U (Olloh) albatta sizlarni (Odam avlodlarini) hech shak-shubhasiz bo‘lgan qiyomat kuniga to‘playdi. (Qur'oni karim, "Al-Haaqqa"surasidan)
Qiyomatning muqarrarligi
Bas, qachon yulduzlar o‘chirilgach va qachon osmon yorilib-ochilgach va qachon tog‘lar sochilgach va qachon payg‘ambarlarga belgilangan vaqt kelgach... ("Val-Mursalot" surasidan)
Monoteistik (monoteizm - yakkaxudolik) dinlarning barchasida bir kun kelib Yer deb ataluvchi sayyorada qiyomat qo‘pishi bashorat qilinadi. Demak, bu dinlarga e'tiqod etuvchilar, jumladan, ahli islom uchun qiyomatning ro‘y berishi - shaksiz haqiqat.
Qur'oni karimda uning muqarrarligi ko‘p marta takrorlanadi. "Zumar", "Qiyomat", "Al-Haaqqa" kabi suralarda esa bu mavzuga alohida e'tibor qaratilgan.
Qiyomatga ishonch - musulmon iymonining shartlaridan biri bo‘lib, unga zarracha shubha bilan qarash kishini dindan chiqaradi. Shu bilan birga kuzatuvlar ko‘rsatadiki, ancha-muncha odam "qiyomat - muqarrar" degan qanoatga shubha qilmagani holda, "Nima qilib bo‘lsa ham yashab qol" degan tamoyilga muvofiq hayot kechiradi. Bu toifa o‘zicha go‘yo "Qiyomatmi? O'h-ho‘! Bir gap bo‘lar-da" deb o‘ylaydi, chamasi. Bu aslida oxiratga chala ishonish - arosat degan gap. Chunki Odam avlodining mahsharda qiyomatdan qo‘rqishi - u kundan yolg‘iz murod emas, inson bu dunyoda ham uni yodda tutmog‘i va hayot nizomini shunga asosan qurmog‘i shart.
Qiyomatning muqarrarligini, o‘sha kuni Odam Ato avlodi qayta tirilib, hisob berajagini o‘ylamay yashash, yuzaki qaraganda, har bir odamning shaxsiy ishidek tuyuladi. Holbuki, odamzod yomon qilmishlari, ayniqsa, gunoh va jinoyatla-ri uchun bu dunyoda jazodan qutulib qolganda ham, baribir kuni kelib javob berishdan qo‘rqmas ekan, jamiyat urchib ketgan ijtimoiy illatlarni "davolash"da qiynaladi, hatto uddalay olmaydi. Bunga ko‘plab dalil-isbot keltirish mumkin.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, quyidagi mulohazalarimizdan ko‘zlangan maqsad qiyomat va oxirat hisobi fanga ham zid kelmasligi to‘g‘risida fikr yuritish barobarida qiyomat bo‘lishiga ishonsa-da, ammo "men o‘lgunimcha baribir bo‘lmas" deya o‘zini o‘zi yupatuvchilarni ogohlantirishdan iboratdir.
Xo‘sh, qiyomat qachon bo‘ladi?
Ta'kidlash kerakki, diniy kitoblarda bu savolga aniq javob berilmagan, uning alomatlarini bildirish bilangina cheklanilgan, xolos. Buning boisi shundaki, hayot insonga sinov uchun berilgan. Qiyomat muddatining noma'lumligi ana shu sinovning muhim bir sharti bo‘lsa ajab emas. Buni "Ish qilsang, hech qachon o‘lmaydiganday sifatli qil; ibodatni esa ertaga qiyomat boshlanadi deganday hisob bilan ado et" degan mazmundagi hadis ham yaqqol tasdiqlaydi.
Albatta, hammani ham qiyomatga ishonadi deb bo‘lmaydi. Avom tugul biror sohada ulkan yutuqlarga erishgan odamlar orasida ham diniy e'tiqodsizlar kam emas. Masalan, mashhur olim, Nobel mukofoti laureati Vitaliy Ginzburg oynai jahon orqali dinga ishonmasligini e'tirof etdi. Afsuski, suhbat qurgan jurnalist unga "Din bir kunmas bir kun qiyomat qo‘padi, Yerda hayot tamom bo‘ladi deya bashorat qiladi. Siz astrofizika bilan ham shug‘ullanasiz. Bunga ishonasizmi?" deb savol bermadi. Agar shuni so‘raganida olim "yo‘q, ishonmayman" deya javob bermasligi aniq edi. Chunki hozirgi zamon astronomiyasi qiyomat muqarrarligini boshqa fanlarga nisbatan asosliroq dalillar bilan tasdiqlaydi. Isbot tariqasida Pulkovo observatoriyasining professori, kichik sayyoralar bo‘yicha yirik olim O.Korottsevning quyidagi fikrlariga e'tibor bering: "Birgina Rossiyaning o‘zida o‘ttiztacha asteroid urilishidan hosil bo‘lgan halqasimon o‘rlik aniqlangan. Ko‘rinib turibdiki, asteroidlarning Yer bilan to‘qnashuvy ko‘p marta sodir bo‘lgan va bu hodisa kelgusida ham ro‘y berishi istisno emas. Hatto istalgan oy va haftada sayyoramiz osmon chorrahalaridan birida asteroid yoki kometa qiyofasidagi "samoviy mehmon"ga duch kelishi mumkin. Bunaqa "mehmon"larning 700 ga yaqini Yer kurrasi atrofida aylanib yuribdi. Ulardan eng yirigi 1036-raqamli "Ganimed" kichik sayyorasi bo‘lib, diametri 41 kilometrga teng. Qani endi, u nariroq ketsa! Lekin butun olam tortilish qonuni amal qilar ekan, taqdirdan qochib bo‘lmaydi" ("Astronomiya", ommabop qomus, Sankt-Peterburg, 2003 yil).
Endi qiyomat muqarrarligini tasdiqlovchi boshqa dalillarni bayon etamiz.
Yer magnit maydoniga ega ekani ko‘pchi-likka ma'lum. Yer kurrasini maktab laboratoriyalarida o‘quv quroli sifatida saqlanadigan magnit tayoqchaga qiyoslash mumkin - uning bir qutbi Kanadaning shimolida, unisi esa Antarktida qit'asida joylashgan. Geologiya fanining paleogeologiya tarmog‘i Yer o‘z magnit maydonini vaqti-vaqti bilan o‘zgartirib turishini tasdiqlaydi. Binobarin, bir necha marta uning qutblari o‘rni almashgan. Sirtdan qaraganda, magnit maydonining o‘zgargani hech qanday ahamiyatga ega emasdek tuyuladi. Lekin ana shu o‘zgarish sababi va oqibatlari qanday bo‘lgan? Bunga javoban aytish lozimki, Yerning magnit maydoni uning yadrosi - bag‘ridagi suyuq ferromagnit moddalarning (temir, kobalt va boshqa) harakati tufayli mavjuddir. Qutblar o‘rni keskin almashar ekan, bu hol o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi, albatta. Bu hodisa Yer yadrosining harakatidan yuzaga kelgan o‘zgarish oqibatidir. Aniqroq aytganda, Yer bag‘ridagi suyuq oqimda vaqti-vaqti bilan uyurmalar hosil bo‘lib turadi. Ana shu uyurmalar o‘zaro ta'sir tufayli bir-birini kuchaytirishi mumkin, bu esa muayyan fursatda oqimning keskin o‘zgarishini keltirib chiqarishi tabiiy. U, o‘z navbatida, Yer magnit maydoni o‘qining o‘zgarishiga olib keladi. Bunday jarayon, ilmiy tilda ifoda etganda, "potentsial to‘siqdan oshib o‘tish" tarzida ro‘y beradi. Buni kub shaklidagi og‘ir kuti biryonidan ikkinchi yoniga ag‘darilgani tarzida tasavvur qilish mumkin. Bunda nafaqat magnit maydonining qutblari o‘zgaradi, balki millionlab yillar davomida yig‘ilib kelgan taranglikning keskin bo‘shashuvi natijasida ulkan miqyosda energiya - quvvat ajralib chiqib, kuchli zilzilalar, vulqonlar portlashi, Yer qobig‘i qatlamlarining surilishi yuzaga keladi, sayyorani quyosh nurlaridan himoyalab turuvchi magnit "shamsiya"sida "yirtiq"lar hosil bo‘lib, tirik mavjudot kuchli nurlanishga yo‘liqadi.
Yana bir dalil quyidagicha: Yer shari Quyosh atrofida, Quyosh esa "Somon yo‘li" galaktikasi markazi atrofida aylana bo‘ylab harakat qiladi. Astronomlarning hisob-kitobicha, Quyosh o‘z sistemasini "opichlab olgan" holda ana shu aylanani 220-230 million yilda bir marta bosib o‘tadi. Bu juda katta muddat, albatta. Ammo Quyoshning "sayri" tinch va betalafot o‘tmasligi tayin - u yo‘l-yo‘lakay boshqa yulduzlarga yaqin kelishi, kuchli nurlanish hududlari yoki aksincha, Yer atmosferasini so‘rib oluvchi maydonlarga (masalan, qora o‘pqonlarga) duch kelishi mumkin.
Qiyomat qo‘pishiga olib boradigan sa-bablardan yana biri odamzodning nomatlub xatti-harakatlaridir. Muayyan hodisaning ro‘y berishiga jamiyat faoliyati sabab bo‘lsa, fanda u antropogen omil deyiladi. Alalxusus, qiyomat tabiat hodisasi oqibatidagina emas, aynan antropogen omil tufayli ham ro‘y berishi mumkin. Ta'kidlash lozimki, qiyomatning bu varianti diniy nuqtai nazarga ko‘proq muvofiq keladi.
Sirasini aytganda, keyingi vaqtlarda odamzod, bir tomondan, ilmiy-texnik taraqqiyot orqali erishayotgan kuch-qudratiga bino qo‘yib, uni yanada zo‘raytirish uchun tabiatga nisbatan zug‘umini kuchaytirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ruhiyat va komillik masalasiga panja orasidan qarab, moddiy farovonlik hamda nafs rohat-farog‘atiga tobora mukkasidan ketmoqda. Olimlarning e'tirof etishicha, so‘nggi chorak asrda transport vositalari chiqarayotgan karbonat angidrid va boshqa gazlar oqibatida ona sayyoramizdagi tiriklikning o‘ziga xos himoyachisi bo‘lgan ozon qatlami siyraklashmoqda, "issiqxona effekti" borgan sari kuchliroq namoyon bo‘lmoqda. Xullas, tabiat zo‘riqqandan zo‘riqib bormoqda: muzliklar eriy boshladi, cho‘lga aylanish jarayoni jadallashdi, o‘rmonlar yong‘ini avj oldi, ummonlarda harorat o‘zgarib, quruqlikdagi iqlimga ta'siri ortib ketdi. Masalan, o‘tgan asrning oxirida dunyo bo‘yicha avtomobillar yiliga 40 milliard litr yonilg‘i yoqib, 420 milliard kub metr turli zaharli gazlar chiqargan. Holbuki, avtomobillar soni so‘nggi har yigirma yilda ikki barobar ortib bormoqda. Bu kabi salbiy omillarga energiya taqchilligi va aholi ko‘payishi ham qo‘shilsa, qiyomat-qoyim yanada tezlashishi hech gap emas.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, so‘nggi yillarda Quyoshning harakati faollashmoqda. Aslida, bunday katta yulduz faoliyatida sezilarli o‘zgarishlar juda uzoq muddat (deylik, yuz million, milliard yil) davomidagina ro‘y berishi mumkin. Biroqhozir ana shunday o‘zgarish atigi bir avlod ko‘z o‘ngida yuz berayotgani kuzatilmoqdaki, bundan olimlar behad taajjubda. Ularning fikricha, Quyosh markazidagi harorat ortib bormoqda. Bu jarayonning oqibati qanday bo‘lishi xususida hozircha biror bir mulohaza bildirish mushkul. Lekin azal-azaldan Yerdagi hayot manbai bo‘lib kelgan Quyosh istalgan paytda portlashi mumkin - astronomlar yulduzlar olamida bunday hodisa ro‘y berib turishini aniqlagan. Bu qiyomat muqarrarligigagina emas, balki u har lahzada real voqelikka aylanishiga yana bir dalildir. Bunga yadroviy to‘qnashuv, kutilmagan illat epidemiyasi kabi boshqa dalillarni ham qo‘shish mumkin.
Nihoyat, qiyomatni tezlashtiradigan yana bir sabab sifatida odam naslining buzilishini aytish kerak. Chunki yil sayin dunyoni kengroq qamrab olayotgan globallashuv jarayoni hozircha asosan Sharqdan G'arbga tomon migratsiya - aholining ommaviy ko‘chishi tarzida kechayotgan bo‘lsa, aks yo‘nalishda axloqiy qadriyatlarning tanazzuli, hirsiy lazzatparastlik, ayollarning onalik vazifasidan bo‘yin tovlab, "erkaklashish"ga moyilligi, erkaklarning oila boqish o‘rniga xotinlarga xos ishlar bilan shug‘ullanishi, bir jinsli "oila" tarafdorlarining ijtimoiy jangariligi kabi ko‘pdan-ko‘p omillarda namoyon bo‘lmoqda. Mazkur jarayonning borgan sari jadallashayotgani, uning yo‘lini to‘sadigan biron bir kuchning maydonga chiqmayotgani ham bani basharni naqd qiyomatga olib borishi mumkin.
Albatta, qayd etilgan omillarning bir qismini shunchaki taxmin, qolganlarini esa olis kelajakka taallukli hol deb hisoblash joiz. Ammo "qiyomat - muqarrar" degan tushunchani isbotlash uchun ana shu dalillarning atigi bittasi ham kifoya.
Xo‘p, qiyomat muqarrar ekan, bandasi nima qilishi kerak?
Bu savolga Rasululloh javob berib ketganlar: Ertaga qiyomat degan kuni ham ko‘chat ek! Mazkur hadis bejiz ko‘chat ekish to‘g‘risida emas. Ko‘chat - ezgulik ramzi. Ko‘chat ekuvchi "hosilini men yemasam, boshqalar yeydi" degan niyat bilan ekadiki, demak, u olijanoblik timsoli hamdir. Ammo Rasululloh nasihatiga teskari ish tutuvchilar kammi?!
Voqeiy hikoya. 90-yillarning o‘rtalarida yirik bir kolxozni uchga bo‘lishga qaror qilinadi. Yer maydonini bo‘lish xamirdan qil sug‘urgandek oson kechadi-yu, boshqa mol-mulkni taqsimlash ancha boshog‘riqni keltirib chiqaradi. Sobiq kolxozning mulki qayd etilgan maxsus daftar arxivga topshirilib, uchta yangi daftar ochiladi. Lekin buni qarangki, jamoa xo‘jaligida (uni aslida "jamoaviy xo‘jasizlik" deb atash to‘g‘riroq bo‘lardi) "temir daftar"ga tirkalmagan mulk ham ancha-muncha ekan. Yo‘l va ariq yoqalariga ekilgan teraklar, shiyponlar atrofidagi chinorlar shular sirasiga kiradi. Ular orasida qachonlardir qaysidir savobtalab ekkani ham ko‘p edi.
Shunda haligi bo‘linayotgan kolxoz raisi bir necha kun ichida mulk daftariga kirmagan, azbaroyi savob ilinjida ekilgan daraxtlarni ham kestirib, sotib yuboradi...
Qiyomatda qayta tirilish
Inson Bizni uning (tuproqqa aylanib ketgan) suyaklarini hargiz to‘play olmas, deb gumon qilurmi?! Yo‘q, Biz uning barmoqlarigacha tiklab joyiga keltirishga qodir bo‘lgan zotdirmiz. ("Qiyomat" surasidan)
Monoteistik dinlarda oxirzamon kelib qiyomat bo‘lishidan keyin hamma odam qaytadan tirilishi ta'kidlanadi. Tabiiy fanlarning V.Ginzburg singari moddiyunchi vakillari Yerda qachonlardir falokat ro‘y berib, hayot tamom bo‘lishini rad qilmasa ham, odamlarning qayta tirilishi mumkinligiga sira-sira ishonmaydi. Holbuki, aynan tabiiy fanlar, xususan, biologiyaning bugungi rivoji odamni bemalol qayta tiriltirish mumkinligini isbotlamoqda.
Qishloq xo‘jaligida anchadan buyon madaniy ekinlarni (masalan, kartoshkani) klonlashtirish yo‘li bilan hosildorligini oshirish usuli qo‘llanmoqda. Matbuotda hayvonlarni klonlashtirish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribalar amalga oshirilgani haqida xabarlar tarqatilganiga ancha bo‘ldi. Ana shunday tajriba mahsuli bo‘lgan "Dolli" laqabli qo‘y, yaqinda esa klon-mushuk ("Copy-cat") oynai jahon orqali namoyish etildi. Nufuzli YuNYeSKO tashkiloti 1997 yiliyoq odamni klonlashtirishning nomuvofiqligi to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha turli davlatlarning parlamentida "odamni klonlashtirishga ruxsat berish kerakmi yo taqiqlash lozimmi?" degan huquqiy muammo o‘z yechimini topgani yo‘q. Bunga ayrim mutaassib olimlarning oqillar maslahatiga quloq solmayotgani sabab bo‘lmoqda.
Izoh sifatida aytib o‘tish o‘rinliki, bir jonivor hujayrasidan uning bus-butun nusxasini o‘stirish fanda klonlashtirish deb ataladi. Bu jarayon kseroks apparatida matndan nusxa olishga ham o‘xshaydi. Bunda o‘stirilgan jonivor hujayra olingan jonivorga aynan mos bo‘ladi - ular o‘rtasidagi farq bir tuxumli egizaklarnikidan ortiq emas. (Aslida, egizaklar tabiiy ravishda hosil bo‘lgan klonlar hisoblanadi.) Misol tariqasida aytsak, klonlashtirish usuli bilan sersut sigir zotidan yuzlab nusxa ko‘paytirish mumkin. Bu esa biologik jihatdan odamni ham klonlashtirishga hech qanday to‘siq yo‘qligining isbotidir.
Albatta, klonlashtirish - o‘lgan odamni tiriltirish degani emas hali. Chunki bunda yangi nusxaga asos sifatida hujayra yadrosi olinadi. Hujayra esa - tirik organizm unsuri. Jonzot vafot etgach, uning hujayralari ham halok bo‘la boshlaydi va oxiri tuproqqa qorishib ketadi. Lekin genetika fani nafaqat hujayra, balki butun organizmning barcha individual xususiyatlari uning genida - DNK molekulasida bitib qo‘yilganini allaqachon isbotlagan. Har bir odam (boshqa tirik organizmlar kabi) xromosomalarida jamlangan geniga muvofiq voyaga yetadi; bu jarayon "morfogenez" deb ataladi. Gen esa adenin, guanin, timin, tsitozin degan nukleid kislotalardan tarkib topadi (shartli belgilari - A, G, T, S). Yana ham aniqrog‘i, jonli mavjudot geni ana shu to‘rt xil nukleid kislotaning muayyan tartibda birlashib hosil qilgan zanjirdan iborat. Bu zanjir o‘z navbatida qismlarga bo‘linib, har bir qism odam organizmining tayin bir a'zosi sintez qilinishi uchun "javobgar"dir.
Ifodali tarzda aytganda, har bir odam - go‘yoki bir necha milliard A, G, T, S harflaridan tashkil topgan matndan iborat. U fan tilida individning genetik kodi deb yuritiladi. Egizaklar va klonlarning genetik kodlari, juz'iy "orfografik xatolar"ni aytmaganda, bir xil hisob. Ravshanki, genetik kod DNK molekulasi yoki xromosoma shaklida saqlanishi shart emas - uni bemalol kompyuter xotirasida yoki boshqa xotira qurilmalarida saqlash mumkin. Nukleid kislotalar esa oqsil, yog‘, uglevod kabi unchalik murakkab bo‘lmagan organik moddalarning bir turi hisoblanadi.
Ta'kidlash joizki, hozircha fan genetik kodi bo‘yicha odamni klonlashtirish masalasini uddalay olgani yo‘q. Ammo yaqin kelajakda bu muammo ijobiy hal etilishi mumkin. Aytaylik, bir necha yuz yil burun o‘tib ketgan falon odamning tirnog‘i yoki sochidan uning genetir kodi aniqlanib, so‘ng laboratoriyada ana shu kodga mos DNK molekulasi sintez qilinsa va bu molekula maxsus shart-sharoitga solinsa, undan aynan o‘sha falonchinikidek organizm o‘sib yetishadi.
To‘g‘ri, tirik jonzot, ayniqsa, odam kloni uning o‘zi degani emas. Birinchidan, klonlarda tana xususiyatlari o‘xshash bo‘lsa ham, ular aynan bir xil emas - mutatsiya deb ataladigan irsiy o‘zgarishlar oz bo‘lsada yuzaga chiqadi. Ikkinchidan, har bir klon baribir alohida jonzotdir, demak, odam bilan uning klon nusxasi turli shaxslar hisoblanishi kerak. Zotan, ikki tomchi suvday o‘xshash ko‘ringani bilan egizaklarning har biri o‘z ruhiyatiga ega bo‘lgan boshqa-boshqa mavjudotlardir. Bu o‘rinda klonlashtirish masalasiga e'tibor qaratishimizning boisi - bandasiki qachonlardir o‘lgan odamni klon tarzida bo‘lsa-da, tiriltirar - uning nusxasini o‘stira olar ekan, son-sanoqsiz olamlarni birgina "Kun fa yakun!" ("Bo‘l!") degan amri bilan yaratgan Zotning o‘likni tiriltirishiga aqli raso odam shubha qilmas!
Falsafiy chekinish. Biz odamga nisbatan "yaratish" so‘zini va uning "bunyod etish", "paydo qilish" kabi ma'nodoshlarini ko‘p qo‘llaymiz: Eshmat yangi badiiy asar yaratdi, Toshmat yangi inshoot bunyod etdi va hokazo. Mohiyatan, bu - mubolag‘a. Chunki inson aslida hech narsa yarata olmaydi. Zotan, yaratish - yo‘qdan bor qilish bo‘lib, u faqat Xudoga xos sifatdir. Inson esa ijodi tufayli shakldan shakl hosil etadi. Shu ma'noda, har bir kashfiyot va ixtiro ob'ektiv mavjud bo‘lgan narsa yoki hodisaning ustidagi pardani ochish demakdir. Binobarin, inson nafaqat tabiat, jamiyat va odam zoti bilan bog‘liq qonuniyatlarni kashf etadi, balki ana shu jarayonning o‘zi ham muayyan qonunlar, masalan, mantiq talablariga muvofiq tarzda kechadi. Bundan anglashiladiki, tirik mavjudotni klonlashtirish - aslo "yaratish" emas, balki yurak, buyrak kabi tana a'zolarining ko‘chirib o‘tkazilishi (transplantatsiyasi) kabi bir jarayondir. Inchunun, biror badiiy, tasviriy yoxud musiqiy asar ijod qilish tom ma'nodagi yaratish emas, balki dehqonning ekin ekishiga o‘xshash bir mehnat jarayoni, xolos. Boshqacha aytganda, ularning ilohiy qudrat tomonidan yaratishga bevosita aloqasi yo‘q. Nega deganda, har bir ijodkorning miyasi, ongi va ruhiyatidagi jarayonlar uning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan qonuniyatlarga bo‘ysunadi.
Kuzga borib hosil yig‘ayotgan dehqonning "men bug‘doy yaratdim" deyishi naqadar majoziy bo‘lsa, konstruktorning mashina, olimning ilmiy nazariya yaratishi ham xuddi shunday mazmunga ega. Shu choqqacha biror daho tabiatning yangi qonunini yaratgan emas, aksincha ob'ektiv qonuniyatlarni idrok quvvati bilan boshqalarga ma'lum qilgan. Ular ham aslida taqriban, ya'ni nisbiy bo‘ladi - muayyan davr o‘tishi, yanada ishonchli dalillar yig‘ilishi, tadqiqotning yangi samarali usullari yuzaga kelishi bilan (bu o‘rinda ham ko‘pincha "yaratilishi bilan" iborasi qo‘llanadi) yangilanadi. Misollar: "Yer - yapaloq" degan tushuncha - Yerning sharsimonligi - Yer sayyoralardan biri ekani - Yerning paydo bo‘lishi to‘g‘risida taxminlar. Yoki Aristotel mexanikasi - Nyuton mexanikasi - xususiy nisbiylik nazariyasi - umumiy nisbiylik nazariyasi - birlashgan maydon nazariyasi - yagona maydon nazariyasi (hozircha faraz).
Tabiatdagi jarayonlar ob'ektiv qonuniyatlarga muvofiq kechishini diniy ulamolarning aksariyati e'tirof etadi. Axir, tayyorada uchib ketayotgan odam butun olam tortilish qonunini izohlab berolmasligi, aerodinamika qonunlarini bilmasligi, uni boshqarish imkonini berayotgan elektr toklari va radioto‘lqinlar bo‘ysunadigan Maksvell tenglamalarini tushunmasligi mumkin, ammo ana shu qonuniyatlarni rad etishi kulgili. Hamma bo‘lmasa ham, aksariyat ana shunday ob'ektiv qonunlar ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarda ham mavjudligini tan oladi.
Xullas, mavjud ob'ektiv qonuniyatlar diniy ta'limotga aslo zid emas. Ammo, nima uchundir evolyutsiya (tadrijiylik) nazariyasi diniy ta'limotga zid, degan qarashni qo‘llab-quvvatlovchilar hamon ko‘p. Vaholanki, "Xardi-Vaynberg qonuni" qatori genetika qonunlari ham e'tirof etiladi-yu, u bilan uzviy bog‘liq, hatto ularning mantiqiy xulosasi hisoblangan evolyutsiya qonuni "uni tan olish odamni dindan chiqaradi" degan shubha bilan inkor qilib kelinadi. Bizningcha, bunday shubhaga o‘rin yo‘q. Zotan, evolyutsiya nazariyasi ham boshqa fanlardagi nazariyalar kabi tabiat (bu o‘rinda jonli tabiat) qonunidir, demak, u ham fizika va kimyo qonunlari singari Yaratganning irodasini ifodalaydi. Inson tomonidan biologiya qonunlariga asoslanib klonlarning o‘stirilishi odam zotini ham, butun borliqni ham Olloh taolo yaratganini inkor etmagani va etolmagani singari evolyutsiya ta'limoti ham diniy ta'limotga zid emas.
Shubhasiz, tabiat qonunlarining bir qismini inson hayot tajribasida e'tirof etishga majbur bo‘ladi, qolganlariga butun umri davomida ishonch hosil qiladi, ayrimlarini esa ko‘zi bilan ko‘rib amin bo‘lishga ulgurolmaydi. Masalan, milliardlab yillarga cho‘ziladigan yulduzlar evolyutsiyasi qonuni mantiq va ilmiy metodlarga ko‘ra isbotlanadi va yana shu asosda kamchiliklari tuzatib boriladi.
Albatta, qonunlar turli tushunchali odamlar tomonidan har xil talqin qilinishi mumkin. Talqinlar esa sub'ektiv xususiyatga ega bo‘lib, ular ichida nafaqat diniy e'tiqod, hatto ilm-fan tamoyillariga zidlari ham uchraydi.
Tabiatning ob'ektiv qonunlaridan biri bu - o‘limning muqarrarligi. Odam zoti buni juda yaxshi biladi. Lekin u o‘limdan so‘ng nima bo‘lishini bilmaydi. Moddiyunchilar o‘limdan keyingi hayotga ishonmaydi. Qayta tirilish-ku ularning tasavvuriga mutlaqo sig‘maydi. Bu bilan ularning hammasini "noma'qul odamlar" demoqchi emasmiz, albatta. Chunki moddiyunchilar orasida ham vijdonlilari oz emas. Ammo o‘lim bilan inson hayoti tamom bo‘ladi, degan g‘oya (faraz, nazariya, e'tiqod) jamiyat uchun g‘oyat zararlidir - u o‘g‘rilik, qotillik, poraxo‘rlik va boshqa jinoyatlar sodir etish, hasad, ig‘vo, behayolik kabi axloq qonunlari buzilishini oqlashga xizmat qiladi. Holbuki, inson iymon bilan yashamog‘i uchun o‘limning muqarrarligini bilishi va bir kun qayta tirilishini tan olishigina kifoya emas. U hayoti davomida qilgan amallari uchun javob berajagini ham anglamog‘i darkor.
Oxirat hisobi
Olloh qilayotgan amallaringizni bilguvchidir. Samovot va yerdagi bor narsa Ollohnikidir. Ichingizdagi narsani xoh oshkor qiling, xoh yashiring, Olloh sizlarni o‘sha narsa bilan hisob-kitob qiladi ("Baqara" surasidan)
Xo‘p, odam qayta tirildi ham deylik. Uning hayoti davomida qilgan amallari qanday tahlil etiladi? Din nuqtai nazaridan bunday savol o‘rinsiz - barchasi Yaratganning irodasi va qudratiga bog‘liq, tamom-vassalom. Fan nuqtai nazaridan-chi?
Ilm-fan uchun bu o‘ta murakkab masala. Agar inson Robinzon Kruzoga o‘xshab kimsasiz orolda yolg‘iz yashaganida muammo osongina hal etilar edi. Ammo odam bolasi - ijtimoiy mavjudot bo‘lib, umri mobaynida son-sanoqsiz zotdoshlari bilan to‘qnashadi, ming turli holatlarga tushadi. Bunday olib qaralsa, odamlarning taqdiri, demak, xatti-harakatlari shu qadar chatishib-chirmashib ketganki, ularni bo‘laklarga ajratish iloji yo‘kdek tuyuladi. Lekin aslida masala anchayin jo‘n...
Ma'lumki, inson xatti-harakatlarining boisi (motivi) borligi bilan hayvondan farq qiladi. Inson harakatlari aksariyat hollarda aqlga, hayvonning harakatlari esa savqi tabiiyga (instinktga) asoslanadi. Qiyoslash joiz bo‘lsa, hayvon hayoti tog‘dan dumalab tushayotgan toshning harakatiga yaqin turadi. Odamda ham savqi tabiiy bor, albatta. Masalan, yiqilayotgan odam qo‘lini u yon-bu yon siltab muvozanat saqlashga urinadi. Bunda u bexosdan kimnidir urib yuborishi, hatto uning o‘limiga sababchi bo‘lishi ham mumkin. Lekin odamning xatti-harakatida sof instinktdan tug‘iladigan holatlar kamdan-kam bo‘ladi. Ayrim istisnolarni soqit etganda, inson boshqa maxluqlardan farqli o‘laroq aql bilan harakat qiladi; uning ongida, jumladan, ongining ostki qatlamlarida avval fikr, g‘oya tug‘iladi, so‘ng u niyatga do‘nib, ongning ustki qatlamiga chiqadi va qarorga aylanadi. Ana shu qaror odamni harakatga keltiradi - u yuradi, o‘tiradi, so‘zlaydi, yozadi, shafqat yoki zulm qiladi va hokazo.
Ongning o‘rni bunday xatti-harakatlar sababi bilangina cheklanmaydi, odamzodning barcha amali mobaynida ong faol qatnashadi: harakatlari xotira "qurilmasi"ga yozilib boradi, jarayon barobarida tahlil etilib, yo‘l-yo‘lakay tegishli tu-zatishlar qilinadi. Hatto muayyan niyatni amalga oshirishga qaratilgan xatti-harakat tugaganidan so‘ng ham ong uning natijalarini qayd va tahlil qilishda davom etadi.
Shu bilan birga, ta'kidlash lozimki, odamning fikri, niyati uning tashqi xatti-harakati bilan birga bormasligi, faqat uning dilida kechishi ham mumkin - masalan, odam xayolan yaxshi ko‘radi yoki nafratlanadi, fikran qo‘shiladi yoki rad etadi.
Tabiiyki, odamning umri mobaynida qilgan amallarini tashqi tomondan kuzatib, "yozib" borish, tahlil etishdan ko‘ra, u amallarning sababi ham, oqibatlari ham ongda kechar ekan, demak, insonning ongini, dilini kuzatib borish, uning botinida kechayotgan ruhiy jarayonni "yozib turish" ko‘proq va mukammalroq axborot beradi...
Ongning miya faoliyati bilan bog‘liqligi, miya faoliyati esa moddiy jarayon ekani ma'lum. Yana ham aniqrog‘i, ongda kechadigan va odam miyasidagi asab jarayonlari o‘zaro muvofiq bo‘ladi. Asab jarayonlari esa elektrokimyo hodisasi ekani fanda uzil-kesil isbotlangan. Jaydari ta'bir bilan aytganda, inson miyasining faoliyati fizikaviy nuqtai nazardan kompyuter protsessoridagi jarayonga o‘xshaydi. Albatta, bu ikki hodisa batamom bir xil emas: kompyuter protsessoridagi jarayon to‘liq tashqi omillar - uni yasagan, ilgari undan foydalangan va ayni tobda uni boshqarayotgan shaxslar irodasining natijasidir. Inson ongidagi jarayonlarda esa tashqi omillar bilan bab-baravar uning ruhi ham ishtirok etadi.
Kompyuter xotirasida saqlanayotgan axborotdan nusxa olish mumkinligi hammaga ma'lum. Informatika mutaxassislari yaxshi biladiki, nafaqat xotira qurilmasida saqlanayotgan axborotdan, balki kompyuter faoliyatining o‘zidan ham nusxa olish mumkin. Bunday nusxa protokol deb ataladi. Protokol kompyuter faoliyatini (va shu orqali kompyuterdan foydalanuvchining ishini) istalgan paytda nazorat qilish imkonini beradi. (Tayyoralarga o‘rnatilgan "qora quti"lar qisman shu kabi vazifani bajaradi.) Shu bilan birga nazorat joriy ish tartibida - "online" rejimida amalga oshirilishi ham mumkin. Aytaylik, bir idorada o‘n nafar xodim o‘nta kompyuter bilan ishlasin va har bir kompyuter maxsus (bosh) kompyuterga ulangan bo‘lsin - bunday tizim kompyuterlarning "elpig‘ichsimon to‘ri" deyiladi. Bunda bosh kompyuterda turib qaysi xodim o‘z kompyuterida nimalar qilayotganini bemalol kuzatib borish, zarurat tug‘ilsa, ularning ishiga aralashish ham mumkin.
Ma'lumot tariqasida aytib o‘tish joizki, bir qancha mamlakatlarda bolalarning qaerda ekanini bilib turish uchun qo‘lga taqiladigan elektron bilaguzuklar ishlab chiqarilmoqda. AQShda esa doimiy shifokor kuzatuvidagi mijozning holati to‘g‘risida axborot uzatib turishga mo‘ljallangan kattaligi tangadek va badanga joylanadigan maxsus elektron uzatgich (datchik) sinab ko‘rildi.
Albatta, kompyuter ishi ham, miya faoliyati ham moddiy xususiyatga ega. Lekin kompyuter faoliyatini protokollashtirish tushunarli jarayon bo‘lgani holda insonning aqliy faoliyati kim tomonidan qay tarzda "protokollashtirilishi" ayon emas. Diniy ta'limotda bu masala juda oddiy hal etilgan: har bir odamning ikki yelkasida ikki farishta o‘tirib, uning savobu gunohlarini yozib boradi! Tan olish kerakki, fan nuqtai nazaridan buni izohlash qiyin. Shunday bo‘lsa-da...
Alqissa, bayon etilgan mulohazalardan maqsad qiyomatning qachon va qay tarzda bo‘lishini bashorat qilish emas - bu odam imkoniyatidan tashqari, diniy e'tiqodga taalluqli masaladir. Maqsadimiz - qiyomatning muqarrarligini hozirgi zamon fani ham e'tirof etishini ta'kidlash; jismi tuproqqa qorishib ketgan odam bolasi qanday qaytadan tirilishini bayon qilish emas, balki buning mumkinligiga fan nuqtai nazaridan dalillar keltirish; qiyomatda qayta tirilgan insonning hayoti mobaynida qilgan amallari qay yo‘sinda qayd etib borilishi, qay tarzda tiklanib, ajrim qilinishini tasvirlab berish emas, balki bu masalalarga fan nuqtai nazaridan bir nigoh tashlash istagi, xolos. Lekin shuni e'tirof etish kerakki, odamzod so‘nggi bir asr davomida shu qadar imkoniyatlarga erisha olgan ekan, son-sanoqsiz olam va tamaddunlarni, yashab o‘tgan va yashayotgan ongli mavjudotni yaratgan Zotning istalgan paytda qiyomat yasashi, har bir odamni qaytadan dunyoga keltirib, uning hayotiy amallarini to‘liq ajrim qilishiga qanday ishonmaslik mumkin?!
Biz insonni ikki unsurli mavjudot - jism bilan ruhning qo‘shiluvidan iborat deb hisoblaymiz (bunga avvalgi maqolalarda dalillar keltirilgan). Zero, odamning ongi uning miyasini ruhi bilan bog‘lab turuvchi vositadir. To‘g‘ri, biz ruhning tabiatini, uning inson ongi bilan o‘zaro ta'siri qay yo‘sinda kechishini aytib berolmaymiz. Lekin insonning xatti-harakatlarini faqat miyasi faoliyati bilangina izohlab bo‘lmaydi. Inson hayoti, faoliyati uning ruhi va miyasining ong orqali o‘zaro ta'siri natijasida tug‘iladigan o‘y-niyatlar bilan belgilanadi. Bu farazga binoan ana shu o‘y-niyat va amallar ruh orqali "yozib" borilishi mumkin. Vallohu a'lam.
Ilova o‘rnida
"Biz qo‘limizdan kelganini aytdik, u yog‘i endi bizga bog‘liq emas", degan ekan bir donishmand. Yo‘q, bizningcha, u yog‘i ham, bu yog‘i ham hamma vaqt har kimga bog‘liq bo‘lgan va to qiyomatgacha shunday bo‘lib qoladi.
Ustoz hikoyasi: "O'tgan asrning 80-yillari, kattagina hay'at tarkibida Maskovga ilmiy anjumanga borib qaytayotgan edik. "Domodedovo" aeroportiga kelib, ro‘yxatdan o‘tish uchun navbatga turdik (o‘sha vaktlarda bir reysda uchuvchilarning hammasi bir joyda ro‘yxatdan o‘tar, shu bois uzundan-uzun navbatda turishga to‘g‘ri kelar edi). Uchish vaqtiga hali ancha bor, lekin tik oyokda turaverish ham malolli ish. Navbatsiz tartib bo‘lmaydi, demak bu adolatga muvofiq, albatta. Shu bois sabr-toqat bilan kutib turibmiz. Bir payt deng, aeroport zaliga bashang kiyingan ikki hamyurtimiz kirib keldi. Ular turnaqator cho‘zilgan navbatga qarab, bir oz serrayib turishdi - safning oxiridan joy olishga toqatlari yo‘qpigi yuzlaridan ayon edi. Shunda o‘zaro nimanidir muhokama qilib, yoshrog‘i qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Oradan ko‘p fursat o‘tmay, bizga xizmat qilayotgan ma'murlar yoniga aeroport "do‘kay"laridan biri kelib, bir juft patta tutqazdi va haligi besabrlarni navbatsiz o‘tkazib yuborishni buyurdi. Bunday iltifotga noil bo‘lgan "uddaburron"lar esa shuncha odamni - keksalar, yosh bolali ayollaru el-yurtga xizmati singgan allomalarni chetga surib, surbetlarcha ro‘yxatdan o‘tdi. So‘ngra nafratomuz nigohlarni nazarpisand qilmay, g‘ozyurish bilan restoran tomon yo‘l oldi".
Ushbu hikoyani eslaganimda, ko‘z oldimga beixtiyor shunday manzara keladi: "qiyomat qo‘pgan - bani basharga qaytadan tan va jon ato etilgan, hamma Mahsharga yig‘ilgan. Har kim o‘zining hayotlik chog‘idagi amallari yozilgan kitobni ushlagancha "ro‘yxatdan o‘tish" uchun savobu gunohlar tortiladigan tarozi qoshida navbat kutmoqda..."
Ana shu holatda ustozimiz hikoyasidagi anovi ikki "qahramon" o‘zini qanday tutar ekan? Boshqalar-chi?..
«Tafakkur» jurnalining 2007 yil, 2-sonidan olindi*.
______________
*Ushbu muallifning uchinchi maqolasidir. Birinchi maqola — "Fan va din: munosabatlar dialektikasi" jurnalning 1999 yil 1-sonida, ikkinchi maqola — "Fan va din: odamzodning paydo bo‘lishi " 4-sonida bosilgan.