Insoniyat XX asrga kelib kvant mexanikasi tufayli misli ko‘rilmagan ravnaqlarga erishdi. XXI asr esa ilg‘or davlatlar tomonidan nanotexnologiya uchun milliardlab sarmoyalarni ayamay, shiddat bilan izlanishlar qilish va ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritish bilan boshlandi. Ushbu yo‘nalishdagi maqsadlar amalga oshsa, insoniyatning ming yillar davomidagi barcha orzulari ro‘yobga chiqishiga hech qanday shubha qolmaydi.
«Global Industry Analysis» kompaniyasining mutaxassislari nanotexnologiya olamida Yaponiya, AQSh va Yevroittifoq mamlakatlari peshqadam, degan axborot tarqatdi. Sababi, aynan shu mamlakatlar nanotexnologiyaning rivojiga eng ko‘p miqdordagi investitsiyalar kiritishni rejalashtirgan. Xususan, nanotexnologiya sohasidagi izlanishlar hamda ishlab chiqarish uchun 2006-2010 yillar davomida Yaponiya hukumati 6 milliarddan ko‘proq, AQSh 5,6 milliard hamda Yevroittifoq mamlakatlari 4,5 milliard dollar sarmoya sarflamoqchi. Rossiya esa nanotexnologiyani 2011 yilgacha rivojlantirish uchun 8 milliard dollar ajratishni mo‘ljallayotgani haqida xabarlar bor. Nega qator davlatlar nanotexnologiya uchun milliardlab sarmoyalarini sarf qilishni rejalashtiryapti? Umuman olganda, bu mablag‘lar yetarlimi?! Hozirgi paytda nanotexnologiya haqida eshitmagan odam kam bo‘lsa kerak. Lekin bundan 4 yilcha muqaddam qator oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari muallimlariga nanotexnologiya sohasiga oid ma'ruzalar qilganimda ularda bu boradagi tushunchaning kamligi meni ajablantirgan edi. Shu sabab, mamlakatimizda "Nanotexnologiya" jurnalini chop etish, unda mazkur sohadagi yutuqlar haqida batafsil ma'lumot berib borish zarur, degan fikrdaman.
Mavzuga qaytadigan bo‘lsak, fan tarixchisi Richard Buker fikricha, nanotexnologiya tarixini yoritish ikki sababga ko‘ra juda ham murakkab. Birinchidan, bu tushunchaning o‘zi noaniq, misol uchun, nanotexnologiya tushunchasi ko‘pincha odatdagi texnologiya atamasi doirasiga sig‘maydi. Ikkinchidan, insoniyat qadim zamonlardan beri o‘zi bilmagan holda nanotexnologiya bilan tajriba qilishga uringan. "Nanotexnologiyaga kirish" kitobining muallifi Charlz Pul ushbu fikrga bir misol keltiradi: Britaniya muzeyida qadimgi Rim ustalari yasagan "Likurga Kubogi" (kubokda buyuk spartanlar qonunining yaratuvchisi hayotidan lavhalar tasvirlangan) saqlanadi. U shishaga qo‘shilgan oltin hamda kumushning mikroskopik zarrachalarini o‘zida mujassamlashtirgan. Kubok turlicha yoritilganda, rangi to‘q-qizildan toza zaringacha o‘zgaradi. Xuddi shunday texnologiyalar O‘rta asrda Yevropa cherkovlari vitraj (surat soladigan rangli oyna)larini tayyorlashda ham qo‘llanilgan. Grek faylasuf olimi Demokrit nanotexnologiyaning "otasi" degan qarashlar ham bor. U moddaning eng kichik zarrachasini ta'riflash uchun eramizdan 400 yillar muqaddam ilk bor grekcha "atom" ("bo‘linmaydigan") so‘zini ishlatgan. 1661 yili irlandiyalik kimyogar Robert Boyl o‘z maqolasida Aristotelning Yerdagi hamma narsa to‘rt elementdan - suv, tuproq, olov va havodan tarkib topgan degan qarashi (o‘sha davr alkimyo, kimyo va fizikaning falsafiy asosi)ni tanqid qiladi. Boyl barcha narsalar "korpuskulalardan" - o‘ta kichik qismlardan tashkil topgan, ularning turlicha birikuvi har xil modda va buyumlarni hosil qiladi, degan qarashni ilgari surgan. Keyinchalik Demokrit va Boyl g‘oyalari ilm ahli tomonidan tan olinadi. Balki, hozirgi zamon nanotexnologiyasidagi o‘ktamlik ilk bor amerikalik ixtirochi Jorj Istmen 1883 yili fotoplyonka tayyorlaganida ro‘y bergandir...
Quyidagi voqealar ham nanotexnologiya olamida muhim o‘ringa ega:
- 1905 yili Shveytsariya fizigi Albert Eynshteyn shakar molekulasining o‘lchami taxminan 1 nanometr ekanligini asoslab bergan o‘z maqolasini e'lon qiladi;
- 1931 yil. Nemis fiziklari Maks Knoll va Ernst Ruska birinchi marotaba nanoolamni o‘rganish imkonini bergan elektron mikroskopni ixtiro qilishdi;
- 1968 yil. Amerikaning «Bell» kompaniyasi ilmiy bo‘limi xodimlari Alfred Cho va Jon Artur yuzani ishlashda nanotexnologiyaning nazariy asoslarini yaratishdi;
- 1974 yil. Aslida atom va molekulalarning 10 darajasi 9 o‘lchamga ega. "Nano" qo‘shimchasi 10 darajasi 9 ni bildiradi, shu tariqa "nanotexnologiya" atamasi paydo bo‘ldi. Yapon fizigi Norio Taniguchi esa "nanotexnologiya" so‘zini ilmiy ibora sifatida fanga kiritdi va bir mikrondan kichik bo‘lgan mexanizmlarni shunday nomlashni taklif etdi;
- 1981 yil. Germaniyalik fiziklar Gerd Binnig va Genrix Rorer alohida atomlarni ko‘rsata oladigan mikroskop yasashdi;
- 1985 yil. Amerikalik fiziklar Robert Kerl, Xerold Kroto va Richard Smeyli diametri bir nanometr bo‘lgan buyumlarni aniq o‘lchay oladigan texnologiya yaratishdi;
- 1986 yil. Nanotexnologiya keng jamoatchilikka ma'lum bo‘ldi. Amerikalik futurolog Erik Drekslerning kitobi bosmadan chiqdi va unda nanotexnologiya yaqin kelajakda jadal rivojlanishi haqida bashorat qilingandi;
- 1989 yil. IBM kompaniyasining xodimi Donald Eygler o‘z firmasi nomini ksenon atomlari bilan platina plastinkasi ustiga terdi. Chizma ilmiy va boshqa jurnallarda namoyish etilgach, ilm ahli larzaga keldi;
- 1993 yil. AQShda Feyman mukofoti berila boshlandi;
- 1998 yil. Golland fizigi Seez Dekker nanotexnologiya asosida tranzistor yasadi;
- 1999 yil. Amerikalik fiziklar Jeyms Tur va Mark Rid alohida molekula molekulyar tizim sifatida harakatlanishi mumkinligini aniqladi;
- 2000 yil. AQSh hukumati Nanotexnologiya sohasida milliy tashabbus (National Nanotechnology Initiative)ni ma'qulladi. Nanotexnologik izlanishlar davlat tomonidan moliyalashtirildi. Davlat byudjetidan 500 million dollar ajratildi;
- 2001 yil. Mark Ratnerning "Nanotexnologiya: yangi katta g‘oyaga kirish" kitobida nanotexnologiya inson hayotining bir qismiga aynan 2001 yili aylanganligi, o‘sha yili ikki muhim voqea: obro‘li ilmiy «Science» jurnali nanotexnologiyani - "Yil yangiligi», mashhur «Forbes» biznes-jurnali esa "Yangi ko‘p ahdli g‘oya" deb ataganligi ta'kidlandi. Hozirgi paytda nanotexnologiyaga nisbatan davriy ravishda "yangi sanoat revolyutsiyasi" iborasining qo‘llanishi odat tusiga kirib boryapti, degan fikr-xulosalarini ilgari surdi.
Ayni kunda nanotexnologiya quyidagi yo‘nalishlarga bo‘lib qo‘llaniladi:
1. An'anaviy kimyoviy usullar yordami bilan ("nanoko‘lamdagi texnologiya" deb ataluvchi) nanomateriallar yaratish (nanoo‘lchamli elementlari mavjud bo‘lgan buyumlar).
2. Oqsil, DNK va boshqa organik molekulalardan foydalanib, faol nanotuzilishlarni yaratishga intilish.
3. Elementlari bir nechta atomdan tarkib topgan elektron chizmalarni yasash.
4. "Molekulyar sanoat" deb nomlanuvchi nanomexanik yondashish doirasida nanoo‘lchamli qurilmalar, jumladan, nanomashinalar (ya'ni, o‘lchami molekuladay bo‘lgan mexanizm va robotlar) yaratish; atom va molekulalarni bevosita boshqarish va ulardan istalgan narsani yasash.
Agar to‘rtinchi masala hal bo‘lganida edi, o‘z-o‘zidan qolgan uchtasining ham yechimi topilardi. Nanotexnologiya deganida oldin faqat ushbu to‘rtinchi masala tushunilardi. Bu qarash, umuman olganda, nanotexnologiya tushunchasini aniq yoritib beradi. Lekin moliyaviy masalalardagi chigallik va muammolar tufayli yuqoridagi birinchi uchta yo‘nalish ham nanotexnologiya bo‘yicha izlanish deb e'tirof etila boshlandi. Bu, albatta, izlanish ishlarida birmuncha qulayliklar va imkoniyatlarni ochib berdi. Shu bilan birga, nanotexnologiya tushunchasini biroz chalkashtirib ham yubordi. Dastlabki uchta yo‘nalishni rivojlantirish maqsadi ham avvalo to‘rtinchi masalani hal qilishga qaratilgandir.
Richard Feyman 1959 yil 25 dekabrda o‘tkazilgan Amerika fiziklar jamiyatining yillik majlisidagi ma'ruzasida insoniyat oldidagi ko‘plab muammolar odamlar alohida atomlarni boshqarishni o‘rganganidan so‘ng yechimini topadi, deb bashorat qilgan. Ta'kidlash joizki, Feymanga 1965 yili kvant elektrodinamikasi sohasida bajargan ishlari uchun Nobel mukofoti berilgan, kvant elektrodinamikasi esa hozirda nanofan sohalaridan biriga aylangan. Biroq faqat 1981-83 yillarga kelibgina Shveytsariyaning IBM kompaniyasi fiziklari Genrix Rorer va Gerd Binnig alohida atomlarni ko‘rsatadigan, ularni o‘rnidan ko‘chirib, bir joydan boshqa joyga o‘tkaza oladigan, ya'ni skanerlaydigan tunel mikroskopni yaratishdi. Oradan besh yil o‘tgach, 1986 yili ular nanotexnologiya sohasidagi ushbu mislsiz yutuqlari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandilar. 1989 yili IBMning yana bir olimi Donald Eygler platina plastinkasi ustiga inert ksenon gazining 35 atomlarini o‘zi istagandek joylashtirib, o‘z kompaniyasining logotipini (emblemasini) chizdi.
Jahon bo‘ylab ilmiy jurnallarda tarqalgan ushbu fotosurat insoniyatni lol qoldirdi. Insoniyat tarixida atom ketidan atomni joylashtirib, o‘ta kichik tuzilmani yaratish natijasida nanotexnologiya asri boshlangan edi. Lekin nanotexnologiyaning imkoniyatlari faqat shular bilangina cheklanmadi, unga nisbatan bo‘layotgan qiziqishlar kundan-kunga ortib bormoqda. Bu qiziqish Erik Drekslerning 1986 yili "Yaratish mashinalari" ilmiy-ommabop kitobi bosmadan chiqqandan so‘ng juda ham kuchayib ketdi. E.Dreksler texnologik jarayonni ikkiga bo‘lib ko‘radi. Birinchisi, unda kashf qilingan texnologiya bo‘lib, milliardlab atomlarning yalpi ko‘chish jarayoni ro‘y beradi. Buni E.Dreksler "balk" deb ataydi. Uning ta'rifiga ko‘ra, Gerd Binnig va Genrix Rorerning 1981 yilgi kashfiyotigacha insoniyat faqat ibtidoiy inson kashf qilgan balk texnologiya yo‘lidan yurib taraqqiy etib kelgan. Richard Feyman taklif etgan texnologik jarayonni esa E.Dreksler yangi texnologiya deb belgilab, uni yapon fizigi bergan ibora bilan "nanotexnologiya" deb nomlaydi. Qachonlardir u molekulyar texnologiya nomi bilan atalgan. Demak, adabiyotlardagi molekulyar texnologiya va nanotexnologiya atamalari bir texnologiyaning ikki xil nomlanishi xolos.
1991 yili Erik Dreksler nanotexnologiya sohasi bo‘yicha birinchi bo‘lib ilmiy daraja olishga musharraf bo‘ldi. 1992 yili u "Nanotuzilmalar: molekulyar mashinalar, ishlab chiqarish va hisoblashlar" nomli ilmiy monografiyasini chop ettirdi. Bu nanotexnologiya sohasida hozircha to‘la va chuqur mazmunli kitob hisoblanishi bilan ahamiyatli. Nanotexnologiya va an'anaviy texnologiyalar o‘rtasida jiddiy farq bor. Birinchidan, hozirda bizda mavjud asboblar nanodarajada ishlay olish imkonida mukammal emas - atomar aniqligida faqat ba'zi buyumlarnigina ishlab chiqarish mumkin. Ikkinchidan, nanodarajada bo‘linganida odatiy fizika qonunlari o‘zgaradi: kvant ta'sirlar va molekulalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik sezila boshlaydi, shu bilan bir qatorda, og‘irlik va ishqalanish kuchlari uncha katta bo‘lmay qoladi. Nanoo‘lchamli ob'ektlarni loyihalash va qurishdagi qiyinchiliklar qisman shu bilan ham bog‘liqdir.
Nanotexnologiyadagi birinchi yo‘nalish an'anaviy kimyoviy va mikroelektron texnologiyalarning mantiqiy davomidir. Avval bu yo‘nalish nanotexnologiyaga mutlaqo oid emas, deb qaralar edi. Nanotizimlarni organik moddalar asosida yaratish tirik organizmlardan nusxa ko‘chirish mumkinligi nuqtai nazaridan e'tiborga loyiqdir, lekin shu bilan bir qatorda u "qurilish materiallarining" ma'lum bir sinfinigina qo‘llash imkoniyati bilan cheklangan. Vujudga kelishi lozim bo‘lgan tirik organizm uchun qancha aminokislota, DNK, RNK, oqsil, hujayra va h.k.lar kerakligi haqidagi ma'lumotlar DNKda jamlangan bo‘ladi. Hozirgi davrda biologlar jonli olam bunyod bo‘lishi uchun, avvalambor, aminokislotalar vujudga kelishi kerak, degan xulosaga kelishdi. Shu bilan birga, eng oldin DNK va undagi dastur ham bo‘lishi lozim, keyin shart-sharoit, geologik davr va boshqalarga qarab, u yoki bu ko‘rinishdagi evolyutsion jarayon kechadi. Avvalo, aynan shu yo‘l nanotexnologiya taraqqiyotida ildamlik bilan bosib o‘tilishi kerak. Yuqoridagi ikki yo‘nalish qisqa vaqt ichida amaliyotda qo‘llanishi mumkinligi bilan olimlar e'tiborini ko‘proq tortdi, keyinchalik erishilgan yutuqlar imkoniyatlarini asosan nanomexanik yo‘nalishda qo‘llash rejalashtirilmoqda. Nanotexnologiyaning taraqqiyoti bosqichma-bosqich bo‘lishi shart emasligi bilan ham ahamiyatlidir.
Nanomexanik tuzilmalarni hozirning o‘zida yaratish mumkin va ushbu yo‘nalishda E.Deksler, qator olimu injenerlar va tashkilotlar katta shijoat bilan ish olib borishmoqda.
Nanomexanik yo‘nalish zamirida zarur ish-harakatlarni bajara oladigan nanoo‘lchamlardagi sun'iy qurilmalarni yaratish yotadi. Shunday davr keladiki, sanoatda molekulalarni yig‘ish darajasi nanorobotlarni - o‘lchamlari yuz nanometr atrofida bo‘lgan va ma'lum dastur asosida atomlar ustida barcha boshqaruvlarni bajara oladigan qurilmalarni (yig‘ish va buzish) yaratish imkonini beradi, deb yozadi Dreksler. U alohida atomlar yoki oddiy molekulalardan turli-tuman buyumlarni yaratadigan nanorobotlarni «assemblerlar» deb nomlaydi. Agar bunday yig‘ish ishlari alohida nanorobotlar tomonidan emas, balki bir butun tizim orqali bajarilayotgan bo‘lsa, u holda, nanofabrika haqida so‘z boradi.
Har qanday holatda ham atomlar yoki ularning bloklari bilan ishlash uchun nanomanipulyatorlardan foydalaniladi. Nanorobotning har manipulyatori (boshqaruv dastagi) o‘ta kichik o‘lchamlarda bo‘lganligi sababli, bir sekundda million operatsiyalarni bajarishi mumkin. Katta sur'atda parallel ishlayotgan(nanofabrikada yoki ko‘plab alohida assemblerlardagi) millionlab nanomanipulyatorlar yordamida har qanday material, ob'ektni amalda behisob miqdorda juda ham tez va arzon ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi. Nanofabrikalar yoki assemblerlar xomashyo sifatida amalda har qanday modda: tuproq, kimyoviy va kundalik chiqindilarni ishlatishi mumkin. Asosiysi, xom ashyoda ishlab chiqarish mo‘ljallangan barcha unsurlarning yetarlicha mavjud bo‘lishidir. Qisqasi, ularga ko‘rsatib qo‘ysangiz bo‘lgani, istagan buyumingizni dastur orqali berilgan topshiriq asosida o‘ziga keragicha dastyorlarni ham yasab olgan holda tez ishlab beradi...
O‘lchamlari bakteriyalardek, manipulyator, dvigatel va kompyuterlar bilan ta'minlangan bunday nanorobotlar inson buyrug‘iga binoan har qanday vazifani amalda bajarishi mumkin.
Nanotibbiyot inson tanasining barcha hujayralaridagi har qanday muammolarni: arteriyalarni skleroz toshmalardan tozalash, infektsiyalarni yoki rak hujayralarini yo‘q qilish, hatto organizmning barcha hujayralarini genetik darajada qaytadan dasturlab chiqish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.
Nanomashinalar yaratish yo‘lida birinchi qadamlar hozirning o‘zida qo‘yilyapti. Bugun kompyuter dasturlari asosida o‘n minglab atomlarni o‘zida jamlagan nanoqurilmalar loyihalashtirilyapti. Jahonning eng ilg‘or nanotexnologlaridan biri R.Fraytas tomonidan tibbiyotga oid bir nechta nanoqurilmalarning asosiy loyihalari ishlab chiqilgan, ular respiratsit (eritrotsitning sun'iy o‘rindoshi), mikrobivor (leykotsitning o‘rnini bosuvchi) va xromallyutsit (hujayradagi xromosomalarni almashtirish uchun nanorobotlar) yaratishga qaratilgan.
Kris Feniks oddiy nanofabrikaning loyihasini ishlab chiqqan. 2007 yili Foresight Unconferenceda Robert Fraytas va Ralf Merkl nanoob'ektlarning mexanosintezi uchun to‘qqiz molekulyar asboblarning yig‘indisini namoyish etishdi. Bu nanofabrikalar va molekulyar ishlab chiqarish yo‘li tomon qo‘yilgan ulkan qadam bo‘ldi.
Oxirgi bir necha yillarda nanomexanika istiqbolini ko‘rsatuvchi qator muhim natijalar qo‘lga kiritildi. Masalan, 2005 yili enegrayani alohida fotonlar sifatida oluvchi va yassi sirt bo‘ylab harakatlananuvchi "nanoavtomobilning" bir nechta molekuladan iborat bo‘lgan shassedagi g‘ildiragi yaratildi. Nanorobotlar dvigatellari uchun bir necha xil prototiplar, ATF-sintezlar asosida ishlab chiqilgan.
2007 yili Berklidagi Laurens laboratoriyasida bitta nanotrubka yordamida radiopriyomnik yaratilgani haqida axborot tarqaldi, bu esa o‘z navbatida, nanorobotlar radioaloqalar orqali bir-biri va boshqaruvchi kompyuter bilan signal almashishi mumkinligini namoyish etdi. 2008 yili Osaka universiteti olimlari nanotexnologiya misolida kremniy atomlarini qalay atomlari bilan almashtira oladigan "atom" perosini yaratishga erishgani haqida Pink Tentacle jurnali xabar tarqatdi. Izlanuvchilar yarim soat mobaynida 2 ga 2 nanometr o‘lchamli yuzada "atom" perosi yordamida kremniyning kimyoviy belgisi "Si"ni, qalayning alohida atomlarini yotqizib yozishga erishishgan. Ushbu nanotexnologik ish xona havo haroratida bajarilgan. Olimlarning fikricha, bundan-da maydaroq yozuvga erishish mumkin emas. "Atom" perosi ilgari kashf qilingan skanerlaydigan atom-kuch mikroskopi zondining yarimo‘tkazgich sirtiga yaqinlashtirilganida kremniy atomlarini qalay atomlariga almashtirish ta'siriga asoslangandir...
AQShning nanotexnologiya bo‘yicha milliy tashabbus tashkiloti (NNI) bashoratiga asosan 2020 yillarda molekulyar nanotizmlar yaratiladi. AQShdagi nanotexnologiyalar markazining hisob-kitoblariga ko‘ra esa mazkur maqsad yo‘lida kuchlar jamlanib yo‘naltirilsa, molekulyar sanoat (nanoassemblerlar yoki nanofabrikalar) 2015 yildayoq barpo qilinishi mumkin. Yaqin kelajakda nanofabrikalar yetakchi o‘ringa ega bo‘lishi kutilmoqda. Superkompyuterlar nanorobotlar bilan birgalikda inson miyasi tuzilishini va uning ishlash mexanizmini tushunishi, bu orqali inson ongidan kuchli bo‘lgan sun'iy ongni yaratish imkonini beradi. Insoniyatning barcha xizmatlarini qilish, ularning moddiy to‘kin-sochinligini ta'minlashni mashinalarga topshirish mumkin bo‘ladi. Odamlar o‘z nosog‘lom organ va to‘qimalarini sog‘lomlariga almashtirib, yangilash imkoniyatiga ega bo‘linadi. Ixtiyoriga qarab, inson tashqi qiyofasini ham tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirishi mumkin. Katta tezliklarda harakatlanadigan kosmik kemalarni va fazoda ulkan turar joylarni bunyod etish insoniyatni samoga tezlik bilan yo‘l olish, yulduzlar va boshqa energiya manbalari atrofini betinim o‘zlashtira boshlashiga turtki bo‘ladi.
Biroq nanotexnologiyalar taraqqiyoti misli ko‘rilmagan xavfni ham o‘zida mujassam etgan. Eng xavflisi, bu "ko‘kimtir shilliqlik"ning paydo bo‘lishidir, ya'ni betinim ko‘payib boruvchi nanorobotlar (replikatorlar) maqsadli ravishda sayyoramizdagi odamlar, jonivorlar, o‘simliklar, butun organik hayotni yo‘q qilishidadir. Bunday holat nanorobotlar harbiy qurol sifatida ishlatilganda ro‘y berishi mumkin. Shuning uchun ham nanotexnologiyaning rivojini moliyalashtirish ko‘proq harbiy tashkilotlarni qiziqtirmoqda. Bu kabi tang fojiaviy ahvol yuzaga kelmasligi ayniqsa, qurollanish sohasida mazkur yutuqlar qo‘llanishining oldini olish maqsadida jamoatchilik nazorati lozim bo‘ladi. Dreksler taklif etgan himoya tamoyillaridan biriga ko‘ra, mabodo qo‘llanilayotgan qurollar nazoratdan chiqsa, ularning o‘zlari mustaqil ravishda vaziyatni aniqlab, hosil bo‘lgan qurolni qirib tashlashi orqali xavfni yo‘q qilishga erishishdir. Lekin bu kabi faol qalqonlarni hosil qilishning o‘zi ham molekulyar texnologiyaga talab tug‘diradi.
Bugunga kelib, nanotexnologiya taraqqiyoti xavf tug‘diradigan yo‘nalishda ketmasligini nazorat qilish bo‘yicha usullar, loyihalar ham taklif etilgan. Dasturlar ichidagi eng mukammallaridan biri E.Dreksler ishtirokidagi Nanorex kompaniyasi tomonidan yaratilgan Nanoengineer dasturidir.
Yana aytish joiz, ayni paytda kvant olami qonunlariga bo‘ysunishi bilan hammani hayratga solayotgan makroob'ektlar ham olimlarni juda qiziqtirayapti. Bunga misol Boze-Eynshteyn kondensatidir. Unda millionlab atomlardan tashkil topgan ushoqdek kichik bulut bir butun atomdek harakatlanadi. Shu paytgacha insoniyatga materiyaning to‘rt ko‘rinish - gaz, suyuq, qattiq va plazma holatda bo‘lishi ma'lum edi. Boze-Eynshteyn kondensati bo‘yicha tajribalardan materiyaning beshinchi ko‘rinishi ham mavjud ekanligi aniqlandi.
Bu fenomen haqida Albert Eynshteyn hind fizigi Shatendranat Bozening hisob-kitoblarini tahlil qilib, 1924 yili ilm ahliga ma'lum qilgan edi. Kondensat ko‘p o‘rinlarda, masalan, kvant kompyuterlar elementi sifatida ishlatilishi ehtimoli borligi bilan ham katta ahamiyatga ega. 2005 yili Amerika olimlari Roy Glauber va Jon Xollning Boze-Eynshteyn kondensati xususiyatlari, aniqrog‘i, lazer spektroskopiyasi bilan bog‘liq hodisalar ustida olib borgan izlanishlari uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlanganligi kondensatni o‘rganish ahamiyati katta ekanidan dalolat. Boze-Eynshteyn kondensati kashfiyotchilaridan biri, 2001 yilgi Nobel mukofoti sovrindori Volfgang Ketterle kondensatdan bo‘lakchalarni «burdalab» olish mumkinligini ko‘rsatib o‘tgandi. Bu - atom lazerini qurish, ya'ni yorug‘likni nurlantiruvchi lazerni emas, moddani nurlantiruvchi lazerlarni yasashga erishish mumkin degani. Bunday lazerlar bilan nanometr aniqlikdagi o‘ta kichik tuzilmalarni yasash imkoni tug‘iladi. Bu kashfiyot nanotexnologiya olamida sezilarli siljishlarga olib keldi. Alohida atomlarni boshqarish uchun atom lazerlari hozirgi paytdagi eng aniq vositadir. Qolaversa, bu kashfiyot nanotexnologiya taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishi, shubhasiz.
Mansurxon Toirov,
fizika-matematika fanlari doktori, professor
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.