XX asr boshlarida Turkistonda jadidchilik nomi bilan mashhur bo‘lgan «ijtimoiy-ma’naviy yuksalish»ni haqli suratda buyuk fransuz inqilobini tayyorlagan XVIII asr Yevropasidagi ma’rifatparvarlik harakatiga tenglashtirish mumkin. Qolaversa, XX asr tongi Turkistonda shunchaki ma’naviy uyg‘onish davri bo‘libgina qolmay, balki ziyolilarning mamlakat va xalq ahvolini siyosiy jihatdan chuqur idrok etishi, jamiyatni muayyan dastur va nizomga asoslangan holda isloh qilish, alaloqibat milliy ozodlikka erishish g‘oyasining yuzaga kelish zamoni sifatida tarixga kirdi.
Turkiston milliy taraqqiyparvarlarining nazariy qarashlarida ikki muhim xususiyatni kuzatish mumkin. Birinchisi — millatning buyuk tarixini anglash, ikkinchisi — Sharq va G‘arb mutafakkirlari ilmiy merosini chuqur idrok etish. Turkiston ma’rifatparvarlari taraqqiyotning asosi G‘arb va Sharq madaniyatining o‘zaro uyg‘unlashuvida deb bilgan. Har ikki tamaddun yutuqlaridan amaliy foydalanish zaruratini ta’kidlagan. Jadidlar, ayniqsa, vatan tarixi sohasida teran bilimga ega bo‘lgan. Shu asosda o‘z xalqini haqli ravishda dunyo sivilizatsiyasi yutuqlariga daxldor hisoblab, an’anaviy milliy tajribaga tayanib, davlatni rivojlantirish nazariyasini ishlab chiqdi. O‘z qarashlarini mafkuraviy va metodologik jihatdan asosladi. Turkiston jadidchiligi yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy «Tarix va jug‘rofiya» maqolasida bu borada: «...taraqqiy nadur? Muni bilmoq uchun tarix o‘qumoq kerak.., dinu dunyodan boxabar bo‘lmoqni xohlaydurgan har kim uchun tarix o‘qumoq kerak. Chunki har nimarsa va uning asli va nasli tarixdan bilinur» — deb yozgan. (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tarix va jug‘rofiya) («Oina», 1914, 502-505 betlar).
Taraqqiyparvarlarning nuqtai nazariga ko‘ra, tarixni o‘rganish, birinchi navbatda, millat rivojidagi taraqqiyot va tanazzul sabablarini idrok etish uchun zarur edi. Ularning fikricha, milliy masala barcha etnik guruhlarni birlashtirish doirasida hal qilinishi kerak. Ehtimol, bu bir qadar sodda qarashdek ko‘rinar, lekin jadidlarning milliy o‘zlikni anglashi etnik tushunchalar bilan chambarchas bog‘liq edi. Etnik jihatdan o‘zini o‘zi anglashni ular «millat», «musulmonlar», «turkistonliklar», «turonliklar» kabi tushunchalar orqali ifodalagan. Jadidlar millat deganda avvalo Turkistonda, Buxoro va Xiva xonliklarida yashovchi turkiy va forsiy tilli aholini tushungan. Bu borada jadidchilik tarixi bo‘yicha amerikalik mutaxassis Adib Xolid ham Turkiston xalqini yagona nom bilan ta’riflash uchun «musulmon» so‘zidan ko‘ra muvofiqroq nom bo‘lmaganini ta’kidlaydi. Uning yozishicha, rus amaldorlari ham mahalliy aholini shu nom bilan atagan. Lekin bu so‘z faqat diniy mansublikni emas, balki etnik xususiyatni, ya’ni Turkistonning turkiy hamda forsiy tilli aholisini anglatgan. Binobarin, jadidlar musulmonlarning o‘zaro birlashuvi haqida gapirganlarida, diniy birlashuvdan ko‘ra ko‘proq etnik birlashuvni nazarda tutgan. Bu Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Bayoni haqiqat» maqolasidan ham ayon bo‘ladi. U bunday yozadi: «... biz — Turkiston musulmonlariga lozimki, avvalo, qadim va jadid nizosini qo‘yib, o‘zaro ittifoq istasak. Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qo‘shilgan holda o‘z boshlariga Rossiyaning bir parchasi hisoblanaturgan Turkiston hukumatini ta’sis etsak, o‘zimizning majlis-mashvaratimiz (parlamentimiz. — D.A.) bo‘lsin, desak Turkiston musulmonlari shariat va odatlariga, o‘z zakun va dinlariga muvofiq tiriklik qilsinlar. Turkiston yahudiy, nasroniy va musulmonlari uchun hammalarining manfaatlarini e’tiborga olaturgan qonunlar tuzulsin. Agarda, biz Turkiston musulmonlari xohlasakki, din va millatimizni... ittifoq etib, bugundan islohotga, ittifoqqa qadam qo‘ysalar... ziyoli va taraqqiyparvarlarimiz, boy va ulamomiz birlashib, din va millat, vatan rivoji uchun xizmat etsak...»
Shu bilan birga, «musulmon» so‘zi «xristian» kabi diniy mansublik ma’nosida ham ishlatiladi. Binobarin, bu o‘rinda jadidlar «musulmon» istilohini diniy mazmunda emas, aynan etnik ma’noda qo‘llagan. Mustamlakachilikka qarshi kurashda taraqqiyparvar kuchlarning jipslashuvi ularning etnik jihatdan birlashuvini ham taqozo etgan.
Bu hol faqat O‘rta Osiyo musulmonlarigagina taalluqli emas edi. Tatar jadidchiligini tadqiq etgan D.Ishoqovning yozishicha, «tatarlarning etnik jihatdan o‘zligini anglashi XIX asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Bu davrgacha ular «musulmonlik» qobig‘iga «o‘ralgan va diniy mazmundagi «musulmon» tushunchasi ularda nihoyatda mustahkam asosga ega bo‘lgan».
Jadidlarning mustamlakachilikka qarshi kurashi etnik masalalarda ham namoyon bo‘lgan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘sha davr ziyolilari o‘rtasida mashhur bo‘lgan «Sart so‘zi majhuldir» maqolasi bu jihatdan alohida ahamiyatga ega. Aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari tahlilidan boshlanib, zamonaviy adabiyotlarni tanqidiy nuqtai nazardan tahlil qilish bilan yakunlangan ushbu maqola chinakam ilmiy tadqiqot saviyasida ekani bilan ajralib turadi. Savol tug‘iladi: Mahmudxo‘ja Behbudiy nega bu mavzuga murojaat qildi?
Ma’lumki, bu davrda hukmron doiralar tomonidan mahalliy aholini «sart» deb atash keng tarqalgan edi. Turkiston ahli o‘zaro muomala-munosabatda bu so‘zni mutlaqo qo‘llamagan va ushbu iborani o‘zlariga etnik nom tarzida qabul qilmagan. Shu bois ham Behbudiy «sart» so‘zi qo‘llanishiga qat’iy ravishda qarshi bo‘lgan. Bu so‘zning ishlatilishi noo‘rin ekanini isbotlash uchun jiddiy tadqiqotlar zarurligini o‘z davrida anglagan va shu bois asarlarida xalq tarixiga, odamlarning xotiralariga murojaat qilgan. Qolaversa, u «Tarjimon» muharriri Ismoil Gasprinskiyning mazkur masala bo‘yicha o‘z gazetasida va «Turkestanskiy kurer»da maqola e’lon qilish bilan boshlagan tashabbusini davom ettirdi. Darhaqiqat, o‘sha davrda ushbu muammo Turkiston uchun shunchaki o‘tkinchi masala emas edi. Ahmad Zaki Validiy ham ishtirok etgan bu munozaralar «Oina» jurnali sahifalarida yoritilgan. O‘zining muhim ilmiy-amaliy ahamiyatiga ega bo‘lgan maqolasini jurnalning uch sonida e’lon qilar ekan, Behbudiy olimlar, yoshlar, barcha ziyolilarni, oxir-oqibat bu borada uzil-kesil bir to‘xtamga kelish uchun bahsni davom ettirishga chaqiradi. U birinchi navbatda, turkistonliklarning o‘zlarini qanday nom bilan atagani va qo‘shni mamlakatlar aholisining bu masalaga munosabatini oydinlashtiradi. Muallifning yozishicha, Turkistonning g‘arbida yashovchi turkmanlar turkistonliklarni tojiklar, turkiy tilda gaplashadigan Balx, Badaxshon va Chahor aholisi esa o‘zbeklar deb yuritadi. Afg‘onistonning tojik va o‘zbek tillarida gaplashadigan aholisi turkistonliklarni o‘zbeklar va tojiklar sifatida tilga oladi. Shuning barobarida, ushbu mintaqalarda yashovchi biror kishi «sart» so‘zi qanday ma’no anglatishini bilmaydi. Kavkaz, Eron, Hindiston xalqlarida ham «sart» so‘zi ma’lum emas, ular Turkiston aholisini o‘zbeklar va tojiklar deb biladi. Faqat qozoqlar va tatarlarning muayyan qismigina turkistonliklarni «sartlar» deb ataydi. Ma’lum bo‘lishicha, ular qozoq bo‘lmaganlarning barchasini «sart» deydi. Behbudiyning: «Na uchun sart dersan?» — degan savoliga ular: «Bizning cho‘limiz sirtida o‘tirgani uchun sart dermiz. Sirdaryoni bir zamonlar Yaksart deganlar. Daryoning arjog‘ida o‘tirganlarni biz «sart» deganmiz», — deb javob beradi. Lekin Behbudiyning so‘zlariga qaraganda, Turkistonning barchaga ma’lum 92 urug‘ va qabilalari orasida «sart» degan urug‘ uchramaydi. Muallif bu jihatdan Samarqand shahri va viloyatini batafsil tekshiradi va quyidagi xulosaga keladi: «Samarqand viloyatinda totor, mang‘it, mo‘g‘ul, qang‘li, nayman, qozoq, do‘rmon, qirq, o‘zbek, saroy, olchin, bahrin, yuz, turk, barlos nomli qishloqlar ko‘p. Xulosa, turk-o‘zbeklarning har bir urug‘i nomi bilan ataluvchi qishloqlar nihoyatda ko‘pdur. Ammo majhul «sart» ismi berilgan bir-da qishloq yo‘q... Samarqand sinjoqining sharqiy, janubiy va g‘arbiy qismindagi xalqi aksari turkiy so‘ylaydurlar va ular xalqini «tojik» ataydur. Hech vaj ila va bu birgina ulus u shahar xalqini «sart» demas». Faqat Samarqandning g‘arbiy qismida, Chashmon volostida tojiklarning 24 urug‘i yashaydigan «qayirma qozoq» degan kichkina qishloq bo‘lib, u yerdagi qozoqlarning bir qismi shahar aholisini «sart» deb ataydi.
Adib Xolidning jadidlar aholining kelib chiqishini aniqlashda rus sharqshunoslari, etnograflari va chinovniklaridan qolishmagan izlanishlar olib borgani haqidagi fikri to‘g‘ri, albatta. Lekin uning «mahalliy aholi o‘zining kelib chiqishini qanday izohlashiga hech kim alohida e’tibor qaratmagan» degan xulosasiga qo‘shilib bo‘lmaydi. Behbudiyning aholi orasida o‘tkazgan so‘rovlari buning dalilidir. Qolaversa, sharqshunoslar va etnograflar ham bevosita manbalarni o‘rganish asnosida aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lib, tadqiqotlar olib borishga harakat qilgan. Jumladan, M.V.Nalivkin, N.A.Mayev, A.Shishova, N.P.Ostroumov, N.G.Malitskiy va boshqalarning tadqiqotlari ushbu fikrni tasdiqlaydi. Ularning xulosalaridan mustamlaka hokimiyati aholini klassifikatsiyalashda qay darajada foydalangani esa boshqa masala.
Behbudiyning maqolasidan ancha avval Turkiston matbuotida «sart» atamasi borasida Sherali Lapin va V.V.Bartold o‘rtasida tortishuvlar bo‘lgan. Fikrimizcha, Behbudiy mazkur munozaradan xabardor bo‘lmagan. Aks holda, u o‘z fikrlarini isbotlashda Sh.Lapinning fikrlariga tayangan bo‘lar edi. Mahalliy aholi vakili bo‘lgan Sh.Lapin 90-yillarning oxiridayoq «sart nomli xalq va sart tili mavjud emas»ligi, bu nom o‘zbek va tojiklarga kamsituvchi laqab sifatida berilganini ta’kidlagan edi. O‘z navbatida, bunday qarashga qarshi bo‘lgan V.V.Bartold tarixga murojaat etgani holda N.P.Ostroumov qarashlarini qo‘llab-quvvatlab, mazkur atamani etnografik lug‘atdan olib tashlashga hech qanday asos yo‘q deb yozgan. Bunga javob tarzida Sh.Lapin o‘zining «Turkestanskiye vedomosti» gazetasida chop etgan maqolasida yana bir bor «sart» atamasi hech qanday etnik ahamiyat kasb etmasligi va aksincha, kamsituvchi «laqab» ekanini takrorlab o‘tadi.
Fikrimizcha, yuqoridagi ikkala talqin zamirida ham haqiqat mavjud. Tarixiy manbalarga asoslangan V.V.Bartold mazkur atama uzoq tarixiy ildizga ega deb ta’kidlaganida haq edi. Keyinchalik, chor mustamlakasi davrida «sart» atamasi butunlay boshqa ma’no kasb etganini hisobga oladigan bo‘lsak, Sh.Lapinning qarashlarini ham tushunish mumkin. Shuni unutmaslik kerakki, Sh.Lapin demokratik kayfiyatdagi ziyolilardan bo‘lib, chor hukumatining o‘lkadagi mustamlaka siyosatiga tanqidiy nuqtai nazar bilan qarar edi. Behbudiyning maqolasidan ikki yil avval «Turkestanskiye vedomosti» gazetasida qo‘qonlik Muhammad Amin Muhammadjonov xati chop etildi. Bu xatda «Ma’lum bo‘lsinki, «sart» atamasi hech qanday millatning nomi emasdir, bu nom bizga ruslar tomonidan berilgan va hech qanday asosga ega emasdir» — kabi fikrlar keltirilgan holda, mazkur nomni «turk» atamasiga almashtirish taklif etilgan edi.
Behbudiyning keng ko‘lamdagi etnografik tadqiqotlari — o‘tkazgan barcha so‘rovlari va suhbatlari ham «sart» so‘zining faqat ruslar, qozoqlar va tatarlarning kichik bir qismi tomonidan qo‘llanilgani haqidagi xulosaga olib kelgan. U yozadiki; «Roqimi huruf 20 sanadan ziyoda bir muddat Samarqand atrofindagi qishloqlar xalqini marja’i bo‘lgan dor ul-qazo va ba’zan vaz’i xiroj ishlarinda mashg‘ul bo‘lub, har nav xalq ila so‘ylashganmen. Har vaqt totor va qozoq urug‘iga mansub kishilardan shahar xalqini «sart» atalganini mushohada etdim. Bu ikki urug‘ ila ruslardan boshqa na Turkiston, Eron va na Kavkaz, na arab va na hindiy va xitoylarning Turkiston xalqini va yo tojiklarni «sart» ataganini eshitmadim». Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonning turli burchaklarida 60dan 100 yoshgacha bo‘lgan keksa kishilar bilan suhbatlar o‘tkazadi va ko‘plab urug‘lar bilan bog‘liq etnik nomlarni tahlil qilib, o‘z maqolasida keltiradi. Lekin uning yozishicha, keksa kishilarning birortasi «sart» so‘zini bilmas, eshitmagan ham edi.
«Sart» so‘ziga o‘zbek, tojik va boshqa xalqlarning o‘zlari qanday munosabatda bo‘lganiga qiziqqan Behbudiy ularning o‘zlari bu nomni haqorat deb bilgani haqidagi xulosaga kelgan. «Agar matbuotdan bexabar turkistonlik o‘zbek, tojik yo arabga «sart!» deb xitob qilinsa, o‘zlariga or deb biladilar. Albatta, bir kishini ota-onasi bergan ismi bo‘lib va oni mansub qabila va urug‘i bo‘lib turub, oni boshqa bir ism ila chaqirib va noma’lum va yo ma’lum qabila ismini taqilsa, oning xushlanmasig‘a... haqqi bo‘lsa kerak», deb yozadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy nafaqat omma orasidagi qarashlarni, balki bu mavzuga taalluqli qator maqolalarni sinchiklab o‘rgangan. Jumladan, u «Oina» jurnalining 1914 yil 25-sonida N.P.Ostroumovning «Sartlar. Etnografik ma’lumotlar», H.Vamberining «O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat», Lagofetning «Buxoro xonligi», Gayerning «Turkiston sayohatnomasi» asarlari tadqiqi va tahliliga bag‘ishlangan maqolasining davomini e’lon qiladi. Behbudiy N.P.Ostroumovning kitobiga tanqidiy munosabat bildirib, unda bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ziddiyatli fikrlar borligini, muallif sartlar o‘zi kim ekanini aniqlab ko‘rsata olmaganini ta’kidlaydi. Alloma o‘zbek va tojiklarning «sart» deb atalishiga shubha bilan qaragan Gayerning mulohazalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Keyinchalik «sart» atamasining odamlar tilidan tushib, unut bo‘lib ketgani ham Mahmudxo‘ja Behbudiy haq bo‘lgani isbotidir. Tabiiyki, bu borada boshqacha qarashlar ham bo‘lgan. Jumladan, «Sadoi Farg‘ona» gazetasining 1914 yil 30-sonida «Sart so‘zi ma’lumdir» sarlavhali maqola e’lon qilinadi. Maqola muallifi Abdullabek rivoyat va afsonalarga asoslanib, «sart» so‘zi «masjidlik va madrasalik», «ozoda va madaniy» ma’nolarini beruvchi so‘z ekani va bu nom bilan faxrlanish lozimligini dalillashga urinadi. O‘z navbatida «Oina» jurnalida bunga javoban «Sart so‘zi ma’lum bo‘lmadi» degan maqola chiqqan. Imzosiz e’lon qilinganiga qaramay, ifoda usuli va yuqori saviyasiga ko‘ra, maqola muallifi aynan Behbudiy ekani sezilib turadi. Nima bo‘lganda ham, quyidagi ajoyib fikr Behbudiydan boshqa biror kishiga tegishli bo‘lmasa kerak: ilmiy jihatdan jiddiy dalil-isbotlarsiz biror narsani qat’iy ta’kidlash mumkin emas va «noma’lum bir rivoyat ila ulug‘ masala tarixini hal etmoqlikni esa tarix haqinda jinoyat sanaydurlar».
«Sart» atamasi qadimgi davrlarga oid manbalarda ham uchraydi. Biz unga hatto XV asrda yashagan Alisher Navoiy asarlarida ham duch kelamiz. Ammo bu o‘rinda so‘z XX asr boshlari haqida boryapti. Mustamlakachilar tomonidan keng qo‘llangan bu so‘z «qaramlik», «tob’elik» ma’nosini anglatib, aholida nafrat tuyg‘usini uyg‘otgan. Turkiston Rossiya tomonidan bosib olinganidan keyin bu so‘z aholining rus qismi yoki uning ma’muriyati uchun belgilangan joylarga mahalliy aholining borishini taqiqlovchi e’lonlarda ham tez-tez ko‘rinib turgan. Qolaversa, bu davrda «sart» so‘zi bilan bir qatorda, taniqli etnograf Mikluxo Maklay tomonidan muomalaga kiritilgan, mahalliy aholi uchun haqoratli bo‘lgan «tuzemets» so‘zi ham qo‘llangan. Bu so‘z lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra, «begona tuproqda yashovchi» degan ma’noni bildirsa-da, mustamlaka ma’muriyati uni kamsitish ma’nosida qo‘llagan.
Adib Xolid haqli ravishda ta’kidlaganidek, XIX asrda «sart» atamasi etnonim emas, balki etnik kelib chiqishi va tilidan qat’iy nazar O‘rta Osiyoning ayrim viloyatlari o‘troq aholisiga nisbatan ishlatilgan termin bo‘lgan.
O‘rta Osiyo taraqqiyparvarlarining turkiy xalqlar birlashuviga oid g‘oyasi yangi bo‘lmay u o‘lka chegaralaridan tashqariga ham yoyilgan edi. Bizningcha, bunda Rossiya, jumladan tatar jadidchiligining ta’siri kuchli edi. O‘z navbatida, Turkistondagi milliy harakatga Sharqda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar — Erondagi konstitutsiyaviy harakat (1905-1911), Hindistondagi mustamlakachilikka qarshi chiqishlar (1905-1908), Turkiya inqilobi kabi hodisalar muayyan ta’sir ko‘rsatgan. Lekin turkistonlik jadidlar bu g‘oyalarni mexanik ravishda qabul qilmagan. Balki milliy turmush tarzimizga muvofiq ayrim ijobiy tomonlarinigina o‘zlashtirgan. O‘z navbatida, aytish kerakki, ular hech qachon umumturkiy yoki umumislomiy davlat qurishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ymagan. Jadidlar tomonidan ilgari surilgan birlashish shiori ma’naviy-axloqiy xarakterga ega bo‘lib, chor mustabid hokimiyatiga qarshi yo‘naltirilgan va mustamlakachilikka qarshi kurash mazmunida bo‘lgan.
Dilorom Alimova. O‘zlikni anglash mashaqqatlari
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 30-sonidan olindi.