OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansurxon Toirov. Insonning so‘nggi so‘zi - u hali aytilgani yo‘q

To‘xta, ey daqiqa, go‘zalsan g‘oyat!

Gyote

Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar»ni yigirma to‘rt yoshida yozganiga hammaning ham ishongisi kelavermaydi. Ko‘pgina fizik olimlarning Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan buyuk kashfiyotlari ham shu yoshlar atrofida yaratilgan. Albert Eynshteyn, Lui de Broil, Dirak, Geyzenberg, Shredinger shular jumlasidandir. Ularning har birini, millatidan qat’i nazar, barcha xalqlarning ulug‘ farzandlari, degim keladi. Yer yuzida bu allomalar ro‘yobga chiqargan kashfiyotlar bir burda non, bir chimdim tuz kabi kirib bormagan xonadon topilmasa kerak.

Ular vaqtning qadrini bilishgan. G‘afur G‘ulom aytmoqchi umr daftarining har sahifasini shoh satrlar bilan bezash mohiyatini juda yoshliklaridan idrok etishgan. Biz bugun yoshlarimizga ana shunday aql-idrok tuyg‘usidan saboq berayotirmizmi? Yoshlarimiz insoniyatning ulug‘ farzandlari yaratgan kashfiyotlarni ko‘proq bilsa, ular kabi ilmga muhabbati oshishiga shubha qolmasdi, deb o‘ylayman. Bu borada radio, televidenie, mabuot yoshlar yuragiga cho‘g‘ tashlaydigan asosiy minbardir. Ushbu targ‘ibot vositalari, ayniqsa, televidenie yoshlar ongida ilm va ijodga havas uyg‘otishga erishsa, fanning og‘ir va sharafli yo‘llarini bosib o‘tgan allomalar butun insoniyat uchun nechog‘li kerakli shaxslar bo‘lib yetishganlari mohiyatini anglata olsa chinakam milliy taraqqiyotga hissa qo‘shgan bo‘lur edi.

Hozir oynai jahonning butun targ‘ibot kuchi, maqsadi bizda asosan ashulachi yetishtirishga qaratilganday taassurot qoldiradi. Bu o‘rinda muvozanat buzilmayaptimikin, degan o‘y keladi xayolimga.

Navoiyning buyuk ibrati

O‘quvchilik yillarim adam rahmatli bilan mahallamiz ko‘chasidan o‘tayotib ketmon ko‘tarib olgan xushbichim, yoshi mendan kattaroq yigitni uchratdik. Otam u bilan juda samimiy, ixlos va e’tibor bilan gaplashdilar. So‘ng «Sen bu yigitni taniysanmi?» deb so‘radilar. «Yo‘q» degan javobni olgach, «U falonchining o‘g‘li, seni adashing, qara, qanday olijanob, kamtar. Ketmon ko‘tarib ekiniga suv ochib kelyapti, o‘zi aspirant!» — deganlari hanuz qulog‘im ostida jaranglab turadi. Ilm ahliga bo‘lgan ana shu bir og‘iz samimiy so‘z mening butun umr ilm yo‘lidan borishimga sabab bo‘ldi. Afsuski, aspirant bo‘lganimni ko‘rish adamlarga nasib qilmagan ekan, oltmishga yetib-etmay olamdan o‘tib ketdilar...

Toshkentdagi ko‘pgina oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilariga nanotexnologiya mavzuida ma’ruzalar qilayotib, «O‘zbekistondan nechta Nobel mukofoti laureati chiqqan» degan savolni bir necha bor o‘rtaga tashlab, biror marta ham qoniqarli javob ololmaganman. Xalqimiz orasidan chiqqan iste’dodlar ne-ne xalqlarni hayratga solgan davrlar ko‘p bo‘lgan. Hozir yurtimiz o‘z boshidan o‘tkazgan barcha davrlarga nisbatan iste’dod ravnaqi uchun hamma sharoit yaratilgan zamonaga yetib keldi. Shunday ekan, bugungi yoshlarimiz qaysi sohaga ko‘proq qiziqsa, o‘sha soha bizning kelajagimizdan darak beradi, deb o‘ylayman. Agar yurt boy bo‘lsa, uning dehqoniyu ashulachisi, adibiyu shoiri, barchasi boy-badavlat bo‘ladi. Bunday farovonlikka erishmoq uchun esa avvalambor yoshlarimiz qalbida ulug‘ kashfiyotlar, ulug‘ olimlar hayoti va ijodiga qiziqishni, ilmiy tafakkurdan zavqlanish tuyg‘usini rag‘batlantirish kerak.

Sir emaski, hatto nomi unchalik ma’lum bo‘lmagan ashulachi ham biror to‘y-hashamda uch-to‘rt soat xirgoyi qilsa, eng zo‘r tadbirkordan ham ko‘p pul topadi. Buning ustiga oynai jahonimiz ularning hashamatli uy-joylarini, yiqqan-terganlarini kunda-kunora ko‘z-ko‘z qilib tursa, albatta yoshlar ilm yo‘lini tanlab, milliy boylik orttirishni emas, qanday qilib bo‘lsa ham shaxsiy boylik to‘plashni ko‘zlaydi-da. Bu hol qo‘shiqchilik san’atimiz rivojiga salbiy ta’sir etganidan tashqari yosh avlod ongini butunlay boshqa o‘zanga burib yuborayotganini nahotki o‘zlarini ma’rifatchi deb atovchi mutaxassislar tushunmasa?! O‘sha mashhur xonandalar hashamatli uy-joylarini elga ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lishsa, oynai jahonni ovora qilib o‘tirmasdan urf-odatimizga rioya etib, ketma-ket xalqqa uy to‘yi qilib beraversinlar.

Tarixchi Xondamirning yozishicha, Mir Alisher Navoiyning uylari oldidagi bog‘da yillar davomida har kuni bir necha dosh qozonda ovqat pishirilib, elga tortiq qilinar ekan. Mana, sizga ibrat, agar kerak bo‘lsa. Bizning milliy oynai jahonimiz xalqqa ibrat qilib ko‘rsataman desa g‘o‘r ashulachining uy-joyidan ko‘ra hazrat Navoiy bobomizning saxovati ming chandon katta aks sado bermasmidi?!

Hukumatimiz iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun hech narsani ayayotgani yo‘q. Ular uchun maxsus tele va radiokanallar, gazeta va jurnallar, nashriyotlar ochib qo‘yilgan. Faqat bu imkoniyatdan samarasiz foydalanilyapti, deb o‘ylayman.

Davlatning salohiyati, tabiiyki, uning oliy ma’lumotli yoki olim odamlari soni bilan belgilanmaydi. Balki chinakam bilim egalari va haqiqiy olimlar yaratgan kashfiyotlar hamda ularning hayotga nechog‘lik tadbiq etilgani bilan belgilanadi. Farzandimizni o‘n-o‘n besh yillab o‘qitishimizda ma’no bormi? Aksariyat xodimlar bajarayotgan ishlarini uzoq yillar o‘qib olgan bilimlarisiz ham qoyilmaqom qilib bajargan bo‘lishlari mumkin edi. Lekin insoniyat ushbu sermashaqqat yo‘lni tanlashining asosiy sabablaridan biri ta’lim olayotganlar ichidan o‘zining keyingi taraqqiyot zamini uchun tanlab-tanlab, bir nechta iqtidorli o‘g‘il yoki qizni ajratib olishdir. Har bir millat o‘z iste’dodlarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashining asl sababi ham shunda.

Nega Yaponiya necha o‘n yillardan beri butun olamni lol qoldirib kelyapti? Yaponiya emas, uning ilm-fan, texnika taraqqiyoti lol qoldirayapti. Qo‘shiq, ashula, raqs, o‘yin-kulgiga nima yetsin! Lekin bularning barchasi insonni asosiy maqsaddan chalg‘ituvchi kuchga aylanishi kerak emas. Balki asosiy maqsadga erishish yo‘lidagi ma’naviy ehtiyojimizni qondirishi kerak.

Ko‘p narsani yoshlarning o‘qishiga bo‘lgan talab belgilaydi. Yoshlar bilimni asosan talabchan o‘qituvchidan oladi. Men bir paytlar javobimdan qanoatlanmay bir-ikki marta imtihondan qaytarib yuborgan o‘qituvchilarim fanini hanuzgacha yaxshi eslayman. Mashhur olim D.I.Mendeleev institutda o‘qigan yillari ximiyadan imtihon topshirolmay 13 marta ikki baho olgan. Undan shuncha imtihon olish uchun o‘qituvchi o‘zining shaxsiy vaqtidan juda ko‘pini qurbon qilgan. D.I.Mendeleev bugun ximiyaning «otasi» hisobalanadi. Bizda ham qimmatli vaqtini shunday «Mendeleevlar»ni kashf etish uchun qurbon qilishga tayyor professor-o‘qituvchilar ko‘p. Lekin ularni rag‘batlantirish, iloji bo‘lsa himoyalash ham kerak bo‘ladi.

Mulzam bo‘lgan da’vogar

Atoqli olimamiz Fozila Sulaymonova «Sharq va G‘arb» monografiyasida yozganidek «Rasmiy islom Qur’on, hadislar ilmini, unga intilishni targ‘ib etish bilan bir qatorda dunyoviy, haqiqiy ilmni rivojlantirish, uni egallashni ham man etmaydi». Amerikalik sharqshunos F.Rouzental esa «Bilim tantanasi» risolasida: «Ular (islom peshvolari) rasmiy ilmni rad etmaydilar, ammo unga alternativ bo‘lgan ilm avvalgisidan mohiyati kam emasligini isbotlashni istaydilar. Bu davr ilm-fan davri edi. Qur’ondan boshlab to she’riyatgacha hammasi maxsus ilmiy fanlar metodikasi bilan sug‘orilgan edi», deb ta’kidlaydi. Darhaqiqat, Arab dunyosida ilmiy izlanishlar juda erta — Ummaviylar davridayoq boshlangan. Abbosiylar sulolasi hukmronlik qilgan davr esa Islom madaniyati, ilm-fan rivojida G‘arb olamining havasi va hasadini keltiradigan darajada buyuk cho‘qqilarga erishilgan oltin davr bo‘ldi. Jamiyat hayoti bu davrda shunday darajaga ko‘tariladiki, tabiat va ijtimoiy hayotdagi u yoki-bu hodisani diniy yoki adabiy afsonalar yordamida izohlashga hojat qolmaydi. Natijada diniy muammolarda ham islom aqidalariga so‘zsiz buysunish o‘rniga ba’zi masalalarni yoritish bo‘yicha ratsional javob topish uchun islom, isaviya, yahudiylik, zardushtiylik dinlari qarashlariga murojaat qilinadi. Ushbu dinlar xaqida ilmiy bahslar uyushtirib turiladi.

Rivoyatlardan birida aytilishicha, Al-Ma’mun dargohida bir dunyoviy olim «Butun olam, olamdagi borki narsa, u jonlimi yoki jonsizmi, qat’i nazar, tabiat tomonidan yaratilgan, islom dini aytayotgan Yaratguvchi yo‘q», deb barcha olimu fuzalolarni mulzam qiladi. Shunda Al-Ma’mun Imom Buxoriyni chaqirib kelishga odam yuboribdi. Bu paytlarda yigirma yoshlarda bo‘lgan Imom Buxoriy xabarchidan masalaning nimaligini so‘rab bilgach: «Ertaga falon vaqtda boraman», — deydi. Imom Buxoriy Al-Ma’mun saroyiga borishda aytilgan vaqtdan bir fursat kechikib qoladi. Uning kechikkanidan da’vogar xursand bo‘lib: «Ana, mashhur imomingiz ham mening xaqligimni biladi. Shuning uchun bu yoqqa kelishdan qo‘rqyapti», — deb turganida Imom Buxoriy kirib boradi va: «Kelayotib yo‘limdagi suvdan solga o‘tirib o‘taman deb turganimda bir shamol ko‘tarilib, uning barcha yog‘ochlarini sochib yubordi. Endi nima qilaman, deb hayron bo‘lib turuvdim, birdaniga barcha yog‘ochlar yana to‘dalanib sol bo‘lib qolishdiyu men eson-omon huzuringizga yetib keldim», — deya uzrini aytibdi. Shunda Imom Buxoriyning so‘zini eshitgan da’vogar: «Yolg‘onniyam xo‘pam eshar ekansiz-da, imom, hech zamonda sol ham o‘z-o‘zidan yig‘ilib qoladimi», deganida Imom Buxoriy: «Butun olam o‘z-o‘zidan paydo bo‘lganiga da’vo qilasizu kichkina bir solning o‘z-o‘zidan yig‘ilganiga ishongiz kelmaydimi?», deb da’vogarni mulzam qilgan ekan.

Ehtimollar nazariyasiga ko‘ra: «Gerkules Yulduz turkumidagi sharsimon yulduz to‘dasining falon yulduzi atrofida Yer sayyora bo‘lib aylanishi ehtimoli bor», — degan hisoblarni keltirish mumkin. Lekin birgina shu hisob-kitobning o‘zi haqiqatdan naqadar yiroqligini anglashimiz unchalik qiyin emas. Olam o‘z-o‘zidan, Yaratguvchisiz paydo bo‘lganini da’vo qilib yozilgan ko‘p asarlarni o‘qiganman va ularning mualliflari yozgan narsalarining ko‘p joyiga o‘zlari ham ishonmasliklariga aminman. Chalkashlik ba’zi zamonaviy fan namoyandalari fantaziyasini shu darajada haddan oshirib yuborganki, ayrim chalasavod dindorlarning loflari ular oldida hech narsa bo‘lmay qoladi. Aql bovar qilmaydigan lofu farazlar hech qachon dinga ham, fanga ham obru keltirmagan. Dialektik materializmga ko‘ra, insoniyat rivojining asosi deb qaralgan bunday ashaddiy qarama-qarshilik taraqqiyotga qanchalar g‘ov solgani, insoniyatni ne-ne ulug‘ farzandlaridan judo etganini unutmasligimiz kerak.

Eynshteynning iqrori

Energiyaning saqlanish qonuni yopiq sistema uchun o‘rinli. Koinot esa cheksiz. Demak energiyaning saqlanish qonuni, agar uni A.Eynshteyn ta’rif qilganidek, «massa va energiyaning saqlanish qonuni», deb atagan taqdirimizda ham uning ochiq sistema deb tan olingan koinotga daxldorligi gumon bo‘lib qoladi. Zamonaviy fan endilikda «koinot yopiq sistema bo‘lsa kerak», deyishga majbur bo‘lyapti. Yangi zamon olimlari biror tabiat hodisasi mohiyatini tushunib olishsa, ketidan yana bir talay fanga noma’lum tabiat hodisalari ko‘rinib qolyapti. Ya’ni dunyoviy ilm biz hamma narsani bilib oldik, deya maqtanishiga hali talay vaqt bor. Masalan, astronomlar hanuzgacha nega Oy doimo Yerga bir tomonini o‘girib turishining fizik mohiyati va nima uchun Yer 23,5 gradusga og‘ishi sabablarini bilishmaydi... Buyuk A.Eynshteyn butun dunyoga mashhur bo‘lgan yillari «Ba’zan o‘zimni ulkan okean sohilida bir toshni ikkinchisiga urib, o‘ynab o‘tirgan yosh boladek sezaman», degan ekan. Biz olimlar kamtarlikni ustoz A.Eynshteyndan o‘rganishimiz zarur...

Kopernikning o‘z zamonasi uchun buyuk hisoblangan kashfiyoti, hozirgi o‘lchovlar bilan qaralganda, arzimas bir kashfiyot bo‘lib ko‘rinadi. O‘zlarini materialist deb yurgan ayrim faylasuflar bu kashfiyotdan «O, biz qanday buyukmiz», deya mag‘rurlanib o‘z dunyoqarashlari foydasi uchun «to‘n bichgan» holda birinchi hujumni Yaratguvchidan boshlashdi. Holbuki, hali ilmiy izlanishlar davom etmoqda, inson o‘zining oxirgi so‘zini aytib ulgurgani yo‘q!

Fanda biror kashfiyot yuzaga chiqsa, Yevropadagilar bu kashfiyot bizning ilohimiz mavjudligini isbotladi deb unda o‘zlarining xaqligini ko‘rsalar, Sharqdagi boshqa xalqlar esa: yo‘q, bu kashfiyot bizning ilohimizni tasdiq etmoqda deyishsa, Afrikadagilar ham bunda son-sanoqsiz ilohlari xaqligini ko‘rganday bo‘lsalar, qani aytingchi, hozirgi zamon olimi uchun muhim narsa nima o‘zi? «Yaratguvchi bormi yoki yo‘qmi» degan masalani aniqlashmi yoxud «Ushbu olamning Yaratguvchisi Kim?» — degan savolga oydinlik kiritishmi?!

Nafis san’atlar bo‘yicha tadqiqotchi va faylasuf Xorun Yahyo o‘z izlanishlarini asosan Yaratguvchining mavjudligi tasdig‘iga qaratgan. Lekin uning barcha misollarida asosan G‘arb olimlarining tabiat sirlarini o‘rganishga doir kashfiyotlariga suyanilgan. G‘arb bu o‘rinda o‘zi sig‘inayotgan ilohga doir Yaratguvchini ko‘rishga harakat qilayotganini nazardan qochirmaslik kerak. Xorun Yahyo o‘z izlanishlarini Yaratguvchining aynan Alloh ekanligini oydinlashtirishga qaratganida ayni muddao bo‘lur edi. Allohga so‘zsiz imon keltirganlar uchun buning hojati yo‘q, albatta. Lekin inson baribir inson-da, turfa targ‘ibotlar ta’sirida o‘z dinidan kechib, boshqa dinlarga ham o‘tib ketishi mumkin. U dinda ham, bu dinda ham Xudo bor-ku, degan yanglish tasavvur ularni chalg‘itishi mumkinligini hisobga olmasdan bo‘lmaydi. So‘nggi paytda azaldan islom diniga e’tiqod qo‘ygan yurtimizda yoshlarni, ayrim omi odamlarni turli yo‘llar bilan to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itib, o‘zga dinlarni qabul qildirishga urinishlar bu borada yanada hushyorroq bo‘lishga da’vat etadi. O‘zga dinlarning homiylari «Yaratguvchi Alloh emas, o‘zga ilohdir» deyishganda farzandlarimiz bunga fahmi yetadigan bo‘lishlari kerak.

Muhammad alayhisalom davrlarida ham hech kim Yaratguvchi bor ekanligini inkor qilmagan. O‘sha davrlarda Ka’ba ichiga joylashtirilgan 365 butning barchasini «yaratguvchi» deb sig‘inishgan. Muhammad alayhisalomning payg‘ambarlik vazifalari Yaratguvchining borligini isbotlash emas, balki Yaratguvchi yakkayu yolg‘iz Alloh ekanligi va Allohdan o‘zga iloh yo‘qligini insoniyatga yetkazishdan iborat bo‘lgan. «Allohga shirk keltirmanglar, faqat Ungagina sig‘ininglar, Muhammad ham Allohning bandasi va shu bilan birga u bashariyat uchun Alloh yuborgan payg‘ambardir», degan mazmun Qur’oni karimning asosiy mohiyatini ifoda etadi.

Islom dini, Alloh Qur’oni oyatlari, hadisi sharif rivoyatlari musulmon olami misli ko‘rilmagan darajada taraqiyotga erishishi uchun ochgan katta imkoniyatlar Abbosiylar davrida o‘zini to‘kis namoyon etgan. Shundan so‘ng islom ruhoniylari ba’zi o‘rinlarda xato yo‘l tutgani bois tanazzulga uchradi. O‘sha davrdagi islom olimlari dunyoviy ilm egalarida o‘zlariga nisbatan do‘stni emas, dushmanni ko‘rib, mutaassiblik qilganlari taraqqiyot uchun xatarli kechdi. Ilm ahli Boburdek, Ulug‘bekdek shoh bo‘lishsa ham mutaassib shayxlarning chalasavodligini yenga olmadilar. Abbosiylar davri musulmon olamida ilmning ham diniy, ham dunyoviy qanotlari birdek qadrlanar edi. Abbosiylardan so‘ng ilmning dunyoviy qanoti o‘n asrdan ko‘proq vaqt «bog‘lab» qo‘yildi. Natija esa ma’lum... Agar o‘tmishdagi bobolar ziyraklikni boy berishmay islom dini ta’limotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishganida insoniyat taraqiyotida musulmonlar katta g‘alabalarga erishgan bo‘lur edi. Avtomobilni, samolyotni, kompyuterni ixtiro qilganlar, kosmosga o‘z raketasini ilk bor uchirganlar, Oyni zabt etganlar balki bizlar bo‘larmidik? Hali ham kech emas. Oldinda nanotexnologiya davri turibdi. U insoniyat tarixida ilm-fanning misli ko‘rilmagan taraqqiyot davri bo‘ladi. Balki endi bizning farzandlarimiz yetakchilikni qo‘llariga olishar. Intilganga tole yor.

Mansurxon TOIROV,

fizika-matematika fanlari doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 4-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.