OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Da Vinchining yangi sirlari yoki 500 yildan so‘ng amalga oshgan kashfiyotlar

Italiyalik buyuk rassom va haykaltarosh Leonardo da Vinchiga dunyoni hayratda qoldirish uchun birgina "Mona Liza"ning o‘zi kifoya qilgan edi. Lekin Leonardoning olamni anglashga bo‘lgan qiziqishi uning o‘z davridan ancha ilgarilab ketishiga sabab bo‘ldi. Uning mexanika va boshqa bir qator sohalarda amalga oshirgan kashfiyotlari xuddi betakror asarlari kabi yuksak e'tirofga loyiqdir. Qizig‘i shundaki, uning faqat bir kashfiyotigina hayotlik chog‘ida to‘la ma'noda tan olingan va amaliyotga tatbiq etilgan ekan. Leonardoning hayot yo‘li qiyinchiliklar, inqirozlarga to‘liq. Uning o‘nlab kashfiyotlaridan olimning tavallud sanasidan 555 yil o‘tib ham foydalanib kelinayotgani esa ana shu zahmatlarning mevasidir.

Tan olingan yagona kashfiyot

Yuqorida aytilganidek, olimning faqat birgina kashfiyoti uning hayotlik chog‘ida tan olingan. Bu - to‘pponcha uchun chaqmoq zatvor. Avvaliga bu mexanizmning qo‘llanish doirasi juda tor edi, lekin XVI asr o‘rtalariga kelib, u zodagonlar, ayniqsa, suvoriylar orasida juda ommalashib ketdi. To‘pponcha uchun mo‘ljallangan chaqmoq zatvor shu darajada mukammal ediki, hatto uni XIX asrda ham uchratish mumkin bo‘lgan.

Lekin ulug‘larning buyuk ishlari ba'zan ular vafotidan so‘ng o‘z e'tirofini topadi. Da Vinchining ko‘plab kashfiyotlariga qo‘shimchalar kiritilib, takomillashtirildi. Hozir esa ularning aksariyatidan kundalik hayotimizda, bunga Leonardo da Vinchi chizmalari asos bo‘lganligini xayolimizga ham keltirmay, foydalanamiz.

Konditsioner besh asrlik tarixga ega

Masalan, Leonardo da Vinchi havoni siqib, uni quvurlarga haydovchi qurilma yaratgan. Mazkur kashfiyotning qo‘llanish doirasi juda katta: pechlarni qizdirishdan tortib, xona ventilyatsiyasigacha.

G‘avvoslar kiyimining birinchi ko‘rinishi

Leonardo - insonning suv ostida uzoq muddat qolishi imkoniyatlarini o‘rgangan birinchi olim emasdi.  Masalan, Leon Battista Alberti Nemi ko‘li tubidagi ayrim Rim kemalarini yuzaga olib chiqishni rejalashtirgan. Leonardo esa quruq rejalardan ancha o‘zib ketdi. U suv o‘tmaydigan teridan tayyorlanuvchi g‘avvoslik kiyimi loyihasini yaratgan. Mazkur kiyimda g‘avvosning suv yuzasiga chiqishini osonlashtiradigan, ichi havo bilan to‘ldirilgan katta ko‘krak cho‘ntagi bo‘lishi kerak edi. Leonardoning g‘avvosi nafas olish uchun egiluvchan naycha bilan ta'minlangandi. Mazkur naycha uning shlemini suv yuzasidagi suzuvchi qubba bilan bog‘lab turgan.

Vertolyotning "bobokalon"i

Ma'lumki, Leonardo da Vinchi, shuningdek, hozirgi vertolyotlarning "bobokalon"i chizmalarini ham ishlab chiqqan. Uning loyi­hasiga ko‘ra, parrak radiusi 4,8 metrni tashkil etishi kerak edi. U metall hoshiya va kanop surpdan qilingan qoplamaga ega bo‘ladi. Parrak o‘q atrofida aylangan va  odamlar tomonidan harakatga keltiriladi. «O‘ylashimcha, agar bu parrakli mexanizm puxta tayyorlansa, ya'ni mato kraxmallangan (yirtilib ketmasligi uchun) bo‘lsa va tez aylantirilsa, u holda mashina havoda bemalol turib, balandlikka uchib chiqa oladi», - deb yozadi da Vinchi.

O‘zi harakatlanadigan arava

Leonardoning mashhur suratlaridan birida avtomobilning qadimgi ishlanmalari aks etgan. O‘zi harakatlanadigan arava murakkab arbalet mexanizmi yordamida oldinga siljishi lozim bo‘lgan. Bu mexanizm rulga birlashtirilgan qurilmalarga energiya yetkazib berishi ko‘zda tutilgan. Orqa g‘ildiraklar differentsiyalangan uzatmalarga ega bo‘lib, ular mustaqil ravishda harakatlana olgan. To‘rtinchi g‘ildirak rul bilan birlashtirilgan bo‘lib, uning yordamida aravani boshqarish mumkin edi. Dastlab mazkur transport vositasi qirollik saroyi ahlining vaqti chog‘ligi uchun mo‘ljallangan va o‘rta asrlar hamda Uyg‘onish davri muhandislari tomonidan yaratilgan o‘zi harakatlanuvchi boshqa mashinalar jumlasiga kiritilgan. 

500 yil avval o‘ylangan ko‘prik

Olimning ayrim kashfiyotlarini insoniyat endi-endi sinab ko‘rishga kirishdi: masalan, Norvegiyaning As shaharchasida 2001 yilda Leonardo da Vinchi loyihasi bo‘yicha 100 metrli piyodalar ko‘prigi bunyod etildi.  Bu olim tomonidan yaratilgan so‘nggi besh yuz yil ichida amalga oshirilgan birinchi arxitektura loyi­hasi bo‘ldi.

Leonardo da Vinchi bu inshootni turk sultoni uchun loyihalashtirgan edi. Ko‘prik Istanbuldagi Oltin Shox qo‘ltig‘idan o‘tishi ko‘zda tutilgan. Agar mazkur loyiha amalga oshganda u o‘z davrining eng uzun ko‘prigi bo‘lardi. Biroq Leonardo o‘z loyihasini hayotga tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. Sulton Boyazid II florentsiyalik rassomning taklifidan voz kechdi. 

Bu ko‘prik 8 metr balandlikda "Ye-18" avtotrassasi ustidan o‘tkazilgan bo‘lib, piyodalar o‘tish joyi sifatida xizmat qiladi. Uning qurilishida Leonardoning faqat bir talabi buzildi - ko‘prik 500 yil avvalgi loyihada ko‘rsatilganidek, toshdan emas, yog‘ochdan bunyod etildi.

12 qo‘l uzunligiga teng parashyut

Leonardo da Vinchining fikricha, «agar odamda pishiq matodan tayyorlangan, har bir tomoni 12 qo‘l uzunligiga teng, balandligi ham xuddi shunday soyabon bo‘lsa, u har qanday balandlikdan sakrashi va sog‘-omon qolishi mumkin». Uning o‘zi mazkur qurilmani sinovdan o‘tkazishga ulgurmadi. Lekin 2000 yil dekabr oyida Buyuk britaniyalik parashyutchi Adrian Nikolas Janubiy Afrikada Leonardo da Vinchi chizmalari asosida tayyorlangan xuddi o‘sha parashyut bilan havo sharidan sakrab ko‘rdi. 3 ming metr balandlikdan sakragan shovvoz barchasini muvaffaqiyatli amalga oshira oldi.  

Qutqaruv chambaragi

Suzishni o‘rganishda eng muhim narsa - qutqaruv chambaragidir. Leonardoning bu kashfiyoti deyarli o‘zgarishsiz qo‘llanilmoqda.

Suzishni tezlashtiruvchi pardali qo‘lqoplar loyihasi olimning yana bir ajoyib topilmalaridan biridir. Ular bugungi kunda hammaga ma'lum lastlarga aylangan.

Ekskovatorni ham-a?

Ishonish qiyin, biroq ishchilar mehnatini yengillashtirish uchun Leonardo   ekskovatorni o‘ylab topgan. Ular qazib olingan materialni tepaga ko‘tarish va tashish vazifasini bajargan. Olimlarning fikricha, ekskovatorlar Arno daryosini ajratish loyihasi uchun kerak bo‘lgan. 

O‘shanda kengligi 18 metr, uzunligi 6 metr bo‘lgan handaq qazilishi kerak edi. Kashfiyotchining shu ish uchun ishlagan rasmlaridan ko‘rish mumkinki, ko‘tarma kran o‘qlari 180 darajaga aylana olgan va kanalning butun kengligini egallagan. Ekskovator relslarga o‘rnatilgan bo‘lib, vaqti-vaqti bilan oldinga surib turilgan.

Boshqarish mumkin bo‘lmagan kashfiyot

2002 yilda Buyuk Britaniyada buyuk Leonardo da Vinchining yana bir kashfiyoti amalga oshirildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, rassomning asl chizmalariga muvofiq yaratilgan deltaplanning sinovlari amalga oshirildi.  

Deltaplanerizm bo‘yicha jahon chempioni Judi Liden sinovlarda da Vinchining «protodeltaplan»ini 10 metr balandlikka  ko‘tarishga va bu balandlikni 17 soniya ushlab turishga  muvaffaq bo‘ldi. Apparatning chindan ham ishlayotganini ko‘rsatish uchun shuning o‘zi kifoya edi.

O‘rta asr deltaplani yuqoridan qush skeletini eslatadi. Ammo tan olish kerak, u hali mukammallikdan yiroq. «Uni boshqarishning deyarli iloji yo‘q edi. Men shamol qaysi tomonga essa, o‘sha tomonga uchardim va uni umuman bosh­qarolmasdim. Ehtimol, tarixda birinchi avtomobil sinovchisi ham o‘zini shunday his qilgandir», - deydi Judi.

Insoniyat bugungi bilimlarini asrlar davomida quduqni igna bilan qazigandek to‘plagan. Har bir tsivilizatsiya binosining o‘z bun­yodkorlari bo‘lishi, tabiiy. Agar xuddi kinolarda bo‘lganidek, zamonlararo harakatlanishning imkoni bo‘lganda, Leonardo da Vinchi hayotidagi har bir kuzatish, u amalga oshirish uchun mashaqqat chekkan har bir kashfiyot, loyiha bugun insonlar hayotini qay darajada yengillashtirganini ko‘rib, bizga o‘sha tanish nim tabassumni hadya etgan bo‘lardi, balki.

Nargiza To‘xliyeva tayyorladi. 
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.