OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Burobiya Rajabova. “Kimki dehqonlik ayladi pesha...”

Alisher Navoiy “dehqon” atamasini o‘z asarlarida podshohlarning huquqiy jihatdan tobelari — to‘rt guruhning to‘rtinchisi, ya’ni ziroat ahli, ziroatchilarga nisbatan qo‘llash bilan birga, ushbu atamani Alloh — yaratuvchi ma’nosida ham ishlatadi. Bunday ma’no “Hayrat ul-abror” dostonining “Ko‘ngil ta’rifida” bobidagi quyidagi misralarda shunday ifodalangan:

Subhi azal qildi chu dehqoni sun’,
Odamiy xokiyni gulistoni sun’ —

deydi ulug‘ shoir.

Navoiy shon-sharaf va qadri behad yuksak, barcha ayblardan xoli, moddiy rizqlarni yaratuvchi ­dehqonni «Mahbub ul-qulub» asarining o‘ttiz birinchi fasli — “Dehqonlar zikrida» shunday ta’riflaydi: «Dehqonki, dona sochar, yerni yormoq bila rizq yo‘lini ochar. Agar rostliq va salohi bordur, uyi solih noqasidin namudordur. Qo‘shi ham ikki zo‘r pahlavon, yukiga bo‘yun sunub olida ravon; ish qilurda hamdam va hamqadam, dehqon alarni suradi andoqki odam. Olam ma’murlig‘i alardin, olam ahli masrurlig‘i alardin. Har qayon qilsalar harakat, elga ham qut yetkurur, ham barakat.

Dehqonki, tuzlik bila dona sochar, haq biriga yetti yuz eshigin ochar. Sochqon dona ko‘karguncha, o‘rub xirmon qilib, mahsulin ko‘targuncha qurtu qush andin bahramand va dasht vahshi aning bila xursand. Mo‘rlar uyi andin obod va go‘rlar xotiri aning birla shod. Kabutarlarga andin mastliq, to‘rg‘aylarga andin nishotga hamdastliq. O‘roqchiga andin ro‘zi, boshoqchining yorub andin ko‘zi.

Barzagarga andin kom hosil, pushtakashga andin murod vosil. Gado andin to‘q, kadxudo to‘qlugi ham andin o‘q. Musofirga andin taom, mujovirga andin kom. Itmoqni tanuri andin qiziq, allof bozori andin issiq. Fuqaro rizqi vofiy, gurabo quti andin kofiy. Zohidga andin huzuri toat, obidga andin lofi qanoat. Soyil xaritasida andin muhayyo aqtoi shoh xizonasida andin bahru kon matoi.

Dehqonning bir dona socharida bu holdur, o‘zga ishlari ta’rifi maholdur.

Bog‘i jannatdin namudor, polizida ruh quti padidor. Ashjorining har biri charxi axzar, ul shajar va rayohin va favoqihi nujum va axtar. Fuqaro sirka va dushobi andin, ag‘niyo nuqlu mayi nobi andin.

Gunogun favoqih bilakim bog‘da tazyin, chaman mulkida bog‘lanib ta’biya va oyin.

Mundoq kishi kerakki, buxldin muarro bo‘lsa va kizbu imsoqdin mubarro. Shoh molin berurdin ibo qilmasa va zabun sherikka jafo qilmasa, to donasi durri saodat bar bergay va tuxum sochib, anjumi uluvi rif’at tergay. Mundoq odamning farzandi xalifadur, balki marzuqlar anga farzand va ul Odami Safiydur.

Qit’a:

Kimki dehqonlik ayladi pesha,
Dag‘i non bermak o‘ldi anga shior.
Bo‘yla kimsa uluvvi rif’atdin,
Odam o‘lmasa, odamiy xud bor».

Nazarimizda, Navoiyning bu ta’rifida dehqon haqidagi barcha haqiqatlar o‘z ifodasini topgan.

Birinchidan, yettita jonli-jondorning, har xil ijtimoiy toifadagi o‘n sakkiz nafarning rizqini tadrijiy usulda birma-bir sanab ko‘rsatadiki, bu bizga «har bir bandaning yeydirgan bir parcha noni oltmish qo‘ldan o‘tib, uning og‘ziga ­tushadur» (Alixonto‘ra Sog‘uniy. “Tarixi Muhammadiy”. “Sharq”, 2007. 37-bet) degan mashoyixlar ­hikmatini eslatadi.

Ikkinchidan, ta’rifda dehqon bilan bog‘liq barcha muomala-munosabat hamda mulk shakllarini ko‘rsatib, dehqon o‘zining zahmatli ishlari natijasida elga, shohga, barcha tirik jonlarga rozilik keltiradi, degan Navoiyning ixlosi aks etgan.

Navoiy temuriylar zamoniga yarasha bu ijtimoiy tabaqaning butun asbob-sharoitlarini to‘liq bayon qilar ekan, Amir Temur va temuriylarning dehqonga yaxshilik qilishni qonun darajasiga ko‘targanini yodga soladi. “Temur tuzuklari”ning ikkinchi qismida qonun kuchiga ega bo‘lgan 27 ta tuzuk o‘rin olgan. Ulardan birida shunday deyiladi: «...Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga ekin-tikin uchun zarur urug‘ va asbob tayyorlab berilsin» (Temur tuzuklari. So‘zboshi muallifi va mas’ul muharriri Muhammad Ali. “Sharq”, 2005. 80-bet). Yoki Shohruh mirzo o‘g‘li Ulug‘bek mirzoga Movarounnahr va Turkiston mamlakatining boshqaruvini bag‘ishlar ekan, bu haqda tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy o‘z kitobida shunday yozadi: «...Otalik shafqati yuzasidan podshohona iltifoti bilan o‘nga yaqin nasihat so‘zladi. Nasihatlaridan biri esa olam obodligining sababi va odamzod rizqining vositasi bo‘lmish dehqonlarni zulmu adolatsizlikdan himoya qilib, adlu insof bilan (o‘zingga) yaqin qilgin» (“Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”. 2-jild. Birinchi qism. “O‘zbekiston”, 2008. 161 — 167-betlar).

Alisher Navoiyning dehqonlar portretiga chizgilarini ikkiga, ya’ni an’anaviy izohlar va yangi badiiy topilmalarga tasnif qilish mumkin. An’anaviy o‘rinlar azaldan mavjud bo‘lib, bular Navoiyga qadar yaratilgan «Avesto» tarixiy-adabiy yodgorligida, Nosir Xisrav ijodida, Kaykovusning «Qobusnoma»sida, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» kabi asarlarda berilgan badiiy lavhalardir. Demak, shu o‘rinda an’anaviylikni birma-bir izohlasak. «Avesto»da: «Ey olamni yaratgan zot! — Ey haqiqat! Zaminni hammadan ko‘ra ko‘proq baxtiyor qilgan to‘rtinchi shaxs kim? Axura Mazda javob berdi: — Ey Sipiytaman Zardusht!

U hammadan ko‘p bug‘doy, giyoh va mevali daraxatlar ekkan zotdir! U quruq yerlarga suv chiqargan va suvli yerlarni shudgor qilgan zotdir (“Avesto”. Tarixiy-badiiy yodgorlik. “Sharq”, 2001. 113 — 115-betlar).

“Avesto”da to‘rtinchi shaxsning omochi bilan zaminga baxt ato etib, o‘z o‘rnida zamindan ne’matlar olishi duo tarzida aytilsa, Navoiyda esa dehqonning qo‘shi bilan qilgan birgalikdagi sa’y-harakati elu yurtga qut-baraka, xonadonlarga ma’murlik olib kelishi — barcha tirikchilikning tuzalishidir, deb baholanadi.

Jahongashta ijodkor Nosir Xisrav yetti yillik safari davomidagi kuzatuvlarini «Safarnoma»da yozib qoldirgan. Unda ba’zi yurtlardagi o‘ziga xos dehqonchilik ishlariga ham to‘xtalgan o‘rinlar talaygina. Muallif o‘z o‘rnida har xil kasb egalari orasida dehqon mehnatini, ayniqsa, ko‘kka ko‘tarib sharaflaydi:

Kosibdan ham jahonda dehqon ortiq.
Hamma jondorga etmish rizq tortiq.
Jahon xurramligin boisi dehqon.
Uning birla ekinzor bog‘u bo‘ston.
Bu ishdan yaxshi olamda ne bordur,
Bu ish Odam Atodin yodgordir.

(Nosir Xisrav. “Safarnoma”, “Sharq”, 2001. 4-bet).

Dehqon madhini Nosir Xisrav she’riy shaklda yozadi va dehqonni farishtadan ustun qo‘yadi, jafokash, pahlavon deya alqaydi. Navoiy dehqon madhini nasriy usulda ifodalagan bo‘lsa-da, ziyrak o‘quvchi har ikkala ijodkorning dehqon va ish quroli, dehqon va rizq, dehqon va obodlik masalalariga alohida urg‘u berganiga e’tibor qaratadi. Dehqonchilik Odam Atodan yodgor ekaniga Navoiy talmeh san’ati vositasida ishora qiladi.Ushbu ishora javobi Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” va “Risolai tiyr andoxtan”ning Odam Ato naqlida berilgan.

Kaykovus “Qobusnoma” asarining 43-bobini “Dehqonchilik va bozor peshalari bayoni zikrida” deb nomlar ekan, nasihat tarzida fikrlarini shunday bayon qiladi: “Ey farzand, agar dehqon bo‘lsang, barcha dehqondan shinastaroq (bilimdonroq) bo‘lg‘il va har bir ekinni eksang vaqtidan o‘tkazib ekmag‘il. Agar vaqtidan o‘n kun burun ekkaning ikki kun vaqtidan so‘ng ekkaningdan yaxshiroqdur...” (Kaykovus. Qobusnoma. “O‘qituvchi”, 2006. 181-182-betlar).

Kaykovus ham, Navoiy ham o‘z asarlarida ­deh­qonlar ta’rifiga alohida fasl, bob ajratgan. Biroq Kaykovus dehqonchilikning ba’zi ­sir-asrorlarini o‘g‘liga nasihat tarzida “buni ham o‘rganib qo‘ysang yaxshi bo‘ladi”, degan orzu-istak sifatida bayon etgan. Navoiyning “Dehqon zikrida”gi fikrlarida esa o‘ttiz yildan ortiq davlat ishida ishlagan, suvsiz yerlarga suv chiqargan, suv to‘g‘onlari qurgan, dehqonlarning haq-huquqlarini himoya qilgan xayrul bashar amirning hayotiy nozik kuzatishlari aks etgan.

“Qutadg‘u bilig” asaridagi qahramonlar O‘gdulmish bilan O‘zg‘urmish orasida bo‘lib o‘tgan savol-javobda dehqonlarni “Bular mutlaqo kerakli kishilardir”, degan hurmat, ehtirom ta’kidlanadi:

Tag‘in bir toifasi dehqonlardir.
Bular mutlaqo kerakli kishilardir.
Bular bilan sen aralash hamda qovush,
Tomoq jihatidan sen tashvishsiz yasha.
Hamma qimirlagan(jon)ga bulardan manfaat bo‘ladi...
Dehqon kishilar qo‘li ochiq bo‘ladi,
Ko‘nglini Xudo berganidan ham ziyoda keng tutadi.
Butun yer yuzidagi hamma qimirlagan jonning,
Yuradiganlarning ovqati-yu, uchadiganlarning doni ulardan,
O‘zing bular bilan aralashgin, qo‘shilgin,
Tilda yaxshi so‘zla, yuzingni ochiq tut”.

(Yusuf Xos Hojib. “Qutadg‘u bilig”. “Fan”, 1971. 659 — 661-betlar).

Yusuf Xos Hojib singari Navoiy ham o‘z asarlarida o‘ndan ortiq: shamshir, qalam, muomala, ziroat ahliga o‘z davri nuqtai nazaridan baho bergan. Hukmdorning, elning va boshqa “nafas oluvchi”larning butun hayoti dehqon mehnati tufayli ekanini ko‘rsatgan.

Navoiygacha bo‘lgan dehqonlar haqidagi duo, ta’rif, tavsifu e’tiroflar hamda Navoiyning dehqonlar zikridagi nasriy qasidasidan anglashimiz mumkin bo‘lgan xulosa shuki, hamma narsa dehqon mehnati sharofatidir, degan tarix shiori, hayot shiori, ijodkorlar shioridek talqin qilinadi. Dehqonlarning insoniyat farovonligi yo‘lida mehnatidan, rizqu barakatidan “hamma qimirlagan(jonlar)lar manfaat ko‘rishi” o‘z badiiy ifodasini topgan.

O‘rni kelganda shuni alohida ta’kidlash lozimki, Navoiy xalq nasrining saj’ san’atiga katta e’tibor berib, sochar-ochar, bordur-namudordur, pahlavon-ravon, ma’murlig‘-masrurlig‘, harakat-barakat, ro‘zi-ko‘zi, hosil-vosil kabi yigirmatacha saj guruhini “Dehqonlar zikrida”ning boshidan oxirigacha qo‘llagan.

“Mulku millat ishlarini ravnaq ettirish bilan band” (Davlatshoh Samarqandiy) shoirning xulosasi qit’a vositasida beriladi: “Qo‘shi ham ikki zo‘r pahlavon, yukiga buyun sunub ollida ravon; ish qilurda hamdam va hamqadam, dehqon alarni suradi andoqki odam”. Bu ta’rifda dehqon mehnati — yerga ishlov berish jarayoni, kuchi bilan bog‘liq hayotiy lavha jonlanadi. “Baraka xirmonda emas, bir dona bug‘doyda” degan xalq maqolidagi “bir dona” ramziy obrazini shoir “Dehqonning bir dona socharida bu holdur, o‘zga ishlari ta’rifu maholdur”, deya hayotga va aqlga yoqadigan qilib tasvirlaydi. Ulug‘ amir “bir dona” ramziy obrazida har yili dehqonchilikning umumiy unumlaridan qirqdan birini Xudo yo‘lida – zakot topshirmoq farzligiga ham ishora qilgan. Dehqonning “bir dona”si dunyo tirikchiligiga yoki oxiratga foyda berishi aytiladi. “Bir dona” obrazida ulkan bir dunyoni, olamni tushungan shoir hayrat bilan dehqonga “bir dona”ning yetti yuztaga aylanishini Olloh taoloning yaratuvchilik qudratidan, kasbi kordagi to‘g‘rilik, rostlikning barakatidan nishona, deb bilishni uqtiradi va o‘z hayratlariga dehqonni oshno qiladi. Shoir yuqoridagi falsafiy qarashlarini “Hayrat ul-abror”ning “Karam vasfida” bobida lirik shaklda ham ifodalagan:

Mazraai bazlda sochmoqni tuz,
Kim biriga Tengri berur yetti yuz.

Ya’ni ehson ekinzoriga don sochishni odat qil. Shunda bittasining o‘rniga yetti yuztasini beradi.

“Hayrat ul-abror”ning “Dehqonlar zikrida” faslini, qadimgi qoidalarga ko‘ra “tanti” sifatlashini, “bobo” kunyasini olgan yer sultoni, yer tarbiyachisi tanti bobodehqonlar haqidagi faxriya, mukammal portret, deya olamiz.

Burobiya Rajabova,

O‘zR FA Alisher Navoiy ­nomidagi Til va adabiyot ­instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 10-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.