OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Gar. Mahallamning oltin tuproqlari

Toshkent, Toshkent!..

Assalom, eski qadrdonim! O‘n yetti yildan beri ko‘rishmabmiz. Avvalo, meni taniganing uchun tashakkur! Seni ko‘rib, juda ko‘p voqealarni yodga oldim. Umuman olganda, xotira bu – odamga berilgan eng katta yaxshilik va xuddi shunday yomonlik ham. Chunki xotira – vijdon. Azizim, men faqat beg‘ubor xotiralarnigina eslasam, maylimi?..

Men bundan ellik uch yil muqaddam Shayxontohurda, ulug‘lar maqbarasidan yuz qadam narida joylashgan va ularning sharafli nomlari qo‘yilgan mahallada dunyoga kelganman. O‘shanda bizning egnimizda qora shalvargina bor edi, xolos, boshimiz tap-taqir qilib qirtishlangan, tanimiz esa quyoshda qoraygan, bitta kulol qo‘lida pishib chiqqan ko‘zalarday bir xil edik. Shu ahvolda tor va qing‘ir-qiyshiq ko‘chalarda o‘ynab yurardik. Mahallaning oltin tuproqlari esa tovonlarimizni kuydirar edi...

O‘sha paytlar lanka – bolalarning eng sevimli o‘yini bo‘lgan. U bir tutam qo‘y junidan kesilib, uzun yoki kalta, xullas, ta’bga qarab har xil bo‘lardi. Lanka og‘irroq bo‘lishi uchun uning orqa tomonidan o‘rtasiga qo‘rg‘oshin quymasi sim bilan qotirilardi. Lekin oyoq bilan tepaga yo‘naltirilganda ko‘tara olmaydigan darajada og‘ir bo‘lmasdi, albatta. Lankaning o‘ziga xos o‘nlab turi bor bo‘lib, belgilangan tartib va mohirona uslubda bajarish taqozo etilardi. Xullas, mahalla biz – yalang‘och bolakaylarni g‘alaba sari intilishga o‘rgatdi.

Eslayman: miriqib o‘ynab bo‘lgach, tushlikka borardik. Yemishimiz ham oddiygina: suvi qo‘l bilan chiqariladigan musluk atrofida qotgan non burdalarini ivitib, ta’riflab bo‘lmas ishtaha bilan pok-pokiza tushirardik. Nonni oiladagi o‘n bir farzandning biri bo‘lgan, mening mahalladosh do‘stim – Hamidning onasi tandirda yopardi. Ular oddiygina hayot kechirardi. Lekin ularning hovlisiga kirgan har bir inson borki, xoh u bola bo‘lsin, xoh katta yoshli odam, bir piyola choy bilan issiq non yemasdan ketmasdi. Bizga esa qiyshiq jo‘mrakli musluk oldida suvga botirilgan qattiq non yoqardi.

Xuddi kechagiday ko‘z o‘ngimda: mahallamizga to‘ppa-to‘g‘ri boshlab boruvchi Gorkiy nomidagi asosiy ko‘chada bir-biridan teppa-teng uzoqlikda joylashgan, temir qalpoqli sim yog‘ochlar, xira chiroqlar bo‘lardi. Uzangan simlarda osilgan varrak parchalari ham esimda. Ularning ba’zilari bu yerga yaqinda tushgan esa, boshqalari – urushdan oldin. Hamda har kuni qog‘oz, qamish va un yelimidan yasalgan yangi-yangi “qushlar” ko‘kka parvoz qilib qolardi. “Qush”ni biz uchirardik: boshimizni yuqori ko‘targancha, qo‘limizdagi moslama bilan varraklarni boshqarar, baland-balandlarga zavq bilan yo‘naltirardik. O‘shanda to‘pig‘imizgacha oltin tuproqqa botib chopardik va o‘zimizning qog‘oz qanotlarimiz o‘sib chiqqanidan yuraklarimiz quvonchga to‘lardi. Shunday qilib, mahalla bizlarni parvozga ham o‘rgatdi...

Men mahalla haqida karnay-surnay sadolari ostida uzoq-uzoq kuylagan bo‘lardim. Lekin 1966 yilda qo‘shiq bo‘linib qoldi. Zilzila!.. U hammasini barbod qildi. Qal’aga o‘xshash uy bir necha daqiqada vayronaga aylandi. Unga yetkazilgan jarohatni tuzatib bo‘lmas edi. Biz ikki oy davomida oilamizning barcha a’zolari bilan birga ishkom tagida o‘rnatilgan harbiy palatkada jon saqladik. Uyga kirishga esa qo‘rqardik, chunki yer osti silkinishlari hali-hamon davom etardi. Uy uch qadam narida, lekin endi yashab bo‘lmas ahvolda so‘ppayib turardi. Tor, brezent palatkamizda qarindosh-urug‘larimiz tez-tez yig‘ilishardi. Meni xatna qilishganda, mahallamizdagi deyarli hamma qo‘shnilarimiz bu “ulug‘ hodisa”ni nishonlashgani shundoqqina yodimda: yuzlab shamchiroqlar yongan va odamlar parvona-kapalaklardek, yana savdoyilardek o‘ynashgandi. Ha, zo‘r bo‘lgandi o‘shanda... Nihoyat, bazm o‘z nihoyasiga yetgandi. Alvido, uy! Alvido, atirgulga kon, chorbog‘li ulkan hovli! Alvido, afsonaviy xazina qidirib, men “kovlab” tashlagan bolalik makon! Alvido, qayoqqa jo‘nab ketayotgani noma’lum bo‘lgan do‘stlarim!..

Mahalla buzib tashlandi. Biz – beshovlon, bir-birlariga o‘xshagan dahalardan biriga, ikkita yonma-yon joylashgan, shifti past xonali torgina kulbaga ko‘chib keldik. Siqilishib qoldik. Oltin tuproqli tor ko‘cha o‘rnini endi kulrang asfaltli ko‘cha egalladi va biz bu yerda butunlay boshqa qonun-qoidalar asosida yashay boshladik. Men yangi maktabga bordim va u yerda istarasi issiq bironta kishini uchratmadim. “Kelgindi” laqabi menga birinchi kundanoq yopishtirildi. Har kuni o‘z haq-huquqimni saqlab qolish uchun kurashishga to‘g‘ri kelardi. Biz mahallada hech qachon mushtlashmasdik. Tortishardik, arazlashardik, lekin mushtlashmasdik. Bu yerda – men uchun yangi va yovvoyi bo‘lgan muhitda, zo‘ravonlikka asoslangan “munosabat” odatiy hol edi. Eslasam – mushtni qattiq qisib urishni o‘rgangunimcha, ancha-muncha kaltak yeb qo‘ygan ekanman.

Ikki yildan keyin biz nomarg‘ub kulbani tashlab, o‘zimizning qadrdon uyimizga qaytib bordik. Mahallamizning iliq bag‘rida leningradliklar tomonidan qurilgan ulkan turar-joy mavzasi qad rostladi...

...Qara, o‘n yetti yil biz sen bilan ko‘rishmabmiz, Toshkent! Bu yillar mobaynida sen sezilarli darajada o‘zgargansan, yangilangansan! Mening esa soch-soqolim oqiga oq qo‘shildi, yurak ham bezovta bo‘lib turadi. Nima bo‘lgandayam, o‘zimni senga tengdoshdek his qilayapman.

Uyga kela turib, birinchi ko‘rgan narsam – yorqin ranglardagi peshtaxta bo‘ldi: “Shayxontohur mahallasi”. Bu bir juft so‘z men uchun har qanday poyandoz, orkestr va guldastadan ortiqroqdir! Albatta, menga poyandozu orkestr qayoqda deysan. Ammo ikkita so‘z men uchun ham bor bu dunyoda – “Shayxontohur mahallasi”. Mazkur nom shodumonlik nishonasi edi: axir, men, nihoyat, uydaman! Kelgan kunimning ertasiga qo‘shnilarim palov, shirinligu issiq nonlar ko‘tarib kirib kelishdi: Assalomu alaykum!..

Keyin men singlim bilan ikki kun davomida qabristonni ziyorat qildik: o‘ttiz yettita qabr! Bizning bir paytlardagi katta oilamiz. Nahotki, ularni shunday qoldirish, unutish mumkin bo‘lsa?!.

Mening o‘g‘lim – sening nabirang, Toshkent, hozir Rossiya armiyasida xizmat qilayapti. U bir necha oydan so‘ng harbiy xizmatdan qaytadi. Askar o‘g‘lim o‘z xatida shunday yozibdi: “Armiyadan keyin menga poezdga bitta bepul chipta berildi. Toping-chi, ota, men qaerga boraman?.. Topdingiz – Toshkentga!”.

Men esa sening bag‘ringga boshlab qo‘ygan romanimni yozib tugatish uchun qaytdim. Top-chi, Toshkent, u nima haqida? Topding: sening bitta mahallang – meni o‘z bag‘rida katta qilgan mahallang haqida! Bir kuni qo‘shni qizcha, olti yoshli qorako‘z Jasmina, meni jiddiy ogohlantirdi:

– Siz maktab yonidagi futbol maydonidan yurmang!

– Nega?

– U yer tuproqli-da!

Yoqimtoygina Jasmina, men senga quloq solmadim va o‘sha futbol maydoniga bordim, boshmoqlarimni yechdim va to‘ppa-to‘g‘ri birinchi darvozadan ikkinchisiga qarab yo‘l oldim. Shunda mahallaning oltin tuproqlari tovonlarimni tag‘in kuydirdi. Baland osmonda esa varraklar parvoz qilardi. Demak, kichkintoylarning biridan “qanot”lar o‘sib chiqibdi, qanot!.. Parvoz uchun qanot, eshityapsanmi, Toshkent, parvoz uchun!..

Rus tilidan S. Komilova va U.Hamdam tarjimasi

     “Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.