OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Damin Jumaqulov. O‘zligimizni anglatguvchi asar

O‘tgan o‘n yetti yil ichida mamlakatimizda, ma’naviy hayotimizda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. Ulardan biri — kitob javonimizni to‘ldirib turgan kitoblar matbaa jihatidan zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi, mazmunan boyidi. Demak, tafakkurimiz, ongimiz o‘zgarishga yuz tutdi. Ulug‘ shoirimiz ta’biri bilan aytganda, asrlarning silsilasida o‘zligimizni tanidik. Bu shak-shubhasiz, mustaqillik, hurlik sharofatidir.

Mustabidlik davrida tarixiy meroslarimizni o‘qigan, hatto ularni uyida saqlagan kishilar boshiga qanday ko‘rguliklar solingani barchaga ayon. Shuningdek, tarixidan ayrilgan millatning yo‘qlikka mahkumligini bilgan istilochilarning o‘tmishimizdan, milliy an’analarimizdan, ma’naviyatimizdan ayirishga intilgani ham shu boisdan bo‘lsa ajab emas.

Ammo ularning qirg‘in-barotlari, ayovsiz qatag‘onlari, tazyiqlari ham O‘zbek degan ulug‘ nom bilan sharaflangan millatni o‘z yo‘lidan qaytara olmadi.

Xalqimiz o‘zligini tanish uchun tarixga murojaat qildi. Kim edig-u, kim bo‘ldik, degan savol bilan bugungi kunga tanqidiy yondashdi. Ana shu yo‘lda keyingi yillarda ma’naviyatimizni boyitadigan, tafakkurimizni yuksaltiradigan, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan saqlashga xizmat qiladigan salmoqli ilmiy-adabiy meroslarimiz nashr etildi. Bunday foydali adabiyotlarni chop etish, keng o‘quvchilar ommasiga yetkazish hozir ham jadal sur’atlar bilan davom etmoqda. Xususan, avliyo va alloma — So‘fi Olloyorning “Movarounnahr” nashriyotida chop etilgan “Maslak ul-muttaqiyn” (“Taqvodorlar maslagi”) asari ana shunday asarlardan biridir.

Kitob mutolaa qilgan o‘quvchini bir jihat hayratga soladi: taxminan o‘rta yoshlarga yetguniga qadar dinu diyonatdan tamoman uzoq yurgan kishi shuncha ko‘p bilimni o‘rganishga qachon ulgurgan? Qisqa fursatda yuzdan ortiq fatvo kitoblarini o‘qib, sinchiklab o‘rganib chiqish, to‘rt mazhab ulamolarining asarlarini bir-biriga qiyoslab o‘rganadigan darajada puxta bilim sohibiga aylanish, aqoidga oid mukammal bir asar yozish oson ishmi?!

Ma’lumotlarga qaraganda, So‘fi Olloyor ilm bilan shug‘ullana boshlaganida qirq yoshlar atrofida bo‘lgan. Bugun esa ba’zi bir qirqqa kirgan yurtdoshlarimizni-ku qo‘yavering, o‘ttizga yetganlar ham “Esiz-a, yoshlikda o‘qimaganmiz-da, endi kallaga kirmaydi”, deb oddiy kitoblarni ham o‘qishga qiziqishmaydi. Taxmin qilish mumkinki, bunday toifadagilar yoshligida ham nimanidir bahona qilib ilm olishga astoydil kirishmagan. Aslida esa ilm o‘rganishning yoshga unchalik bog‘liqlik joyi yo‘qligiga buyuk bobomiz So‘fi Olloyor hayoti va ijodi, jur’ati va shijoati yorqin misoldir. Olimlarning taxminicha, u “Maslak ul-muttaqiyn”ni ellik-oltmish yoshlarida yozib tugatgan.

So‘fi Olloyor o‘zbek, fors va arab tillarida mukammal ijod qilgan. O‘tmishda unga qadar va undan keyingi davrlarda ham ikki tilli — zullisonayn ijodkorlar ko‘p o‘tgan. Lekin ular bitgan asarlarning biri ikkinchisidan zaif bo‘lgan. Shu bois ham bunday ijodkorlarning bir tildagi ijodi shuhrat qozongan bo‘lsa, ikkinchisi birinchisiga qo‘shimcha ilova tarzida sanab o‘tilgan, xolos. So‘fi Olloyor esa garchand o‘zi “Men bir dalada o‘sgan turkiyman”, deya xokisorlik qilsa-da, uning uch tildagi ijodi bir-biridan ziyod, bir-biridan jozibadorligi olimlar-u, munaqqidlar tomonidan e’tirof etilgan.

So‘fi Olloyor mazkur asarida ko‘p yillar davomida adashib yurganini yashirmaydi, hayotining zalolatda o‘tgan qismini xaspo‘shlab o‘tmaydi, balki jaholatda umr o‘tkazgani uchun o‘zini qattiq koyiydi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z-o‘zini taftish qilish mana shunday kamtarlikka, mard­likda namoyon bo‘ladi. Dunyo­ning ishlarini qarang­ki, bugun ayrim xorijdagi tashkilotlar bizga demok­ra­tiyadan, oshkoralikdan saboq bermoqchi bo‘ladilar. Ana shuning o‘ziyoq ularning boy tariximizni, milliy xususiyatlarimizni, oshkoralik xalqimizda azaldan mavjud bo‘lgani va ayniqsa, boshqa yurtlardagilardan farqli o‘laroq o‘zaro hurmat-ehtiromga asoslangan sharqona tarbiya ruhida ekanini mutlaqo bilmasligini yoki bilsalar-da ko‘nglida bir g‘arazli rejasi borligi bois, bilib bilmaslikka olishlarini ko‘rsatadi.

Shoir sharq adabiyoti an’anasiga binoan lirik chekinishlar qilib o‘z farzandiga nasihat qiladi, kitobxon bilan hayotiy tajribalarini o‘rtoqlashadi. Achchiq-chuchukni totgan, tajribali ota o‘g‘liga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib jumladan bunday deydi: “... Otang nokaslik bilan mashhur bo‘ldi. Sen o‘z umringni zoe qilma. Otang umrini johillikda o‘tkazdi, sen esa yengil-elpi yashash va ishlashga o‘rganma. Men pastkash dunyoga mag‘rur bo‘ldim. Sen esa (unga qo‘l siltash uchun) puxtalikka o‘rgan-u xom bo‘lma... Ilmni egalla, unga amal qil...”

Muallifning bu gaplari umrining muayyan fursatini hoyu havas bilan o‘tkazgan, ilm o‘rgangandan so‘nggina hayotida ma’no ko‘ra boshlagan iymoni butun, vijdoni pok odamning e’tirofidir. Darhaqiqat, umrini g‘aflatda o‘tkazish inson zotining matlabi emasligi, ayniqsa, bugungi tezkor zamonda tenglar ichra teng bo‘lib yashash, iymoni pok, yuzi yorug‘ bo‘lib, mazmundor hayot kechirish to‘g‘risida Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobida ham “Agar odamzot bu dunyo­da ruhan pok bo‘lib, irodasi baquvvat, iymoni butun, vijdoni uyg‘oq bo‘lib yashamas ekan, inson hayotining qanday ma’nosi qoladi?” — degan haqli savol qo‘yilgan.

So‘fi Olloyor kitobni olimlar uchun emas, balki arab tilini bilmaydigan oddiy kishilar uchun yozganini ma’lum qilgani ham uning kamtarligi belgisidir. Negaki, boshqa bir o‘rinda jiddiy ilm o‘rgangani va bu kitobni yozib unga “Maslak ul-muttaqiyn” deb nom qo‘yganini ham aytib o‘tgan. Biroq, asarni arab alifbosidan kirilchaga o‘girib, nashrga tayyorlagan olimlar — Sayfiddin Sayfulloh va Akrom Dehqonlarning fikricha, kitobning yozilish sabablaridan yana biri — So‘fi Olloyor yashagan davr­ga kelib yurtda axloqsizlikning keng ildiz otishi, jamiyatning ma’naviy in­qirozga yuz tuta boshlaganidir. Bu achchiq haqiqatni XII-XVII asrda yashab ijod etgan bosh­qa shoirlar ijodi va muarrixlar asarlarida ham ko‘rish mumkin. Shunday sharoitda iymon va e’tiqodga doir asar yozib, yo‘ldan adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni So‘fi Olloyor o‘zining burchi deb bilgan. Ana shu mas’uliyat tuyg‘usi uni bunday murakkab mavzuda kitob yozishga undagan.

“Maslak ul-muttaqiyn” asari XIX asrda Qo‘zixo‘ja Hafizxo‘ja o‘g‘li tomonidan “Hidoyat ul-muttaqiyn” nomi bilan o‘zbek tiliga nasriy tarjima qilingan. Uning qo‘lyozma nusxalari Sayram va Toshkent atrofida keng tarqalgan. Mazkur nashrda “Hidoyat ul-muttaqiyn”ning Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘l­yozma hamda shu institut ilmiy xodimi, tarjimonning evarasi Akram Habibullaevning shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan nusxalardan foydalanilgan.

Fors tilini bilmaydigan, ammo ilmga ishtiyoqi zo‘r bir necha tolibi ilmlar Qo‘zixo‘ja Hafizxo‘ja o‘g‘lidan bu mo‘’tabar asarni o‘zbek tiliga o‘girishni quyidagicha iltimos qilgan: “Hazrati Eshon So‘fining bu kitobi tabarruklaridan bizlar bexabarmiz. Kerakkim, turkiy bo‘lsa, bizlar ham fahm qilib, bahra olsoq va hol-quvvatimiz borincha amal qilsoq va bizlardan so‘nggilarga ham nusxa bo‘lur va taqi necha tolibi ilmlar yo‘l topsa...”

Mutarjim “Maslak ul-muttaqiyn”ni erkinroq tarjima qilgan. Asosan fiq­hiy masalalarni o‘quvchiga yetkazib berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani bois, ayrim lirik chekinishlarni, pand-nasihatlarni qisqartirgan. Ba’zi o‘rinlarni esa ilmiy dalillar bilan to‘ldirgan. Bu ishlar tarjimonning puxta bilim egasi bo‘lganini ko‘rsatadi.

Asarni hozirgi alifboga o‘girib nashr ettirgan olimlar kitobxonga tushunarliroq bo‘lishi uchun ayrim ilovalar kiritgan va ularni qavsga olgan. Bugunga kelib adabiy tilimizda muomaladan chiqib ketgan so‘zlarni ommaga tushunarli bo‘lishi uchun muqobili bilan almashtirgan. Bir necha ishtibohli masalalarni asl — forsiy manbaga qiyoslab to‘g‘rilagan. Ba’zi o‘rinlarda kotib tomonidan tushirib qoldirilgan so‘zlarni tiklagan. Yana bir muhim jihati, kitob oxirida “Maslak ul-mutta­qiyn”­da keltirilgan asarlar va ularning mualliflari haqidagi ma’lumotlarni ilova qilgan.

Shu tariqa bu muborak asardan avval Qo‘zixo‘ja Hafizxo‘ja, bugunga kelib esa Sayfiddin Sayfulloh va Akrom Dehqon sa’y-harakatlari bilan bahra olmoqdamiz. Endi kitob javonimiz yana bir go‘zal asar bilan boyidi. Umid qilamizki, qalbimiz ham bundan ko‘p fayz oladi. XIX asr tolibi ilmlari aytganidek, bu asardan bizdan keyingi avlodlar ham bahra olsa, ne ajab.

Bunday deyishimiz bejiz emas. Bu mo‘’tabar manbadan Hindiston, Eron, Pokiston va bir necha Arab davlatlari o‘quv yurtlarida muhim qo‘llanma sifatida tolibi ilmlarga saboq beriladi. Shunday ekan, biz — u zotning avlodlari bu asardan foydalanishga barchadan ko‘proq haqlimiz.

Maqolaga shu yerda nuqta qo‘ymoqchi edik. Ammo kezi kelganda ko‘p vaqtlardan beri bizni qiynab kelayotgan ayrim kamchiliklarimizni ham aytib o‘tishni lozim topdik. Chunonchi, So‘fi Olloyor qoldirgan beqiyos ma’naviy merosga ham munosabatimiz o‘zga ajdodlarimiznikidan ko‘p farq qilmaydi. Shu boisdan xalq orasida u zotning asarlaridan ko‘ra o‘zining nomi mashhurroq. U kishining dast­­lab katta amaldor bo‘lgani, o‘z davrida kat­­ta-yu, kichik undan hayiqqanini, hatto bir homilador ayol unga ro‘baro‘ kelib qolganda qo‘rqqanidan ko‘prikning ostiga yashirinib, o‘sha joyda bola tashlab qo‘ygani haqidagi ma’lumot-u, rivoyatlarni bilamiz. Ana shu voqeadan qattiq ta’sirlanib barchasiga qo‘l siltab tariqat yo‘lini tutib avliyolik rutbasiga erishganini davralarda ko‘p gapiramiz.

Surxon vohasining Oltinsoy tumanida So‘fi Olloyorning qabri gavjum ziyoratgohga aylangan. U zot qabrlarga sig‘inishni, o‘tganlarga atab qon chiqarishni emas, madadni yolg‘iz Yaratgandan so‘rash lozimligini o‘z asarlarida ko‘p bor ta’kidlagan. Jumladan, “Maslak ul-muttaqiyn” asarida bunday deydi: “Ammo baroyi mehmon (mehmon uchun) deb zabh qilsa, so‘ygani harom bo‘lg‘ay. Ey azizlar! Ogoh bo‘linglarki, bir necha nodonlar avliyo va mashoyixlar uchun deb qo‘yni so‘yarlar. Agarchi “Bismillah” desa ham haromdur. Zabh qilg‘onlar kofir bo‘lur. Zin­hor bu af’oldan o‘zlaring­ni saqlanglar, bu suvratda zabh qilib harom qilmanglar. Azbaroyi Xudo (Xudo uchun) deb zabh qiling­lar, savob hosil bo‘lur va avliyo va mashoyixlar xushnud bo‘lg‘aylar. Zeroki, avliyoning xur­sandligi shariat birla bo‘lur”.

Hech shubha yo‘qki, bu asar millatimiz kelajagi bo‘lgan navqiron avlodga o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi. Binobarin, bunda bayon etilgan sof islomiy aqidalar yoshlarni bid’at va xurofotlardan, har xil diniy ekstremistik tashkilotlar ta’siriga tushib qolishdan saqlaydi. Ularning muqaddas dinimizga bo‘lgan munosabatida alohida ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, yoshlarni odob-axloqqa, ilm o‘rganishga chorlaydi. “Maslak ul-muttaqiyn” shunisi bilan ham qimmatlidir.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.