OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ismoil Bekjon. Ulug‘bek rasadxonasini kim buzdirgan?

Yaqinda o‘zbek tilida eshittiradigan chet el radiolaridan birida samarqandlik bir olim haligacha Ulug‘bek rasadxonasi buzilib ketgan sana aniqlanmagan, deb kuyunib gapirdi. Demak, u «O‘zAS»ning 1996 yil 5 aprel sonida «Ulug‘bek rasadxonasining biz bilmagan tarixi» sarlavhasi ostida e’lon qilingan maqola mazmunidan bexabar ekan. Ha, rasadxona qachon buzilgani ko‘pdan olimlarimiz uchun jumboq bo‘lib keldi, lekin Mutribiy Samarqandiyning «Nusxayi zeboiy Jahongir» tazkirasi qo‘lyozmasining Angliyada saqlanuvchi nusxasi mikrofilmi professor Ashraf Ahmedov tomonidan yurtimizga olib kelingach va olim Ismoil Bekjonov tomonidan o‘rganilib, Eronda fors tilida chop etilgach, shu manba asosida Ulug‘bek rasadxonasi so‘nggi taqdiriga ham aniqlik kiritildi. Bu haqda I.Bekjonovning biz eslatgan ilmiy xabari e’lon qilindi.
Quyida shu manbaning Ulug‘bek rasadxonasiga oid qismining to‘la tarjimasi hamda tarjimonning izohi e’tiboringizga havola etilmoqda.
Mutribiy «Nusxayi zeboiy Jahongir» tazkirasini Jahongir bin Akbar bin Humoyun bin Bobur podshohga bag‘ishlagani uchun unda temuriylar avlodlari va ular tomonidan qilingan xayrli ishlar, ularning adabiyot-madaniyat tarixida qoldirgan yodgorliklari haqidagi ma’lumotlarni aks ettiradi. Masalan, Go‘ri Mir, Ulug‘bek rasadxonasi, Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi va Muqatta’ masjidi, Samarqand shahrida Ulug‘bek qurdirgan Bayni toqayn — ro‘baru toq(darvoza)lar(ularni Abdulmo‘‘minxon 1598 yili buzdirib tashlagan), Go‘ri Mir yonidagi Bobur mirzo hovuzi yoki Shohizinda me’moriy majmuasidagi temuriylar xilxonasi yodgorliklari, Shodmulkxonim ko‘prigi hamda Akbar podsho, uning o‘g‘li Jahongir podshohning Go‘ri Mirni ta’mirlash borasidagi tashabbuslari ana shular jumlasidandir. Mutribiy xabariga qaraganda, samarqandlik Hoji Do‘st Muhammad Ravg‘angar 977 hijriy (1570) yili Akbar podshoh huzurida bo‘lganida unga Ulug‘bek rasadxonasi haqida ham so‘zlab bergan. «Abdullanoma» muallifining yozishicha, Amir Qulbobo Ko‘kaltosh Abdullaxon buyrug‘iga binoan 986 yil ramazon (1578 yil noyabr) oyidan mazkur kitobning Birinchi maqolasi tugallanayotgan 995(1586-1587) yilgacha Samarqandda «buyuk amir (Temur) va uning avlodlaridan qolgan hamda buzilish va vayronalikka yuz qo‘ygan imoratlarni tuzatishga tirishqoqlik ko‘rsatmoqda» ekan1 . Hofiz Tanish Buxoriy bu paytda Ulug‘bek rasadxonasining buzilgani haqida biron so‘z aytmaydi, aksincha, bunday imoratlar ta’mirlanayotganini ta’kidlaydi. Demak, bu davrlarda hali rasadxona saqlanib turgan ekan. Bizni qiziqtirgan mavzu — rasadxonaning qachon butunlay buzib tashlangani xabarini esa, «Nusxayi zeboiy Jahongir»dagi ushbu parcha ma’lumotlari hikoya qiladi:
«Shuhratiy Miyonkoliy. Mullo Boqiy Go‘rimiriy2 nisbasi bilan tanilgan. Beqaydlik xislatidan xoli emas edi. Shuning uchun ham o‘ziga Shuhratiy deb taxallus qo‘ygan edi. Hamisha lavand (buzuqi) va xabisa(yaramas xulqli)lar bilan o‘tirib-turardi. Samarqandning xoja Xoldor degan mashhur bir o‘spiriniga ko‘ngil bergandi. Bahor kunlarining birida shu do‘sti bilan mast holda Samarqandning Bayni toqayni yonidan o‘tib borayotganida ko‘rdim. Qarasam, do‘sti itining bo‘yinbog‘ini o‘z bo‘yniga bog‘lab olibdi, orqasidan esa xoja Xoldor uni shikorchi itday oldiga solib, go‘yo ovga ketayotgandek borayotir. Shuhratiy mast holatida ushbu baytni aytmoqda edi. Nazm:

Sagi tu az hama dar olami vafo behtar,
Agar sagi tu naboshim sag zi mo behtar.

(Mazmuni: Vafo olamida itingdir barchadin avloroq, Iting bo‘lmasak agar, it bo‘lsin bizdan a’loroq.)
Shuhratiy o‘ta dovyurak va qo‘rqmas odam edi. Bir oqshomgi o‘tirishda xoja Xoldor unga:
— Shuhratiy, shahid Sulton Ulug‘bek mirzo rasadxonasi ichida juda qo‘rqinchli bir joy bor, deb eshitaman. Ba’zi dovyurak odamlar o‘sha yergacha kirib, belgi qo‘yib chiqqanmish. Sen ham mana shu pichog‘imni belgi sifatida qo‘yib chiqa olasanmi? — debdi.
Shuhratiy bu so‘zni qabul qilib, do‘stining pichog‘ini olib, yarim tunda shahar qal’asi devoridan oshib tushibdi va rasadxona ichiga kirib, belgi qo‘yib chiqibdi. Bu manzil ichida Shuhratiyning jinlarni ko‘rgani voqeasini bir boshdan so‘zlab o‘tirsak, ancha vaqtimizni oladi. Lekin shunda jin ta’siridan uning bir ko‘zi aybli bo‘lib qolgan edi.
Faqat ugina emas, balki juda ko‘p kishilar bunday dovyuraklikka tirishib, jonlarini zoe’ qildilar. Shulardan biri Farhod xabisa bo‘lib, u ham bir o‘tirishda raqibi bilan shart boylashib, qo‘lida qoziq, rasadxonaning shipiga falak tabaqalari, iqlimlar surati chizilgan xonasiga kiribdi va qoziqni devorga qoqayotib, bilmasdan, to‘nining etagini ham qoziqqa qo‘shib devorga mahkamlabdi. Tabiiyki, o‘rnidan turayotganda kimdir etagidan ushlab tortayotgandek bo‘lgan, u esa zim-ziyo qorong‘ulik va yarim tunda, kunduzi odamlardan eshitib yurganim jinlar bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan chog‘i, shu zahotiyoq o‘takasi yorilib, joyidayoq jon bergan.
Bunga o‘xshash voqealar ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun ham Hojibiy Otoliq Do‘rmon ul o‘xshashi yo‘q latif imoratni buzib tashlab, g‘isht va boshqa qurilish anjomlarini Shodmulk Oqo ko‘prigini ta’mirlashga ishlattirdi. Bu (Shodmulk) Oqo Amir Hoji Sayfiddinning zaifalaridan biri bo‘lgan. Sohibqiron (Amir Temur) hayoti ayyomida Mironshoh mirzoning o‘g‘li Sulton Xalil unga oshiq bo‘lib qolib, har xil yo‘llarni ishga solib, xotinni qo‘lga kiritibdi va o‘z haramiga keltiribdi. Sohibqiron bu voqeadan xabar topgach, ul ayolni o‘ldirmakka buyuribdilar. Sohibqironning jalila zavjasi Mahdiulyo Saroymulkxonim, «Bu ayol Sulton Xalildan homila, yuki yengillashgach o‘ldirishga amr etsalar, ixtiyorlari», deya arzlariga yetkazibdi. Sohibqiron ko‘nibdilar. Ko‘p o‘tmay esa, Samarqand saltanati Sulton Xalilga muqarrar bo‘libdi va bu ayol mulkka sohibi ixtiyor chiqib, to‘rt yil davomida bu o‘lka uning hukmi ostida bo‘libdi, mazkur ko‘prikni o‘sha vaqtda Ko‘hak suvi (daryosi) ustiga qurdirgan ekan. Ko‘prik ko‘p yillar mobaynida odamlarga xizmat qilgan. Ammo Sulton Sa’idxon saltanati3 zamonida o‘tish joyi bo‘lgan toqining o‘rtasidan ancha joyi o‘pirilib tushgani va har ikki tomonidan bir qarich miqdorda saqlanib qolgani sababli hatto piyodalar ham u yerdan ming bir qo‘rquv bilan o‘tardilar.
Ammo taajjubga loyiq bir voqea sodir bo‘lgan edi: Sulton Sa’idxonning to‘pchiboshisi va biz nomini yuqorida tilga olgan Mir Tulak4 o‘sha o‘tar tor joydan otda o‘tgan va bir to‘n bilan mukofotlangan edi.
Hojibiy Otoliq Do‘rmon (mazkur rasadxona g‘ishtlaridan) bu buzilgan toq yoniga yana bir toq qurdirdi. Lekin biroz vaqtlardan so‘ng suv toshqini ro‘y berib, uni tag-tugi bilan qo‘porib tashladi. Shodmulk Oqo toqi esa bugungi bir ming o‘ttiz oltinchi (1036/1627-1628) yilgacha o‘z oxirgi holicha saqlanib turibdi.
Mullo Shuhratiy oxirida tavba qilib, ahli ayollik bo‘lib va Miyonkolda dehqonchilik ishlari bilan shug‘ullanib yurardi. To‘qqiz yuz yetmish ikkinchi (972/1565) yili tarqalgan va ko‘pchilikning yostig‘ini quritgan vabo qirg‘inida xotini ikkalasi bir kunda o‘lib ketdilar5 ...»
Hojibiy Otoliq Do‘rmon kim o‘zi? «Abdullanoma» muallifi uning Do‘stoy Hoji bin Jonvafobiy Do‘rmonning o‘g‘li ekani, Abdullaxonning Samarqand, Toshkentni Ko‘chkinchixon va Sevinchxojaxon avlodlaridan tortib olish va boshqa qancha urushlarda jonbozlik ko‘rsatganini yozadi. «Musaxxir il-bilod» va boshqa tarixga oid asarlardan bilamizki, amir Jonvafobiy Do‘rmon Shayboniyxonning yaqin kishilaridan bo‘lib, Shayboniyxon uni 1500 yili Samarqand, 1507 yil may oyida Hirot dorug‘asi qilib tayinlaydi. Jonvafobiy Do‘rmon 1510 yil dekabrida Marv qamali jangida Shayboniyxon bilan birga safaviylar tomonidan o‘ldiriladi. Hasanxoja Nisoriy ma’lumotiga qaraganda, uning o‘g‘li, ya’ni Hojibiy Otoliqning otasi Shujoiddin Do‘stmuhammad Do‘rmon ham shayboniy xon va sultonlari oldida katta e’tiborga ega bo‘lgan, ikki marta hajga borgan, ammo mansabga unchalik xushi bo‘lmagan, she’rlar yozgan. Ikkinchi marta 973 hijriy (1565) yil hajga ketganida «Muzakkiri ahbob»ni yozayotgan Nisoriy uning eson-omon qaytib kelishini tilaydi. Mutribiy «Tazkirat ush-shuaro»da Hojibiy Otoliq Do‘rmonga maxsus to‘xtalib, shunday yozadi(mazmuni):
«Hojibiy Otoliq Do‘rmon o‘z she’rlarida «Hoji» taxallusini qo‘llaydi, ammo asl nomi Malik Muhammadbiy, bolaligida otasi bilan hajga borib kelgani sababli «Hojibiy» laqabi bilan tanilgan. Shoirlar va fozillarga, umuman, barcha xaloyiqqa ko‘p yaxshiliklar ko‘rsatardi. Ko‘p yillar jannatmonand Samarqand mulki hukumatiga mansub turdi. Shahid Abdulmo‘‘min zamonida Hirot hukumatini boshqardi. O‘sha yerda qizilboshlar bilan bo‘lgan jangda shahidlik sharbatini tatidi. Kamina ba’zida Samarqandda huzurlariga borib turar, manavi singari muvashshah g‘azal va qasidalarni o‘tkarib, qo‘llaridan ot, chakmon, pul va salla kabi in’omlar olardim».
«Tazkirat ush-shuaro»da Hojibiy Otoliqning besh baytlik ikkita g‘azali havola etilgan.
«Nusxayi zeboiy Jahongir»ning boshida Mutribiy Hojibiy Otoliq haqida quyidagilarni ham yozib o‘tgan:
«Samarqand aholisi... hayit va Navro‘z bayramlari... shu maydon (Go‘ri Mir yonida) yig‘ilar ekanlar va bu odat... Ibodullo sulton saltanati6 davrigacha rasm bo‘ldi, Hojibiy Otoliqning Samarqandda hokimligi zamonida esa uning hukmiga binoan... bu yerda yig‘ilish to‘xtatib qo‘yildi. Sababi shunda ediki, bu yerga kelgan olomon odob degan narsani unutib, bo‘shanish uchun ushbu nurga to‘la dahma ustiga chiqishni odat qilib olgan, bu yomon qiliq mazkur amirni g‘azablantirib, shunday buyruq chiqarganlar».
«Abdullanoma» ma’lumotiga qaraganda, Hojibiy Otoliq Do‘rmon Abdullaxonning 1572 yil yozi va 1578 yil kuzidagi Samarqandga, 1579 yil bahoridagi Toshkentga yurishida qatnashadi, u bu urushga Balxdan chaqirilib, Toshkent qamalida Balx va uning atroflaridan kelgan Abdullaxonga qarashli lashkarga qo‘mondonlik qiladi. O‘sha 1579 yil martida Abdullaxon Toshkent hokimligiga akasi Do‘stum (Abdulquddus) sultonni o‘tqazganda, shu viloyatning moliyaviy va harbiy ishlarini boshqarish uchun Hojibiyni Do‘stum sultonga otoliq qilib tayinlaydi. Ammo shundan ikki oy so‘ng — to 1580 yil boshigacha Toshkent yana Boboxon bin Navro‘z Ahmadxon qo‘liga o‘tadi. Bu yerga o‘sha yili tag‘in Do‘stum sulton qaytib kelganida esa, Hojibiy Otoliqning ham Toshkentga kelgan-kelmagani bizga qorong‘i. «Musaxxir il-bilod» asarida Samarqand hokimi Ibodullo sulton o‘limi ro‘y bergan 1585 yil sentyabrida Hojibiy Otoliqning Samarqand hukumatida devonbegi vazifasini bajarayotgani aytiladi. Hojibiy Otoliqning Samarqandda shu viloyat hokimligiga tayinlanishi, aftidan, 1585 yil oxirida ro‘y bergan.
«Nusxayi zeboyi Jahongir» ma’lumotlariga murojaat qilib, amir Hojibiy Otoliq hayoti so‘ngiga yana bir bor nazar tashlaymiz:
«Do‘st Vafobiy Otoliq Do‘rmonning chiroyli zikri. Amir ul-umaro Hojibiy Otoliqning yetuk o‘g‘li. Otasining ulug‘vorligi Abdullaxon zamoni(1561 — 1598 yillar — I.B.)da quyoshdek ravshan edi. Yigirma besh yil Samarqand hokimligi mansabiga mansub turib7 , adolat bilan ish yurgizdi. Fozillarga tarbiyatlar ko‘rgazguvchi va zaiflarni himoyat qilguvchi bo‘lib Samarqand uning hukumati ayyomida Movarounnahr shaharlarining rashkini keltiradigan joyga aylangandi. Abdulmo‘‘minxon zamonida(1598 yil — I.B.) Balx viloyati hokimligi mansabiga ham mansub turdi. So‘ng shu xon zamonida Dor us-saltana Hirot hukumatini boshqarish darajasigacha ko‘tarildi. Abdulmo‘‘minxon o‘ldirilgach (1598 yil avgust oyi boshi — I.B.), Shoh Abbosning shu shaharni istilo qilish paytidagi jangda o‘sha viloyatda Dinmuhammadxon bin Jonixon(ashtarxoniy) bilan birga shahid bo‘lgan8 ... O‘g‘li ushbu 1035 (1627 — I.B.) yili... Badaxshon viloyatining Qunduz tumanida hukumat mansabida o‘tiribdi».
Demak, Hojibiy Otoliq Ulug‘bek rasadxonasini 1588 — 1598 yillar orasida, aniqrog‘i, 1590 — 1592 yillari buzdirgan.
Samarqand shahri obodonchiligi uchun shuncha ishlar qilgan va shoiru olimlarga homiy bo‘lgan, o‘zi ham go‘zal g‘azallar yozib, nomi va otasi nomi tazkiralarga tushgan amir Hojibiy Otoliq omiy odamlarning nojo‘ya qiliqlariga jahl qilmasdan rasadxonani buzdirmay saqlashi mumkinmidi?
To‘g‘ri, Hasanxonja Nisoriy yozganidek, Ulug‘bek mirzo va uning ustozu shogirdlari vafotidan so‘ng «hech kim rasad bog‘lamoqqa muvaffaq bo‘lmagan» va Mutribiy guvohlik berishicha, haqiqatan ham rasadxona xaroba bir joyga aylanib qolib, undan foydalana olmaganlar. Bunday qaraganda, Hojibiy Otoliq masalaning aynan shu tomonlarini o‘ylab ish ko‘rgandek. Yana savol tug‘iladi: axir, baribir, o‘sha 1588 — 1592 yillargacha, ya’ni 150 yil mobaynida rasadxona buzilmay turgan-ku! Bu davr oralig‘ida Samarqandda temuriylardan tashqari har xil — goh oqil, goh injiqtabiat shayboniylar ham hokimlik qilgan-ku? Ammo ular ham rasadxonani buzdirmaganlar. Bu haqda bosh xon Abdullaxonning ham buyrug‘i bo‘lmaganini yuqorida ko‘rdik, bor bo‘lsa, Hofiz Tanish Buxoriy va Mutribiy biror bahona bilan yozgan bo‘lardilar. Demak, Hojibiy Otoliqning bu ishini hech ham oqlab bo‘lmaydi. Axir, ko‘prik ta’miri shu g‘ishtlarga qarab qolganmidi? Nima, Ulug‘bek mirzoning achchiq qismatiga o‘xshab, bu ham bir taqdirning ilm-fan, madaniyat ahliga bergan og‘ir zarbasi va qattiq sinovimi? O‘ki Beruniy bobomiz ming yil oldin butun bir risolani bag‘ishlagan Bomiyon tog‘idagi Budda haykalining johillar tomonidan yakson etilishi kabi bashariyatni ogohlantirishimi? Bilmadim, ammo, har holda, rasadxona saqlanib qolganda, ushbu mustaqil zamonamizda bizga yana bir bor iftixor va ilhom tuyg‘usini bag‘ishlashi shubhasiz edi.

_______________
1. Hofiz Tanish al-Buxoriy. «Abdullanoma». Toshkent, «Sharq», 1999, 316-bet. (Bu asarning birinchi tahriri 1584 yil bahorida ilgari yozilgan qoralama asosida boshlanib, 1583 yil voqealarini o‘z ichiga olgan shaklda o‘sha yil oxirida tugallangan, ikkinchi tahriri 1586-87 yil, uchinchi, ya’ni oxirgisi 1589 yili tugallangan.)
2. Go‘ri Mir (Go‘ri amir) maqbarasi xizmatchi-xodimlari yoki shu mahallada yashovchilarga beriladigan nisba.
3. Bu shayboniyning bobosi Ko‘chkinchixonning onasi Robiya Sultonbegim Ulug‘bek mirzoning qizi bo‘lgan. Sulton Sa’id sulton 1551, 1557 — 1572 yillari Samarqandda xonlik qilgan.
4. Mir Tulakning 1568 yili o‘zi to‘pga solgan o‘qdan halok bo‘lishi voqeasi tazkiraning «Akbar podshoh» bobida kelgan. Bu sanada ham rasadxona bus-butun saqlanib turganiga Mutribiyning o‘zi guvohlik beradi.
5. Mutribiy bu yerda sanani yanglish ko‘rsatmoqda, chunki u «Nusxayi zeboyi Jahongir»ning mavlono Ko‘dakiy Romitaniyga bag‘ishlangan qismida Shuhratiyni 1013 (1604) yili samarqandda ko‘rganini yozadi, «Tazkirat ush-shuaro» ma’lumotlaridan esa, aynan shu uchrashuvning 1604 yildan bir necha yil oldin ro‘y bergani anglashiladi. Qolaversa, 1565 yili Mutribiy 9 yashar bola bo‘lgan, Shuhratiyni mazkur do‘sti bilan ko‘rgani voqeasi esa undan ham oldinroq ro‘y bergani hamda u Shuhratiy bilan bog‘liq hodisalarni katta yoshdagi odam nigohi bilan hikoya qiladi.
6. Ibodullo sulton Samarqandda 1578 yil noyabridan to o‘zining yaqin amirlaridan biri tomonidan o‘ldirilgan 1585 yil avgust — sentyabrigacha hokimlik qilgan.
7. Hojibiy Otoliqning Samarqandda 25 yil hokimlik qilgani haqiqatga sira to‘g‘ri kelmaydi, balki Mutribiy uning Balx, Toshkent va Hirot hukumatidagi faoliyatlarini ham nazarda tutayotgandir.
8. Abdulmo‘‘minxon o‘ldirilgach, unga qarindosh, ammo ashtarxoniylar xonadoniga mansub sulton Dinmuhammad 1598 yil avgust-sentyabrida o‘zi turgan Zobulistondan Hirot sari otlanadi, yaqindagina Hirot hokimligiga tayinlangan Hojibiy Otoliq Do‘rmon unga darvozani ochib beradi, Dinmuhammad Hirotda xonlik e’lon qilib, unga bobosi O‘rmuhammadxonni o‘tqazadi(Buxoroda bosh xonlik taxtiga oxirgi shayboniy Pirmuhammadxon o‘tirgan edi). 1599 yil iyunida Shoh Abbos Hirotni olish uchun yurish boshlab, o‘sha yilning 28 iyulida Hirotdan to‘rt farsah uzoqlikda joylashgan Puli solor mavzeiga kelib tushadi va 29 iyul kuni Dinmuhammadxon qo‘shini bilan jangga kirishadi, shu urushda Dinmuhammadxonning o‘zi va 4000 kishisi halok bo‘ladi, ular orasida Hojibiy Otoliq Do‘rmon ham bor edi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 13-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.