Mumtoz Sharq adabiyotining zabardast so‘z san’atkori, ulug‘ mutafakkir, naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad Jomiy (1414-1492) Nishopur yaqinidagi Jom shahrida tug‘ilib, Hirotda yashagan hamda shu yerda mashhur shoir va alloma bo‘lib yetishgan.
U Hirotda Xoja Alouddin Ali Samarqandiy, Shahobiddin Muhammad Jojarmiy kabi ustodlar qo‘lida tahsil oladi. Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi qomusiy olimlar ma’ruzalarini eshitishga muyassar bo‘ladi. Mashhur mudarris Fazlulloh Abullaysdan fiqh, Qur’on, hadis va arab tili bo‘yicha saboq oladi. Bu yerda u til va adabiyot, din va tasavvufga oid fanlarnigina emas, ayni paytda riyoziyot, falakiyot, falsafa va fiqh asoslarini ham har tomonlama keng va chuqur o‘rganadi hamda ilmu adab ahlining turli mavzulardagi bahsu munozaralarida qatnashib, yetuk va serqirra ilm sohibi sifatida taniladi.
Alisher Navoiyning yozishicha, Jomiy garchi zohir yuzidan Sa’diddin Koshg‘ariy muridi bo‘lsa-da, aslida uvaysiy bo‘lib, Bahovuddin Naqshband ruhoniyatidan tarbiya topgan, o‘z davrining ulug‘ allomalari bilan muloqot qilgan. Xoja Ahror Valiy bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. 1476 yili Alisher Navoiy unga murid tushib, rasman naqshbandiya tariqatiga kirgan.
Abdurahmon Jomiy Alisher Navoiy maslahati bilan o‘z she’rlaridan uchta devon tuzadi: “Fotihat ush-shabob” (“Yoshlikning boshlanishi”), “Vositat ul-iqd” (“O‘rtadagi dur”) va “Xotimat ul-hayot” (“Hayot xotimasi”). Bu devonlardan shoirning 1805 g‘azal, 274 ruboiy, 137 qit’a, 53 qasida va boshqa turli janrlardagi jami 2340ta asari o‘rin olgan. Jomiy yettita doston, tasavvufga doir ko‘plab asarlar yozgan. Jumladan, “Nafahot ul-uns” tazkirasida 616 nafar shayxu avliyo haqida ma’lumot berilgan.
Jomiy nuktadon va nozikta’b adabiyotshunos ham edi. Uning “Risolai aruz” asari aruz haqidagi eng mukammal qo‘llanmalardan hisoblanadi. U muammo janriga bag‘ishlab to‘rtta risola yozgan. “Sharhi ruboiyot”ida o‘z ruboiylarini vahdati vujud ta’limoti asosida sharhlagan. Yana qofiya haqida maxsus risola yozgan. Sharq so‘z san’atidagi bir necha mashhur qasidalarga alohida-alohida sharhlar bitgan. Sa’diyning “Guliston”iga nazira tarzida yaratilgan “Bahoriston” pandnomasining she’r va shoirlik haqidagi yettinchi bobida o‘tmish va zamondosh shoirlarga, ijodining asosiy yo‘nalishidan kelib chiqib, xolis ilmiy baho bergan.
Allomaning musiqa haqidagi risolasi (“Risolai musiqiy”) Sharq musiqasi tarixida muhim ahamiyatga ega. Musiqa masalalariga bag‘ishlangan “Naqshi Mullo” (“Naqshi Imoma”) asari ham mashhur. U musiqada Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino va Abdulqodir Marog‘iy an’analarini davom ettirgan va rivojlantirgan.
Jomiy asarlarining umumiy soni 100 ga yaqin deb taxmin qiladilar. Alisher Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayrat”) asarida ularning 38 tasini sanab ko‘rsatadi. Keyingi tadqiqotlar natijasida ularning umumiy adadi 48 taga yetdi.
Buyuk adib asarlari tarjimasini o‘z davrida Alisher Navoiy boshlab bergan edi. XIX asrga kelib Ogahiy shoirning “Yusuf va Zulayxo” hamda “Salomon va Absol” dostonlari va “Bahoriston” pandnomasini o‘zbekchalashtirgan. Uning hamyurti va zamondoshi Rahmonqul qori esa “Nafahot ul-uns”ni tarjima qilgan.
XX asrning ikkinchi yarmida g‘azal, qit’a va ruboiylaridan namunalar, “Silsilat uz-zahab”, “Iskandar xiradnomasi”, “Yusuf va Zulayxo” dostonlari, “Bahoriston” asaridan parchalar tarjima qilinib, “Tanlangan asarlar” nomida chop etildi. Asarlarni G‘afur G‘ulom, Vasfiy, Chustiy, Habibiy, Ulfat, Boqir, Anisiy, Shoislom Shomuhamedov, Nazarmat kabi mumtoz sharq adabiyotining bilimdonlari tarjima qilganlar. Sh.Shomuhamedov tarjimasida Jomiyning “Bahoriston” asari ikki marta bosilib chiqdi. “Injular ummoni” to‘plamidan Jomiyning 14 g‘azali, 15 tadan qit’a va ruboiysi, “Silsilat uz-zahab”dan katta she’riy parcha va “Iskandar xiradnomasi” dostonidan parchalar o‘rin olgan.
1989 yili Abdurahmon Jomiyning “Maqsudi dil...” nomli kitobi nashr etildi. Undan shoirning g‘azallari, qit’alari, ruboiylari va hikmatlari joy olgan. J.Quvnoq tarjimasida 29ta, T.Qahhor tarjimasida 24ta g‘azal, shuningdek, turli asarlaridan olingan hikmatlari tarjimasi berilgan.
Jomiyning yirik asarlar – dostonlaridan namunalar ham o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Sh. Shomuhamedov “Iskandar xiradnomasi”, O.Bo‘riev “Yusuf va Zulayxo”, “Layli va Majnun”, “Solomon va Absol” dostonlari tarjimasini o‘zbek o‘quvchilari e’tiboriga havola etdilar. Matnshunos olima H.Muxtorova Faxriddin Iroqiyning “Lama’ot” (“Shu’lalar”) asariga Jomiyning yozgan sharhini tarjima qilgan. “Gulshaningda so‘lmasin gul” to‘plami (2008) esa 201 g‘azal va 100 qit’a, 260 ruboiy hamda hikmatlaridan iborat. Biz bu boradagi izlanishlarimizni davom ettirib, o‘z tarjimalarimizga shoirning yana 23ta g‘azalini qo‘shgan holda “Muhabbat mazhabi” nomi bilan alohida to‘plam sifatida nashr ettirdik (2011). H.Ne’mat shoirning 120ta g‘azalini o‘z tarjimasida o‘zbek o‘quvchilari hukmiga havola qildi.
Abdurahmon Jomiy insoniy fazilat va illatlarni falsafiy tahlil qilib, har biri maqol darajasidagi shaklan go‘zal, mazmunan teran, badiiy yuksak va ta’sirchan hikmatlar yaratgan mutafakkir shoirdir. Hikmatlari hayotdan olinganligi, ixcham, go‘zal va ta’sirchan bir shaklda nazm rishtasiga terilgani tufayli bir o‘qigandayoq o‘quvchini o‘ziga jalb qiladi va xotirasida naqshlanib qoladi.
Quyida mutafakkir shoirning turli asarlari ichida kelgan hikmatli misralarining ushbu satrlar muallifi tomonidan amalga oshirilgan yangi tarjimalari bilan tanishasiz.
Ergash Ochilov,
filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 52-son