Cho‘lpon va Qodiriyning XX asr boshlarida o‘zbek zamonaviy adabiyotining qaror topishidagi buyuk xizmatlari, o‘lmas asarlari haqida talayginakitoblar, ilmiy-tadqiqot ishlari yozilgan va yozilajak. Kamina ushbu maqolada ikki atoqli adib ijodiga xos zohiriy va botiniy mushtarakliklar, ko‘zga tashlanadigan va tashlanmaydigan ichki aloqa, munosabatlar to‘g‘risida so‘z aytishni niyat qildim.
Har ikki adib ijod maydoniga o‘tgan asrning 10-yillarida, jadidlarning adabiy muhiti yashnay boshlagan paytda kirib kelishdi. Ularning ilk she’rlari jadidlarning g‘oyalari, aniqrog‘i, adabiy-estetik qarashlari ta’sirida yozilgandi. Bunga Cho‘lponning “Turkistonli qardoshlarimizga”, Qodiriyning “To‘y” va “Ahvolimiz” she’rlari dalildir. Havaskor qalamkash sifatida ijodini boshlashgan bu ikki siymo ancha vaqtgacha o‘z uslubini, o‘z yo‘lini topish uchun izlanishda bo‘lishdi. Cho‘lponning 1919 yil fevraligacha turli yo‘l, usullarda yozilgan she’rlari, Qodiriyning goh she’r, goh drama, goh hikoya janriga qo‘l urishi buning isbotidir. Bunday ijodiy izlanishlar ularning jadidlar adabiyotidan ma’lum darajada to‘la qoniqmaganligi bilan ham bog‘liq edi. Shu bois, Cho‘lpon adabiyot nima, uning ijtimoiy vazifasi, o‘ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat, degan savollarga javob izlashga urinadi. Natijada u “Sadoi Turkiston” gazetasining 1914 yil 4 iyun sonida “Adabiyot nadir” degan maqolasini e’lon qiladi. 16-17 yoshlardagi o‘spirinning badiiy adabiyotdek behad ulkan va mas’uliyatli soha to‘g‘risida dadil va tiniq fikrlar bildirishi, avvalo, uning o‘ziga bo‘lgan ishonchidan, eng muhimi, insoniyatning bu nodir mashg‘ulotiga xos xususiyatning mohiyatiga yetishga intilganidan dalolatdir. U adabiyotning asosiy vazifasini dastavval millat tushunchasi bilan bog‘laydi. Bu o‘sha paytlari favqulodda hodisa bo‘lgandi. Cho‘lpon o‘zining estetik tushunchasidan kelib chiqqan holda, “Adabiyot chin ma’nosi ila o‘lgan, so‘ngan, qirilgan, o‘chgan, majruh, yarador ko‘ngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizg‘a emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydirg‘on, o‘tkur yurak kirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi, xiralashkon oyinalarimizni yoruq va ravshan qiladirg‘on, chang va tufrog‘lar to‘lgan ko‘zlarimizni artub, tozalaydirg‘on buloq suvi bo‘lg‘onlikdan bizg‘a g‘oyat kerakdir”, degan timsolli fikrni ilgari suradi. Qodiriy esa o‘sha yillari adabiyot haqida Cho‘lpondek fikr bildirmagan bo‘lsa-da, mazkur fikrlarga qo‘shilgandek tuyuladi. Masalan, uning adabiy taxallusini olaylik. Hammomning go‘laxlarida o‘t yoquvchi, yirtiq-yamoq kiyimlari kul va ko‘mirning changiga belangan kishilarni “julqundi (julg‘undi)”, deyishgan. Abdulla Qodiriyning “Julqunboy” taxallusi mazmunan shu so‘z bilan bog‘liq. Bu bilan yozuvchi millat ahlining yuraklarini chulg‘agan “kir”larni “ma’naviy hammom”da yuvishni, ya’ni asarlari vositasida tozalashni niyat qilgan, deb o‘ylaysan kishi. Axir, u o‘ziga kambag‘al, miskin, xokisor kishi ma’nosini anglatuvchi so‘zni taxallus qilib olmoqchi ekan, nega hammol, farrosh, xizmatkor singari ma’nolarni bildiruvchi atamalarni emas, aynan “Julqunboy”ni olgan. Albatta, Abdulla Qodiriydek zukko inson adabiy taxalluslarining ma’nosini chuqur mulohaza qilgan holda tanlagan. Uning “Dumbul”, Ovsar” kabi muvaqqat taxalluslari ham ma’lum maqsad asosida olingan.
Shu o‘rinda bitta misol: u 1924 yil iyun oyida “Ishtirokiyun” gazetasi chiqqaniga olti yil to‘lishi munosabati bilan yozgan “Olti yillik bazm” mutoyiba asarida men gazetaning yubileyiga bag‘ishlangan bazmda bir mengrav, bir tutalchi sifatida qatnashmoqdaman, deydi. Muallif o‘zini mengrav, ya’ni merovlikka solib, ayrim jurnalist do‘stlarining kamchiliklarini ko‘rsatib o‘tishni istaydi. Xuddi shuningdek, “tutalchi”, ya’ni so‘z o‘yini vositasida ayrim amaldor, to‘ralarning nuqsonlarini hajv qiluvchilarga o‘xshagan holda “mashhur ijodkor”larning asarlari, tiynatlaridagi kemtik jihatlariga ishora qilishini ham qistirib o‘tgan. Demak, u “mengrav”, “tutalchi” atamalarini o‘ziga behuda nisbat bermagan. O‘rtoqlik hazili yo‘sinida yozilgan mazkur asarida shu tarzda talaygina ijodkor hamkasblarining kamchilik, nuqsonlarini do‘stona ko‘rsatib o‘tgan.
Yuqorida biz Cho‘lpon jadidlarning adabiy-estetik qarashlaridan qoniqmagan, dedik. U ijodining dastlabki pallasida ijodiy usul, yo‘l izlaganini 1925 yili yozgan “Ulug‘ hindiy” sarlavhali maqolasida bayon qilib: “...ko‘ngil boshqa narsa – yangilik qidiradir: Botu, G‘ayratiy, Oltoy, Oybek, Julqunboylarni o‘qiymen, quvontiradir, xolos! Ular mening uchun yong‘on chiroqlar bo‘lsa ham, mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hakimzodalarni o‘qumaymen, o‘qumaymen, meni shu holga solg‘on o‘shalar!..”, deya xitob etgandi. Bu ehtirosli gaplarda jadid adabiyoti vakillarining asosiy e’tiborni g‘oyaga, fikrga qaratib, badiiylikka yetarli diqqat etishmagani haqida so‘z boradi. Ayni paytda, nomlari keltirilgan besh nafar adib ijodi hali o‘zining to‘la inkishofiga yetmagani haqida ham fikr mavjud. Darhaqiqat, bu maqola yozilgan paytda Julqunboy bitta drama, talaygina jiddiy va hajviy hikoyalar, feletonlar yozgan, ammo unga ulkan shuhrat keltirgan “O‘tgan kunlar” romani bosilmagan edi (“Inqilob” jurnalida 1922 yili bu asardan parcha e’lon qilingandi). 1926 yilga kelib roman nashr etilgach, oradan ko‘p o‘tmay, u sho‘rolarning jangari tanqidchilari tomonidan mafkuraviy jihatdan beayov tanqid ostida olinadi. Buning ustiga, Cho‘lponning o‘ziga ham “badbin ziyolilarning shoiri, asarlarida ularning g‘oyasini ifoda qiladi”, degan ayb qo‘yilib, tanqid “tosh”lari otila boshladi. (Izoh: sho‘ro mafkurachilarining fikricha, mahalliy millatchilar /aslida, millatsevarlar. – B.D./ O‘zbekistonda sho‘ro hokimiyati o‘rniga mustaqil respublika tuzishga urinishadi. Bunda ular respublikadagi mahalliy ishchilar sinfiga tayana olisholmaydi, negaki, bu yerda proletariat rivoj topmagan, hatto, yo‘q hisobi, dehqonlar sinfi esa, qoloq, ongsiz. Shu bois, ular mahalliy ziyolilargagina tayanmoqchi bo‘ladilar, degan “nazariy” tushunchadan kelib chiqib, XX asrning 20-yillarida ziyolilarni ikkiga: sho‘ro ziyolilari va millatchi ziyolilarga bo‘lgan holda ikkinchi guruhga qarshi hujum kampaniyasini boshlagandilar. Shu tariqa, Cho‘lponni mana shu ikkinchi guruh, ya’ni millatchi, badbin ziyolilarning mafkurachisi, degan aqidaga yopishib olishgandi). Shu sabablarga ko‘ra, Cho‘lpon Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” yoki “Mehrobdan chayon” romanlariga matbuotda baho berolmagan. Qodiriy ham ana shu tanqidlar boshlangach, Cho‘lpon haqida oshkora iliq gap aytishdan o‘zini tiyishga majbur bo‘lgan. Ammo ular uchrashganlarida bir-birlariga hurmatlarini izhor qilishgani shubhasizdir (Abdulla Qodiriyning mashhur bog‘ida bir qancha hamkasblari qatori Cho‘lpon ham ko‘p bor bo‘lgani, bu yerda adabiyotdan bahs yuritilgani haqida talaygina xotiralarda eslanadi. Bizningcha, har ikki adib ham hamkasbining yozgan asarlari haqida ikki og‘iz bo‘lsa-da, fikr bildirmasligi mumkin emas).
Cho‘lpon ham, Abdulla Qodiriy ham jadidlar adabiyotidagi yetishmagan xususiyatlarni to‘ldirishga uringanlar. Cho‘lponning 1918 yili Zaki Validiy bilan Boshqirdistonga borib ishlagani ma’lum. U yerdagi majlislarda, davralarda Cho‘lpon tatar, rus, yevropalik shoirlarning ijodi haqidagi suhbatlarni jon qulog‘i bilan tinglagan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lgandayam, Boshqirdistondan qaytgach, shoir butunlay yangi usulda, adabiyotshunoslikka oid kitoblarda “cho‘lponona usul”, deb nom olgan yo‘lda she’rlar yoza boshlaydi. Uning 1919 yili fevral oyida “Ishtirokiyun” gazetasida e’lon qilingan “Go‘zal” she’ri shu jihatdan uning birinchi asaridir. Adibning 1920 yili yozilgan “Yorqinoy” piesasi jadidlar dramasi bilan “bahs”, “musobaqa” tariqasida yozilgandek taassurot qoldiradi (piesa 1926 yili qayta ishlangan va to‘ldirilgan holda nashr etilgan).
Ma’lumki, jadidlar dramasida ham fikr, g‘oya birinchi o‘rinda turgani uchun badiiylikka yetarlicha ahamiyat berilmagan. Cho‘lpon bu kamchilikni to‘ldirgan holda, to‘laqonli drama yaratish uchun badiiylikni kuchaytirishga uringan. Buning uchun folklorga murojaat qilarkan, undagi romantik unsurdan badiiylikni oshirish yo‘lida foydalanishga intilgan. Shu tariqa, “Yorqinoy”da hissiyotga boy dramatik holatlar yaratgan. Xususan, to‘rtinchi pardada bunday holatlarga badiiylikni oshiruvchi muhim vosita sifatida qaragan. Albatta, Cho‘lponning bu yo‘li uning dastlabki urinishi edi. Piesada badiiylikni kuchaytirishning turli usullaridan foydalanish mumkinligiga u jahon adabiyoti, xususan, dramalari bilan tanishgandan so‘nggina to‘la ishonch hosil qilgan. Ta’kidlash joizki, Cho‘lpon, umuman olganda, jadidlar g‘oyalariga katta hurmat bilan qaragan. Uning “Kecha va kunduz” romanidagi Sharafiddin Xo‘jaev obrazida bu hurmatning ifodasini ko‘rish mumkin.
Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanidagi talaygina fikrlar ham jadidlar ilgari surgan g‘oyalarga hamohangligi sezilib turadi. Jaholatga nafrat bilan qarash, ayrim qavmdoshlarining, xususan, amaldorlarning xalq turmushini o‘ylash o‘rniga moddiy manfaatga, kayf-safoga berilib, o‘zaro nizolashishlarini qoralash, oilaviy munosabatlar, jumladan, qizlar bilan yigitlarning o‘zaro muhabbat asosida turmush qurishlarini maqbul ko‘rish, orzu-havasni deb ota-onalarning farzandlari baxtiga, hatto umrlariga zomin bo‘lishlaridan ogoh etish, el boshida turgan to‘ralarni insof va adolatga chorlash kabi g‘oyalar buning o‘ziga xos dalili deyish mumkin. Ayni paytda, Abdulla Qodiriy romanida badiiyatning yuksak bo‘lishiga alohida e’tibor bergan. U tarixiy roman yozishga qo‘l urarkan, arab yozuvchisi Jo‘rji Zaydon ijodiga murojaat qilgani ma’lum. Zaydon esa romanlarini yevropacha uslubda yozgan. Demak, Qodiriy “O‘tgan kunlar”ni yevropa romanchiligi tajribalaridan muayyan darajada bahramand bo‘lgan holda yaratgan. Ayni zamonda, Qodiriy ham Cho‘lpon singari ijodiy izlanish jarayonida mumtoz shoirlar dostonlariga, hatto xalq dostonlariga iqtibos qilgan holda badiiylikni oshirish yo‘lidan ham borgan. Voqealarning eng nozik nuqtalarini sir tutish, favqulodda jasoratlar ko‘rsatish (Kumushbibining otasi Hamda Otabekni qutqarish maqsadida xon saroyiga borishi, Homid va sheriklari lahm orqali Kumushbibini o‘g‘irlamoqchi bo‘lishganda Otabekning Alpomish singari yakkama-yakka jangga kirishi kabilar) va boshqa epizodlar xalq ertaklari va dostonlariga xos uslubni yodga tushiradi. Demak, har ikki adib ham zamonaviy adabiyot yaratish yo‘lida xalq og‘zaki ijodiga xos uslub va usullardan ham foydalanishdek mushtarak jarayonni boshidan kechirganlar.
Ikki buyuk siymo Vatanning ozod, erkin bo‘lishini nihoyatda orzu qilganlar. Bu yo‘lda qo‘llaridan kelgan ishni bajarishni hayotlarining bosh maqsadi, deb bilishgan. Abdulla Qodiriy Cho‘lponning “Tong sirlari” to‘plamiga yozgan so‘zboshisida shoirning “ko‘z yoshlari”dan bir kuni chechaklar unib chiqishini aytish bilan o‘zlari orzu qilgan kunning, albatta, kelajagiga nekbinlik bilan umid bildirgan. Ayni paytda, ulardan birida nima sababdandir bu ulug‘ yo‘lda ikkilanish, sustlik sezilsa, ikkinchisi buni malol kelmaydigan holda “eslatib qo‘yishgan”, ogohlikka da’vat etishgan. “Olti yillik bazm”da Abdulla Qodiriy Cho‘lpon haqida o‘rtoqlik hazili yo‘sinida yozadi: “Shoirlarimizning birinchisi Cho‘lpon afandidir. Bukun qizil gul-u, erta nafarmon gul; hali dengizda cho‘b bo‘lsa, bir ozdan keyin dunyoni sel olg‘onda to‘pug‘ig‘a chiqmayturg‘an maslakida sobit, ahdida qoyim, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan ajib bir qahramon. Uning olti yillik xizmati ham shu yo‘lda bo‘ldi”. Bu satrlarda Qodiriyning Cho‘lpon bilan faxrlanishi ham, uning ba’zan sho‘rolar hokimiyati voqeligini tan olishga majbur bo‘lib she’rlar yozishidan, ya’ni turli rangdagi guldek tovlanishidan ranjishi ham seziladi. Masalan, “Hali dengizda cho‘b bo‘lsa...” iborasini olaylik. Cho‘lponning “Somon parcha” sarlavhali she’ri “Farg‘ona” gazetasining 1923 yil 29 oktyabr sonida bosiladi. Unda shunday satrlar bor: “Muhit girdobida bir somon parcha, bir poxol cho‘pidek oqib boramen”; “Muhit kuchlik ekan, egdim bo‘ynimni”; “Men endi xuddi bir somon parchasi...”. Bunday iztirobli tuyg‘ular, shubhasiz, Cho‘lponda dabdurustdan paydo bo‘lgan emas. Bu jonso‘z iztiroblar shoir o‘z hayotini bag‘ishlagan Vatan ozodligi, erkinligining sho‘rolar tobora kuch ola borgan sari sarobdek uzoqlashayotganidan yuzaga kelgan. Ayniqsa, 1918 yil fevralida Turkiston muxtoriyatining bolsheviklar tomonidan mahv etilishi, 1920 yilning sentyabr oyida Bokuda o‘tgan Sharq xalqlari qurultoyining umid qilingan natijani bermagani, 1920 yili tashkil topgan Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyatining “mustaqilligi” qog‘ozdagina ekanligi, “bosmachilik” deb atalgan harakatdan so‘nggi ilinj tarzida nimalardir umid qilinib yurgan vaqtda, uni tugatish yo‘lida sho‘rolar tashkil etgan “Darxon” degan gazetada Cho‘lponning o‘zi ham ishlashga majbur bo‘lishi (“Buxoro axbori” muharrirligidan gazetani millatchilik yo‘liga solib yubordi, degan ayb bilan bo‘shatilgani uchun do‘stlari sho‘rolar oldida o‘zingni sal oqlab ol, degan maslahat bilan uni shu gazetada ishlashga qistashgan) shoir qalbida ruhiy buhronlarni kuchaytirib, unda badbinlik (pessimistik) tuyg‘ularni kuchaytirgan. Mana shunday ruhiy holat ostida u o‘zini muhit selida oqib borayotgan somon parchasiga o‘xshatgan satrlarni bitadi. Bu holdan taajjubga tushgan Abdulla Qodiriy hazilomuz kinoya bilan shunday yozgandi: “Mashhur shoirlarimizdan o‘rtoq Ch. Toshkentdan Farg‘ona borishda xudoning qudrati bilan somon parchasi bo‘lub qolg‘on. Ul bu ishdan juda ko‘b foydalar ko‘rgan: chunonchi, Toshkent-Farg‘ona temir yo‘li uchun tutilaturg‘on chiqim ham yong‘a qolg‘on. U Toshkentdan chiqishdan-o‘q shamolg‘a ko‘tarilg‘on. Shamol uni uchurgancha-uchurub to‘g‘ri Andijon shahriga eltgan, ham bu kishi shunda bir.... — ning qoshig‘a ilinib qolg‘on” (“Mushtum” jurnali, 1923 yil, 15-son).
Albatta, ushbu satrlarda o‘ziga yaqin olgan kishisiga, hammaslak, hamfikr odamiga aytiladigan ohangda bildirilgan hazilomuz piching bor. Abdulla Qodiriyning maqsadi hammaslagiga, hamfikr do‘stiga dalda berish, uni asl maslagiga qaytarish bo‘lgan.
Cho‘lpon va Qodiriy hamkorlikda kattaroq, voqea bo‘ladigan asar yozishmagan bo‘lsa-da, birgalikda ayrim juz’iy narsalar bitishgan. Chunonchi, “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1935 yil 27 may sonida A. Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek, N. Alimuhamedov, S. Siddiqlar imzosi ostida “Eski kitoblar savdosini qo‘lga olaylik” maqolasi e’lon qilingan. Unda eski qo‘lyozma va bosma kitoblar savdosini chayqovchilar qo‘liga topshirib qo‘ymasdan, ularning mutaxassislar va tegishli muasasalar nazoratida bo‘lishini ta’minlash maqsadida maxsus bukinistik magazinlar tashkil qilish zarurligi to‘g‘risida taklif kiritilgan. Taassufki, bu ikki atoqli siymoning ijodiy hamkorligi sho‘rolar tuzumi davrida keng quloch yoyishi mumkin bo‘lmagan.
Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon... Bu ikki atoqli adib Vatanimizning mustaqilligi yo‘lida qalamlarini o‘tkir qurol tarzida tutgan holda kurash maydoniga kirib, shu yo‘lda jonlarini fido etishdi. Bugun Mustaqillik nash’asini totib yashayotgan xalqimiz bunday istiqlol qahramonlarining nomini qalbida abadiy saqlashi shubhasizdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 13-sonidan olindi.