OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Omonov. Ustozning xizmatlari

1965 yili yosh olim Najmiddin Komilovning taqdirida muhim voqea yuz berdi: qatag‘on jafolarini chekkan Qutbiddin eshon Muhiddinov bilan yaqindan tanishdi. Ul zoti mukarram arab, fors tillari va adabiyotining katta  bilimdoni edi. Sharq she’riyatidan xabardor domla mumtoz adabiyotni sharhlab bera olardi. Qutbiddin eshon Fanlar akademiyasining Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida birmuncha vaqt ishlab, “Alisher Navoiy asarlari izohli lug‘ati” to‘rt jildlik kitobining faol mualliflaridan biriga aylandi. Olimning ustoz bilan piru muridlik munosabatlari boshlanib, toki filologiya fanlari nomzodi Q. Muhiddinovning vafotlariga (1975) qadar  davom etdi.

So‘ng ajoyib inson, ulkan olim G‘aybulla Salomov bilan yonma-yon  ishlab, ilmiy tadqiqotini davom ettirdi. Ikki zabardast olim Toshkent davlat dorilfununida “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” faniga asos solib, filolog va jurnalistlarga saboq berdilar. Kamina  ham 1977 yildan boshlab, bu darslardan nasibador bo‘ldim.

Najmiddin akani ilmiy, ijodiy  davralarga, dorilfunun muhitiga olib kirishda G‘aybulla Salomovning ham hissasi katta bo‘ldi. Esimda, ustoz mulohazali, bilimdon va diplomat kishi edi. Sadoqatli shogirdlari – tortinchoq Najmiddin Komil, muloyim Tilak Jo‘ra, mulohazali Sultonmurod Olimni davra-anjumanlarga yetaklab borardi. Shu tariqa, o‘n yillar ichida respublikamizda tarjima nazariyasi va tanqidining  yangi  maktabi vujudga keldi. 1980-yillar o‘rtalarida “Tarjima san’ati” nomli to‘plam qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi, unda jahon klassik adabiyoti vakillari Dante, Hofiz, Hayyom, Shekspir, L. Tolstoy, Heyne, Gyote, Lermontov, Pushkin asarlari tarjimalari tanqidiy o‘rganilishi baravarida Navoiy, Bobur asarlarini rus tiliga ag‘darish kun tartibida qo‘yilgan edi.

 O‘sha yillarda Najmiddin Komilov muallimlik kasbi bilan birga, tarjimonlikni ham baravar olib bordi. Kunduzi va kechalari tinim bilmadi–ilm va ijod zavqi bilan yashadi. “Kuch-quvvatga to‘lgan, sog‘lig‘im yaragan paytda, bariga ulgurishim kerak”, degan o‘gitlarga suyandi. Chunki inson ertaga nima bo‘lishini bilmaydi. Imkoniyat tug‘ilganda, ilhom parisi kelganda   yaxshi narsalarni yozib qo‘yish darkor.

Ustoz Sharq she’riyatining peshqadam vakillari – A.Jomiy, F.Attor, J.Rumiyning bebaho asarlarini o‘zbek tiliga mahorat ila o‘girdi. Qarangki, qisqa muddatda “O‘lmas satrlar qudrati”, “Ishqni olovlantirgan suv”, “Jon va jonon mojarosi”, “Timsollar timsoli”, “Axtarin ashk etdiyu...”, “Erur ko‘ngillarga safo ishq”, “Ahd qildim...”, “Soqiy, talx bo‘ldi ayshim” kabi teran ilmiy-tahliliy maqolalar “Yoshlik”, “Guliston” jurnallarida bot-bot bosildi-yu, olimni xalqimiz kashf qilganday bo‘ldi...

Taqdir niyatlarga yarasha bo‘lar ekan. Ko‘p o‘tmay, ilmiy salohiyati va aql-idrokini  bilganlar domlani darhol yuqori lavozimlarga  tavsiya etishdi. 1992-1995 yillarda N.Komilov Prezident devonida bosh konsultant, 1995-2012 yillarda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida ilmiy ishlar prorektori, kafedra mudiri lavozimlarda barakali mehnat qildilar. Siyosiy ziyrak va ma’naviy komil  Ustoz Markaziy saylov komissiyasining raisi bo‘lib ham ishladilar.Shu bilan birga, ilmiy maktab yaratish g‘oyasidan voz kechmadilar. O‘tgan yillarda ma’naviyat va siyosat, tasavvuf va din, shoh va darvesh munosabati masalalariga doir yangi tadqiqotlarni yaratdilar. Yangi avlod yoshlariga “Dinshunoslik va ma’naviyat asoslari” fanidan saboqlar  bera boshladilar.

1998 yilda Prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirib, ilmiy ishimni davom ettirdim. Ilmiy rahbarim N.Komilov o‘git-maslahatlari asosida siyosatda yetakchilik hodisasi mavzusidagi tadqiqotni yozib, 2004 yilda siyosiy fanlar nomzodi  bo‘ldim.  Bu paytda “Ibn Sino” nomli tibbiyot nashriyotiga rahbarlik qilardim. Men ustoz bilan har oyda ikki-uch marta uchrashib, idoraviy va ilmiy ishlarim yuzasidan maslahatlar olardim. Akademiyaning 12-qavatiga chiqib, domlaning kabinetiga kirib borar ekanman, hassaga suyangan ko‘yi aqlli ko‘zlari bilan alg‘ov-dalg‘ovli dunyoni kuzatayotgan G‘aybulla Salomovning  portretiga ko‘zim tushardi.

1970 yillarda Salomov-Komilov maktabi adabiyotimiz ahliga tarjimachilikning ancha istiqbolli, zarur ijod yo‘nalishi ekanligini belgilab, ikki tilli yosh tarjimonlar avlodi yetishib chiqishiga hissa qo‘shdilar. O‘sha yillarda Yozuvchilar uyushmasi tarjima sho‘‘basini boshqargan iste’dodli  shoir Muhammad Ali ham bu fikrimni tasdiqlaydi.

Najmiddin Komilov “Ibn Sino va Dante” (1983) kitobida o‘zbek olimlaridan birinchi bo‘lib Sharqu G‘arbning  adabiy aloqalarini davrlashtirdi.  Darvoqe, qadimgi Xitoy, Yunoniston va Rim mutafakkirlari Konfutsiy, Sokrat, Aflotun (Platon), Arastu (Aristotel), Sitseronning davlat va jamiyat munosabatiga oid ta’limoti o‘rta asrdagi islom falsafasi shakllanishi, rivojlanishiga turtki bergandi. “Sharq Uyg‘onishi ulug‘ allomalar, qomusiy bilim sohiblari, tafakkur va ijod pahlavonlarini maydonga keltirdi,–deydi N. Komilov.– Bu ulkan madaniyat umumbashariy tsivilizatsiyaga qo‘shilib, uning uzluksiz rivojiga omil bo‘ldi, turli aloqa vositalari orqali G‘arbga o‘tib, yangi Yevropa tafakkuri taraqqiyotiga ta’sir ko‘rgazdi. Yetti asr davomida arab xalifaligi qo‘l ostida turgan Ispaniyaning Qurdoba, Shiviliya, G‘ironada viloyatlarida Sharq ilm-ma’rifati keng qanot yoydi. Ispan qirollari arab tilini mukammal bilar, o‘z saroylarida arab shoir va olimlarini saqlar, barcha ispan ziyolilari arabcha ta’lim olib, sharqona urf-odat ruhida tarbiyalanar edilar”[1].

Ustozning ta’kidlashicha, Sharq ilm-fani va madaniyatining Yevropaga ko‘chishida tarjimaning roli, shubhasiz, buyuk bo‘lgan. Arab tilida yaratilgan ilmiy adabiyotlarni lotin tiliga ag‘darish XII asrlardan boshlab avj olgan. Keyinchalik bu adabiyotlarni ispan, frantsuz, kastil tillariga tarjima qilish kuchaygan, Toledo va Bolonya shaharlari o‘sha davr tarjimachiligining yirik markazlariga aylangan edi.

“Bu qadimiy san’at” (1988) kitobida ustoz ilmiy g‘oyalarini izchil davom ettiradi. Kitob XVIII - XX asr boshlarida Xorazm adabiy muhitining Shermuhammad Munis, Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy, Bobojon Sanoiy, Komil Xorazmiy, Bayoniy kabi zabardast ijodkorlar amalga oshirgan yirik tarjima asarlari tadqiqiga bag‘ishlandi. Darhaqiqat, Xorazm tarjima maktabi xizmati shuki, ular Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Kaykovus, Shayx Sa’diy Sheroziy, Xoja Hofiz Sheroziy, Amir Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Husayn Voiz Koshifiy, Badriddin Hiloliy, Zayniddin Vosifiy singari buyuk zotlarning asarlarini ona tilimizga mohirona o‘girdilar.

Ustoz “Tasavvuf” ikki jildligini yozib, o‘zlariga haykal o‘rnatib ketdilar. Uning har bir sahifasi, jumlasi  hikmat va  ma’rifatga to‘liq. Tasavvufni yaxshi anglamasdan turib, milliy ma’naviyat tarixi, sharq falsafasi, adabiyoti  va san’atini puxta egallab bo‘lmaydi. Islom tarixi bizda tassavvuf tarixi bilan birga olib qaralgandagina to‘g‘ri yoritilishi mumkin, deb hisoblaydi professor N. Komilov. Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahovuddin Naqshband, Xoja Ahror Vali, Mahdumi A’zam kabi mashhur shayxlarimiz e’tiqod qo‘ygan, umrini bag‘ishlab rivojlantirgan ham tasavvufning o‘zginasi.  Xalq ma’naviyatining o‘chmas xazinasi Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Xorazmiy, Sa’diy, Hofiz, Lutfiy, Atoyi, Jomiy, Navoiy, Mashrab, Ogahiy, Amiriy, Sayqaliy va yana o‘nlab ulug‘ shoirlar  asarlarining bosh g‘oyalari, timsol va tamsillari tasavvuf negizida qurilganligini ustoz ko‘p tadiqiqotlarida sharhlab bergan. O‘shalarga suyanib, “tasavvuf, bu – Mutlaq ilohni tanish va sevish;  avliyolar e’tiqodidan tug‘ilgan;  pokiza axloq haqidagi ilmdir”, degan xulosaga keladi.

Ustozni kitobxonlar nozik didli mohir tarjimon sifatida ham  yaxshi bilishar edi. Xususan, Farididdin Attorning “Ilohiynoma” (1994), Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy  yoxud javonmardlik tariqati” (1994), Shayx Aziziddin Nasafiyning “Zubdat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar qaymog‘i”–1996) kabi asarlarini ustakorlik bilan o‘zbekchalashtirdi. Noshirlik qilgan yillarimda ushbu tarjimalarning chop etilishida ishtirok etganimdan behad xursandman.

Hikoya qilishlaricha, Najmiddin Komilov Prezident devonida  ishlagan davrda, davlat ishlarini bekami ko‘st olib borishda ma’naviyat va ma’rifatning o‘rni nechog‘lik zarurligiga ko‘p ahamiyat beradi. Suhbat va uchrashuvlar chog‘ida Navoiy, Bobur, Mirzo Ulug‘bek saltanat ishida ma’naviyat va ma’rifat ahli ahamiyatini isbotlashdan charchamaydi. 1994 yilda Ma’naviyat va ma’rifat markazini tashkil etish bo‘yicha tarixiy qaror e’lon qilindi.  Yana ma’naviyat davlat siyosati darajasiga yetkazilib,  unga hamma jabhada e’tibor  kuchaydi. Viloyat va tumanlarda ma’naviyat masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi. Mazkur sohaga aloqador ziyoli sinfining  nufuzi bir necha barobar oshdi...

Najmiddin Komilovning ikkinchi xizmati shuki, davlat va jamiyat boshqaruvi tinglovchilari (hokimlar, vazirlar, vazirlik va idora rahbarlari va boshqalar)ga din mohiyati, ma’rifiy vazifasi, xususan tasavvuf dunyosi chuqur ma’nolarini chin ma’noda targ‘ib etishi bo‘ldi. Domla Prezident akademiyasida  kafedra mudiri, birinchi prorektor lavozimida ishlaganida, minglab tinglovchilarga din tarixi, falsafasi, mamlakat qonun-farmonlari asl maqsadini shu darajada anglatdiki,  muxlis  shogirdlar viloyat va tumanlarga qaytib borganida, dinimizdagi adolatparvarlik, vatanparvarlik g‘oyalarini anglab yetib hurmat qiladigan, bu borada nima to‘g‘riyu nimasi xurofot ekanini tushunib yetadigan haqiqiy targ‘ibotchiga aylandi.  Ko‘cha-ko‘yda kimlardir og‘zaki singdirgan dinni endi boshqa ohangda emas, balki millatni ma’rifiy-ruhiy tarbiyalab, yaxshilikka, komillikka yo‘llovchi bir vosita,  o‘g‘il-qizlari ta’lim-tarbiyasidagi ijobiy  omil   sifatida qaraydigan bo‘ldilar.

Ustozning uchinchi xizmati – respublikamizda tasavvuf ilmiy maktabini yaratishga ulgurdi. Ma’lumki, inson  ruhiy olamini osmon qadar  yuksaklarga ko‘taruvchi bu komillik yo‘liga  uzoq yillik  piru muridlik   mashaqqatlari evaziga erishiladi. Tasavvuf, bir tomondan, din va shariat, ikkinchi tomondan, falsafa va hikmat ilmi bilan bog‘liq holda rivojlanib kelgan o‘ziga xos ta’limotdir. Farqi shuki, insonning mutlaq haqiqat, mutlaq adolat va poklikka erishish istaklari tasavvufda to‘liq shakllanadi. Bu ehtiyoj, orzu kuchli zavq va ishtiyoqni, o‘zini unutish va behudlikka olib borgan Ishqni keltirib chiqaradi, albatta. Bir vaqtlar tasavufdagi o‘z-o‘zini takomillashtirish g‘oyasi, axloqiy yuksalish, ezgulik, xayr, himmat, mardlik haqidagi qarashlar butun musulmon olamiga keng tarqalib, katta ijtimoiy hodisaga aylangan edi. XXIasrga kelib, sharqshunos olim Najmiddin Komilov “Tasavvuf” nomli ikki jildlikat ulkan tadqiqotida Sharq falsafiy tafakkurida muhim o‘rin olgan, ma’naviyatimizni boyitgan axloqiy hikmatlarning ta’limotini  yanada boyitdi, to‘ldirdi.

Ustozning to‘rtinchi xizmati – tasavvuf ilmidan boxabar, halol, iymonli, sadoqatli shogirdlarni tarbiyalab yetishtirdi. Hozirgi kunda o‘ziga o‘xshagan  kamtarin shogirdlari oliy o‘quv dargohlarida, davlatning yuqori organlarida salohiyatli  yo‘nalishlarda ishlab kelmoqdalar.

Najmiddin Komilov  uzoqni ko‘ra oladigan alloma edi. Ustozning ijodida hazrat Alisher Navoiy  ijodi alohida o‘rinni egallaydi. Sababi, ustoz zamonning haqgo‘y, xoksor ziyolisi sifatida Hazrat tilga olgan illatlarning bugungi kunda ham yashab kelayotganidan  aziyat chekardi. “Nafs domiga tushgan odam bir xiyonat ketidan ikkinchisini qilaveradi. Aldash, yolg‘on so‘zlash, nayrang ishlatishni o‘zining “hunari”ga aylantiradi”,–deb yozgan edi “Xizr chashmasi” kitobida. O‘sha mashhur asarida insonga taalluqli  fazilatlar birma-bir keltirib o‘tilgan.

Insonga berilgan eng ardoqli birinchi xislat – qanoat.Kishida qanoat bo‘lmasa, boriga shukr qilmasa, Alloh bergan rizqqa ko‘nmasa, u tama’gir bo‘ladi, boshqalar moliga ko‘z olaytiradi, natijada to‘g‘ri, halol yashashdan chekinadi.  “Tama’ – bu qullik, chunki birovdan doim bir narsa kutib o‘tirgan odam o‘z nafsining quliga aylanadi, –deydi olim. – Qanoatli odam ilm va ma’rifat bilan shug‘ullana oladi, dunyo va oxiratni o‘ylaydi. Tama’gir, haris odamda ilm bilan shug‘ullanishga,  ma’rifat egallashga vaqt yo‘q. U tunu kun oltin hirsida yashaydi. Yaratgan Parvardigori ham esiga tushmaydi, demak ma’naviy dunyosi ham qashshoq bo‘lib qalbi qotadi, toshbag‘ir mahluqqa aylanadi”.

Ikkinchi xislat saxovat bo‘lib, u o‘z joyida, g‘arib va benavo, beva-bechora, yetimlar, qarovsiz qolgan qariyalar, tolibi ilmlar, xullas faqiru haqir odamlarga qilinadi.  Ammo saxiy odam kerilish va minnat uchun bu ishni  ado etmaydi.

Ma’rifat – insondagi uchinchi  zarur xislat hisoblanadi.  Navoiy ta’kidicha, ma’rifat avvalo Iloh ma’rifati, lekin odamizod unga erishmog‘i uchun o‘zini chuqur o‘rganishi, bilishi lozim. Shu jihatdan olganda, hazrat  Navoiy dostonlarining qahramonlari imon-e’tiqodi mustahkam, ilm-ma’rifati yetuk shaxslardir. Buyuk shoir kuyinib yozadiki, “olam aro qahri ilohiy” bo‘lgan, pastligidan “it bilan bir” desa bo‘ladigan johil kishilar mansab egasi, olimlar esa xoru zor.  Ana shunday johillar elga hukmron, ilm-ma’rifat ahliga “rahnamolik qiladi” va aql o‘rgatadi...

Kitobning “Qalblarning sevgani” bobida o‘rta asrlardagi tasavvuf bilan bugungi badiiy adabiyot farqi yaxshi ochib berilgan. Bizga ayonki, tasavvuf tariqatining Markaziy Osiyoga yoyilishi X-XI asrlarda yashagan buyuk mutasavvuf Abu Yusuf Hamadoniy nomi bilan bog‘langan.  Hamadoniy  Buxoroga ko‘chib kelgach, yerli xalq vakillaridan yuzlab muridlarga tasavvufning ahkomlaridan ta’lim beradi. Keyinroq muridlari ichida to‘rt zabardast so‘fiy –Abdulloh Barqiy, Xoja Hasan Andoqiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy yetishib chiqadi.  G‘ijduvoniy “xojagon” nomli irfoniy xususiyatga ega  tariqatni taraqqiy etdiradi va Hamadoniy  tortib kelgan “Silsilai sharif” – “Oltin zanjir” arab davlatlaridan o‘zbek diyoriga ko‘chadi.

Tasavvufning mag‘zida ilmi  Haq–botin ilmi, qalb tafakkuri yotadi. Inson o‘z zakovatiga ishonib, Haqning yagonaligi va ulug‘ligi haqida tafakkur qiladi. So‘fiy shoirlar ijodining markazida ayni shu maqsadlar yotadi. Afsuski, biz mustamlakachilik yillarida adabiyot darsliklarida uni xalqimizdan yashirib kelgandik. Ustoz masalaning shu jihatiga e’tiborni qaratib, fandagi “bo‘shliq”ni to‘ldirishni o‘ziga maqsad qilib olgandi. Professor N. Komilov Robiya Adaviya, Mansur Xalloj, Ahmad Yassaviy, Alouddin Attor, Abdullo Ansoriy, Abusaid Abulxayr, Abdurahmon Jomiy, Umar Hayyom, Pahlavon Mahmud, Alisher Navoiy, Jaloliddin Rumiy, Mashrab, Mirzo Bedil singari tasavvufning yirik vakillari ijodini izchil o‘rganadi.

Sobiq ittifoq davrida din – af’yun, tasavvuf – reaktsion mistik oqim, deb unga qora tamg‘a bosilgan edi. Bundan ko‘zlangan pinhona maqsad – jamiyatda komil insonni emas, soxta, yolg‘on g‘oyalarga e’tiqod qo‘ygan avlodni shakllantirish, uning ustiga itoatkor tizimni qurish va odamlarni boshqarish  bo‘lgandi. Afsuski, sovet davrida yashagan  olimlar, jumladan Ye.E.Bertels ham Navoiy “Hamsa”si dostonlaridagi ilohiy muhabbat g‘oyasini inkor etadi. Olim ilohiy muhabbat bilan insoniy muhabbatni bir-biriga zid qo‘yib, shoir ko‘proq ikkinchisini kuylagan, degan xato fikrni  bildiradi[2].  Rus olimi Ye. Bertelsdan farqli o‘laroq, N. Komilovning Sharq adabiyoti yirik namoyandalari ijodiga doir ilmiy talqinlarida boshqacha yondashuvlarga duch kelamiz. Birgina Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni sharhini ko‘rib chiqaylik.  Ruhi Mutlaq oshiq va ma’shuqa taniga kiradi,  shunda Ruhlar o‘zaro tutashadi, deydi muallif. Ammo tong yorishganda, sevishganlar el nazaridan qo‘rqib, yana ajralishadi, negaki hali Ruhi Mutlaqqa yaqinlashuv bir-biriga singish va erib ketish degani emas... Layli O‘z egasi qoshiga kelgach,  o‘limni quvonch bilan qarshi oladi, sababi ma’shuqasi – Iloh vasliga axiyri yetishdi. U foniy dunyoning kayf-safosi, lazzatlaridan qutulib, abadiy farog‘atga yetishgani tufayli  baxtlidir. Laylining Iloh vasliga yetishganini bilgan  Majnun yo‘lga tadorik ko‘radi. Ikkovi ham visol  oni yaqinlashgani, sevgilisi (Iloh) bilan mangu qovushish imkoni yetib kelganidan xursand.

So‘fiy shoirning  xulosasiga ko‘ra, har bir odam oshiqlik yo‘lini tutib, ishq tariqiga kirib, o‘zini o‘limga emas, balki vasl mayini ichishga tayyorlab bormog‘i darkor.  Albatta, inson aqli va farosati  Ilohni tasavvur etishga ojizligini bilgan Navoiy uni Layli timsolida bergan va maqsadiga erishgan! U  g‘oyasini  badiiy mahorat bilan obrazga singdira olganki, hatto  ilohiy ma’shuqa bilan dunyoviy ma’shuqa o‘rtasidagi farqni sezmay qolasiz.

Ustozning ilmiy talqinlaridan  eng mashhuri shoh va darveshga bag‘ishlangan, desak xato bo‘lmaydi. So‘fiy she’riyatida darveshlar zohiran aftodahol, janda kiyimda (hirqada) ko‘rinsa-da, lekin botinan ilm-ma’rifatli, hozirjavob va mard-hamiyatli kishilardir. Tasavvuf ahli nazdida shoh – qul, dunyo qulidir. “Chunki u mol-dunyoga hirs qo‘ygan odamlarning eng “peshqadami”, eng zo‘ri, uning fikri-yodi dunyoni egallash bilan band, – deb yozadi  N. Komilov. – Shunday qilib, shoh dunyodan to‘ymaslik, zulmu zo‘ravonlik ramzi bo‘lsa, darvesh o‘z xususiyati bilan shohning butunlay teskarisi – saltanat, taxtu tojni inkor etish, unga nafrat timsolidir”[3]. Shularni tahlil qilarkan, xalqqa rahbar bo‘lish uchun boshni ilohiyot nuri va ma’rifat dunyosi bilan bezash lozim, degan xulosaga keladi muallif.

Najmiddin Komilov hokimiyat, toju taxt imkoniyati bilan ma’rifatu bilimning darajasini qiyoslab, mansabga xos ijobiy va salbiy    qusurlarni sanab o‘tayotib, insondagi hokimiyatga hirs, dunyoparastlikni ochiq tanqid qiladi. “Har qanday podsho yaxshilarni himoyasiga olib, olimlardan doimo maslahat so‘rab, yomonlarni jilovlashi  va jazolashi lozim”, deydi. Shu ma’noda   Farididdin Attorning “Tazkiratul-avliyo”, Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul-uns”, Alisher Navoiyning “Nasoyimul-muhabbat”, Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, “Bo‘ston” asarlaridan pokdil darveshlarning hayot yo‘lini, nozik xislatlarini keltirib o‘tadi.

Professor N. Komilovning “Saddi Iskandariy” dostoniga  oid ilmiy tadqiqoti ham o‘rganishga loyiq hodisa. Olimning ta’kidicha, shoirning bu asarida ota va bola, shoh va raiyat, shoh va a’yonlar, shoh va darvesh, ustoz va shogird, donishmandlik va amaliyot, taqdir va tadbir, inson va Xudo kabi axloqiy-falsafiy, ijtimoiy-siyosiy masalaga oid fikrlari davlat boshqaruvida qo‘l kelishi mumkin. Jumladan, Iskandar taqdirida jahongirlik yozilganini aytib, u bu maqomga faqat chuqur bilimi, ma’naviy-axloqiy kamoloti tufayli erishganligini ta’kidlaydi. Asarning foydali jihati shundaki, inson komillikka yetib, yuqori martaba-yu, maqomga erishganida manmanlikka berilmasligi,  shon-shavkatga erishganida ham Xudo oldida o‘zini ojiz his etmog‘i darkor.

Dostondagi  murakkab nuqtalarni tahlil  qilgan muallif: “Shohlik uning uchun zo‘rlik va hukmronlik vositasi, mumtozlik belgisi emas, balki xalq va Haq oldidagi vazifa, burch edi”, degan xulosaga keladi. 

Domla  har  galgi suhbatimizda:

O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsan, o‘zungdin istagil,

degan tasavvufning qoidasini takrorlashni yaxshi ko‘rardilar.   Inson faqat o‘ziga ishonib,  maqsadlari sari intilishi zarur, boshqalarning ko‘magini kutishga zarurat qolmasligi kerak, derdilar.

Ustoz avlodlarga yozib qoldirgan kitoblardagi chiroyli uslub, g‘aroyib talqinlar, ajoyib fikrlar o‘quvchini hayratga solmay qo‘ymaydi.  Bu kitoblar qalbimizga Alloh yaratgan ilmu hikmatni bilish,  hayotda musaffo ruh, pok niyat bilan yashashga o‘rgatadi. O‘z navbatida, falsafa, siyosat, hikmat va tasavvuf ilmidan boxabar etadi. Ular  bizni dunyoni qalb ko‘zi bilan ko‘rishga  hozirlab boradi...

N. Komilov “Tasavvuf”, “Xizr chashmasi”  kitoblarida tasavvufning mohiyatini ilmiy tadqiq qilib, bir vaqtlar chetga surib qo‘yilgan, man etilgan, o‘tmish bilan bugun o‘rtasida buzib tashlangan ko‘prikni tiklab ketdilar. Islom dini, naqshbandiylik tariqati va yo‘llaridan, falsafa, mantiq va badiiy adabiyotdan yaxshi xabardor  Ustoz xalqimizga Iloh, shoh, darvesh, nafs, ma’rifat, qanoat, saxovat ma’nolarini anglatib, hayotda zohiriy (tashqi) amallarga, o‘tkinchi hoyu-havaslarga, nopok xatti-harakatlarga aslo ko‘ngil bog‘lamaslikka undadilar.  O‘zlari ham  poklik  qoidalariga amal qilib yashadilar.

Davlat va jamiyatga ulkan xizmatlar qilganiga qaramay, Najmiddin Komilov kamtarona hayot kechirdi. Nufuzli  dargohlarda  xizmat qilgan yillarida  ham yashash tarzi, so‘zi-yu ishi bir bo‘lgan Najmiddin aka halol mehnati, Alloh bergan rizqi bilan oilani boqish, odamlar bilan  xushmuomala, kamsuqum gaplashish, kibru takabburlik ko‘chasidan uzoqda yurishga o‘rgatdi shogirdlarini. Qariyb qirq yil Sag‘bondagi Olcha torko‘chasida, tanga tushgulik hovlichada  umrguzaronlik qildilar. O‘sha sokin, xotirjam muhitda zabardast asarlarini qoralashga ulgurdilar. Afsus, kasallik o‘z ishini qildi. Ajoyib olim va samimiy inson Najmiddin Komilov 2012 yilning 26 aprelida, 75 yoshlarida vafot etdilar.

 Ayni damda, Ustoz “Chig‘atoy” qabristonida – buyuk olimlar, davlat, madaniyat va san’at arboblari qatorida mangu uyquda yotibdilar. Men Talabalar shaharchasi tomon ishga  o‘tib ketayotganimda, bu ziyoratgohga kirar ekanman, o‘tkinchi dunyo bilan xayr-xo‘shlashib, boqiy dunyoga yo‘l olgan atoqli olim, xoksor inson Najmiddin Komilovning  maslahatlarini uzoq yillar olib yurgan shogirdi ekanimdan cheksiz g‘ururlanaman. Ustoz bir she’rlarida yozganlaridek:

Oydin tunda oy mehmoning bo‘lganda,
Qo‘yning, ko‘ngling kumush nurga to‘lganda,
Eslab qolsang shunda meni mabodo,
Sekingina  shivirlagin: qaydasiz?
 
Nigohingni sehrlasa keng samo,
Zuhra yulduz tuhfa etsa xush navo,
Qulog‘ingga chalinsa tanish sado,
Sekingina shivirlagin: qaydasiz?
 
Sado bo‘lib kirib boray xonangga,
O‘ltirayin oyga boqib yoningda.
Meni izlab talpinganing oningda,
Sekingina  shivirlagin:  qaydasiz?

Ustoz, siz doimo yodimizdasiz. Siz   ilmdan quvvat olish, halol yashash, hayotda sabrli, irodali, adolatli bo‘lish, ezgu ishlarga bosh qo‘shishni o‘rgatdingiz. Sizga zamondosh bo‘lib  umr kechirgan damlarimiz hayotimizning eng totli, eng fayzli kunlari bo‘lib qoladi. Daf’atan, nurli, beg‘ubor siymongizni ko‘z oldimizga keltirganimizda, ma’rifiy kitoblaringizni  varaqlaganimizda, o‘zimizda ichki quvvat, toza nafas va ruhiy dalda olamiz.

____________________

[1]Komilov N. Tafakkur karvonlari. –T.: Ma’naviyat, 1999. – 57-bet.

[2]Bertels Ye.E. Izbrannыe trudы. Navai i Djami. –M.: 1965. – S.122.

[3]Komilov N. Xizr chashmasi. – T.: Ma’naviyat, 2005. –102-bet.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.