OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fan, koinot va taqdiri azal

Ikkinchi jahon urushi boshlanishi arafasida dushman samolyotlarini payqashda ish beradigan radiolokator qurilmasi bunyod qilindi. Ushbu qurilmani takomillashtirish urush tugaganidan keyin ham izchil davom ettirildi. Fikri-zikri urush g‘alvalari bilan band olimlar sekin-asta kundalik turmush ishlariga qayta boshladilar va radiolokatorlar orqali koinotni o‘rganishga bel bog‘ladilar.

Radiolokatorlardan bus-butun qurilma sifatida, quyosh sistemasi planetalarini hisobga olmaganda, ulkan koinotning boshqa joylarini o‘rganish uchun foydalangandan ma'no yo‘q edi. Chunki bu qurilmalarga butun dunyodagi elektrostantsiyalarning energiyasini jamlab, ko‘zimizga ko‘rinib turgan va ko‘rinmayotgan, aql bovar qilmaydigan darajada uzoqda joylashgan yulduzlarga impuls ko‘rinishidagi signallar yuborgan taqdirida ham u yerlardan biror bir signalning qaytib kelish ehtimoli deyarli bo‘lmaydi. Negaki, biz yuborgan energiya koinotda tar­qalib ketib, juda ham susaygan holda manziliga yetib boradi va qariyb 10-100 yillardan keyin qaytishni boshlagan signallar qurilmalarimiz ilg‘amas darajasida o‘ta sust bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan radiolokator qurilmasining elektromagnit to‘lqinlarini yo‘naltiruvchi qismi koinotni o‘rganishda o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Koinotni o‘rganishda radiolokatorning antennasi va elektromagnit to‘lqinlarini qabul qilishda o‘ta sezgir bo‘lgan moslamasi, ya'ni radioteleskop kerak bo‘ladi, xolos. Demak, radioteleskop koinotga elektromagnit to‘lqinlarini tarqatmaydi, lekin koinotning biror joyidan Yer tomonga elektromagnit to‘lqini kelayotgan bo‘lsa, uni o‘zining sezgirligi darajasida qabul qilib oladi. Olimlar shunga qarab xulosa qila boshlaydilar.

Koinotdan turli to‘lqin uzunligidagi elektromagnit nurlanishlar Yerga kelayotganligi radioteleskoplar osmonga qaratilgandanoq ma'lum bo‘ldi. Ular orasida olimlar uchun eng qiziqarlisi issiqlik nurlanishlari edi. Bu nurlanishlarni o‘rganish orqali barcha planetalar temperaturasi aniqlandi. Har qanday ilmiy izlanishlarda ma'lum darajada xatoliklar, albatta, bo‘ladi. 1963 yilgacha dunyoning juda ko‘p olimlari koinotni o‘rgana borish jarayonida doimo issiqlik nurlanishining miqdori taxminan 3 gradus Kelvinga teng bo‘lgan qo‘shimcha xatolik bor ekanini sezib borishgan, lekin uning manbai qaerdan ekani bilan qiziqishmadi. Faqat 1963 yili Amerikaning "Bell" firmasi laboratoriyasida ishlovchi fiziklar Penzias va Vilson bu masalaga oydinlik kiritish uchun qat'iy bel bog‘ladilar. Buning uchun radioteleskopni o‘z zamonasining eng oxirgi yutuqlari darajasida qurollantirishdi, qurilma antennasini turli shaharlarga joylashtirib ko‘rishdi, xatolikka olib kelishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarni daf etish choralarini ko‘rishdi, lekin radioteleskop koinotning qaysi nuqtasiga yo‘naltirilmasin, xatolik yo‘q bo‘lmadi. Shu orada olimlarga pristonlik bir nazariyotchining hisob-kitoblarida olam taxminan 10 gradus Kelvin temperatura atrofidagi elektromagnit nurlanishi bilan to‘la bo‘lishi kerak, degan xulosa olgani ularga ma'lum bo‘lib qoldi. Uchta olim o‘z izlanishlari natijalarini baravariga "Astrofizika" jurnalining bir sonida e'lon qildilar. Bir maqolada "Bell" telefon laboratoriyasining eksperimentdan olingan natijalari bo‘lsa, ikkinchisi - pristonlik olimning nazariy maqolasi edi. Mualliflarning chiqargan xulosalari o‘n-o‘n besh yil davomida dunyoning ko‘p olimlari tomonidan tekshirildi va e'tirof etildi. Natijada "arzimagan xatolik" nima ekanini tushuntirib berganliklari uchun ularga 1978 yili Nobel mukofoti topshirildi. Ko‘p yillar davomida qator olimlar tomonidan o‘lchashlar xatoliklari, deb qarab kelingan uch (2,7) Kelvin temperaturalik natija reliktiv nurlanish ekani ma'lum bo‘lib, u Olam yaratilganida ajralib chiqqan temperaturaning qoldig‘i ekani aniqlandi. Shuning uchun ham dunyo olimlari tomonidan yuksak darajada e'tirof qilindi.

Olam qachonlardir bir butun o‘ta zich bo‘lgan materiya ko‘rinishida bo‘lgan, keyinchalik u portlab («Katta portlash» nazariyasi), koinotning turli tomonlariga sochilib ketgan, degan fikrlar o‘tgan asrning 20 yillaridan beri mavjud edi. Akademik A.B. Migdal o‘zining "Kak rojdayutsya fizicheskie teorii" kitobi (Moskva: "Pedagogika", 1984)da "...Etot paradoks raz'yasnilsya, kogda uchen?e uznali, chto vselennaya kogda-to - dvadtsat milliardov let nazad - sostoyala iz sverxplotnoy materii, kogda ne su?estvovalo ne tolko zvezd, no i ni molekul, ni yader..." - degan so‘zlar bilan olamning barpo bo‘lishi haqida qisqacha to‘xtab o‘tadi. (Arkadiy Benediktovich Migdal fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik. Kvant nazariyasi, yadro nazariyasi, elementar zarrachalar nazariyasi va fizikaning boshqa bo‘limlariga taalluqli ishlari dunyo olimlari e'tirofiga sazovor bo‘lgan.) «Katta portlash» olamning barpo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan degan nuqtai nazar fizika-matematika fanlari doktori, professor V.S.Edelmanning "Vblizi absolyutnogo nulya" kitobi (Moskva: "Nauka", Glavnaya redaktsiya fiziko-matematicheskoy literatur?, 1983)da "Uchen?e, issleduyu?ie problem? proisxojdeniya vselennoy, schitayut, chto v nachalnoy stadii yee su?estvovaniya vse soderja?ieesya v ney ve?estvo b?lo silno sjato. B?lo eto primerno 13 milliardov let nazad (dlya sravneniya napomnim, chto vozrast nashey Zemli schitaetsya ravn?m 4,5 milliarda let). Iz-za reaktsiy mejdu elementarn?mi chastitsami eto ve?estvo silno razogrelos i nachalo razletatsya, i razletaetsya do six por. V stadii goryachey vselennoy obrazovalos elektromagnitnoe izluchenie, kotoroe rasprostranyaetsya so skorostyu sveta..." degan fikrlarini keltiradi. Ushbu kitobning nashr etilishiga dunyoga mashhur 13 nafar akademik rozilik bildirib o‘z imzolarini qo‘yishgan. Akademik A.B.Migdal bilan professor V.S.Edelman kitoblarining bosmadan chiqishidagi farq bor-yo‘g‘i bir yil. Akademik Migdal olamning paydo bo‘lganiga 20 milliard yil bo‘ldi, desa, professor Edelman 13 milliard yil, deydi. Ikki dunyoga mashhur olimning insoniyatga berayotgan ma'lumotlaridagi farq "bor-yo‘g‘i" yetti milliard yilni tashkil qiladi. Ushbu davr ichida Yerimizga o‘xshagan ikkita planeta paydo bo‘lib, bizgacha yetib kelishi mumkin edi... Akademik Migdal Olam qachonlardir 20 milliard yillar oldin o‘ta zich materiya ko‘rinishida bo‘lib, u paytda molekulalar, atomlar, yadrolar va boshqa elementar zarrachalar mavjud emas edi, degan tushunchani bergani holda professor Edelman 13 milliard yil oldin butun olam jamlangan o‘ta zich materiyadagi elementar zarrachalarning reaktsiyasi natijasida buyuk portlash bo‘ldi, degan ma'lumotni insoniyatga taqdim etadi.

Qur'ondagi «Olam olti kunda yaratilgan» degan gapni nisbiylik nazariyasi orqali tushuntirib berish unchalik murakkab emas. Unga binoan bir sanoq sistemasida «Olam olti kunda yaratilgan» deyishimiz mumkin bo‘lsa, boshqa bir sanoq sistemasi bo‘yicha 20 milliard yilda yaratilgan, desak ham bo‘ladi. Lekin bir sanoq sistemasidan foydalanib turgan ikki mashhur olim bergan ma'lumotning 7 milliard yilga farq qilishi savodsiz odamning ham etini junjiktiradi. Olamning qachon yaratilishi masalasiga aralashish fikridan uzoqmiz. Balki bu hozirgi payt uchun unchalik printsipial ham emasdir, lekin o‘ta zich materiyaning tuzilishi haqida ba'zi mulohazalarimizni aytib o‘tishni lozim topdik.

Fiziklarning koinotda dahshatli qora o‘ralar bor, degan ilmiy farazlari haqida u yoki bu darajada eshitmagan yoki biror adabiyotni varaqlamagan odam kam bo‘lsa kerak. Hech qanday ilmiy dalillarga asoslanmagan o‘zga sayyoraliklar mavjudligi haqidagi gap-so‘zlar qanchalik haqiqatdan uzoq bo‘lsa, chuqur ilmiy asoslarga suyangan qora o‘ralarning koinotda mavjudligi shunchalik haqiqatga yaqindir. Ikkalasini ham insoniyat o‘z ko‘zi bilan yoki biror bir zamonaviy qurilma yordamida ko‘rmagan va ko‘ra olmaydi ham. Insoniyat matbuot 50-60 yildan beri yoritib kelayotgan o‘zga sayyoraliklarning mavjud bo‘lmaganligi sababli ularni hech qachon ko‘ra olmaydi. Ularni faqat fantastik film, multfilmlar va uydirma fotomateriallardagina ko‘rish mumkin, xolos. Qora o‘ralarni ham hech kim hech qachon ko‘ra olmaydi. Ulardan, umuman, xira shamchiroqning yorug‘ligicha ham nur chiqmaydi. Ammo ular mavjud. Demak, zamonaviy fan o‘zi mavjud, lekin hech qachon inson ko‘ra olmaydigan ob'ektlar Olamda borligining nazariy isbotini bergan...

Qora tuynuk haqida aytilgan gaplar quyidagi Quyosh evolyutsiyasi haqidagi mulohazalarga asoslangan. Quyosh - quyosh sistemasining markaziy jismi, Yerga eng yaqin joylashgan sariq yulduzdir. Unda sistemaning 99,866 foiz, ya'ni 1,99. 10 usti 30 kilogramm massa jamlangan. Quyosh qizigan plazmali shardan iborat, radiusi 696000 km. U massasi bo‘yicha Yerdan 330 ming, diametri bo‘yicha 109 barobar katta. Quyoshning hozirgi hajmi ichiga Yerday sharlardan milliondan ortig‘i siqqan bo‘lardi. Quyoshning yoshi besh milliard yil bo‘lsa kerak, deyiladi. U o‘z o‘qi atrofida muntazam sharqdan g‘arbga tomon aylanadi. Sirtining temperaturasi 5770 gradus va ichki markazining temperaturasi 15-20 million gradus. Yerning Quyoshdan uzoqligi 150 million km. atrofida deb hisoblanadi. Quyoshdan eng yaqin yulduzgacha bo‘lgan masofa bu masofadan 66 ming barobar katta. Ko‘p adabiyotlarda Quyoshda xuddi vodorod bombasidagidek zanjir reaktsiyasi bo‘ladi, degan axborot berilgan. Bu mutlaqo haqiqatdan uzoq bo‘lgan ma'lumotdir. Quyoshda boshlang‘ich modda bo‘lgan protonlar geliy yadrosini hosil qilishadi. Ushbu yakuniy natijaga ikki xil reaktsiya tsikli bilan erishiladi: vodorodli va uglerod-azotli. Vodorodli tsikl to‘rtta reaktsiyadan iborat. Bunday yopiq tsiklda hammasi bo‘lib 26,7 Mega elektron volt (MeV) energiya ajralib chiqadi va uning 0,5 foiz MeV qismini neytrino deb atalgan elementar zarracha o‘zi bilan olib ketadi. Uglerod-azot tsiklida esa uglerod 12 katalizator rolini bajaradi. To‘rtta protonning geliy yadrosiga birlashishi olti tsikldan iborat reaktsiya bilan boradi. Bu tsikl quyoshda ajralib chiqayotgan energiyaning 1 foizga yaqinini beradi, xolos. Bunda bir akt reaktsiyada hammasi bo‘lib 25,03 MeV energiya ajralib chiqadi va 1,7 MeV energiyani neytrino olib ketadi. Quyosh ichidagi temperaturani 15 million gradus va undagi vodorodning zichligini 10 usti 5 kg/m. kub desak, birinchi tur vodorod reaktsiya tsikli uchun 1,4. 10 usti 10 yil kerak bo‘ladi. Demak, Quyoshdagi vodorodning juda oz miqdorigina Quyosh paydo bo‘lgan 5 milliard yil ichida deyteriyni hosil qilishga ketgan bo‘lib chiqadi. Tabiat Quyoshdagi barcha reaktsiyalarning juda ham vazminlik bilan bajarilishini boshqarib boradi. Natijada quyoshda yadro energiyasining ajralib chiqishi nihoyatda sust - 20 Vt/m. kub bo‘ladi. Bu juda kam miqdordir, masalan, inson tanasining taxminan 0,1 m. kub hajmidan 200 Vt yoki 2000 
Vt/m. kub energiya ajralib chiqadi. Nima uchun unda quyosh bunchalik qaynoq? Bu holat uning haddan tashqari katta hajmni egallashi hisobiga yuzaga keladi. Vodorod bombasida esa, birinchi nav­batda, uran yoki plutoniyning bo‘linish reaktsiyasi bo‘ladi, ya'ni bunda avvaliga vodorod bombasi ichidagi atom bombasi portlaydi, issiqlik temperaturasi bir necha million gradusni tashkil qiladi. Vodorod bombasi tarkibida bo‘lgan vodorod izotoplari - deyteriy, tritiy hamda litiy izotoplari atom bombasi portlagunicha undan parda bilan ajratib qo‘yilgan bo‘ladi. Atom bomba portlaganida, ushbu parda buziladi va yuqori temperaturada qolgan barcha izotoplar reaktsiyaga kirishadi. Atom bombasi portlaganida hosil bo‘ladigan yuqori temperatura sekundning bir necha milliondan bir ulushicha bo‘lgan o‘ta qisqa vaqt davomidagina saqlanib turadi. Shuning uchun vodorod bombasi hosil qiluvchi barcha moddalar iloji boricha o‘ta zich qilib joylashtirilgan bo‘lishi shart. Bunda ajralib chiqadigan energiya miqdori juda ham katta - taxminan 10 usti -5 sekundda 10 usti 17 joul yoki 10 usti 22 Vt bo‘ladi. Dunyodagi eng katta elektrostantsiyaning quvvati 10 usti 10 Vt ekanini e'tiborga olsak, vodorod bombasining bir birlik hajmidan ajralib chiqayotgan energiyaning Quyoshning bir birlik hajmidan ajralib chiqayotgan energiyadan qay darajada katta ekanini tasavvur etamiz...

Quyoshning sirtida ikkita bir- biriga qarama-qarshi yo‘nalgan kuchlar o‘rtasida 5 milliard yillardan beri o‘ta kuchli kurash davom etayapti. Bu kuchlarning biri Quyosh shari sirtidan uning markazi tomon yo‘nalgan gravitatsiya kuchi bo‘lib, bu kuch Quyosh hajmini siqib kichraytirish uchun harakat qilyapti. Ikkinchi kuch esa Quyoshning o‘ta yuqori temperaturasi natijasida vujudga kelgan ichki bosim kuchi bo‘lib, uning hajmini kengaytirishga harakat qilmoqda. Hozircha 5 milliard yildan beri ichki bosim kuchining "qo‘li" baland kelayapti va Quyosh kengayib bormoqda. Bu kengayish yana bir necha milliard yil davom etishi kutilyapti. Quyosh o‘zining ushbu kengayishi natijasida qachonlardir Merkuriy, ke­yinchalik Venera va, nihoyat, balki Yer planetasini ham yutib yuborishi kerak. Albatta, bu hodisa sodir bo‘lishi uchun milliardlab yillar kerak bo‘ladi. Quyosh Yer va Oyni yutib bo‘lganida qizil gigant yulduziga aylanadi. Uning diametri 100 million kilometrni tashkil qilishi mumkin. Quyosh koinotda hajmi jihatidan o‘rtacha yulduz hisoblanadi. Diametri Yupiter planetasining Quyosh atrofida aylanayotgan orbitasi diametri (1560 million kilometr)ga teng bo‘lgan qizil gigant yulduzlar ham koinotda mavjud bo‘lib, ular bilan solishtirilsa, Quyosh "urvoqcha" ham bo‘lmay qoladi. Quyosh qizil gigant yulduziga aylangach, uning zich va qaynoq yadrosida geliydan uglerod hosil bo‘lish reaktsiyasi yuz bera boshlaydi va geliy zahirasi kamayishi natijasida bunday reaktsiya borgan sari susayadi. Bunda Quyosh sirtiga ta'sir etayotgan ikkala kuch tenglashib, sekin-asta gravitatsiya kuchining "qo‘li" baland keladi va Quyosh asta-sekin o‘z hajmini kamaytira boradi. Va bundan ham kichikroq bo‘la boshlaydi. Quyosh sharining diametri kamaygan sari gravitatsiya ta'sir kuchi oshgandan oshib borib, Quyosh tarkibidagi elementlar atomi bir-biriga nihoyat darajada yaqin joylashib qolishadi. Quyosh evolyutsiyasi uning oq karlik yulduziga yoki neytron yulduziga aylanish bilan yakunlanadi. Quyosh massasiga taxminan teng bo‘lgan barcha yulduzlarning evolyutsiyasi mana shunday tugaydi. Quyosh oq karlik yulduziga aylansa, uning hajmi deyarli Yerning hajmicha bo‘lib qoladi. Bunda uning zichligi 10 usti 9 kg/m kub bo‘ladi. Atomlar o‘lchami undagi zichlikning ortishiga chek qo‘yadi. Oq karliklarga aylanayotgan yulduz bag‘rida temperatura juda yuqori bo‘lib, atomlarning barchasi ionlashgan hamda ularning yadrolari va elektronlari bir- biri bilan bog‘lanmagan holatda bo‘ladi. Tashqi qatlamlarning nihoyatda kuchli bosimi ostida bu "qurama" o‘ta kuchli siqiladi va oq karlik yulduzi hosil bo‘ladi. Quyosh neytron yulduziga aylansa, uni tashkil etib turgan modda asosan neytron, qisman elektron, proton va og‘ir yadrolardan tashkil topadi. Neytron yulduzining koinotda bo‘lishi mumkinligini birinchi bo‘lib Nobel mukofoti sovrindori L.D.Landau 1932 yili 24 yoshida nazariy jihatdan isbotlab bergan. Yulduzlar evolyutsiyasi nazariyasining ko‘rsatishicha, Quyoshning yadro "yonilg‘isi" tugagach, markaziy qismida falokatli sur'atda tez yuz beradigan gravitatsion siqish (birinchi gravitatsion kollaps) kuzatiladi. Kollaps paytida modda zichligi shu darajada ko‘p ortadiki, neytronlar protonlarga nisbatan turg‘unroq bo‘lib qoladi. Bunday sharoitda protonlar va turg‘un atom yadrolari neytronlarga va ko‘p neytronli atom yadrolariga aylanadi. Ushbu jarayon modda zichligi 10 usti 13 kg/m kub.ga yetganida sodir bo‘ladi. Neytron yulduziga xos 10 usti 15 kg/m kub zichlik va 10 usti 10 gradus temperaturada neytron yulduzning moddasi neytron gazdangina iborat bo‘ladi. Bunday neytron yulduzining massasi Quyosh massasiga teng, radiusi 20 km., zichligi 2.10 usti 17 kg/m kub bo‘ladi. Neytron yulduzi moddasining o‘rtacha zichligi yadro zichligiga teng yoki undan ham katta bo‘ladi. 1967 yilda ayrim neytron yulduzlar (pulsarlar) kashf qilindi.

Massasi Quyosh massasidan 1,6 marta katta bo‘lgan yulduzlardagi evolyutsiya jarayonida (hozirgi paytda ikki marotaba katta degan qarashlar ham mavjud) ikkinchi gravitatsiya kollapsi ham bo‘lib o‘tadi. Bunda Eynshteyn kashf qilgan energiya va massa ekvivalentligi formulasiga asosan, neytron yulduzni tashkil qilib turgan barcha moddalar energiyaga aylanadi va Qora o‘ra hosil bo‘ladi. Ushbu Qora o‘ra ichida hech qanday zarracha mavjud bo‘lmaydi. Uning ichida faqat va faqat energiya jamlanib, atrofi kuchli gravitatsion maydon bilan o‘ralgan bo‘ladi. Massasi qanchalik kattaroq bo‘lgan yulduz Qora o‘raga aylansa, unda jamlangan energiyaning egallab turgan hajmi shunchalik kichkina bo‘lib, uning gravitatsion maydondagi hajmi keskin ortib boradi. Agar butun olamdagi yulduzlarning hammasi bir yerga jamlansa, natijaviy Qora o‘ra bir nuqtadek bo‘lib qoladi! Nazarimizda, ushbu holda bir nuqtaga aylangan Olamning gravitatsion maydoni hozirgi yulduzlar egallab turgan koinotning barcha joylarini egallab olgan bo‘ladi. Bu - ushbu hol uchun Nyutonning butun olam tortishish qonuni o‘z kuchini yo‘qotgan bo‘ladi degani. Chunki ushbu holda ikkinchi jism, uning massasi va gravitatsion maydoni mavjud emas. (Umuman barcha tabiat qonunlari  o‘z kuchini yo‘qotadi. Keyingi katta portlash sodir bo‘lganda boshqacha tabiat qonunlari vujudga kelishi mumkin). Yuqoridagi xulosalarimiz Eynshteyn formulasidagi to‘liq energiya o‘ziga gravitatsiya energiyasini ham jamlagan, degan fikrda bo‘linsagina, to‘g‘ri bo‘lish ehtimoli bor. Lekin bunda nega gravitatsiya maydoni qora o‘ra hajmidan tashqariga chiqib ketayotgani masalasi ochiq qolayapti. Eynshteynning formulasi bo‘yicha barcha energiya Qora o‘ra egallagan hajm ichida joylashgan bo‘lishi shart. Unday desak, formuladagi to‘liq energiyaga gravitatsiya maydon energiyasini xarakterlaydigan koeffitsientni ko‘paytma ravishda kiritib qo‘yishimizga to‘g‘ri keladi...

Yuqoridagi fikr-mulohazalarga asosan, birlamchi materiya haqidagi professor V.S.Edelmanning fikrlari haqiqatdan uzoq va akademik A.B.Migdalning fikrlari esa haqiqatga yaqin, deb hisoblashimiz mumkin. A.A.Fridman o‘tgan asrning 20-yillarida A.Eynshteyn yakunlay olmagan butun olam tortishish nazariyasi tenglamalarini yechishga urinishi jarayonida olam doimo kengayib yoki torayib borishi kerak, degan xulosaga kelgan. Fridmanning ushbu xulosasini Eynshteyn ma'qulladi. Bu xulosaga asosan, Olamning zichligi kichkina bo‘lsa, u doimo kengayib borishi, agarda katta bo‘lsa, kengayish torayish bilan almashishi va bir nuqtaga jamlanishi kerak bo‘ladi. Olamning taraqqiyoti borasidagi bu nazariya Eynshteyn-Fridman kosmologiyasi nomini oldi. 1929 yili astronom(yurist) Edvin Xabbl yulduzlar to‘dalari - tumanliklar uzoqlashayotganini va ular qanchalik uzoqda bo‘lishsa, shunchalik kattaroq tezlikda bo‘layotganini kashf qildi (Xabbl qonuni). Ushbu kuzatuv natijasida birinchi marotaba olam kengayayotgan ekan, degan xulosaga kelindi. Uning boshlanish vaqtini «katta portlash» vaqti deb atash qabul qilingan. Katta portlash ko‘pdan-ko‘p hisob-kitoblar va kuzatuvlar natijasida tasdiqlangan...

Qur'oni Karimning 75-sura ­
6-, 7-, 8-oyatlariga nazar solaylik.

6-oyat. Qiyomat kuni qachon o‘zi? - deb so‘raydi.

7-oyat. Bas, ko‘z qamashganda,

8-oyat. Oy ham tutilganda,

9-oyat. Quyosh va Oy birlashtirilganda.

10-oyat. Ana o‘sha kunda inson «Qochadigan joy qaerda?», deb qolur. (Tarjima va tafsir shayx Abdulaziz Mansurniki.)

Astronom B.A.Vorontsov-Velyaminov bunday deb yozadi: «Yangi yulduzlar» degan nom qadim zamonlardan saqlanib kelingan bo‘lib, bu nom, haqiqatan ham, yangi deb hisoblangan yulduzlarga berilgan. To‘plangan fotosuratlar kollektsiyasi yangi deb atalgan oddiy ko‘zga ko‘rinmaydigan yulduz qadimdan mavjud bo‘lganini, lekin to‘satdan charaqlashi natijasida uning ravshanligi qisqa vaqt ichida o‘n minglab marta ortib, kuzatuvchiga o‘zini yangi yulduz sifatida namoyon qildi... Bunday chaqnash faqat o‘ta qaynoq va nisbatan kam erkinlikdagi yulduzlardagina ro‘y beradi. Barcha Yangi yulduzlar - qo‘shaloq degan gumon ham yo‘q emas. Agar shunday bo‘lsa, u holda bizning Quyoshga chaqnash xavf solmaydi. «Agar shunday bo‘lsa...» deya gumon aralash umid bilan Quyosh portlamas deyapti yirik astronom olim. Lekin suraning 7-oyatida «Bas, ko‘z qamashganda», deya ogohlantirayapti. Ushbu ogohlantirish insonning diqqat-markazida bo‘lib turishi kerak. Qur'onning biror oyatida, astronomiya fanida o‘qitilganidek, Yer olamning markazi, butun olam Yer atrofida aylanadi va shunga o‘xshash Yerni ilohiylashtirishlar yo‘q.

Evolyutsion jarayon natijasida quyoshning hajmi ulkanlashgandan ulkanlashib borib, uning atrofida harakatda bo‘lgan Merkuriy, so‘ngra Venerani o‘z domiga   tortib olishi mumkin, degan nuqtai nazarlar borligini yuqorida ko‘rdik. Bunda Quyosh qizil gigantga aylanadi va Oyni ham yutib yuborishi mumkin, degan gap bu. Ya'ni, 9-oyatda aytilgandek, Oy va Quyosh birlashadi. Yulduzlar olamida faqat sekin o‘zgarishlargina sodir bo‘lmay, tez, hatto halokatli o‘zgarishlar ham bo‘lib turadi. Masalan, bir yilga yaqin vaqt ichida ko‘rinishidan oddiy bir yulduz o‘ta gigant yulduz kabi chaqnaydi va taxminan xuddi shuncha vaqt ichida uning ravshanligi kamayadi. Natijada, u ehtimol, neytronlardan tashkil topgan yulduzga aylanadi. Demak, milliard yillar davomida bo‘lishi kerak bo‘lgan yulduzdagi evolyutsion jarayon bir zumda bo‘lib o‘tishi ham mumkinligini fan aytib turibdi. Quyosh ham yulduz va undagi evolyutsion jarayon ham bir zumlik chaqnash bilan poyoniga yetishi ehtimoldan uzoq emas, bunda, oyatda aytilganidek, ko‘z qamashadi (ko‘zi qamashmaydigan biror inson yoki jonzot qolmaydi, albatta.) Tag‘in Alloh O‘zi biladi.

Fanining qudratidan mag‘rurlangan frantsuz astronomi, matematik, fizik, Parij Fanlar Akademiyasining akademigi Per Simon Laplas (1749-1827) "Menga barcha zarrachalarning koordinatalari va tezliklarini bering va men Olamning kelajagini aytib beraman ", degan ekan. XVIII asrda aytilgan bu so‘zlarning jarangi insoniyat qulog‘idan hanuzgacha ketgani yo‘q. Laplas osmon mexanikasining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan olim. Jumladan, u quyosh sistemasi uzoq muddat davomida turg‘un qolishini isbotladi. Laplasning "Osmon mexanikasi haqida trakt" asari shu sohaga bag‘ishlangan. 1796 yili Laplas quyosh sistemasining paydo bo‘lishi haqida kosmogonik gipotezani ishlab chiqdi. Algebra, ehtimollar nazariyasi, matematik fizika, termodinamika sohalaridagi muhim ishlari bilan mashhur. Reliktiv nurlanishni o‘rganib borish borasida Olam 20 milliard yil oldin qanday ko‘rinishda bo‘lgani haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Reliktiv nurlanishning kashf qilinishi bilan Olamda alohida koordinata sistemasi paydo bo‘ldi va bu sistemada nurlanish kvantlari qo‘zg‘almas yashik ichidagi gaz zarrachalari kabi tezliklar bo‘yicha simmetrik taqsimlangandir. U bunday ajratilgan koordinata sistemasiga nisbatan absolyut tezlik mavjudligini bildiradi. Reliktiv nurlanish Laplas so‘ragan koordinata va tezlikni ham qaysidir ma'noda berdi, deyishimiz ham mumkin. U, balki, o‘zi o‘ylagan Olamning kelajagi, ya'ni taqdiri haqidagi hisob-kitoblarini boshlab yuborarmidi!? Buyuk olim Laplasning yuqoridagi so‘zidan dunyoviy fanning taqdir mavjud bo‘lishi mumkin degan xulosasi yaqqol ko‘rinib turibdi... Zamonaviy fanning cho‘qqisi bo‘lgan kvant mexanikasining buyuk kashfiyoti Olam qonunlarining ehtimollik xarakteridir. Akademik A.B.Migdal biz yuqorida murojaat etgan kitobida "Biz zarrachalarning koordinata va impulslarini bera olmaymiz, faqat boshlang‘ich vaqt uchun to‘lqin funktsiyani berishimiz va uni keyingi xohlagan vaqt­larimiz uchun topishimiz mumkin. Biz ham mag‘rur ravishda "Menga hamma zarrachalarning to‘lqin funktsiyasini bering va men kelajakni aytib beraman!" deb insoniyat qulog‘ini jaranglatamiz». Migdalning bu gapi 1984 yili aytilgan. Uning ham so‘zlaridan taqdirni oldindan aytish mumkin, degan dunyoviy fanning xulosasi yaqqol ko‘rinib turibdi... Olamdagi barcha yulduzlar bir yerga to‘plansa, ular kichkina bir zarra ko‘rinishini olishini qora o‘ra misolida ko‘rgan edik. Shunday ekan, bitta zarrachaning to‘lqin funktsiyasini belgilab va taqdirni Yaratuvchi Alloh Olamning oldindan qanday bo‘lishini o‘zining osmon Kitobi Lavhul-mahfuzda yozib qo‘yganiga hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas! Radiy Fish o‘zining "Djalaliddin Rumi" kitobida (Izdatelstvo "Nauka", Glavnaya Redaktsiya Vostochnoy Literaturi, Moskva, 1987) «Prorok Muxammad skazal: "Pervoe, chto sotvoril Allax, - belaya jemchujina" - degan hadisga to‘xtab o‘tib, ushbu hadis ustida uzoq vaqt ko‘niyolik olimlar muzokara olib borishgani haqida aytib o‘tadi. O‘ylaymizki, ushbu muzokaraga zamonaviy olimlar ham aralashadigan davr yetib keldi, chunki butun olamdagi borliq bir nuqtaga yig‘ilganida u qora tuynukligicha qolib ketadimi yoki hadisda aytilganidek, oq marjon ko‘rinishini olishi haqiqatga yaqinmi  chunki bunday ulkan gravitatsiya ta'sirida qora o‘ra oq rang olib, nurlana boshlashi hech gap emas. Chunki tabiat qonunlari mutlaqo boshqacha ko‘rinish olishi mumkin.

Ahmad Lutfiyning "Saodat asri qissalari" kitobida ("Sharq" NMAK, 2006) 4-jildida sahobalardan Anas bin Molikdan Ibrohim keltirgan hadis quyidagicha: "Inson qabriga qo‘yilib, do‘stlari uni tashlab ketishgach, u oyoq sharpalarini eshitadi: qabriga ikkita farishta kirib keladi. Ular o‘likni o‘tirg‘izishadi va bunday deyishadi: "Qani ayt-chi, sen mana bu odam haqida hayotlik paytingda nimalar der eding?". Mo‘min bo‘lib o‘lgan kishi bunday javob qiladi: "Men uning Ollohning quli va payg‘ambari ekaniga guvohlik beraman." Farishtalar: "Jahannamdagi joyingga boq! Agar kofir bo‘lib o‘lsang shu yerga kirarding va jazoingni olarding. Endi esa joyni jannatdagi bir joyga almashtirdi", deyishadi. Shunday qilib, u jannatni ham, jahannamni ham qabridaligidayoq ko‘radi. Keyin uning qabri eniga - bo‘yiga yetmish arshindan kengaytiriladi. Yam-yashil bir bog‘cha holiga keltiriladi. Va u to qayta tiriltirilgunicha shu ahvolda - huzur ichida, ne'matlar ichida qoladi..." deb beriladi. Ushbu hadis bo‘yicha taqdir bor, lekin ushbu taqdirda yaxshi va yomon yo‘lni tanlash insonning o‘ziga bog‘lab qo‘yilgan. Har qanday insonda har bir hayotiy masala bo‘yicha albatta, ikkita  - insoniy va shaytoniy fikr mavjud bo‘ladi. Iloji boricha insoniy fikri orqasidan ergashgan inson albatta ikki dunyo saodatiga erishadi. G‘ayratli quldan imon qochib qutulmas.

Mansurxon Toirov,
fizika-matematika fanlari doktori, professor 
“Ma'rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.