OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hasan Qudratullayev. Ulug‘ shoir shaxsiyati

Bobur va uning zamondoshlari talqinidaZahiriddin Boburniig Alisher Navoiyga munosabati olimlarimiz tomonidan o‘rganilgan, bu mavzuda fikr-mulohazalar aytilgan. Shu bois biz «Boburnoma»dan Navoiy shaxsiyatini yanada teranroq yoritgan, hayoti va faoliyati bilan bog‘liq shaxslar, voqea-hodisalar tasvirini tahlil etib, Boburniig ulug‘ shoir haqidagi qarashlarini yoritishga intildik. Shuningdek, Navoiy shaxsiyati, mavqeini Xondamirning

«Habib us-siyar», Vosifiyning «Badoe’ ul-vaqoe’» asarlaridagi turli personajlar va tarixiy lavhalar asosida ham ko‘rib chiqmoqchimiz. Bu qiyosiy tahlil, shubhasiz, Alisher Navoiy shaxsiyatini kengroq kuzatish imkonini beradi.

Ma’lumki, “Boburnoma”da muallif Majdiddin Muhammad shaxsi borasida ham keng to‘xtalgan. Husayn Boyqaroning bu vaziri Navoiy bilan bahs-munozarada, fikr ixtilofida bo‘lgani ham tarixiy manbalardan ma’lum. Turli sabablar bilan saltanat xazinasi bo‘shab qolganda, Husayn Boy­qaro Majdiddinga murojaat qiladi. U iqtisodiy, moliyaviy, soliq tizimini qattiq­qo‘llik bilan olib borib, saltanat xazinasini to‘ldirishga muvaffaq bo‘ladi. Bu haqda ma’lumot berarkan Bobur amir Majdiddinning “Alisherbek boshliq jami’ beklar va ahli mansab bila ziddona maosh” qilganini aytib, bu harakati oqibatida «borcha aning bila yomon bo‘ldilar», deydi. Shu o‘rinda bir nozik munosabatga e’tibor beraylik. Bir qaraganda, Bobur Navoiyning jamiyatdagi mavqei, ta’sir kuchini ko‘rsatmoqda. Ikkinchidan, Majdiddinning iqtisodiy va moliyaviy qobiliyatini zimdan e’tirof etadi.

Biroq Majdiddin saltanat iqtisodini qanchalik mustahkamlagan bo‘lmasin, ma’lum darajada Sultonga yoqmasin, Husayn Boyqaro, Navoiy hurmati bois, uni vazifasidan «ma’zul» etadi. Bobur Husayn Boyqaro saltanatida Navoiy qarashlari jiddiy to‘qnashuvga uchraganiga, ba’zi hollarda adolatga ziyon yetganiga ishora qiladi: «Sa’y va ig‘vo qilib, Majdiddin Muhammadni tutturub ma’zul qildilar. Aning o‘rnig‘a Nizomulmulk devon bo‘ldi. Necha mahaldin so‘ng Nizomulmulkni ham tutturub o‘lturub, Xoja Afzalni Iroqtin kelturub, devon qildilar. Men Kobul kelgan fursatda Xoja Afzalni bek qilib edilar, devonda ham muhr bosar edi”.

Boshqa jihatdan yuqoridagi parcha ­Navoiy va uning tarafdorlarining Husayn Boyqaro davlati boshqaruvidagi ta’sir doirasi katta bo‘lganini ham ko‘rsatadi.

Bobur vafotidan so‘ng ismi noma’lum qolgan kotib tomonidan “Boburnoma”ning oxiriga ikki betli ilova qo‘shilgan. Ilovada asar muallifiga ta’rif berilib, “Va bir necha ahli tab’kim, ushbu podshoh (ya’ni Bobur —H.Q.) doimul avqot suhbatdin ayru qo‘ymas erdi”, “ahli tab’”lar qatori “Sulton Muhammad ko‘sakim, Mir Alisherning musohiblaridin erdikim, podshoh suhbatida izzat topib, sarafroz bo‘lub erdi”, deb yoziladi. Demak, Bobur so‘nggi nafasigacha Navoiyga yaqin kishilar hurmatini bajo keltirgan, ularni e’zozlagan.

Zahiriddin Boburning Alisher Navoiyga munosabati haqida so‘z yuritganda, uning Hirot shahrida qisqa muddat bo‘lgan paytda atayin Navoiyning shaxsiy uyi — “Unsiya”da yashagani, shahardagi ulug‘ shoir qurdirgan binolarni mehr bilan ziyorat qilib, bu haqda “Boburnoma”da yozganini ta’kidlash joiz. Bu e’tirofda shoh, adib, shoir, adabiyotshunos Boburning Navoiy dahosiga yuksak e’tiqodi, sadoqati mujassam. Bobur Navoiy barpo etgan binolarni nomma-nom sanaydi, bu koshonalar inson hayoti, ma’naviyati, pok va sog‘lom turmush, oxirati va bugungi kuni uchun nechog‘li zarurligini uqdiradi. Ulug‘ shoirning el uchun yashaganini, umrini yurt oso­yishtaligi va farog‘atiga sarflaganini ta’sirchan ifodalaydi: “Alisherbekning o‘lturur uylarikim, “Unsiya” derlar, maqbara va masjidi jomeinikim “Qudsiya” derlar, madrasasi va xonaqohnikim “Xalosiya” va “Ixlosiya” derlar, hammom va dorushshifosinikim “Safoiya” va “Shifoiya” derlar, borini andak fursatga sayr qildim”.

Umuman, XV asrning oxiri—XVI asrning birinchi yarmida yaratilgan yoki shu davr haqidagi tarixiy, sarguzasht, hatto poetik asarlarning aksariyatida Alisher Navoiy haqida ma’lumotlar berilgan. Zayniddin Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe’” asari ham shular jumlasidandir.

Ma’lumki, Alisher Navoiy Hirot adabiy muhitini boshqargan paytda Zayniddin Vosifiy yosh bo‘lgan. Yosh Zayniddinning muammo bilish qobiliyatini sinab ko‘rgan Navoiy unga yuqori baho bergan. ­Vosifiy «Badoe’ ul-vaqoe’»da bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tgan. Shu bois uning Navoiyga ustoz va homiy sifatida qarashi tabiiy. «Badoe’ ul-vaqoe’»da muallif Navoiyning shaxsiy hayotiga doir nozik jihatlarni ko‘proq yoritgan. Bunda, asosan, ­Zahiriddin Bobur asaridagi aniq bayon, qisqa va mantiqiy umumlashma ta’riflardan farqli tarzda, ulug‘ shoir hayotidan hikoya qiluvchi g‘aroyib voqealarga ko‘proq o‘rin berilgan. Vosifiyning san’atkorligi shundaki, u Navoiyning buyukligi, xalq bilan munosabatlarini yoritishda jonli misollar — she’riyat oqshomlari, shoir shaxsiy hayotiga doir lavhalardan keng foydalangan. Bu tasvirlar shunchalik xalqona, ommabopki, oson o‘qiladi, o‘quvchiga estetik zavq beradi. Yana bir jihat shuki, Vosifiy shoirning shaxsiy hayotidagi ko‘pchilik uchun jumboq tuyulgan jihatlarni yengil hazil ohangida oydinlashtiradi, davr adabiy muhiti va jarayoni haqida keng va muhim ma’lumotlarni beradi.

Vosifiyning mazkur asarida Navoiyning hayotida sodir bo‘lgan bir voqea hikoya qilinadi. Husayn Boyqaro saroyida Mir Hoji Piri Bakovul degan nomdor oshpaz bo‘lib, kunlarning birida uni taxtiravonda olib o‘tishadi. Mir Hoji Navoiyga ko‘zi tushishi bilan: “Maxdum, bugun Sizning mulozimlaring‘iz hazrati Mirzo (ya’ni Husayn Boyqaro — H.Q.) oldida ajoyib gaplarni aytishdi”, deya o‘tib ketadi. Albatta, har qanday amir o‘z mulozimlarining shohga qanday “ajoyib” gaplarni aytganini bilishga qiziqishi tabiiy. Shu bois Navoiy Mir Hoji taxtiravoni orqasidan “Maxdum, bir pas to‘xtang”, deb yuguradi. Shunda Bakovul: “Ma’zur tuting, Mirzo meni bir zarur ish bilan jo‘natdilar, shoshib turibman”, deya uning ko‘nglini battar tahlikaga soladi. Bakovul bu bilan go‘yo g‘alaba qilgan, ya’ni u odamlar orasida kimsan vaziri a’zam, shoirlar sarvari Navoiyni o‘z ortidan yugurtirdi, degan soxta obro‘ga erishgandek bo‘ladi.

Vosifiy bu voqea tasvirini bir maromda davom ettirib, Piri Bakovulning hech kimni pisand qilmay qolganini, hatto sulton Husayn Boyqaro ham o‘ziga bunchalik erk bermaganini aytadi: “Taxtiravon oldida o‘n chog‘li yigitchalar oltin, kumush va chinnidan yasalgan may idishlarni ko‘tarib olishgan. Qo‘llarida la’l, firuza, zabarjad va yoqut piyolalar. Taxtiravon har besh-olti kadam yurganda Pir bir piyola may ichib, gazakiga yonidagi yigitchalarning biridan bo‘sa olardi...”. Husayn Boyqaro bu xabarni eshitib, Piri Bakovulni surbetligi bois yo‘q qilib, mol-mulkini xazina hisobiga musodara etadi. Ushbu voqea bayonidan ham Navoiyning o‘sha davrda saroy oldida, xalq orasida qancha obro‘-e’tiborga ega ekanligini bilish mumkin.

Xondamirning “Habib us-siyar” asarida 150 nafardan ziyod adib, tarixchi, shayx, tasavvuf peshvolari, davlat arboblari haqida qimmatli ma’lumotlar jamlangan. “Habib us-siyar” tarixiy asar bo‘lgani uchun muallif Alisher Navoiyga alohida bob bag‘ishlamagan. Shoir shaxsiyati zamonga, davlatdorlikka oid ma’lumotlar, adabiy asarlar, adib va adabiy jarayonga berilgan baholarda ko‘zga tashlanadi. Asar davomida Navoiyning ismi ellik martadan ortiq tilga olinadi. Agar Xondamir keltirgan ma’lumotlar umumlashtirilsa, Navoiy mav­qei, uning tarixda, adabiy muhitda, qolaversa, o‘z davri kishilari taqdirida tutgan o‘rni yaxlit holda o‘quvchi ko‘z o‘ngida gavdalanadi.

“Habib us-siyar”da muallif ulug‘ shoirning uch xislatini kengroq yoritishga intilgan: birinchidan, tarixiy asar talabi va mundarijasidan kelib chiqib, Navoiyning Husayn Boyqaro saltanatidagi o‘rni; ikkinchidan, nozik iste’dodi — odam tanish qobiliyati va valiyona xislati; uchinchidan, o‘sha davr adabiy jarayoniga sarvarligi.

Xondamir Husayn Boyqaro saltanatidan oldingi davr — Sulton Abusaid mirzo saroyidagi voqealarni tasvirlarkan, Alisher Navoiyning otasi G‘iyosiddin Ganjkina (Xondamir shu nom bilan bergan — H.Q.) haqida qisqacha ma’lumot keltiradi. Muallif Sulton Abusaid saltanati haqida so‘z yuritar ekan, Navoiyning padari buzrukvorini bu dargohda nufuzli shaxslar doirasida bo‘lgani, e’tiborga noilligini alohida ta’kidlaydi. Sulton Abusaid kunlarning birida juda katta nufuzli hay’at ta­yinlashga qaror beradi. Bu masalani hal qilish uchun davlatning eng nufuzli arboblardan iborat hay’at tuziladi. “Birinchi, Shayx Nuriddin Muhammad binni Shayx Bahovuddin Umar, ikkinchi Xoja Shamsiddin Muhammad Ko‘saviy al-Jomiy, uchinchisi—amir Boburiddin Xovanshohkim, mazkur satr muallifining (ya’ni Xondamirning — H.Q.) panohbonidir va Amir G‘iyosiddin Ganjkinakim, hazrati amiri sulton Nizomiddin Alisherning padari buzrukvoridir va safarda u uch buzrugga xizmat qilish hamda hamkorlikka tayinlangan edilar, o‘z ishlarining bajarilishiga amr etildi...”. Xondamir fikricha, bu hay’atga yuksak mas’uliyat — saltanatdagi parokandalikni to‘xtatib, o‘rniga tinchlik va barqarorlikni barpo etish vazifasini yuklagan.

G‘iyosiddin Kichkinaning ulug‘ kishilarga hamroh bo‘lishi unga bildirilgan ulkan ishonch edi. Qolaversa, bu fakt yurtda tinch­likni asrashda, sultonlar orasidagi ixtiloflarni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatishdek ulug‘ ezgu ishlar aslida Alisher Navoiyning otasidan olgan tarbiyasi, ta’siri, ma’naviyati yuksak oiladan unga meros bo‘lib o‘tgan burch sifatida baholanishi joiz.

Xondamir asarida ulug‘ shoir xarakteri yoritilgan diqqatga loyiq yana bir misolni kuzataylik. Bu Navoiy xizmatida bo‘lgan, o‘z davrining yirik ixtirochisi, naqqosh va adib Mavlono Hoji Muhammad Naqqosh haqidagi qimmatli ma’lumotdir. Ushbu ma’lumotni o‘z tarjimamizda to‘la keltirishni lozim topdik: “Mavlono Hoji Muhammad Naqqosh o‘z davri ilmini egallagan, doimo hayratlanarli ixtirolar va ajib tajribalar o‘tkazib, uni kundalik amaliy hayotda qo‘llagan shaxs edi. Tasvir va tazhib (zar bilan naqsh berish) fanida mahorati cheksiz edi. Bir necha vaqt chinni idishlar yasash bilan shug‘ullandi. Juda ko‘p tajriba va cheksiz mehnati evaziga katta bir chinni idish yasashga erishdi. Biroq rang va jilosi uncha o‘xshamas edi. Mavlono Hoji Muhammad ixtirolaridan biri Amir ­Nizomiddin Alisher kutubxonasida qo‘yilgan sandiqli soat edi. Ushbu sandiqda u odam haykalini yasagan edi. Bu haykal har soatda qo‘lidagi cho‘pi bilan oldida turgan nog‘oraga bir marta urar, ikki soat o‘tsa ikki marta urib sado berar edi. Mavlono Hoji Muhammad Naqqosh muayyan muddat Alisher Navoiy kutubxonasining mudiri vazifasini ham bajargan. Mirzo Badi’uzzamon Hirotni bosib olishga kirishgan paytda Muhammad Naqqosh Navoiydan arazlab, Badi’uzzamon huzuriga bordi...”.

Ushbu parchada Xondamir Alisher Navoiy xarakterining nozik nuqtalarini chizib bergan. Eng avvalo, bu misolda Navoiyning yangilik yaratishga, ixtiroga munosabati oydinlashadi. Navoiy davrida Xuroson va Movarounnahr ulkan madaniy, adabiy, ilmiy va ijtimoiy yuksalish yo‘lini tutgan edi. Islom olamida Bahovuddin Naqshbandning “Dil ba yor, dast ba kor” falsafiy-so‘fiyona qarashi ta’sirida yaratuvchanlik, yangilikka intilish mehnatga munosabatning ajralmas qismiga aylangan edi. Shunga qaramay, hali islom olami ilm-ma’rifatga, yangilik-ixtirolarga o‘z eshiklarini lang ochib bermagandi, albatta. Ana shunday bir sharoit Muhammad Naqqoshdek xalq ichidan chiqqan mohir ixtirochi va kosib madaniyat homiysi Navoiyning panohida turib, faqat g‘aroyib soat yaratmagan, balki odam mujassamasini — islom qonuniyatiga uncha mos kelmaydigan paykarli ixtirosini peshkash qilgan. Shubhasiz, Navoiy bu ixtironi yaratilgunga qadar kuzatgan, unga qiziqqan, Muhammad Naqqosh kashfiyotiga homiylik qilgan. Tabiiyki, ixtiroga Navoiy homiy ekan, nega Muhammad Naqqosh undan arazlab ketdi, degan haqli savol tug‘iladi. Xondamir bu borada aniq ma’lumot bermagan. “Habib us-siyar”da nomlari keltirilgan shaxslarning (Muhammad Naqqoshdan tashqari) Navoiydan arazlab ketganining aniq sabablari bor: ayrimlari uning nafratiga uchragan, ayrimlari yolg‘onchiligi, g‘iybatga moyilligi, mastlikka ruju qo‘ygani oqibatida ustod marhamati va suhbatidan mahrum etilgan.

Xullas, Alisher Navoiyning mo‘‘tabar siymosi hali u hayot paytida va vafotidan keyinroq zamondosh adibu tarixchilar asarlarida Komil Inson darajasida tasvirlanganini ko‘ramiz. Uning shaxsiyati turli davrlarda minglab kishilarning yuksak insoniy axloq ruhida tarbiya topishlariga omil bo‘ldi.

Hasan Qudratullayev,

filologiya fanlari doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 40-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.