoqlarin ko‘rsatib turar.
Xo‘sh, muncha vahima…
axir siyosat
vaqti-vaqti bilan qon talab qilar,
axir hurfikrlik degan riyozat
har qanday davlatni yiqita bilar.
Insonparvarlikdan qaytganimiz yo‘q,
haliyam toshlarni kesar boltamiz.
Agar kerak bo‘lsa,
O‘qlarimiz ko‘p,
hammani bir boshdan paq-paq otamiz…

Achchiq kinoyali tasvirga e’tibor berdingizmi? Vaqt har nechuk mustabid imperiyadan ham qudratli. Unga bo‘ysunmaydigan kuchning o‘zi yo‘q. Vaqt qonxo‘r siyosatlar tuproq qa’riga tashlagan tarix so‘ngaklarini qazib oladi va nafaqat muzeylarga olib boradi, balki avlodlar xotirasiga jon ato etadi. «Qon talab qiladigan siyosat»lar hamisha xalqlarni kallaklab kelgan. Shoir o‘tkir metaforalar vositasida mustabid tuzumning juda pinhon asrorlarini ochib tashladi. U bir azob bilan «yashirgan izlari»ning vaqt girdibodi ochib tashlashidan tahlikada. Nima qipti, axir o‘ttiz-qirq milyon odam otilgan bo‘lsa, otilgandir-da! Axir, dam-badam «siyosat qon talab qilib turadi». Uning og‘ziga odamlar jismini tashlab turish kerak. Istibdod o‘zbeklar boshiga katta musibatlar yog‘dirgan jirkanch tuzum bo‘ldi. U xalq tarixini oyoqosti qilib tashladi, u tiriklarning boshiga yetgani yetmagandek, ajdodlar xokini ham shopirib yubordi.

Cho‘lpon-po‘lpon deysiz,
ishimiz katta,
tarixga sig‘masdan turar o‘jarlar,
jaholat bosgan to‘rt asrni hatlab
Boburni oluvdik endi mo‘ljalga.
Ammo sal kechikdik…
chala qoldi ish,
vaqt ham mudrab qolar – hali ko‘ramiz,
Navoiy mulla bor, tag‘in Yassaviy,
Narida Koshg‘ariy,
Bor-ku To‘maris…

Tarixiy haqiqat shuki, bosqinchi har qancha madaniyatli bo‘lmasin, u o‘zga bir madaniyatliroq xalqning eng avvalo madaniyatini va bu madaniyat chirog‘ini yoqib o‘tirgan shaxslarni yo‘q qiladi. Sharq, ko‘pchilik o‘ylaganchalik, jaholat maskani emas, balki ulug‘ va betakror zotlar beshigidir. Buni shimoldan kelgan sovuqparast kelgindilar yaxshi bilishardi. Shu maqsadda ular eng avvalo xalqni xotirasizlik balosiga giriftor qilishni istashardi. Shavkat Rahmonni yaqindan bilganlar uning tarixga va tarixiy xotiraga nechog‘li  mas’uliyat bilan yondashishini bilishadi.  Shoirning «Sulaymon tog‘i etagida o‘ylaganlarim» she’ri tarixiy o‘tmishning inson qismatida tutgan o‘rni haqida. Sulaymon tog‘ – tarixning bir parchasi. U toshlardangina iborat tog‘ emas, balki necha ming yildan buyon shu muqaddas tuproqda yuksalib turgan xalqning g‘ururi, sha’ni, shukuhi:

Diyonatli, orli ajdodlar
u haybatli toshlar tagida
biror lahza xayol surmagan
soxta shuhrat, tama haqida.

Shoir qalban «diyonatli, orli» ajdodlariga chuqur ehtirom  saqlaydi. U qachon ular haqida so‘z yuritmasin, hamisha mavqeini birdek tuta biladi. Tarixning bemislu monand qudratini chuqur his qilgan shoir hamisha shu mavzuga murojaat qilarkan undan ibratli xulosalar chiqaradi. Ajdodlar, shoir ta’kidlaganidek, bizlarga o‘xshab «soxta shuhrat, tama haqida» o‘ylaganlarida bu buyuk tarixning urvog‘i ham  bo‘lmasdi.

Yasharkanlar yurtda sargardon,
kezarkanlar g‘urbatda yoxud,
Sulaymon tog‘ poyida bir kun
Ko‘milmakni qilganlar orzu.
Bundan ne-ne alloma o‘tgan,
ne jahongir, nechalab shoir.
Biroq aziz tog‘-toshlariga
yozdirmagan hech biri nomin.
Sulaymon tog‘ yuksalib turar
bir elatning buyuk yodiday,
hayron bo‘lib poyiga bugun
kelguvchilar e’tiqodidan.

Sulaymon tog‘ - Vatan timsoli. Sulaymon tog‘ bag‘ridan uloqib ketgan yo bir umr nazdidan jilmagan farzandlar uchun birdek aziz. Bu tog‘lar bag‘rida shoh Boburning xotiroti tirik yashaydi. Sulaymon toqqa qurdirgan oppoq hujra buyuk jahongirdan qolgan ziyoratgoh. Bu ziyoratga sargashta mirzoning avlodlari ham va uning begonalashgan nabiralari ham, shuningdek, uchragan tog‘u toshga nomini yozib qoldiradigan  «Vasyalar va Sashkalar»  ham kelib ketgan. Ammo mag‘rur tog‘ning ular bilan ishi yo‘q. U allaqanday farosatsiz sayyohlarning emas, ulug‘ va jahongir xalqining yodi. Shoir hamisha va har qaerda  o‘zining tarixi, ajoyib xalq qahramonlari bilan g‘ururlanib yurardi. Ana shu ishonch unga hamisha qanot baxsh etar va atrof-tevaragidagi maydakashliklar, sotqinlik va xiyonatlardan o‘zini chandon baland qo‘yishni istardi. Turonga, Turkistonga muhabbat, eng avvalo, tarixga va xalqqa bo‘lgan shoir muhabbatining yorqin timsoli edi.

Ikki daryo oralig‘ida
haq-adolat topmadi qaror –
bari ketdi
yurtni sog‘inib,
g‘urbatlarda yig‘lagani zor.
Tangri bunyod etgandan buyon
qancha olchoq,
qancha yotlarga
quchoq ochgan yurt torlik qildi
qancha odil
fozil zotlarga…

Ikki daryo oralig‘i – tarixiy Vatanning qismati ayanchli edi. Uning shukuhiga soya solgan o‘zaro ixtiloflar tufayli ko‘p farzandlar Vatandan bosh olib ketdilar. Shoirning  alam va o‘kinchi shundan. U Vatan bo‘yab kezishni sevar, qaerga bormasin, albatta o‘sha yerdan bir mujda bilan qaytardi. Shavkat Rahmonning «Aravon ko‘rinishlari» she’ri Vatanning betakror suvrati. She’riyatimizda qariyb taomilga aylanayozgan vatanparvarlikning qaynoq bo‘salaridan yaralgan she’rga ko‘nika boshlagan o‘zbek kitobxoni uchun bu mutlaqo yangilik edi. Shavkat Rahmon biror she’rida vatanga yoxud xalqqa yalang‘och muhabbat izhor etmaydi. Uning barcha she’rlari aslida  Vatan haqida eng go‘zal qo‘shiqlardir. Ehtimol, she’riyatimiz tarixida ilk bor Vatan manzaralari Shavkat Rahmon she’rlarida bor ulug‘vorligi, bor tarovati va go‘zalligi bilan namoyon bo‘lgan esa, ajab emas.

Tog‘lar -
nortuyalar abadiy cho‘kkan,
qurigan yillarni chaynab, kavshanib.
Qani yasovullar,tuyakashlari,
Tilloli, javharli sandiqlar qani?
Barisi talangan,
qaroqchilarning
izlarin yashirib yuborgan moziy,
yashirgan yillarning changalzorlari
sarbonni o‘ldirgan qotil ovozin.

Shoir manzara tili, tasvirning nozik chizgilari vositasida yurtning portretini yaratadi. Aslida nasriy asarlarning vazifasi bo‘lgan lavhalar shoirning sehrli qalami bilan jon oladi va ko‘z o‘ngingizda «nortuyadek abadiy cho‘kkan tog‘lar» gavdalanadi. Shavkat Rahmonning biror she’ri shunchaki bayondan iborat emas, unda ba’zan o‘nlab, ba’zan undan ham ziyod yangi tashbihlarga duch kelasiz. So‘zlar, satrlar, bandlar o‘z-o‘zidan quyilib kelaveradi. Siz tog‘ daryosi sohilida o‘tirgandek bo‘lasiz. Nigohingiz tiniq, shaffof suvda. Oqimning biror bir nuqtasida kesik yoxud parchalanishni sezmaysiz. Oqim yaxlit va uyg‘un, agar bordiyu kimdir unga to‘g‘on tashlamoqchi bo‘lgan taqdirda ham suv toshqini uni to‘ntarib, g‘arq qilib ketaveradi. Shavkat Rahmonning quyma satrlari  ana shu mavjli daryoni esga soladi. Siz bu she’rdan biror harfni, biror so‘zni olib tashlayolmaysiz. Shoir nafasi so‘zlarga aylangan va uni bo‘lish yoxud uzib qo‘yish halokatli. U shoirning yuragiga tutashib ketgan. Shoirning vafotidan keyin nashr etilgan «Saylanma»sini mutolaa qilgan ko‘plab o‘quvchilar uning she’rlari bir nafasda yozilganini e’tirof etishadi. Xuddi shu xususiyat mavlono Jaloliddin Rumiyga ham xos. Nortuyalar shunchaki hordiq olish uchun cho‘kkanlari yo‘q. Ular qurib-qaqshab ketgan yillarni saksovulni chaynagandek kavshanib cho‘kkanlar. Demak, tuyaga qiyoslanayotgan tog‘lar mohiyatiga ko‘ra yuqorida aytganimiz Sulaymon tog‘dek emas. Bu tog‘lar aslida kechmish manzarasi. Tog‘lar – asriy zulm va haqsizliklardan qomati bukilgan, qaqshagan, «qurigan yillarni chaynab, kavshanib» yashayotgan xalq. Uni nurli va farahbaxsh manzillarga eltguvchi «yasovullar, tuyakashlar» yo‘q. Qayoqqa ketganini Xudoning o‘zi biladi.  Xalq ham shunaqa besohib, qismati Xudoyi taologa havola qilingan bo‘ladimi? Nahot, uning davangir sardorlari, jismini chuqur-chandirlardan olib chiquvchi xaloskorlari, yov bostirib kelganda ko‘ksini qalqon qiladigan eranlari yo‘q. Agar eranlari bo‘lganda, bu ko‘yga tushmasdi. Xalqning yelkasiga chiqib, nuqul uning rizqini tuya qiladigan, uning hisobiga rohat-farog‘atda yashaydigan beklar va bekvachchalar, agar yov kelsa, dumini qisib qochib qoladilar. Qochganda yana ham uning nonini og‘zidan yulib olib qochadilar. Ilgari teva va tulporlarda qochgan bo‘lsalar, endi uchoqlarda qochadilar. Bu yog‘i Shveytsariya, Avstraliya, Mayami, Yangi Zelandiya. Siz o‘ylaysizki, bularga «abadiy cho‘kkan nortuyalar – tog‘lar» kerakmi? Ularga Surxon va Qashqadaryoda eshak minib yurgan va hayotida Toshkentdagi allaqanday «Lend»larni tushida ham ko‘rmagan bolalar kerakmi?  Qayoqdadir, Muborakda saksovulzor dashtda echki boqib yurgan manov qaqshagan mo‘ysafid bilan ularning necha pullik ishi bor! Vatanni yer yutmaydimi! Huv, aerodromda qantarilgan tayyora ularni bir zumda dunyoning istalgan mintaqasiga eltib qo‘yadi:

Muzlikdan
yuhodek kelgan shamollar
tuyalar jismini yalab-ishlagan,
asrlar toblagan temirchi Quyosh,
yomg‘irlar cho‘qigan,
qorlar qishlagan.
Shu qadar metinki tuyalar jismi,
charsillab qaytadi otilgan o‘qlar.
Ming yillab tinimsiz bo‘kirsa hamki,
metin tuyalarni yiqolmas to‘plar.

Muzlik – shimoldan  ko‘tarilgan va hamma narsani joy-joyida yo‘q qiladigan shamol «tuyalar jismini yalab-ishlaydi». Bu qanday ibora? Shoir bu bilan nima demoqchi? Muzli yurtlardan kelganlarga mazlum xalqlarning «jismi» kerak, xolos. Bo‘lak nimasi ham kerak bo‘lardi? Uning aqli kerakmi, tuyg‘ulari kerakmi, tarixi kerakmi? Hech narsasi kerak emas, faqat va faqat jismi – qo‘l-oyoqlari, doim egilgan gavdasi, baquvvat beli, kurakdek-kurakdek kaftlari kerak! Shamol – kelgindi bu jismni yalaydi, ishlaydi, ishlatadi. Dunyoning teng yarmi uning hisobiga ishrat qiladi. Oliy qasrlarda, baland ko‘shklarda, sutli hovuzlarda, xushbo‘y quchoqlarda, mazali, sarxush qiluvchi ichimliklar, tizzalar, quchoqlar… Bu bechora esa nuqul mehnat qiladi. Erda erlik siyog‘i qolmagan. Qulda siyoq nima qilsin! Suv bilan tirikchilik qiladi, qora non bilan qornini shishiradi. O‘lmasa bo‘ldi. Suyak, ko‘z, to‘kilib ado bo‘lgan chanoqda ilinib turgan sochga o‘xshash allanarsa. Xotin ham xotinlik  suvratu siyratini yo‘qotgan. Dunyoga yer timdalab mehnat qilish uchun kelgandek. Tuproqni shopirgani shopirgan. Yuzlar tortanak uyi, aslida sutlar chayishi lozim bo‘lgan vujud bo‘z ichiga tiqilgan g‘o‘zapoya. Bu tuyasimon odamning jismi «metin»ga aylangan, uning ichi ham, sirti ham bir xil, hatto o‘q «charsillab» qaytadi. Qarang, shoirning o‘xshatishini, kuni kecha jismini yalab ishlagan zotlar oxiri ming yillab to‘plarini «bo‘kirtirib» otsalar ham bu tuyalarni yiqa olishmaydi. Vatan haqida yozilgan aksariyat she’rlarda shoirlar o‘zining yalang‘och ishqini vatanlariga izhor qilarkan, uning betakror vodiylari, yalang dala-qirlarini yo osmonga ko‘tarib maqtaydilar, yo yerga to‘shab tashlaydilar. Ularning vatanparvarlik ruhidagi she’rlaridan ham yaltoqilik va tamagirlikning hidi kelib turadi. Vatan ularning nazarida nuqul boylik va go‘zallik manbai. Odamlari saxiy, mehnatkash, qo‘li ochiq, dasturxonida yegani turshagi ham bo‘lmasa-da, mehmondo‘st, echkilari chiroyli, buzoqlari malaklardek. Ayniqsa, «oq oltin»ini aytmaysizmi. Mening nazarimda, «Aravon ko‘rinishlari» she’ri Shavkat Rahmon ijodidagina emas, umuman, o‘zbek adabiyotida Vatan haqidagi she’rlarning betakror namunasidir. Maktab o‘quvchilariga, umuman, kitobxonlarga har nechuk saviyasiz, yalang‘och, ta’sirsiz vatannomalarning o‘rniga yuqoridagi kabi teran mazmunli, keskin badiiy vositalar asosiga qurilgan va mutlaqo yangi usulbda yaratilgan she’rlarni ham uqmoqlariga yordam bermoq kerak. «Vatanni sev!» degan bilan hech kim uni sevib qo‘ya qolmaydi. «Vatanim manim»lab ham vatanni sevish juda qiyin. Vatanparvarlik  hamisha va hamma zamonlarda teran insoniy dard bilan yo‘g‘rilgan tuyg‘u edi. Odam bolasining Vatandan o‘zga ulug‘roq  bisoti bo‘lmaydi, shuning uchun u hamisha yurakning to‘rida turadi va nafsilamrini aytganda, g‘oyat hassos tuyg‘u. U tez og‘rib, tez tuzalavermaydigan jarohat:

Sarbonni ko‘mdilar
sangzor sohilga
qabridan yuksaldi so‘nggi so‘zlari:
«Elimdan o‘zga bir dardim yo‘q edi,
elim deb yiqildim,              
el deb bo‘zladim».
Xotinlar soch yozib «voy»lab yig‘ladi,
mardlar yerga yotib oylab yig‘ladi,
do‘st, yovni bilmagan ko‘r kechalarda
«bulutga yashrinib oylar yig‘ladi».

Ammo sarbon biz o‘ylaganchalik  benomu nishon yitmagan ekan. Sarbon «sangzor sohilga» ko‘milgan. Uning qabridan esa so‘nggi so‘zlari yangraydi. Sarbon shunchaki tijorat karvonini yetaklovchi va ahyon-ahyon yobon bag‘rini jarang-jurungga to‘ldirib qo‘ng‘iroq chaluvchi rahnamo emas. U el-yurt saodati uchun hamma narsaga tayyor fidoiy. Xalq taqdirida, umuman, sarbonlik da’vo qiluvchilarning o‘rni beqiyos darajada ulug‘ bo‘larkan. Sarbonlar imon va insof, diyonat va adolat sohiblari bo‘lsalar, xalqning baxti. Rivoyat qilishlaricha, xalifa Ali bin Abu Tolib quruq non va suv bilangina kifoyalanar ekan. Sababi, albatta, mamlakatning qaeridadir qorni nonga to‘ymaydigan nochor, kambag‘al, qo‘li kalta odamlar bo‘lishi tabiiy. U  katta bir xalifalikning «sarbon»i. Oliy qasrlar, baland ko‘shklar va ming-minglab cho‘rilar bag‘rida qornini qashlab yashashi ham mumkin. Yo‘q. Nima uchun u – xalifa – to‘q, raiyat esa g‘o‘zapoya chaynashi kerak. Bolasining eng oddiy istagini bajarolmasligi, xotiniga oddiy kumush uzuk ham olib berolmasligi, o‘zi odam bo‘lib tuzukroq engil-bosh ko‘rmasligi kerakmi? Nega? Bular faqat xalifalar uchun chiqarilganmi? Oddiy tog‘da qalashib yotgan toshdan tiklangan qasrda yashashni va yer qa’ridan qazib olinadigan marmar hovuzlarga kalla otishni faqat xalifalarga chiqarganmi? Shoir she’rlarining zamir-zamirida yashirinib yotgan ma’nolar yuqoridagi fikrlarga dalolat qiladi. Xalqparvar shoirning hayoti ayni ana shu holatning tasdig‘i edi. Shavkat Rahmon o‘ta kamtarona, aytish mumkinki, faqirona umr kechirdi. Uni aksariyat paytlar boshi egilgan holatda uchratish mumkin edi. U suygan, g‘urur bilan «bizning yigitlar» deguvchi qalamkash birodarlari taqdir taqozosi bilan katta-katta mansab sohiblari bo‘ldilar. Odatda, birmuncha yuqoriroq mansabga ko‘tarilgan xoh qalam ahli bo‘lsin, xoh jaydari amaldor bo‘lsin, atrofiga o‘zining naslu nasabi, el-urug‘i, hech qursa, oldida ta’zim bajo keltirib turadigan laganbardorlarini yig‘ib oladi va «muxtoriyat» holatida faoliyat yurita boshlaydi. Atrofga qarang, hech bir mansabdorning yaqinida begonalarni ko‘rmaysiz. Bu xalqimizga xos xususiyat. Oddiy mutafakkirlar «O‘z yurtingda payg‘ambar bo‘lolmaysan» degan hikmatni o‘zlariga tasalli qilib olganlar. Xalqning qismati shoir xayollarini burovga solgan edi. U tevarak-atrofda yuz berayotgan hodisalarga bolalarcha soddalik bilan nigoh tashlar, uning ana shunday bolalarcha soddaligidan ustamonlik bilan foydalanishardi. Zimdan hasad va g‘araz olovida yonganlar Shavkat Rahmonning hech qachon bo‘lmagan amali yoxud davlatiga emas, ochiqdan-ochiq  baland odamiyatini ko‘risholmasdi. Bir gal davlat rahbari uni o‘z huzuriga chorladi. Ammo rahbar aytgan paytda shoir negadir «topilmadi!» Umrining oxirgi yillarida moddiy va ma’naviy qiyinchiliklar  qattiq iskanjaga oldi. U hech narsadan, hech qachon nolimas, mag‘rur va tantiligi bunga yo‘l qo‘ymasdi. Ichki madaniyatining balandligi, halolligi, beg‘arazligi, o‘zining qudratiga qattiq ishonch, do‘stlariga xolis muhabbat, vatanparastlik, millatdo‘stlik uning qon-qoniga, jon-joniga singib ketgandi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan berilgan Do‘rmondagi bir shapaloq yerida saratonning qaynoq qozonida qaynab  imorat solmoqchi bo‘ldi. Chillaning jazirama issig‘ida yer qazdi, tsement quydi, hansirab-hansirab, kuyib-yonib ishladi, bozor sharoitiga o‘tayotgan jamiyatda dastlabki yillar boshlangan boshboshdoqlikning tagiga yetmagan va ma’naviy jihatdan xiyla toliqqan shoir saraton kasaliga chalindi. Oyoqdan yiqilgunga qadar birovga bildirmadi. Nolimadi. Kurortga boraman deb turli tashkilotlarga ariza ko‘tarib yugurmadi. Aksincha, hamma narsani sir saqlagandek, dardini ham pinhon tutmoqchi bo‘ldi. Kasalxonaga tushishidan atigi bir oy chamasi burun men uni eski Bilimlar uyi binosi oldida uchratdim. Biroz suhbatlashdik. Eti borib suyagiga yopishgan shoir hech narsa bo‘lmagandek bemalol u yoqdan-bu yoqdan gapirib o‘tirdi. Men uning rangini ko‘rib ko‘zlarimga ishonmadim. Pahlavon jussa Shavkat Rahmondan bir quchoq ustuxon qolgandi. Nega bu qadar oriqlab ketganini anglay olmadim. Bari bir sog‘ emasligi, ichiga bir bedavo dard  asta-sekin o‘rmalab kirib borayotganligi haqidagi fikr meni dahshatga soldi. Dardini yashira-yashira oxiri oyoqdan ham qolgach, Manzura opaning yalinib-yolvorishlari va hech kim bilmasligi sharti bilan kasalxonaga borishga rozilik bergan shoir qaerdadir statsionarda emas, balki oddiy kasalxonada yotishga rozi bo‘ldi. Ammo dard duxtirlar uchun sir emasdi, ular yurak jarrohligi institutiga yo‘llanma berdilar. Xuddi shu yerdan buyuk o‘zbek shoirining bemorligi haqidagi xabar butun respublikaga tarqalib ketdi. Yurak jarrohligi instituti shoirning do‘stlari, muxlislarining ziyoratgohiga aylandi. Dard sekin-asta, ammo ishonch bilan zo‘rayib bormoqda edi. Manzura opa, qizlari shoirning yostig‘iga qo‘shilib ketdilar. U bilan birga dard chekib, tunlarni tonglarga ulashdi. Ammo nihoyat shoirga dunyodagi eng mash’um tashxis qo‘yildi. Saraton. Uni Talabalar shaharchasi yaqinidagi onkologiya markaziga yuborishdi…

* * *

Vatanfidolik  Shavkat Rahmon she’riyati va hayotining mazmuni edi. U faqat she’rlarida «vatan»lab  mukofot taqsimlanadigan ayyomlarga yetib borib, Vatanini kepakka sotib bo‘lsa-da unvon, yo nishon olish uchun kurakda turmaydigan sharmandaliklarni boshlab yuboradigan va xurjunini ko‘tarib, diydiyo qiladigan  kimsalardan nafratlanardi. Uning vatanfidoligi pokiza, odamiy edi. Har bir nafasida  Vatan yo‘lida shahid ketish haqida o‘y surib yurgandek tuyulaverardi. Shavkat Rahmon Vatan va millat taqdirini eng ko‘p va xo‘b qalamga olgan, unga farzandlik munosabatini bor harorat va muhabbati, achchiq-chuchuklari bilan tikka ayta olgan yagona shoir edi. To‘g‘ri, Vatan haqida kalendar she’rlar adabiyotimizning hamma bo‘g‘iniga xos hodisa. Bugun bir sportchiga, ertaga bir tadbirkor yo fermerga, indin tennischi qizlarga, yana boshqa bir kun polvon yigitlarga she’r bag‘ishlab tirikchilik qiladigan «shoir»lar adabiyotimizda shu qadar mo‘lki, ba’zan ularning musobaqalarini kuzatib turib dahshatga tushasiz. Shavkat Rahmon millat taraqqiyotida ba’zan salbiy rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan yoxud allaqachon salbiy ta’sirini o‘tkazgan omillar xususida baralla ayta olar, ularning sabab va oqibatlari xususida nazariy emas, balki asl badiiy tilda xulosalar chiqara bilardi. She’riy san’atlarni eng baland maqomda qo‘llay oladigan, tilimiz xazinasidagi nodir so‘zlarni she’riy qoliplarga ustalik bilan kiritadigan, uni zo‘rlab, qiyratib qo‘llovchilardan farqli o‘laroq ziynatli, tarovatli, xushbo‘y, ba’zan juda achchiq tashbihlarni qalashtirib yuboradigan shoirning uslubi chin ma’noda adabiyotimizda yangilik edi. Yashirishning o‘rni emas, barcha shoirlarimizda kimningdir ohangini, yana kimningdir so‘z qo‘llash uslubini, hatto boshqa bir ustoz shoirning, jilla qursa, dashtu dalalarda kishnab dostonlar aytadigan baxshi va jirchilarning ovozini eshitish mumkin. Hurmatli shoirlarimiz o‘z salaflarini ustoz deb ehtirom qilganlari uchun, ustozdan shogirdga nimalar o‘tmaydi, deysiz-da qo‘yaverasiz. Shavkat Rahmonning ijodida birovdan «adashib» kirib kelgan ibora, birovdan o‘g‘rincha olingan tashbih yoxud birovning «kishnashi»ga o‘xshash nag‘mani mutlaqo uchratmaysiz. Xuddi shu bois adabiyotshunoslik yigirma yildan buyon adabiyotimizda tom ma’noda yangilik bo‘lgan bu «zulfiqor she’r»lar xususida ma’nodor sukutni ixtiyor etgan. Zero, taqlidiy va an’anaviy she’riyatni «tadqiq» etish san’atini puxta o‘zlashtirgan adabiyotshunoslik bu tom ma’noda betakror she’riyat haqida so‘z aytishga zaiflik qilardi. Ular hamon 30-, 40-, 50-, 60- yillar she’riyatining ta’siri ostida yashashar va zo‘r berib betakror Oybek domlaning «Na’matak» she’rini va ustoz Erkin Vohidovning o‘ta milliy qasidalarini takror-takror inkishof etardilar. Shavkat Rahmon she’rlari xususida esa  sukut afzal edi, chog‘i. Ba’zan qariyb yigirma yilga cho‘zilgan bu sukut nega tasirlab yorilib ketmaganiga hayron qolasan…

Qilichin tashladi beklar nihoyat,
bosildi tulporlar,
tig‘lar suroni,
urhoga o‘rgangan tillarda oyat,
turkiylar tanidi komil xudoni.

Shoirning «Turkiylar» she’ridagi ushbu to‘rt satr xalqimiz tarixidagi favqulodda  ijtimoiy voqelikning badiiy chizmasidir. Ma’lumki, turkiy xalqlar qadimdan o‘zining jangariligi, mard va botirligi tufayli surunkali yurishlar va so‘qishlar oqibatida dunyoning ko‘p mintaqalarini ishg‘ol qildilar va bir necha asrlar davomida yashab qolgan saltanatlarga asos soldilar. Bashariyat tarixida kamdan-kam xalqlarga nasib qiladigan bunday sha’n qismat haqida tarixiy manbalar teran ma’lumotlarni hikoya qiladi. Ammo qachonki qalblari iymon nuri bilan munavvar bo‘lgach, qahru g‘azab, shafqatsizlik va taaddilarga barham berildi, ular  imon-insofli, diyonatli, sabr-tahammulli darveshsifat zotlarga aylana bordilar.

Qilichlar zangladi…
falokat hushyor,
turkiylar quvvatin berdi yerlarga.
Hiylagar do‘stlarday yaqinlashdi yov
komillik qidirgan jasur erlarga.
Ilvasin yigitlar,
bobur yigitlar,
sajdaga bosh qo‘ydi yovga ters qarab,
g‘ullarni kemirib yig‘ladi itlar,
buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab.

Manzaraga e’tibor bering: qilichni tasbih va ketmonga almashgan turkiylar jang-jadallarning bahridan o‘tib, osuda turmushni ixtiyor etdilar. Turkiy xalqlarning tarixiy fojiasini dalillar va burhonlar tilida ham tahlil qilish, shohlar va shahzodalarning o‘zaro ixtiloflari tufayli tobora zaiflasha borgan  xonliklar, jaholat va bid’atga aylangan ta’lim-tarbiya va hokazo xususida uzoq gapirish mumkin. Ammo bu muammolarni she’riyat boshqacha talqin qiladi. She’r tilida tarixiy haqiqatni bayon qilayotgan shoir birinchi galda hissiyotlarga erk beradi. Toki buyuk bo‘hronlarning fojiasi fojia egalariga borib yetsin, toki bu fojiani amalga oshirganlarning nomi va  o‘lib ketgan sanasinigina esda saqlamasdan, ularning kimligini yurak-yurakdan tuysin. Nega bu fojia sodir bo‘lganini fahm etsin, o‘zini, bola-chaqasini qayta nayzaga ilmasliklari uchun hushyor tortsin, nuqul qorni va qo‘njini emas, yurak va aqlini ham ishlatsin. She’r va shoirning birinchi vazifasi - ana shu! Hozir birovga she’r nima, shoir kim deb savol bersangiz, u sizga Arastu va Hyotedan boshlab hikoyago‘ylik qila boshlaydi. Bundan ham oson yo‘lini, sira tushunish mumkin emas,  bu - ilohiy, deb qo‘ya qoladi va g‘aroyib «kamtarlik» bilan o‘zini ilohiylik supasiga chiqarib qo‘yadi. Nafsilamrini aytganda, she’rda hech qanday ilohiylik yo‘q, jigar-bag‘irning qoni bor, laxtalangan yurak bor. Keyingi yillarda qirq yoshda yuragi yorilib o‘layotgan juvonmarg o‘zbek shoirlari ilohiy bo‘lganlarida hali dorilomon yashagan bo‘lardilar. Bugun bu safsatalar bilan hech kimning boshini qotirish mumkin emas. Qalbaki «she’riyat» Qur’oni karimda ham yolg‘on deyilgan va ko‘pchilik mutafakkirlar tomonidan «nag‘machilik» sifatida e’tirof etilgan. Yengil-elpi, xashaki, jonsiz va ta’sirsiz she’rlar odam bolasi, jamiyat hayoti uchun o‘ta xavfli hodisa hisoblanadi. Adashib adabiyot maydoniga kirib kelgan va kirmoqchi bo‘lgan odamlarni o‘z vaqtida to‘xtatib qolish, ularni qo‘llaridan keladigan yumushlarga safarbar qilish,  yashirmasdan rost gapni aytish ham jasorat, ham savob ish. Men hayotimda she’r yozishni o‘z vaqtida tashlab ketgan kishilarni ko‘p uchratdim, ammo kechagi «shoir»lar bir dumalab o‘g‘ri  yoxud qallob ham bo‘lishi mumkin ekanligini tasavvurimga sig‘dira olmadim. Pora o‘ralgan qog‘ozga «she’r» yozib yurgan shoirlar ham borligini esdan chiqarib bo‘lmaydi. Umuman, she’riyat uyi pok bo‘lmog‘i kerak. Shundoq ham nopok dargohlar juda ko‘p. Dunyoning qaeridadir muqaddas joylar  qolishi kerak. Aqalli, ertaga dunyoga tashrif buyuradigan pokiza nasllar uchun bu juda kerak.

Shavkat Rahmon she’riyati ruhiyat va qalb she’riyati. U xoh tarixiy, xoh ijtimoiy, xoh ishqiy-maishiy mavzuda so‘z aytishga chog‘lanmasin, juda katta  mas’uliyat bilan yondashadi. Gap «Turkiylar» she’ri xususida edi. Shunday qilib, shoir ta’kidlashicha, turkiy xalqlar   hatto  saltanatning jug‘rofiyasini-da unutdilar, dunyoparastlik o‘rnini qanoat, jangarilik o‘rnini mehr-muruvvat, qilichbozlik o‘rnini zikru sano ishg‘ol qildi. Har qadamda masjid va maqbaralar qad rostladi. Xonaqohlarda darvesh va qalandarlarning hayyo-huvi, azon sadolari yangray boshladi. Tunov kun bo‘ynini egib, qisinib-qimtinib turgan dushmanlar yovvosh tortib qolgan turkiylar huzuriga labda muloyim kulgu, qo‘yinda chag‘ir tosh bilan keldilar. Tarixiy bo‘hronlar shundan dalolat beradiki, ko‘p holatlarda turkiylar boshiga tushgan katta talafotlar ayni ularning namoz ado etayotgan paytlariga to‘g‘ri kelgan. Yov hozir ham musulmonlarni sajdaga bosh qo‘ygan mahalda chopadi. Xalifa Usmon ibn Affondan yovqur Anvar poshogacha sajdaga bosh qo‘ygan mahallarida shahodat topganlar. «Ilvasin yigitlar, bobur yigitlar»ning yov bilan ishi yo‘q, ular qo‘yniga pichoq solib kelgan yovga qayrilib ham qaramadilar. Dala-dashtlarni larzaga solib yurgan bo‘ribosarlar bo‘ynilariga solingan g‘o‘llarni chaynab, ko‘kka boqib benajot uvlay boshladilar.

Turkda bosh qolmadi…
qolmadi dovlar,
xotin-xalaj qoldi motam ko‘tarib,
«bizga tik qarama» buyurdi yovlar,
yovlarga ters qarab yashadi bari.
Talandi samoviy tulpor uyuri,
talandi zarlari,
zebu zabari,
ters qarab o‘ling deb yovlar buyurdi,
yovlarga ters qarab jon berdi bari.
Lahadga kirdilar o‘zlarin qarg‘ab,
qolmadi arabiy,
turkiy xatlari,
tug‘ingiz, dedi yov teskari qarab,
yovlarga ters qarab tug‘ildi bari.

Turkiy xalqlar qismatida qorong‘u kunlar boshlandi. Komillik va mo‘minlik talabida shamshiru qalqonni tashlab, tasbih va sajjodaga yukingan turkiylar bosqichma-bosqich saltanat hududlarini qo‘ldan boy bera boshladilar. Nihoyat, uning sahrolari va shaharlariga bosh suqib, so‘ng oyoqlarini ham kiritib olgan yovlar boshiga chiqib qo‘r tikdilar. Yov ayovsiz, ammo juda makkor edi. U faqat lashkar va to‘plari bilan emas, uzoqni ko‘ra bilguvchi siyosatdonlari, jug‘rofiyunlari, muarrix va muallimlari bilan «tashrif buyurdi». Bu «tashrif» nihoyat yuz yillarga cho‘zildi. «Mehmon» bu yerlardan ketishni xayoliga ham keltirmasdi. Shu yerlarda bolaladi, shu yerlarda «palak tashlab» ko‘paydi. Sariq-suruq go‘daklar keyincha pogon taqqan zobitlarga aylandi, yerga qapishgan ko‘yi zo‘rg‘a yashayotgan loy kulbalar ustida qad rostlagan qasru ravoqlarda asta-sekin sharobnigina emas, ho‘rillatib choy ichishni o‘rgandi, zerikib qolganda astoydil kerishib, jahongir naslidan yodgor bo‘lib qolgan sehrli maqbara va madrasalarning rasmini chizdi, koshinlardagi arabiy harflarni o‘qib-o‘rganmoqchi bo‘ldi, ammo zobitlar va negadir «qozoq» deb atalguvchi odamxo‘rlar oddiy xalqni axtalangan qullardan battarroq ahvolga soldilar. Shoirning tarixiy lavhalar tasviriga chog‘langan o‘tkir va birmuncha tig‘dor tili fojialar silsilasini aks ettirar ekan, eng qizg‘in va mardona so‘zlarni intixob etadi. Shoirning ehtiroslari oqimiga tushgan so‘zlar avval cho‘g‘lanib, so‘ng yog‘dulana boradi va nihoyat, yo butkul yorilib ketadi yoxud kul bo‘lib sochiladi. Shavkat Rahmon faqat bir ma’noda ayovsiz shoir. U, avvalo, o‘ziga shafqat qilmaydi, vujudidan otilib chiqayotgan so‘zlar oqimini to‘xtatib qolish aslo mumkin emas. Tog‘ boshidan quyilayotgan sharshara, to‘lqinlar sirtida jimirlab turgan mavjni kuzatganmisiz? Jilla qursa, tog‘dan qulayotgan sangrezalarni-chi? Toshlar qaldiroq otadi, guldiraydi, shiddat bilan bir-biriga  koj to‘lqinlardek to‘qinadi, chars-churs, qasar-qusur qilib yorilib ketadi. Bu manzara halokatli, dahshatli va ta’sirlidir. Agar bir chetdan kuzatib turgan bo‘lsangiz -  xo‘bu xo‘b, bordiyu sharshara deb gumon qilib ostiga tushsangiz, mayd-chuydaga aylanasiz. So‘zni ko‘tarish qiyin. Zotan, Payg‘ambarga   (s.a.v.) ham so‘z og‘irlik qilardi. Vahiy - xabar u zot tuya ustida ekanlarida nozil  bo‘lganda tuya depsinar, qalqib ketar, hansirab, og‘zidan ko‘pik sochardi va gursillab yerga cho‘kardi. So‘z og‘ir narsa. Shuning uchun bugun uni xor qilganlarni, erta kechirmaydi. Shavkat Rahmonning so‘zi ana shunday zalvorli, salmoqli, og‘ir va tahlikali so‘z edi. Bugungi xashaki so‘zamollar yozayotgan gaplarini she’r deb gumon qiladilar. Hech zamonda Navoiy so‘zlari va Mavlono Jaloliddin Rumiy so‘zlari sehriga chalinmagan, tili chuchuk va tussiz, didsiz va dardsiz «shoir»lar so‘z qadrini bilganlarmi? Ular bugun to‘rt atrofni qog‘ozga to‘ldirib, qanchadan-qancha yashil o‘rmonlarga qirg‘in keltirayotganlari yetmagandek, ne-ne  g‘o‘r yoshlarni o‘z didlariga moslashtirishga ham ulgurdilar.

Shoir o‘sha ohangda davom etadi:

Tug‘ildi,
tug‘ildi,
tug‘ildi qullar,
qirqida qirqilgan – imdodga muhtoj,
yovlarga ters qarab itlarday hurar,
biri-biriga dushman, bir-biridan koj.
Jo‘mardlar qirilgan Turonzaminda
do‘zaxiy tajriba pallasin ko‘rdim:
eshshak suvrati bor qay bir qavmda,
qay birida to‘ng‘iz kallasin ko‘rdim.

Bundan bu yog‘iga turkiy qavmlar hayotida haqiqiy fojialar davri boshlandi. Dunyoda bir necha qur  saltanat tiklagan turkiylar yovvosh, qo‘ymijoz (bu haqorat hozirgacha yashab kelmoqda) xalqqa aylandi. Nasllar qumsoatdek almashindi. Qullar tug‘ildi, qullardan qullar, qullardan qullar… Bu intihosiz qullar karvonining oxiri ko‘rinmasdi. Qullikning o‘z psixologiyasi bor, bu o‘ta murakkab johillik psixologiyasidir. Qul – bu odam siyog‘idagi hayvon. To‘g‘rirog‘i, hayvonga aylantirilgan odam bolasi. U yeyish, ichish va farmonbardorlikdan boshqa hech narsani  tan olmaydi. Qulning haq-huquqi yo‘q. Uni shu ko‘yga solganlar bu psixologiyani asrlar davomida shakllantira olganlar. Bugun ham oddiy shiorlarga aldanib, yaxshi kunlar kelishini xayol qilib yurganlar qullardir. Chunki odamzotning qandaydir mavhum zamonlarda baxtli yashashga emas, balki ayni daqiqada  ham baxtli bo‘lishga batamom haqqi bor. Ertalab it sarqitini yeb, dalaga chiqishgagina emas, balki xuddi  quyosh endi tog‘ osha bosh ko‘tarayotgan pallada ham, choshgoh mahali tutqatorda qattiq non kavshab emas, huzur-halovat qilib, saodatli nafas olishga ham haqqi bor. Ammo uni har gal, hamisha ertaga, albatta, baxtli bo‘lasan, deb aldashadi. Qul yolg‘onga ishonuvchan, ko‘ngilsiz,  fahm-farosati yo‘q va hech qachon o‘z fikriga ega bo‘lmaydi. Uni boshqarish oson. Ayniqsa, boshqa bir o‘ziga o‘xshash och qul bilan urushtirish juda qulay. Qullikning samarali ta’siri tufayli o‘zaro yovlik, adovat, ko‘rolmaslik, itlik psixologiyasi vujudga keltirildi. Qullar itlarga do‘ndi va bir-biriga irillab, tish qayray boshladi. Bu irillashlar va tish qayrashlar oxir-oqibat Turonzaminni tilka-pora qilib tashladi. Endi:

Jo‘mardlar qirilgan Turonzaminda
do‘zaxiy tajriba pallasin ko‘rdim:
eshshak suvrati bor qay bir qavmda,
qay birida to‘ng‘iz kallasin ko‘rdim,

deydi shoir.  

Yuqorida qullik, mutelik, noodamlik, itoatkorlik psixologiyasi maxsus shakllantiriladi, dedik. Bu ham o‘ziga xos ayovsiz, zulmkor tajriba. Tarix tajribalarning anvoyi xilini biladi. Jumladan, bugun ham odamlar jismida o‘tkazilayotgan tajribalarni (zombilar, klonlar va hokazo) eslash kifoya. Tarixiy dalillar shundan shahodat beradiki, yaponlar jahon urushidan oldin va imperiya butkul yo‘q bo‘lgunga qadar odamlar jismida tajriba o‘tkazadigan maxsus qamoqxonaga ega bo‘lganlar. Bu qamoqxonalarda odam aqliga sig‘mas darajada vahshiyona tajribalar o‘tkazilgan. Balki yaponlarning bugungi ilmiy taraqqiyoti zamirida shunday g‘ayriinsoniy tajribalar ham yo‘q emasdir. Xuddi shunday tajribalar, ya’ni oddiy odamni qulga aylantirish tajribalari tufayli «eshshak suvratli» va «to‘ng‘iz kallali» qavmlar dunyoga keldi. Keyincha qulga do‘ngan kimsalar ham dunyoga Fir’avndek chinqirab kelgan, uni hech kim qul qilib yaratmagan.

Bu holdan buvaklar bo‘g‘ilib o‘lar,
qul Bilol ezilib yig‘lar falakda…
O‘zlarin yondirar borliqdan to‘ygan
Badaxshon la’liday asl malaklar.

Buyuk milliy-ijtimoiy fojia manzarasi tobora quyuqlasha boradi. «Eshshak suvrat», «to‘ng‘iz kallali» itfe’l qavmlarning nahsli kirdikori nasllarga uradi va etnik musibat irsiy falajlik, aqliy-ma’naviy-ruhiy inqirozni vujudga keltiradi. Bolalarga qirg‘in keladi. Farqi yo‘q. Ular ochlikdan o‘ladimi, pestitsidlar ta’siridami, baribir. Dalil shuki, ular qirila boshlaydi. Ham ma’nan, ham jisman. «Badaxshon la’liday malaklar» esa paxta egatlaridan chiqib, g‘o‘zapoyadek lang‘illab yonadilar. Bu go‘zal olovning dudlari yeru osmonni qoplaydi, bulutlarga qo‘shilib, dunyoni kezadi, qaergadir yomg‘ir bo‘lib quyiladi, qaerdadir maysa bo‘lib ko‘karadi. Ehtimol, Badaxshon tog‘lari bag‘riga yashiringan javohir va la’llar o‘sha ayollarning jonidir?  Ehtimol, Tyanshon tog‘i boshidagi oppoq qorlar ularning jismidir? Kim bilsin.

Mo‘minlar besh bora  Allohni eslar,
sajdaga bosh qo‘yib, jallod toshiga.
O‘grilib sal ortiga qarayin desa,
boshiga urarlar,
faqat boshiga.

Mo‘minlikning besh shartidan biri har kun besh mahal sajdaga bosh qo‘yish. Agar mo‘min shundan boshqani o‘ylamasa, zolimga bundan qulayi yo‘q. Allohini o‘ylasa o‘ylayversin! Ammo faqat va faqat Allohni! Boshqa narsani emas! Jumladan, nega mudom uning boshiga solishlari, ketiga tepishlari, yuvindi yeb, talqon shopirishi haqida emas. Ammo zinhor  engil-boshi, qizlarining bitlagan sochi, bolasining yosh to‘la ko‘zlari, otasining g‘ijimlangan yuz-ko‘zi, onasining yetti bukilgan qomati, dala-tuzda yetishtirgan ne’matlari, mahallasi, vatani, mazorati haqida emas. Shuning uchun yovga tikka qarolmaydi. Agar bordiyu biror «koj» tik boqishga jur’at qilsa, unda uning faqat boshiga, boshqa yeriga emas, miyasiga solish kerak! Shavkat Rahmon she’riyatining benazirligi shundaki, u adabiyotimiz tarixida ilk bor odam psixologiyasining o‘ta nozik nuqtalarini she’riy  til bilan tadqiq etdi, badiiy-psixologik kashfiyotlar yaratdi. She’r nihoyasida shoir asl muddaoga ko‘chadi:

Bormi er yigitlar,
bormi er qizlar,
bormi  gul bag‘ringda jo‘mard nolalar,
bormi bul tufroqda o‘zligin izlab,
osmonu falakka yetgan bolalar.
Bor bo‘lsa,
alarga yetkarib qo‘ying,
bir boshga bir o‘lim demagan ermas,
shahidlar o‘lmaydi,
bir qarab to‘ying:
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!

O‘zbek adabiyotida  chinakam voqea bo‘lgan va hanuzgacha biror tadqiqotchining nazariga tushmagan bu she’r turkiy xalqlarning asriy fojiasi tugal inkishof etilgan badiiy asardir. Besh marta yangragan so‘nggi satr marhum shoirning «zulfiqor ruhi»dan sachragan imon shu’lalaridir.

* * *

Shavkat Rahmon toptalgan, haqoratlangan, qon qaqshagan O‘shdan qaytganidan so‘ng, uzoq vaqt o‘ziga kelolmadi. Quyuq sochlari oqib tushgan manglayida ajinlarning tig‘iz safi kengaya bordi, yuz-ko‘zlarida ajabtovur halovatsizlik va xavotir paydo bo‘ldi. Shoirning odam bolasi, uning bu olamdagi o‘rni va qismati haqidagi qarashlariga darz ketdi. Kutilmaganda harnechuk g‘ayriodamiy qilmishlarni bajarishga qodir insonlar haqida tasavvuri tom ma’noda o‘zgardi. Ha, hammasi she’rlarda aytilib, qo‘shiqlarda kuylangandek emas ekan. Shavkat Rahmonning 70-yillarda yozgan she’rlari bilan 80-yillarda yaratilgan she’rlari o‘rtasidagi tafovut kishini hayratga soladi. Adabiyotimizda ilk she’rini qanday usulda yozgan bo‘lsa, qariyb so‘nggi she’rlarini ham o‘sha usulda yozayotgan shoirlar birtalay. Ular she’riy uslubni ham dogma sifatida qabul qilishga o‘rganganlar. Shavkat Rahmon bu aqidalarni sindirib tashlab, she’rdan she’rga katta shiddat bilan o‘sib bordi. Uning qaysar va mardona qalami   asl mo‘‘jizalarni yaratdi. Shoir she’rlariga o‘xshashi yo‘q tashbihlar oqimini olib kirdi, satrlari zanjir halqalaridek qattiq jaranglar, so‘zlar so‘zlarga ana shu zanjir orqali bog‘lana boshladi. U borliq olamga munosabatini dadil va oshkora, bor bo‘yicha, qanday bo‘lsa, shundayligicha aytishga chog‘landi. She’riy nazokat va andishani yig‘ishtirib qo‘ygan shoirning tili shu qadar charxlandiki, endi u bilan gaplashish ham, she’rlarini mutolaa qilish ham dushvor edi. Ko‘ngilchan, sodda, fasohatli Shavkat Rahmon ayovsiz tashbihlar qiroliga aylandi. Mana bu tashbihlar oqimiga e’tibor bering: «Ilonday chiroyli kechalari ham o‘ynatib bir pudlik bosqonlarini, toblar sho‘x qizlarning sandonlarida minglab Jaloliddin, Hojixonlarni…» («Xorazm qishloqlari»), «Shamolzor darada chayqaladi tun, oqarishib borar oyning pallasi. Qonimni qonimga tanitib qo‘ydi qorong‘i tunlarning o‘t musallasi…» («Aravon ko‘rinishlari»), «Turkona hovlilar kunga qaragan, achchiq mevasidan shirin boli ko‘p, ko‘rimsiz eshiklar mangu yopilmas, teragidan ko‘ra majnuntoli ko‘p… Sabr daraxtiday o‘sgan odamlar – saksovul singari chidamli, chayir, yerga botib ketgan bahodirlarday kunlarga qaraydi siniq iljayib…» («Avtobusdagi o‘ylar»), «Ulug‘vor qoyalar saltanatida oftobning yig‘ilgan shu’lalariday sirqirab yotibsiz  toshlar oralab, bokira suvlarim, go‘zal suvlarim…» («Suvlar ila muloqot»), «Ne ko‘z bilan ko‘rsin, qalayi nigoh ham temir chovutli qahhor sayyodlar tinsiz arqon talashlar, ko‘kka sapchiydi bir olov oqimday aylangan otlar…» ( «Oftob va oftob nurlari haqida afsona»), «Qancha jasad ko‘rdim, go‘yo bir kuni yorug‘ orzularning bahridan kechib – shoshilib ketganday oliy kishilar azobdan burishgan libosin yechib…» («Gumanoidlar»), «Juda nozik usul, to‘g‘rimasmi-a, qotillik qilganing hech kim sezmasa, sazoyi qilmasa eshak mindirib, xaloyiq oddida tiling kesmasa. O‘tgan asrlarda sho‘rlik vaqtni so‘yib qo‘yishardi qo‘zichoqlarday, qoziqqa o‘tqazib yo osib dorga, tiriklay ko‘mishar edi chohlarga…» («Vaqt»), «Yulduzsiz osmonday bu chuqur ko‘zlar, so‘ngan yulduzlarday son-sanog‘i yo‘q. Topilmas, topilmas abadulabad bu ochiq ko‘zlarni yopadigan qo‘l». («Ochiq qolgan ko‘zlar»), «Manovi qora tosh – vaqt kaftlarida trillion marotaba kichraytirgan tun – jonsizday yotarkan, o‘tkir ko‘zimga tobora shubhali ko‘rinar har kun…» («Gullayotgan tosh»), «Qurshovda yurtimning qabristonlari, qabrlar og‘zida to‘xtagan paxta, go‘yo sho‘rliklarning arzon jonlarin qutqarib qolganday milyonlab lahad. Sho‘rliklar bir umr yomg‘ir, qor kechib, faqat qabrlardan halovat topdi. Uyaldim tunov kun ko‘ylagim yechib, paxta ekilmagan badanim qopti…» («Qo‘shimcha qo‘riq»), «Go‘yo kim ataylab suvga bosgan bir koptokday balqidi rangin savlati, ko‘rdi yuksalganin bir fitna olg‘ir o‘zi bo‘g‘ib qo‘ygan o‘zbek davlatin» («Orzuga ayb yo‘q»), «Eski o‘zanlardan keldi guldirab ulkan to‘zonlarning jinni hammoli. O‘ylab yurgan edik seni o‘ldi deb, haliyam bormisan, Qo‘qon shamoli…» («Qo‘qon shamoli haqida o‘tmishdan rivoyat»).

Shavkat Rahmon XX asr o‘zbek adabiyotida chin ma’noda inqilob yasagan mardonavor, haqiqatparvar, milliy shoirimizdir. Uning betakror she’riy kashfiyotlari asrlar osha millatimizning bosh g‘oyalariga xizmat qiladi, Turkiston adabiyotining zarvarag‘iga aylangan bu durdonalar abadiyat mulkiga aylandi. Adabiyot ham ibodat ekanligini chuqur anglagan barhayot shoirimizning ovozi manguga Sulaymon tog‘ qadar yuksalib turaveradi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.