OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Marg'ilonliklar

Marg‘ilon do‘ppisining chiziqlaridek kesishgan ikki yo‘l tegrasida joylashgan ko‘hna shahar – Marg‘ilon shu dorulomon kunlarda 2000 yilligini nishonlash tadorigini ko‘rmoqda. Shaharda ulkan koshonalar bunyod etilmoqda, shahar go‘zal qiyofa ochmoqda. Bu haqda matbuot ko‘p yozmoqda, xo‘p yozmoqda. 
Men  bugun marg‘ilonliklar, tag-tugli marg‘ilonliklar haqida so‘z ochmoqchiman. Ularni atrof-muhit «shaharliklar» deb ataydilar. Na Farg‘ona, na Qo‘qon ahliga «shaharlik» tushunchasi bunchalar munosibdek tuyulmaydi men kabi xayolparastlar dilida.

Burhoniddin al-Marg'iloniy majmuasiDarhaqiqat, marg‘ilonliklar shaharliklar, shaharlik bo‘lganda ham ajdodlari ruhi pokini e’zozlab, faqat Marg‘ilonga xos qadriyatlar, urf-odatlarini hali-hamon sof va pok saqlab kelayotgan o‘ziga xos va mos bu ko‘hna xalq avlodidir...

Keling, gapni ularning shirinkalomligiyu hushmuomalaligidan boshlay qolaylik. Vodiyda «Muomalani marg‘ilonlikdan o‘rgan» degan kalom bejiz kezib yurmaydi. Magarkim, shoiru fuzalolarimiz ta’rif bergan «so‘zi bol» rost bo‘lsa, bu faqat marg‘ilonliklar... To‘y-to‘ychiqdagi, izdihomlardagi muomala, chaqqon xizmatu mulozamatni ko‘rsangiz, ming beg‘am bo‘ling «Balli, otang­ga rahmat» deya, albatta, ko‘ngli­ng­izdan o‘tkazasiz. Dilkashlar esa bu tasannoni har gal inkishof etadilar.

Pirsiddiq majmuasiO‘zidan ulug‘ni, xeshu aqraboni ulug‘lash borasiga kelsak, marg‘ilonliklarning «lar» maxsus qo‘shimchasi bor: «dadamlar, buvamlar, ukamlar... keldilar, ketdilar». Birorta urug‘-aymoq, birorta mehmon, hatto suhbatning yo‘q ishtirokchisi ham «lar» bilan siylanmay qolmaydi.

Asl marg‘ilonlik oqsuyak keladi desak mubolag‘a bo‘lmas. Rang-ro‘yi toza, nigohlari andishali, kibrsiz, sochlari azal-azaldan kaltalanib, boshida Marg‘ilon do‘ppi, qo‘llar ko‘ksida, ko‘rishishga chog‘langanda qimtinibroq, kamtarona qo‘l cho‘zganining guvohi bo‘lasiz. Ayollarining esa ulug‘ shoiramiz ta’riflaganidek, ko‘p hollarda «yuzlariga parda tortig‘liq»... Deganimizki, iffat, odob, andisha, vafoyu sadoqat, tarixlar qatidan o‘zbek ayoli ne yaxshi xislatlarni ehtiyotlab kelayotgan bo‘lsa, barchasi mujassam Marg‘ilon ayolida. Ular Mar­g‘ilonning «ona»lari, asl marg‘ilonliklarning tuganmas bulog‘i, avlodlar yaratguvchi dilbandlari...

Marg'ilonAyollar umri asosan uyda kechadi, desam yana mubolag‘a qilgan bo‘larman. Mar­g‘ilonning erkagi ostona tushunchasini e’zozlaydi, xonadonni yomon ko‘zlardan asraydi. Marg‘ilonliklarning eshigini ochsangiz, avvalo, ko‘zingiz eshikdan keyingi pardaga tushadi, oila daxlsiz, pok, iymon-e’tiqodli bo‘lishi shart. Bu deganimiz, albatta, ayollar «qamab», cheklab qo‘yilgan deganimiz emas. Hayotning turfa jabha­larida ularning o‘z o‘rni bor. Faqat bozor-o‘charga aralashmaydilar. Bu yuk hamisha erkaklar gardanida bo‘lgan. Marg‘ilon erkagiga xos yana bir narsa, ajdodlardan meros gap: «Uyga hech qachon quruq qo‘l bilan kelma, hech bo‘lmasa, yerda yotgan cho‘pni ko‘tarib ol». Marg‘ilon ayoli qut-barakani faqat erkagidan izlagan, ammo uning qo‘liga qaragan emas. Ayniqsa, do‘ppilar, o‘sha yetti iqlimga dong‘i ketgan do‘ppilar xonadonlarda, ahli ayollar tomonidan tayyorlanadi.

Oilaning to‘kinligi asosan erkaklar mehnatidan ekanini yaxshi bilgan marg‘ilonlik ayollar o‘ta tejamkor, o‘ta ehtiyotkor. Andisha ila xo‘jayini ko‘ziga hech qachon tik boqmaydigan ayollar o‘choqqa, qozonga, omborga juda tiyrak boqadilar, qilni qirq yorib, birni ikki qiladilar.

Marg'ilonMarg‘ilon yaqin atrofidan bo‘lganim uchun, dadam yoshligimdanoq Marg‘ilonga, do‘stlarinikiga boshlab kelardi. Qishloqda bir g‘aram o‘tin bilan pishadigan osh bir siqimgina, mayda bo‘laklangan taxtachalarda zumda pishib qolganini o‘shanda ko‘rganman. O‘yinqaroq bo‘lgansan, deya shubha qilishga darrov urinmang. Bu holning bir necha bor guvohi bo‘lganman. Marg‘ilonliklarning bir chimdim choyini ichganmisiz, bir siqim guruchdan oshini yeganmisiz, ana o‘shanda bilasiz asl Marg‘ilonni. Xulosa shuki, marg‘ilonliklar tejab-tergab yashaydilar, isrofgarchilikka aslo yo‘l qo‘ymaydilar.

Marg‘ilonliklarga xos yana bir xislatga to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Marg‘ilonda «birovning haqqi» degan aqida bor, u hech qachon buzilmaydi. Har bir marg‘ilonlik uchun bu muqaddas tushuncha. Tarozidan urish eng katta gunoh hisoblanadi. Ishonmasa­ngiz, lahcha go‘sht torttirib ko‘ring, albatta, torozining go‘sht turgan pallasi bosib turadi. Hozirda ayrim bozorlarda narsadan indamay-netmay urib qolinayotgan paytda, bu ham ajib bir hol.

Xanda choyxonasiBir kuni yo‘lda qo‘qonlik bir tijoratchi yigit bilan gaplashib qoldim. Qisqasi, Marg‘ilon universamidan ancha-muncha narsalar xarid qilibdi-da, bir o‘ram kolbasani unutib qoldiribdi. Ancha vaqtdan so‘ng yodiga tushib qaytib borsa, kolbasa ustida qog‘ozcha turgan, unga «qo‘qonlik og‘ayniniki» deb yozilgan ekan.

— Aka, — dedi u gapida davom etib, — marg‘ilonliklar juma namozga rastalarda narsalarini tashlab ketaverar ekanlar...

Bu — chin gap. Juma peshinda rastalarni aylansangiz, mol egalarini topmaysiz. Oziq-ovqat bo‘ladimi, boshqa narsalarmi, ustiga doka yoxud suv qog‘oz yopadilar-da, qoldirib ketaveradilar. Marg‘ilonliklar ana shunday, iymon-diyonatga ishonadilar.


Mashad jome' masjidiMarg‘ilonning yigiti sho‘x, dadil, o‘ziga ishongan bo‘ladi, keksaradi-yu, shukronali dono mo‘ysafidga aylanadi. Darhaqiqat, juda-juda nuroniy qariydilar. Zabonlaridan shukronalik tushmaydi. Keksa bir tanishim bor, har gal so‘zida bugungi kunga shukr qiladi: «Qarang-a, – deydi u shukr-shukr deya, – Marg‘ilon do‘ppidekkina shahar edi-ya, barcha tor-tor uycha, hovlichalarda bij­g‘ib yashardi, xo‘p mustaqillik bo‘ldi-yu, oyoqni uzatib yashaydigan zamonlar keldi-ya. Shahar kundan kunga kengayib boryapti. Shukr, shukr, shukr...»

Kindik qoni to‘kilgan joyni, vatanini sevishda ham ularga havasi keladi kishining. Shu bois bo‘lsa kerak, «Qarg‘alar uchsa qaraylik Marg‘ilonning yo‘liga», «Marg‘ilon boray dedim, borolmadim» kabi sog‘inchli orziqish satrlari dunyoga kelgandir.

AkvaparkTaqdir taqozosi bilan 70-yillar edi, Jizzaxga borib qoldim. Bozorga kirdim. Bir payt qandaydir ayolni men tomon oshiqib kelayotganini ko‘rib qoldim. Menga talpinar ekan, allaqachon ko‘zlaridan obi diyda oqa boshladi. Hamma hayron, u menga yetib keldi-yu, kiyimim barlaridan o‘pa boshladi. «Do‘ppingdan aylanay, – dedi u do‘ppili boshimni silab, – voy, o‘zimni Marg‘ilonim-a, qanchalar bo‘p ketti-ya...»

Marg‘ilonliklar yurtini ana shunday sevadilar, degim keldi, ammo ularni turg‘un deb bo‘lmaydi. Hozir marg‘ilonliklarni yurtimizning ko‘plab hududlarida uchratish mumkin. Chunonchi, tijoratchilik, oshpazlik, xullas, kasb-kor jihatidan ham ularning oldiga tushadiganlar kam... Ular Marg‘ilondan uzoqdalikni ham qiyomiga keltiradilar: ahillik shu darajadaki, birov-birovini hech qachon begona demaydi.

Marg‘ilon xalqi haqida so‘z ochib, holimga yarasha shaxsiy kuzatishlarimni o‘rtoqlashar ekanman, ikki ming yillik tarix lavhalarini tasavvur qilishga, Mar­g‘ilonning ulug‘ o‘tmishiyu allomalari, navqiron avlodlari haqida xulosa qilgim keldi: ulug‘ xalq bu, ulug‘... Ikki ming yilliging muborak, ko‘hna va aziz Mar­g‘ilonim!

Tilavoldi Jo'rayev,
Hurriyat.uz

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.