O, Muhammad! Sizning zamondoshingiz bo‘lmaganimdan g‘oyatda qayg‘udaman. Sizning beqiyos kuch-qudratingizni insoniyat bir boragina ko‘ra oldi, endi ortiq buning iloji yo‘q. Sizdan hayratdaman.
Otto fon Bismark
Germaniya va nemis xalqi haqidagi tasavvurlarimizning murakkab tarixi bor. O‘tgan asrning 30-yillari o‘rtalaridan boshlab o‘nlab yillar davomida turli uslubda tashkil qilingan tashviqotlar, yolg‘on-yashiq orqali “nemis”, “fashist” hamda “Gitler” tushunchalari deyarli bitta ma’noni anglatuvchi so‘z sifatida ongimizda o‘rnashib qoldi. Mana, ikkinchi jahon urushi tugaganiga 70 yildan oshgan bo‘lsa-da, hali-hanuz “nemis” deganda sobiq Ittifoq xalqlari ko‘z oldidan, bir zumga bo‘lsa-da, Gitlerning sovuq turqi sharpasi o‘tgandek bo‘ladi. Go‘yo Gitlerning yovuzlik timsoliga aylangan bayrog‘i nemis xalqining insoniyat baxt-saodati uchun poyandoz bo‘lgan xizmati, daho farzandlarining (birgina xalqaro Nobel mukofoti bilan yuzga yaqin nemis millatiga mansub ilm-fan, adabiyot namoyandalari taqdirlangan, xuddi shunday mavqega ega bo‘lganlar soni esa undan ham ko‘p) ezgu ishlarini pardalab kelayotgandek...
Holbuki, nemis degani fashist degani emas!.. Fashist bo‘lish uchun nemis millatiga mansub bo‘lish shart emas! Fashistlik, bu - inson miyasining fashistik yovuz g‘oya bilan kasallanishi demak. Bu chirkin g‘oya necha o‘n million beayb odamlarni juvonmarg qilgan bo‘lsa, kommunistik g‘oyaning qurbonlari ham undan kam bo‘lgani yo‘q... Mana, shu kezlarda ham ongi yovuz yuqumli g‘oya bilan zaharlangan kimsalarning kirdikorlari tufayli O‘rta Sharq xalqi darbadar bo‘lib, ikki millionga yaqin odam Yevropaga panoh izlab borayotir. Fashistdan battar soxta “dohiylar” zulmidan qochayotgan ushbu bechoralarning boshini mehr bilan silayotganlarning eng ilg‘ori nemislarning kantsleri Angela Merkel va uning xalqidir. Ular jahon ahliga ezgu insoniy tuyg‘ularini namoyish qilib, ibrat ko‘rsatmoqda. Angela Merkel 2015 yil 1 noyabr kuni uning mamlakati bir million qochqinni qabul qilishga hozirlik ko‘rganini ma’lum qildi. Umuman, nemis xalqi, 70 yildirki, oliyjanob fazilatlari bilan bashariyatga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Shu tufayli bugun jahonning Germaniya va nemis xalqiga munosabati tubdan o‘zgargan.
Merkel xonim o‘z xalqini bag‘rikenglik tomon yetaklar ekan, juda ham ko‘p ichki va tashqi qarshiliklarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri kelsa-da, bu ishlaridan toliqayotganini aslo sezdirayotgani yo‘q, aksincha, o‘zining va nemis xalqining insoniyatga nisbatan bo‘lgan ezgu istaklarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida ikkilanmasdan, izchil ildamlab bormoqda. Jumladan, Germaniya kantsleri shu kunlarda ham ko‘p sonli qochqinlarga nisbatan bo‘layotgan siyosiy yondashuvi to‘g‘ri hamda adolatli ekanligiga qat’iy ishonadi. Jurnalistlardan biri oxirgi paytlardagi qochqinlar bilan bo‘layotgan ko‘pgina mojaroli holatlarni nazarda tutib, “Afrika hamda Suriyadan kelayotgan qochqinlar muammosiga oid yondashuvingizni o‘zgartirasizmi?” mazmunida savol berganida, Germaniya kantsleri: “Biz ushbu murakkab paytda qadam qo‘ygan yo‘l to‘g‘ri va oqilona yo‘l ekaniga qat’iy ishonaman”, deya javob berdi. Shu bilan birga, Merkel xonim mazkur muammoning ijobiy hal etilishida Yevropa Ittifoqi (YeI)ni saqlab qolish ham o‘ta muhimligini uqtirib o‘tdi. Xususan, u “AQSh” telekanali efirida: “Mening qat’iy vazifam hamda burchim Yevropaning umumiy yo‘l topishidan iboratdir”, deya bayonot berdi (YeIning ayrim rahbarlari (Tusk) ham Yevropaning kelajagi Germaniyaning qochqinlarga nisbatan tutadigan yo‘liga bog‘liq ekanligini tan olmokda). Kantsler migratsiya krizisi olamida umumevropa tutadigan eng maqbul yo‘lni topishni o‘zining bevosita mas’uliyatiga kiritadi va bu davrni Germaniya hamda YeI tarixidagi “juda ham muhim davr”, deb hisoblaydi. “Amaldagi kantsler ekanman, men o‘z davlatim muntazam to‘qnashayotgan muammolarni har safardagiday yechishda davom etaman. Bunda eng yaxshi yo‘l - osoyishtalik hamda Germaniyaning ehtiyoji himoyasidir”, degan tutumda barqaror turgan Merkel xonimga “Bugungi Yevropaning eng kuchli va qudratli siyosiy arbobidir”, deb baho berdi Buyuk Britaniyaning “The Independent” gazetasi.
Albatta, Germaniyaning 80 milliondan ziyod aholisi yaqdillik bilan aksariyati musulmon bo‘lgan qochqinlarni quchoq ochib kutib olayotgani yo‘q. Buning tagida gap ko‘p. Ayrimlar Germaniyada musulmonlarning ko‘payishi natijasida o‘zlarining ham musulmonga aylanib ketishidan xavfsirayotgan bo‘lsa, boshqalar - Merkel xonimning siyosiy qarashlarini yoqlamaydiganlar ushbu muammodan Merkelning obro‘yini to‘kish uchun foydalanishga harakat qilmoqda. “Qassobga moy qayg‘usi, echkiga - jon”, deganlaridek, asil niyatini pinhon tutayotganlarning chet ellarda ham qo‘llovchilari borligini internet blogerlarining fikr-mulohazalari ham tasdiqlaydi. “Tez orada eng ko‘p masjid Germaniyada bo‘ladi”, “Yigirma yildan so‘ng nemis zobitlarining ismi Muhammad Borman va Xolid Shekkelgruberga aylanadi”, “Eh, rossiyaliklar. Yana Yevropani xalos qilishingiz kerak. Faqat bu gal xalifalikdan”, “Ikki avlod almashganidan so‘ng nemislar, xuddi Amerikadagi hindular misol, mahalliy, ammo kamsonli xalqqa aylanadi” kabi mas’uliyatsizlik bilan aytilayotgan gap-so‘zlar ham kimlarningdir tegirmoniga suv quyayotgani, shubhasiz. “Kantsler Angela Merkelning qochqinlarni “qutqarish” bo‘yicha tanho o‘zi qabul qilayotgan qarori - gumanitar jo‘shqinlik bilan bo‘yalgan kibru havo savdoyiligidan o‘zga narsa emas, Yevropa bir necha o‘n yillar mobaynida bunga tovon to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Merkelning “ochiq eshiklar siyosati” tarafdorlarining ko‘pchiligi jamiyatning yuqori qatlamidagi ijtimoiy jihatdan himoyalangan fuqarolardir, ular gumanizm haqida mavhum tasavvurga ega. Bunday kishilar qochqinlar bilan onda-sonda to‘qnash kelib qolishlari mumkin, binobarin, ular ushbu nuqtai nazarni (A.Merkelning qarashlarini. - Tahr.) qo‘llab tursalar-da, hech narsani yo‘qotmaydilar, shuning uchun ham ular qochqinlarni qutqarib qolish uchun yevropaliklar “belbog‘ini mahkamroq tortib bog‘lasalar”, bo‘lardi, deya hisoblaydilar. Lekin jamiyatning boshqa bo‘lagi, xususan, aynan muhojirlar “aralashib ketadigan” qismi uchun oson bo‘lmaydi. Binobarin, aholining quyi tabaqasida tanlash huquqi qolmadi, chunki ulardan qochqinlarni chegara bilmas ravishda qabul qilishga qarshi chiqqan har birini qahri qattiqlikda hamda ksenofobiyada ayblamoqdalar”, deb yozgan Germaniyaning “Deutsche Wirtschafts Nachrichten” gazetasi qarashi ham internet blogerlarining fikri bilan hamohangdir.
Ana shularning ta’siri bo‘lsa kerak, Merkelning asosiy raqibi - Bavariyaning premer-ministri Xorst Zeexofer muhojirlar oqimi to‘xtatilishini talab qilib, agar 29 yanvargacha xatiga qoniqarli javob olmasa, ushbu xatni nashr qilish hamda Merkel boshqarayotgan hukumatni Konstitutsiyaviy sudga berish bilan po‘pisa qildi. Bu xashaki do‘q emasdi, chunki Germaniya Konstitutsiyaviy sudining ko‘pchilik a’zolari - konservatorlardir. Bu orada Udo Di Fabio, Gans-Yurgen Paper kabi sudyalar matbuotda chiqish qilib, kantslerni muhojirlar masalasida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganlikda ayblashga ham ulgurishdi. Sud federal hukumatning qochqinlarga nisbatan bo‘lgan siyosiy yondashuvini o‘zgartirishga hamda YeI chegaralarini hech kim qo‘riqlamayotganini inobatga olib, davlat chegarasini yopishga majbur qilishi mumkin. Lekin Merkel bilan Zeexofer 28 yanvar kuni qochqinlar masalasida murosaga kelganligi ma’lum qilindi.
Ochig‘i, Merkel xonim hukumat boshlig‘i sifatidagi o‘n yillik faoliyati davomida bu qadar murakkab vaziyatga tushmagan edi. Shu bois “Muhojirlar muammosi uning oxirgi jangi bo‘ladi”, deya kaftini kaftiga ishqalab turganlar ham bir talay bo‘lib qoldi. Yangi yil bayrami chog‘ida Kyoln shahrida arab qiyofali erkaklarning ayollarga tegajog‘lik qilgani, o‘g‘rilik sodir etilgani, ayollardan biri zo‘rlangani haqida politsiyaga yuzga yaqin ariza tushganligi esa kantslerning qochqinlarga nisbatan yuritayotgan siyosatini yomonotliq qilishga yaxshi bahona bo‘ldi. Lekin qat’iyatli xonim obro‘sining tushirilishiga osonlikcha yo‘l qo‘yadiganlar toifasidan emas. U Kyolndagi tajovuzkorlikka keskin javob berishni talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha imkoniyatlarni ishga solib, kelib chiqishidan qat’i nazar, jinoyatchilarni tezda topish va jazolash shart.
Achinarlisi, Leyptsigda ham ommaviy tartibsizliklar sodir etildi, bir necha ming kishilik qochqinlarga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi, Kyolnda chet elliklarga bir necha marotaba hujum uyushtirildi - bu harakatlar Yangi yil arafasidagi zo‘ravonliklarga qasdma-qasd sodir etilayotganiga politsiyaning ishonchi katta.
Germaniya adliya hamda iste’molchilar haq-huquqini himoyalash vaziri Xayko Maas 5 yanvar kuni barcha qochqinlarni yoppasiga ayblashdan ehtiyot bo‘lishga, qochqinlarni tushunishga chaqirdi: “Kimlardir bu tajovuz sabab qochqinlarni kamsitishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak... Mabodo panoh istab kelganlar ichida jinoyatchilar bo‘lsa, buning uchun barcha qochqinlar aybdor emas”. Bundan ilgariroq Germaniya mudofaa vaziri Ursula fon der Lyayen xonim ham hamma qochqinlarni so‘rab-surishtirmasdan, birvarakayiga jinoyatchi deb gumon qilishdan saqlanish kerakligini ta’kidlagan edi. “Biz hozir terrorchilar hamda qochqinlar o‘rtasiga tenglik belgisini qo‘yib xato qilmasligimiz lozim”, - dedi u 2015 yilning 16 noyabrida “Rassaueg Neue Rgesse” gazetasiga bergan intervyusida.
“Vreitbart” axborot manbasining yozishicha, aynan Germaniya hamda uning kantsleri Angela Merkelning muhojirlar masalasidagi tutumi yevropaliklarning sabr-kosasini to‘ldirdi. Bunday “toqatsizlar” hattoki Merkel xonimni uzr so‘rashga chaqirishgacha yetib bordilar. Lekin kantslerning qochqinlarga nisbatan bo‘lgan do‘stona munosabati, qolaversa, Germaniya Yaqin Sharqdan kelayotgan muhojirlarga ko‘rsatayotgan mehmondo‘stligi uchun uzr so‘rashni zarurat deb bilmasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga binoan, Jeneva Qochqinlar konventsiyasiga binoan muhojirlar Yevropada qolishlari mumkin, chunki ular urush hamda terror qirg‘inlaridan qochayapti. Shu bilan birga zakiy siyosatchi qochqinlar integratsiyasi zarur ekanligini, chunonchi, iqtisodiy maqsadni ko‘zlabgina kelganlar Yevropani tashlab ketishi kerakligini ham uqtirib o‘tdi. “Aks holda biz ko‘magimizga zor bo‘lib turganlarga yordam qila olmay qolamiz”, - deb tushuntirdi u.
Bunday tortishuvlarning avj olishi bejiz emas, albatta. Yevrokomissiya bergan bayonotga binoan, bugun jahonda ro‘y berayotgan qochqinlar muammosi ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda eng fojiali va ulkan muammolarni keltirib chiqardi.
Shu o‘rinda ikkinchi jahon urushi davrida front yaqinidagi o‘lkalardan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan minglab oilalar taqdirini esga olmoq joiz. Garchi ular “qochqin” degan nom olmagan bo‘lsa-da, urush tufayli boru yo‘g‘ini tashlab, yurtimiz - O‘zbekistonga kelgan edilar. Xalqimiz esa ularni aziz mehmon sifatida kutib oldi, uyining to‘rini berdi, o‘zlari ham ochin-to‘qin kun kechirsa-da, bir burda nonini ayamadi. Bunday bag‘rikenglik, saxovat va mehmondo‘stlik haqida urush davrida yurtimizni makon tutgan turli millat vakillarining o‘zlari, hozirgi kunda ularning avlodlari to‘lqinlanib so‘zlashadi. Bu esa yaxshilikning umrboqiyligini ko‘rsatadi. Bugun arab mamlakatlaridan Yevropaga panoh izlab borayotgan muhojirlar ham sayohatchilar emas, balki chorasiz mazlumlar, binobarin, ularga joy berish insonparvarlik namunasidir.
“Haqiqatan ham, biz yashayotgan davr juda ham murakkabdir. Lekin buning uddasidan chiqa olishimiz (mushkulotning yechimini topish nazarda tutilmoqtsa. - Tahr.) ham haqiqatdir, chunki Germaniya - kuchli, qudratli mamlakat”, - dedi Merkel xonim. Qochqinlar ‘Germaniyaning madaniy hayotini boyitishi”ga ishonishini aytar ekan, kantsler yurtdoshlarini xristian dini arkonlariga tayanishga undadi. “Biz - xristianlarmiz deya olishimiz uchun mardligimizni namoyish etishga ruxsat bering. Biz musulmonlar bilan do‘stona suhbat quramiz deya o‘z oliyjanobligimiz va bag‘rikengligimizni ifoda etishga izn bering”, - dedi chiqishlaridan birida kantsler. U o‘z xalqi qudratiga, o‘z davlati kuchiga va o‘zi olib borayotgan siyosat haq ekaniga ishonchi qat’iy bo‘lgani sababli musulmonlar hamda xristianlarni o‘zaro do‘stona munosabatlarga chaqirmoqda. Bunday chaqiriq bilan biror-bir ko‘zga ko‘ringan davlat arbobi shu paytgacha jahon maydoniga chiqqanligi ma’lum emas! Merkel xonim diniy nizolar insoniyat boshiga mislsiz kulfatlar yog‘dirishi mumkinligini nazarda tutib, insoniyatni kech bo‘lmasdan ushbu xatardan saqlab qolishga undamokda!..
Shu o‘rinda bu ayolning oqilona va bag‘rikenglik bilan siyosat olib borayotganiga bir misol. Qochqin qizaloq Reem Sahvil tez kunlarda oilasi mamlakatdan chiqarib yuborilishini (deportatsiya) bilgach, beixtiyor yig‘lab yuborganida Angela Merkel yugurib uning oldiga bordi va uni ovutib, 2017 yilning 17 oktyabrigacha Germaniyada qolishiga ruxsat berdi. Bu Merkel xonimning qalbida onalik tuyg‘usi siyosiy arboblik burchidan baland ekanini ko‘rsatadi. Eng muhimi, Reemga ko‘rsatilgan muruvvat bilan Merkel xonim minglab muhojirlarga yo‘l ochib bergan edi. Hisob-kitoblarning ko‘rsatishicha, Germaniyaga kelgan qochqinlarning 70 % mehnatga layoqatli bo‘lib, qochqinlarning 40 % ushbu mamlakatda qolishi mumkin. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qochqinlar panoh topishni istaydigan mamlakatlar ichida eng qulay Yevropa mamlakati bu Germaniya ekan. BMT Qochqinlar bo‘yicha komissiyasi bergan ma’lumotga qaraganda, 2014 yili Germaniya boshpana so‘raganlar soni bo‘yicha (173 100) birinchi o‘rinda bo‘lgan. 2015 yilning noyabr oyi oxirlarigacha Germaniyaga 965 ming qochoq boshpana topgan. Bu bir yil avvalgidan besh barobar ko‘pdir.
Taassufki, hukumat boshlig‘ining qochqinlar bo‘yicha berayotgan topshirig‘ini barcha amaldorlar ham so‘zsiz bajarayotgani yo‘q. Masalan, avvalgi tartibga ko‘ra, qochqinlar Germaniyada uch yil muddat bilan qolishlari hamda oilalarini ham olib kelishlari ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ichki ishlar vaziri Tomas de Mezer bu muddatni ikki yilga qisqartirishni hamda oilalarning olib kelinishini man etish taklifi bilan chiqdi. Kantslerning qochqinlar ishlari bo‘yicha vakili Peter Altmayerning tan olishicha, hozirda ichki ishlar vazirining taklifi kuchda qolmoqda...
Shunga qaramay, Germaniya hukumati nemis jamoatchiligi orasida islomga qarshi kayfiyat kuchayishining oldini olishga harakat qilmoqda. Xususan, 2015 yil Germaniya kantsleri Angela Merkel birinchi bor mamlakat hukumati boshlig‘i mavqeida Ramazon oyi iftorligida ishtirok etdi. “Islom, bu - Germaniyaning bir bo‘lagi ekanligi ochiq-oydindir”, dedi Merkel xonim, Germaniya tashqi ishlar vazirligi rasmiy qarorgohidagi iftorlikda ishtirok etayotgan mehmonlarga murojaat etar ekan. Shu bilan birga, u Ramazonga tafakkur qilish, ruhiy-ma’naviy yuksalish oyi deb baho berib, sodir etilayotgan ko‘pdan-ko‘p zo‘ravonliklar hamda qo‘poruvchilik harakatlari islomga taalluqli deya talkin kilinayotganidan achinayotganini bildirdi.
Aslida, Germaniya kantsleri bu borada ham avvalroq barchaga ibrat ko‘rsatgan edi. Jumladan, 2015 yilning yanvar oyida Frantsiyada qo‘poruvchilik harakatlari sodir etilganidan so‘ng Angela Merkel mamlakatdagi musulmonlarni o‘z himoyasiga olajagi hamda musulmonlarga qarshi har qanday noo‘rin xatti-harakat va Germaniyadagi masjidlarga bo‘ladigan har qanday hujumga nisbatan qat’iy javobgarlik belgilanishi haqida bayonot berdi. Uning so‘zlariga binoan, Germaniyada diniy nifoqlar qo‘zg‘ash, “hech qanday umumiy shubhaga borish” mumkin emas. “Men Germaniya kantsleri sifatida bizning mamlakatdagi musulmonlarni himoyamga olaman, buni ushbu binoda jamlanganlarning barchasi (Bundestag deputatlari , — M.T.) ham bajaradi”, dedi kantsler. U Germaniyadagi to‘rt millionga yaqin musulmon o‘z dinlariga e’tiqod qilayotgani, joylarda diniy ta’lim berilayotgani, islom teologiyasi kafedralari mavjudligi, yetakchi nemis siyosatchilari va musulmon jamoalari vakillari ishtirokida turli diniy anjumanlar o‘tkazib turilganini bildirdi.
Yevropaga qochib o‘tayotgan muhojirlar faqatgina siyosiy-ijtimoiy bosimlarga duch kelayotgani yo‘q, ular sog‘lik masalasida ham jiddiy muammolarni boshdan kechirishmoqda. Bolqon mamlakatlaridagi qochoqlar lagerlarida ishlayotgan Xalqaro tibbiyot korpusi hamda “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti mutaxassislari qishning qahratonida ular orasida turli xastaliklar keskin ortib ketganini qayd qilishdi. Janubda Makedoniya, shimolda Xorvatiya bilan bo‘lgan Serbiya chegarasidagi qochoqlarning asosiy maskanida muhojirlarga tibbiy yordam, issiq kiyim va yegulik taklif qilishgan. “Men Suriyadan uch hafta oldin qochib kelgan Al-Ma’ariyning oilasi bilan uchrashdim, - deb hikoya qiladi jurnalistlardan biri. - Ularning to‘rt bolasi bo‘lib, kichkinasi endigina ikki yoshga to‘lgan. Yetti yashar Muhammadni bronxit va yuqori harorat qiynayapti. “Biz o‘lim yo‘lidamiz, - deydi Muhammadning amakisi Iyad Ma’ariy. - Biz-ku, amal-taqal qilib chidaymiz, lekin bolalardan xavotirdaman, axir, sovuq, kasallik va ochlikka ular qanday dosh berishadi”. “Biz bunday hayotni hech qachon istamagan edik... Suriyadagi urush tezroq poyoniga yetsaydi, asosiy orzuimiz shu”, - deydi ko‘zida yosh bilan Muhammadning onasi Malak. U ko‘rgan-kechirganlaridan tushkunlikka tushgan... “Ba’zi odamlar bizga bir ko‘rinish berganidan so‘ng boshqa tibbiy yordamdan voz kechishyapti, - deydi Serbiyadagi “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti mutaxassisi Tuna Turkman. - Kasalxonaga jo‘natgan takdiringizda ham borishmayapti. Ular faqatgina olg‘a yurishni istashadi... Mabodo favqulodda chegaralarni yopib qo‘yishsa, bormi, ular hamma imkoniyatdan mahrum bo‘ladilar”, - deb qo‘shimcha qiladi Turkman”.
Qochqinlar muammosini hal qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbir olib borishga intilayotgan Angela Merkelning fikricha, YeI-Turkiya dasturi muhojirlar muammosini va qochqinlar oqimini hal qiluvchi dasturdir. “Men ushbu yo‘l uchun kurashyapman”, deya alohida uqtirib o‘tdi Merkel xonim. Darhaqiqat, u oxirgi paytlarda Turkiyaga qochqinlarni o‘z hududida saqlab turishi uchun 3 mlrd. yevroning berilishini tezlashtirish yo‘lida ko‘p jonbozlik ko‘rsatdi. “Biz yana bir bora elchilarni (YeIdagi vakillarni. -M.T.) Turkiya ixtiyoriga qochoqlarni qo‘llab turish dasturi bo‘yicha 3 mlrd. yevroni o‘tkazish mexanizmini ishlab chiqishni tezlatishga chaqiramiz”, - dedi u YeI sammitida. Bu boradagi muvaffaqiyati Germaniya kantsleri Angela Merkelning migrantlar siyosati bo‘yicha erishgan ulkan g‘alabalaridan biridir.
Raqiblarining ko‘pligi va kuchliligi, ayni paytda, Angela Merkelning ham rutbasi baland siyosatchi ekanini ko‘rsatadi. Keyingi yillarda uning obro‘-e’tibori jahon miqyosida oshib bormoqda. “Time” jurnali hamda “The Financial Times” gazetasi uni “Yil odami” deb e’tirof etdi. Merkel xonim oxirgi o‘ttiz yil mobaynida ushbu unvonga sazovor bo‘lgan birinchi ayoldir. “Merkel Yevropaning eng iqtisodiy rivojlangan davlati rahnamosi sifatida qator bahsli da’vatlar, Rossiya bilan kelishmovchilik, muhojirlar muammosi, Gretsiyaning qarzdorlik muammolarini hal etish hamda “Islom davlati” hujumlariga qarshi tura olish qobiliyati bor ekanini ko‘rsata bildi”, deyiladi jurnal tahririyatining izohida. “Time” jurnali 2006-2007 yillarda ham Germaniya kantsleri Angela Merkelni jahonning eng e’tiborli yuz odami safiga qo‘shgan edi. “Forbes” jurnali esa, Angela Merkelni oxirgi o‘n bir yil ichida sakkiz marta jahondagi eng e’tiborli ayol deb e’tirof etdi. Ma’rifatli nemis xalqi ham uning xizmatlarini tan oladi, Merkel xonimning o‘z yurtiga bo‘lgan mehrini qadrlaydi. Shu boisdan Angela Merkelni yurtida bir necha yildan beri “Mutter der Nation” (“Millat onasi”) deya atay boshlashdi.
* * *
Angela Merkel! Oxirgi yillarda ushbu nemis ayoli timsolida ko‘z oldimda Mehribon Ona siymosi gavdalanadigan bo‘ldi. Endilikda “nemis” so‘zini eshitsam, Gitlerning jirkanch qiyofasini emas, boshiga og‘ir savdo tushgan millionlab kulfatzada yuraklarni qutqarishga oshiqayotgan, minglab begunoh go‘daklar va turfa toifaga mansub jabrdiyda insonlar hayotida yuz berayotgan ko‘plab muammolar yechimiga chora istayotgan va ular hayotini izga solishga, musofirlarning boshini silab, ularning insonday yashashiga yo‘l qidirayotgan oliyjanob ayol - Angela Merkelni tasavvur qilayapman.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 3-son