Yolg‘on gapirish, munofiqlik keng tarqalgan salbiy ko‘nikmalardan biridir. Ba'zan sochlariga oq oralagan insonlar ham, hali dunyoqarashi to‘la shakllanib ulgurmagan bolalar ham birdek yolg‘on gapirishlari mumkin. Aldov maqsadli ravishda yoki shunchaki, biron-bir sababsiz ham amalga oshirilishi kuzatiladi. Qiziq, ba'zi hollarda yolg‘on to‘g‘rirog‘i lof, mutlaqo zararsiz bo‘lib, odatiy kundalik hayotga biroz bo‘lsa-da o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi.
Buyuk ingliz klassik adiblaridan birining o‘z pesasini "Yoqimtoy yolg‘onchi" deb nomlashi ham bejizga emas.
Shu bilan birga, qator hollarda haqiqatdan chekinish butun bir jamiyat uchun ulkan xavf tug‘dirishi tabiiydir. Gap nima va kim haqida ketayotganini payqagan bo‘lsangiz kerak. Ushbu illatga qarshi kurash uchun odamzod o‘z tamaddunining har bir tarixiy rivojlanish bosqichida qanday yo‘llarni tutmadi, nimalardan foydalanmadi, deysiz. Lekin bugunga kelib yolg‘onni tez va ko‘p hollarda aniq fosh etib beruvchi uskunadan foydalanish urfga aylangan. Xo‘sh, mazkur jarayon qanday kechadi? Har bir narsada bo‘lgani kabi uskunaning ustun va kamchilik taraflari nimada ekan?
Uch jihat asosida yaratilgan uskuna
Aslini olganda, jamiyat azal-azaldan insonning ruhiyatiga tazyiq o‘tkazmagan holda yolg‘on va aldovga qarshi kurashishning biron-bir insoniy usulini izlab topishga intilgan. Bugun keng jamoatchilikkka yolg‘onni aniqlash detektori nomi bilan tanish uskunaning ilk ko‘rinishlari biridan Xo‘ja Nasriddin foydalanganini xalq og‘zaki ijodi namunalaridan bilib olish qiyin emas. Hikoyada aytilishicha, podshoning sevimli olmosi o‘g‘irlanganida Xo‘ja Nasriddin barcha saroy amaldorlariga bir xil uzunlikdagi tayoqlarni tarqatadi va ular sehrli ekanligini, o‘g‘riga tushgani ertasi kuni bir qarichga o‘sishini ta'kidlaydi. Nopok ishni qilgan odam esa turgan gapki, fosh bo‘lib qolishdan qo‘rqib, kechasi tayog‘ini kaltalatib qo‘yadi va asl qiyofasini oshkor etadi.
Yana bir ajdodimiz, o‘rta asrlar mutafakkiri va tabobat ilmi olimi Abu Ali ibn Sino yolg‘onni fosh etish masalasiga ilmiy nuqtai nazardan yondashgan. U ishlab chiqqan usulga asosan, tergov olib borayotgan shaxs gumondorga qator so‘zlarni sanab o‘tadi, ularning bir qismi esa sodir etilgan jinoyat bilan bog‘liq bo‘lgan. Xuddi o‘sha paytda tabib so‘roq qilinayotgan insonning yurak urishini o‘lchab turgan. Agar «kalit so‘zlar» aytilganda gumondorning yurak urishi tezlashsa, mazkur holat uning o‘z aybini tasdiqlayotganidan darak bergan.
People's history saytida keltirilishicha, XIX asrga kelib taniqli italyan tadqiqotchisi va kriminalistika mutaxassisi Chezare Lombrozo ham o‘z metodikasini taklif etadi. O‘zining ko‘p yillik tajribalarini umumlashtirgan holda u qon bosimini o‘lchash orqali gumondorlar yolg‘on gapirayotganini hech bir qiyinchiliksiz aniqlay olishini ta'kidlaydi.
Shundan so‘ng yana bir qancha mutaxassislar tadqiqotlari tufayli yolg‘on qanday nafas olish orqali ham aniqlanishi tasdiqlandi. Ularning fikricha, bunda har bir «ilmoqli» savoldan so‘ng o‘zi bilmagan holda gumondorning yengil tortib uflab qo‘yishi kuzatilgan. Shuningdek, o‘z aybini anglab turgan insonda odatdagidan ko‘p miqdorda ter ajralishi sezilarkan.
Xullas, ana shu uch holat - yurak urishi, nafas olish usuli va ter ajralishini o‘rganish asosida poligraf deya nomlanadigan uskuna yaratildi. Oddiy tilda uni «yolg‘onni aniqlash detektori» deb ham atash mumkin. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dastlabki poligraf Garvard universiteti professori Villyam Moulton Marston tomonidan 1915 yilda yaratigan ekan (harvard.edu.com sayti). Lekin tadqiqotchi o‘z ixtirosini rasmiylashtirib qo‘yishi zarurligi haqida o‘ylab ko‘rmagan edi. Uning bu xatosini esa yana bir amerikalik olim Lionard Keller takrorlamadi va natijada ilm-fan ahli orasida mazkur uskunaning yaratuvchisi sifatida u e'tirof etildi.
Ilk davrlarda Kaliforniyadagi Berkli shaharchasining tergov mahkamalarida amalda sinalgan poligraf ko‘plab ochilmagan jinoiy ishlarning fosh bo‘lishiga ko‘mak berdi va tez orada undan keng foydalanila boshlandi.
«Nauka i jizn» ilmiy jurnalida keltirilishicha, o‘tgan asrning 20-yillarida psixolog Aleksandr Luriya o‘ziga xos metodikani ishlab chiqdi. Unda tadqiqotchi gumondorlarning nutqiy va jismoniy harakatidagi keskin o‘zgarishni aniqlash yo‘llarini batafsil bayon etgan. Olimning ilmiy ishlari AQShda muvaffaqiyatli chop etilib, keyinchalik yolg‘onni aniqlash detektorlarini takomillashtirishda qo‘llanilgan.
«Rostgo‘ylik chegarasi»
Poligrafni takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli ko‘plab sa'y-harakatlar amalga oshirilgan va ular davom ettirilmoqda. Shunga qaramay, uskunadan foydalanishda asosiy e'tibor hali-hanuz haqiqatni sir tutmoqchi bo‘lgan insonda kuzatiladigan o‘ziga xos fiziologik xususiyatlar - og‘izning quruqshab qolishi, terning oqishi va o‘ta kuchli qo‘rquv hissiga qaratiladi.
Zamonaviy poligrafga kelsak, newscientist.com veb-sahifasida ma'lumot berilishicha, u aksariyat hollarda sezuvchan tashkiliy qismlar, qabul qiluvchi va uzatuvchi qurilma (datchik)lar majmui bilan jihozlangan noutbukdir. Sezuvchan datchiklar maxsus kursida o‘tirgan gumondor shaxsning tanasiga mustahkamlanadi. Nafas olish tezligini qayd etuvchi pnevmograf deb nomlanadigan asbob ko‘krak qafasiga, yana bir sezuvchan qurilma qorin qismiga o‘rnatiladi. Chap qo‘lning to‘rtinchi barmog‘iga «biriktirilgan» datchik bo‘lsa, terining tokni o‘tkazish, soddaroq qilib aytganda, terlash xususiyatini nazorat etib turadi. Bosh barmoq va jimjiloqqa ham sezgir moslamalar o‘rnatilib, ular yurak-qon tomirlari faoliyati, xususan, yurak urish tezligi, tomirlardagi qon bosimi va h.k. kuzatiladi.
Detektor operatori, ya'ni poligrafolog odatda aniq javobni talab etuvchi savollar beradi. Ularni murakkablilik darajasiga qarab uch guruhga ajratish mumkin. Eng soddalari «Ismingiz Akbarmi?» kabi bo‘ladi. Keyin hissiy savollar beriladi, ular so‘roq qilinayotgan shaxsning o‘tmishi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, aniq bir jinoyatga aloqador bo‘lmaydi. Ora-sirada «Sizga ishongan insonlarga nisbatan hech sizda hiyonat qilish fikri tug‘ilganmi?» kabi tekshiruv savoli ham tashlanishi mumkin. Boisi, mazkur savol organizmning holatidagi o‘zgarishni qayd etgan holda «rostgo‘ylik chegarasi»ni aniqlash imkonini beradi.
Va nihoyat, oxirida, tergovga bevosita aloqador bo‘lgan, lekin ustamonlik bilan tuzilgan «Siz bu jinoyatni amalga oshirdingizmi? Yoki...» kabi savollar o‘rtaga tashlanadi. Operator o‘z navbatida turli darajadagi savollarga nisbatan organizmning «munosabati»ni «rostgo‘ylik chegarasi» bilan qiyoslab gumondor shaxs haq gapni aytgani yoki yolg‘on gapirganini belgilaydi.
Tinim bilmas mutaxassislar esa organizmning yanada ko‘proq parametrlarini qayd etadigan mukammal detektorlarini yaratishdan charchaganlaricha yo‘q. Shunday qilib, so‘nggi modellar yordamida xattoki kardiogramma, tana harorati, ovozning o‘zgarishi, javob berishda to‘xtab qolish, ko‘z qorachig‘ining kengayishi yoki torayishi kabi holatlarni qayd etish mumkin. Qolaversa, kursining tagiga o‘rnatiladigan maxsus datchiklar - «tremor»lar inson harakati faolligini ham aniqlaydi.
Qo‘llanish doirasi
Ko‘pchilik poligraf asosan, jinoyatchi yoki biron-bir nopok ishlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni so‘roq qilishda ishlatiladi, degan fikrda. To‘g‘ri, qachonlardir vaziyat shunday edi. Hozir ham zarur hollarda turli mamlakatlarda tergov organlarida poligrafdan keng foydalaniladi, ammo bu uskunaga asoslanib hukm chiqarish ba'zi bir mamlakatlarda saqlanib qolgan xolos (o‘shanda ham qonunda belgilangan ma'lum holatlarda). Odatda yolg‘onni aniqlash detektorlaridan tergovning dastlabki bosqichlarida guvohlarning rost so‘zlayotganini aniqlash uchun ishlatishadi. Ayni paytda, misol uchun, AQShda muddatidan oldin ozodlikka chiqarilayotgan maxbuslar poligraf tekshiruvidan majburiy ravishda o‘tadilar.
«Sayens end sosaeti» ilmiy jurnalida keltirilishicha, yolg‘onni aniqlash detektorlari Amerika bojxonalarida ayniqsa 11 sentyabr voqealaridan so‘ng mustahkam o‘ringa ega bo‘ldi. Hozirda istalgan yo‘lovchiga detektor tekshiruvidan o‘tish talabi qo‘yilishi ehtimoldan holi emas. O‘z navbatida yo‘lovchi bunday nazorat turini rad etishi huquqiga ega, lekin unda bojxonachilar o‘zlariga berilgan vakolatdan foydalangan holda uning yuklarini ipidan-ignasigacha ko‘rib chiqishlari mumkin.
Poligraflardan foydalanish xususiy firma va korxonalarda, ayniqsa, xodimlarni ishga olish paytida ham juda keng tarqalgan. Bu uskunalar AQSh aholisining kundalik hayotiga ham kirib borgan. Ularga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarga qaramay, detektorlar borgan sari ommalashib bormoqda. Uy bekalari va oila boshliqlari, mehmonxonalar ma'murlari va advokatlar, korxonalar rahbarlari va xususiy izquvarlar detektorlarni ko‘plab miqdorda sotib olishadi... Bu uskunalarni telefonga yoki kompyuterga o‘rnatib qo‘yish, sumkada bemalol ko‘tarib yurish mumkin. So‘nggi yillarda esa bolalar uchun ham poligraflar ishlab chiqarila boshlandi.
Chalg‘itish mumkinmi?
O‘z-o‘zidan ma'lumki, qisqa fursat ichida jamiyatda ehtiyojtalab buyumlardan biriga aylangan poligraflarga qidiruv tizimi bo‘limlaridan ham joy topildi. Bu uskunalar yordamida turli mamlakatlar qidiruv xizmatlari josuslarga qarshi tekshiruvlar uyushtiriladi.
Mana, masalan, 2001 yili AQSh markaziy qidiruv bo‘limining xodimi Oldrich Eyms qator majburiy poligraf tekshiruvlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, bir marotaba yolg‘onda tutilib qoladi. Bunga sabab uning betobligi ekanligini ta'kidlagan xodimni yaxshilab kuzatishganida esa u ko‘p yillarda davomida xorijga josuslik qilayotgani aniqlanadi. Shundan buyon mutaxassislarga detektorni ham «chalg‘itish» mumkinmi degan savol tinchlik bermay qo‘ydi. Negaki, ko‘rinib turganidek, Eyms ko‘p marotaba buning uddasidan chiqa olgan. Xo‘sh, aslida ham poligrafdan haqiqatni sir tutish metodikasi bormikan?
Stenford universiteti ilmiy xodimlari Jeyms Kembell va Lilian Svorski yuksak texnologiyalar sohasining ko‘plab mutaxassislari fikriga tayangan holda detektorni «aldash»ning imkoni yo‘q, chunki bu nima qilsa ham texnik jihoz, aksincha, operatorning o‘zini chalg‘itish mumkin, deyishmoqda. Ularning mazkur masalaga bag‘ishlangan maqolasini newscientist.com veb-sahifasida keltiriladi.
Umuman olganda, o‘ta jiddiy hollarda tekshiruv ikki mutaxassis - poligrafolog va tergovchi tomonidan amalga oshiriladi. Yakuniy natija ko‘p ma'noda aynan ularning tajribaliligi va bir-birini tushunishiga bog‘liq.
Tekshiruvdan o‘tayotganda ba'zilar oyoqning bosh barmog‘i tagiga o‘tkir tig‘li biror narsani qo‘yib olishadi. Shu yo‘l bilan ular tiqqa barmoq tegishidan seziladigan og‘riq natijasida organizmda kutilgandan-da boshqacha o‘zgarish kuzatiladi va qolgan barcha ko‘rsatmalarni ham chalg‘itib yuboradi deb umid qiladilar. Ammo bu kabi «nayrang»larni hatto boshlovchi operator ham osonlikcha fosh etishi mumkin.
Umuman olganda, poligraf bir texnik buyum xolos, operator bo‘lsa - inson. Shu bois, qat'iy ahd qilgan odam ularning har ikkisidan ham haqiqatni yashirishni uddalay olishi mumkinday, lekin yuqorida aytib o‘tilgan - yolg‘on ba'zida jamiyat uchun mislsiz darajadagi talafotga olib keladi, degan fikrni yana yodga olgan holda haqiqat tarafdorlari faqat bir narsaga umid qila oladilar. U ham bo‘lsa, kelajakda poligraflarni yanada takomillashtirish va ular yordamida firibgarlik yo‘lini to‘sish umididir.
Nargiza Ibrohimova tayyorladi,
«Ma'rifat» gazetasidan olindi.