Hazrat Navoiyning bu mashhur g‘azali haqida suhbatlashishdan avval, ota-bobolarimiz koinotni o‘n sakkiz ming olamdan iborat, deb anglaganliklarini eslab o‘tishimiz joiz. «Oshub» - g‘avg‘o, to‘polon degani. Xo‘sh, nima uchun shoir «O'n sakkiz ming olam oshubi» deydi?
O’n sakkiz ming olam oshubi agar boshindadur, Ne ajab, chun sarvinozim o‘n sakkiz yoshindadur. Desa bo‘lg‘aykim, yana ham o‘n sakkiz yil husni bor, O’n sakkiz yoshinda buncha fitnakim boshindadur. O’n sakkiz yil dema, yuz sakson yil o‘lsa, uldurur, Husn shohi... ul balolarkim ko‘zu qoshindadur. Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki bor, Barchasi Ezid taolo sun’i naqqoshindadur. Tan anga siymu ichinda tosh muzmar ko‘nglidin, Aqlg‘a yuz hayrat ul oyning ichu toshindadur. May ketur, ey mug‘ki, yuz hayrat aro qolmish Masih, Bul’ajablarkim, bu eski dayir xuffoshindadur. To Navoiy chekti ul oy furqatidin bahri ashk, Har qachon boqsang quyosh aksi aning yoshindadur. |
Ma'lumki, bizga ana shu «o‘n sakkiz ming olam»dan kichik bir qism - Yer yuzining o‘zimiz yashaydigan bo‘lagidagi g‘am-tashvishu g‘alayonlar, junbushlargina ayon. Cheksizlikdagi jamiki «oshublar»ning haybatini hatto tasavvur qilishga ham ojizlik qilib qolamiz. Biroq, Alisher Navoiy idealidagi insonning, mumtoz mahbubaning yetukligi shu darajadaki, uning boshida nafaqat mazkur «o‘n sakkiz ming olam oshubi» haqidagi tasavvur, balki ana shu oshub, ana shu g‘alayon bor. Shu o‘rinda, Alisher Navoiyning har bir inson shaxsiga naqadar buyuk ahamiyat berganligi, qanchalik zalvorli yuk ortganligini ta'kidlab qo‘yish lozim. Insonning, har bir shaxsning o‘zi alohida bir olamgina bo‘lib qolmasdan, balki «O'n sakkiz ming olam oshubi»ning sohibi ekanligi buyuk shoirimizning bu boradagi o‘ziga xos kashfiyotidir. Biz har lahzada dunyoga necha minglab odamlar kelishi va har lahzada qanchadan-qancha go‘zallar o‘n sakkiz yoshga qadam qo‘yishlarini, bir o‘ylasak va har bittasining boshida o‘n sakkiz ming olamda sodir bo‘layotgan g‘alayonlar mavjudligini fikr qilsak, bularning barchasi va bulardan tashqari Navoiy lirik qahramoni tomonidan vasf etilayotgan o‘n sakkiz ming olam muammolarini o‘z boshiga jam qilgan mahbubaning zohiriy va botiniy ko‘rki naqadar betimsol ekanligi ayon bo‘ladi. G'azaldan ayonki, har bir kun shunchaki kun emas, har bir lahza shunchaki lahza emas, balki qanchalab mumtoz go‘zallarning va ular orasidagi bitta eng yetuk sohibjamolning o‘n sakkiz yoshga to‘lib turadigan oniy bir mo‘‘jizasi o‘lchamidir. Bir lahzadaki shunchalik mo‘‘jizalar qudrati mavjud ekan, o‘n sakkiz yil qanchalik husndan iborat ekanligini ko‘z oldingizga keltiravering. Shuning uchun ham Alisher Navoiy ushbu mahbubaning ilk baytdagi ta'rifi bilan kifoyalanib qolmasdan, o‘z sohibjamolida har bir lahzasi ana shunday barkamol ko‘rklardan iborat bo‘lgan yana tag‘in o‘n sakkiz yilning husni borligidan xabar beradi. Mazkur husnning cheksizligiga cheksizlik qo‘shadi.
Desa bo‘lg‘aykim, yana ham o‘n sakkiz yil husni bor,O'n sakkiz yoshinda buncha fitnakim boshindadur.Baytdagi «fitna» so‘ziga ham alohida e'tibor qaratmoq kerak. Ma'lumki, olamdagi barcha g‘alayonlar dialektik ziddiyatlarning sodir bo‘lishlaridan, ya'ni «fitna»lardan tashkil topadi va shu tufayli borliq mulki harakatga kelib turadi. Demak, Alisher Navoiy tavsifidagi go‘zal faqatgina cheksiz husn sohibasi emas, balki borliqni harakatlantirguvchi qudratga ham ega bo‘lgan bir mo‘‘jizadir.
Hazrat Navoiy qahramoniga mahbubasi timsolidagi insoniy go‘zallik va uning yaratuvchisi qudrati haqidagi tafakkur izlanishini ayovsiz bir shiddat bilan davom qilgizadi. Shoirga bu tengsiz sohibjamolning o‘n sakkiz yil husni sohibasi ekanligi ham kamdek ko‘rinadi. Endi bu mezon har lahzada tengsiz va cheksiz go‘zalliklarni o‘z ichiga qamrab olgan yuz sakson yil qadar bahaybatlanadi.
O'n sakkiz yil dema, yuz sakson yil o‘lsa, uldurur,Husn shohi - ul balolarkim ko‘zu qoshindadur.Shoir anglatadiki, har yilning o‘z husni bor. Muayyan yilning husni ana shu yil mobaynida yaralgan jami go‘zalliklarning majmuidan iborat. Bir yilda Alloh taolo qancha-qanchalab husnlarni bunyod etadi? Buni aniq aytishning imkoni yo‘q. Shuning uchun ham bu yerda u «yil husni» degan iborani qo‘llaydi. Alisher Navoiy «husn o‘lchami»ga zamon va makon nuqtai nazaridan kelib chiqib aniqlik kiritadi, ya'ni «O'n sakkiz yil husni» kabi. Va shu husnga hayratdan tug‘ilgan «O'n sakkiz ming olam oshubi». Alisher Navoiy ana shu o‘lchamlardan «Husn shohi» degan atamani qo‘llaydi. Uning fikricha, vasf etilayotgan sohibjamol o‘n sakkiz yil ham emas, yuz sakson yil mobaynida yaratilgan ilohiy husnlarning mumtozi ya'ni «ShOHI»dir. Mangulikning «husn shohi», shoirning zimdan ta'kidlashicha - Allohdir. Lekin U insonlarni o‘ziga monand sifatlar bilan ziynatlab ko‘rishni ma'qul topadi. Shoirimiz ta'riflayotgan ilohiy diydor esa, ana shunday oliy lahzalarda yaralgan mo‘‘jizadir. Bu diydor ayni bir vaqtning o‘zida shoir insonlar oldiga qo‘ymoqchi bo‘lgan sifatlar sohibasidir, taraqqiyot jarayonida shunga qarab intilinishi kerak bo‘lgan ibrat namunasidir... ... «ko‘zu qoshi» «qanchalab o‘n sakkiz ming olamlar» balolarini o‘zida jamlagan bu barkamollik egasining sohibmo‘‘jizalik darajasiga hayron qolishga insonning aqli ojizlik qiladi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, «hayrat etmon husni naqshidaki», deb xitob qiladi va o‘zi yaratgan mo‘‘jizalariga Allohning o‘zininggina hayrat qudrati yetishi muqarrarligini shoir quyidagicha bayon etadi: «...har hayratki bor, barchasi Ezid taolo sun'i naqqoshindadur». Bu misradan shunisi yana ham oydinlashdiki, bu cheksiz mo‘‘jizaga hayrat aynan ana shu mo‘‘jizaning o‘zidan iborat. Ya'ni hayrat «sun'i naqqoshinda». Demak, yaratuvchining qo‘lida, yana ham aniqrog‘i, «naqqosh»ning, ya'ni Parvardigori olamning yaratuvchilik qudratidir. Shoirga ko‘ra, bunday ilohiy qudrat tufayli yuz bergan mo‘‘jizaga hayratlanish uchun hamma-hammaning ham qurbi yetavermaydi.
Ma'lumki, olamning ishlari tashqaridan qaraganda yaltiroq, uning zamiriga nigoh tashlasak, shoir ilk baytda ta'kidlaganidek, «oshublarga to‘la». Shuning uchun ham bu dunyoni «yolg‘onchi dunyo» deb aytadilar. Alisher Navoiy o‘zi ta'riflayotgan go‘zalning husnini naqadar cheksiz deb ta'kid qilmasin, baribir u ham muayyan ma'noda o‘zi mansub bo‘lgan olamning timsolidir. Ya'nikim,
Tan anga siymu ichinda tosh muzmar ko‘nglidin,Aqlg‘a yuz hayrat ul oyning ichu toshindadur.Ya'ni uning badani kumushdan. Aqlni yuz hayratga soladigan jihati shundaki, mana shu kumush badanning ichida tosh yurak pinhon qilingandir va u ko‘rinib turadi. Mana shu ko‘rinib turish dunyoning yolg‘onchilikka qarama-qarshi qo‘yilgan zohir va botinning mushtarakligidir. Shundan keyin, Alisher Navoiy o‘zi insho etgan bu murakkab husn saltanatining ta'rifini to‘xtatib, an'anaviy lirik chekinishga o‘tadi. Biroq bu lirik chekinish ham zimdan asosiy mavzu bilan bog‘liq. Cheksiz olam va unda hayot kechirayotgan barkamolligi hududsiz odam mavjud bo‘lgan borliqning hayratlanarli ekanligini tarannum qilishda davom etishdan iboratdir.
May ketur, ey mug‘ki, yuz hayrat aro qolmish Masih,Bul'ajablarkim, bu eski dayir xuffoshindadur.«May» - e'tiqodga qattiq berilishning timsoli. «Mug‘» - mayfurush, insonning o‘z e'tiqodiga qattiq berilishida vositachi shaxs. «Masih» - Iso payg‘ambarning laqabi. Iso alayhissalomning muhim fazilati shundan iboratki, u gapirib o‘liklarga jon kirita olar edi. «Bul'ajab» - g‘alati, hayratlanarli degani. «Xuffosh» bu - ko‘rshapalak.
Ma'lumki, ko‘rshapalaklar gumbazlarning ichini o‘zlariga uya qilib oladilar. Dunyo ham, olam ham o‘ziga xos gumbaz. Biroq bu gumbazning ko‘rshapalaklari shu qadar mo‘‘jizakor, hayratlanarliki, bunday hayratlanarli ko‘rshapalaklar yaratgan mo‘‘jizotlarga, hatto Iso Masih ham hayron qoladi.
Xuffosh, ya'ni ko‘rshapalak ko‘zlari ko‘rmasa ham sezgilariga tayanib, qorong‘uda bemalol uchib yuradigan mavjudot. Sezgirlik uning ko‘ngil ko‘zidadir. Ma'lumki, mutafakkirlar haqiqiy muhabbatda ham, majoziy muhabbatda ham suvratnigina ko‘ra oladigan zohiriy ko‘zni emas, balki siyratni idrok eta oladigan ko‘ngil ko‘zini afzal bilganlar. Demak, Navoiy ta'riflayotgan oliy jamolni ilg‘amoq uchun har bir insonning ko‘ngil ko‘zi charaqlab turishi kerak. Boshqalar uchun qorong‘u bo‘lib tuyulgan yerlarda ham o‘ziga yorug‘ yo‘l topa bilmog‘i lozim. Bunday olamda odamning naqadar buyuk mo‘‘jizalar sodir eta olishiga taajjublanmasa ham bo‘ladi. Maqta', ya'ni g‘azalning oxirgi bayti quyidagichadir:
To Navoiy chekti ul oy furqatidin bahri ashk,Har qachon boqsang quyosh aksi aning yoshindadur.Alisher Navoiyning lirik qahramoni o‘zi ta'riflagan oydan ayrilib, shunday ko‘z yoshlar to‘kadiki, mo‘‘jizakorlikda uning har qatra ko‘z yoshi shu oyga tenglashadi. Nega biz shunday demoqdamiz? E'tibor qiling - quyosh nuri hamisha oyda aks etadi. Shoir bo‘lsa, «Har qachon boqsang quyosh aksi aning yoshindadur» demoqda. Har qatrasida bir quyosh aks etgan bu «ko‘z yosh dengizi», ya'ni buyuk qayg‘u, shunchaki qayg‘umas, balki borliqni o‘zida aks ettiradigan ko‘zgu hamdir. Bu holni quyidagicha talqin qilish ham mumkin: quyoshning aksi oyda qanday zohir bo‘lsa, ishq tufayli tabarruklashgan oshiq ko‘z yoshi oydan quyoshchalik afzal. Shu sababdan ham oftob unda aks etadi. Shoirning bu oxirgi baytidan navbatdagi xulosa kelib chiqadi, ma'shuqa naqadar barkamol bo‘lmasin, oshiq o‘zi chekkan dardlari tufayli kamolot darajasida unga barobarlashadi. Muhabbatning vazifasi ham ana shunda, ya'ni nuqsonli sevguvchini mumtoz seviluvchi darajasiga yetkazishdir.
Matnazar Abdulhakim,
Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy xodimi