OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Inoyatulla Suvonqulov, Mohigul Boboyeva. So‘fiy Ollohyor merosi

Mutafakkir shoir va nasrnavis So‘fiy Ollohyorning tasavvuf ruhida yozilgan to‘rtta kitobi mavjud. Ular: “Maslak ul-muttaqin” (Taqvodorlar maslagi), “Sabot ul-ojizin” (Ojizlar saboti), “Maxzan ul-muti’in” (Mutelar xazinasi), “Murod ul-orifin” (Oriflar-donolar murodi). Bu asarlarning qo‘lyozmalari Sharqshunoslik instituti kutubxonasi va ayrim kishilar qo‘lida saqlanib keladi, ularning hajmi, yozilishi sifati turlichadir.

Maslak ul-muttaqin

“Maslak ul-muttaqin” (Taqvodorlar maslagi) asarini fors tilida So‘fiy Ollohyor yirik mutasavvuf olim va faqih sifatida, ayni kamolga yetgan davrida yaratgan. Uning ijodida alohida o‘rin tutadigan bu asar fiqh, shariat ahkomi, ma’naviyat, axloq qoidalari, islom tarixi masalalariga bag‘ishlangan she’riy shaklda, aruzning hafif bahrida yozilgan.

Asarning umumiy hajmi o‘n ikki ming baytdan ortiq, 135 ta katta-kichik boblardan tarkib topgan. Bu haqda shoirning o‘zi shunday deydi:

Bitibmen forsiy tilda kitobe,
Tamom anda masoilning javobi.
Hama taqvovu fatvoning bayoni,
O‘n ikki mingdan ortiq bayti oni.

So‘fiy Ollohyorning “Maslak ul-muttaqin” kitobini “Hidoyat ul-muttaqin” nomi bilan o‘zbek tiliga nasriy tarjima qilgan shaxs Qo‘ziboy Hofizdir. Ana shu tarjimani “Maslak ul-muttaqin” nomi bilan zahmatkash olimlar Sayfiddin Sayfulloh va Akram Dehqon nashrga tayyorladi. Shayx Abdulaziz Mansur tahriri ostida mazkur asar 2008 yili “Movarounnahr” nashriyotida chop etildi va xalqimizning ma’naviy mulkiga aylandi.

Bu kitob madrasalarda maxsus o‘qitilgan. Madrasalarda talabalar ushbu kitobni “Maslak” deb ham ataganlar.

So‘fiy Ollohyor mazkur asari fiqh, shariat masalalariga bag‘ishlangan yuzdan ziyod kitobni chuqur o‘rganish asosida yuzaga kelganini aytgan. Kitobning tosh bosma va qo‘l yozma nusxalari Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Turkiya, Chin, Boshqirdiston, Tatariston, Hindiston va boshqa mamlakatlarga keng tarqalgan.

“Maslak ul-muttaqin”da ko‘tarilgan har bir masala shariat hukmi, Qur’oni Karim va Hadisi sharif asosida sharhlab beriladi.

Sufiy Ollohyorning «Maslak ul-muttaqin» asari badiiy, ilmiy, falsafiy va tarbiyaviy qimmatini bugungacha saqlab kelmoqda.

“Sabot ul-ojizin”

Sufiy Ollohyorning ikkinchi kitobi «Sabot ul-ojizin» nazmda yozilgan. Lekin uning birinchi kitobidan farqli o‘laroq, tili o‘zbekchadir. Mazkur kitobda ham so‘fiylik tariqatining ayrim jihatlari hamda umuminsoniy qadriyatlar, odob-axloq masalalari badiiy talqin etiladi. Bu haqda shoir shunday yozgan:

Anikim ko‘rdilar turkiy yoronlar,
Dedilar gar duo qilsa eranlar.
Bitilsa turkiy til birla aqida,
Ko‘ngullar bo‘lsa andin oramida.

Mazkur taklif shoirga ma’qul tushadi va u yurtdoshlarining bu sa’y-harakatlarini matonat deb baholaydi hamda ularning istaklarini bajarishga bel bog‘laydi:      

Agarchandeki bo‘lsam mag‘zi yo‘q po‘st,
Ishorot qildilar chun bir necha do‘st.
Aqida so‘zlarini qildim isbot,
Anga qo‘ydim «Sabot ul-ojizin» ot.
O‘zumdek xastalar bo‘lg‘aymu deb shod,
Nasoyihdin ham andak ayladim yod.

Ta’kidlaganimizdek, «Sabot ul-ojizin» asari Toshkentda 1882, 1884, 1905, 1915 yillarda, Kogonda 1910 yilda, Qo‘qonda 1890 yilda qayta-qayta nashr qilingan. Shu faktning o‘ziyoq So‘fiy Ollohyor adabiy merosining xalq orasida mashhurligini, unga ehtiyoj kuchliligini ko‘satadi. Ollohyor ijodining ma’rifatimiz tarixi uchun muhim jihatlaridan biri shundaki, eski usul maktablarida avval to‘rt kitob, ya’ni «Chahor kitob», «Haftiyak», «So‘fiy Ollohyor» so‘ngra «Hofiz» o‘qitilishi shart bo‘lgan. Keksalarning xotirlashlaricha, XX asp boshlarida ham turli joylarda o‘ziga xos «ollohyoronliklar» bo‘lib turgan.

Kitob e’tiqodning inson, xalq uchun ahamiyatini bayon etish bilan boshlanadi. Unda ibratli nasihatlar anchagina. Shuning uchun ham yosh zamondoshlarimizni pokiza xulqli qilib tarbiyalashda kitobning ahamiyati katta.

«Maxzan ul-muti’in»

Ulug‘ alloma So‘fiy Ollohyorning «Maslak ul-muttaqin», «Sabot ul-ojizin», «Murod ul-orifin» kitoblarini keng jamoatchilik yaxshi bilardi. «Maxzan ul-muti’in»ning bir qo‘lyozma nusxasi O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida №=4982 raqamda saqlanishi tadqiqotchi Jahongir Abduahadov tomonidan e’lon qilindi. Kitob arab tilida yozilgan bo‘lib, 546 betdan iborat. Unda aqida va fiqhiy masalalar keng o‘rin egallashi bayon etiladi. Demak, So‘fiy Ollohyor uch tilli ijodkor bo‘lgan.

«Murod ul-orifin»

So‘fiy Ollohyorning «Murod ul-orifin» nomli asari fors tilida yozilgan. Bu yirik falsafiy asar bo‘lib, tasavvuf ta’limotini yangi fikr, yangi mulohazalar bilan boyitgan. Umuman, «Murod ul-orifin» nasr va nazm vobastaligida yaratilgan bir butun falsafiy asardir. O‘zbekistan Fanlar akademiyasi “Sharq qo‘lyozmalar to‘plami”da “Murod ul-orifin”ga yozilgan ikkita sharh haqida ham ma’lumot uchraydi.

“Murod ul-orifin”ning mundarijasini muallif shunday belgilagan: «Chun in kitob dar bayoni ahamm so‘fiya va qismi so‘fiya va ulumi eshon va rusumi eshon ast». Ya’ni bu kitob so‘fiylikning ahamiyati, so‘fiylarning qismati, so‘fiylik ilmlari va ularning odatlari haqidadir. Bundan shu narsa anglashiladiki, olimning mazkur kitobi so‘fiylik suluki haqida maxsus tadqiqot, muhim qo‘llanmadir.            

So‘fiy Ollohyor o‘z faoliyati bilan Xitoydan Shom(Suriya)gacha, Oq Edil(Volga) bo‘ylaridan Hindsarhadigacha bo‘lgan mintaqalarda yashovchi turkiy va forsiy zabon xalqlarni yakqalam qildi. Ya’ni ularni bir falsafiy-estetik mafkuraviy yalov ostida birlashtirdi. Bu esa har qanday ijtimoiy-iqgisodiy davr hamda siyosiy muhitlarda uncha-muncha mutafakkir ijodkor qo‘lidan kelaveradigan ish emas edi. So‘fiy Ollohyor buyukligining tub boisi, avvalo, ana shundadir. Uning bu sa’y-harakatlari tufayli kurrai zaminning turli mintaqalarida yashovchi xalqlar bir-birlari bilan yaqinlashdilar, bir-birlarining ma’rifatlaridan xabardor bo‘ldilar.

So‘fiy Ollohyor buyukligining boshqa bir jihat ham bor. Ma’lumki, XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrda Movarounnahrda so‘fiya tariqati yangi bir taraqqiyot bosqichini o‘zboshidan kechirdi. Mashhur Bahovuddin Naqshbandning izchil faoliyati tufayli an’anaviy tasavvuf yangi nazariy xulosalar bilan boyidi, xalq hayotiga ancha yaqinlashdi. Bu tariqat Nosiriddin Ubaydulloh, Xoja Ahrori Valiy, Mahdumi A’zam Kosoniyning ta’siri tufayli eng faol amaliy harakatlar bilan bog‘landi. Ayniqsa, Naqshbandiylik qarashlarining bu davrda badiiy adabiyotga chuqur singib borishi san’atning boshqa turlarida ham iz qoldira boshlashi uning badiiy-estetik ta’sir doirasini kengaytirdi. Buyuk allomalar Abdurahmon Jomiy va Mir Alisher Navoiyning adabiy, ilmiy, ijtimoiy faoliyatlarining ravnaqi, ellar, yurtlar aro shuhrati, ta’sir kuvvatining behududligi ko‘p jihatdan o‘sha davrda Naqshbandiya tariqatining kamoloti bilan ham bog‘liqdir.

Demak, mazkur davrda Naqshbandiya tariqati ham bo‘yiga, ham eniga qarab taraqqiy etdi. So‘fiy Ollohyor o‘z asarlarida Naqshbandiya tariqatining ana shu fazilatlaridan ijodiy foydalandi. Faqat bugina emas, u «Murod ul-orifin» nomli yirik falsafiy asar yaratib, bu ta’limotni yangi fikr, yangi mulohazalar bilan boyitdi. Agar Xoja Ahrori Valiy, Mahdumi A’zam kabi alloma bobokalonlarimiz Naqshbandiya tariqati ta’limotlarini ijtimoiy hayotga tadbiq etishda namuna ko‘rsatgan bo‘lsalar, So‘fiy Ollohyor Naqshbandiya tariqatining barcha davrlar uchun dolzarb, milliy-sharqona va umuminsoniy axloqiy-ta’limiy qarashlarini ibodat jarayoniga, maktab-madrasalarga, ta’lim tizimiga olib kirdi. Bu esa, uning buyuk xizmatidir. So‘fiy Ollohyor o‘zining ana shu xizmati bilan davrlarning, millionlab kishilarning muallimi va murabbiysiga aylandi.

Inoyatulla Suvonqulov, professor,

Mohigul Boboyeva, o‘qituvchi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 24-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.