Iste’dodli yozuvchi qalamidan chiqqan asar boshqacha bo‘ladi: ilk sahifasidanoq diqqatingizni tortadi, mutolaaga berilib ketganingizni sezmay qolasiz... Xo‘sh, kitobxonni maftun etadigan bunday hikoya yoki qissa jozibasini ta’min etgan, bir o‘qishda ilg‘ab olish qiyin bo‘lgan sehr manbai nimada? Gap asar uchun qiziqarli syujet topilganidami? Voqealar ishonarli, hayotiy ifodalangani yoki xarakter yaratilganidami, balki... Bir narsa aniqki, syujet ham, voqealar tasviri ham, xarakter ham so‘z vositasida amalga oshadi. Demak, so‘z mas’uliyati, badiiy talqin mahorati muallif salohiyati, iste’dodini belgilab beradigan asosdir.
Shu nuqtai nazardan iste’dodli yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxonning “Oddiy haqiqat” nomli hikoyasi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Gap shundaki, muallif biz har kuni ko‘rib, kuzatib yurgan voqealarning “ichiga” sayohat qiladi, ya’ni ularni eng mayda detallarigacha tadqiq etadi. Muhimi, badiiy talqinda obrazli ifoda, samimiy bayon me’yorini asar yakunigacha bo‘shashtirmaydi: “Bir akamiz hikoya yozibdilar. Qahramonlari qanot bog‘lab butun shahar uzra uchib chiqadi... Binolar o‘rnida turibdi, daraxtlar joyida o‘syapti, hammayoqda hayot izi bor, ammo shu hayotning gultoji bo‘lgan odam yo‘q!”. Hikoyadagi kutilmagan qiziqarli epizodlar bir oz ijodiy fantaziyaga uyg‘unligi bilan beixtiyor kitobxon diqqatini tortadi. Shu bois bunday antiqa voqealar kitobxonni hayajonga solishi tabiiy: latifa, rivoyatga o‘xshab tuyulsa-da, o‘quvchi ongida fikr-mushohada jarayonini kuchaytiradi, mutolaaga qiziqishini oshiradi.
Muallif voqealarga aralashmaydi, munosabatini bildirmaydi, qahramonining holati, kayfiyatiga xayrixohmi, yo‘qmi — bu sir tutiladi. Kitobxon esa beixtiyor odam qadri-qimmati haqida o‘ylay boshlaydi: xo‘sh, yonimizdagi, oilamiz yoki mahallamizdagi odamlarga, ularning quvonch va tashvishlariga sherikmizmi? O‘zganing dardini o‘z dardimizdek qabul qilishga qurbimiz yetadimi? Inson degan sharafli nomga loyiqmizmi?
Hikoyani o‘qib, yozuvchining bayon uslubida zo‘riqish, chiranishni ko‘rmaysiz, tasvir ham, talqin ham jimjimadorlikdan xoli, ibratli hikoyatni tinglayotgandek voqealarni ko‘rib, o‘zingiz ham uning ishtirokchisiga aylanasiz. Dunyo faqat betakalluf, loqayd kimsalardan iborat emas, aslida yaxshi insonlar bisyor, degan ezgu tuyg‘u ko‘nglingizga yorug‘lik olib kiradi. Muallif iste’dod nuri bilan sirli, sinoatli hayotning biz har kuni ko‘radigan, biroq ilg‘amaydigan jihatlarini badiiy tahlil etib, ta’sirchan yorita olganiga qoyil qolasiz. Darvoqe, Nurulloh Muhammad Raufxon maqolalaridan birida shunday yozadi: “Necha yillar davomida “bor bo‘yicha” tasvirlashga o‘rganib qolib, qarashlarimiz ancha o‘tmaslashib, fikrlarimiz sayozlashib qolganday. Masalan, biz ko‘pincha odamning, daraxtning, voqea-hodisaning, ya’ni olamning tashini ko‘ramiz, ko‘rayotganimizday tasvirlay ham olamiz, lekin ichini ko‘rmaymiz yoki ichiga kirgimiz kelmaydi. Sabablarni ko‘ramiz, tahlil qilamiz, ammo sabablarning sababchisini ko‘rmaymiz yoki o‘zimizni ko‘rmaganga olamiz”. Adib “Oddiy haqiqat” hikoyasida ana shu kemtiklarni to‘ldirishga intilgan. Shu o‘rinda muallifning so‘zga “xasis”ligini, mas’ulligini, ifodada ravonlikka, tiniqlikka erishganini alohida ta’kidlash joiz. Bugungi kunda ayni shu masala — badiiy so‘zga mas’ullik masalasi chop etilayotgan aksariyat hikoyalarda talab darajasida emas. Chunonchi, Jo‘ra Fozilning “Yangi bog‘larda” hikoyasi boshlanishidanoq mutolaaga ishtiyoqni so‘ndiradi. Asar matni oddiy maqolani o‘qigandek, xarakter darajasiga ko‘tarilmagan personajlar voqealarni bayon qilish uchungina hikoyaga kiritilgandek taassurot qoldiradi. Mana, bir misol: “Xullas, sinfdoshlar o‘rta maktabni bitirganining o‘ttiz yillik oqshomini shu sarhovuzga tutashib ketgan yangi bog‘da o‘tkazishga qaror qildilar va bu hammadan ham Javlonlarning sobiq muallimi Sobir akaga ma’qul bo‘ldi. U kishi nafaqaga chiqqan, yoshi yetmishni qoralab qolgan bo‘lsa-da, o‘qituvchiga xos sergaklik, hozirjavoblik tark etmagan farishtali otaxon edi. Yangi boqqa nihol qadayotgan bolalarga uyidan tushlik olib kelib “haybarakalla” deya ishga o‘zi bosh-qosh bo‘lganidan ham sobiq o‘quvchilarining bu joyni tanlaganlarini eshitib behad quvongandi”.
Hikoyada bolalik xotiralari bayon etiladi, ammo asarni tutib turgan badiiy yuk yengil. Voqealar bola tilidan hikoya qilinadi, ammo ba’zi o‘rinlarda Kamol og‘a yoki aka, Jamila opa desa, hikoyaning keyingi epizodlarida Jamila, Kamol deyiladi. Tabiiyki, ularning yoshi bolanikidan ancha katta. Hikoya tili badiiylikdan xoli, bir xil ma’noli so‘zlar qalashib kelaveradi:
“—Hay, nima qilish kerak?
— Hech nima, faqat yo‘lbarslar endi qornini to‘ydirishi kerak...
— Hay, yo‘lbarslarga anjir ham bo‘ladimi?
— E, e, bo‘lganda qandoq! Axir, yo‘lbarslar anjirni juda yaxshi ko‘rishadi! Yo‘lbars qancha ko‘p anjir yesa, shuncha zo‘r bo‘ladi!” (Ta’kidlar bizniki — J.X.).
Asarda o‘nga yaqin personajni uchratasiz, biroq ulardan birortasi yodda qoladigan darajada yorqin tasvirlanmagan. O‘quvchilik davrida bolalar xo‘jalik bog‘iga kirib, doimo meva o‘g‘irlash bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Lekin bundan o‘quvchi qanday saboq oladi. Aksincha, “Xo‘sh, nima bo‘pti?”, degan fikrga borar, ehtimol. Sababi oddiy voqealar bayonida biror-bir jonli xarakter ko‘zga tashlanmaydi.
Bugungi nasr haqida o‘ylaganda A.Chexovning quyidagi fikri yodga tushadi: “Hech qanday syujetning hojati yo‘q, hayotda syujet degan narsaning o‘zi bo‘lmaydi, unda hamma narsa: teranlik sayozlik bilan, ulug‘ e’tiqodlar pastkashlik bilan, fojiaviy narsalar kulgili narsalar bilan qorishib ketgan”. Ehtimol, bu fikri bilan ulug‘ adib vaqti kelib nasrda qahramonlarsiz, syujetsiz asarlar paydo bo‘lishiga ishora qilgandir. Darvoqe, shunday asarlar yozilayotir. Masalan, Luqmon Bo‘rixonning “Temir sandiq” hikoyasida an’anaviy realistik nasr usullaridan chekinishni kuzatish mumkin.
Hayot girdobida aldamchi xayollarga erk berish kishini tubsiz jarlikka tortib ketishi ham hech gap emas. Asar qahramoni yarim tunda uyidan chiqib, erkinlik istab tog‘u toshlarga, bepoyon dashtga ravona bo‘ladi. Yo‘lda tasodifan ichi to‘la javohir temir sandiqqa ko‘zi tushadi. Uchqur xayollari uni bir zumda dunyodagi eng badavlat kishiga aylantirib qo‘yadi, shirin orzular shamoli boyaqishni olis-olislarga uchirib ketadi: ko‘zni qamashtiradigan mahobatli qasrlar qurish, go‘zal, to‘kin hayot ilinji ko‘nglini band etgan kimsa sandiqni olis bir g‘orga yashirish niyatida yelkasiga ko‘tarib oladi. Shirin xayollar yelida uchib borayotgan insonga uning og‘irligi ham sezilmaydi. Ammo... temir sandiqni amal-taqal g‘orga ko‘tarib kirganida ko‘radiki, tagi yo‘q ekan! Ko‘ngil ko‘zini to‘sgan puch o‘ylar, aldamchi hislar misoli toshga urilgan billur qadahdek chilparchin bo‘ladi. Ha, ochko‘zlik, mol-dunyoga hirs ko‘zi bilan boqish, qanoatsizlik, noshukurlik kishini adoqsiz kulfatlarga giriftor etadi.
Hikoyada bu fikr ochiq-oydin aytilmaydi, aksincha, personaj xatti-harakati, xarakteri shunday mantiqli, hayotiy xulosaga zamin yaratadi. Asar tilining jozibasini ta’minlagan obrazli iboralar, ravon badiiy talqinga quyidagi parchalar dalil bo‘la oladi: “Tanbal, biroq g‘oyat kibrli nigohlaring chor-atrofni ochko‘zlarcha yalab-yulqay ketdi”: “To‘g‘risi, temir sandiq botinidagi bisot sen uchun mubham bo‘lsa-da, yuragingning qaysidir burchida bitmas-tuganmas baxtga noil bo‘lganliging haqidagi iqror quvonch qarsaklarini chalib turardi”.
An’anaviy usulda yozilgan Asad Asilning “Tashnalik” hikoyasi qahramoni Arslon cholning kampiri “bir oqshomgina lohaslanib omonatini topshirdi-qo‘ydi. Barvasta, tovushi dovulday guldirab yurgan chol birdan yeli chiqqan sharday cho‘kdi-qoldi. Har holda bu keksalikdagi ayriliq o‘n yigitga o‘rnini bermay yurgan qariyani dovdiratib qo‘ydi. Otaning nazarida go‘yo o‘zi qatnashib yurgan davralardan birdan fayz ketdi, bu olam huvillab bo‘shab qolgandek edigo‘yo”.
Yuqoridagi iqtibos asarning ilk sahifasidan. Hikoyadagi ayrim so‘zlarning takrorlanayotgani “o‘n yigitga o‘rnini bermay” kabi topib qo‘llanilgan xalqona iboralarga soya solib turibdi. Davomida o‘qiymiz: “Bunga sabab shahardagi turmushiyu xotini bilan o‘zlaricha cholni “choldevorning biri bo‘lib qolsa kimga ziyon, isnod gap bo‘ladi”, deb qilgan rejalari ham puch bo‘ldi hisob. Eski uylarni buzib, o‘rniga yangi imorat turg‘izishning ham o‘zi bo‘lmaydi-ku, u yoqda ish, ro‘zg‘or... Qolaversa, endigina uyli bo‘lgan joyida xotinini bu gapga ko‘ndirish ham oson ko‘chmaydi”.
Ushbu parchada “bo‘lmoq” fe’li besh marta, “ham” bog‘lovchisi uch marta ketma-ket kelgani hikoya tilining hali me’yorida ishlanmaganini ko‘rsatib turibdi.
Muallif Arslon chol xarakterini chizishga uringanini e’tirof etgan holda ta’kidlash joizki, qahramon tushgan qayg‘uli holatlar bayoni o‘quvchida achinish, rahm-shafqat hissini uyg‘otmaydi. Negaki, Arslon chol tirik inson sifatida ko‘z o‘ngimizda gavdalanmaydi. Ehtimol, bunga hikoyadagi asosiy maqsadga xizmat qilmaydigan quyidagi kabi uzundan-uzoq, badiiyatdan xoli bayon yo‘sini sababdir: “U kuta-kuta endigina orzusiga erishgan, shaharning chiroyli qismida qurilgan imoratlarning biridan to‘rt xonali uy olgandi. Bu uy ikkinchi qavatda, bolalarining kichiklari yonginasidagi bog‘chaga borishadi. Xotini o‘qituvchi, maktab ham chaqirsa ovoz yetadigan joyda. To‘ng‘ich farzandlari, xotini bilan qiynalmay, o‘qishga borib kelib turishibdi. Keldi-ketdi ko‘p, qishlog‘idan shaharga tushganlarning aksariyati Javlonlarnikiga qidirib boradi. Xotini Muhayyo shaharda tug‘ilib o‘sgan, juda odamoxun, kelgan mehmonni osh bilan siylamasa, ko‘ngli o‘rniga tushmaydi. Xullas, ikkinchi maosh qo‘lga tekkuncha birinchisi yetib turadi”.
To‘g‘ri, ayrim klassik adiblarning hikoyalarida ham personajlarning hayotiga doir shunga o‘xshash tafsilotlarni o‘qiymiz. Lekin ulardagi bayon o‘quvchini zeriktirmaydi, aksincha, qahramonlar xarakterini ochib berishda beqiyos vazifani bajaradi.
Amerikalik mashhur yozuvchi Uilyam Folkner yozadi: “Yozuvchining mas’uliyati — haqiqatni hikoya qilishdir, haqiqatni shunday hikoya qilish kerakki, unutilmaydigan obrazga aylansin. Biror narsani oddiygina xabar qilish, adolatsizlik to‘g‘risida yozishning o‘zi yetarli emas. Bu odamlarga ta’sir qilmaydi. Yozuvchi bunga o‘zining iste’dodini qo‘shishi kerak, u ana shu haqiqatni olib, odamlar buni yodda saqlab qolishlari uchun tagidan gulxan yoqishi kerak. Yozuvchining mas’uliyati xuddi shundadir”. Bu so‘zlarni o‘qiy turib beixtiyor Isajon Sultonning “Shamolli kecha” hikoyasi yodimga tushdi.
Umr yo‘llari hamisha ravon bo‘lavermaydi, undan qoqilmay-surinmay yurish uchun kishi doim hushyor, qiyinchiliklarga bardoshli, ularni yengishga tayyor turishi lozim. “Ovsarroq qushlar qurgan uyalarni tamomila buzib tashlaganida jajji palaponchalari chirqillagancha yerga qulab tushib, vahshiy hayvonlarga yem bo‘lishadi”. Hikoyada qushlar taqdiri tasviri bola va qizcha tushgan mushkul vaziyatga muqoyasa qilinadi. Bola va qizchaning onasi vafot etib, yetim qolgani, demak, hatto insongina emas, qushlarning ham uyasi buzilganda, avvalo, palaponlar jabr ko‘rishi yuqoridagi kichik bir epizodda ta’sirli tasvirlangan.
Hikoyada bizning e’tiborimizni tortgan jihat — ramziylikning o‘ziga xos talqini asar muvaffaqiyatini ta’minlagan. Shamol detali faqat shamol haqida taassurot qoldirmaydi. Adib bu detalga gohida alg‘ov-dalg‘ovli, quvonchlaru tashvishlar ichida kechadigan turmushda kuzatganlarini, o‘ylarini singdirgan.
Quyidagi ko‘chirma esa asar tiliga, undagi so‘zlar qaytarig‘iga beparvolik oqibatidir: “Poyonsiz dashtda, shamolli kechada mana shunday borishyapti-yu, kishilar orasida og‘izdan og‘izga o‘tib yuradigan hamma vahimali narsalar hozir shamol qa’ridan chiqib keladiganday tuyulmoqda edi. Pastak notanish butalar ostida yovuz jinlar bo‘lishi mumkin, ular shunaqa shamolli kechalarda yolg‘iz qolib ketgan kishilarni poylab izg‘ishadi. Shovullayotgan qoramtir daraxtlarning ustidan qilich ko‘targan qora kishi tushib kelishiyam mumkin... Ha, allaqanday kishilar yo‘l ustida hoziru nozir, bu suronda birov qichqirsayam eshitilmaydi, hammayoqni tabiatning nolalari tutib ketgan mahalda o‘shanaqa kishilar yo‘llarda, daraxtlar ostidayu ustida mana shunaqa bemahalda yo‘lga chiqqan kishilarni adashtirib ketishadi”.
Bugungi adabiy jarayonga, xususan, hikoyachilikdagi yutuq va qusurlarga doir kuzatuvlarimizni taniqli tilshunos olim, professor N.Mahmudovning quyidagi fikri bilan yakunlasak o‘rinli bo‘lar: “Bosma nashrlar, katta-kichik kitoblar tilining rost va raso bo‘lishi, ularda ming yillik tilimizning to‘g‘riligi va tarovatini to‘liq aks ettirish uchun mualliflar ham, muharrirlar ham mas’uliyatni hamisha yodda tutishlari zarurdir”.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 8-son