O‘tgan yili Parij shahridagi nufuzli “Armatan” nashriyotida Yevro-Osiyoni o‘rganish jamiyati tashabbusi bilan “Asrlarni yoritgan yulduzlar” nomli kitob chop etildi. Mazkur kitobdan fransiyalik temurshunos olim, temuriylar davrini o‘rganish Fransiya uyushmasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi «Shuhrat» medali sohibi Lyusen Kerenning «Ulug‘bek va Samarqand astronomiya maktabi» nomli maqolasi ham o‘rin olgan.
Ushbu maqola «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Janonbek Sanaqulov va Bahromjon A’loevlar tarjimasida juz’iy qisqartirishlar bilan e’lon qilindi. Bundan minnatdor bo‘lgan muallif gazeta Bosh muharriri nomiga maktub yo‘lladi.
Mazkur maqolani hamda janob Kerenning maktubi va gazeta muharririning unga javob xatini e’lon qilar ekanmiz, o‘quvchilar e’tiborini tortadi va ular qalbini yana bir karra ulug‘ allomamiz ijodidan iftixor va g‘urur tuyg‘ulariga to‘ldiradi, deb o‘ylaymiz.
...1337 yilda Turkiyaning Bursa shahrida tavallud topgan Qozizoda Rumiy taniqli qomusiy olim va faylasuf Shamsiddin al-Fanoriydan dastlabki saboqlarni o‘rgandi. Oxir-oqibat, bu ustoz arab va fors mudarrislari dars beruvchi Movarounnahr va Xurosonning mashhur madrasalarida astronomiya va riyoziyotni chuqur o‘rganish uchun Qozizodaga Turkiyani xufiyona tark etishda yordam beradi. Rumiy Samarqand madrasasida falakiyot va riyoziyot fanlarining nufuzli ulamolaridan biriga aylandi va Ulug‘bekka ham ustozlik qildi. Qozizoda o‘zi bilan birga al-Fanoriy tomonidan tuzilgan fanlar majmuasini ham olib kelgan edi. U bu asarni Ulug‘bekka o‘rgatadi. Biroq Qozizoda Ulug‘bekda astronomiya faniga bo‘lgan noyob qobiliyatni sezib, uni ko‘proq ushbu fanni chuqur o‘rganishga yo‘naltiradi. Ulug‘bek Qozizodadan ko‘p ilm o‘rgandi va uni ustoz deb bildi.
Ulug‘bek o‘sha davrning eng mashhur riyoziyotchisi va astronomi G‘iyosiddin al-Koshiyni ham o‘z maslahatchisi, ustozi deb hisoblagan. Hirotda G‘iyosiddin al-Koshiy astronomiyaga qiziqqan Ulug‘bekning ukasi Iskandar Sultonga tahsil berardi. Ulug‘bek uni 1417 yilda Samarqandga, yoniga chaqirtirib oladi. Al-Koshiy rasadxona loyihasi tashabbuskorlaridan bo‘ldi va yulduzlar jadvalini tuzishda faol ishtirok etdi.
Ma’rifatli insonlar maslahati bilan Ulug‘bek Samarqandda ilm-fanni rivojlantirish, jumladan, falsafa, riyoziyot va falakiyot ilmlari bilan shug‘ullanish niyatida katta madrasa qurdirishga qaror qildi. Hali bisyor bo‘lgan Temurbek saltanati xazinasi qoldiqlaridan bugungi kungacha Registon maydonida qad ko‘tarib turgan va o‘z nomi bilan ataluvchi ulkan madrasani barpo qildi. Bu madrasa VIII asrda Bog‘dodda al-Mansur xalifaligi davrida boshlangan islom rasadxonalari va maktablari faoliyatida yuz yillar davomida to‘plangan tajribalarning davomchisi sifatida tanildi. Dastlabki harakatlar yunon matematiklari va faylasuflarining asarlarini arab tiliga o‘girish bilan boshlangan bo‘lsa-da, so‘ngra fors va hind olimlari o‘rtasidagi munosabatlar bilan yanada boyib bordi. Yunon astronomi Klod Ptolomeyning ikki asari, eramizning 130-yillarida yaratilgan, «Almajest» va «Sayyoralar gipotezasi» asarlari Aristotel falsafasi bilan yaqindan tanish bo‘lgan musulmon mutafakkirlari e’tiborini tortdi. Ular xuddi xristian va yahudiylar singari diniy bo‘linishlikka emas, balkim Ptolomey tomonidan ishlab chiqilgan geosentrik tizimni qo‘llab-quvvatladilar: Yer Xudo tomonidan Odam ato uchun yaratilib, o‘z o‘qi atrofida aylanuvchi qo‘zg‘almas borliqdir, quyosh va oy boshqa sayyoralar singari mukammal doira shaklida Yer atrofida aylanadi. Bu tizimni harakatga keltiruvchi qonun-qoidalarni o‘rganish uchun musulmon astronomlar yunon astronomlari xulosasi va o‘zlarining shaxsiy kuzatishlari orasidagi ko‘plab qarama-qarshiliklarni bartaraf qilish borasida hisob-kitob va kuzatishlarni ko‘paytirdilar.
Darhaqiqat, VIII asrdan XIV asrgacha bo‘lgan musulmon olamida shakllangan ko‘plab iqtidorli matematik va astronomlar zamonaviy davrdan oldin bo‘lmagan. Ular hind olimlari bilan hamkorlikda yunon astronomlari xatolarini to‘g‘rilab, asl matematik modellar yaratib, o‘z mehnatlari natijalarini bayon qilganlar. Ular diniy ibodatga bog‘liq jamiyat savollariga ham javob berishlari lozim edi: muqaddas shahar joylashuvi, ibodat vaqtlari, hijriy yil hisobidagi oyning ko‘rinish sanasini aniqlash va hokazolar. Shunday qilib, ular rasadxonalar qurishga kirishdilar, ko‘plab matematik hisob-kitoblarni tuzdilar, nuqtaning tekislikdagi va fazodagi holatini hisoblab, samoviy jinslar harakatlarini o‘lchash va aniqlash uchun ko‘plab turdagi asboblarni ixtiro qildilar. Bu ishlarning nusxalari asosan arab va fors tilida tuzilgan bo‘lib, shahardan shaharga, rasadxonadan rasadxonaga almashinib turardi.
Registon maydonidagi madrasaning qurilish ishlari 1417 yildan 1420 yilgacha davom etdi. Biroq “temuriy” uslubidagi ajoyib yodgorliklardan biri bo‘lgan bu madrasaning me’mori ismini hech kim bilmaydi: devorlar, minoralar va naqshlar arab uslubidagi geometrik shakllardan tashkil topgan. Ko‘k rang, sirli, takrorlanuvchi bezaklar ko‘p ishlatilgan.
1420 yilda qurilish ishlari tugatilib, Qozizoda dastlabki saboqni Ulug‘bek ishtirokida boshlab berdi. Yangi madrasa o‘z davrining eng mashhuriga aylandi va al-Koshiy ham u yerda matematika asoslari to‘g‘risidagi bilimlari bilan talabalarga ta’lim bera boshladi. U bu haqda 1427 yilda tugatgan “Miftoh ul-hisob” «Arifmetika kaliti» asarida qayd etgan bo‘lib, asar Ulug‘bekka bag‘ishlangan va quyidagi kirish so‘zlari bilan boshlangan: «Men bu asarni eng buyuk, eng odil, eng oqil va eng mashhur olim Sulton Ulug‘bek Ko‘ragoniy kutubxonasi uchun yaratdim».
O‘quv dasturi kutubxonadagi eng mashhur musulmon astronom va matematiklarining asarlariga asoslanardi. Bu asarlar Ulug‘bekning muruvvati tufayli uning xazinasi evaziga qo‘lga kiritilgandi. U o‘zining yosh hamkasbi Ali Qushchini astronomiyaga oid xitoy qo‘llanmalari va taqvimlarini topib kelish uchun hattoki Xitoyga ham jo‘natadi.
Ulug‘bek al-Koshiy, Qozizoda va boshqa hamkasblari maslahatiga tayanib, ular niyat qilgan ansambl — ulkan astronomik rasadxonaning qurilish loyihasini ishlab chiqishga buyruq beradi. Astronomiya guruhi talabalari madrasa tahsilini tamomlab, o‘zlarining kelajakdagi vazifalarini belgilab olishgan bir paytda, shaharning shimoli-sharqidan bir necha chaqirim narida joylashgan Ko‘hak tepaligida 1420 yilda rasadxona qurilishi boshlanadi. Lashkarboshilik va hukumat ishlaridan bo‘sh vaqtlarida Ulug‘bekning o‘zi ham o‘lchov va hisob-kitoblarda ishtirok etadi.
Ulug‘bek Samarqandda darveshlar uchun ulkan gumbazli xonaqoh qurdirdi, xonaqoh hammomi rangli toshlar bilan bezatilgan bo‘lib, aholi uni shaharning eng muhtasham imorati deb hisoblardi. Jumladan, u katta karvonsaroylarga o‘xshash did bilan yasalgan yog‘och o‘ymakorli masjid ham qurdirdi. Katta bog‘ o‘rtasida 40 ustunli saroy bunyod ettirib, saroy yonida o‘zining miniatyura to‘plamlarini saqlash uchun Xitoydan keltirilgan chinni koshinlar bilan bezatilgan ajoyib xona ham qurdirgan. Temurbekning xoki joylashgan Temuriylar maqbarasini qurdirishni davom ettirdi. «Go‘ri Amir» maqbarasiga 1425 yilda Mo‘g‘ulistondan olib kelingan ulkan qora nefrit toshini o‘rnatdi hamda Toj Mahal singari muhtasham xonani chiroyli marmar panjara bilan bezatdi. Shohizinda maqbarasi kirish eshigini bunyod ettirdi. Buxoroda yangi madrasalar bino qildirdi.
Uning qobiliyati juda hayratlanarli edi, chunki Ulug‘bek nafaqat matematik va astronom, balki kitobsevar, shoir va ulkan tarixchi bo‘lib, rasadxona va madrasadagi ta’lim jarayonida va ilmiy izlanishlarda o‘zi faol qatnashib, o‘z sohasining ustasiga aylangan edi. U yangi munajjim va o‘qituvchilarni ishga qabul qilib, ba’zan talabalar bilan kamtarona va ochiq muloqotda bo‘lishdan zavqlanardi. Shuning natijasi o‘laroq, Ulug‘bek matematika sohasida juda qobiliyatli va zehnli bo‘lgan yosh Ali Qushchi, — “lochin ovchisi” bilan tanishib, do‘st tutindi. Yosh talaba uning ko‘magi sababli, keyinchalik taniqli ustoz va Ulug‘bek asarlarining davomchisiga aylandi.
O‘z sohasining bilimdoni bo‘lgan G‘iyosiddin al-Koshiy qurilish ishlarini boshqarish va rasadxona xizmatini yo‘lga qo‘yish javobgarligini o‘z zimmasiga oldi. 1429 yilda tugallangan bu rasadxona butun Osiyoni hayratga solgandi. Afsuski, rasadxonaning qurilishi diniy e’tiqodga nisbatan o‘zining hur, mustaqil fikriga ega bo‘lgan Ulug‘bek to‘g‘risida ruhoniylar tomonidan nomaqbul fikrlar, mish-mishlar tarqatish, olimni buzg‘unchilikda ayblashga asos ham bo‘ldi. Ulug‘bekni Shohruh davrida Hirotdan quvilgan bid’atchi Qosim Anvar bilan yaxshi munosabatda bo‘lganlikda ham aybladilar. Bu kabi voqealar oradan 30 yil o‘tgach, rasadxona mavqeining butunlay pasayishiga va ko‘plab munajjimlarning bu yerni tark eta boshlashiga sabab bo‘ldi. Ulug‘bekning fojiaviy o‘limidan 50 yil o‘tib, 1499 yilda rasadxona batamom buzib tashlandi.
Bugungi kunda rasadxonaning ichki va tashqi ko‘rinishi xususida juda oz ma’lumotlarga egamiz. O‘sha davrda yashagan olim Abdurazzoq Samarqandiy rasadxonani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bo‘lib, uni quyidagicha tasvirlaydi: «Bino devorlari o‘zgarmas yulduzlar, 1/60 soniyali, soniyalar, daqiqalar va osmon gumbazi darajalari bilan bezatilgan. Yana dengizlar, sahrolar, tog‘lar, Yer iqlimi mintaqalari ifodalangan dunyo jug‘rofiy xaritalari ham bor edi. Bularning hammasi nomutanosib geometrik shakllar va ajoyib suratlar bilan ifodalangan”.
Mirzo Bobur o‘z xotiralarida shunday yozadi: “Yana bir ulkan imorat astronomik jadvallar tuzishga mo‘ljallanib, Ko‘hak tepaligida uch qavat qilib qurilgan rasadxonadir».
1908 yili rus arxeologi Viatkin Ko‘hak tepaligida rasadxona qoldiqlarini topishga muyassar bo‘ldi: diametri 46 — 50 metrli doira shaklidagi imoratga taalluqli bezaklar, g‘ishtlar, tosh parchalari, shuningdek, shimol-janub meridiani bo‘ylab yo‘naltirilgan chuqurligi 11 metr bo‘lgan yerosti qismiga olib kirish joyi topildi. Tadqiqotlar davomida arxeologlar devorlarning asosini va yana bir qancha qoldiqlarni topdilar.
Samarqandiy va Bobur qoldirgan qisqa ko‘rsatmalar va xaroba qoldiqlari tufayli o‘zbek, rus va boshqa davlat arxeologlari o‘sha davr arxitektura qurilishini hisobga olib, Marog‘a, Damashq va Bag‘dod kabi dunyoning mashhur rasadxonalari qurilish arxitekturasiga tayangan holda Ulug‘bek rasadxonasi loyihasini tikladilar. Bino doira shaklida bo‘lib, balandligi 30,42 metrni tashkil qiladi, taxminan 15 metrli tepalikni qo‘shib hisoblasak, rasadxona yer sathidan qariyb 45 metr balandlikda bo‘lgan. Yassi marmarli asosga qurilgan uch qavatli binoning har bir qavati tashqariga qaragan 32 ta arkdan iborat edi. Devorlarning tashqi tomoni sirli koshinli ranglar, ayniqsa, ko‘k rang, arab harflari va gul shakllari bilan bezatilgan edi. Bino to‘g‘ri meridian bo‘ylab joylashtirilgan 21,6 metr radiusli sekstant arki bilan teng ikki qismga ajratilgan.
Topilgan devor qoldiqlari binoning pastki qismida rasadxonaning turli xizmatlari uchun mo‘ljallangan xonalar bo‘lganligini tasdiqlaydi. U yerda turli jihozlar va asbob-uskunalar saqlanadigan xonalar, ustaxonalar, asbob-uskuna va hisob-kitob hujjatlari saqlanadigan xonalar, kutubxona, majlis xonasi, xaritalar joylashtirilgan xona va yana yozuvlar hamda dars jarayonidagi suratlar uchun mo‘ljallangan xona mavjud bo‘lgan. Samarqandiy tomonidan joyi aniq ko‘rsatilmay e’tirof etilgan devoriy suratlar bilan bezatilgan xonalarning bo‘lganligini aniqlash qiyin. Ehtimol, rasadxona xodimlari va ziyoratchilar uchun oshxona, oziq-ovqat do‘koni va suv saqlash moslamalari ham bo‘lgandir.
Ulug‘bek rasadxonasida tungi osmonni o‘rganish maqsadida bir necha kuzatuvchilar uchun mo‘ljallangan maydoncha, shuningdek, gnomonli katta quyosh soati ham mavjud bo‘lgan; sekstantning tepa qismi quyosh yo‘nalishida meridian bilan kesishadigan paytda nurlar o‘tkazuvchi to‘g‘rilanadigan suyra oynali tom bilan yopilgan edi. Quyosh nuri qorong‘ulikda joylashgan sekstantning yerosti yoysimon qismida dog‘ hosil qilar, kuzatuvchilardan biri sekstantning yoysimon shakli ustiga yozilgan darajalarni kuzatib borardi. Shu ulkan asbob bilan Ulug‘bek bir yilni 365 kun, 6 soat, 10 daqiqa, 8 soniyaga tengligini aniqladi, hozirgi zamon astronomlari esa 365 kun, 6 soat, 9 daqiqa, 9,6 soniya ekanligini tasdiqlashdi. 0,32" darajali arzimas xato bilan Ulug‘bek ekliptika og‘maligini hozirgi zamon astronomlari hisob-kitobi bo‘yicha 23°30’45" daraja emas, balki 23°30’17" daraja deb bergan edi.
Sekstantdan tashqari, faqat ko‘z orqali o‘rganilgan sayyoralar va yulduzlar kuzatuvi turli xil tanish asboblar bilan amalga oshirilgan: usturloblar, armilyar shari, balistislar, trisvetrlar, shanillar hamda soat va hokazolar.
Zij (Yulduzlar jadvali) qachon yozila boshlanganligi ma’lum emas, ehtimol, 1420-yillarda bo‘lishi mumkin. Toshkentda topilgan forsiy qo‘lyozmaga asosan 1444 yilda yakunlanganligi e’tirof etiladi. Lekin Ulug‘bek umrining so‘nggi damlarigacha ham unga o‘zgartirishlar kiritgan bo‘lsa ajab emas. Bu jadval Ulug‘bek yiqqan munajjimlar guruhining zahmatli mehnati mahsulidir. Uning o‘zi ham asarni bir shaklga jamlashda ishtirok etdi. Odatga ko‘ra, rasadxona munajjimlari tomonidan tuzilgan zij o‘z sulolasi yoki hukmdor nomi bilan atalib, Ziji Ko‘ragoniy deb nomlangan. Yulduzlar jadvalining Fransiyada bosilib chiqqan nusxasi fors tilidan (Sediyyo) tarjima qilingan bo‘lib, Ulug‘bekning o‘zi yozgan 6 sahifali kirish so‘zi bilan qo‘shib hisoblaganda, 200 sahifani tashkil qiladi.
Yulduzlar jadvalini tuzish jarayonida 1430 yili al-Koshiyning, 1436 yili Qozizoda Rumiyning o‘limi olimlar uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Ulug‘bek Zijning kirish qismida ularga chuqur hurmat izhor qilib, asarning yakunlanishida yosh Ali Qushchining xizmatlari yuksak bo‘lganligini ta’kidlaydi.
Ulug‘bekning ikki o‘g‘li bo‘lib, ularga bolaligidanoq turlicha munosabatda bo‘linganligi ma’lum. Ota kichik o‘g‘li Abdulazizni erkalab o‘ziga juda yaqin tutdi, to‘ng‘ich o‘g‘li Abdulatifni esa Xurosondagi buvisi Gavharshodbegim yoniga jo‘natdi. Shu yo‘sinda, Abdulazizga ko‘proq yon bosib, uni ortiqcha e’tibor bilan Samarqandga chaqirtirib, xalq oldida valiahd deb e’lon qildi.
1447 yil 2 mart kuni qisqa betoblikdan so‘ng Shohruh Mirzo vafot etdi. Ulug‘bek bundan qattiq qayg‘uga tushib, hokimiyatni kuch bilan egallashga urinayotgan jiyanlaridan biriga qarshi Xurosonga qo‘shin tortishga majbur bo‘ldi. Abdulatifning yordami tufayli, 1448 yili Tarbobdagi jangda jiyanini mag‘lubiyatga uchratdi. Qonuniy hokimiyatni qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Samarqandga, kenja o‘g‘li yoniga qaytib keldi.
Otasi tufayli uzoq yillar poytaxtdan yiroqda bo‘lgan Abdulatif o‘zini kamsitilgan deb hisoblaydi va unda otasiga nisbatan chuqur xusumat paydo bo‘ladi. U beburdlikka berilib ketgan va shaharda o‘z bilganicha yashovchi hamda hukmdorga bo‘ysunmay qo‘ygan askarlar orasidan o‘z tarafdorlarini topishga muvaffaq bo‘ldi. Ba’zi dindor hamtovoqlariga tayangan Abdulatif o‘z atrofiga otasini taxtdan ag‘darishga shaylangan hamda hukmdorga qarshi kayfiyatda bo‘lgan jangchilardan yetarlicha yig‘ib olishga muyassar bo‘lganligi ham aniq. Ikkala qo‘shin o‘rtasidagi jang Samarqand yaqinidagi Damashq qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi. Ulug‘bek jangda mag‘lubiyatga uchradi, Abdulatif otasini asir oldirdi va uni o‘ldirish to‘g‘risida farmon berdi... Bu fojia 1449 yil 27 oktyabrda hukmdorning 55 yoshlik vaqtida sodir bo‘ldi. Ulug‘bek Go‘ri Amir maqbarasiga, bobosining yoniga dafn qilindi. Qabrtosh ustidagi yozuv Ulug‘bekning shahid bo‘lganligi va Abdulatif padarkush ekanligini tasdiqlaydi.
Bu fojianing asl sababi va mohiyati to‘g‘risida hozirgacha bosh qotirishadi. Ulug‘bekning to‘ng‘ich o‘g‘li bilan kelisha olmaganligining boisi nimada edi? Birinchi tasdiq Temurbek hukmronligining so‘ngida paydo bo‘lib, Ali Yazdiy “Zafarnoma” (1425) kitobida bu voqeaning astrologiya bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Rasmiy astrologlar tomonidan o‘rganilgan va uning o‘zi ham tekshirib chiqqan Ulug‘bekning taqdiri to‘g‘risidagi bashoratda (goroskop) ko‘rsatilishicha, uning tug‘ilgan kuni Ajdarning dum qismida joylashgan Sher burjida bo‘lib, bu halokatdan nishona edi. Abdurazzoq Samarqandiy o‘zining 1471 yilda yozgan yilnomasida bu voqeani quyidagicha to‘ldiradi: uning fikricha, Ulug‘bek va o‘g‘li o‘rtasidagi adovat ularning taqdiridan kelib chiqadi. Olim Ulug‘bekning taqdir yulduzi Ajdar dum qismida bo‘lib, baxtsizlik va musibatni ifodalasa, Abdulatifniki Ajdarning bosh qismida bo‘lib, kuch va g‘alabadan darak berishligini ta’kidlagandi.
Ulug‘bek uchun Yulduzlar jadvalining to‘rtinchi bobini tashkil qilgan astrologiya alohida bir fan hisoblanardi. U o‘zi qayta hisoblab chiqqan bu bashorat jadvali (goroskop) ga ishonar edi. O‘g‘lining o‘ziga qarshi is’yon ko‘tarishi mumkinligi bois, uni o‘zidan uzoqda saqladilar va bu Abdulatifning valiahdlik huquqidan mahrum bo‘lishiga olib keldi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, baxtiqaro Ulug‘bek o‘g‘lining nafratini qo‘zg‘ab, o‘z taqdirining shunday yakun topishiga, ehtimol, o‘zi sababchi bo‘lgandir.
Lyusen Keren:
“O‘ZBEK XALQINING EZGU FAZILATLARI MENI HAYRATGA SOLGAN...”
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi Bosh muharririga
Hurmatli Bosh muharrir, aziz o‘zbek birodarim!
Siz rahbarlik qilayotgan gazetaning 2009 yil 10 iyul sonida Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlangan «Ulug‘bekning Samarqand astronomiya maktabi» nomli maqolamni bosib chiqarganingizdan benihoya baxtiyorman. O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shish men uchun katta quvonch va sharafdir. Shu bois, maqolamni nufuzli gazetangiz sahifalarida bosish borasidagi tashabbusingiz uchun sizdan hamda maqolaning tarjimasi ustida ishlagan tarjimonlardan minnatdorman. Ushbu maqolaning fransuz va o‘zbek tillarida e’lon qilinishi astronomiya yili doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar qatorida alohida ahamiyat kasb etadi.
Bundan 48 yil avval, 1961 yili men O‘zbekistonga ilk bor safar qilib, Samarqandni o‘zim uchun katta zavq va hayrat bilan kashf etgan edim. Menga ushbu maftunkor shahar to‘g‘risida ilk bor Parijdagi afg‘on diplomati, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan do‘stim Islom Bek Xudoyorxon so‘zlab bergan edi.
Men mamlakatingizga YUNESKO tashkilotining qo‘riq yerlarni o‘rganish masalalari bilan shug‘ullanuvchi qo‘mitasi missiyasi doirasida sovet davrida ishlab chiqilgan «Qo‘riq sahro»da sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyiha”ning amalga oshirilishini ko‘rib chiqib, tegishli xulosa tayyorlash uchun yuborilgan edim. Achinarlisi shundaki, mazkur loyiha Orol dengizining fojiali qurishiga olib kelgan sabablardan biri bo‘ldi.
Shu birinchi tashrifim chog‘idayoq men o‘zbekistonliklarning samimiy va ko‘ngli ochiq insonlar ekanligi, mehmondo‘st va bag‘rikengligidan hayratga tushib, xalqingizning bu fazilatlariga yuqori baho bergan edim. Yana bir narsani ta’kidlamoqchimanki, o‘zbek xalqi sovet tsenzurasi hukm surgan davrda ham buyuk davlat arbobi, ajoyib sarkarda, sohibqiron Amir Temurni unutmagan edi. O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishgandan keyin, mamlakatingizda uch marotaba bo‘ldim va har gal o‘zbekistonliklarning menga ko‘rsatgan chuqur hurmat-ehtiromini sezib turdim.
O‘zbekistonga qilgan safarlarim chog‘ida mustaqillikdan keyin Prezident Islom Karimovning ochiq va oqilona siyosati tufayli o‘zbek xalqi jahon san’ati, madaniyati va ilmi rivojiga katta hissa qo‘shgan Amir Temur hamda temuriylarning boy tarixiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish, bu bebaho xazina to‘g‘risida baralla gapirish imkoniyatiga ega bo‘lganligiga guvoh bo‘ldim. Prezident Islom Karimovning bu boradagi qarorlari, amalga oshirgan ibratli ishlari alohida tahsinga sazovordir. Zero, xalq o‘z o‘tmishini bilishi, ulug‘ ajdodlari bilan faxrlanishi lozim.
Temuriylar davri tarixi, jumladan, Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan izlanishlar va tadqiqotlar o‘tkazishga qo‘shgan hissamdan faxrlanaman. Bu mavzuda men ikkita kitob, ko‘plab maqolalar yozdim, bir qator konferentsiyalar o‘tkazdim. O‘zbek-fransuz madaniy aloqalarini rivojlantirish maqsadida 1988 yildan e’tiboran Frederik Bressan xonim bilan Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish jamiyatini tuzdik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov mening bu kamtarona mehnatimni munosib baholab, 1996 yili YUNESKO bosh qarorgohida Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash doirasida menga O‘zbekistonning yuksak mukofoti — «Shuhrat» medalini topshirdi.
Muharrir do‘stim. Yoshim to‘qsonga yaqinlashib qoldi. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston bilan bog‘liq unutilmas xotiralar bilan yashab, ijod qilib kelmoqdaman. 1993 yili Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi da’vati bilan Parijga kelganingizni, YUNESKO Bosh qarorgohidagi ma’ruzangizni, mustaqil O‘zbekistonning ilk qadamlari to‘g‘risidagi hayajonli suhbatlaringizni yaxshi eslayman. O‘shanda siz menga o‘zbek do‘ppisi va xalq ustalari tayyorlagan san’at asari darajasidagi pichoqni sovg‘a qilgan edingiz. Do‘ppini boshimga kiydim, pichoqni esa qadimiy fransuz odatiga ko‘ra, ramziy ravishda bir frankka sotib oldim. Bu sovg‘alarni hali-hanuz saqlab kelaman. Mening Amir Temur haqidagi asarlarimdan parchalarni e’lon qilganingizdan boshlab esa, gazetangizga alohida mehrim tushgan.
Menga berilgan ushbu ajoyib imkoniyatdan foydalanib, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi o‘quvchilarini, men uchun qadrdon bo‘lgan o‘zbekistonliklarni qo‘shaloq bayram — O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 18 yilligi va uning poytaxti Toshkent shahrining 2200 yillik bayrami bilan samimiy qutlayman. Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt va farovonlik tilab, ushbu maktub orqali o‘z ezgu niyatlarimni yo‘llayman.
Hurmatli Bosh muharrir va aziz do‘stim, sizga bo‘lgan hurmat-e’tiborimni qabul etgaysiz.
Lyusen Keren,
Temuriylar davri tarixi va san’atini o‘rganish jamiyati raisi
* * *
Parij, Fransiya
Temuriylar davri tarixi va san’atinio‘rganish jamiyati raisi L. Kerenga
Muhtaram Lyusen Keren janoblari!
Assalomu alaykum!
Menga yo‘llagan maktubingizdan benihoya xursand bo‘ldim. Maktub gazetamizda e’lon qilindi.
1992 yili AQShning Indiana universitetida Sharq mumtoz adabiyotining zukko bilimdonlaridan biri Yuriy Bregel domla bilan uchrashganimda, u kishining Ogahiy ijodiga doir favqulodda muhim tadqiqotlarini ko‘rib, o‘zimizdan chiqqan buyuk allomalarni xorijlik olimlar bizdan ko‘ra chuqurroq bilishlaridan hayratga tushgan edim. Oradan ko‘p o‘tmay, Madison universitetida fransiyalik tadqiqotchi Kertin Pujol xonim menga siz to‘g‘ringizda gapirib qoldi. O‘shandayoq o‘z vatandoshlari jur’at eta olmay turgan o‘ta mas’uliyatli mavzuga qo‘l urgan Sizdek fidoyi olim bilan uchrashishni niyat qilgan edim. Oradan bir yil o‘tgach, Parijda Siz bilan uchrashishga muyassar bo‘ldim. Suhbatlarimiz chog‘i Amir Temur va temuriylar davrining zukko bilimdoni ekanligingizdan iftixor qildim.
Taassufki, biz, yurtimizda turib ham, uzoq yillar davomida o‘z tariximizni o‘rgana olmadik, ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy, ma’naviy merosdan bebahra yashadik. Sobiq tuzum mafkurasi bunga yo‘l bermadi. Bu mafkura bizni Amir Temurdek buyuk sarkarda va davlat arbobiga, temuriyzodalar ma’rifatiga, imom al-Buxoriy, imom at-Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Qaffol ash-Shoshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Najmiddin Kubro, Shayx hovand Tahur kabi allomalarga aslo yaqinlashtirmadi. Bunday ulug‘ zotlarning merosi xorijiy davlatlarda Siz kabi fidoyi olimlar tomonidan qunt bilan o‘rganilayotgan, ilmiy anjumanlar o‘tkazilayotgan, asarlar yozilayotgan bir paytda biz kommunist dohiylarning kitoblarini o‘qish bilan band bo‘ldik. Buni qarangki, biz maktab darsliklari orqali Yevropa tarixini, rus-yapon urushi tafsilotlarini, Dmitriy Dolgorukiy davrida qanday islohotlar amalga oshirilganini yoki knyaz Oleg paytida kim kimga qancha o‘lpon to‘laganini qayta-qayta o‘qib o‘rganibmiz-u, dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan o‘zimizning donishmand bobolarimizni o‘qimabmiz. Bu kemtikni to‘ldirishda AQSh va Yevropa olimlarining, jumladan, sizning jur’atingiz bizga juda ham qo‘l kelganligini yana bir bor takrorlasam, ortiqcha bo‘lmas. Tarixni soxtalashtirish va unga bepisand nazar bilan qarash shu darajaga yetib borgan ediki, Prezidentimiz Islom Karimov mustaqillikning dastlabki yillarida poytaxt Toshkentning qoq markazida joylashgan xiyobonda Sohibqiron Amir Temurga haykal o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekkanlarida, dunyoqarashi sobiq tuzum mafkurasi ta’sirida shakllangan ko‘pgina mahalliy siyosatdonlar, ayrim olimlar ham yon-atroflariga sirli ajablanish bilan qarashgan edi.
Parij safari davomida olamaro mashhur Luvrni, Gimey muzeyini, Versal saroyini tomosha qilishdan bir olam taassurot oldim. Versal saroyida o‘smirlik yillarim bir emas, bir necha marta o‘qib, g‘oyibona mehr qo‘ygan, kechalari tushimga kirib chiqadigan afsonaviy qahramonim — Janna d, Ark bilan yuzma-yuz keldim. Uning favqulodda ta’sirchan, sirli-mahobatli suratiga uzoq tikilib qoldim. Orlean jangi g‘olibasi mening o‘smirlik tasavvurimda ayni shunday gavdalangan edi. Luvrda meni hayratga solgan narsa — fotih Napoleon davrida bu yerga Misrdan olib kelingan qadimiy osori-atiqalarning saqlanishi bo‘ldi. Muzeyda ular qadimiy Misr madaniyatining nodir namunalari, necha ming yillik tarixning tilsiz guvohlari sifatida e’zozlanayotgani, ehtiyotlanayotgani meni chinakamiga hayratga soldi. Muzey xodimlarining hikoya qilishlaricha, Napoleon bu yodgorliklarni Fransiyaga olib kelishda o‘z askarlaridan ulardan birortasiga zarracha bo‘lsin shikast yetkazmaslikni, birortasi kimningdir shaxsiy mulkiga aylanib ketmasligini talab qilgan ekan. Sobiq sovet tuzumi darsliklarida johil, g‘azabi cheksiz bosqinchi va talonchi deb ta’riflangan Napoleonning o‘zga bir xalq tarixi va madaniyatiga nisbatan bunday ehtiromi men uchun kutilmagan bir hol edi. Bundan shu qadar ta’sirlandimki, Versal saroyiga qayta borib, «Napoleonning taxtga o‘tirishi» deb nomlangan ulkan polotnoni yana bir bor tomosha qildim, shaharga qaytgach, uning xotirasiga qurilgan panteonga borib, fotih bilan g‘oyibona suhbat qurdim.
Janob Keren, bu gaplarni sizga batafsil yozayotganimning sababi, qizilarmiyachi sarkarda Frunze o‘tgan asrning yigirmanchi yilida Buxoroni to‘plardan ayovsiz ravishda o‘qqa tutgani, ne-ne yodgorliklarni vayron qilgani sizga yaxshi ma’lum. Yana bir narsadan xabaringiz bo‘lishi kerakki, o‘sha yillari xalqimizning son-sanoqsiz boyliklari, tilla va kumush buyumlar, taqinchoqlar, Amir Temur va temuriylar davriga bevosita taalluqli bo‘lgan noyob osori-atiqalar, uylarda saqlanayotgan buyumlar vagonlarga yuklanib, peshma-pesh sho‘rolar saltanatining bosh shaharlariga olib ketilgan. Ularning aksariyati shaxsiy kollektsiyalarga tarqatib yuborilgan, sotilgan, o‘zlashtirilgan, hadya qilingan. Bu haqda o‘ylaganingda ko‘ngil hanuz g‘ash bo‘ladi.
Safarim chog‘i suhbatdoshlarim mening oddiy bir axborotimdan ko‘p ta’sirlanishdi. Men ularga O‘zbekistonda Balzak, Mopassan, Jyul Vern, Emil Zolya, Prosper Merime va boshqa ko‘plab fransiyalik adiblarning kitoblari kirib bormagan xonadonni topish qiyin dedim. Bu gapda aslo mubolag‘a yo‘q. Bu mualliflarning asarlari o‘zbek tilida juda ko‘p marta chop etilgan va bugun ham sevib o‘qiladi. Bizning jahon adabiyoti to‘g‘risidagi tassavvurlarimiz ayni shu asarlar ta’sirida ham shakllangan.
1994 yili gazetamizda sizning “Amir Temur saltanati” tarixiy romaningizning bir necha bobini Bahodir Ermatov tarjimasida e’lon qildik. Amir Temurga bag‘ishlangan sahna asaringiz Samarqand teatrida namoyish etildi. 1999 yili esa “Amir Temur saltanati” kitob holida o‘zbekistonlik o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi.
Aytmoqchimanki, O‘zbekistonda Sizni yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi. Gazetamizda Ulug‘bekning Samarqanddagi observatoriyasi haqidagi maqolangiz va menga yozgan maktubingiz e’lon qilinganida, juda ko‘p muxlislaringiz, tarixchi olimlar, shoir va adiblar, turli kasb egalari bizga qo‘ng‘iroq qilib, Sizga samimiy minnatdorchiliklarini bildirishdi. Ularning qutlovlari va ezgu istaklarini qabul qilgaysiz.
Yana bir gapni alohida ta’kidlamoqchiman. Gazetamizda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan aloqalari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonga kelgan birinchi elchi Jan Pol Vezian bilan do‘st-qadrdon bo‘lib qolgan edik. Bir gal janob elchini tahririyatga taklif etganimizda, u “Tarix hech qachon o‘zgarmaydi, voqea-hodisalar qanday sodir bo‘lgan yoki sodir etilgan bo‘lsa, shundayligicha qoladi, faqat ularga nisbatan munosabat goho-goho o‘zgarib turishi mumkin”, degan edi. Bugun sobiq ittifoq hududidagi ayrim davlatlarda ba’zi bir “tadqiqotchi”larning yaqin-o‘tmish tarixini o‘z manfaatlari yo‘nalishiga moslashtirib talqin etishga urinishayotganiga duch kelganimda, janob elchining shu muhim gapi yodimga tushadi.
Muhtaram ustoz!
Sizni shunday deb atashga ijozat bergaysiz. Zero, biz — o‘zbekistonlik muxlislaringiz Sizdan ko‘p narsa o‘rgandik, yozgan asarlaringizdan bahramand bo‘ldik, buning uchun benihoya minnatdormiz. Siz bilan yana bir bor uchrashishga, suhbatlarimizni davom ettirishga umid bog‘lab,
Ehtirom bilan:
Ahmadjon Meliboyev,
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi Bosh muharriri
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 11-son.