OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Elbek

XX asrning 20-yillarida Tur­kiston adabiyoti va matbuoti maydoniga kirib kelgan Shokir Sulaymon, G‘ayratiy, Ziyo Said, Rafiq Mo‘min kabi Elbek(Mashriq Yunusov) ham bu davrda yangi o‘zbek ma'rifati, madaniyati sohasida faol ish olib bordi. U «Armug‘on»(1921), «Ko‘zgu», «Yolqinlar»(1925), «Bahor»(1929) she'riy to‘plamlarini, «Oyxon»(1920), «Qo‘shchi Turg‘un» (1925) hikoyalar to‘plamlarini nashr ettirdi. O‘quv kitoblari va til qo‘llanmalari borasida «O‘r­nak»(1924), «Go‘zal yozg‘ichlar»(1925), «Bilim»(1927), «Bosh­­lan­g‘ich maktabda ona tili», «Lug‘at va atamalar»(1924) kitoblarini yaratdi, o‘zbek folklori asarlarini to‘plab, nashr ettirdi(«Laparlar»(192), «Ashulalar to‘plami», «Bolalik qo‘shiqlari»(1934, 1935) va boshqalar).

Elbek rus klassik adabiyoti targ‘iboti bilan ham qizg‘in shug‘ullanib, A.S.Pushkinning «Baliqchi va baliq haqida ertak», «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak»(1937), I.Krilov masallari, N.Nekrasov she'rlarini o‘zbekchalashtirdi. «Pushkin ijodida xalq adabiyoti va o‘zbekcha tarjima» (1937) kabi maqolalari bilan tarjimachilik ishlariga munosib hissa qo‘shdi.

U tog‘ yonbag‘ridagi qishloqda og‘ir bolalik yillarini kechiradi. Tug‘ilgan qishlog‘idagi moddiy va ma'naviy qiyinchiliklar, Toshkentda kechgan og‘ir kunlari, sarson-sargardonlik, ma'rifatga bo‘lgan chanqoqlik va bu yo‘ldagi xilma-xil to‘siqlar bo‘lajak shoirning butun hayot va ijod yo‘liga ham ta'sir etmay qolmadi.

Elbek 1898 yili Toshkent viloyatining sobiq Iskandar bo‘lisining Xumson qishlog‘ida kambag‘al dehqon oilasida tug‘iladi, bolalik ham yoshlik yillari juda og‘ir o‘tadi.

Shoir keyinchalik bu haqda eslab shunday deydi: «1905 yili qishloq eski maktabiga kirib o‘qidim. Bu maktabda 4 yil o‘qib, o‘quv-yozuvni o‘rgandim. Otamning mendan boshqa ham bolalari bo‘lgani uchun bizni boqa olmasdi. Men yoshlikdan deh­qonchilik ishlariga berildim. 1910 - 1911 yillarda juda qiyinchilik va shuning natijasida boshqa aka-ukalar kabi men ham uyni tashlashga majbur bo‘ldim.

Toshkentga 1911 yilda birinchi marotaba keldim, bunda bir kishiga qarol bo‘lib ishladim. Shu yilda Eski shahar Devonbegi mahallasidagi «Xoniy» maktabiga o‘qishga kirdim. O‘qishga kirish meni sevintirdi, lekin moddiy yoqdan ko‘p siqilganlik ancha xafa qilardi. Hatto qish kunlari oyoqyalang qoldim. Yotar yer yo‘q. Ba'zan o‘rtoqlarim uyida, ko‘pincha maktab hujrasida eski namat orasida o‘ralib yotib, qish o‘tkazardim». Bunday uzluksiz qiynalishlar uning asablarini bo‘shashtiradi, dars vaqtlarida muallimlar bilan ba'zi kelishmovchiliklarga olib keladi.

U intizomsizlikda ayblanib, maktabdan haydaladi. Shu qiyinchiliklarga qaramay, Elbek 1914 yili shahardagi «Namuna» maktabiga kirib o‘qiydi va muallimlik ham qiladi, keyinchalik 1917 yil Oktyabr davlat to‘ntarishidan keyin Toshkentda o‘qituvchilar tayyorlov kurslarida o‘qiydi. Elbek yoshlik yillarida o‘z boshidan kechirgan qiyinchiliklarni «O‘tmishim» nomli dostonida shunday iztirob va alam bilan eslaydi:

Qarol bo‘lib ishladim,
Bir burda non tishladim.
Turmushim kun-kun og‘ir
Bo‘ldi, yiqildim oxir.
Keksa qari otamni,
Mungli boyaqish onamni,
O‘z holiga tashladim.
Shaharga yo‘l boshladim.
Biroq qorin to‘yg‘izish
Bundan ham og‘ir bo‘ldi.
Kimsalarga sarg‘ayib
Gulday yuzlarim so‘ldi.

Elbekning 20-yillar boshlarida Turkistonda mustamlakachilik asoratlariga qarshi xalq orasida kechgan shiddatli kurashlar ta'sirida yozilgan «Til»(1920), «Qurolga», «O‘zbek yigitiga»(1922), «Bibixonim madrasasi»(1925) kabi she'rlarida shu davrda yaratilgan Fitratning «Mirrix yulduziga», Cho‘lponning «Buzulgan o‘lkaga»(1920), S.Ayniyning «Biz kim?»(1919), «Bibixonim madrasasi»(1921), Botuning «So‘rma» kabi milliy istiqlolchilik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlariga hamohang bo‘lib yangradi. Uning 20-yillarning ikkinchi yarmidan so‘ng O‘zbekistonda o‘tkazilgan turli kampaniyalar ta'sirida yaratilgan «Batrak Qoravoy», »Hujum» kabi she'rlari, «Oyxon», «Qo‘shchi Turg‘un» kabi hikoyalarida uning zamondoshlari Shokir Sulaymonning «Erk kuylari»(1926), Z.Bashirning «Ozodlik qurbonsiz bo‘lmaydi» kabi she'r va hikoyalariga xos bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy g‘oyalar publitsistik ruhda bayon qilindi. Shoirning «Qo‘shchi Turg‘un», «Batrak Qoravoy» hikoyalarida o‘zbek dehqonlarining og‘ir ahvoli, ezilishlari qalamga olinadi. Bu, ayniqsa, uning «Qo‘shchi Turg‘un» hi­koyasidan Turg‘unning o‘z xo‘jayini Muhammadamin dalasida o‘zi kabi birga ishlab rohat ko‘rmagan xizmatchilarga qarata aytgan ushbu so‘zlarida, ayniqsa, ochiq ko‘rinadi: «Biz shu xo‘jayinlarning ishlarini ishlaguvchi kishilarmiz, biz yil - o‘n ikki oy ishlaymiz-da, orttirgan narsamizga qornimiz yolchib to‘ymaydi, tanimiz esa yaxshiroq kiyim ko‘rmaydi. Biz ishlab turib to‘ya olmasak... Biz ham ulardek bir odam. Nechun biz xo‘jayinimizga beraturgan narsangiz oz, ko‘proq bering, - deb aytmaymiz. Basharti, yolg‘iz aytishga qo‘rqqanimizda nechun to‘planib turib so‘ramaymiz. Agar to‘planib turib aytsak, ular nima qiladilar. O‘zlari qo‘shning qulog‘ini tutib yer haydarlar, deb aytasizmi. Biz ishlamasak, bular och qolganlaridan so‘ng, albatta, biz bilan kelishishga majbur bo‘ladilar».

Shoir she'rlarida bugungi kun uchun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan muhim tarbiyaviy masala bo‘lib borayotgan ekologik masalalar: tabiat go‘zalliklari, o‘simlik va hayvonot dunyosi, o‘zi yashab o‘sgan tog‘ va toshlar jilvasi, qishi va yozi, bahor quvonchlari, mehnat shavqining quvonchlari samimiy kuylanadi. Masalan, «Bizning qishloq»(1921) she'rida o‘z qishlog‘i go‘zalligini shunday chizadi:

Bizning qishloq shahardan ko‘p uzoqda,
Buyuk tog‘ning etagiga solingan.
Aylanasi ko‘rkam, yuksak tog‘ bilan,
Qal'a kabi qattiqqina o‘rolg‘on,
Biz shul yerda qishin-yozin o‘lturub,
O‘tkazamiz umrimizni yer surib.
Qishda butun qishloqdan hech qo‘zg‘olmay
Turadirmiz molimizni boqishib,
Qachon yetib kelsa bahor oylari.
Erib oqsa soylardan qor suvlari,
Sevinamiz «Bahor oyi keldi» deb,
«Ekin ekar chog‘lar yaqin qoldi» deb.
Katta-kichik barcha birdan qirlarg‘a
Ketadirmiz ekinlarni ekarg‘a.
Mana shul choq bizning qishloq tinchgina,
Kirisharlar biz qaytguncha uxlarga.

Elbek she'riyat, hikoyachilik sohasidagina emas, o‘zbek tili va folk­lori sohasida ham qalam tebratgan ma'rifat sohibidir. Bu sohada u professor G‘ozi Olim Yunusov, Hodi Zaripov, Buyuk Karimov kabi tilshunos, folklorshunos olimlar bilan birgalikda o‘zbek xalq tili (dialektlari) va folklorini yig‘ish, nashr etish ishlarida, o‘zbek folklori istilohlari lug‘atini tuzishda, imlo masalalari muhokama va munozaralarida ham faol qatnashib keladi. U 1919 yil boshlarida Fitrat rahbarligida tuzilgan «Chig‘atoy gurungi»da ishtirok etib, keyinchalik Shokirjon Rahimiy, G‘ozi Yunus bilan birga o‘zbek ilmiy komissiyasi rahbari ham bo‘lib ishladi; Cho‘lpon, G‘ulom Zafariy va boshqalar bilan birga Farg‘onada minglab xalq maqol va matallari, qo‘shiq va laparlari, etnografiya materiallarini to‘pladi. «O‘zbek xalqining izohli lug‘atiga materiallar» nomli ish yozdi. O‘zbek tilining mukammal izohli lug‘atini yaratish uchun muhim manba bo‘la oladigan «O‘zbek folklori lug‘ati»ni tuzishga kirishdi va xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘ishning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalari haqida birinchilardan bo‘lib shunday bong urdi: «Adabiy qimmatni o‘z ichiga olgan chuqur ma'nolari bilan ko‘ngilni o‘ziga tortadurgan matal, ertak, cho‘pchak, jumboq va laparlarimiz bugun o‘z-o‘zidan yo‘qolib boradir.

Bularning kundan-kun yo‘qolib ketmoqda ekanini ko‘rib turg‘on biz o‘zbeklarning, albatta, jim turmay, bularni to‘plamga va kitob ravishda bostirib tarqatishga harakat etmagimiz tegishli edi.

Bu kunlarda shu tilakni ilgariga surib harakat qilguvchi «O‘zbek bilim hay'ati» va ilmiy kengashi, ilmiy o‘rinlar bor esa-da, bir tomondan, bularni to‘plash ishiga qiziqqan kishilarning bo‘lmasligi, ikkinchidan, xalq adabiyotimizning eng yuksalgan o‘rinlarining tinchsiz bir holda qolib turgonligi bu harakatlarga to‘siq bo‘lib turmoqdadir».

Elbek o‘zbek tilining boyligi, rang-barangligi, manbalari, ishlanishi va qo‘llanish yo‘llarini o‘rganish bilan muttasil shug‘ullanib keldi, bu sohada qator maqolalar va qo‘llanmalar yozdi(«Imlo va til qurultoyining chaqirilishi oldidan»(1920), «O‘lka o‘zbek imlo qurultoyi va uning qoldirgan ta'siri», «Turk tillari qonunlari to‘g‘risida»(1922), «Til darsligi»(1923), «Tilimizdagi yangiliklar(1924), «Yana til, imlo masalasi»(1925), «Imlomiz ustida bir necha so‘z»(1927), «Til-imlomiz ustida»(1929) va boshqalar). Lekin, afsuski, shoir va ma'rifatchi, folk­lorist, tarjimon ham tilchi Elbek Stalin shaxsiga sig‘inish yillari nohaq millatchilikda ayblanib qoralandi va u haqda o‘sha davr matbuoti shunday deb yozdi: «Fitratning eng sodiq shogirdi Elbek aksilinqilobchilarning qonli lagerida turib, partiyaga va sovetlarga qarshi zaharli she'r, masal, maqolalar yozdi. Aksilinqilobchilarning gazeta, jurnallari ko‘pincha Elbekning she'risiz chiqmas edi. Elbek o‘zining istar o‘tmishda, istar hozirgi ijodi bilan sovetlarga qarshi dushman tegirmoniga aktiv ravishda suv quyib keldi». (J.Sha'rifiy, «Elbekning ijodi haqida», «Yosh leninchi», 1937 yil 20 avgust). Pirovardida, Elbek ham shu davrda o‘zining do‘stlari: Fitrat, Cho‘lpon, A.Qodiriy, O.Hoshimov, M.B.Solihov, G‘ozi Olim Yunusov va boshqalar qatori begunoh ayb­lanib, qurbon bo‘ldi. 80-yillarning oxirlari va O‘zbekiston mustaqilligidan keyingi davrlarda Elbek merosi qizg‘in to‘plana boshlandi, adabiyotshunoslardan Nurmuhammad Qobulov, Ortiqboy Abdullaev, Haydarali Uzoqov uning asarlarini to‘plab, so‘zboshi va izohlar bilan nashr qildilar, ayrim asarlari darslik va xrestomatiyalardan qaytadan o‘rin ola boshladi. Boshqacha qilib aytganda, uning hayoti va ijodi O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingina ro‘shnolik ko‘rdi. Uning eng yaxshi asarlari bugungi kunda o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Sherali Turdiyev
"Ma'rifat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.