OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Inson fe’l-atvori siralari

Hayotida hasad illatiga u yoki bu darajada duch kelmagan kishi kam topiladi. Uning ijtimoiy zarari esa o‘rnini qoplab bo‘lmas darajadadir. Xo‘sh, u qanday paydo bo‘ladi? Uning davosi bormi? Bunday savollar har qanday kishini o‘ylantirishi, tabiiy. Quyidagi mulohazalar shu xususida.

HASAD

Bu dunyoda kim hasadgo‘ylardan qutulgan? Kimki o‘z vatandoshlari nazdida qanchalik yuksaklikda tursa, shunchalik katta mavqeni egallasa, u shuncha tez hasadgo‘ylarga nishon bo‘ladi.

Jorji  Amadu, braziliya  yozuvchisi

Siz uni ko‘rgansiz. Siz uni izlab yurmagansiz  izlab topmagansiz, u sizni topgan. Kutilmagan joydan topgan, balki yutuqlardan sarmast bo‘lib, yer va osmon oralig‘ida uchib yurganingizdami, farzandingiz kamolidan bo‘yingiz ko‘kka yetib turganidami,   xullas, shod kunlarning birida uning nigohi tushganu shundan beri ayrilmaydi. Soyadek ergashib yuradi. Ba'zan siz bilan baqamti keladi, yoqimsiz tirjayadi, o‘zini do‘st ko‘rsatmoqchi bo‘ladi, hatto iltifotlar qiladi, biroq hammasi soxta chiqib qolaveradi. Tezda o‘zini panaga oladi va «malomat toshlari»ni yana itqita boshlaydi. Bundan o‘zini tiya olmaydi. Gohida qiynalib ham ketadi. «Bu besh kunlik dunyoda menga nima zaril, odamdek yashasam bo‘l­maydimi, menga desa, koinotni egallab olmaydimi?» tarzida fig‘on ham qiladi. Yana zum o‘tmay, qilg‘ilig‘ini takrorlayveradi. Bundan o‘zi ham qiy­naladi, sizni ham qiynab yuboradi. Ana shunaqa dardi bedavoga chalingan kimsa u.

Siz uni bilasiz, duch kelgansiz, lekin qutula olmaysiz. Qutulishga harakat ham qilib o‘tirmang. O‘ziga insof bermasa, o‘zi sizdan «qutilmasa», siz undan qutila olmaysiz.

Ba'zan: «Shunaqaning  borligi ham yaxshi, bo‘lmasa, ancha loqayd bo‘lib qolardim» tarzida mulohaza ham qilasiz. Qo‘ying, qurib ketsin uning «foyda»si. O‘shasiz ham binoyidek yashab yurgandingiz, u yo‘liqdiyu umr yo‘llaringiz boshqa so‘qmoqlarga urib ketdi. Bil'aks, maqsad cho‘qqisiga tezroq yetgan, yana ham balandroqqa ko‘tarilgan bo‘larmidingiz. Ammo, boriga, nasib etganiga  shukur. 

Xalq og‘zaki ijodida, badiiy adabiyot va san'atda hasad mavzusi asosiy siralardan biri bo‘lib kelgan. O‘zbek monumental eposi «Alpomish»da necha yillar tinch va baqamti yashab kelayotgan sulola vakillari aka-uka Boybo‘ri va Boysari o‘rtasida shu nifoq paydo bo‘lgach, tinch hayotga og‘u aralashgani ta'sirchan ifodalangan. Keyinchalik Hakimbek (Alpomish)ning boshiga tushgan sho‘rishlarga ham shu illat sabab. Hazrat Alisher Navoiy o‘z lirikasida «zamona kulfatlari»dan biri sifatida u tufayli odamlardan, hamnishinlardan yetgan jabr-jafolarni dard bilan qayd etish barobarida dostonlaridagi Farhod  -  Xisrav, Xisrav - Sheruya singari ko‘plab qarama-qarshi taqdirlar misolida fojeaning ko‘lamini yanada teranroq chizib berdi. Bastakorlar  -  Motsart va Saleri o‘rtasidagi mojarolar esa jahon adabiyotining kun tartibidagi mavzusi bo‘lib qoldi. Pushkinning hasadgo‘y qahramonlaridan biri eng so‘nggi choychaqasiga raqibi uchun zahar sotib oladi. 

Individ (odam, inson, shaxs) jamoatchilik qurshovida yashar ekan, atrof­dagilarning unga munosabati muhim ahamiyatga ega. Bu munosabatda juda ko‘p gap bor. Negaki, odamlar o‘zidan atrofga ko‘zga ko‘rinmas energiya (quvvat) tarqatib yuradilar va biz ko‘zga ko‘rinmas energiya ummoni (aura)da yashaymiz. Kishilardan tarqaladigan  energiya yo tuzuvchi, yo buzuvchi bo‘lishi mumkin. Buni oddiy kuzatuv orqali ham bilsa bo‘ladi. E'tibor berganmisiz, ko‘pchilik davrasiga yangi kishi kelib qo‘shilsa, garchi uni hech kim tanimasa ham, davra­dagilarda ta'sirlanish yuzaga keladi: bu yo ijobiy, yo salbiy bo‘lishi mumkin.  Ta'sirlanishning qandayligi kirib kelgan odamga bog‘liq. Agar u yaxshi odam bo‘lsa, yoqimli energiya taratib yurgan bo‘ladi va atrofdagilarda ijobiy qo‘zg‘alish paydo qiladi. Yomon odam bo‘lsa, aksincha.

Tabiiy savol tug‘iladi: yaxshilik va yomonlikning, demak, havas bilan hasadning  chegarasi qaerda, ular o‘z tabiatini qay tarzda namoyon etadi, biz ularni qanday «tanib olishimiz» mumkin bo‘ladi? Albatta, bu savolning mufassal javobi juda uzun, biz mohiyatni qisqa va lo‘nda ifodalamoqchimiz: havas bilan yashaydigan odamdan yoqimli  (yaxshi) energiya tarqaladi, hasad bilan yashaydigan odamdan yoqimsiz (yomon) energiya tarqaladi. Ruhshunoslar, biotexnologlar, mediklarning xulosalari shu to‘xtamga olib kelgan. Demak, havas va hasad o‘z tabiatini ana shunday namoyish etadi.

Har qanday kishida o‘sish, rivojlanish, olg‘a intilish singari tabiiy mayllar bo‘ladi, odam bolasi ona qornidan shunday instinktlar bilan tug‘iladi. Atrof-muhit, tarbiya, hatto irsiy omillar ta'sirida bu mayllarni yuzaga chiqaradigan faol individ uni oq yoki qora ranglarda zohir qilar ekan. Agar borliqqa xayrixohlik bilan qarab, o‘zgalar erishgan natijalarni mamnuniyat bilan qabul qilib, o‘ziga ham shunday darajani istasa va unga beg‘araz intilsa, bunday kayfiyatning rangi oq bo‘lar ekan. Bu holatni bir so‘z bilan «havas» deb ataydilar. Mabodo, boshqalarning yutug‘i uni xafa qilsa, tinchini buzsa va o‘zidan o‘zgan odamni yoqtirmay qolib, g‘arazgo‘ylik qilsa, bunday tuyg‘uning rangi qora bo‘lar, uning nomi esa «hasad» ekan. Nutqiy muomalamizga singib ketgan  mana bu iboralarga e'tibor beraylik: oq ko‘ngil, qalbi toza, dili pok, ko‘ngli ochiq; qora yurak, ichi qora, ko‘ngli qora, ichini qurum bosgan, ichini zang bosgan. Til boyligimizda bu ikki tushuncha kontrast tarzda shunday ta'riflangan.

Odam  o‘z-o‘zidan  hasad  illatiga  chalinib  qolmaydi. Kishining fe'l-atvoridagi kichkina unsurlar zo‘rayib, hasadga olib borar ekan. Masalan, yonverimizda  har narsaga qiziqaveradigan odamlarni ko‘p uchratganmiz. Shunday holat ham oxir-oqibat hasadning tomir otishiga olib borishi mumkin ekan (bu tuyg‘u bekorga  paydo bo‘lmaydi, nimadir ichdan bezovta qilaveradi-da).    Hasad «ega»si  -  hasadgo‘y birovning yutug‘ini ko‘radi-da, unga erishish uchun tortgan azobini, qiyin­chiligini ko‘rmaydi, ko‘rishni xohlamaydi. U: «Baxt bir tekis tarqatiladi, nega men baxtsizman?» deb o‘ksinadi, ichini ilon kemiradi. Bil'aks, o‘ziga nasib etganidan rohatlanib, nasib etmagan narsadan afsuslanmaslik bag‘rikenglik va ma'naviy yuksaklik ifodasidir. Bu talab bizning azaliy axloqimizdagi «Boriga   baraka», degan tamoyilni esga soladi. Afsuski, ayrimlar bu talabni unutadi, «Qancha bo‘lsa, shuncha oz», yo‘siniga amal qiladi.  Agar odamlar o‘zida boriga shukur qilib, o‘zida yo‘q narsaga e'tibor qilmasa, ozgina narsa ham ularni qoniqtiradi.  Injiqlik, nosamimiylik, shuhratparastlik kabi illatlar aynan hasadning doyasi ekan. Kimning fe'lida shunday qusurlar bo‘lsa-yu, ularni bartaraf etmasa, bir kun borib hasadgo‘yga aylanib qolarkan.

 

MUDHISH QILMISH

 Hasadgo‘ylar o‘ladi-yu, hasad hech qachon o‘lmaydi.

Moler,  frantsuz dramaturgi

Hasadning dastlabki alomatlaridan biri, bu g‘iybatdir. Ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar oralab gap teradiganlar, gap tarqatadiganlarni bezovta qilgan tuyg‘u ham hasaddir. Undaylarning butun vujudini birovning yutug‘ini ko‘rol­maslik, ichi qoralik, baxillik kayfiyati qamrab olgan, bunday iskanjadan chiqib  ketaolmaydi. Bu illatlar beozor yashab yuraverishi mumkin, chinakam hasadning ko‘rinishi esa «gapdan amaliy ishga o‘tish»dadir. Nuqul og‘ziga zo‘r bergan zot oxir shu darajaga yetadiki, o‘zi yoqtirmaydigan odamiga turli yo‘llar bilan zarba berishga  o‘tadi. Badnom qiladigan gaplar o‘ylab topadi va odamlarni yollab, ig‘volarini tarqatadi, raqibining ishxonasiga xatlar uyushtiradi, bitib turgan ishini barbod qiladi va boshqa jismoniy hamda ruhiy azob berish vositalarini ishga soladi. Birovning muvaffaqiyatidan uyqusi qochib, bezovta bo‘layotgan hasadchi qabih ishlari ro‘yobga chiqsa, xursand bo‘lib, o‘z qilig‘idan rohatlanib,  yana mudhish rejalar tuzishda davom etaveradi. Xullas, u bedavo dardga chalinadi.

Birinchi voqea: Bank sohasida ishlaydigan bu zot, garchi ahvoli ko‘plardan yaxshi bo‘lsa-da, noligani-noligan edi. «Dom»dagi kirish-chiqishlar ham unga yoqmasdi. To‘g‘ridagi qo‘shnisi  -  nashriyot xodimini kun ora yo‘lini to‘sib: «U idoraga xat yozaylik, bu idoraga xat yozaylik», deb bezor qilib yuborgandi. Hech kimga qo‘shilmas, keyinchalik birga ishlaydigan yurtdoshi bilan ham yiroq­lashib ketdi. Boshqalar ham undan o‘zini olib qocha boshlashdi... Xullas, u shu kunlarda kasallanib, to‘shakka mixlanib qoldi. 

Ko‘p donishmandlar hasadni sevgiga tenglashtiradilar. Sevgi dardiga chalinganlar qanchalik behushu bexayol bo‘lib, o‘z ma'shuqalari (ya'ni, orzulari) haqida o‘y sursalar, hasadgo‘ylar ham o‘z raqibiga ana shuncha jinnilik bilan hujum qiladilar. «Hech bir ehtiros odamni sevgi va hasadchalik sehrlab qo‘ya olmaydi», deydi ingliz mutafakkiri  Bekon. Faqat sevgida oq ranglar  -  go‘zallik, nafosat, oliyjanoblik ustunlik qilsa, hasadda qora ranglar  -  qabihlik, jaholat, tubanlik ustunlik qiladi. Sevgan odam ishq shavqi bilan ma'shuqasining mayda-chuyda kamchiliklarini ko‘rmaydi, hasadgo‘y esa har bir unsurdan kir qidiradi, ninaning teshigidek joydan tuyani o‘tkaza  oladi.

Agar hasad bo‘lmaganda ma'naviyat dunyosi qanchalab mo‘'jizalar bilan boyigan bo‘lardi. Ko‘plab iste'dodli odamlar uning qurboni bo‘lib ketishdi. «Olis va yaqin tariximizda ne-ne buyuk zotlar hasad va baxillik, ko‘rolmaslik tufayli qanday azob-uqubatlarni boshidan kechirgan, sog‘lig‘i, hatto hayotidan judo bo‘lganini achchiq misollarda ko‘rish mumkin», deya qayd qilinadi Yurtboshimizning  «Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch» asarida.

 

UNDAN SAQLANING...    

     Hasad  -  eng og‘ir dard. Do‘stingning omadi yurishsa, hasad qilma, quvon!

                                    Suxomlinskiy, rus pedagogi

Bir oddiy omadi gap bor: hech qachon va hech qaerda hasadgo‘yni yoqtirishmagan va yoqtirishmaydi ham.Bu xususda, Yurtboshimizning «Yuksak ma'naviyat  -  yengilmas kuch» kitobida shunday deyiladi: «Dono xalqimiz g‘araz va hasad bilan yashaydigan, o‘z shaxsiy manfaatiga o‘zgalar hisobidan erishishni ma'qul ko‘radigan, faqat o‘zini o‘ylaydigan kimsadan o‘zi asrasin, deydi».

Ruhshunoslarning e'tiroficha, hasad  -  o‘z-o‘zini himoya qilish (ulug‘lash)  tabiiy xudbinlik (egoizm) bilan qorishib ketgan salbiy instinktdir. Instinktlarni bartaraf etish mumkin bo‘lmaganidek (masalan, chanqaganda, tashnalik yoki yorug‘lik tushganda, ko‘z qamashishi singari), hasadga chalingan odamni undan qaytarish qiyin kechadi ( bu osmonga tupurishdek gap  -  yuzingga tushadi). Faqat paydo bo‘lib ulgurgan instinktdan ijobiy maqsadda foyda­lanish mumkinligini uqtirishadi mutaxassislar.

Shaxsiy kamolot yo‘lida ishlatilishi mumkin bo‘lgan kuch-quvvat insonni yemiruvchi hissiyotga sarflanmoqda. Olimlar bir kunlik hasad uch kunlik och yashashga o‘xshash ta'sir qilishini aniqlashgan. Hasaddan odam ko‘karib ketishi, oshqozon yarasi orttirib olishi, undan  taqdir yuz burishi, istiqbolida omad eshiklari taqataq bekilishi  mumkin. Butun borlig‘i barbod bo‘lgan, bunyodkorlik quvvati g‘azab, jaholatga sarflangan, natijada, asablari ishdan chiqqan, hamma narsadan mosuvo bo‘lgan odam taqdiriga o‘zida achinishgina emas, nafrat hissini uyg‘ota oladigan shaxs fitratidagi salbiy holatni jilovlashga kirishgan bo‘ladi.

Odatda, hasad atrofingizdagi kimnidir yoqtirmay qolishdan boshlanar ekan. Kasbdoshingiz yoki hamxonangizning kiyinishi, ezmaligi, biror qilig‘i g‘ashingizni keltira boshladimi, mabodo, bu kayfiyat uning sizdan ko‘ra omadli yoxud ishlari avjdaligidan emasmi? degan andisha paydo bo‘lsin. Shundan so‘ng «raqib»ingizni oqlaydigan vajlar qidiring va uning o‘zingiz uchun yoqimli timsolini yaratishga erishing. Ichki iqror bilan mardona: «Ha, men bu odamga hasad qilayapman, biroq, uning hech yomonligi yo‘q, faqat yaxshi fazilatlari ko‘p ekan», deb tan oling. Ana shunday e'tirof boshlangan paytdan hasadning yemiruvchi kuchi o‘tmaslashib, o‘z-o‘zingizni tanqid bosqichi boshlanadi. Aybdorlikni his qilib, fe'li torligingizdan xafa bo‘lasiz. Ayni shu holat kishining ichki quvvatini yaxshi amallarga yo‘naltirish ko‘nikmasi uyg‘ona­yotganidan dalolatdir. Endi ishga munosabatni o‘zgartirishga, yorug‘ rejalar tuzishga to‘g‘ri keladi. Faoliyatdagi ba'zi kamchiliklarni avvalo tan olish, so‘ngra ularni tuzatishga kirishish lozim. Shu taxlit siz ham dastlab juz'iy, keyinchalik esa, katta yutuqlarga erisha boshlaysiz. Eng asosiysi  - ichingizdagi qora sharpadan xalos bo‘lasiz.

O‘qib ko‘rsak, ilmiy adabiyotlarda shunday maslahat va tavsiyalar qayd qilingan ekan. Go‘zal turmush tarzimizga to‘g‘ri kelmaydigan, birovga aytsa, odamning o‘zi xijolat bo‘ladigan qusurlar hech kimga yuqmasin, degan ezgu niyat bilan ularni qayd etib qo‘ydik. Zero, unga giriftor bo‘lganlarning qiliqlarini na tushuna, na qabul qila olasiz. Bir-birini takrorlamaydigan bunday qusurlar  uchrab turadi.  

Ikkinchi voqea: Ikki sobiq maktabdosh katta shaharda uchrashib qoladi. Yillar o‘tgan, ikkovining darajasi ham, o‘sha kungi kayfiyati ham turlicha edi. Shaharda uy-joy qilib, o‘ziga to‘q yashayotgan o‘rtoq ayolini kasalxonaga olib kelib, ovora bo‘lib yurgan tanishini  xonadoniga taklif qiladi. Avvalo, odamgarchilik, so‘ngra esa, bolalikdagi qadrdoni bilan ham hangomalashish, ham uning siniq ko‘ngliga taskin berish edi, muddaosi. Ammo, suhbat qovushmadi, mehmon hamma narsani so‘rab-surishtiraverar, o‘zining omadsizligidan noligani-noligan edi. Xullas, eski  birodarlarning suhbati qo‘r olmadi, ko‘ngillarning xijilligi yozilmadi. Gap nimadaligi ertalab ma'lum bo‘ldi: mehmon o‘zi tunagan xonadagi chinni idishlarni sindirib, tun qorong‘usida g‘oyib bo‘lgandi. Xonadon sohibi bundan g‘azablansa ham jahlini ichiga yutdi. Faqat osmonga qarab: «O‘zini osib qo‘ymabdiyam», dedi. U hasad nimaligini, bu tuyg‘u odamni qanday ko‘yga solishini bilardi. «Mehmon»ga bundan boshqa hayot nasib etishi mumkin emas edi.

Bu to‘garak dunyoda nimalar bo‘lmaydi deysiz. Ikki kishi o‘rtasidagi munosabatlarning eng chalkashi va mavhumi hisoblanmish er-xotinlik  holatida ham  hasad bot-bot (asosan, rashk ko‘rinishida) sodir bo‘lib turadi. Aslida, uning zamiriga razm solinsa, munosabatlarga hasad qutqu tashlayotganini ilg‘ab olish qiyin emas: er-xotinning husniga yoki o‘ziga zarur darajada munosib e'tibor bermayotganiga hasad qiladi; xotin erning mavqeiga yoki atrofida go‘zal ayollar ko‘pligiga... shunday nazar bilan qaraydi. Mabodo, er ham, xotin ham o‘zlaridagi hasad tuyg‘usini jilovlay olishsa, oilaviy mojarolar kamaygan bo‘larmidi? Ba'zan ish joylarida hamkasblarning,  bir-birlariga  hasadli munosabatlariga guvoh bo‘lamiz. O‘shanda shunday kayfiyatni namoyon qilgan tarafning nochor ahvolga tushib qolganidan afsuslanamiz. Uning bu fe'li birinchi navbatda o‘ziga ziyonligini fan ham, azaliy tajribalar ham isbotlagan.             

 Biz buyuk maqsadlar bilan yashaydigan davr kishilarimiz. Istiqlol ilm va ijod uchun shunchalar keng ufqlarni ochdiki, unda har qanday imkoniyatga o‘rin bor. Negaki, biz umrguzaronlik qilayotgan zamin mo‘'jizalar va tilsi­motlar makonidir. Hozirgacha bu xazina o‘z bisotini sir saqlab keldi. Bunday ma'naviy boyliklardan yaralgan mo‘'jizalar nimalarda zohir bo‘ladi? Bir-ikki misol keltiramiz.

Musiqa bilimdonlaridan biri shunday omadi gapni aytib qoldi: «Kosmosga uchgan odamlar emas, insoniyatni kosmosga olib chiqqan xalqlar buyukdir». U «Shashmaqom»ni nazarda tutayotgan edi. Bu mumtoz musiqa asari shunchalar mukammal tuzilgan ekanki, daf'atan uni odam farzand(lar)i yaratganiga ishonish qiyin ekan. «Unda falakdagi jami tuyg‘u va tushunchalar ifodalangan», dedi u. Uni tinglagan va his qilgan odam ruhan yerdan samoga ko‘tarilar ekan.

Xo‘sh, bunday teranlik(lar)ni kim kashf qilishi kerak? Kashf qilish uchun esa o‘tmish merosini miridan-sirigacha o‘rganish talab qilinadi. Bu meros bobolarimiz qoldirgan kitoblarda yashiringan. Endilikda, Xorazmiy, Be­runiy, Ibn Sino singari o‘nlab allomalarimizning to‘la asarlar majmuasi kitob javonlarimizni to‘ldirib turadigan payt keldi. Holbuki, Mirzo Ulug‘bekning mashhur «Ziji Ko‘ragoniy» kitobi o‘zbekchaga hamon tarjima qilingani yo‘q. Ma'naviyatimizni to‘ldirishi kerak bo‘lgan bunday bo‘shliqlarni ko‘plab keltirish mumkin.

Albatta, umummilliy madaniyatga daxldor bu singari salmoqli yumushlarni har kim eplay olavermaydi va bunday qobiliyat egalari har qadamda topilavermaydi. «Hamma gap ana shunday insonlarga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lish, ularni qo‘llab-quvvatlashda, - deyiladi muhtaram Prezidentimizning «Yuksak ma'naviyat  -  yengilmas kuch» kitobida. - Agar biz mamlakatimizning qaysi shahar yoki qishlog‘ida bo‘lmasin, yilt etgan iste'dod uchqunini ko‘rganda, hammamiz uni o‘z vaqtida payqab, ardoqlab, parvona bo‘lib, unga yo‘l ochib bersak, barcha sa'y-harakat va intilishlarimizni ana shunday oliyjanob maqsadga qaratsak, muxtasar aytganda, hasad qilib emas, havas qilib yashashni hayotimiz qoidasiga aylantirsak, hech shubhasiz, biz milliy taraqqiyot bobida yanada yuksak marralarni egallashga erisha olamiz».

Qor bilan qoplangan tog‘ cho‘qqisida qush oyog‘idan tushgan no‘xatdek urpoq mislsiz ko‘chkiga sabab bo‘lishi mumkin. Odam ko‘nglidan kechgan kichkina salbiy tuyg‘u bilan jamiyatda ulkan bo‘hronni keltirib chiqaradi. Mayllarni jilovlab, kelajak manfaati uchun o‘zni tiya bilish ham jasoratdir. Zero, yaxshi narsaga ham, yomon narsaga ham insonning o‘zi sababchi bo‘ladi.

Mulohazalarimiz oxirida bir holni istisno sifatida eslab o‘tish o‘rinsiz bo‘lmas. Uzoq umr ko‘rgan kishilardan ko‘p yashashning siri so‘ralganda, bir qator omillar qatorida hech qachon birovga hasad qilmaganini qayd etishadi. Demak, havas bilan yashagan odamni alloh ham yorlaqar, unga uzoq umr va yetarli rizq ato qilar, xalq ham ehtirom ila e'zozlar ekan.

 Hakim Sattoriy
«Sharq yulduzi» jurnalining 2010-yil 1-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.