OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim Haqqul. Maktabi betakror

Ma’lumki, dunyo bir joyda to‘xtab turmaydi: doimo o‘zgarib, yangilanib boradi. Shuning uchun ko‘pdan-ko‘p voqea-hodisalarda ham tabiiy ravishda o‘zgarishlar, yangilanishlar sodir bo‘ladi. Lekin ularning mazmun-mohiyatiga chuqurroq nazar tashlansa, o‘zgarish ma’no yoki mantiqda emas, ko‘proq shaklda bo‘lishiga tan berishga to‘g‘ri keladi. Masalan, amal va amaldorlikni olayik. Hamma zamonda ham amal atrofida alam va adovat o‘ralashib, ergashib yurgan. Mansab va martaba uchun olishuv, tortishuv, hasad va makkorliklar hech bir davrda to‘xtab qolmagan – hamisha faol harakatda bo‘lgan. Eng yomoni, hasad va adovat na iste’dod, na fazilat, na umume’tirof hech narsani tan olmagan. Mana shu haqiqatni Abdulla qodiriy “Mehrobdan chayon” romanida juda yorqin shaklda yoritib bergan.
Xalqimizda “Hamma narsaga farishta omin deydi”, – degan bir qarash bor. “Mehrobdan chayon”dagi dastlabki lavhalardan birini xotirlab “Nahotki, farishta hazilga ham “Omin!” desa, nainki, samimiy va zarif bir hazilning tagi ham zil bo‘lib chiqsa?” deysiz.
Ana o‘sha lavha: Ra’no kichkina ukalari – Mansur va Mas’ud bilan ayvonda o‘tiribdi. Onasi oshxonada manti pishirayotir. Otasi asr namoziga borib kelish uchun masjidga yo‘l oladi. Ko‘p o‘tmay Anvar ishdan qaytadi. Ra’no o‘rnidan turib uni qarshilaydi. Anvar avval yerda o‘tirgan Mansurni, keyin Ra’noning qo‘lidan olib Mas’udni erkalaydi. So‘ng “simobiy shohi sallasini” olib, yostiqqa tashlaydi va “ro‘moli bilan qop-qora bo‘lib chiqa boshlagan murtini tuzatadi”. Ra’nodan so‘raydi:
“ – Tinchlikmi?
–Betinchlik, – dedi kulib Ra’no.
–Ayni muddao ekan bo‘lmasa... Ha, aytgandek, – dedi Anvar o‘tirgan supasiga ishorat qilib, – bukun joy katta solingan?
–Mehmon kelar emish.
–Yolg‘oning qursin, Ra’no, – dedi Anvar kulimsib. – qanday mehmon?
–Men qayoqdan bilay, qanday mehmon... fotihaga kishilar kelar emish, deb eshitdim.
–Fotihasi qanaqa?
–Bilmasam qanaqa.
Anvar o‘ylanib yana kulimsidi:
–Sening fotihang bo‘lmasin?
–Mening qanday fotiham bo‘lsin: men hali tirikman.
–Teskariga burma, Ra’no, balki seni erga bermakchidirlar?
Ra’no qizarib turdi-da, yana gapni kulgilikka oldi:
–Meni kimga berar emishlar?
–Senimi? – dedi kulib Anvar. – Seni xondan boshqa kim olsin?...”
Bu gaplarning bari hazil. Har qanday oshiq-ma’shuq o‘rtasida shunday hazil bo‘lishi mumkin. Agar sho‘rlik Anvar kunlardan bir kun xon Ra’noga sovchi yuborishini bilganida “Seni xondan boshqa kim olsin?” dermidi? Tili kesilganda ham bunday demasdi. Ra’no-chi? Erka bir achchiqlanish bugun-erta mudhish haqiqatga aylanishi va qismati o‘zgarib ketishini zarra qadar sezganida Anvarning “maslahati”ga ko‘nganday ko‘rsatarmidi o‘zini (“Siz shunday maslahat bersangiz... Men qanday qilay...”)
Yozuvchi balki hazil yo‘li bilan Anvar va Ra’noning kelajak taqdiriga ishorat qilgandir? Ammo kitobxon bu to‘g‘rida o‘ylamaydi va bunday ishorat ma’nosiga uning inongisi g‘am kelmaydi. “Taqdir degan podshoh bo‘lsa, oshiqlarning holi tang”, deganlaridek, Ra’noning xon haramiga borishiga yo‘l ochuvchi yashirin bir sabablar ham bor ediki, bu bevosita Solih Mahdumning o‘tmishi va shajarasi bilan bog‘liqdir. Solih Mahdum romandagi eng pishiq ishlangan obraz ekanligi ma’lum. U o‘quvchini ham juda qiziqtiradi, ham ko‘p mushohadaga chorlaydi. 
qoralay desangiz – uni to‘la qoralolmaysiz. Ayblay desangiz – qay bir joyda Mahdum, “shu uchun ham meni ayblab bo‘ladimi” deb turganday. Maqtamoqchi bo‘lsangiz – ba’zi ishlari va nokasliklarini ko‘rib, “E, sadqai odam ket!” degingiz keladi unga. Ba’zan Ra’noni o‘ylab, ba’zan Anvarning ra’yiga qarab, ta’nayu malomatga ham til aylanmay qoladi. Keyingi paytlarda bundoq o‘ylab ko‘rsam, Mahdum janoblari salbiy yo ijobiy deya qat’iy ravishda “ramka”ga solinadigan qahramon emas ekan. Muhimi, uni bilish va tushunish ekan. Zero, Mahdum inson tabiatidagi kamchilik va chirkindan-chirkin illatlarniginamas, ichki murakkablik, ishonish qiyin bo‘lgan nafsoniy evrilishlarni ham ochib beradigan serqirra bir obrazdir. Mahdum haqida so‘zlaganda yozuvchi to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “uning shaxsiga xiyonat va bo‘hton qilishdan” saqlanmoq lozim. Haqiqatda u xasis. Moddiy kechimi yaxshi, “ustoz Mulla Solih Mahdum” bo‘lib tanilgan vaqtlarda ham “ko‘ylak, ishtonining aksar yetti-sakkiz joyidan yamog‘i bo‘ladi. Yetti qishdan beri guppi chopon” yangilanmaydi. “Faqat qish kelib ketgan sayin alak guppining yengi o‘zgaribgina turadi va astari yil sayin yangidan-yangi yamoqlar bilan boyiydi. Shu guppi butun umrida birgina martaba va shunda ham Mahdumdan beruxsat” tog‘ora yuzini ko‘rgan. Yoki “besh-olti qayta boshlatib qo‘nji bir qarichga kelgan aybaki mahsi, charmi usti-ustiga uyulib yerdan uch enlik chamasi ko‘tarilgan, ikki chorak vaznlik kafshni aytmaysizmi? “Harchand ehtiyot qilinsa ham necha joydan popiltirig‘i osilgan oq bo‘z salla-chi?” Uning “yoshi” mag‘allaning ko‘pchilik kishilariga ma’lum ham emas. Mahdumning ro‘zg‘or yuritishdagi ziqnaliklarini ta’riflayman desangiz, Ra’noning “kulgulik uchun” yozilgan mana bu so‘zlaridan oshirib bir nima aytolmaysiz:
Yog‘lar to‘kilsa yerga, yotib yalar taqsirim.
Bo‘lsa bozorda pastlik, sotib olar taqsirim.
Otasi vafot etganda Solih Mahdum “yigirma yoshlik talaba” bo‘lgan. O‘zidan bir necha yosh kattaroq akasi otasining o‘limidan so‘ng Marg‘ilonga imom bo‘lib, oilasini ko‘chirib ketgan. Onasi va Naima ismli o‘n olti yoshlik singisi bilan Mahdum qo‘qonda qolgan. Biror joydan daromad yo‘q. Oila ko‘p tanglikka tushib qiynalgan. Oxiri Solih Mahdum tahsilni tark etib, qorin to‘ydirarlik kasb izlashga majbur bo‘lgan. Odamda nafrat qo‘zg‘aydigan uning ayrim harakatlari, xususan, xasisligi ana shu qattiqchiliklarning ruhga singib qolgan yomon ta’sirlari bo‘lishi mumkin. Xasislik tomir otgan vujudda ta’ma barg yozadi. Mahdumning xasisligini ham, ta’magirligini ham tushunsa bo‘ladi. Lekin unda horisona bir ichki qoralik ham bor. Bu ofatga u qachon yo‘liqqan? Bu ham yetimlik, yo‘qchilik asoratimi?
Bu savolga to‘g‘ri va qanoatlanarli javob topmoq uchun sal oldinga – Mahdumning shajaraviy tarixiga bir nazar tashlash zaruriyati tug‘iladi. Yuqorida aytilganidek, Mahdum otasidan ajralganida yigirma yoshlik talaba edi. Demak, bungacha uning xarakteri deyarli shakllangan. Kelajakdagi maqsad va vazifalar ham mavhum bo‘lmagan. Axir, u kimsan – Olimxon va Umarxon davrlarida muftilik, qozilik mansablarida xizmat qilgan baland nufuzli bir amaldorning nevarasi edi. “Ota-bobolari xonlar qoshida mumtoz, xalq nazarida “sharafli va muhtaram mavqeni” mahkam saqlab kelgan kishi o‘zining kibor o‘tmishi, qondan-qonga ko‘chib kelgan hissiyotlaridan qanday qilib tamoman judo bo‘ladi? Mahdumning otasidan omad yuz burmaganida, u oddiy maktabdor bo‘lishni xayolga keltirarmidi? Aslo keltirmasdi. qo‘qonning eng e’tiborli madrasasida necha yillar mudarrislik qilgan va shaxsan Madalixonning nazariga tushgan odamning farzandiga nega amal va yuqori martaba eshiklari ochilmasin? Mahdum amalga sig‘inadi. Katta amaldorni ko‘rsa, jonini qo‘ygani joy topolmay qoladi. Nega? Chunki u o‘sgan muhitdagi axloq shunday bo‘lgan. U xuddi shunday nuqtai nazar bilan tarbiyalangan. Agar o‘sha “mumtoz silsila” Mahdumgacha yetib kelganida bormi, manaman degan ayyor, yulg‘ich mansabdorni ham u dog‘da qoldirishi shubhasiz edi. Lekin...
“Turkiston xonligi tarixidan xabardor kishilarga ma’lumdirkim, amir Umarxon oxir umrida o‘z saroyidagi yosh kanizaklardan biriga muhabbat qo‘yadi. Kaniz yosh bo‘lganligi va balog‘atga yetmaganligi uchun uni nikohga ololmay, vaqt kutadi. Shu kutish yillarida Umarxon murodiga yetolmay vafot qiladi. Oradan bir necha yillar o‘tib, boyagi kaniz qiz balog‘atga erishadi va bir husniga o‘n husn qo‘shilib, otaning bolasi bo‘lgan Madalixonni ham o‘ziga oshiq qiladi”. Yosh xon bu parivashning dardida necha yillar yonib-kuyadi. Ammo ahli ulamo qizni Madaliga “ona maqomida hisoblab”, xonning unga uylanishini shariat nomidan taqiqlaydilar. Hukmdor istasa nima ishlar amalga oshmaydi, deysiz bu dunyoda? Xon orzusiga qarshi chiqqan ulamoni birin-ketin “ilmiy” faoliyatdan chetlashtiradi. Oradan ancha vaqt o‘tkazib og‘zi oshga yetgan yangi ulamoga u fatvo so‘rab murojaat qilganda ular “Otangiz marhum: “nikohlanaman” deb aytgan bo‘lsalar ham “nikohlandim” deb aytmaganlar. Bas, amiralmo‘‘min mazkurani (ya’ni kanizakni – I.H.) o‘z nafslariga ahdi shar’iy qilsalar joiz va durustdir, – deya xonning to‘y va tomosholar bilan murod-maqsadiga yetishiga keng yo‘l ochib beradilar. Go‘zal kanizning ta’rifini eshitgan va unga g‘oyibona oshiq bo‘lgan Buxoro amiri Nasrulloga bu xabar yetib borgach, ulamoyi kiromning teskari fatvosi bilan Farg‘ona ustiga ul zolim yurish qiladi. Madalixonni qatl etadi. Unga fatvo yozib bergan olimlardan bir nechasi ta’qibga uchrab, bir nechalari qochib qutiladilar. Shulardan biri Mahdumning otasi bo‘lib, u boshga tushgan kulfatdan so‘ng ko‘p yasholmay o‘lgan edi. Bularning barchasi Mahdumning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan, bamisoli og‘ir tosh xotirasida o‘rnashib qolgan edi. Shu-shu oilaning boy berilgan imtiyoz va sharafi Solih Mahdumga tinchlik bermaydi. Uning bag‘rida mudrab, yashirinib yotgan merosiy his-tuyg‘ular jahd bilan Anvarni sarmunshiy bo‘lishga ko‘ndirishga urinayotganda go‘yo birdaniga bosh ko‘taradi: “Oyiga qirq tillo vazifa, anvoyi hadyai shohona, yana – eldan ko‘riladigan obro‘, hurmat, hay, hy, hay...”.
Mahdumning qalbini o‘rtagan, ichdan uni doimo “hay, hay”latgan asosiy haqiqat ana shu edi. Xo‘sh, odamlar nimaga mansab uchun intilishadi? Mahdumni uzoqni ko‘ra bilganligiga qoyil, albatta. U ta’kidlaganga o‘xshash imkoniyat va imtiyozlardan mahrum etilsin – Hech birov mansabu martabaga yaqin kelmaydi. Shu ma’noda Mahdumning realistligi mansab “falsafa”sini safsataga berilmasdan to‘g‘ri talqin qilishga urinishi maqbuldir. Shu bilan bir qatorda Mahdum tipidagi odamlar nechog‘lik pishiq va bilag‘on bo‘lishmasin, taqdirning nogahoniy zarbalaridan ham chetga qocholmaydilar. Va o‘zlari inongan, o‘zlari orzu qilgan, o‘zlari ideallashtirgan xosiyatsiz bir kuchning sharafsiz qurbonlari safidan joy oladilar.
Mana bu qiyosga e’tibor bering: Mahdumning otasi kanizak mojarosiga aralashadi. Madalixonni qo‘llab fatvo beruvchilar tomonida turadi. Shuning uchun Buxoro amiri zolim Nasrullo qahriga yo‘liqib, g‘am-g‘ussa va mardudlikka dosh berolmay o‘lib ketadi. Uning o‘g‘li esa Xudoyorxonga qizimni beraman deb musibat jariga qulaydi. Ota go‘zal kanizak vositasida bir hukmdorga yoqish va mavqeini mustahkamlashni ko‘zlagan bo‘lsa, o‘g‘il ikkinchi bir xon bilan naslan yaqinlashish umidida o‘z qizining baxtiga chang solib, sharmandayu sharmisor bo‘ladi. Natija esa bitta: nafs va ta’maga qurbonlik. Badbaxt Mahdumning ta’mani qoralab, uning katta “qopqoni”ga bo‘ynidan ilingani nihoyatda achinarli, albatta. Umuman, inson qismati behad murakkab va chigaldirki, Qodiriy asarlarini qancha o‘qisangiz bunga shuncha iqror bo‘lasiz.

"Ishonch" gazetasi, 2004 yil, 10 apre

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.