OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ikki ayol

Talabalik davrimiz "Guliston" jurnalida Alisher Ibodinovning "Gulisafsar hidi" degan hikoyasi bosilgan edi. Undagi voqealar Murodjon degan yigit tilidan hikoya qilinadi. U o‘qishga kirish uchun Toshkentga kelib, otasining shu yerdagi bir qadrdoni uyida yashab turadi. Moliyachi bo‘lish niyatidagi muloyim bu yigit uy egalariga ham ma'qul tushadi, yolg‘iz qizlari Robiyani berib, uni o‘zlariga ichkuyov qilishni mo‘ljallaydilar.Chunki shu qizdan bo‘lak merosxo‘r yo‘q, mo‘min-qobilgina bir kuyov bo‘lsayu tinch, ro‘zg‘or but yashasalar, anhor bo‘yida shinamgina uy-joy, boquvga qo‘yilgan bir necha novvos, katakda tovuqlar bor - boshqa yana nima kerak? Bo‘lg‘usi kelin Robiya - maktabni yaqinda bitirgan lo‘ppigina qiz, ateleda ishlaydi. Ishiga mutlaqo qiziqmaydi, yigit kechki payt unga "Yaxshi ishlab keldingizmi?" desa, "Ha, ish ham o‘lsin, kunni kech qilib oldik-da", deb javob beradi...

Yoz payti emasmi, to‘y ko‘p, yon qo‘shni to‘y qiladi. Xizmatda yurganlar ish yuzasidan Murodjon yashab turgan xonadonga ham kirib-chiqib turadi. Yigit ulardan biri - Xosiyat bilan tanishib, suhbatlashadi, uni sevib qoladi. Chunki u ichki dunyosi boy, qalbi hissiyotga to‘liq, go‘zal qiz. Sevsang sevgulik, insonga bir olam baxt hadya eta olgulik. Ammo...

"- Murodjon, - dedi u nihoyat past ovozda, - bu vaqtinchalik holat, o‘tib ketadi.

- Yo‘q! Yo‘q! Bu...

- Shovqinlamang. O'tib ketadi. Chunki men sizning kimligingizni bilaman. Endi siz ham mening kimligimni bilib oling. Otam qurilishda ishlar edi. Yuqori qavatlarda ishlovchi payvandchi edi. Falokat bosib yigirma metr balandlikdan yiqilib tushgan. Baxtimizga omon qoldi. Lekin oyoq-qo‘li ishlamaydi. Bir joyda yotadi. Men oilada to‘ng‘ichman. Otamning kasbini egalladim. Qurilishda payvandchi bo‘lib ishlayapman. Bir yil avval onam vafot etdi. Kichik ukalarim bor. Men hozir hech kimga, - u ta'kidladi, - tashvishlarimni ortmoqlamoqchi emasman. Shuning uchun oramizda nima o‘tgan bo‘lsa, hammasini unuting. Hammasi o‘tib ketadi. O'zingizni bekorga qiynamang. Hozir uyga kirib, boshingizdan sovuq suv quying-da, yaxshilab uxlang!

Men hang-mang bo‘lib qoldim. Payvandchi qiz... Ojiz yotgan ota... Yo‘q, mening otam hech qachon bunday qizga uylanishimga ruxsat bermagan bo‘lardi! Agar bordi-yu... Yo‘q, bunday kurashga men...

Ota-onam, Komil amakilar mening faqat yaxshi hayot kechirishimni tilaydilar. Ular menga Robiyani, mana shu badbo‘y anhor bo‘yidagi molxona, tovuqxonali hovlini bermoqchilar. Meni oldinda tinch, farovon turmush kutmoqda.

Boshimni ko‘targanimda Xosiyat ketib qolgan edi. Men uning orqasidan yugurmadim. Boshim egilgan, parishon bir ahvolda xonamga qaytib kirdim. Unda hamon gulisafsarning hidi anqib turar edi. Miyamda Xosiyatxonning so‘zlari jaranglaydi: "Men sizning kimligingizni bilaman! Men sizning kimligingizni bilaman!"

Ayvonga chikdim. Stol ustida mehmonlardan qolgan og‘zi ochiq konyak shishasi turardi. Qadahga limmo-lim to‘ldirib, ichib yubordim. Orqasidan achchiq bir kul-dim. Men endi o‘zimning kimligimni bilardim!

Yana bir qadah to‘ldirib ichdim. Yana quydim. Shu payt xonaga Robiya kirib keldi. U qo‘limdagi qadahni ko‘rdiyu ko‘zlari olayib, to‘xtab qoldi. Men kuldim.

Robiya, jonim!.. Qo‘limdagi konyak to‘la qadah chayqalib, gilamga to‘kildi. - Bilasanmi, sen... sen mening xotinim bo‘lasan!..

O'pkam to‘lib, bor bo‘yicha o‘zimni gilamga tashladim" ("Guliston", 1975, 2-son).

Shu hikoyaga qadar adabiy qahramonlar shunday, yoki shunga yaqin holga duch kelsa, buning teskarisini qilar, ya'ni "dil amri bilan" kambag‘al, mehnatkash va dilbar qizga uylanar, meshchanlik hayoti esa angrayganicha ikki baxtiyor yoshning ortidan qarab qolaverardi.

Men bu hikoyani nega esladim? Nima demoqchiman?

Ayol bo‘lmasa, adabiyot bo‘lmas edi. Adabiyot avvalo ayolga atab, ayol uchun, uning ko‘nglini olish, dilidagini bilish, ayol degan xilqat ne o‘zi - shuni anglash uchun yaralgan. Abdulla Qahhor aytganidek, qushning ham erkagi sayraydi. So‘z san'ati avvalboshi er kishining ijodidir, demak, erkakni qiziqtirgan bosh masala adabiyotning asosiy muammosi bo‘ladi. Erkakni esa, tabiiyki, eng avvalo ayol qiziqtiradi. Shu bois, adabiyotning asosiy qahramoni, bosh mavzui - ayoldir.

To‘g‘ri, so‘z san'atida ota-onaga muhabbat, tabiat go‘zalligi, halollik, bolalarni sevish, yovlarga nafrat... kabi o‘nlab mavzular bor, bularning har biri ming yillardan beri yuzlab xalqlarning so‘z san'atida chuqur, har taraflama ishlangan. Ammo baribir, ularning hech biri ayol tasvirichalik mavqe kasb etmaydi. Shu ma'noda, insonshunoslik bo‘lmish adabiyot birinchi navbatda ayolshunoslik, ya'ni ayolni o‘rganish, inkishof etish ilmidir. Kuzatsak, eng qadimgi asarlar ham ayolga bag‘ishlangan, ular konfliktini ayol va unga aloqador narsalar tashkil etadi. Hatto, aytish mumkinki, adabiyot taraqqiyoti ayol mavzuining badiiy tadqiqi, uning teranlasha borishi bilan chambarchas bog‘liq.

Ammo so‘z san'atining "bolalik" choqlarida yaratilgan ko‘p asarlarda, ular qaysi xalqqa mansub bo‘lmasin, insonning ko‘ngil olami, shu jumladan, ayol ruhiyati tasviriga kamroq e'tibor berilgan (bunda biz insonni harakatda ko‘rsatadigan va uning to‘laqonli obrazi yaratiladigan epik asarlarni ko‘zda tutyapmiz). So‘z san'atida inson qalbi teranliklarini aks ettirishning mansha'larini qidirib, Yevropada o‘rta asrlarda romantizm, so‘ngroq klassitsizm, ma'rifatchilik kabi turli oqimlarga oid asarlarda ruhiyatni tadqiq qilish baayni bosqichma-bosqich teranlashib, ayol qalbini inkishof etish tobora kuchaygan. Qizig‘i, unga intilgan inson - erkakning badiiy tadqiqi ham ikkinchi planga o‘ta borgan.

Ilgarigi ko‘p asarlarda ayol kishi shaxs, ya'ni ichki olamiga ega bo‘lgan odam sifatida teran ochilgan emas. Hatto o‘z davrida ayol obrazining xiyla mukammal bir namunasi hisoblangan Ofeliya (Shekspir "Hamlet"i) ham, garchi sevgan va sevilgan bo‘lsa-da, zamona, o‘z muhiti an'analari iskanjasida bo‘g‘ilgan pokiza bir qiz, ko‘ngil sirlarini tomoshabinlar oldida, hissiyot to‘la monologlar bilan teran ifodalasa-da, hali mustaqil shaxs emas (mustaqil shaxs obrazi deganda hukmdor ayollar tasviri emas, bal-ki bu obrazni yaratishdagi psixologik tahlil teranligi ko‘zda tutiladi).

Realizm oqimi yuzaga kelgachgina, adabiyotda inson ichki olamini tadqiq etish, qahramonning "tashqi" faoliyatini "ichki", psixologik jihatdan asoslash beqiyos darajada teranlashdi va bu realizmning bosh xususiyatiga aylandi. Binobarin, har bir adabiy obrazning alohida individ, o‘ylovchi bir inson sifatida ko‘rsatilishi ana shu davrga to‘g‘ri keladi. Unga qadar yaratilgan obrazlar (masalan, Sharq adabiyotidagi Majnun, Farhod, Layli, Shirin... yoki G'arb so‘z san'atidagi olijanob ritsarlar...) adabiy qahramon sifatida har qancha shuhrat topmasin, ular o‘quvchi ko‘z o‘ngida jonli, o‘z ichki olamiga, faqat o‘ziga xos fe'l-atvorga ega inson sifatida gavdalanmaydi, binobarin, o‘z dav-rining kitobxoni ayni obrazni emas, u ifodalayotgan estetik ma'no va g‘oyani baholashi mumkin edi, xolos.

Har bir yaxshi badiiy asar unda tasvirlangan hayot ustidan, har bir to‘laqonli obraz - o‘z ob'ekti ustidan chiqarilgan hukmdir, ammo realistik asarning boshqalaridan farqi shuki, u hukm o‘rniga kitobxonga tirik insonning o‘zini takdim etadi. Bu inson bilan tanishish, unga baho berish va xulosa chiqarish mumkin. Shu tariqa, adabiyot taraqqiy etgani sari nasihat-didaktika ham, naqlga ilova - "qissadan hissa" tamoyili ham barham topa boradi...

Endi, har bir milliy adabiyotdagi ayollar obraziga kelsak, u shu millatning fitratiga, davr ruhiga muvofiq aks etadi va idrok qilinadi. Shu bois ham, bir xil sharoitda bir xil harakat qiladigan xarakterlar har qaysi adabiyotda har xil gavdalanadi (Buning soddaroq bir misoli - har bir xalq folklorida o‘ziga xos "Zumrad va Qimmat" bor, bu ertaklarning hech biri ikkinchisini takrorlamaydi). Shunga qaramay, asar markazida turgan, voqealar kulminatsiyasida xarakteri namoyon bo‘ladigan ayollar obrazi istalgan xalq adabiyotida asosan ikkiga ajraladi.

Hamonki, realistik asarlarda insonning ichki dunyosi, ruhiyati yaxshiroq ochiladi degan ekanmiz, misolni ko‘proq XIX asr rus adabiyotidan olishga to‘g‘ri keladi. Zero, bir yoqdan, tanqidiy realizm rus zaminida ayniqsa gullab-yashnadi, ikkinchi tomondan, bu davr rus adabiyoti jahon so‘z san'ati tarixining eng porloq, oltin sahifasi bo‘ldi.

Yangi rus nasri Pushkindan, Pushkin zamonidan boshlangan. Ammo Pushkin va unga zamondosh adiblar ijodida, xususan, nasriy asarlarda ayollar obrazining biz ko‘zda tutgan namunalari orasidagi farqni ilg‘ash qiyin. Bu davr adabiyotida xarakter psixologiyasini kuchli dalillash emas, balki qahramonlarni kutilmagan voqea-hodisalar girdobida ko‘rsatish tamoyili ustun edi. Pushkinning "Kapitan qizi", "Marhum Belkin qissalari" kabi asarlarida, Gogolning "Taras Bulba", "Dikankaga yaqin xutordagi oqshomlar" singari qissalarida xarakterlarni ochishda ruhiy kechinmalar tahliliga emas, asosan mushkul vaziyatlar fonida ko‘rsatishga ko‘proq urg‘u berilgan. Zero, bu bosqich ana shu oltin davrning ibtidosi, adabiyotning o‘quvchiga yaqinlasha boshlash jarayoni edi. Oradan o‘tgan yarim asrcha vaqt ichida rus adabiyotida - ta'bir o‘rinli bo‘lsa - "professionallashish" yuz berdi, ya'ni avomga emas, ta'b ahliga, did-saviyasi yuksak o‘quvchiga mo‘ljallab yozilgan asarlar paydo bo‘ldi. Xuddi shu bois, XIX asrning ikkinchi yarmiga mansub adabiyot biz ko‘zda tutgan mavzu uchun mo‘l-ko‘l material beradi.

Turgenevning "Bahor toshqinlari" qissasida Germaniyada sayohat qilib yurgan boyvachcha Dmitriy Sanin bir qahvaxonaga kirib, uning egasi xonadonida tahlikali holga duch keladi: nozikkina o‘spirin hushdan ketgan, ona uyda emas, qo‘rqib ketgan opasi esa, yordam so‘rab chopib chiqadiyu iltijo qilib, uni uyga olib kiradi. Sanin bolaning yoqasini bo‘shatadi, yuziga suv sepadi, xullas, o‘ziga keltiradi. Minnatdor bu oila uni qo‘yarda-qo‘ymay mehmon qiladi. Shu tariqa, Dmitriy bolaning opasi - Frankfurtda kun kechirayotgan asli italiyalik muhojir qandolatpazlar oilasining go‘zal qizi Jemma bilan tanishib qoladi. Yigit va qiz bir-birini yoqtiradi. Saninni deb Jemma unashtirilgan kishisi - dimog‘dor va quruq olifta Klyuberdan, hatto o‘zi mansub bo‘lgan katolik dinidan ham voz kechib, pravoslav e'tiqodiga o‘tishga qaror qiladi. Saninning mardligi, kamtarinligi, ehtiroslari bu tinch va osoyishta italyan oilasiga ma'qul keladi. Hamma gap to‘yga qarab qoladi.

Evoh! O'sha kunlari Sanin nogoh xotini bilan Germaniyada sayohat qilib yurgan eski tanishi Ippolitni uchratadi. Sanin unga hayajon bilan uylanayotganini, qallig‘i Jemmaning malohatini so‘zlab beradi. Do‘sti esa uning gapla-rini tinglab, "to‘yingga pul kerak bo‘lsa, xotinim sening yer-suvingni sotib oli-shi mumkin, u bilan tanishib, gaplashib ko‘r", deydi. Sanin ana shu ayol bilan ko‘rishadi, pulni olish uchun ikki kun uning yonida yuradi, oxirida... dilbar, go‘zal Jemmadan voz kechadi.

Nega?

Mana shuni tushunish muhim.

Gap shundaki, Saninni go‘zal Jemmadan sovutgan, darrov o‘ziga bog‘lab, "jodu qilib olgan" ayol - Ippolitning xotini Marya Nikolaevna ehtiros kishisi. Marya Nikolaevnaning Saninni rom etgan jihati - uning erkin shaxs ekanidir. U "eng avvalo erkinlikni" hamma narsadan ustun qo‘yadi. "Sizga yana bir narsani aytay, deydi u, - men xayol surishdan xoli emasman... u kuvonch baxsh etadi, bizga shuning uchun ham aql berilgan".

Xayol surishga moyillik, ya'ni xayolkashlik ilmiy tilda romantika deyiladi; evohki, bu unchalik go‘zal bo‘lmagan ayoldagi ehtiros va romantika Jemmada yo‘q edi. U bir qandolatpaz oilaning do‘konida o‘sib kamolga yetgan, xolos, orzulari ham onasidan so‘ng qandolatchilikni davom ettirishdan nariga o‘tmaydi. Hech qanday muhtojlik ko‘rmay o‘sgani uchun fikr-o‘ylari ham mudroq. Marya Nikolaevnaning boshidan esa qiyinchilik ko‘p o‘tgan, o‘zining aytishicha, bolaligida "qullikni juda ko‘p ko‘rgan". Shunday bo‘lishiga qaramay, u ana shu qullik ichra qolib ketmay, o‘zini yuksaltira olgan ayol.

"Bahor toshqinlari" - Turgenevning eng yaxshi asarlaridan biri. Adibning do‘sti P.V.Annenkov qo‘lyozmani o‘qib chiqib, muallifga "Sizga kitobxonning xurramlik nidosini hoziroq bashorat qilay: u sizdan anchadan beri she'riy kuch bunaqa mavj urgan, bunaqa go‘zal tasvir va uslubda yozilgan asar olmagan edi" deb maktub yozadi.

Haqiqiy adabiy asar bag‘rydagi hayot ham chinakam hayotning o‘ziday murakkab bo‘ladi, binobarin, unda ham barcha narsa faqat "oq-qora"yu, "ijobiy-salbiy"ga - ikki qutbga yaqqol ajralmaydi. Chunonchi, "Bahor toshqinlari" obrazlari ora-sida ham muayyan nisbat borday: ichki dunyosini hammadan niqoblab yuradigan pastarin, biroq tashqi ko‘rinishi "birinchi sort" Klyuber; unga bir mahal unashib qo‘yilgan, ammo keyinchalik uning soxta mulozamatini Saninning olijanobligiga qiyoslab ko‘rib, nikoxdan voz kechgan Jemma; Jemmaning go‘zalligiga mahliyo bo‘lgan, ammo unda Marya Nikolaevnaniki kabi toshqin qalb, yorqin idrok ko‘rmagani uchun "baxtli nikoh"ni yo‘qqa chiqargan Sanin va nihoyat, Saninning diliga o‘t solgan, uni "yondirgan" Marya Nikolaevna... Bularning har biri avvalgisidan bir qarich baland turadi.

Turgenevning aksar asarlari ayollar obrazining mana shunday tafriqini tadqiq etishga bag‘ishlangan. "Asya" qissasidagi Asya, "Ilk sevgi"dagi "avantyurerka" laqabli qiz Lizaveta Petrovna va boshqa ko‘plab ayollar...

IZOH: "Avantyurerka"... Avantyura... Bu so‘z o‘zbek tiliga asosan salbiy ma'noda ("siyosiy avantyura") qabul qilingan. Holbuki, avantyurachi -tavakkalchi, chapani, tanti odam degani (avantyura romani - sarguzasht romanidir). Bizda esa "etti o‘lchab bir kesish"ning foydasi, mulohazakorlikka da'vat shu qadar ko‘p uqtirilganki, ko‘pimiz yetti tugul, yetmish o‘lchagach ham kesishga botinolmaymiz. Niyati yaxshi kishining avantyurizmi hamma o‘rganib qolgan turg‘un hayotga zilol obihayotday kirib kelib, uni poklaydi, ko‘ngilga nekbinlik baxsh etadi, qapbda ezgu, pok tuyg‘ularni qo‘zg‘ab, kelajakka, odamlarga ishonch paydo qiladi...

* * *

Lev Tolstoyning "Anna Karenina" romanida avvalo ikki ayol - Anna Karenina va Kiti Shcherbatskaya obrazi bor; romandagi o‘nlab xotin-qizlar shu ikki xarakterni to‘ldirish, ularni yanada yorqinroq ifoda etishga" xizmat qiladi.

Adabiyotshunoslar Tolstoyning dastlab bu asarni yozishdan maqsadi hayoti fojia bilan yakunlanadigan Annani qoralash, tinch va inoq oilasi bag‘rida osoyishta yashayotgan Kitini yaxshi turmush fonida tasvirlash bo‘lganini, biroq hayot mantig‘i asarni yozish davomida adibni o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga, o‘zgartirishga da'vat etganini ta'kidlaydi. Darhaqiqat, bu romanni yozish orqali yozuvchining o‘zi ham oila, keng ma'noda - odamlararo munosabatlarni tahqiq etgan, bu boradagi qarashlarini qat'iy belgilab olgan. "Anna Karenina" ko‘p jihati bilan avtobiografik, izlanish romani bo‘lib, uning ustida ishlash davomida Tolstoy o‘zining zamonga munosabatini o‘zi uchun oydinlashtirgan" (Kr. literaturnaya entsiklopediya. Tom VII. M., 1972, str. 556).

Aslida, Kiti ham Anna Karenina kabi go‘zal, lobar ayol. Shunday ekan, nega endi Vronskiy gulg‘uncha Kiti Shcherbatskayaga uylanishdan voz kechib, erli, bolali Annani sevib qoladi? Bunga Tolstoy Annani Kiti bilan yonma-yon qo‘yib taqqoslash orqali javob beradi: "Kiti Annaning nihoyatda sodda ekanini va hech narsani yashirmasligini, lekin unda Kiti muyassar bo‘la olmaydigan boshqa bir olam murakkab va shoirona latofat borligini sezar edi". Zero, Anna shunchaki, "bir erning xotini" bo‘lish uchungi-na yaralgan ayol emas. U o‘z tabiati, tiynati bilan Kitidan juda-juda yuksakda turadi. Kiti esa boshidan biron marta ham dolg‘ayu bo‘ronlar o‘tmagan, bir zaylda, betashvish o‘sib voyaga yetgan qiz, xolos. Tolstoy Annaga Kitining eri Levin ko‘zi bilan ham nazar tashlaydi: "Levin o‘ziga benihoya yoqib qolgan bu juvonda yangi bir xislat ko‘rdi. Unda aql, zebolik va go‘zallikdan tashqari, yana rostgo‘ylik ham bor edi. Anna o‘z ahvolining naqadar og‘irligini undan yashirishni istamas edi". Ilgari Annani yomon ko‘rib yurgan Levinning qalbida unga nisbatan mehr-shafqat uyg‘onadi, buni xotini Kitiga ham aytadi. Kiti esa tamoman o‘zgacha qabul qiladi:

"Qaytib kirganida, Kiti hamon boyagi kursida o‘tirardi. Levin yoniga kelishi bilan Kiti unga bir qaradi-yu ho‘ngrab yig‘lab yubordi.

Nima bo‘ldi? Nima bo‘ldi? deb so‘radi Levin, nima bo‘lganligini ilgaridan bilgani holda.

- Bu yaramas xotinga oshiq bo‘lgansan, u seni sehrlab olgan. Buni ko‘zlaringdan ko‘rdim, ha, ha!" (336).

Chexovga o‘taylik. Adibning "Qaynana - advokat", "Xotin", "Qayliq", "Boloxonali uy", "Sevgi" kabi o‘nlab hikoyalari xuddi shu mavzuda. Bu asarlarning dastlabki ikkitasida ayyor va manfaatparast ayollar o‘zini olijanob, samimiy qilib ko‘rsatib, soddadil yigitga tegib olgach, asl qiyofasi - mol-dunyoga o‘chligi, aysh-ishrat bandasi ekani fosh bo‘ladi. "Qayliq"da esa Sasha degan qarindoshi ta'sirida Nadya ismli qiz o‘z qaylig‘i -"to‘ladan kelgan, chiroylik, artist yo rassomga o‘xshagan", biroq kishining badiga uradigan darajada zerikarli Andrey Andreichdan, qolaversa, o‘z shaharchalaridagi bir zaylda yeb-ichish, kundalik g‘iybatu mishmishlar bilan o‘tayotgan hayotdan voz kechib, olisga bosh olib ketadi, uni "oilali, batartib xotin"ga aylantirmoqchi bo‘lgan kuyovdan ko‘ra kelajakdagi noma'lum, biroq romantik hayotni afzal ko‘radi.

Albatta, ayol qalbi teranliklarini inkishof etish XIX asr rus adabiyotigagina xos emas. Bizning misol tariqasida bu davr rus so‘z san'atiga ko‘proq murojaat etganimiz sababi - birinchidan, muhtaram mushtariylarga ayni asarlar yaxshi tanish; ikkinchidan, xuddi shu zaminda, shu davrda tanqidiy realizm o‘zining haddi a'losiga chiqdi, ruhiyat tadqiqi unga qadar ham, undan keyin ham boshqa biron joyda bunday mukammallikka ko‘tarilmadi.

XX asrning boshidan oxiriga qadar maydonga kelgan va "oyokdan qolgan" o‘nlab ijodiy oqimu metodlarning hech biri inson qalbini sog‘lom mantiq asosida tadqiq etishda tanqidiy realizm darajasiga yeta olmadi. Bir olma kurtagi gullagani, so‘ng g‘o‘raga aylangani, yetilgani, pishib shiraga to‘lgani va bundan o‘tgach chirib aynigani kabi, badiiy adabiyot sohasida ijodiy metodlarning eng yuqori nuqtasi tanqidiy realizm bo‘lganga o‘xshaydi. Undan keyin yuzaga chiqqan boshqa aksar oqimlar esa hayotni fokusi buzilgan durbin orqali ko‘rishdek taassurot qoldiradi. Bu tabiiy - har qanday voqelikning, jumladan ijtimoiy hayotning ham, paydo bo‘lish, o‘sib kamolga yetish, vaqti kelib tanazzulga uchrash davri bo‘ladi.

Jek Londonning "Martin Iden" romanida Ruf degan bir qizni bosh qahramon telbalarcha sevib qoladi, ammo ishlari yurishmagan - yozgan hikoyalariga qalam haqi kelmagan vaqtda qiz Martinni ijodni tashlab, boshqa ish qilishga, oddiy tirikchilik ko‘yiga tushishga undaydi, asarlari katta-katta tirajlarda bosilib, shuhrati oshib, boyib ketgach esa, oldiga bosh egib keladi. Rufning o‘ziga pul topib, oilani boqadigan er otli maxluq deb qarashini sezgach, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Martin uni yuragidan sug‘urib tashlaydi. Chunki Ruf ham meshchanlarcha muhit tarbiyasida o‘sgan, erni puldor bo‘lgani uchungina "sevadigan" ayollar toifasidan.

Keyinroq Martin Iden kambag‘al bir ishchi qizning o‘ziga qadalgan nigohida o‘tli muhabbatni ko‘radi. Rufning ko‘zi odamga mayin va muloyim boqsa, bu qizning ko‘zlari chaqnaydi, kishining qalbiga nayzadek qadaladi. Martin - hayotni kuzatgan bir yozuvchi - buni o‘sha qizning yoshligida ko‘p muhtojlik ko‘rgani bilan bog‘laydi. Ehtimol shuiday hamdir, ammo o‘zi o‘kinch bilan iqror bo‘lganidek, bu paytda Martin Iden nihoyatda charchagan, nafaqat odamlardan, balki hayotdan ham tamom sovugan, qiz nigohidagi da'vatga javob berolmaydigan holga tushgan edi (Abdulla Qahhor ham "Sarob" romanida Munisxonning o‘tmishini bekorga tasvirlab o‘tmaydi; uning otasi - juda katta mulk egasi yolg‘iz qizini arzanda qilib o‘stirgan, Munisxon bolaligida tashvish nimaligini bilmagan, shuning uchun Saidiyning muhabbatiga parvo ham qilmaydi, uning ustidan kuladi, so‘ng xunuk, biroq boy va ishbilarmon Muxtorxonga tegadi-ketadi). Qiziq bir hol: bolaligi va yoshligi bir zaylda osoyishta, beg‘am o‘tgan aksar kishilar voyaga yetganda chin sevish nimaligini bilmaydi. Buning sababi undaylarning qalbi mehrga, muhabbatga zor emasligida bo‘lsa kerak.

Unda, bolaligi xuddi shunday o‘ziga to‘q va tinch-osoyishta oilada o‘tgan barcha ayollarning dunyoqarashi maxdud bo‘ladimi, nima ular yakkash moddiy manfaat quliga aylanadimi, degan savol o‘rtaga chiqishi tabiiy. Unda, Kumush va Anna Karenina kabi ayollar ham Ruf, Jemma va Kitilar toifasiga mansub bo‘lishi lozim edi-ku? Yo‘q, unday emas. Abdulla Qodiriy aytganday, tabiat xasis emas, toshdan gul, nishdan bol yarata beradi. Qolaversa, Mirzakarim qutidor bilan Oftob oyimning nisbatan farovon umr kechirishi ularni molparast qilib qo‘ymagan, aql-farosat, insofu diyonat bobida ular o‘z davrining eng oldi kishilaridandir. Qizlari Kumush bilimi va saviyasiga ko‘ra o‘z muhitining eng komilalaridan edi ("Men Fuzuliyni juda yaxshi ko‘raman, siz hammi?"). Hatto, Kumushning didu saviyasi yuksakligi ham avvalo ana shu ota-ona tarbiyasi tufaylidir.

Chexovning "Boloxonali uy" hikoyasida ham bu savolga javob bor. Hikoya qahramonlari - Volchaninovlar oilasining ikki qizi Lida va Jenya. Sirtdan ahil va inoq ko‘rinadigan bu opa-singil ruhan va qalban - ikki olam. Katta qiz Lida jamoatchi: uezd va gubernya siyosiy hayotiga boshi bilan sho‘ng‘ib ketgan - kasalxona ochish talabi bilan majlislarda so‘zlaydi, mujik bolalarini ixtiyoriy o‘qitadi, ammo o‘zi biron bir kishi bilan ruhan yaqin emas, uni hech qachon hech nima hayajonlantirmaydi. Kichigi Jenya esa hayotning o‘zidan, odamlar bilan suhbatlashishdan, tabiatdan... zavq oladi. Hikoya qahramoni hamma hali yosh, dovdir deb bilgan Jenyaga bunday ta'rif beradi: "Aql-farosati-chi? Aqlining favquloddaligi, dunyoqarashining kengligi meni o‘ziga maftun etardi".

Annalar, Kumushlar, Xosiyatlar, Jenyalar... ehtiros odami. Ular g‘olibalardir: raqibalari bo‘lmish hissiyotlari so‘nik, yashashdan maqsadi - to‘q va betashvish tirikchilik o‘tkazishdan iborat, hamma narsasi boru biroq ko‘nglida shu'lasi yo‘q ayollarni bir zarb bilan mahv qilib, kishi qalbiga dildorlik bilan yo‘l topib, uni butunlay zabt eta oladi. Aynan shunday ayollar ko‘ngil qa'rida mudrayotgan, yota-yota zang bosib, irib-chirib ketayozgan eng asl insoniy tuyg‘ular - muhabbatni, olijanoblik, erku adolatga tashnalikni uyg‘otishga, unga kuch va g‘ayrat baxsh etishga qodirdir. O'zbekning "Erni er qiladigan ham xotin, yer qiladigan ham xotin" degan maqoli ana shu ikki toifaga mansub ayollarni ko‘zda tutib aytilgan. Buning aksicha, Jemmalar, Kitilar, Ruflaru Robiyalarning tuyg‘usi to‘mtoq, hissiyoti sezilar-sezilmas, sevgisi instinkt darajasida bo‘ladi. Hayotdan matlabi - hech narsaga muhtoj bo‘lmay, to‘q va tinch yashasa, hech kim uning oromini buzmasa.

"Kapitan qizi" qissasidagi kabi "O'tkan kunlar" romanida ham an'anaviy syujet - "e'tiborli oilaning yolg‘iz farzandi bo‘lgan bir yosh olijanob yigitning keksa xizmatkor bilan sayohati", shu sayo-hat davomida uning qalbiga tushgan muhabbat mojarolariyu. qizga avvaldan xaridor bo‘lib yurgan razil bir odam (Shvabrin-Homid) bu ikki yosh boshiga solgan sho‘rishlar, shu asnoda mamlakatda qo‘pgan g‘avg‘o (Pugachyov qo‘zg‘oloni-Azizbek isyoni) sababli siyosiy g‘alvalarga beixtiyor qo‘shilib qolishi tasvirlanadi; ammo Qodiriy uchun sarguzasht-avantyura romanlariga xos fabupaning o‘zi maqsad bo‘lib qolmagan, unda realizmning nisbatan ke-yingi davriga xos psixologik dalillash motivlari ham uchraydi. Kumush va Zaynab aynan ana shu psixologik dalillashning markazida turadi; biz ko‘rib chiqayotgan mavzu nuqtai nazaridan ular boshqa-boshqa olamlardir.

Keyingi yillarda ayrim mualliflar bu romanni "teranroq tushunib", Zaynabning qilmishini oqlashga, hatto ma'lum ma'noda unga "haq bermagan" Kumushga iddao qilishga ham o‘ta boshladi. To‘g‘ri, Zaynabning hayoti - fojia. Ammo garchi yozuvchi tasvirlab ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, bilamizki, unga kuyovning kimligi deyarli ahamiyatsiz, ishqilib, biron boy xonadonga kelin bo‘lib tushsayu, to‘kin-sochin, tinch yashasa. Erning qalbi bor bir odam bo‘lishi uning tasavvuriga ham sig‘maydi (To‘g‘ri, keyinroq Otabekni go‘yoki sevib ham qoladi, ammo buning bir sababi qallig‘ining ko‘rkam, aqlli va boy yigit ekani bo‘lsa, ikkinchi yokdan, bu "sevgi"ga rashk ham sabab. Bunday ayollarning rashkida ham moddiy manfaat yetakchi o‘rinda turadi).

Shu ma'noda Zaynab - dunyo odami. Otabek yupunroq bir oiladan bo‘lganida, avvalo ota-ona "oyday qiz"ini unga aslo bermas, Zaynab ham bunday xonadonga kelinlikni istamas edi. Bu asar ruhi-dan, undagi mantiqdan ham ayon. Kumush esa buning tamom aksi - kuyovning boy, kelishgan yigit ekanini aytishgan bo‘lsa-da, uni hatto chimildikda ham ko‘rgisi yo‘q, chunki Otabekdan - bir ko‘rinib shaydo qilgan yigitdan boshqa hech kimni istamaydi.

"Qutlug‘ qon"dagi (Oybek) Nurini Zaynab obrazining mantiqiy davomi desa bo‘ladi. To‘g‘ri, Nuri - Mirzakarimboyning tantiq, shaddod qizi. Bu jihati bilan u pismiq, "ichimdagini top" Zaynabga o‘xshamaydi. Ammo uning Zaynabga "singil"ligi shundaki, av-valiga Yo‘lchini "sevib" qolganday ham bo‘la-di, biroq erga tekkach, ko‘ngilsizligiga qara-may, "boyligi haftamabil olishga ham yetadigan" eridan voz kechishni xayoliga ham keltirmaydi, Yo‘lchini esa shunchaki, ermak uchun o‘z uyiga xizmatkorlikka taklif etadi.

Xo‘sh, Xosiyatxon, Anna, Kumush, Nadya, Jenya kabi ayollarning o‘ziga xosligi nimada, boshqa ayollardan, ayniqsa Robiya, Kiti, Zaynab, Lida singari "narigi qutb" ayollardan qanaqa farqi bor? Falon-falon ko‘rinishdagi odamlar muhaqqaq jinoyatchi bo‘ladi, degan g‘oyani targ‘ib qilgan sud psixiatri va antropolog Ch.Lombrozoga taassub qilmagan holda, Kumush va Anna Karenina, Jenya va Xosiyatxon singari ayollarning avvalo tashqi ko‘rinishida bir umumiylik borligini, ular bu jihati bilan aksar Zaynab, Kiti va Ruflardan farqlanishini qayd etib o‘taylik; Kumush va Anna Karenina singari ayollar ozg‘inroq (xo‘ppasemiz emas), jozibador, sarvqomat, nigohlari ma'noli, jonsarak va hushyor (boqibeg‘am emas), o‘z kuchiga va haqligiga ishongan, shuning uchun rostgo‘y va dangalchi, hatto tavakkalchi hamdir.

Buning aksicha, Zaynab va Kitilar, odatda, o‘z ichki qobig‘iga o‘ralgan, gavdasi biqqigina, birov ularni bezovta qilmasligini xush ko‘radi. Abdulla Qodiriy buni roman qahramoni Otabek tilidan ko‘rsatib ham o‘tadi: "Nimaga Zaynab semizu Kumush oriq?" O'zbek oyim buni Kumushning "serfikr"ligidan deb bilsa, Karima otin uni ishq iztirobla-riga bog‘laydi. Holonki, ularning ikkovi ham haq.

Kumush tipidagi ayollarda milliylik barq urib turadi. Kumush o‘zbek qizlari, Farida esa ("Choliqushi") turk qizlari idealiga aylanishining yana bir sababi shu. Chingiz Aytmatov Jamilasini shaydo qilgan narsa Doniyorning tashqi ko‘rinishi emas, balki qalbi qa'ridan chiqayotgan qo‘shiqlarning jozibasi edi; Alisher Ibodinovning Xosiyatxonini atlas ko‘ylak kiygan holda ko‘ramiz; Raxshona ("Otoyining tug‘ilgan yili" qissasi) esa mumtoz kuy-qo‘shiqlarni yaxshi ko‘rishini, har tun radiodan tinglashini ay-tadi. Anna Karenina esa rus aristokrat ayollarining eng zebosidir.

Xullas, qalbida milliy hissiyoti so‘nik ayollarda ishq-muhabbat tuyg‘ulari ham sust bo‘ladi. Shu bois, millati notayin ayollarda ham milliy tuyg‘u so‘nikligi kuzatiladi, ularning aksarida biz qidirgan malohatni topish amri mahol. Jek Londonning "Uch qalb" romanida bu ishonarli tasvirlangan.

Kumush singari ayollar o‘ta jozibador bo‘ladi: Kumushning Otabek, Homid, Ko-milbek kabi xaridorlari bor; Faridaga oshiq bo‘lmagan odamning o‘zi yo‘q; er ko‘rgan Annaga Vronskiy jon-jon deb uylanadi, uni deb hamma yaqinlaridan voz kechishga tayyor; Jamilaga esa hatto xirmondagi chollar ham maftun...

Kumush va Anna Karenina singari ayollarda yana bir mushtaraklik bor - afsuski, ularning aksari baxtsiz bo‘ladi. Farida bilan Komron, Asya bilan N.N., Anna bilan Vronskiyni eslasak, shum tole bu ayollarga qay bir jihatdan ojizliklari uchun emas, balki romantik ekanligi, ularbop erkakning o‘zi unday ayollardan ham siyrakligi tufayli yor bo‘lishini anglaymiz. Ko‘p oshiqlar bunday ayollar husniga maftun, biroq qalbini anglash darajasida dildorlik va zakovat yetishmaydi ularga.

Tog‘ay Murod asarlaridagi ayollar obrazining tadqiqi ham bu mavzuga oid mo‘l material bera oladi. Adibning ixchamgina "Yulduzlar mangu yonadi" qissasida deyarli biron ayolga ko‘zingiz tushmaydi. Bir to‘ydagi kurash chog‘i davraga bakovullik qilayotgan Bo‘ri polvon eslab o‘tadigan Momoqiz bilan Suluv bor, ular haqida bir-ikki uzuq-yuluq xotira beriladi, xolos. Bo‘ri polvon aytadi: "Oshna, Tilovberdining onasigada ko‘nglim ketib uylandim. U... u Momoqizdanda xushro‘y. Oshna, uyam Momoqizning oldidan o‘ta bersin! Nasim oshna, men Momoqizdan ulug‘ini ko‘rmadim!" Demak, Momoqizlar, Kumushlar, Annalar, Xosiyat kabi ayollarning bosh xususiyati - ulug‘lik. Ulug‘vorlik ham emas, aynan ulug‘lik. Ammo bunday ulug‘lik Suluvda, Zaynabu Kitida, Jemma, Robiyalarda yo‘q, ularga xos emas.

Kimgadir ko‘ngil berish uchun kishida ko‘ngil bo‘lishi kerak. Tog‘ay Murod yozganidek,"Har er ko‘ngilning qiz ko‘ngilga aytadigan gaplari bo‘ladi. Ko‘nglida shu gapi bo‘lmagan yigit yigit emasdir! Shu gapni qaysidir yigitdan intizor bo‘lib kutmagan qizda - qiz emasdir! Dunyoga keldim, deb yurmasinlar!" Ko‘ngil odamini botiniy bir tuyg‘u ila qidirish Kumush va Anna Kareninalarning savqi tabiiysi edi; bordiyu topa olmasa (etishish - boshqa gap) ulardagi gavhar ko‘ngil dunyodan sas-sadosiz faryod urib, armon bilan o‘tib ketadi. Dunyo dunyo bo‘libdiki, bu fojia takrorlanib keladi.

Chingiz Aytmatovning "Jamila" qis-asidagi Jamila obrazini olib qaraylik. Lui Aragon "muhabbat haqida dunyodagi eng go‘zal qissa" deb ta'riflagan bu asarda Jamila urushga ketgan eriga xiyonat qiladi - arava haydab stantsiyaga birga don tashib yurgan Doniyor bilan qochib ketadi. Jamilani hamma qoralaydi. Urushdan qaytib kelgan eri Sodiq esa "ko‘rinishda unchalik sir boy bermasa ham, lekin nomusdan qattiq kuyinib, jig‘ibiyron bo‘lib yurdi, Usmonlar bilan ichishib qolgudek bo‘lsa:

- Ketgan bo‘lsa sadqayisar! Sarson-sargardon bo‘lib yurib, oxiri bir kuni ochidan o‘ladi-ketadi. Xotinman deganing to‘lib yotibdi, chertib-chertib olish mumkin. Oltin boshli xotindan baqa boshli er yaxshi! - derdi jahl bilan".

Jamilaning qaynonasi esa bunday deydi: "E-e, sho‘rlik kelinim, ko‘ra-bila turib o‘zingni o‘tga tashlading-a. Uyimizning to‘ri seniki, yeganing oldingda, yemaganing ketingda edi... O'zingni o‘zing juvonmarg qilding... Uyimizda nima kamchilik ko‘rding... Sho‘rlik Jamila..."

Ko‘ramizki, har ikki personaj Jamilaning ketib qolishini o‘z nuqtai nazaridan, ammo mohiyatan bir xil izohlaydi - ular Jamilaning o‘ziga to‘q, obro‘li bir xonadonni tark etib, nogiron, kimsasiz Doniyorni tanlaganini ahmoqlik deb biladi. Ularning e'tiqodicha, agar Jamila yanada boyroq, to‘qroq joyni deb ketib qolsa, buni "tushunish mumkin" bo‘lardi.

Badiiy asarlardagina emas, boshqa san'at asarlarida ham ikki xil ayol mavzui eng yaxshi syujet o‘zagini tashkil etadi. Chunonchi, "Titanik" kinofilmi qahramoni bo‘lmish qiz barcha narsada manfaatli hisob-kitobni talab etadigan qaylig‘idan bezor bo‘lib, o‘zini suvga tashlab o‘lishga jazm qiladi. Ammo tasodifan shu yerga kelib qolgan boshqa bir yigitning sa'y-harakati tufayli niyatidan qaytadi, chunki uning siymosida fidoyi, mard, olijanob... xullas, o‘zi istagan kishini topadi. Bu yog‘i sizga yaxshi ma'lum.

Badiiy adabiyot ham ijtimoiy ong turlaridan biri sifatida hayotni o‘rganishga xizmat qiladi. Ana shu funktsiyasi bo‘lmasa, adabiyot davrlar osha oyokdan qolishi turgan gap edi. Tanqiddan maqsad ham adabiy hodisaga baho berishgina emas, u orqali aks etgan hayotni kuzatishdir.

Gap faqat Kumush, Xosiyatxon yoki Jamiladagina bo‘lganida, mening maqola yozib, "izhori fazl" qilib o‘tirishim shart emas edi. Gap millat, aniqrog‘i, millatimiz ayollarining fitrati haqida.

Har bir ayol - potentsial onadir. Unda har bir millat hayotida ichki muhit yaxshilanishi uchun Xosiyat tipidagi ayollar ko‘proq bo‘lishi ma'qulmi yoki Robiyalarning? Afkori ommaning bu haqdagi fikri qanday?

Bu - millatimiz oldida ko‘ndalang turgan, ammo hozircha birov payqab-birov payqamagan cho‘ng masalalardan. Millat o‘zini anglasa, o‘ssa, bilingki, bu hol Kumushlar, Momoqizlar, Xosiyatlar tufayli ro‘yobga chiqadi. Ammo barcha onalar Zaynab, Robiyayu Suluvlardan iborat bo‘lsa, mamlakatning nufusi xalq emas, hatto olomon ham emas, shunchaki "aholi" bo‘ladi, xolos. Afsus, bizda hozircha Robiyalar bisyorroq.

Ammo... "hozircha"mi?

Bilmasam.

Uch yil avval Zomin sihatgohida dam olgan edim. Bir hafta o‘tgach, uzun soqolli andijonlik bir chol menga hamxona bo‘lib joylashdi, ikki o‘smir o‘g‘li bilan xotini - undan ancha yosh bir ayol mashinada tashlab ketdi. Cholning fe'li g‘alatiroq ekan: muolajalarga chiqmaydi, oshxona ovqatini yemaydi - farzandlari katta bir satilda qo‘y go‘shtini qovurdoq qilib opkelishgan ekan, qoq patirni choyga ivitib, ertada-kechda o‘shani "uradi".

- Bolalarimni ko‘rdingizmi, uka, - deb qoldi ertasiga oqsoqol. - Men kechroq uylanganman-da, bular shuning uchun ancha yosh. Bir qizni deb to o‘ttiz besh yoshimgacha uylanmaganman, shunga majbur bo‘pqolganman...

Yuragimda bir hapriqish paydo bo‘ldi, bu chol yoshligida bir qizni sevgan... unga yetishish yo‘lida boshidan qancha iztiroblar o‘tkazgan... xullas, cholning hali hech kim eshitmagan ishq qissasini tinglash umidi uchqunlandi.

- Nega kech uylangansiz, amaki?

- E-e, uka, otam bozorda baqqol edi deng, topish-tutishimiz ham joyida bo‘lgan. Bir yaramas soliqchi bor edi o‘sha bozorda. Men yigirma sakkizlarga kirib qolgan edim. Boyagi soliqchining desangiz, o‘n besh-o‘n olti yoshlardagi bir xunuk, ro‘dapo qizi bor ekan. O'shani berib, meni kuyov qilish niyatida ekanini aytib qoldi-yu! Boshqaga uylanadigan bo‘lsam, otamning payini qirqishi turgan gap edi. Soliqchi ham mendan umidvor bo‘lib, otamga "tegmay" turaverdi. Shunga, desangiz, to o‘sha qiz erga tegib ketguncha yana salkam o‘n yil indamay yura berdik-da, uka, savdo o‘lmasin dedik...

Voh, dedim. Ana sizga "ishq" dostoni!

...Asli dog‘istonlik bir qo‘miq ayol bilan qo‘shni edik. Uning aytishicha, Toshkentga dastlab kelgan kuni qorni ochqab, bir oshxonaga kiribdi-da, darrov ortga qaytibdi - oshpaz erkak kishi ekan-da. Hayron bo‘lib, boshqasiga borsa, u yerda ham mo‘ylovi shopday bir azamat xamir cho‘zayotgan ekan. "O'sha kuni och qolganman, - degan edi Nuriyat opa. - Bizda erkak kishi oshxonada ishlamaydi. Oshpazlik xotinlar yumushi-ku, axir!" Indamadim. Nima, "Bizda xotinlarning barcha ishini ularning qo‘lidan olgan erkaklar juda ko‘p. Hatto uch-to‘rtta mashhur artistimiz borki, ashulasiyu qiziqchiligini ham yig‘ishtirib qo‘yib, televidenieda bir-biriga gal bermay xotinlarga chuchvara tugishni o‘rgatib yotadi", deymi?

G'afur G'ulomning "Bizning onalar" maqolasida yozilgan bir voqeani eslang: bosqinchilarga qarshi kurashgan Qamchibek qo‘lga tushiriladi. Oyoq-qo‘liga kishan urib, dor ostiga olib kelingan paytda uning yoniga onasi - Oloy malikasi deb tanilgan Qurbonjon dodxoh otliq yetib kelib, "Xayr, o‘g‘lim, bizning avlodga shahid o‘lmoq - otameros. Bergan sutimga roziman!" deydi-da, ot boshini qaytarib keta beradi.

Alp - enadan, ot - biyadan, deydilar: Qurbonjon dodxoh kabi yurakli onalardan Qamchibek singari ko‘kragi yolli (yolqinli) yigitlar tug‘iladi.

"O'tkan kunlar"da Otabek o‘limni bo‘yniga olib, bir o‘zi Mutal, Sodiq va Homid singari uch battol bilan yolg‘iz olishadi va barchasini mahv etadi. Bunday yovqurlik unga otasi - mulohazakor Yusufbek hojidan emas, onasi - dangalchi O'zbek oyimdan o‘tgani ham kunday ravshan. Demak, millatning jasoratli bo‘lishi avvalo shu millat onalarining dilovarligiga bog‘liq.

Odam o‘zini anglashi uchun nafaqat fazilatlarini, balki aybu nuqsonlarini ham yaxshi bilishi, ularni tuzatishga intilishi kerak. Bilmadim, negadir biz so‘nggi paytlarda uzzu-kun har qanday bahona bilan "Bo‘ladigan el bir-birini botirim deydi" maqolini ko‘p aytadigan bo‘lib qoldik. Ya'ni, biz ulug‘miz, buyukmiz, ota-bobolarimiz dunyoga ta'lim bergan... va hokazo. Ha, bu rost. Shundoq bo‘lgan. Ammo biz o‘zimiz-chi? Nuqul bir-birimizga "botirim" deyaversak, hamma ish bitib qolarmidi? Qachon o‘zimiz o‘sha shonli otalarga munosibroq voris bo‘lamiz?

Menimcha - urf-odatlarimizdagi maxdudlikdan voz kechganimizda va "olam bizga mahliyo" qabilida o‘z-o‘zimizni maqtashlardan qutulganimizda!

Millat o‘zligini anglashi uchun nihoyatda zarur bu. Bejiz emaski, jadid otalar bundan bir asrcha avval ilg‘or, mutaraqqiy mamlakatlardan ortda qolib ketayotganimizdan iztirob chekib, bunga sabab elimizdagi jaholat ekanini aytgan va chora sifatida ma'rifatni targ‘ib etgan. Ma'rifat esa xat-savodli bo‘lish va hisob-kitobni bilishgina emas, u avvalo dilning uyg‘oqligi, fikrning tiniqligi demakdir.

Ma'rifat - oshiq ko‘ngillar ishi.

Ammo kimgadir ko‘ngil qo‘yish, oshiq bo‘lish bizda qadimda go‘yo jinoyatday sanalgan. Axloqiy me'yorlarimizga ko‘ra, nafaqat qizlar, hatto yigitlar ham ota-onalariyu yaqinlariga hech qachon birovni sevishi haqida og‘iz ocholmagan, bunday qilish ayb, salkam buzuqlik hisoblangan. Birovni yoqtirib, yetishish cho-rasi sifatida u bilan qochib ketgan qiz esa badnom etilgan, ota-onasi, xesh-aqrabolari ko‘chada bosh ko‘tarib yurolmagan, shu oiladagi boshqa qizlarga sovchi kelmagan. Bunday jur'atli qiz, qalban naqadar afifa bo‘lmasin, hatto oq qilingan. Anvarni sevgani uchun ota xohishiga qarshi chiqib, xonga tegishga unamay qochib ketgan Ra'noga munosabat bunga yaqqol dalil.

Shar'an, qizlarni roziligisiz nikohlash mumkin emas. Ammo milliy urf-odatlarning ta'siri shu qadar kuchliki, shariatni poymol qilib bo‘lsa-da, xohlamagan kishiga tegishga ko‘nmagan qizlarni ota rozi - xudo rozi, deb "dalil" keltirib, majburan nikohlangan. Bugina emas. Qiz yo yigit istamasa, avval fotiha qilinib, so‘ng "endi ish bitdi, fotiha - yarim nikoh!" deya ularni qovushtirish, hatto yosh go‘daklarni o‘zaro kelishib, "beshikkertti" qilib qo‘yishlar ham majburiy nikohlashdir. Aksar beshikkerttilar bobo yo buvining "bola-chaqalar bizdan so‘ng uzoqlashib ketmasin" degan tilagiga ko‘ra amalga oshiriladi. Qarindoshlarni o‘zaro qovushtirish - ibtidoiy jamoa davriga xos bo‘lgan endogam nikoh hozir ham ko‘p o‘zbek oilalarida, afsuski, davom etib keladi. Ming pardalanmasin, bunday majburiy nikohlar asosida moddiy manfaat, ya'ni "akamning (opamning) shuncha yiqqan-tergani begonaga qoladimi, undan ko‘ra mening bolam kelin (kuyov) bo‘lsa, unga, qolaversa, bir chekkasi menga ham foydasi tegadi-ku" degan tama ham yo‘q emas. Qarindoshlararo nikohdan, ya'ni salkam aka-singillar o‘rtasida tug‘ilgan bolalarning aksari mustaqil, qat'iy fikrli, birovni sevishga qodir shaxs emas, naridan-beri oila qurib, aholi sonini ko‘paytirishdan boshqaga yaramaydigan ojiz bir individ bo‘lib voyaga yetadi. Ojiz individning esa sevgi-pevgi bilan ishi yo‘q, qorin to‘yg‘azishu qiynalmay kun (umr) o‘tkazishdan boshqa g‘ami bo‘lmaydi uning.

"Agarni magarga nikoh qilsalar, bir farzand tug‘ilgay, oti koshki", deb yozgan edi G'afur G'ulom. Moddiy manfaat asosida topishganlardan bino bo‘lgan bolalarning nafaqat tarbiyasida, hatto tug‘ilmasidan ilgariroq "peshonasiga bitgan" ruhiyatida ham egoizm hukmronlik qiladi. Bunday o‘g‘il-qizlarga jaso-rat yot, ularda tavakkalchilik, "avantyurerlik" yo‘q, hech kim bezovta qilmasayu tinch, beg‘am umr kechirsalar, shunisiga shukur...

1990 yil yozida qay bir badxohlar qutqusi bilan O'shda taloto‘p yuzaga keldi: ikki qardosh elning soxta fidoyilari o‘zaro janjal chiqardi. Qariyb bir-ikki oy yurt notinch bo‘ldi. Janjalning uchinchi kunida ota-ona, aka-ukalardan xabar olish, hol so‘rash niyatida ikki hamshahrimiz bilan O'shga jo‘nadik. Yakshanba kuni edi, Qo‘rg‘ontepa orqali o‘tib borar ekanmiz, "tovus" atlas ko‘ylak kiygan yuzlab do‘mboq xotinlarning bamaylixotir rastalar oralab yurganini ko‘rib, to‘polon degani yolg‘on shekilli, degan xayolga ham bordik. Axir, shu joydan uzog‘i bilan o‘ttiz-qirq chaqirim narida odamlar bir-biriga chovut solayotgan, uylari yondirilayotgan edi-ku! Bittasini qassob bo‘g‘izlayotgan joyda bemalol xashak chaynash anqov qo‘yning qilig‘i emasmi? Bunchalik "xotirjamlik" negizida nima yotadi? O'sha damda Abdulla Qodiriyning so‘zi esimga keldi; u Yusufbek hoji tilidan "Bizning odam bo‘lishimizga ko‘zim yetmay qoldi" deb kuyingan edi...

Xayolan boshqa xalqlar adabiyotida "abadiy mavzu" - ishq-muhabbatga bag‘ishlangan asarlardagi ayollar xatti-harakatini kuzataman. Ana, Anna Karenina - u sevgan kishisi bilan birga bo‘lish yo‘lida o‘zining jamiyatdagi mav-qeini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqmay, dadil qadam bosib, nafaqat sobiq eri va uning atrofidagilar bilan aloqasini uzdi, balki o‘z davrida millatning guli hisoblangan butun bir kiborlar jamiyatiga - "qonuniy nikoh"ni buzmay turib buzuqchilik qiladigan, shuning uchun Annani qoralab, boshqalar oldida o‘zini pok ko‘rsatadigan, sirtdan boobro‘, aslida esa pastkash, ipiriski zodagonlarga qarshi chiqa oldi. Bu yo‘lda o‘zi qurbon bo‘ldi, ammo uning o‘limi o‘quvchiga kuchli katarsis (san'at asari ta'sirida ma'naviy-ruhiy tozarish) baxsh etadi. Yoki Turgenev, Chexov asarlaridagi ayollarga qarang: ana, ulardan biri bemaqsad to‘q yashashdan bezor bo‘lib, yangi hayot sari intiladi (Chexov. "Qayliq"), umummillat ishi uchun o‘z shaxsiy manfaatidan voz kechadi (A.Tolstoy. "Rus xarakteri"), pastarinliklarga ko‘nib, kafolatlangan to‘q va boy oilada yashashmi, yo bo‘lmasa, bulardan voz kechib, ko‘ngil tilagan umr yo‘liga, u noma'lum va xavfli bo‘lsa-da, tavakkal qadam qo‘yishmi, degan dilemmaga duch kelganida, muhabbat yo‘lini tanlaydi, tinchgina, ammo bir zaylda o‘tadigan zerikarli turmushni istamaydi.

Yodingizda bo‘lsa, maqola avvalida Murodjonning ("Gulisafsar hidi") bir gapi keltirilgan edi: "Miyamda Xosiyatxonning so‘zlari jaranglaydi: "Men sizning kimligingizni bilaman! Men sizning kimligingizni bilaman!"

Xo‘sh, biz-chi, biz o‘zimizning kimligimizni bilamizmi?

Men, ha, bilamiz, deyolmayman.

"Gulisafsar hidi"dan qariyb chorak asr avval Said Ahmadning "Iqbol chiroqlari" degan hikoyasi bosilib chiqqan edi. Undagi Iqbol otli qiz ham Xosiyatxon kabi elektr payvandchi. Sevgan yigiti unga, endi bu ishingni tashlaysan, men seni shohi-atlaslarga burkayman, malikalarday yashaysan, deb aytadi. Payqasak, bu ikki yigitning dunyoqarashi mohiyatan bir xil. Ya'ni, hayotiy pozitsiyalari Robiyayu Zaynablarnikiga monand. O'zbeklarda oila qurish masalasida asosiy ixtiyor yigitlarda bo‘lganidan va ularning aksariyatiga Xosiyatxon singari olijanob, ammo oilaviy ahvoli nochor qizlarga qaraganda badbo‘y anhor bo‘yidagi molxona, tovuqxonali hovli ma'qulroq ko‘ringanidan (chunki shunda ularni "oldinda tinch, farovon turmush" kutadi), talay oilalar ana shunday hisob-kitob negizida quriladi. Bunday oilalarning farzandlari esa ilm-fanga, texnikaga, san'at va adabiyotga emas, savdo-sotiqqa, oshpazlik, moliya kabi "qorin to‘yg‘azadigan" kasb-korga o‘zini uradi. Nahotki o‘zbekning tiynatiga shu narsa ko‘proq xos bo‘lsa? Issiqqina oshxonada manti tugib, savdo-sotiq bilan shug‘ullanib, xorijning mayda-chuydasini bir-biriga pullab kun kechiradigan odamning umri qariyb besamar o‘tadi.

Millatning ham. Jasorat qilish yangilik yaratish, faqat tirikchilik deb emas, elning istiqbolini o‘ylab faoliyat yuritish zarur. Shunday kishigina o‘z xalqiga, millat esa bashariyatga nimadir qoldirishi mumkin.

Alisher Ibodinovning hikoyasida achchiq haqiqat keskin bayon qilingan. Murodjon - xalqimizning bo‘sh-bayov bir bolasi, kurashga ojiz ekanini dangal tan oladi, o‘z ko‘ngli isyoni alangasiga molxona yonidagi badbo‘y anhor suvidan sepib o‘chiradi. Bu hikoyaning kuchi, yarq etadigan jihati ham mana shunda. Ajabki, aksar adabiy qahramonlarimiz voqelik taqozosi bilan yo moddiy, yo ma'naviy farovonlikni tanlash dilemmasiga duch kelganida uning birinchisini afzal ko‘radi, nega shunday, bu milliy tiynatimizga tobora ko‘proq xos bo‘lib borayotgan manfaatni ko‘zlash, romantik olijanoblikni tark eta borishning so‘z san'atidagi in'ikosi emasmikan?

Qurbonjon dodxohlar bizning onalar, Kumushlar singillarimiz edi. Ular hayotda bo‘lgan, hozir ham bor. Ammo, zamonaning zayli bo‘lsamikan, qalbi romantik tuyg‘ularga to‘liq ayollar tobora kamayib, barcha narsaga o‘z tor dunyoqarashi orqali nazar soladigan xudbin xotinlar ko‘payayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Nimaga deb so‘rasangiz, hozir bozor iqtisodiyoti zamoni-ku, deydilar. Evoh, real voqelik sabab, talay ko‘ngillarda arang miltirab turgan olijanob shu'la ham so‘nib, meshchanlik hayotini tanlaganlar ko‘payyapti...

Har nechuk, millat hayotiga romantika kiritish lozim. Toki, odamlar o‘tib borayotgan umrida, turmushida ma'no va maqsad ko‘rsin; o‘zining, xalqining kela-jagi yorug‘ bo‘lishiga umid qilsin. Ana o‘shanda qalblarda ezgulik, mehr uyg‘onadi, dilga romantika, sevgi kabi pokiza tuyg‘ular inadi, tavakkal qilishga, jasoratga tashnalik hissi yuqadi, bori esa yuksaladi. Shunda millatimizning asl o‘zligi - eng go‘zal olijanob fazilatlari tag‘in bo‘y ko‘rsatadi, qadimgiday joziba kasb etadi.

Ana shunda adabiy qahramonlarimiz taqdiri ham boshqacha bo‘ladi...

Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et...
(Nodira) 

Zuhriddin Isomiddinov,
«Tafakkur» jurnalining 2007 yil, 4-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.