OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jorj Sand — jurnalist

Jorj Sand — jurnalist... Hozirgi zamon kitobxonlari tasavvurida shakllanib ulgurgan adiba timsoliga chizilgan anchayin g‘ayritabiiy chizgi.

Albatta, uning romanlari alohida kitobga aylangunga qadar turli gazetalar va jurnallarning quyi qismida bosilgani, xuddi shu nashr­lar bilan qilingan hamkorlik belletristikaga (o‘qilishi oson, yengil-elpi asar) asoslanmaganligi ko‘pchilikka qorong‘u bo‘lib kelmoqda.

Mashhur frantsuz adibasi Jorj Sand adabiyotga jurnalistika orqali kirib keldi. “Konsuelo” asari muallifi bo‘lgan adiba ijodining ana shu qirralari haqida uning biografi Jorj Sand qalamiga mansub maktublar va publitsistik maqolalarga suyangan holda hikoya qiladi. (“Vi uvrier” gazetasidan olindi, Parij.)

Jorj Sand — jurnalist... Hozirgi zamon kitobxonlari tasavvurida shakllanib ulgurgan adiba timsoliga chizilgan anchayin g‘ayritabiiy chizgi.

Albatta, uning romanlari alohida kitobga aylangunga qadar turli gazetalar va jurnallarning quyi qismida bosilgani, xuddi shu nashr­lar bilan qilingan hamkorlik belletristikaga (o‘qilishi oson, yengil-elpi asar) asoslanmaganligi ko‘pchilikka qorong‘u bo‘lib kelmoqda.

Adiba 1831 yil yigirma olti yoshida Parijga keladi. U bir necha oy ichida qalam bilan ham kun kechirish mumkinligini isbotlaydi. Sand “Revyu de Pari” hamda boshqa salmoqli jurnallar bilan jadal hamkorlik qila boshlaydi. Ammo bu nashrlar eshigi uning qarshisida keyinroq ochiladi. “Axir nima qilib bo‘lsa ham kun kechirish kerak-ku, — deb yozadi u 1831 yilning 15 martida. — Ha men “Figaro” uchun maqolalar yozayapman”.

Gazetada bosilgan bir ustun uchun Jorj Sandga yetti frank to‘lashardi. Avvaliga ish uncha silliq ketmaydi. Gazeta (“Figaro”) noshiri Anri de Latush Sand topshirgan o‘nlab xabarlardan ko‘pincha bittasinigina olib qolar, qolganlarini kaminga irg‘itardi. “Buning ustiga, – deb yozadi Jorj Sand o‘sha 15 martdagi maktubida, — jurnalistlarda men Parijga kelgunimga qadar tasavvur qilgan erkinlik yo‘q ekan. De Latush bizdan ko‘zini uzmaydi, maqola yozilgan qog‘ozni burda-burda qilib yirtadi, qiyqimlab tashlaydi, g‘alati qiliqlari, turli xarxashalarini ko‘tarishga, o‘zining yanglish fikriga ko‘nishga majbur qiladi. Biz ham u istaganday yozamiz, chunki bu joy unga tegishli, biz esa uning qo‘lidagi qo‘g‘irchoqlarmiz, jurnalistikadagi qora ishchilarmiz...”

Yillar o‘tadi. Sandning nafaqat mahorati oshadi, balki ma’naviy kamoloti yuksalib, tobora o‘z o‘rnini — adibalik, jurnalistlik, jamoat arbobilik mas’uliyatini ravshanroq his etadi.

1843 yilning kuzida ro‘y bergan bir mojaro Sandga “Revyu indepandant” jurnali (1841 yilda Sand tomonidan asos solingan jurnal. Bu davrga kelib, u Per Leru taxallusi ostida Yozuvchi va faylasufga aylangan edi) sahifalarida kimsasiz, g‘arib-notavon kishilarni himoya qilish kompaniyasini boshlab yuborishiga turtki bo‘ladi.

Bu voqea mana bunday ro‘y bergan edi. Yetimxonadan (Endr departamenti) o‘n besh yoshli Fanshetta ismli soqov qiz yo‘qoladi. Keyin aniqlanishicha, yuvoshgina, lekin dardi bedavo qizga boshqa qaragisi kelmagan yetimxona rohibalari bir dilijon konduktoriga picha choychaqa berib, soqov qizni shahar tashqarisiga oborib tashlashni tayinlaydilar. Konduktor ham ularning aytganlarini qilib, qizni qoq yarim tunda Obyussondan (Kryoz departamanti) ikki le (uzunlik o‘lchov birligi, 4,5 kilometrga teng) naridagi o‘rmonga tashlab ketadi. Oradan bir oy o‘tgach, qizni Riome shahrida (Kantal departamenti) sayyor tsirkchilar truppasi orasidan topib oladilar va ortiqcha shov-shuv ko‘tarmasdan yana yetimxonaga eltib qo‘yadilar.

Bu ishni shu bilan tinchitmoqchi, aybdorlarni esa jazosiz qoldirmoqchi bo‘ladilar. Shunda o‘rtaga Jorj Sand tushadi. Fanshettaning “yo‘qolib qolishi” tafsilotlari bayon etilgan Jorj Sand maqolasidan jamoatchilik qalqib ketadi. Adiba bu jinoyatni yashirgan hukumat idoralarini ayblaydi, aybdorlarga ko‘rsatilgan bunday “marhamat” qizning kelgusi hayotiga kafolat bermaydi, deydi. Ayniqsa, bu ishda Sandni g‘azablantirgani “Aytarli hech nima bo‘lgani yo‘q, Fanshetta shunchaki to‘satdan sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi”, deya qirollik prokurorining ta’kidlashi bo‘ladi.

Oradan bir oy o‘tgach, Sandning yana bir publitsistik chiqishi butun Frantsiyani oyoqqa turg‘izadi. “Ekleryor de l’Endr” gazetasi adibaning sharhi ostida parijlik bir novvoy maktubini e’lon qiladi. Bu ishchining dardu alamga to‘la qayg‘u daftari edi. Novvoy maktubida bir yil mobaynida atigi uch haftayu ikki kun ishlaganini, Parijda unga o‘xshash ikki mingdan ortiq novvoylar ishsiz yurganini yozadi. Maktubda kishilarni ishga joylashtirish byurosi oshkora ayblanadi. Muallif byuroga o‘tirib olgan mansabdorlar, ishga joylashtirib qo‘yishni ro‘kach qilib, odamlar ish haqlarining anchaginasini tortib olishlarini va kimda-kim kam to‘lasa, o‘sha kishiga yordam berishdan surbetlarcha bosh tortishini ma’lum qiladi. Maktubda novvoylarning kuniga 16-18 soatlab chiroqsiz, shift va devorlaridan qo‘lansa hid anqigan, chirk bog‘lagan zax yerto‘lada mashaqqatli mehnat qilishi, bu yer naq “inson kushxonasi” ekanligi aytiladi. Nonvoylar ter to‘kib ishlayotgan ushbu jahannamga tushishga hazar qilgan, tayyor mahsulotga yuqorida, bejirim peshtaxtalariga mazali non-bulkalar tizilgan ko‘rkam do‘konlarda turib baho berishni afzal ko‘rgan nazoratchi xodimlar ayblanadi.

Jorj Sand ushbu maktubga bergan sharhida parijliklar har oqshom mana shu “tandir-qabr”dan chiqayotgan, xamir qorayotgan novvoylar nolalarini eshitishi haqidagi hikoyani keltiradi. “Bu qanday bedodlik, dunyoda eng muqaddas sanalmish, oppoq, pok undan hosil bo‘lgan non, holdan toygan, och-nahor, sovuqdan kasal bo‘lgan kishilar azob-mashaqqatlaridan bunyod bo‘lsa?!”, — deya xitob qiladi Jorj Sand. Sand novvoy maktubida nafaqat shikoyatni, balki yaqinlashib kelayotgan bo‘ron nafasini ham tuyadi.

Inqilob sanasi bo‘lgan 1848 yilda “Konsuelo” muallifining siyosiy faolligi avj nuqtasiga ko‘tariladi. Inqilobning fevral davrida (bu paytga kelib, iyul monarxiyasi ag‘darilgan va ikkinchi respublika o‘rnatilishi uchun zamin hozirlanayot­gan edi) Sand shunchalik ko‘p yozadiki, hatto janrlarni ajratib bo‘lmay qoladi. Uning matbuotdagi bu chiqishlarida gazetaga xos axborot tezkorligi ham, haqiqiy publitsistika polemizmi (bahs-munozarasi) ham, o‘tkir pamflet ham, siyosiy essega xos tashviqot ham uyg‘unlashib ketgandi.

Sandning “Byulleten dyu minister de l’entyorer”da (u bu rasmiy axborotnomani muvaqqat hukumat ichki ishlar vaziri Ledryu-Rollenning topshirig‘iga ko‘ra chiqarardi) chop etilgan maqolalari asl siyosiy poema kabi yangraydi. Jorj Sand aprelda o‘z hisobidan Fevral inqilobi qahramonlari sharafiga “Koz dyu pyopl” gimn-madhiyasini chop etadi. Ushbu mad­hiyada ezgulik, do‘stlik-birodarlik tuyg‘ulari tarannum etiladi.

Sand keskin, munozarali “Xalqqa maktub”ni chop etadi. Biroq 30 aprelga kelib, oldindan ko‘ngilsizlikni his qilganday, quyidagi qayg‘uli satrlarni bitadi: “Men yuksak orzularim ro‘yobga chiqishini ko‘ra olmayman... Xalqim va men, biz ruhan birga yashaganimiz singari endi jisman birga halok bo‘lgaymiz...”

Iyun qo‘zg‘oloni qonli ravishda bostiriladi. Jorj Sand tirik qoladi, biroq uning vujudidagi muhim bir narsa o‘ladi. Ortiq uning ovozi xalq ovozi bilan birlashmay qo‘yadi. Jorj Sand 1848 yildan so‘ng publitsistika maydonida ko‘rinmaydi, ijodi esa butunlay boshqa o‘zanga, sof romantizm yo‘nalishiga o‘tib ketadi.

Ma’suma Ahmedova tayyorladi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.