OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hotam Fayziyev. Ulug‘ ajdodga ehtirom

“Abu Rayhon Beruniy” filmi yaratilishi tarixini eslab

1972 yili edi. Shuhrat Abbosov menga o‘rta asrlar Sharqining buyuk olimi, mutafakkiri Abu Rayhon Beruniy haqida keng ko‘lamli film suratga olinishi rejalashtirilayotganini aytib qoldi.
Film stsenariysini Shuhrat Abbosov bilan sharqshunos olim, Beruniy hayoti va faoliyatining bilimdoni Pavel Bulgakov hamkorlikda yozishgandi.
Pugachenkovaning taklifiga ko‘ra Sh. Abbosov, E. Kalontarov uchalamiz olimaning mutaxassislar uyidagi xonadoniga bordik. Uchrashuvimiz ishchan ruhda o‘tdi.
Rejissyorlik stsenariysi ustida ishlash uzoq davom etdi. Bu jarayonda Beruniy asarlarini o‘qishimizga, u bo‘lgan mamlakatlarni, shuningdek, alloma yashagan davrda qo‘llanilgan ayrim atamalarni o‘rganishimizga to‘g‘ri keldi.
Rejissyor, operator va rassomdan iborat ijodiy guruh naturani ko‘rish uchun safarga chiqdi. Biz avval Samarqandda to‘xtadik. Afrosiyob, shaharning boshqa me’moriy obidalari, tarix muzeyi hamda shahar tashqarisini ko‘rib chiqdik.
Qadimiy tangalar va Somoniylar maqbarasini hisobga olmaganda, ko‘rganlarimizning hammasi Beruniydan keyingi davrlarga oid edi.
Suratga olish uchun tabiiy joy va ob’ektlarni izlashda davom etib To‘rtko‘l hamda Beruniy shaharlariga yo‘l oldik. Kemada Amudaryoning narigi qirg‘og‘iga suzib o‘tib, Qoraqalpog‘iston zaminiga qadam qo‘ydik. Ammo bu yerda Beruniy tug‘ilib o‘sgan Ko‘hna Qiyotdan (hozirgi Beruniy) hech narsa qolmagan edi.
Xiva ko‘nglimizga ancha umid bag‘ishladi. Shahar ko‘chalari va maydonlari filmimizning bir necha ob’ektini suratga olish uchun mos kelardi.
Xorazmdan keyin biz Turkmaniston hududiga o‘tdik. Kun yonayapti. “Qilt” etgan shabada yo‘q. Ko‘pdan buyon ta’mirlanmagan asfalt yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib, erib yotardi.
Joy bizga yoqqani bilan, bu yerga ko‘p sonli suratga olish texnikasini olib kelish, yashash juda og‘ir va o‘ng‘aysiz edi.
Biz afsuslangan holda Toshovuzga yo‘l oldik.
Toshovuzda ko‘p ushlanib qolmadik, Ashxobodga qarab yo‘lga tushdik.
Bizni Icheri-Shahar hayratga soldi. Shaharning bu qismida toshdan qurilgan uylar va g‘aroyib tor ko‘chalar saqlanib qolgan edi. Ajoyib shaklli minora, karvonsaroy va boshqa obidalar bizning e’tiborimizni tortdi.
Shoh saroyini ko‘rganimizda esa “xayriyat” deganday yengil nafas oldik. Biz bu yerda filmimizning bir necha ob’ektini xotirjam suratga olishimiz mumkin edi.
Bokudan biz Nizomiy Ganjaviy vatani bo‘lgan Kirovobodga yo‘l oldik. Shaharda moziydan qolgan ko‘p sonli tarixiy va me’moriy obidalar bo‘lib, ular yaqqol ajralib turgan ozarbayjon milliy naqshlariga ega edi.
Yerevanga borib, teatrlar aktyorlari bilan uchrashdik. Ularning ayrimlari arman filmlari orqali tanilgan edilar. Aktyorlar bizning filmimizda suratga tushishga bajonidil rozi bo‘lishdi.
Bizning Kavkaz orti respublikalari bo‘ylab safarimiz tugadi. Barcha ko‘rganlarimizdan Bokuning qadimiy obidalari ko‘proq yoqdi. Biz bu shaharda suratga olishimiz mumkin bo‘lgan ob’ektlarni o‘zimizga belgilab oldik.

Toshkentga kelganimizdan so‘ng studiya rahbariyatiga izlanishlarimiz yakunlari haqida hisobot berdik. Rahbariyat Bokudagi bir nechta ob’ektni suratga olish uchun ma’qulladi. Biroq smeta tuzilayotganida pulimiz bunday safarlarga yetmasligi ma’lum bo‘ldi va biz studiya hovlisi va pavilonlarida dekoratsiya qurishga qaror qildik.

* * *

Filmga tayyorgarlik jarayonida aktyorlar tanlash ishiga alohida e’tibor qaratildi. Bizning filmimizda bosh qahramonlar va ikkinchi darajali qahramonlar rollari mo‘l edi. Biz aktyorlar tanlashga kirishdik.
Studiya koridorlari Toshkentning turli teatrlaridan, viloyat teatrlaridan, shuningdek, mamlakatning boshqa respublikalaridan taklif etilgan aktyorlar bilan to‘ldi. Ular foto va kinosinovlaridan o‘tishardi, ularga rassomlar eskizlari bo‘yicha tikilgan liboslar kiydirib ko‘rilardi, turli grim va boshqa bezaklar tanlanardi.
Filmga taniqli o‘zbek kino va teatr aktyorlari taklif etilgandi. Kinosinovlarga boshqa respublikalardan ham aktyorlar kelishdi. Turli rollarga Razzoq Hamroev, Nabi Rahimov, Po‘lat Saidqosimov, Bibo Bataev, Baxtiyor Ixtiyorov, Vladimir Yakut, Tamara Shokirova, Dilorom Qambarova, Toshxo‘ja Xo‘jaev, Yevgeniy Gurov, Bahodir Yo‘ldoshev (keyinchalik u taniqli rejissyor bo‘lib yetishdi), To‘g‘on Rejametov va boshqa aktyorlarni sinab ko‘rdik.

Filmni suratga olishda operator aktyorlar bilan tez til topishishi, aktyor bilan operator bir-birini tushinishi kerak. Aqlli, plastik aktyor operatorga tasvirning ta’sirchan ifodasini topishga ko‘maklashadi.
Film uchun iste’dodli aktyorlarni tanlab oldik. Guruhimiz uchun eng mashaqqatli sinov bosh rol ijrochisini tanlash edi. Bizga dovur Beruniyning tashqi qiyofasi qanday bo‘lganligi haqida ma’lumotlar yetib kelmagandi, shuning uchun qahramonimizni hammamiz har xil tasavvur etardik.
Nihoyat “O‘zbekfilm”ning o‘sha paytdagi direktori Abdulahat Abdullaev bu masalaga nuqta qo‘ydi. U Beruniy roliga aktyor Po‘lat Saidqosimovni tasdiqladi.

* * *

Filmni suratga olish ishlari 1973 yilning aprel oyi oxirlarida boshlandi. Hali ob-havo maromiga yetmagandi. Shu sababli tasvirga tushirishni pavilonlardagi ob’ektlardan boshlashga qaror qildik.
Ishning dastlabki kunlaridan biz rejadan orqada qola boshladik. Ko‘p vaqtimiz aktyorlarning murakkab grimiga, liboslarni tayyorlashga, chiroqlarni o‘rnatishga ketardi. Guruhimiz sutkasiga o‘n ikki soatlab ishlashga majbur bo‘ldi.
Kinoda sahnalar tartib bilan tasvirga tushirilmaydi. Bu aktyorlarning doimo ham bo‘sh bo‘lmasligi, suratga olish ob’ekti yoki dekoratsiya hali tayyor emasligi bilan bog‘liq.
Pavilonda “Bog‘bonning bog‘i va hujrasi” dekoratsiyasi qurilgan edi. Biz bu yerda Beruniyning suyuklisi Rayhona bilan uchrashuvini tasvirga tushirishimiz kerak edi. Sahna tunda, shamlar yorug‘ida o‘tishi kerak edi.
Kunduz aktyorlar bilan repetitsiya qilishga va suratga olish dekoratsiyalarini tayyorlashga ketdi. Ertasiga ertalabdan suratga olishni boshlashimiz kerak edi.
Biroq tongda biz Rayhona roli ijrochisi Dilorom Qambarovaning onasi vafot etganini eshitdik. Suratga olish ishlarini noma’lum muddatga kechiktirishga majbur bo‘ldik.
Iliq kunlar keldi. Guruh ma’muriyati kartina direktori Yuriy Isakievich Rashragovich bilan naturada suratga olishga tayyorgarlikni boshlab yubordi.
Samarqandda direktorning ma’muriy guruhi filmning ommaviy sahnasida suratga olish uchun besh yuzdan ortiq otliqni yig‘ishi lozim edi. Bu o‘ta murakkab vazifa edi. Otlar va ularning egalarini turli xo‘jaliklardan to‘plash kerak edi.
Samarqand viloyatining turli tumanlaridan taklif etilgan chavandozlar erta tongda belgilangan joyga yig‘ilib kelmasdilar, bu esa suratga tushirishni boshlash vaqti cho‘zilishiga olib kelardi.
Suratga olish maydonidan uncha uzoq bo‘lmagan joyga palatkalar tikishga va to‘rt yuzta ot uchun otxona qurishga qaror qilindi. Bu palatkalar va otxona to biz suratga olishni tugatgunga qadar saqlanib turdi.

Rejissyorlik stsenariysi yozilishi bosqichida hamma narsani hisobga olib bo‘lmaydi. Suratga olish maydonchasida joyning o‘ziga xosligi, ishtirokchilar soni, dekoratsiyani qurish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda stsenariy ayrim o‘zgarishlarga, tuzatishlarga duchor bo‘lishi mumkin.
Tomoshabin uchun tasvir ta’siri kuchini oshirish maqsadida ulkan maydonda dorlar yasab, ularga tashqi qiyofasi asir hindlarga o‘xshash tulum-qo‘g‘irchoqlarni osib qo‘ydik. Har bir ustun tagiga tez yonadigan, baland olov hosil etadigan materiallardan qo‘yib chiqdik.
Kadrda olovda jizg‘inak bo‘layotgan odamlar tanasini ko‘rsatish uchun bir nechta ustunga kaskadyorlarni bog‘ladik. Biron xavf tug‘ilgan taqdirda darhol kuchli suv oqimini yo‘llash uchun ularga yong‘in o‘chiruvchi mashinalarning branspoytlari to‘g‘rilandi.
Aktyorlar suratga olish appparatiga yaqin joyda sahnani o‘ynashlari kerak edi. Ular atrofida ham olov yondirildi, lekin ularga olovdan xavfsiz masofa aniqlab berildi.
Gulxanlar yoqilib, olov ustunlarga bog‘langan manekenlarni domiga ola boshladi, oldingi planda quturgan o‘t ichida qolgan aktyorlar ko‘rindi, ana shunda kadrda haqiqiy do‘zax manzarasi namoyon bo‘ldi: odamlar yonardi, dorga osilgan tanalar yonardi, yer yonardi, osmon yonardi, koinot olov ichida edi.
Filmda bu epizod juda kuchli hissiy ta’sir ko‘rsatadi.
Biz murakkab sahnalarni suratga oldik. Lekin quvonishga erta edi. Olingan material tasmalari “O‘zbekfilm” kinolaboratoriyasida ishlovdan o‘tganidan so‘ng bir murakkab kadr operatorlik guruhi aybi bilan brakka chiqqani ma’lum bo‘ldi.
Keyinroq bu sahnani qaytadan tashkil etishga va qaytadan tasvirga tushirishga to‘g‘ri keldi. Shu sababli operatorlik guruhi navbatdagi pul mukofotidan mahrum qilindi.

* * *

Toshkentda tasvirga tushirishni boshlaganimizda chidab bo‘lmas darajada issiq edi. Iyul oyi boshlanmoqda edi.
Suratga olish uchun tuyalar, otlar, mollar, qo‘y-echkilar keltirildi. Qadimiy liboslar kiygan ko‘plab odamlar paydo bo‘lishdi. Hammayoq shovqin-suron, qiy-chuv. Odamlar va hayvonlar issiqdan qaqrab ketgan yerdan o‘tganlarida quyuq chang ko‘kka o‘rlardi.
Nafaqat ishlash, balki nafas olish ham og‘ir edi. Biz terga g‘arq botgan ko‘yi tinmay qaynoq choy ichardik.
Shunday lahzalar ham bo‘lardiki, men deyarli hushimni yo‘qotardim. Aynan shu ish jarayonida men otashin quyosh va qaynoq projektorlar harorati ta’sirida limfaleykoz xasataligiga chalinib qoldim va hozirgacha davolanib kelmoqdaman.
O‘sha payti esa, ishga jon-dilim bilan berilib ketganimdanmi, nima uchun tez-tez issig‘im ko‘tarilib ketayotganini, o‘zimning esa quyosh nurida qolishdan cho‘chiyotganimni tushunmasdim.
Filmda ko‘p aktyorlar va ommaviy sahnalar ishtirokchilari qatnashayotgan bo‘lsa biz ko‘proq kadrni suratga olib qolishga ulgurish uchun dam olishsiz, kuniga o‘n ikki soatlab ishlashga harakat qilamiz. Odatda ommaviy sahnada ishtirok etayotganlar tasvirga tushirish maydonchasida ishning bu qadar sermashaqqat, azobli ekanini ko‘rib, ertasi kuni kelmayoq qo‘ya qoladilar.
Suratga olish guruhi uchun sinovlar davom etaverdi: Suhrobning hovlisi va ko‘chasi bilan bog‘liq epizodlar kechasi tasvirga tushirilishi kerak edi. Bu dekoratsiyalarda Qiyot shahriga dushmanlar to‘satdan hujum qilib, hamma narsani vayron qilishini, kulini ko‘kka sovurishini ko‘rsatishimiz kerak edi. Kadrda aktyorlar bilan birga qariyalar, ayollar, bolalar, askarlar va otliqlar ham ishtirok etishardi.
“O‘zbekfilm”ning yarim natura maydonini egallagan dekoratsiyalar tez yonuvchi materiallar bilan o‘rab qo‘yilgandi. Pirotexnika vositalari ham katta miqdorda tayyorlab qo‘yilgandi.
Tasvirning ta’sir kuchini yanada oshirish uchun biz ko‘plab odamlar, otliqlar, yonayotgan ob’ektlarni umumiy planlarda oldik. Aktyorlar, ommaviy sahna ishtirokchilari, suratga olish guruhi tutun va issiqdan rosa azob chekardi.
Voqea ko‘lamini ko‘rsatish maqsadida men katta operatorlik krani yordamida suratga olish kameram bilan eng baland nuqtaga ko‘tarildim. Olovdan o‘zimni himoya qilish uchun yong‘in o‘chiruvchilarning maxsus kostyumini kiyib olgandim. Biroq, shunga qaramasdan, lovullab yonayotgan olov tillari meni har tomondan qurshab oldi.
Bizni kuzatib turgan o‘t o‘chiruvchilar esa xavfni payqab qolishgan zahoti menga qarab branspoytlardan kuchli suv oqimini yo‘llashdi. Hozirgina chidab bo‘lmas darajadagi issiqda turgan odam birdan muzday suv tagida qoldi...
Suratga olish ishlari to‘xtatildi. Kran xartumi pastga tushirildi, meni darhol quritishga o‘tishdi. Omadim kelgan ekan, olov menga zarar yetkazib ulgurmabdi.
Birozdan so‘ng suratga olish ishlari davom ettirildi. Suhrob Beruniyni ta’qib etuvchilardan qutqarib qolishi sahnasi tasvirga tushirilishi kerak edi. Bu kadr ham olov va tutun ichida suratga olindi. Suhrob rolini aktyor Baxtiyor Ixtiyorov ijro etdi. Kamera bilan Suhrobning harakatini uzluksiz kuzatib borayotgandim, birdan u kadrda yo‘qolib qoldi. Jahlim chiqib ketdi. Axir bu kadrni uzoq vaqt repetitsiya qilgandik, har bitta ishtirokchining harakati miridan-sirigacha ko‘rib chiqilgandi.
Ma’lum bo‘ldiki, olovning achchiq dudi sabab Baxtiyor hushdan ketgan ekan. Aktyor yana suratga tushishga tayyor emasdi. Sahnani boshqa kunga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi.
“Sahro”, “Xaroba quduq” ob’ektlari uchun natura Arnasoyda tanlandi. Kadrda personajlardan tashqari tuyalar karvoni ham qatnashishi kerak edi. Guruh ma’muriyatiga Arnasoyning qozoq ovullaridan yetarli darajada ot va tuya to‘plash unchalik mushkullik tug‘dirmasdi. Bu sahnada Xorazm shohining Beruniy boshchiligidagi vakillari Xalifaning elchilarini kutib olishlari kerak edi. Uchrashuv kechasi, Mahmud G‘aznaviyning ayg‘oqchilari ko‘zidan pana joyda kechishi kerak edi.
Tasviriy jihatdan esa odamlarning tungi sahrodagi qo‘rquvini berishimiz lozim edi, chunki ular istagan soniyada Mahmud G‘aznaviy odamlari qo‘liga tushib qolishlari mumkin. Beruniy elchilarni topib borish uchun tungi osmonda yulduzlarga qarab yo‘l boshlardi, ekranda ana shu holatni berish bo‘yicha muammo paydo bo‘ldi.
Tunda ko‘p miqdordagi odamlar va hayvonlarni suratga olish o‘ta murakkab ish edi. Bu katta ob’ektni suratga olishga bir haftaga yaqin vaqt mo‘ljallangandi. Bir necha tunni sahroda o‘tkazganimizdan keyin suratga olishni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Biz kadrda personajlarning harakatini yulduzli osmon fonida ko‘rsatishimiz kerak edi. Kinotasma sezgirligining kichikligi tufayli ko‘kdagi yulduzlar unda o‘zining to‘la aksini topolmasdi. Busiz epizodning ma’no va mazmuni yo‘qolardi. Muammoni keyingi tasvirga olishlarni “O‘zbekfilm” kinostudiyasidagi pavilonga ko‘chirish bilan hal qiladigan bo‘ldik.
Rassom E. Kalontarov pavilonning bir qismida sahro va xaroba quduqni qurishni boshlab yubordi. Qorong‘u tun manzarasini hosil qilish uchun katta pavilonning barcha devorlariga qora qog‘oz yopishtirib chiqdi. Ko‘kdagi yulduzlarni esa turli kattalikdagi yaltiroq metall zo‘ldirlarni ingichka simlarga osib qo‘yish bilan hosil etdik. Pastdan bu shariklarni kuchli projektorlar bilan yoritib turdik. Natijada “haqiqiy” yulduzlar charaqlab turgan osmon paydo bo‘ldi.
Pavilonda turli projektorlar yordamida tun manzarasini hosil qilish ham osonlashdi. Naturada olingan kadrlar pavilondagidan farq qilmasligi uchun yoritish tizimi bilan alohida ishlashga to‘g‘ri keldi.
“O‘zbekfilm” tarixida birinchi marta katta pavilon va kollektorni qamrab olgan ulkan dekoratsiya qurilgan edi.
“Mahmud G‘aznaviyning saroyi” ob’ekti katta hajmli bo‘lganli sababli uni tasvirga tushirishga ikki haftadan ko‘proq vaqt ajratilgan edi. Bir smenaning o‘ziga bir yarim ming kilovatt elektr energiyasi dekoratsiyani yoritish uchun sarflanardi. Yuzdan ortiq projektor ishlardi. Vaqtni iqtisod qilish uchun oldindan, aktyorlar ishtirokisiz dekoratsiyaga chiroqlar qo‘yib chiqilardi. Shuning o‘ziga ham bir smena vaqt ketardi.

...Filmimizning birinchi namoyishi Chilonzor ko‘chasidagi eski Kinochilar uyi zalida bo‘lib o‘tdi.
Zal tomoshabinga to‘lgan edi. Ko‘plar joy yetmay qolganligi bois yo‘laklarda, o‘tish joylarida tik turishardi.
Film ekranlarga chiqarilganidan keyin Ashxobod va Bokuda ham tomoshabin to‘la zallarda namoyish qilindi. Kartinamiz haqida ijobiy munosabatlarni, haya-jonli maqtovlarni eshitish yoqimli edi.
Men ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lgan Kishinyov kinofestivalida (1975 yil) filmimiz Bosh sovrin bilan taqdirlandi.
Tehronda o‘tgan xalqaro kinofestivalda (1977 yil) ham filmimiz “Oltin delfin” Bosh sovriniga munosib ko‘rildi.
Shu film uchun Shuhrat Abbosovga Hamza nomidagi Davlat mukofoti berildi.
Film muvaffaqiyati bizni qanotlantirdi. Biz yanada yaxshiroq, yanada sifatliroq film yaratishni istardik...

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 3 (244)-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.