OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Insonparvar adib

Hayotligidayoq jahon adabiyoti klassigi deb tan olingan buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov «Jamila», «Alvido, Gulsari», «Oq kema», «Dengiz sohili bo‘ylab chopayotgan Olapar», «Asrga tatigulik kun», «Kunda», «Oxirzamon nishonalari» («Kassandra tamg‘asi»), «Qulayotgan tog‘lar» («Mangu qayliq») kabi shoh asarlar muallifidir. Ko‘plab xalqaro sovrinlar, nufuzli mukofotlar, faxriy unvonlar sohibi, bir qancha xalqaro akademiyalar akademigi Chingiz Aytmatovning adabiy saltanati butun dunyoni zabt etdi: yozuvchi asarlari jahondagi 180 dan ortiq tilda 860 marta, 77 million nusxada nashr etilgan.

Chingiz Aytmatovning badiiyati o‘zi bir olam. Yozuvchi yaratgan har bir obraz - ko‘z ilg‘amas kristallning yangi qirrasidir. Adibning Jamila bilan Doniyor kabi obrazlari adabiyotga muhabbat ramzi sifatida kirdi. Aytmatov asarlarida muhabbat mavzusi birinchi o‘rinda turadi; yozuvchi nazdida, muhabbat qalb holatigina emas, balki dunyo poydevori - bebaho qadriyatdir.

Aytmatovning daholigi shundaki, u dunyo madaniyatini o‘zida mujassamlashtira oldi, jahon intellektual elitasining vakillaridan biri sifatida ko‘plab nufuzli xalqaro ijtimoiy tashkilotlarning yetakchisi bo‘lib qoldi. Aytmatov doimo ijodiy izlanishda yurgan qudratli ma'naviy imkoniyatlar sohibidir: u yurib o‘tilgan manzilda to‘xtab qolgan emas, balki tanholikda izlanish olib bordi, uning topilmalari esa barchaning mulki bo‘lib qoldi. Atoqli adib adabiy qahramonlarining dunyoqarashiga ko‘ra jahon miqyosidagi fenomendir. Buni chet ellarda nashr etilgan bir qancha maxsus monografik tadqiqotlardan ham bilsa bo‘ladi.

Hozir Chingiz Aytmatovning shaxs sifatidagi nufuzi va bilimini adabiyotshunoslik aspekti bilangina cheklab bo‘larmikan? Agar badiiy adabiyot deganda biron-bir xalqning, butun insoniyatning so‘zda ifoda etilgan shuuri tushuniladigan bo‘lsa, ehtimol, bu savolga «Ha», deb javob berish mumkindir. Demak, ijtimoiy ong, ijtimoiy shuur haqida gap ketganda, aytish kerakki, uning shakllari juda xilma-xil. Aytmatov ijtimoiy ongning tarkib topishiga dastavval yozuvchi sifatida, ijodkor shaxs sifatida, demakki, o‘zi yaratgan badiiy obrazlar orqali ta'sir etdi. Lekin uning ijtimoiy faoliyati ham o‘ta muhimdir.

Chingiz Aytmatovning O‘zbekiston, o‘zbek xalqi va o‘zbek qalamkashlari bilan aloqalari haqida aytish mumkinki, u doimo o‘zbek xalqi, madaniyat arboblari bilan adabiyotning ravnaqi to‘g‘risida keng fikr almashdi, o‘zbek qalam sohiblari bilan chambarchas aloqa bog‘lab, ularning asarlari to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirib, do‘stlik, birodarlik, inoqlik g‘oyalarini olg‘a surdi.

Respublikamiz maktablarining 10-sinfida Chingiz Aytmatov ijodi o‘rganiladi. Adibning qissa va romanlari Osiyo, Yevropa va Amerika teatrlari sahnalarida qayta-qayta qo‘yilmoqda. O‘zbekiston teatrlarida, jumladan, O‘zbekis­ton milliy teatrida, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida, viloyat teatrlarida «Momo yer», «Sarvqomat dilbarim» spektakllari qo‘yilgan va qo‘yilmoqda.

Taniqli o‘zbek faylasufi Omonulla Fayzullaev Niderlandiya poytaxti Amsterdam shahridan Toshkentgacha samolyotda 8 soat davomida Chingiz Aytmatov bilan yonma-yon o‘tirib, jahon tsivilizatsiyasi, o‘tmish, hozirgi kun va kelajak haqida suhbatlashar ekan, yozuvchining shaxsi to‘g‘risida fikrlab ketadi: «Aytganday, u bilan yonma-yon o‘tirar va yon tomondan unga ko‘z qirimni solar ekanman, men nima haqida o‘yladim deng? Chakkasidagi bir to‘p sochiga boqaman va o‘zimcha deyman: boshqa soch­laridan ajralib turgan bir bo‘lak soch o‘zgacha, genetik jihatdan o‘zining va faqat o‘zining kodiga ega sochdir, bu kod, ehtimol, Odam Atodan va Momo Havodan, Homo Sapiensdan kelayotgandir. Sharq tsivilizatsiyasining ming-yillik tajribasini, qayta qurish va Yevropa madaniyatining tajribasini o‘zida mujassamlashtirgandir. Har bir buyuk shaxs, ulug‘ intellekt - moddiy va madaniy dunyoning taraqqiyotida talay g‘ayrioddiy hodisalarning ham oqibati, ham sababidir». Bu o‘zbek olimining jahondagi buyuk shaxs haqidagi ta'rifi bo‘lib tarixda qoldi.

Chingiz Aytmatovning barcha asarlari - romanlari va qissalarida fojialar tasvirining katta o‘rin olishi muallifning qiyin kechgan bolaligi va o‘smirligining in'ikosi bo‘lsa kerak. Yozuvchi o‘zining fojiaviy fikr yurituvchi kishilar jumlasidan ekanligini tan olishi ham bejiz emas.

Bordi-yu Chingiz Aytmatovning otasi To‘raqul aka 1937 yili repressiya qilinmaganda, kompartiyaning bosslaridan bo‘lib ishlab turganida, Chingiz emin-erkin yashab, qiyin hayot maktabini o‘tamaganida, ehtimol, insoniyat bunday buyuk yozuvchisiz qolgan bo‘larmidi?

Chinakam san'at, haqiqiy ijod sehrli kuchga ega bo‘ladi. Ch.Aytmatov juda oddiy va abadiy narsalar to‘g‘risida - hayot va o‘lim, muhabbat va nafrat haqida, vatan va xalq to‘g‘risida yozdi. Yer kurrasidagi barcha odamlar dunyoda ezgulik va muhabbatning g‘alaba qilishiga ishonib yashaydilar, ana shu ishonchni yanada mustahkamlash uchun kurashadilar. Shuning uchun ham adib asarlarining samimiyligi va yuksak lirizmi har qanday kitobxonni hayajonga soladi.

Ayrim shaxslarning ziddiyatli ruhiy kechinmalari, ularning ijtimoiy ong shakllari bilan, ayni vaqtda, ro‘y berayotgan siyosiy voqealar bilan chambarchas o‘zaro aloqasi - har bir badiiy asarning asosiy mohiyatini tashkil etadi. Ch. Aytmatov asarlari dolzarbligi, o‘tkir siyosiy muammolarni ko‘tarib chiqqanligi bilan xarakterlidir. Tasvirlanayotgan voqealarning markazida tarixiy hodisalarning o‘zi emas, balki shu hodisalar ta'sirida inson ichki dunyosining tarkib topishi haqida so‘z boradi. Uning kitoblari yer kurrasining yiroq- yiroq o‘lkalarida ham tarjima qilinmoqda va nashr etilmoqda. Yozuvchining dunyodagi boshqa mashhur adiblar bilan o‘zaro adabiy aloqalari hamda o‘zaro ta'siri mavzui ham alohida diqqatga sazovordir. Ch.Aytmatov asarlarining Bulg‘oriya, Vengriya, Yugoslaviya, Germaniya, Angliya, AQSh, Frantsiya, Ispaniya, Finlyandiya, Shvetsiya, Italiya, Turkiya, Yaponiya kabi ko‘plab xorijiy mamlakatlarda nashr etilishi yozuvchi ijodining keng tan olinganligini ko‘rsatadigan muhim dalildir.

Aytmatov ijodiy shaxsining o‘ziga xosligi, birbutunligi shundaki, uning ijtimoiy faoliyatini adabiy faoliyatidan ajratib bo‘lmaydi. Bu, ayniqsa, odamlarni ziyraklikka chaqirgan dunyo intellektuallarining «Issiqko‘l forumi» deb atalgan yangi ijtimoiy harakatida yaqqol namoyon bo‘ldi. Jurnallar va gazetalarda uning dolzarb maqolalari, suhbatlari va intervyulari muntazam chiqib turdi. Endilikda bemalol aytish mumkinki, Aytmatov publitsistikasi yozuvchi adabiy ijodining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoldi. Adabiy doirada publitsist Aytmatovning ovoziga ham san'atkor Aytmatov ovoziga quloq osganday diqqat bilan quloq soladilar. Adabiyotshunos S.Umirov aytganidek, adib publitsistikasining mavzular ko‘lami, muammolar doirasi keng va rang-barang. Tinchlik, demokratiya, ellar, mamlakatlar o‘rtasida do‘stona, totuv munosabatlar, madaniyatlar hamkorligi, adabiyotning tub, dolzarb muammolari, til, ma'naviyat va bosh­qa eng muhim mavzular uni qiziqtiradi.

Aytmatov publitsistikasida O‘zbekiston mavzusi alohida o‘rin tutadi. Jumladan, uning «Paxtaning oydin yo‘li», «Qayta qurish, demokratiya - omonlik daraxti», «Jahannam uzra qarg‘alar faryodi» maqolalari, adiblarimiz, san'atkorlarimiz haqidagi fikrlari o‘zbek-qirg‘iz do‘stligini mustahkamlashga qo‘shilgan muhim hissadir. Aytmatov ijodi chindan ham hammabop, o‘zi esa barhayot klassik.

O‘zbek tilida «Oxirzamon nishonalari» nomi bilan chop etilgan «Kassandra tamg‘asi» romani chinakam falsafiy kashfiyot bo‘ldi. Aytmatov shafqatsizlik, jinoyatlar, zulmkorlik, vahshiylikning bugungi ekilgan urug‘laridan qanday dahshatli nihollar unib chiqishini ko‘rsatdi. Yer shari axloqiy muammolar sinab ko‘riladigan poligon bo‘lib qolayotir. Insoniyat falokat yoqasida turibdi. Bu falokat chetdan kelgan emas, uni odamzotning o‘zi keltirib chiqarmoqda. Dunyo kasalga chalingan, jamiyat o‘zining ana shu ijtimoiy xastaliklaridan forig‘ bo‘lmas ekan, intiqom muqarrardir. Romanda jamiyatni qonxo‘rlardan, kallakesarlardan, vasvasalardan tozalash, oxir zamondan muhofaza qilish yo‘llari «...shipshitib» qo‘yilgan.

Chingiz Aytmatovning ijodi qanchalik murakkab va ko‘pqirrali bo‘lmasin, o‘zining oddiyligi, tushunarliligi va originalligi bilan kitobxonlarni hamon hayratda qoldirmoqda.

Suyun Qorayev
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.