Harbiy san’at tarixi sohibqiron Amir Temurni haqli ravishda jahonning eng buyuk sarkardalaridan biri sifatida e’tirof etadi. Buyuk bobomizning harbiy iste’dodi asosan ikki yo‘nalishda: mohir harbiy tashkilotchi va atoqli sarkarda sifatida yorqin namoyon bo‘lgan. Amir Temur tuzgan armiya o‘ta intizomli bo‘lib, sarkarda muhoraba chog‘i qo‘shin qismlarini san’atkorona boshqarishga, jang taqdiri hal bo‘ladigan joylarga harbiy kuchlarni o‘z vaqtida ustalik bilan yo‘llashga, har qanday to‘siq va g‘ovni tadbirkorlik bilan oshib o‘tishga, lashkarning jangovar ruhini zarur darajada saqlashga muyassar bo‘lgan. Qo‘shinlar tarkibi Movarounnahr, Dashti Qipchoq, Xuroson, Eron, Badaxshon, Mo‘g‘uliston, Xorazm, Mozandaron, Jata singari joylardan yig‘ilgan askarlardan iborat edi. Qo‘shin son jihatdan aniq va puxta tashkil qilinib, uning jangovar tartibi jangdan-jangga takomillashib borgan, armiya eng ilg‘or qurol-aslahalar bilan qurollangan, qismlar bir-biridan kiyim-boshi, bayrog‘i va tug‘i bilan farqlangan. Bu jang paytida qo‘shinni boshqarishda qo‘l kelgan.
«Temur tuzuklari»da ta’kidlanishicha, safar chog‘ida oddiy askarlarning har o‘n sakkiztasiga bitta chodir berilgan. Har bir jangchi ikkita ot, yoy, sovut, qilich, juvoldiz, qop, o‘nta nina, arra va teri xaltaga ega bo‘lgan. Sara jangchilarning har beshtasi bir chodirga joylashgan. Ularning har biri dubulg‘a, sovut, qilich, o‘q-yoy, sadoq va buyruqda ko‘rsatilgan miqdorda ot bilan ta’minlangan. Harbiy san’at sir-asrorini bilgan, dushman safini parokanda qilish yo‘l-yo‘rig‘ini yaxshi egallagan, mushkul paytlarda dadil harakat qiladigan, hech qanday to‘siqdan tap tortmaydigan, qo‘shinda sodir bo‘lishi ehtimoldan xoli bo‘lmagan tartibsizlikni vaqtida bartaraf eta oladigan yovqur va mohir jangchilargina Temurbek tomonidan lashkarboshilikka qo‘yilgan.
Sohibqiron bobomiz o‘z qo‘shinining harbiy takomiliga katta e’tibor berib, “amir va amirul-umaro”, ya’ni “bosh amir” kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy etadi. Shu kabi oliy darajali unvonlarga ega bo‘lgan iqtidorli sarkardalarga u hatto viloyat hokimligi yoki noibligini in’om etgan.
Lashkar “tuman” – o‘n minglik, “hazora” – minglik, “qo‘shun” – besh yuzlik va “ayl” – o‘nlik birikmalarga bo‘lingan. Tumanlarda askarlar soni o‘n ming, qo‘shinda yuz nafardan ortiq bo‘lgan. Amir Temur o‘n minglik uchun “tuman og‘asi”, minglik bo‘linmalar uchun “mirihazora”, yuzliklar uchun “qo‘shunboshi” va o‘nliklar uchun “aylboshi” kabi harbiy mansablar ta’sis etgan, ularning haq-huquqi, maoshi belgilab berilgan.
Har viloyat asosiy – “asl” hamda zahira – “izofa” qismlarni to‘plab bergan. Viloyatlar tosh otar – sangandoz, devor buzuvchi — manjanaq, o‘t otar yoki to‘p – ra’dandoz va naftandoz hamda o‘zi otar qurollarni ishlata biladigan jangchilarni tayyorlar edi. Askariy qismlarni to‘plash bilan tavochi vazifasidagi amaldorlar shug‘ullangan.
Jangda bahodirlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amir uchun in’omlar ham belgilab qo‘yilgan. Qaysi amir biron qo‘shinni yengsa yoki viloyatni fath etsa, u tug‘, nog‘ora, bahodirlik martabasi, davlat kengashlariga kirish huquqi hamda biron sarhadning noibligi bilan siylangan. Har bir zobit jang qilish uslublarini yaxshi bilishi farz sanalgan. Oddiy navkar nizomni qat’iy bajarishga majbur bo‘lib, jangda u ayovsiz va dovyurak bo‘lishi, omonlik istagan dushmanga yumshoq muomala va adolatli bo‘lishi lozim edi.
Taktika jihatidan Amir Temur armiyasi qo‘shini yettita taktik qism-kuchlarga bo‘lingan, razvedka a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan, qismlarning janggohda zarur darajada harakat qilishi uchun chora-tadbirlar ishlab chiqilgan, ularni jang chog‘ida boshqarishga alohida e’tibor qaratilgan. Qismlararo aloqa yuqori saviyada bo‘lishi, harbiy boshliqlarning to‘g‘ri tanlanganligi muhoraba natijasiga samarali ta’sir ko‘rsatgan.
Klavixoning ta’rifiga ko‘ra, temuriy lashkarboshi tinchlik chog‘ida zarhal ip bilan tikilgan havorang satin ko‘ylak kiygan. Uning boshida dur hamda boshqa qimmatbaho toshlar qadalgan bo‘rk bo‘lgan. Bo‘rkning ostidan uch qator qilib o‘rilgan ikki kokil yelkaga tushib turgan. Elchi bu yo‘sinda o‘rilgan sochlar Temurbek askarlarining nishoni ekanligini alohida qayd etadi.
Yurish oldidan Sohibqiron arkoni davlat, vazirlar, sarkardalar, amirzodalar, beklar va amirlarni harbiy kengash — mashvaratga to‘plagan, so‘ngra askar yig‘ish uchun maxsus buyruq e’lon qilingan, qismlar harbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Amir Temurning harbiy san’at rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlaridan yana biri qo‘shin qanotlarini jang chog‘ida dushman hujumidan muhofaza qilish va, aksincha, g‘anim kuchlarini yon tomondan aylanib o‘tib, ortdan zarba berish maqsadida tuzilgan otliq qism — kanbulning joriy etilishidir.
Amir Temur qo‘shinini Jahongir Sayfuddin va Purhusayn barloslar, Oq Bug‘a, Usmon Abbos, Muhammad Sulton Qamariy, O‘rus Bug‘a, Hamza Sulduz, Amir Murizoda, Muhammad Qazg‘on, Sariq Atka va Muzaffar Uch Qaro kabi janglarda shuhrat topgan mahoratli va jasur kishilar boshqargan.
Sohibqiron Amir Temur ana shu tarzda o‘z zamonining kuchli va eng jangovar lashkarini tashkil qilishga muvaffaq bo‘lgandi. Dushman mudofaasini mohirona yakson qilish, g‘animlarning yirik shaharlariga qo‘qqisdan zarba berish, mustahkam qal’a, qo‘rg‘on va hisorlarni uzoq muddat qamal qilish, yov kuchlarini iloji boricha keng ko‘lamda qurshovga olish, raqibni ta’qib qilish kabi strategik rejalarni ko‘zlab ish yuritish Sohibqironga faqat g‘alaba olib kelardi.
Sohibqiron yaratgan qudratli armiya jahonning o‘sha vaqtdagi eng ilg‘or armiyasi sifatida tan olingani, keyinchalik ham buyuk sarkardalar, harbiy mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgani, bir necha asrlar mobaynida ibrat va andoza vazifasini o‘tagani hamda harbiy san’at tarixi sifatida keng ko‘lamda o‘rganilgani bejiz emas.
Shubhasiz, bizning bugungi armiyamiz — Vatanimiz himoyachilari uchun ham buyuk bobomiz yaratgan armiya qo‘shinlarining yovqurligi, bahodir jangchilarning dovyurakligi chinakam ibrat timsolidir.
Dilafro‘z Qurbonova,
Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi,tarix fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 3-sonidan olindi.