OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karomat Mullaxo‘jayeva. Abadiyatning shoh shoiri

O’zbek adabiyotining yirik namunasi — “Boburnoma”ning jahon madaniyati tarixida muayyan o‘rni bor. “Sharq Sezarining kommentariyalari” (Herman Vamberi) deb baholangan ushbu asarda shoir, shoh va sarkarda Boburning dunyoqarashi, qomusiy bilimlari, nozik didi o‘z ifodasini topgan, murakkab hayot yo‘li betakror bo‘yoqlarda tasvirlangan.

“Boburnoma” tarixiy haqiqatni o‘zida mujassamlashtirgan asar. Adib unda o‘z ko‘rgan-kechirganlarini haqqoniy tasvirlaydi. Badiiy bo‘yoqlarni qo‘llasa-da, voqealarni bo‘rttirmaydi, hayotiy qiyoslardan foydalanadi. Tarixiy voqealarni bayon qilish, tasvirlash ustunlik qilsa-da, “Boburnoma” jozibador. Asar shoirona qalb va hayot haqiqatining o‘ziga xos uyg‘unlashuvi hosilasi ekani sezilib turadi. Muallif o‘zi qalamga olayotgan voqealarni oq va qora ranglarda ko‘rsatishdan cho‘chimaydi. Yaxshi va yomon sifatlar bir-biri bilan yonma-yon keladi. Otasi haqida gapiradimi, yaqin kishilarini ta’rif-tavsif qiladimi, o‘z prinsipidan voz kechmaydi.

Ikkinchi muhim jihat esa, “Boburnoma”da muallifning o‘z-o‘ziga munosabati tasviri. O‘zi bilan bog‘liq voqealarni inkishof etganida, ko‘nglida borini yozishga qudrati yetganligi alloma Boburga xos muhim jihatdir.

“Ilgari yaxshimi, yomonmi, jiddiymi yo hazilmi, nima xayolimga kelsa, mutoyib yo‘li bilan ba’zan she’r qilib aytardim. Juda yomon va qo‘pol she’r bo‘lsa ham yozib qo‘yilardi. “Mubayyin”ni she’rga solayotgan chog‘im ojiz xayolimga va mahzun ko‘nglimga so‘zlarni bunday qayd etgan tilga va fikrini yomon so‘zlarga sarflagan ko‘ngilga hayf, bunday ma’noni paydo qilgan va yana qo‘pol xayollarni xotirga keltirgan unday ko‘ngilga afsuslar bo‘lsin, degan fikr keldi.” Adibning bu kabi ma’rifiy fikrlari, o‘z-o‘zini isloh qilish yo‘lidagi urinishlari asarning ko‘p o‘rinlarida uchraydi, bu kitobxonning Bobur shaxsiga bo‘lgan qiziqishining ortishiga sabab bo‘ladi. “Boburnoma”ni mutolaa qilish jarayonida muallifning o‘z-o‘zini taftish etish, o‘z-o‘zini anglash yo‘lidagi iztiroblari beixtiyor kitobxonga ham ko‘chadi. Ayni shu jihat uning yaxshi asar ekanidan dalolatdir. Zero, dunyodagi barcha yaxshi kitoblar ulardagi dardning kitobxon dardiga aylanishi bilan bir-biriga o‘xshab ketadi.

...Bir safar yigitlari bilan Kobul sari otlangan Bobur qattiq bo‘ronga duch keladilar. Yog‘ingarchilik shu darajada kuchayadiki, oxir-oqibat yo‘l yopiladi. shunda yigitlar beligacha, ko‘ksigacha qorga botadilar. Halokatdan qutulish uchun o‘zlariga yo‘l ochadilar. Bobur bu voqeani shunday eslaydi: “...Ana shu kuni qattiq bo‘ron ko‘tarilib, qor yog‘ardi. Barcha o‘lim vahimasiga tushdi... G‘orga yetganda, qor quyuni tezlashdi. Ushbu g‘or qoshida to‘xtadik... Ko‘plar ot ustida tong ottirdi, g‘or torroq ko‘rindi. Men g‘orning og‘zida kurak olib, qor kuradim, qorni ko‘ksimgacha qazidim, sira yerga yetmasdi. Biroz shamoldan pana bo‘ldi, o‘sha yerda o‘tirdim. Har qancha: “g‘orga kiring”, deyishsa ham kirmadim. Barcha el qoru bo‘ronda, men esa issiq uyda istirohatda o‘tiramanmi, deb o‘yladim. Munda barcha el tashvish va mashaqqatda, men bu yerda uyquyu farog‘atda bo‘laymi?! Bu muruvvat va hamjihatlikdan yiroq ishdir. Men ham har tashvish bo‘lsa ko‘rayin, har nechuk el toqat qilib tursa, turayin. Bir forsiy maqol bor: “Do‘stlar bilan birga topilgan o‘lim — to‘ydir”.

Bobur hayotida bu singari o‘zgalarga ibrat bo‘ladigan a’mollar juda ko‘p. Bu uning o‘z xatolarini yashirmasdan, oshkor ifodalashida xuddi ruboiylaridagi kabi “Boburnoma”da ham ifoda topavergan. Demak, shoir uchun badiiy janrlar muayyan qolip, muhimi — fikr. Uning fikrlari esa ma’rifatli edi.

Butun umrini yo‘qotish va topish sinovlari bilan kechirgan, o‘zgalar g‘ami bilan yashashga o‘rgangan shoh Bobur farzandlarining ham komil bo‘lib ulg‘ayishini o‘yladi, shu haqda qayg‘urdi, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanishni muhim deb bildi. Binobarin, Gulbadanbegimning “Humoyunnoma”si, farzandlarining go‘zal she’rlari, “Devon”lar, ularning nozik ta’blari-yu o‘tkir didlarini faqat qondan o‘tib kelgan, deb bo‘lmas. Bu — Boburning tarbiyasi. U “Xatti Boburiy”ni yaratdi, “Musiqa ilmi”, “G‘arb ilmi” kabi asarlarni yozdi. Bular, eng avvalo, farzandlari o‘qishi, o‘rganishi zarur bo‘lgan kitoblar edi. Mukammal axloq egasini shakllantirishga mo‘ljallangan “Mubayyin” asari faqat dilbandlarining emas, balki o‘sha davrdagi barcha mo‘min-musulmonlar uchun dasturilamalga aylangan edi, bu asar bugun ham tarbiyaviy qimmatini yo‘qotmagan.

Bobur qismatning shoiri edi. O‘z borlig‘ida shohlik bilan shoirlik qismatini uyg‘unlashtirolgan dilbar inson. U shohlik azob-uqubatlarini, quvonchu shodliklarini, baxtu fojia­sini shoirligi tufayli to‘g‘ri angladi, dunyoni mukammalroq idrok etdi, o‘zgalar qalbiga kirib bora oldi. ...Va shu jihatlari bilan abadiyatning shoh shoiri bo‘lib qoladi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.