OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim G‘afurov. Qur’on tarjimalari: tajribalar

Yo Yahyo, xuzil kitoba biquvvatin...

(Yo Yahyo, kitobni mahkam tut...)

“Maryam”, 12-oyat

Xudo har bir insonga uning bo‘yin tomiridan ham yaqin deyilgan. Xuddi shuningdek, Allohning kalomi ham har bir insonga shunday yaqin. Xudoning o‘zi mehr bilan yaratgan va tarbiyalagan Insonga yetkazgan So‘zlari — pandu nasihatlari, yashamoq yo‘l-yo‘riqlari, tartib-intizomlari, man etganlari hamda buyurganlari, iroda etmish barcha hukmlarini inson qanchalar teran tushunib, anglab yetsa, ular haqida butun aqlining kuchini ishlatib o‘ylasa, fikr yuritsa, o‘z hayotini hidoyat asosiga qursa, Alloh bilan Inson o‘rtasida yaqinlik hamda Kalom bilan Inson o‘rtasida yaqinlik shunchalar ortib boradi. Alloh o‘zi aytmoqchi, faqat Yaxshilikka buyuradi, yomonlik va turli razolatlar, qonxo‘rlik va turlicha nafs tug‘yonlaridan, ularning fojiali oqibatlaridan qaytaradi.

Qanchadan-qancha odamzod qavmlari qabohat chohiga botib ketdi. Yer yuzi sayyora miqyosida ne-ne to‘fonlar, zilzilalar, mangu sovuq, mangu issiqlar girdobida qayta-qayta bino bo‘ldi. Keyingi zamonlardagi Birinchi va Ikkinchi jahon urushi qirg‘inlari, tirik jonzotlar uzra yadro qurollarining portlatilishi, ularning yerni mahv etish maqsadida tinimsiz sinab ko‘rilishi, din niqobi ostida yovuz tajovuzlarning avj olishi — bular bari Oxirzamon nishonalaridir. Yer kurrasini Shimoliy va Janubiy Qutblarning tarang muzliklari mustahkam tutib turadi. Endilikda ayrim buyuk davlatlar shu ikki Qutb tagidagi boyliklarning zahiralarini talash va birdan-bir makonimiz bo‘lmish sayyoramizni tuxum po‘chog‘idek qilib qo‘yish rejalarini tuzib, bir-birlari bilan kon, joy talashmoqda. Sayyoramizni bunday talon-taroj qilishga urinishlar — og‘ir zamonlarning nishonalaridir. O‘z-o‘zidan Qiyomat hech qachon bo‘lmagay. U faqat razolat so‘ng nuqtaga ko‘tarilgandagina va Inson shu go‘zal sayyorada umrguzarlik qilishga noloyiq, nobop bo‘lib qolgan oxirgi palladagina ro‘y beradi. Qur’onning har bir oyati shundan darak beradi va ogohlantiradi. Umid shundaki, bunday razolatlardan saqlanish va o‘zni tiyish odamlar va ularning hozirgi zamon jamiyatlarining o‘z qo‘lida, irodasida. Alloh buning ibratlari va saboqlarini Mehribonlik kitobi bo‘lmish Qur’onda ta’sirli qissalar, ibratli masalalar, Inson aqlini quvvatlantiruvchi hikmatlar va mav’izalarda Rahm qudrati bilan aytib o‘tadi.

Istiqlol tufayli O‘zbekistonda Qur’on va muqaddas hadislarni nashr etish, tushunishning yangi zamoni boshlandi. Qur’onni bilish va yuraklarga jo etishning yangi davri keldi.

Qur’onga rioya etish, uning hidoyatiga ergashish, to‘la bahramand bo‘lish vaqti yetdi.

Qur’onga rioya etmoqlikning eshiklari ochildi. Chunki endi uni har kim bilmog‘i mumkin. O‘zbekiston xonadonlariga Qur’onning o‘zbek adabiy tiliga bir emas, bir necha tarjimalari ishonch va iymon bilan kirib bordi. O‘tgan asrning elliginchi-oltmishinchi yillarida biz, arab tilidan bexabar yoshlar Qur’onning rus tiliga muhtaram Sablukov va Krachkovskiy tarjimalarini kutubxonalardan bazo‘r topib o‘qishga muyassar bo‘lganmiz. O‘shanda ilk bor yuragimizga Qur’on muhabbati tushgan. Bu butun dunyodagi insonlarga yuborilgan hidoyat deb anglaganmiz.

Qanday saodatli ziyomand zamonlar yetishib keldiki, arab tili, islom ilmi, madaniyati, tarixi, diniy va dunyoviy ahkomlari, ularning zamona kishilari hayot tarzidagi o‘rnini yaxshi bilgan arab tili bilimdonlari — allomalar tomonidan Qur’onning sharhlar bilan ta’minlangan “ma’nolar tarjimalari” amalga oshirildi. O‘zbekistonda yashovchi kishilar ilk bora Qur’on ma’nolari, ilohiy ohanglari, timsollari, mo‘‘jiza o‘gitlari okeaniga o‘z ona tili qudrati, poetik salohiyati to‘lqinida yetishib bordilar. Tubsiz ma’nolarni ilgari faqat g‘avvos mutasavviflar, qilni qirq yorgan ulamolar, darveshlar, faqihlar, qoriyu qurrolargina anglab bilgan bo‘lsalar, endi Allohning sara kishilargagina emas, jamiki o‘zi yaratgan, tarbiyalagan insonlarga qarata aytgan xos so‘zlarini xalqning keng vakillari, qatlamlari bilish, tushunishlariga azim, erkin yo‘llar ochildi. Islomning nimaligini mullalarning og‘zaki bayonlari, sharhlari, tushuntirishlari va o‘ziga yarasha tushunchalari orqali eshitgan, bilgan kishilar endi o‘zlari, o‘z savodlari darajasida, ishtiyoqlari qadr qilgancha Qur’on va Hadis ichiga kirib boryaptilar.

Albatta, tarjima har qancha mukammal bo‘lmasin, hech qachon u asliyatning o‘rnini bosolmaydi. Tarjima asliyatga tenglasholmaydi. Ibodatda esa asliyat o‘rniga o‘tmaydi. Asl ohang, asl so‘z va asl sir-sinoat doim asliyatning o‘zida. Islomda ibodatlarni asliyat birla ado etish bu mislsiz ne’mat!

Shular bilan birga Qur’on yolg‘iz arab tilli xalqlarning emas, Yer yuzidagi barcha xudojo‘y, pokdil, yaxshilik tuyg‘usi bilan yashaydiganlar va umrlarni shular bilan o‘lchaydiganlarning mulki, ma’naviy-ruhiy xaloskor so‘zi, umr dovonlarida eng mustahkam tayanchi.

Shuning uchun Qur’onning dunyodagi barcha tillarga tarjima qilinishi buyuk madaniy-ma’rifiy hodisadir. Tarjima esa ma’rifat qo‘ng‘irog‘i.

Keyingi o‘n yillar ichida Qur’onning Shayx Alovuddin Mansur (1992), Shayx Abdulaziz Mansurov (2001), Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1991), Shayx Shamsiddin Boboxonov (1991), Sayyid Mahmud Taroziy (1994) izohli, sharhli, tafsirli tarjimalari o‘zbek tilida dunyo yuzini ko‘rdi. Bu tarjimalarning umumiy xususiyati sodda, tushunarli zamonaviy o‘zbek adabiy tilida yangraganligidir.

Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti 2000 yilda XII — XIII asrlarning yodgorligi deb hisoblab kelinayotgan “Turkiy tafsir”ning faksimil nashrini amalga oshirdi. Tilimizning o‘sha zamonlardagi ifoda qudratini Qur’onday o‘lmas obida tarjimasi vositasida namoyon qilgan ushbu bebaho asarning muallifi ismi hali-hamon ilm dunyosiga qorong‘uligicha qolmoqda. Ammo uning tili, tekshiruvchilar bir og‘izdan ta’kidlashganday, Mahmud Koshg‘ariy, Ahmad Yugnakiy, Yusuf Xos Xojib va ayniqsa, Qutb Xorazmiy, Sayfi Saroiy, Haydar Xorazmiy va Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziyning ulug‘ asarlari tiliga g‘oyatda yaqin, yana ham to‘g‘rirog‘i, shu ko‘hna o‘zbek adiblarining asarlarida mujassamlashgan umumiy o‘zbek adabiy tilida yaratilgandir. Ayniqsa, u “Qisas” hamda “Xisrav va Shirin” tiliga, uslubiga shu qadar hamohangki, uni Qutb yoki Rabg‘uziy yozmaganmikin, degan xayolga ham borasiz. Lekin aniq dalil bo‘lmagach, buni qat’i aytolmaysiz. Turdi “to‘qson iki bori o‘zbek elidur...”, degan jumlani yozib qoldirgan. O‘zi to‘qson ikkita bo‘lsa ham, lekin yagona umumiy o‘zbek tili — (lahjalaridan qat’i nazar) ularning barchalariga tushunarli o‘zbek tili edi. Qur’onning ilk tarjimasi mana shu yagona umumiy o‘zbek tilida yaratilgan. U ulkan madaniy obida. Tafsir muallifi Qur’on oyatlari ostiga juda sodda va o‘ta tushunarli o‘zbekcha tarjimasini beradi. O‘qigan kishi oyatlarning asli hamda o‘zbek tiliga tarjimasida ularning to‘g‘ri ma’nolarini o‘zlashtirib boradi. O‘zbek tilimizga ko‘p xizmatlar qilgan ulkan olim A.K.Borovkov “Tafsir”ning ifodaviyligi, til xususiyatlarining qimmatiga lol qolib, darhol “Leksika Sredneaziatskogo tefsira XII — XIIIvv.” degan juda qimmatli leksik kitobini (1963) yaratgan edi.

Tarixan qisqa davr ichida Qur’onning mana shunday rang-barang tarjimalarining zamon o‘quvchisiga taqdim etilishini juda katta tarixiy madaniy hodisa deb atash mumkin. Bu, birinchidan, Qur’onga haqiqiy qiziqishning ortgani, ikkinchi yoqdan, asliyatga iloji boricha yaqinlashib borishga intilishlar kuchayganini ko‘rsatadi. Uchinchidan, talqin va sharhlarda diniy-mistik qobiqlardan asta-sekin chiqib, keng dunyoqarash bilan ilmiy sharhlashga o‘tish har qalay sezilmoqda. Shu bilan birga, bu tarjimalarning har biri o‘ziga yarasha qimmatga ega. Yana bir qimmatli jihati shundaki, ular ilmiy asosi mustahkam, har tomonlama dunyo tajribalari asosida tekshirilgan akademik nashrga yo‘l ochadi. Bu tarjimalarsiz akademik nashrni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yevropa, Amerika, ayrim Sharq mamlakatlarida Qur’onning ilmiy akademik tarjimalari amalga oshirilgan. Germaniyada qilingan tarjimalari ichida sharqshunos R.Paretning 1963 — 1966 yillarda chiqargan nemis tiliga tarjimasi eng aniq ilmiy tarjimalardan sanaladi. Inglizcha akademik nashri 1969 yilda Angliyada “Qur’on interpretatsiyalari” (talqinlari) deb nomlanib nashr etilgan. Qur’onning boshqa tillarga qilingan eng yangi tarjimasi mualliflaridan ajoyib tarjimon Valeriya Poroxova Damashq — Moskvada 1995 yilda nashr etilgan nodir tarjimasida ushbu ingliz tilidagi tarjimaga iqtibosan o‘z tarjimasini “Koran. Perevod smыslov” deb nomlaganligini yozadi (Koran. Perevod smыslov. Damask — Moskva, 1995 g.). Valeriya Poroxova arab tilini juda chuqur biladi. U ko‘p vaqtlar arab ulamolari doiralari ichida yashagan va Qur’onni o‘rganishga juda ko‘p yillarni sarflagan. U kitobga yozgan so‘zboshida “ma’noni imkoni boricha aniq ifodalash” — tarjimonning asosiy maqsadi ekanligini aytadi. U Qur’onni ilmiy talqin qilishning ahamiyati haqida bir qator mulohazalarini o‘rtaga qo‘yadi. Valeriya Poroxova Qur’onni she’riy tarjima etishga jazm etadi. Emotsional ko‘tarinkilikni berishda katta natijalarga erishadi. Shu bilan birga, tarjimaning adekvatligi ustida jiddiy qayg‘uradi. Qur’onni so‘zma-so‘z tarjima qilib bo‘lmaydi, degan fikr juda qadimlardan beri mavjud. Shuning uchun tarjimada ko‘proq tafsir, ya’ni bayon va sharh yo‘lidan borish, ya’ni tafsir qilish odat tusiga kirib, an’anaga aylangan. So‘zma-so‘z tarjimalar Qur’on oyatlari ostida, ya’ni asliyat bilan birga berib boriladigan tarjimalardagina qo‘l kelishi va Qur’onni o‘rganishda samarali amaliy foyda keltirishi mumkin. Lekin asliyatdan xoli tarzda so‘zma-so‘z tarjimani chiqarib bo‘lmaydi.

Ma’nolar tarjimasi degan tushunchani ham turlicha anglash va tushunish ehtimoldan uzoq emas. Ma’nolar tarjimasi deyilganda, talqinlar — interpretatsiyalarga — ularning nozikliklariga yo‘l ochiladi. So‘zma-so‘z tarjimada so‘zlar va jumlalarning aniq tarjimalari ifodalanadi. Lekin bunda badiiylik va uslub yuzaga chiqmaydi. “Tafsir”ning tarjimasi shunday so‘zma-so‘z tarjimaning yaqqol namunasi. Hazrat Sayyid Mahmud Taroziy tarjimasi ham shunday so‘zma-so‘z tarjimaga yaqin. Uni ham faqat asliyat bilan birga o‘qigan ma’qul. U Qur’on oyatlariga so‘zma-so‘z, jumla-bajumla ergashib, ularga hamrohlik qilib boradi. (Hazrat Sayyid Taroziy (Oltinxon To‘ra 1991 yilda 98 yoshda vafot etgan)ning sharhli tarjimasi 1990 yilda Istanbulda asliyat bilan birga nashr qilingan. U “Turkistoniy tiliga tarjima” deyilgan va xorijiy mamlakatlarda yashovchi turkistonliklar hamda ularning til xususiyatlari, tushunchalariga mos holda chiqarilgan. Sayyid Taroziy tarjima va sharhni 1956 yilda tamomlagan. 1975 yilda Pokistonda bosmadan chiqargan. Taniqli arabshunos Ismatulla Abdullaev 1994 yilda ana shu nashrdan o‘zbek kirillitsasiga tabdil etib, o‘z hisobidan 100 nusxa nashr etdi. U o‘z so‘zboshisida Qur’onning o‘zbek tiliga tarjimalari tarixi, Oltinxon To‘ra tarjimasi, hayoti, ijodi haqida qimmatli ma’lumotlar keltirgan. Ismatulla Abdullaevning nashrida (1994 y.) faqat Oltinxon To‘ra tarjimasining o‘zi (asliyatsiz) keltirilgan. “Tafsiri Hilol” tarjimasi ham oyatlar bilan esh kelib, ularni so‘zma-so‘z izohlab boradi. Alouddin Mansur tarjimasida esa sharhlarga keng o‘rin ajratiladi. Sharhlar ham alohida, ham yana oyatlar tarjimalari ichida, ham qavs ichida keng qo‘llaniladi. Muallif Qur’on ma’nolari ilk o‘qiyotgan o‘quvchiga tushunarsiz bo‘lib qolishidan qattiq hadiksiraydi va ketma-ket izohlar bilan oyatlar ichini to‘ldirib tashlaydi. Bu sharhli tarjima uchun unchalar g‘ayritabiiy emas. Lekin juda ko‘p o‘rinlarda kalom sharhlar va izohlar ichida ko‘rinmay ketadi. Bu asl ma’noni qabul qilishni juda qiyinlashtiradi. Bu tomondan Abdulaziz Mansur tarjimasi ancha oldinga siljigan. Oyatlar oralab izohlar ancha me’yorida qo‘llangan. Lekin bu yerda ham oyatlar aro izohlar kalomni har tomondan bo‘lib, ajratib turadi. Kalom yaxlit emas. Qabuli ham yaxlit emas. Kalomga qaray desangiz, izoh qolib ketadi, izohlarga e’tibor qilay deyilsa, kalom uzuq-yuluq qolib ketadi. Buning ham birdan bir sababi kalomning noto‘g‘ri o‘qilishidan hadiksirash. Holbuki, aniq, adekvat tarjima qilinsa, noto‘g‘ri o‘qish, tushunishga o‘rin qolmaydi. Bu ikki e’tiborli tarjima yuzasidan chiqarish mumkin bo‘lgan dastlabki xulosalar quyidagicha:

1. Oyatlarni aniq tarjima qilish va ularda faqat Xudoning o‘zi tushirgan kalomnigina aks ettirish. Oraga hech qanday izoh, sharh, bayon qo‘shmaslik.

2. Albatta, sharh, bayon, izohlar juda zarur. Ular har qancha bo‘lganda ham ortiqchalik qilmaydi. Lekin ularni o‘z o‘rnida alohida qilib bergan ma’qul. 2001 yilgi nashrda shunday alohida sahifa tagida keltirilgan qisqa sharhlar bor. Lekin ular yetarli emas. Juda ko‘p istilohlar, realiylar sharhsiz, tushuntirishsiz qolib ketgan. Bunda Germaniya, Angliya, Frantsiya, Amerika, Misr ilmiy akademik nashrlaridan ulgi olish foydali bo‘lardi. I.Yu.Krachkovskiy hamda Valeriya Poroxova oyatlar kalomini sof holda tarjima qilib, barcha izohlarni alohida o‘ringa qo‘yadilar. Nazarimizda bu, ayniqsa, ilohiy matnlar tarjimasida g‘oyatda zarur ilmiy usuldir.

Ikkinchi xulosa:

Qur’on istilohlari, terminlari imkoni boricha chuqur va har tomonlama tadqiq qilinishi va ushbu tekshirishlar ilmiy tarjimalarga singdirilishi zarur.

Bizning so‘zlashuv va yozuv tajribalarimizda so‘zning orttirma darajalarini qo‘llashga mayllar ancha kuchli ko‘zga tashlanadi. Chunonchi Sayyid Mahmud Taroziy hazratlari “Bismillohir Rahmonir Rahim” kalomini quyidagicha ifoda qiladilar: “Ibtido qilinur behad mehribon va nihoyatda rahmdil Alloh nomi ila”. Bunda “ibtido qilinur”, “behad” va “nihoyatda” degan so‘zlar mubolag‘a. Asliyatga nisbatan ular ortiqcha. Asliyat kalomi yombi, nodir, qisqa va tez esda qoladi. Insof bilan aytganda, uch asliy so‘z orasiga ortiqcha so‘z nari tursin hatto havo zarrasini ham kiritib bo‘lmaydi. Ko‘pso‘zlilik doimo tarjimani susaytiradi, lo‘ndalikka va ta’sirchanlikka putur yetadi. Muhtarama Valeriya Poroxova “Rahmon”ni “Vsemilostivыy” degan so‘z bilan o‘giradi. “Vse” degan orttirma daraja bu yerda o‘rinsiz. Matnda “kulli rahmon” deyilayotgani yo‘q. Shuning uchun Krachkovskiy “milostivыy” deb beradi va to‘g‘ri qiladi. Bu kalomni muhtarama mutarjim doktor Sumayya Afifiy hamda doktor Abdel Salom al-Mansiy Qur’onning rus tiliga qilingan eng yangi tarjima nashrida ham “Vo imya Allaxa milostivogo, miloserdnogo!”, deb talqin etadilar. Shamsiddin Boboxonov, Abdulaziz Mansur, Alouddin Mansur “Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman)“, deb o‘giradilar. Bu ayni adekvat tarjima. O‘zbek o‘quvchisiga yaxshi tushunarli. Bismilloh, lo iloha ilalloh singari o‘ta xos iboralar hamda Allohning go‘zal ismlarini asliyatda qanday bo‘lsa, tarjimalarda ham shunday o‘zgartirmay saqlash o‘rinli bo‘lar edi. Bularni har qanday tarjima matnida arabchasi qanday bo‘lsa, shundayicha ifodalash va alohida izohda ular tarjimasini ko‘rsatib o‘tish matn koloritini, uning ohangdorligini kuchaytiradi. Alloh islom diniga, uning ahkomlariga e’tiqod qilgan millionlab kishilar qalbiga xuddi shu asl sifatlar, nomlar bilan kirib borgan va shunday qabul etilgan. Atributlarni o‘zgartirish o‘zini oqlamaydi. Tarjima qonuniyatlariga ko‘ra ham realiylarni asl holicha berish o‘zini oqlaydi. Yana bir muhim jihati asl realiylar, istiloh-terminlar bilan birga islom g‘oyasining o‘ziga xosliklari boshqa til muhitlariga ham o‘tib boradi. Ular islomning o‘ziga xos din ekanligiga urg‘u beradi. Realiylarni o‘z asl holicha berish ilohiy matnning yuksak koloritini saqlashga xizmat qiladi. Mo‘min, islom, musulmon, iymon, Alloh, rasul, xanif, karim, rahim, rahmon, qahhor, jabbor, fiqh, hadis, shariat singari yuzlab tushunchalar va terminlar ming yildan ortiq davrdan buyon tilimizga qanday singib, o‘zlashib ketgan bo‘lsa, Allohning go‘zal ismlari — sifatlari ham shunday singib, o‘zlashib boraveradi. Bunda o‘zlashish sari solingan katta yo‘l shlagbaumsiz kelajak ufqlari sari olib boradi. Alloh ismlari bilan birga ilohiy suralarning asl nomlari ham tilmizga kiradi va bora-bora tarjimasiz ham tushunarli bo‘lib qoladi. Shuning uchun ayrim tarjima versiyalarida suralarning nomlari asl holicha keltirilayotgani, sahifa ostidagi izohlarda ularning ma’nosi va ayrim hollarda ularning tarixiy ma’nosi keltirilayotgani o‘quvchi uchun katta davlatdir. Suralarning asl nomlarini bilish bilan tushunchalarimiz boyiydi, Qur’onning ilohiy yuksak muhitida nafas olishga yetaklaydi. Bu kabi keng va chuqur zaruriy ishlarni, tekstologik ishlanmalarni, albatta, ilmiy akademik nashrda amalga oshirish o‘z-o‘zidan zaruratga aylanadi. Akademik nashr qiziquvchilar va o‘rganuvchilarning har qanday savollariga labbay deb javob beroladigan nashr bo‘ladi. Uning yaratilishida hozirgacha bo‘lgan barcha tarjima versiyalari ulkan asos, moya vazifasini o‘taydi. O‘z-o‘zidan ravshanki, hozirgi bir qancha tarjima versiyalari bo‘lmaganda, e’tiborli ilmiy akademik nashr haqida so‘z yuritish ham qiyin bo‘lardi.

Hozir qo‘limizda mavjud va katta minnatdorlik bilan foydalanilayotgan nashrlarning har birining o‘z foydali, yutuq tomonlari, jozibasi bor. Ular juda katta mashaqqatli mehnat va izlanishlar natijasida yuzaga chiqqan.

Lekin hali bizda Qur’onning asl hissiy-ruhiy badiiy qudrati va shiddati, poetik ohangdorligining tovlanishlari va mo‘‘jizalari adekvat saqlangan o‘zbek tilidagi tarjimasi amalga oshirilgan emas. Ayniqsa, o‘ttizinchi pora suralarining shahdu shiddati va samoviy hayajonlari tarjimada muqobil ifodalangan o‘rinlar kamdan-kam uchraydi. Eng oliy hayajonli o‘rinlarda ham oyatlar iloji boricha soddalashtirib, iloji boricha tushunarli qilib berishga harakat qilingan. Bu hozirgi barcha tarjima versiyalarning umumiy xususiyati. Ko‘pincha bu yuksak ilohiy hayajonlarni tarjima so‘zida ifoda qilib bo‘lmaydi, degan fikr yuradi. Va ko‘p payt ijodkor qo‘llarini bog‘laydi. Lekin domla Sablukov, domla Krachkovskiy, Valeriya Poroxova xonim hatto she’riy yo‘l bilan buni o‘z tillarida har qalay ifodalash usulini topishga urindilar-ku! O‘zbek tilida ham vaqti-soati bilan eng adekvat tarjima, eng hayajonli (Qur’on darajasidagi hayajonli) tarjima bo‘lishini orzu qilamiz.

XX asr jahonning ulkan alloma adiblaridan biri Umberto Eko tarjima nima, degan savolga javob berarkan, u “aynan aytish”, deydi. Ya’ni original tilidagi matnni har qanday boshqa tilda aynan aytish, to‘g‘rirog‘i, aynan ifodalash. Tarjimaning eng oddiy, eng to‘g‘ri ta’rifi shu. Uni tarjimaning universal ta’rifi deb aytish ham mumkin. Shunga ko‘ra oyatlarning ayrim tarjimalariga nazar tashlaylik. “Maorij” surasida qiyomat manzaralari bag‘oyat o‘tkir va ta’sirli, qo‘rqinch iboralarda ta’riflanadi. Undan bir oyat: Yavma takun s-samou kal-muxli (70, 8).

“U kunda osmon yog‘ning quyqasidek bo‘lib qolur”.

Abdulaziz Mansur tarjimasi (588-b.).

“V tot den, kogda nebo budet kak med rasplavlennaya”.

L.Krachkovskiy tarjimasi, (471-s.).

“U kunda osmon eritilgan mis kabi bo‘lib qolur”.

Alouddin Mansur tarjimasi, (458-b.).

“Tot Den,

Kogda rasplavlennoyu medyu stanet nebo”.

Valeriya Poroxova tarjimasi, (613-b.).

“Ul kun osmon bo‘lur eritilgan mis kabi”.

Sayyid Taroziy tarjimasi

“V tot den nebo budet podobno rasplavlennomu serebru”.

Sumayya Afifiy va Al-Mansiy tarjimasi, (1168-b.).

“Ul kun ko‘k bo‘lur erigan oltun kumush kabi”.

XII asr eski o‘zbek tilidagi tarjima.

Qur’onning 2008 yilda Moskvada Elmar Kuliev tarjimasi va izohlari bilan chiqqan nashrida bu muxtasar oyat “V tot den kogda nebo stanet podobno rasplavlennomu metallu (ili usadku masla, ili krovavomu gnoyu)” (s.574), deb g‘oyatda umumlashtirib, chalg‘itib talqin etiladi.

Qur’on asliyatidagi “kal-muxli” birikmasining qaysi bir tarjimasi to‘g‘ri? To‘rt tarjimon uni “eritilgan mis kabi” deb talqin etadi. Nisbatan yangi va to‘la jiddiy Qohira nashrida “eritilgan kumush kabi”, deb o‘giriladi.

Eritilgan mis bilan eritilgan kumushning farqi bormi? XII asrdagi noma’lum muallifimiz esa bu holni “erigan oltun kumush kabi”, deb tasavvur qilmoqda. Eng yangi tarjimonimiz esa butunlay o‘zgacha tasavvurda: “osmon yog‘ning quyqasidek bo‘lib qolur”, degan talqinni taklif etmoqda.

Xo‘sh, bu talqinlarning qay biri to‘g‘ri? Qay biri originalga yaqin? “Kal-muxli” tarjimasining asl ekvivalenti qanday ifodalanadi? Zamon o‘quvchilariga shu kabi ko‘pdan ko‘p o‘rinlarni aniqlab berish uchun ilmiy akademik nashr zarur emasmi?

Barcha mufassirlar Qur’onni o‘qish va uqish Yaratganga yaqinlashish yo‘li, zulmatdan yorug‘likka chiqish va yetishish yo‘li, deb to‘g‘ri tushuntiradilar. Qur’onning o‘z shahodatiga suyanib, uni turli o‘zgarish va o‘zgartirishlardan Allohning o‘zi asraydi, deb uqtiradilar. 2000 yil ruschaga qilingan tarjimaning Qohira nashrida doktor Muhammad Tantoviy so‘zboshida shunday haqqoniy fiklarni aytadi: “Odamlar va xalqlar Qur’onni va uning yo‘l-yo‘riqlari, ahkomlarini o‘zlariga rahbar qilib olsalargina baxt-saodatga erishadilar. Ushbu hidoyatga Qur’onning, uning kalomlarining ma’nolari, ifodalarini talqin qilmasdan, tushuntirmasdan, tadqiq etmasdan yetib bo‘lmaydi, mana shu ilm-ta’limotni tafsir deb atashadi (talqin deyishadi)” (O‘zbekchaga tarjima). (Qohira nashri, 2000 yil, 12-13-b.). Shunday tafsirlarsiz bu kitobni anglash mushkul, deb yozadi u yana. Islom ulamolari hazrat Tantoviy va hazrat Zarkoviy Qur’onni tafsir qilganda iloji boricha sodda qilib va shu bilan birga iloji boricha aniq qilib tushuntirishga da’vat etadilar. Suyutiy, Ibn Battol kabi ulug‘ allomalar ilohiy kitobni boshqa tillarga tarjima qilish mumkin, ammo bunda bir muhim shartga rioya qilish darkor. Birinchidan, asl matnni aniq va so‘zma-so‘z berib, uning ostida boshqa tilga o‘girilgan ma’nolarini aks ettirish lozim, mana shu eng to‘g‘ri yo‘l, deb aytganlar.

Har holda ilohiy matnlarning o‘zbek tiliga tarjimasi printsiplari: qoidalari, yo‘l-yo‘riqlari muayyan tarzda aniq ishlab chiqilishiga zarurat tug‘ilayotgani sezilmoqda. Bularga grammatik printsiplar, badiiy printsiplar, sharhlash, izohlash printsiplari va ularning eng mukammal shakllari kiradi. Yevropa olimlari sinchkovlik bilan Qur’on atamalari, terminlari, realiylari ustida qunt bilan tekshirishlar olib borganlar. Hatto akademik N.Ya.Marr “Arabcha “hanif” termini va uning paleoantologik yoritilishi”, degan risola ham yozgan (1928).

Terminlarga boqaylik: “U osmonlar va yerni olti kunda yaratib, so‘ngra Arsh uzra mustaviy bo‘lgan zotdir” (Al-hadid, 4).

“Yaratdi ko‘klarni taqi yerlarni olti kun ichinda ondin so‘ng arig‘lik bo‘ldi arsh uza”(“Tafsir”). “Arig‘lik” bu yerda sokinlik, tinchlik ma’nosida.

“Tafsir” so‘zma-so‘z tarjimani oyatlar ostida berib borayotgan bo‘lsa ham, “huallaziy”ni tushirib qoldiradi. Undan keyingi so‘zlarni juda sodda va aniq o‘giradi. Faqat ohangdorlikni saqlash uchun “arz” so‘zini “erlarni” deb ag‘daradi. “Ko‘klarni va yerlarni” — juda ohangdor. Zamonaviy tarjimon bu yerda “osmonlar va yerni”, deydi. ”Arz”ni yerlar deb olish to‘g‘ri bo‘ladimi? ”Arz” matnda yer sayyorasi ma’nosida kelyapti. Uni ”erlar” deb olish unchalik to‘g‘ri emas. Boyxo‘janing yerlari deyish mumkin. Yer kurrasining qit’alari deyish mumkin. Lekin ”Arsh”ni ”erlar” deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. ”Arz”ni “erlar”deb bergan holda ”Tafsir” ”Arsh”ni o‘z holicha aks ettiradi. Eng yangi tarjimalarda ham bu tushuncha o‘z holicha ”Arsh” deb olingan. Endi juda qisqa oyatni ko‘raylik. ”Hua l-aziz ul-hakim”(”Al-hadid”).

”U qudrat va hikmat sohibidir” (1-oyat).

Tarjimon ”aziz” va”hakim”ni ”qudrat va hikmat sohibi”deb o‘giradi. Shu suraning uchinchi oyati: ”U Avval, Oxir, Zohir va Botindir. U barcha narsani biluvchidir”, deb ag‘dariladi. Ya’ni asl matndagi Avval, Oxir, Zohir, Botin tushunchalari o‘z holicha keltiriladi. Nega oldingi oyatdagi “Aziz” va “Hakim” tushunchalari tarjimada berildi-yu, keyingi oyatda o‘sha qatordagi Allohning to‘rt go‘zal sifati asl holicha olindi? Biz bu gapni printsiplarning shakllanmaganligiga misol uchun olmoqdamiz. Noto‘g‘ri tarjima demoqchi emasmiz. Yondoshuvlar turlicha. Shuning uchun tarjimada asliyatda yo‘q “zotdir”, “sohibidir” degan ortiqcha so‘zlar ko‘p ishlatiladi. Holbuki, bunga hojat yo‘q. “Oxir” va “Zohir” asl holicha olinganda, “Alim” — “biluvchi” deb ag‘dariladi. “Barcha narsalarni biluvchi Alimdir” — deb realiyni saqlagan holda koloritini keltirib o‘girish ham mumkin. Buning uchun esa tarjima printsiplari mukammal ishlangan bo‘lishi zarur. Sayyid Taroziy talqinida esa, aytaylik, “Avval” va “Oxir” o‘zicha olingan holda “Zohir” va “Botin” — “Oshkora” va “Maxfiy” deb qayd etiladi. Bu ham izchil bir printsipga amal qilmaslikdan. Yoki bir tarjimon “Aziz”ni “G‘olib” deb o‘giradi, boshqa tarjimon uni “Qudrat sohibi” deb oladi. Xos otlarni xilma-xil talqin etish joyiz emas. Bular tarjima matnlarini haddan tashqari soddalashtirishga olib boradi. “Allohning chiroyli ismlari bordir. Uni o‘shalar bilan atangizlar” (“A’rof”). Chiroyli ismlarga chiroyli rioya joyiz. “Alloh, deb chorlangiz, yoki Rahmon deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlar-da (joyizdir). Zero, Uning go‘zal Ismlari bordir” (“Al-Isro”). Bu yerda “zero”, “joiz” ortiqcha yuk. Gapning grammatik to‘g‘ri qurilishi topilmagan. Ammo tarjimon “Alloh”, “Rahmon” so‘zlarini tarjima qilmasdan berish zarurligini bunda yaxshi his qilgan. Nega “Qur’on”, “Lavh ul-mahfuz” so‘zlarini tarjima qilishni aslo xayolimizga keltirmaymiz? Tarjima qilsa bo‘ladi-ku! Lekin bunga zarurat yo‘q. Hozirgi Qur’on tarjimalarida, ne ajabki, uslub yo‘q. U shakllanib yetmagan. Emotsionallik yo‘q. U shakllanib yetmagan. Shuning uchun Allohning janob Muhammadga murojaatlari “SIZ” deb olinsa, boshqa elchilarga “Sen” deb aytiladi. Payg‘ambarlar esa Allohga “Sen” deb nido qiladilar. Qanday bo‘lishi kerak? Qay bir yo‘l to‘g‘ri? Andesha yo‘li to‘g‘rimi? Haqiqat yo‘limi? Ilmni izchilliksiz tassavvur qilish mumkinmi?

Nihoyat, yana bir mulohaza: istiqlol yillari islom madaniyati, ma’rifati uchun keng taraqqiyot yo‘llari ochildi. Din tarixi, ta’limoti aqidalari, uning yer yuzida yashovchi xalqlar orasida keng yoyilishi, buning asosiy sabablari, qonuniyatlari, XXI asr — ilm-texnika yuksak rivojlangan davrda axloqiy-ma’naviy, ruhoniy qarashlarning turli-tuman qavmlar, aholi qatlamlariga, binobarin, kurrai arzdagi umumiy ma’naviy-e’tiqodiy iqlimga ko‘rsatayotgan kuchli ta’sir yo‘nalishlari haqida zamonaviy ilmiy tadqiqotlar olib borishga mayllar uyg‘onmoqda. Islom universiteti 10 yildan buyon Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgani bu uyg‘onishlar chinakam ilmiy rag‘batga aylanishiga umid tug‘diradi. Qur’on va hadislarning tarjimalari bilan birga islomiy yo‘nalishdagi adabiyotlarning salmog‘i ham xiyla ortib bormoqda. Islomiy diniy adabiyotlarda tarixiylik, ma’rifiylik, ilmiylik tamoyillari yetakchi bo‘ladigan jarayonlar yetib kelgan. Bugun rastalarni to‘ldirib turgan aksar yupqa-qalin kitoblarning mavzulari, yozilish uslublari ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshaydi. Ular tinimsiz bir-birini takrorlaydi. Ko‘p hollarda bu risolalar musannif va mualliflarning faqat ismi bilangina farqlanadi. Mualliflarda masalaga original fikriy munosabatlarning yo‘qligi, bayon, talqinlarning o‘ta siyqa, cho‘pchaknamoligi kitoblarning qadr-qimmatini tushiradi. Bularning o‘rniga buyuk islom olimlari, Tabariy, Zamaxshariylarning asarlarini tarjima va sharhlar bilan chiqarish, ulug‘ tafsirlarini tuzish afzal emasmi?

Islomning butun jozibasi — Qur’on. Uning tarjimalari qanchalar mukammal, fasih va badiiy ehtirosli bo‘lsa, ilohiy mo‘‘jizalar qalblar va onglarda shunchalar o‘chmas aks sado topadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 16-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.