OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jasur qalam sohibi

(Erkin A’zam ijodiga nazar)

O’tgan asrning yetmishinchi yillarida adabiyotimizga yangi avlod kirib keldi. Iste’dodli yozuvchi Erkin A’zam ana shu avlodning peshqadamlaridan biri sifatida faol ijod qilib kelmoqda.

Adib ijodi bilan tanishgan kitobxon ko‘nglidan kamida ikki savol-jumboq o‘tadi.

Birinchisi: nega yozuvchi shu paytgacha roman yozmagan?

Ikkinchisi: yozuvchi qamrovni keng olib, teranlikni boy bermaganmi?

Ma’lumki, ijodkor shaxsi, asarlari borasida fikr yuritish asnosida, adabiy portret yaratishning yo‘sinlari ko‘p. Biz Erkin A’zam ijodini yozgan asarlariga taqriz bitish yo‘lidan borib yoritishni ma’qul ko‘rdik.

I. 1977 yilda yosh yozuvchi Erkin A’zamning to‘rt hikoyadan iborat “Chiroqlar o‘chmagan kecha” to‘plami nashr etildi. Boshlovchi ijodkor odatda ma’lum hayot malakasiga, yozish tajribasiga ega bo‘lgach, to‘plam tayyorlashga kirishadi.

Birinchi to‘plam – rag‘bat, ijod olamiga yo‘llanma, yosh yozuvchi hayotining unutilmas voqeasi. Erkin A’zamning birinchi to‘plamidagi hikoyalarida qishloq va shahar hayoti, yoshlik jo‘shqinligi va izlanishlari, yangicha qarashlaru milliy udumlar aks etgan.

“Soy bo‘yi, chimzor…” hikoyasining qahramoni Jalil Norboev – yosh mutaxassis. U yangi jamoaga ishga kelgan. Ish bor joyda bahs, tortishuv, goho asabbozlik bo‘ladi. Norboev ishidan, kasbidan nolimaydi, lekin, ajab, qachon qisinsa, dunyo ko‘ziga tor ko‘rinsa, qishlog‘i, soy bo‘yi esiga tushaveradi.

“Terakzor soy burilgan joydagi jarlikka kelib tugaydi. Jarlik qirrasida ildizlari ochilib soygacha tushgan bir tup tug‘dona suvga egilib turibdi. Pastda buloq, tubida patak ildiz bosgan mayda chag‘ir tosh. Buloq tegrasini silliq ko‘kish xarsanglar qurshagan.

Chashma suvi doim muzday, xarsanglar esa iliq bo‘lardi. U shoshilmay yechinib, buloq suviga tikilganicha xarsang ustida uzoq o‘tirardi”.

Buloq bo‘yi... Norboev qaerda bo‘lmasin, qanday kayfiyatda yurmasin, buloq bo‘yi, mayda chag‘ir toshlar, ko‘kish xarsanglar yodiga tushadi, ularni qo‘msaydi.

“Chiroqlar o‘chmagan kecha” hikoyasida yangi yilni kutib olish tasvirlanadi. Ijarada turgan talaba yoshlar Vali ota xonadonida yangi yilni kutadilar. Yangi yil – barchaning bayrami: hamma xonadonga, har bir inson qalbiga tashrif buyuradi. Yoshlar yangi yilni ijara xonadonda kutib olayotganlarini unutadilar: a’lo kayfiyat, o‘yin-kulgi, yoshlik shijoati ularni butunlay rom etadi. Xonadon egasi Vali ota – yolg‘iz. Uning kampiri vafot etgan, bolalari, nevaralari negadir kelishmadi. Otaning dard-dunyosi qorong‘u. Ammo, u yoshlar kayfiyatini buzishni istamaydi: o‘zini majburlab yangi yilni yoshlar davrasida qarshilaydi. Yangi yilda yoqqan qor hammaning kayfiyatini ko‘taradi. Hikoyaning “Chiroqlar o‘chmagan kecha” deb nomlanishida ramziy ma’no bor.

Dastlabki hikoyalaridayoq Erkin A’zam hayotni, kishilarni sirtdan emas, ich-ichidan tasvirlash, ko‘rsatishga intiladi. Yosh yozuvchi asarlarida matnning qurchligi diqqatni tortadi.

II. “Otoyining tug‘ilgan yili” qissasi  Erkin A’zamni keng kitobxonlar davrasiga o‘ziga xos yozuvchi sifatida olib kirdi. Qissa lirik ruhi, izchil realizmi, pishiq-puxta xarakterlari bilangina emas, hayotga, kishilarga, voqea-hodisalarga tanqidiy nigohi bilan diqqatni jalb etdi. Qissa qahramoni – Barno, Ra’no, Nazira, Vazira, Jovli, Rahmatilla, Muhiddinlarning kursdoshi; Ziyoxon Ahmadxonov, Dilora Jo‘raeva, Maxsumov, Ubaydullaev singari domlalarning talabasi; Beshog‘ochdagi bezori bolalar bilan mushtlashib, yuz-ko‘zi yorilgan bola. Xullas, Asqar Shodibekov Toshkentga keldiyu hammaga otning qashqasiday tanildi-qoldi. U o‘ziga xos yigit: g‘irromlik, soxtalik, maqtanchoqlik, tantiqlik bilan chiqisha olmaydi.

Asqar Shodibekov – yong‘oq. Ammo shaldir-shuldur qilaveradigan puch emas,  mag‘zi to‘q, mazali yong‘oq. Ahmadxonov, masalan,  talabalarga “Mashrabning oti nega Mashrab?” degan savolni beradi. Gulya, Zulya, Dilya, Jovliboy, Rahmatullalar javob izlaydilar. Asqar Shodibekovgina savol bema’niligini anglaydi. Avvalo, Mashrab – shoirning ismimas, taxallusi. Ikkinchidan, shoir Mashrab bo‘lgani bilan biron narsa o‘zgarib qoladimi? Asqar Shodibekov masala sirtida sirg‘almaydi, ildiziga boqadi. Ahmadxonovning beburd savoli sabab bo‘lib, u o‘zbek mumtoz adabiyotini sinchiklab o‘rganadi. Masalalar mohiyatiga kiradi.

Asqar Shodibekov  – muhabbat yoshidagi yigit. Ammo unga Barno, Ra’no, Vazira, Naziralar yoqmaydi. Ular jiddiy fikr yuritishdan yiroq . Qizlar yaltir-yultir kiyimlari, antiqa talaffuzlari bilangina diqqatni jalb etadilar. Jovliboylar ham o‘ziga xos odamchalar. Ular zudlik bilan kechagi kunlarini unutishga, asl mohiyatlarini yashirishga intiladilar.

Asqar Shodibekov Beshog‘ochning zo‘rlari mohiyatini ham bir mushtlashuvdan keyin bilib oladi. U akasi, yangasi, Ubaydullaev domla, frantsuz tili o‘qituvchisi Dilora Jo‘raevagagina ixlos qiladi. Ular bilan samimiy gaplashadi. Asqar Shodibekov tasodifan Raxshona ismli qo‘shnisiga mehr qo‘yadi. Sirtdan Raxshona oddiygina, parishonxotirgina, chiroyi ham o‘rtachagina qiz. Ammo uning qalbida bir olam go‘zallik bor. Asqar Shodibekov qizni bir ko‘radi – e’tibor beradi. Ikki bor ko‘radi – qiziqishi ortadi. Uchinchi bor ko‘radi – sevib qoladi. Shu qizga uylanmoqchiligini akasiga ishonch, qat’iyat bilan aytadi.

Erkin A’zam uslubida kesatiq, piching seziladi. Uning kesatiqlari o‘ziga xos. Adib bu uslubni asardan-asarga qurchlatib bormoqda.

III. “Javob” – Erkin A’zamning   1986 yilda chop etilgan qissalar va hikoyalardan tashkil topgan to‘plami. To‘plamga “Otoyining tug‘ilgan yili”, “Javob” qissalari hamda “Shaytonchalar ko‘chasi”, “Piyoda” va “Manana” hikoyalari kiritilgan.

“Javob” – o‘ziga xos qissa. Asar qahramonlari – Elchiev va Mastura ko‘p yillar burun “Otoyining tug‘ilgan yili” qissasida xayrlashganimiz Asqar Shodibekov va Raxshona bo‘lib tuyulaveradi menga. Elchiev Asqarga o‘xshagan qishloqlik. Toshkentda o‘qigan, uylangan, bola-chaqali bo‘lgan. Elchiev “singan” qahramon – jo‘shib kurashmaydi, martabaga qiziqmaydi, “faqir kishi panada” degan naqlga amal qilib yashaydi. Lekin u ojiz, notavon emas. Asqardagi o‘jarlik, qaysarlik, aytganidan toymaslik uning ham tabiatida bor. Ammo u o‘zini hamisha jilovlab yashaydi.

Ayagan ko‘zga cho‘p kirar, degan gap bor. Hech narsadan hech narsa yo‘q, arzimagan sabab bilan to‘rt mast barzangi Elchievni o‘lasi qilib do‘pposlaydi. Elchievning xo‘rligi keladi: boshini qaerga urishni bilmay qoladi. Odamni ezib yuboradigani shundaki, katta-katta odamlar anovi boyvachcha barzangilarni ro‘y-rost himoya qila boshlaydi. O’zbekchilikning nozik tomonlari ishga solinadi.

Elchiev umrini oilasiga – xotini, qizi Jasura, o‘g‘li Kamoliddinga bag‘ishlagan edi. Bolaligida o‘g‘li va qizi nihoyatda shirin, mehribon bo‘lishgan. Ayniqsa, o‘g‘li Kamoliddin juda yuvosh edi. U voyaga yetdi. Oliy o‘quv yurtiga kira olmadi. Armiyada xizmat qildi. So‘ng ishlay boshladi. Kamoliddin ham jisman, ham ruhan o‘zgardi. Ko‘chadan beri kelmay qoldi. Ichadigan bo‘ldi. Chatog‘i, opasidan ham yoshi ulug‘, er ko‘rgan Dinaga aylanishib qoladi. Unga uylanmoqchiligini aytadi. Elchiev joniga qasd qiladi. Tasodifan tirik qoladi. Qissadagi asosiy voqea – shu.

Sho‘ro adabiyotshunosligida syujetning tugun, voqealar rivoji, kulminatsion nuqta, yechim singari qismlari bo‘lardi. Shu nuqtai nazardan, Erkin A’zamning “Javob”i, Asqad Muxtor mazkur kitobga yozgan “Bosh tashvish” nomli so‘ngso‘zida aytganiday: “Elchievning qalbida endi kurash ruhi yetilganda asar tugab qoladi, afsuski, uning kurashga kirgani va kurash jarayoni ko‘rsatilmagan”. Aslida ham shundaymi? Menimcha, qissaga ikki yozuvchi turlicha estetik printsip nuqtai nazaridan yondashgan. Asqad Muxtor sotsialistik realizmdagi kurash, ziddiyatlar to‘qnashuvini mukammal o‘zlashtirgan adib. Erkin A’zam ijodida esa kolliziyalar tasvirida biz uchun yangilik bo‘lgan tomonlar uchraydi.

“Otoyining tug‘ilgan yilida”yoq adib voqealarni ich-ichidan, mohiyatidan turib tasvirlash yo‘sinini tutgani ko‘ringan edi. “Javob”da  kurash Elchiev ongida, ruhida uzluksiz oqim tarzida davom etadi. Qissa syujeti retroga asoslangan. Qahramon o‘ylaydi, xotirlaydi, xayolan ming ko‘chaga kirib chiqadi. Elchiev o‘ylarida ruhiyatidagi  holatlar namoyon bo‘ladi.

Chuqurroq qaralsa, Elchiev qo‘rqib, cho‘chib, o‘ta ogoh bo‘lib yashaydi. U olg‘a intilishdan ko‘ra, erishganini asrash-avaylashga ko‘proq e’tibor beradi. Uni – bilimdon mutaxassisni yuqori lavozimga ko‘tarmoqchi bo‘lishadi. Qahramonimiz o‘zini kamtaru kamsuqum tutib, chetda qolaveradi. Vaholanki, hamqishloq do‘sti Haydar bilimda ham, aql bobida ham ancha to‘pori edi. Lekin yeldi, yugurdi, birovni “aka”, birovni “uka” dedi, o‘zini fan sohasiga urdi, nomzod, doktor, professor bo‘ldi. Kechagi to‘pori Haydar – bugun “Haydar Samadovich”, Elchievni mensimaydi.

Elchiev sira tavakkalchilikni yoqtirmaydi, qismatga ishonmaydi. U o‘g‘li, qizini qog‘ozga o‘ralgan qandday asraydi. Lekin bolalarni hayot o‘z domiga tortdi. Jasura ham, Kamoliddin ham tamoman boshqacha odam bo‘lib yetishdi. Elchiev hamisha qisinib-qimtinib, g‘ilofda yashab o‘tayotganini angladi. Tarki odat amrimaholligini chuqurroq his eta boshladi. Hayotdan ketishni to‘g‘ri yo‘l deb bildi. O’z joniga qasd qilish musulmonchilikka, umuman, insoniylikka to‘g‘ri kelmasligini u o‘ylab ko‘rmadi. Shu jihatdan, Elchiev – kommunistik mafkura, qo‘rqoqlik falsafasining qurboniga aylandi. Mastura, Jasura, Kamoliddin, hatto qalbi toza, xayrixoh Dina ham Elchievga achinadi.

“Javob” qissasini o‘qib, bitta odamning yuragida shuncha gap bor ekanmi, muallif ularni qaerdan bildi, qanday yuzaga chiqardi, deya o‘ylanib qoladi kishi. “Javob”– Erkin A’zam ijodidagi muhim asarlardan biri.

“Piyoda” hikoyasi ham alohida diqqatga molik. Hikoya qahramoni Berdiboy – Parda Qurbonning to‘ng‘ichi; Muzaffar, Gulchehra, Gulsanam va Samandarning og‘asi. Berdiboy – tajang, o‘jar. U qiz bolaning poytaxtga borib o‘qishini istamaydi. Uning dastidan onasi, xotini Oyro‘zi, singillariga kun yo‘q: o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poq, deydi. Sanam Toshkentga ketmoqchi, modeler-bichiqchilikka o‘qimoqchi bo‘ldiyu Parda Qurbon xonadoni tinchini yo‘qotdi. Berdiboy otasinikiga keldimi, albatta, janjal chiqaradi: ota-ona asabiylashgan, Sanam yig‘lagan... Oxiri, ona o‘g‘lini quvib soladi. Berdiboy bir-ikki kundan keyin yana kelaveradi. U elektr chiroqqa, televizorga ham qarshi edi. Bora-bora ko‘nikdi. Ukasi Muzaffarning yashash tarzini yoqtirmaydi. Muzaffar birinchi xotinidan ajralib, yana uylangan. Yangi kelinni ko‘rgach, Berdiboyning jini qo‘ziydi: ko‘ylagi – kalta, piyoz po‘stidan-da yupqa. Endi singlisi Sanam shaharga ketib, shu kelin bilan bir xonadonda yashamoqchi...

Hikoyadagi Berdiboy o‘tmishning qoloq kishisi qilib tasvirlangan. Muallif keyinroq shu hikoya asosida kinoqissa yozdi. Kino san’ati detallarning aniq, tiniq bo‘lishini taqozo qiladi. Hikoyada Berdiboyning zooveterinar ekani aytib o‘tilgan edi. Kinoqissa emlanayotgan qoramollardan biri badaniga suqulgan shprits bilan qochib borayotgani tasviridan boshlanadi. Berdiboyning farosatsizligi o‘ylamay-netmay gapirib yuboraverishida, ro‘zg‘or tutishida, xotinini qiynashida ko‘rinadi. Oyro‘zi aqlli-hushli, gap-so‘zlari ma’nili ayol. Ammo u erining soyasiga aylanib qolgan, hamisha uning ortidan indamay ketaveradi. Holbuki, u qaynonasi, ovsin, qayinsingillari bilan ochilib-sochilib gaplashadi. Berdiboy hamma narsadan kamchilik topishga, o‘z so‘zini o‘tkazishga harakat qiladi. Lekin, qizig‘i, u tabiatan kesak, zerikarli odam emas. Mana, kuy yangrayapti. Berdiboy zavq bilan raqs tushyapti. Hamma uning o‘yiniga qoyil qolyapti. Raqs manzarasi qahramon haqidagi qarashlarni ostin-ustun qilib yuboradi. Lekin Berdiboyning yuragida armon, ota-onasidan gina bor. Bir vaqtlar Parda Qurbonni tuman markaziga ishga chaqirganlarida u onasini yolg‘iz tashlab ketolmay, Berdiboy bilan Muzaffarni qishloqda qoldirib ketgan edi. Ona bolalarni o‘zi bilganicha “tarbiyaladi”. Berdiboy ins-jinsga, ajinalarga ishonadigan, yangi udumlarga dushmanlik bilan qaraydigan bo‘ldi. Bora-bora u qoloq, o‘jar, tajang bir odamga aylandi.

Kinoqissada ranglar garmoniyasi, tovushlar simfoniyasi, detallarning tiniq va serobligi, hayotdagi yangi qirralar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Odamlar ruhidagi o‘zgarishlar aniq seziladi. Yangi zamonga xos savdo-sotiq, tadbirkorlik, ishbilarmonlik, maqsad sari intilishni ko‘rish mumkin. Xususan, asar qahramonlaridan biri – Rajab bodi Toshkentda tup qo‘yib, palak yoza boshlagan Muzaffar bilan aloqani yaxshilashga intiladi.

Erkin A’zam “Piyoda” hikoyasini kinoqissaga, “Pakananing oshiq ko‘ngli”ni ham “Pakana” kinoasariga aylantirdi. Badiiy asarni kinosan’atga aylantirish – o‘ziga xos, maxsus jarayon. Bunda yutuqlar qatori yo‘qotishlar ham bo‘ladi. Badiiy asar – arqog‘i pishiq matn demak. Pesa spektaklga, badiiy asar kinostsenariyga aylanganda, baribir, matnga putur yetadi. “Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasi bilan “Pakana” kinoqissasi qiyoslanganda, farq ko‘zga yaqqol tashlanadi. Kinoqissada Pakana Shamshodbek nomini olgan. Asarga yana bir pakana – Dadilbek kiritilgan. Birining bo‘yi 151, ikkinchisining “adl” gavdasi 149. Shamshodbek uch qiz, Dadilbek shuncha o‘g‘il otasi. Shamshod fikrchan san’atkor, yuragida dardi bor odam. Dadilbek – bir qop yong‘oq, u bilmagan gap yo‘q. Uningcha, pakanalik – g‘aroyib ne’mat. Hamma kashfiyot, ne-ne muhim ishlarni pakanalar amalga oshirgan. Dadilbek obrazi “Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasini kinokomediyaga aylantirib yuborayozgan. Qissa inson ruhini, san’atkor qarashlarini yoritib bergan teran asar, unda yuksak estetik daraja bor edi...

IV. Yozuvchi ijodida 1988 yilda nashr etilgan “Bayramdan boshqa kunlar” nomli  qissa va hikoyalardan jamlangan kitobi alohida qimmatga ega. Kitob ijodkorning avvalgi asarlaridan hajman katta, mazmunan teran.

Adibning “Bayramdan boshqa kunlar” asarida ma’lum ma’noda romanga xos kontseptsiya seziladi. Muallif shaharliklarni ijtimoiy tabaqalarga ajratishga usta. Uslubida fosh qilish, kesatiq, piching yetakchi bo‘lgan adib diqqatini ko‘proq yengiltak qiz-juvonlar – kapalaklar  (uchib-qo‘nib, gulzorda nozlanib, orolanib sayr etuvchilar) hayoti jalb qiladi. Qissada, asosan, uch oila vakillari hayoti tasvirlangan. Barno, Bargida, Basira – Afro‘za Kamolovnaning emin-erkin o‘sgan qizlari. Ularning otasi –  qarib quyulmagan chol –  Mimo.

Barno zamonabop Chinnibek Qosimovga tegib olgan. Bargida sevmadi, o‘rtanmadi, ziddiyatlarga kirishmadi, lekin Bakirga ega bo‘ldi. Bu ayolda rashk, uyim-joyim degan tuyg‘u, chin huzurni his qilish yo‘q. Qanday xohlasa, shunday yashaydi. Hech kimga aytmasdan onasinikiga ketib qolishi, haftalab erini ko‘rmasligi, u haqda o‘ylamasligi mumkin. Bakir qo‘ng‘iroq qilsa, gina-kuduratsiz: “Qayoqlarda qolib ketdingiz? Nega kelmaysiz? Bugun, albatta, keling, tadbir bor”, deyishi mumkin. Eri tergagudek bo‘lsa: “Nima bo‘pti?” deb qo‘ya qoladi. Uning asabi yo‘qmi, deb ham o‘ylaysan kishi. Opa-singillar yig‘ilib qolishsa, og‘izlari gapdan bo‘shamaydi. Ular hech narsani ko‘ngillariga qattiq olmaydilar. Lekin... lozim bo‘lib qolsa, har qanday tubanlikka, ayollik makriga erk berishlari mumkin. Basira jazmaniga achchiq qilibmi, ko‘p miqdorda dori ichib qo‘yadi. Uni hushiga keltirish uchun ona, opa-singillari o‘lib-tiriladilar.

Mimo – sobiq xonanda, yengiltak odam, qizlarning otasi. Ammo oilada uning ota sifatida o‘rni, mavqei yo‘q. Bakir Bargida bilan yashar ekan, bu xonadonning chirib, manqurtlashib borayotganini aniq kuzatadi. U qanday osonlik bilan uylangan bo‘lsa, shunday osonlik bilan Bargidadan voz kechib ketishi mumkin, ammo...

Qissadagi asosiy qahramonlardan biri – Safura. U Bargida, Barno, Chinnibek, Basiralarning do‘sti. Asarda xatti-harakatlar, ziddiyatlar, murakkabliklar, ziyofatlar markazida Safura turadi.

Safura – doimiy  navqironlik ramzi: uning yoshi hecham yigirma oltidan oshmaydi. Nima demasin, “bravo”, “genatsvali”, “o’key”, “salyut”, “mersi”, “chi gap”, “oybay”, “se lya vi”, “gudbay”, “chao”, “raftem”, degan so‘zlarni qo‘shib aytadi. Safura biron joyda yolchitib ishlamagan. Bir-ikki ko‘rsatuvda rejissyorga yordamchilik qilgan. “Ijodi”ning yulduzli oni shu, xolos. Ammo baxil emas. Ikki xonali bezatilgan uyini Bargidaga berib qo‘ygan. Misha tog‘a (Muftilla), Jordes, yana allakimlar Safura tufayli Bargidalar to‘dasiga qo‘shilib qolgan. Maishatboz, o‘yin-kulgiga ishqiboz, shahvoniy hayotga mukkasidan ketgan odam borki, Safura uyushtiradigan bazmlarga shamga intilgan parvonadek yopishib kelaveradi. Safurada to‘pori Muftilladan, ikki dunyosi kuygan Mimodan, lo‘ttiboz Chinnibekdan, bayramparast Barnoyu Bargidalardan, hatto bo‘sh-bayov, yengiltakkina Bakirdan farq qilaroq, o‘rtanadigan qalb bor, muqaddas olov bor. U o‘ynaydi, kuladi, birovlarga yaxshilik qiladi, biroq aldanayotganini teran anglaydi. Muhimi, vaqti-vaqti bilan muhitiga sig‘may qoladi, “bayram” to‘la kunlarini dil-dilidan la’natlaydi. Bakir bilan suhbatda Safura “yoriladi”: “Boyagi joyni ko‘rdingmi? U yerdagilarning bari Safuraning bolalari, Safuraning gunohlari. Safuralarni yer yutsin! – U tuyqusdan tagidagi toshni mushtlab hiqillay boshladi. – Men toshman, mana shu toshman! Qani, birato‘la toshga aylanib qolsam!”.

Safura kapalaklar hayotini, bayramli kunlarni, bargidalarni, o‘zini fosh etadi. Mimo, Misha tog‘a, Jordes, Anvar xo‘rozlar ko‘ngilochar kechalarga, kayf-safoga ishqiboz. Safura iqroricha: “Boshida hammasi yaxshi ko‘radi, hammasiga yoqasan. Bilamiz – nima uchun! Keyin esa... Ey, hammang bir go‘rsan!” .

Bargidalar to‘dasini Safura tark etib ketadi. Bakir Safurani sog‘ina boshlaydi.

Qissadagi o‘gay buva, Ziyoviddin singari hayotning tayanchi bo‘lgan kishilar timsoli kitobxonni rom etadi. Avtobuschi Bakirning shahar bo‘ylab kezishi, bekatlar nomini burro-burro aytishi ham maroqli. Bekatlar Bakirning qadrdonlari, bamisoli tirik odamlar. Ularning taqdiri, atvori, yoqimli-yoqimsiz tomonlari bor. Bakir, bir qarasangiz, Marina, Bargidalar toifasidagi odam, bir qarasangiz – beg‘ubor, bolatabiat yigit. Har kuni erta bilan kasalxonaga issiq ovqat ko‘tarib boradigan qizcha, “Toshkentning mashhur tug‘uruqxona”sida  tug‘ilgan, hali o‘zini tanimasdan yetim bo‘lib qolgan go‘dak taqdiri Bakirni ezib yuboradi. Nasimning otasi jasadni uzoq Dehqonobodga olib ketarkan, Bakir: “yo‘l bo‘yi musibatdorlarga qo‘shilib babbarobar unsiz yig‘lab, iztirob chekib borgan”. Bu yigit opasi, singlisi, o‘gay buvasiga mehribon. O’zbekcha urf-odatlarni o‘rniga qo‘yadi. Ayni vaqtda, u birmuncha yengiltak, bayramona hayotga o‘ch Marinayu Bargidalar shaydosi. Xullas, Bakir –qissadagi murakkab xarakterlardan biri.

“Bayramdan boshqa kunlar” to‘plamiga sakkiz hikoya kiritilgan. Ularning hammasi jonli, tirik timsollarga ega. Ammo “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasi – Erkin A’zam ijodining nurli cho‘qqilaridan biri. Ramazon – hikoyachining do‘sti, ko‘ngli buloq suviday top-toza, beg‘ubor yigit. Ramazon – odamoxun, fidoyi do‘st, hayotsevar, go‘l-ishonuvchan, serg‘ayrat, izzat-nafsli. U qaerda paydo bo‘lsa, o‘sha yerda xush kayfiyat, ishonch ruhi keza boshlaydi. Boshqalarni qo‘yaturaylik, muttaham olibsotar ham, Ramazonni sud qilayotgan yurist ayolu Beshog‘ochni yotqizib turg‘izadigan Tosh bezori ham uni yoqtirib qoladi. Ramazon timsoli – Erkin A’zam ijodidagi porloq mash’ala, insoniylik tug‘i. “Bayramdan boshqa kunlar” to‘plami haqidagi mulohazalarni shu yerda to‘xtatmoqchi edim. Ammo “Bog‘bololik Ko‘kaldosh” hikoyasi, undagi Ko‘kal, yozuvchi, tinglovchi Najmiddin, Mayram tog‘chi, mansabdor o‘tgan Doniyorov to‘g‘risida so‘zlamoq lozimday tuyulaverdi. Ko‘klam – Ko‘kal – Ko‘kaldosh gavdali, sodda, mehnatkash, dunyoga tasodifan kelib qolgan bepadar... U mehr ko‘rmagan. Mayram tog‘chi uni qarg‘agani-qarg‘agan: ona ham bolasini shunchalar titrab-qaqshab duoibad qiladimi? Ko‘kal – beparvo: otasizligi, onasining qahr-g‘azabi, o‘zidan ancha kichik bolalar bilan sinfdosh bo‘lib qolgani unga go‘yo ahamiyatsiz. U tinimsiz mehnat qiladi, kattalar iznidan chiqmaydi, lekin gap eshitaveradi, kaltaklanaveradi. Ko‘kal – bog‘bololiklar jumbog‘i... Najmiddin bot-bot yozuvchi og‘asidan Ko‘kal haqida yozishni iltimos qiladi. Nihoyat, yozuvchi Ko‘kal haqida hikoya bitadi. Asar o‘ziga xos, jozibali, tez, zavq bilan o‘qiladi.

Erkin A’zamning “Guli-guli” qissasini o‘qigan kitobxon Mo‘min – Maymunda Ko‘kalni tanib qoladi. Ha, Ko‘kal “Guli-guli”dagi Maymun... Biroq, “Bog‘bololik Ko‘kaldosh”da muallif itoatkor, mehnatkash, insofli qahramon timsolini yaratgan. Maymun – dovdirgina, betsizgina, shahvoniy hirsga ruju qilgan hayvonsifat kimsa. Qissada uning onasi haqida aytarli gap yo‘q, otasi insofsiz, johil odam bo‘lgani aytiladi, xolos. Hikoyada Ko‘kalni muallim bekordan-bekor urib ketadi. “Bepadar haromi!” deydi. Nega? Muallim – Doniyorovning ukasi, og‘asining qilmishlarini yaxshi biladi. “...Mana shu Ko‘kalning onasini – sabil qolgan yetimcha qizni tog‘dan Doniyorov olib kelgan, birmuncha muddat xonadonidan joy ham bergan...”  Doniyorov vafot etganida dafnga hamma qatnashdi, “yolg‘iz Mayram tog‘chi kelmadi azaga. Temirchi erining ko‘zi oldida, undan orttirgan besh bolasining ko‘zi o‘ngida sochlarini yoygancha hovli aylanib, tanho o‘zi sadr tushganmish u...”

Ko‘kal ham Oytumanni “xilvat yong‘oqzorga boshlab kirib” o‘ziniki qilib olgan. Ammo bu boshqa hol, boshqa manzara.

“Guli-guli” qissasida Maymunning maymunliklari, Olma kelin, Musallam kokildorning xiyonati haqida yozilgan. Sharm-hayo, insof-iymon ko‘tarilgan joyda fayz-futur, qut-baraka bo‘lmaydi. Insonlarning qornini to‘ydirish, bilimli qilish yaxshi, lekin ma’naviyatli, din-diyonatli, haromdan jirkanadigan etib tarbiyalash – eng asosiy masala. Erkin A’zam asarlarida Yozuvchi (“Yozuvchi”), Bolta Mardon (“Suv yoqalab”), Elchiev (“Javob”),  Bahrom (“Qarzdor”), Jonibek (“Farishta”), Ramazon (“Anoyining jaydari olmasi”) singari nurli qahramonlar ko‘p.

“Bog‘bololik Ko‘kaldosh” hikoyasi va “Guli-guli” qissasining qiyosi yozuvchi laboratoriyasining sir-sinoatini anglashda muhim omildir.

V. Erkin A’zamning 2001 yilda chop etilgan uch qissa, uch hikoyadan iborat “Pakananing oshiq ko‘ngli” to‘plami – katta muammolar, yorqin xarakterlar kitobi.  “Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasi ilk bor shu kitobda bosilgan. Keyinchalik u boshqa to‘plamlarga kiritildi, kinoqissa qilindi. Bu – o‘ziga xos, ichki ziddiyat, murakkablik, qiziqarli tafsilotlarga boy asar. Pakananing sirti, tashqi ko‘rinishi hazil-mutoyibaga tortadi, hangomabop. Bo‘ying kaltaligi haqidagina shuncha ko‘p gapni o‘ziga xos uslubda gapirib berish mumkin ekan-da. Pakananing uylanishi, ota bo‘lishi – alohida hangoma. Pakana va rassomlik. Bu jabhadagi intilishlar... Nihoyat, Pakananing oshiq ko‘ngli tasviri: serjilolik, sertuyg‘ulik... Pakananing shirin orzulari... Xayoldagi malaklaru hayotdagi jo‘n, tashvishband ayollar... Xullas, yozuvchi Pakana haqida pishiq-puxta asar yaratgan.

“Shoirning to‘yi”, “Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati” qissalarida ham – Erkin  A’zam ijodining o‘ziga xos qirralari namoyon bo‘lgan. Adib “Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati” qissasida pamflet ruh – mohiyatidan unumli foydalangan. Qissada bamisoli vakuumdagi hayot tasvirlangan.

“Shoirning to‘yi” qissasi “Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati” bilan go‘yoki Hasan-Husan, yalakatmag‘iz. “Shoirning to‘yi” qissasidagi voqealar sotsializmning so‘nggi yillarida ro‘y beradi. Asar imo-ishora, ramz, umumlashmalarga boy. Qatag‘on qilinib, keyinchalik oqlangan Otashqalb shoirning tavallud to‘yi harbiy asirlar tomonidan qurilgan mashhur koshonada o‘tyapti. Katta zalda hamma jamuljam: Otashqalbni qamatishga “munosib” hissa qo‘shgan Oqsoqol shoir, Ajoyib domla, Ma’shuqaxonim; mavjud mafkura tizginini mahkam tutib turgan Mafkuraxonim; Tepakal, Temiryo‘lchi, Jiyanbeka, Zahmatkash olim, Jasur shoir, Darbon, Ta’qibkor, Otashqalb shoir (ruhi). Qissadagi har bir obraz umumlashma xususiyatga ega. Muallif Otashqalbni yo‘q qilgan Oqsoqol shoir degandek esa-da, aslida, Otashqalbni mahv etganlar ko‘p bo‘lgan. Erkin A’zam Oqsoqol shoir obrazini chizar ekan, Otashqalbning qamalishiga hissa qo‘shganlarning qilmishini o‘rni-o‘rni bilan ko‘rsatib boradi. Ajoyib domla ham umumlashma timsol. O’tgan asrning o‘ttiz-qirqinchi yillaridagi qatag‘onlarga shoiru adiblar qatori ana shunday domlalar, amaldorlar, san’atkorlar hissa qo‘shgani ma’lum.

Qissadagi o‘ziga xos obrazlardan biri Mafkuraxonimdir. Sho‘ro davrida, ayniqsa, milliy respublikalarda mafkuraviy ishlarga alohida e’tibor berilgan. Kommunistik mafkurani mustahkamlash uchun milliy qadriyatlar atayin oyoqosti qilingan. Mafkura masalalari bilan yengiltak, milliy ildizdan uzilib qolgan kishilar shug‘ullangan. Mana, qatag‘on qilingan, xalq talabi bilan nomi, asarlari oqlangan Otashqalb shoir to‘yi o‘tkazilyapti. Hukumat nomidan to‘yboshchilik qilayotgan Mafkuraxonim: “Qani, domlaning o‘zlari keldilarmi?”, deb qolsa bo‘ladimi?! Hamma bir-biriga qaragan, hamma xijolat”.

Shoirning to‘yida hamma to‘lib-toshib o‘tiribdi, aytilayotgan har bir gap qalblarda aks-sado beryapti. Birgina Mafkuraxonim beparvo, xayoli boshqa yoqda. U zalda o‘tirganlar orasida Tepakalni – sobiq jazmanini ko‘rib qoladi. Xayol qurg‘ur uni boshqa yoqlarga, shahvoniy xotiralar bag‘riga olib ketadi. Jasur shoir, Temiryo‘lchi kuyib-yonib haqiqatni tiklayaptilar; Oqsoqol shoir, Ajoyib domlalar zo‘r berib kechagi ayblarini xaspo‘shlashga urinmoqdalar; Mafkuraxonim esa butunlay boshqa narsalarni o‘ylab o‘tiribdi.

Qissada Jiyanbeka, Otashqalb shoirning yoshlikdagi do‘sti obrazlari bor. Jiyanbeka Otashqalbni ko‘rmagan, she’rlarining ashaddiy muxlisi ham emas. Hozir shunday vaziyat paydo bo‘ldiki, Jiyanbeka katta amalga minib qolishi mumkin. U imkoniyatni boy bermaydi. Otashqalbning so‘ngan yulduzi qayta porlay boshlagach, uning do‘stlari, jabr chekkanlar soni ortib qoladi. Anjumanda nogiron, abgor Otashqalb shoir timsoli paydo bo‘ladi. Aslida, yig‘ilganlarga Otashqalbning keragi yo‘q. Ular Otashqalbga bag‘ishlangan tadbirni o‘tkazish uchungina kelgan, xolos.

Tantanali tadbir chog‘i Jasur shoir va Oqsoqol shoir avlodlari aro kurash ketadi. Mana shu hodisa hayotda ro‘y bergan. Ulug‘ shoir nomidagi teatrda kechagi avlod bilan bugungi yoshlar o‘rtasida ro‘y-rost kurash bo‘lib o‘tgan. Anjumanni Mafkuraxonimu boshqa xonimchalar boshqargan. O’sha yig‘ilishda shakllanayotgan avlod o‘z imkoniyatlarini bus-butun namoyon etgan edi.

“Pakananing oshiq ko‘ngli” to‘plamiga “Navoiyni o‘qigan bolalar”, “Bizning tog‘a”, “Ta’ziya” hikoyalari ham kiritilgan. Ularning qahramonlari har xil toifa, fe’l-atvordagi kishilar. “Navoiyni o‘qigan bolalar” hikoyasida uch kursdosh – ikki oshiq va Malika obrazi yaratilgan. Qish. Sovuq. Uch kursdosh yangi yilni kutib olgach, ko‘chaga chiqishadi. Malikani uyigacha kuzatishmoqchi. Yo‘lovchi mashinalar katta pul so‘raydi. Ikki do‘stda esa pul yo‘q hisobi. Xullas, bir mashina ularni olib ketadi. Bora-borguncha yoshlar Navoiy she’rlarini o‘qishadi. Mashina egasi shinavanda odam ekan, o‘qilayotgan g‘azallarga mahliyo bo‘ladi. Manzilga yetgach, pul olmaydi. Ikki do‘st-kursdosh Malikani sevadi. Qiz hikoyachi – roviyni yaxshi ko‘radi. Janob – Janobiddin Sayfiddinov do‘stlari yo‘liga g‘ov bo‘lmaydi. Umrini Navoiy ijodini o‘rganishga bag‘ishlaydi. Fan nomzodi bo‘ladi. Lekin Janob tabiatiga chin oshiqlar fazilati singib ketgan. XXI asr bo‘sag‘asidagi jo‘shqin, tezkor hayot Janobni chetga surib chiqara boshlaydi. Tasodifan u ruhiy xastaliklar shifoxonasiga keltiriladi, shu yerda vafot etadi.

“Bizning tog‘a” hikoyasida kesatiq, piching kuchli. Hayotda Muhammad G’azanfarga o‘xshash “dig‘onim dig‘on” toifasidagi kishilar ko‘p. Bu hikoyadan “San’atkor”, “Mayiz yemagan xotin” (Abdulla Qahhor) singari asarlarning nafasi kelib turadi.

Erkin A’zamning asarlarida o‘ziga tortuvchi ohanrabo bor. Muhimi shuki, yozuvchi asarlari orasida eskirib, zamonga mos kelmay qolganlari kam. Insonni tasvirlagan, uning qalbiga yo‘l topgan asar hech qachon zavol ko‘rmaydi.

VI. Erkin A’zamning 2002 yilda  nashr qilingan “Kechikayotgan odam”  nomli to‘plami hajman katta va  salobatli. Unga adibning “Otoyining tug‘ilgan yili”, “Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar”, “Shoirning to‘yi” qissalari, “Piyoda”, “Pakana” kinoqissalari jamlangan. Boshqacha aytsak, adib sho‘ro davrida yozgan asarlarini mustaqillik yillari o‘zbek adabiyoti ro‘yxatidan o‘tkazgan. Erkin A’zam hamisha inson ruhini, tiynatini asos deb bilgani bois, asarlari eskirmadi, zamon tanlovidan tushib qolmadi.

O’tgan asrning oxiri – joriy asrning avvalida badiiy asarni ekran yo sahnada ko‘rsatish, eshittirish imkoniyati kengaydi. Bu jihat Erkin A’zamovga ham taalluqli. Adib “Piyoda” hikoyasini, “Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasini ekran asariga aylantirdi. Uning “Suv yoqalab”, “Zabarjad”, “Qarzdor”, “Farishta” asarlari kinoqissa shaklida paydo bo‘ldi: kitob holida o‘qildi, kino sifatida namoyish etildi.

Badiiy asarni sahnada ko‘rsatishning xos sir-sinoatlari bor. Erkin A’zam “Jannat o‘zi qaydadir”, “Shajara” dramalarini yozdi. Bu asarlar hali tanqidchilikda o‘z bahosini olgani yo‘q.

Xullas, Erkin A’zam – hozirgi o‘zbek adabiyotida hikoyanavis, qissanavis, kinostsenarist, dramaturg sifatida o‘z o‘rni va mavqeiga ega ijodkor.

Abdug‘afur  RASULOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2010-yil, 5-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.