OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Taranov. Tirik sayyora

“Yer – jonli mavjudot”, degan edi mashhur yozuvchi Artur Konan Doyl. Yozuvchining “Yer faryodi” nomli ilmiy-fantastik romani qahramoni professor Chelenjer shunday deydi: “O‘simliklar, jonivorlar – Yer jismining yunglari, vulqonlar issiqlik nuqtalari, suv quyilish, chiqish joylari – Yer nafasi ekanligi shubhasizdir”. Professor: “O‘z tirikliging alomatini bildir. Yer”,– deya haddan ziyod chuqur shaxta kavlab, yer jismini o‘yuvchi mashina bilan o‘yadi. Yer bu og‘riqqa javoban silkinib, bo‘g‘zidan faryod-vulqon otila boshlaydi. “Yer faryodi” romani bosilib chiqqandan ke-yin oradan yuz yillar o‘tdi. Endilikda taniqli olim, yer osti tadqiqotiga oid ko‘plab asarlar muallifi Igor Yanitskiy ham Konan Doylni tasdiqlab, Yer tirik, demoqda. Yer nainki tirik, balki, oqil mavjudotdir. U o‘z yoritqichi quyosh, shuningdek, Galaktika markazi bilan muntazam axborot almashib turadi. Bu axborot Yer markazidan uning sirti bo‘ylab o‘tgan kanallar orqali uzatiladi.

Konan Doyl singari Yanitskiy ham Yer o‘z yelkasida odamzodni ko‘tarib yurishini biladi, deydi. Atom portlashlari, vujudini o‘yib qurilgan skvajinalar, uning bag‘riga ko‘milgan zaharli, radioaktiv moddalar tirik sayyora halovatini buzadi. Bunga javoban Zamin insoniyatga o‘z noroziligini bildirib turadi. Zilzila, to‘fon, sel singari tabiiy ofatlar vositasida Zamin o‘z noroziligini bildirmoqda. Keyingi vaqtda g‘oyat ko‘payib ketgan tabiiy ofatlarni Yerning ogohlantiruvchi, inson aqliga ishora harakatlari, deya anglamoq kerak.

Yer tirik vujudligini, biz odamlardan ko‘ra oqilroqligini tan olish vaqti-soati yetdi, deb yozadi Yanitskiy “Fizika va din” kitobida. O‘tkazgan zulmu zo‘ravonliklarimizga moviy sayyora uzoq vaqt toqat qilib keldi. Mana endi ko‘z o‘ngimizda sabr kosasi toshayapti. Odamzod yo kimo‘zar texnokratiyadan voz kechadi, yo kelajak tamaddunning, Yerda bizgacha hayot bo‘lganmi-yo‘qmi, deya boshi qotadi.

Aksariyat rus olimlarining tad-qiqotlari shunday xulosa beryapti: Yer quyosh atrofida shunchaki aylanib yurgan jonsiz shar emas, balki, u jonli vujuddir. Insoniyat sog‘lom tafakkurga zid ravishda faqat nafsi-havosini o‘ylab tabiatga yetkazgan ozoru-aziyatlar, kulfatlari uchun Yer huzurida so‘roq berajagi muqarrar.

Til topishsak ajabmas

Balki tirik sayyora hamda insoniyat munosabatlari izidan chiqib ulgurmagandir? Bir-birini tushunib, mutanosiblikda, uyg‘unlikda yashash yo‘llari bordir, demoqda iqtisod fanlari doktori, professor Georgiy Kuznetsov. Olimning fikricha, inson Yerning kichik moduli. Inson qanday tuzilishga ega bo‘lsa, Yer ham shunday shaklllangan. Insoniyat va hayvonotgagina xos xususiyatlarga ega materiya turlari jonli, aqlli hisoblanadi. O‘lchami, quvvat iste’moli, yashash muddati, modda almashinuvchi jarayonlari tezligi bilan tabiatdagi ayrim unsurlar tirik va aqlli jonzotlardan farqlansa-da, ular ham bir butun borliq – hayot zanjirining halqasi hisoblanadi. Ammo inson sayyoradagi yagona aqlli mavjudot, u birlamchi, deb hisoblanuvchi moddiyunchilar bu haqiqatni tan olmaydilar. Ular zaminda neki bor, barchasi inson manfaatlariga xizmat qilishi kerak, deya talqin etadilar. Insonning Yerga, havoga, suvga, o‘simlik, hayvonot dun-yosiga, yerosti boyliklariga nisbatan munosabatida bu noto‘g‘ri talqini yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Odamzot zaminning tabiiy boyliklarini, ne’matlarini ko‘r-ko‘rona yo‘q qilib, Yer jismini zaharlovchi dorilar, radiaktiv qoldiqlar, sun’iy narsalar axlatlari bilan zamin bag‘rini to‘ldirishyapti.

1960 yil. Professor G. Kuznetsov boshchiligida bir guruh olimlar “Yer – bir butun aqlli mavjudot”, degan aqidani tasdiqlash maqsadida g‘aroyib tadqiqot o‘tkazishdi. Biolokatsiya operatorlari sayyoraga iltimos bilan murojaat etishib, bunga Yer qanday javob qaytarishini asboblar yordamida qayd qilib turishdi.

Inson Yerga iltimosini, avvalo, o‘z ongida shakllantirib oldi. Iltimos ongdan ost ong-idrokka o‘tdi. Olimlarning fikricha, inson va Yerning ost-ongi idrokli vazifalari, ishlash qonuniyatlari, axborot almashinuv tili bir xil bo‘lib, inson nimaniki idrok etsa, Yer ham shuni idrok etadi. Insonning ostongi idroki sayyora ost-ongi-idroki bilan aloqa bog‘lashning o‘ziga xos yo‘lakchasi hisoblanadi. Endi biolokatsiya operatorining iltimoslariga Yer qanday javob berganligi haqida to‘xtalsak. Operator:

–Onajon – Yer, iltimos, havo haroratini biroz isitsang.

Havo isib ketdi. Ob-havo darajasi-ni aniqlovchi asboblar buni qayd etdi.

–Onajon Yer, iltimos, havoni harakatlantirib, shamol qo‘zg‘otsang. Suvni to‘lqinlantirsang.

Yer operatorning ko‘z o‘ngida bu iltimoslarni bajardi, hatto operator xayolotida, iltimosiga ko‘ra, NUJ, qor odam tasvirini chizib berdi! Yerga idrokan (balki buni qalban deb talqin qilish kerakmikin? –M.U.) iltimoslar bilan bog‘liq tadqiqotlar bir necha yil davom etdi. Inson va Yer muloqoti natijasida olimlar ongida Zamin jismining tuzilishi to‘g‘risida tasavvurlar hosil bo‘ldi. Hayvonot va o‘simlik dunyosi Yerning jonli hujayralari hisoblanarkan. Oqsilli hayot tarziga ega bu jonli hujayralarning o‘ziga xos vazifalari bor. Birinchidan, o‘simlik va hayvonot dunyosi Yer jismining modda almashi-nuv jarayonida ishtirok etadi.

Ikkinchidan, Yer Koinotdan kelayotgan quvvat hamda axborotni o‘simlik, hayvonot dunyosi orqali qabul qiladi. O‘simlik va hayvonot dunyosi Yerning sezgi a’zolaridirki, ular yordamida ko‘radi, eshitadi, sezadi, turli jism maydonlarini idrok etadi.

–Yer o‘z bag‘rida insoniyat bor-ligini biladi, sezgi a’zolari – o‘sim-lik, hayvonot dunyosi orqali inso-niyatning xulq-atvorini kuzatadi va eng hayratlanarlisi shundaki, zamin odamlar idrokiga ta’sir o‘tkazib, jamiyatni boshqaradi! – deydi professor G.Kuznetsov. – Bu boshqaruv geopsixologiya – Yer ruhiyati qonu-niyatlariga asoslanadi.

–Modomiki, inson o‘z jismi a’zolarini boshqaruvchi – xalifa (ko‘zi, odam xohlagan go‘zallikka qaraydi, oyoqlari qayoqqa istasa boshlab boradi, qo‘li istagiga muvofiq buyrug‘ini bajaradi) ekan, nima uchun Yer ham o‘z tanasida yashovchi insoniyatni boshqarmasin?! Yer bir butun borliq bilan uyg‘unlikda hayot kechirish qonuniyatlariga bo‘ysunib yashaydi. Ana shu qonuniyatlar insoniyat tomonidan buzilgan taqdirda boshqaruvchi Yer o‘z jismini uni halokatga tortayotgan qabohatga, razolatga, fahshga, zalolat-ga botgan nafs qullari iskanjasidan qutqarish harakatiga tushadi. Atlanti-da halokati, Obi-azob, ya’ni Yer sathini butkul suv bosishi, Saddom, Hamo‘ra, Pompey singari shaharlar boshiga tushgan falokatlar sayyora o‘z jismini o‘zi poklay olish qudratiga ega ekanligining isbotidir. Ba’zan haddan oshgan insoniyat idrokiga o‘z-o‘zini halok etish to‘g‘risida amr eta-di, davlatlararo urushlar boshlanadi. Zamin o‘z jismidagi xavfli o‘smaga aylanib borayotgan ayrim insonlardan xalos bo‘lish uchun turli yo‘llar tutadi. Mikroorganizmlarda tirik olam uchun xavfsiz, ammo insoniyat uchun halokat-li viruslar paydo bo‘ladi. Bularning barchasi Yer sayyorasi naqadar oqil boshqaruvchi ekanligining dalili emasmi?”

Yer – his etadi, kuyunadi

Yer chin ma’noda tirik: u nafas oladi, his etadi, kuyunadi, deydi rossiyalik olim Vladislav Lugovenko. Olim muqaddas kitoblarda aytilgan haqiqatlarga fan tobora yaqinlashib borayotganini e’tirof etadi. Ma’lum-ki, DNK molekulasi o‘zida genetik ma’lumotlarni asraydi. XX asrning o‘rtalarida miyaga va asab hujayralariga ega bo‘lmagan bu molekulalarda xotira qanday paydo bo‘lgan, degan muammo yuzaga kelgan edi. Keyinchalik ma’lumotni saqlovchilar – sirli to‘lqinlar ekani ma’lum bo‘ldi va ular solitonlar, deb nomlandi. Olimlar ular o‘zini aqlli mavjudotdek tutishini ta’kidlashdi, biroq bu mo‘‘jiza sirini tushuntira olishmadi.

Oradan qirq yilcha o‘tib, Pyotr Goryayev boshchiligidagi rus olimlari ularning harakatini maxsus uskunalar yordamida kuzatishga muvaffaq bo‘lishdi. Sirli to‘lqin DNK zanjiri bo‘ylab yugurar va go‘yo undagi irsiy ma’lumotni “o‘qirdi”. Biroq bu kashfiyot yangidan-yangi savollarni keltirib chiqardi: solitonlar harakatga kelishi uchun kim buyruq beradi? Bizning moviy sayyoramizda bunchalik murakkab va ayni paytda oldindan o‘ylangan stsenariy bo‘yicha hayotni kim qaror toptirgan? 90-yillarda solitonlarga magnitofonga yozilgan odam nutqi o‘rnatildi. Natija juda hayratlanarli edi: odam nutqi ta’sirida solitonlar g‘oyatda faollash-di, go‘yo tirilishdi. Shundan so‘ng kuchli radioaktiv nurlanish olgan bug‘doy donalari tekshirish uchun olindi. Nurlanish oqibatida DNK zanjirlari uzilib, urug‘lar yaroqsiz holatga keladi. Biroq ularga “gap o‘rgatilgan” solitonlar bilan ishlov berilganda, urug‘lik donalarining yarmi ko‘kargan. Mikros-kop orqali bu bug‘doy donalaridagi radiatsiya buzgan xromosomalarning tiklanishi kuzatilgan. Nahotki, oddiy so‘zlar o‘lik hujayrani tiriltirsa, degan savolga javob berarkan, akademik V.Lugavenko quyidagilarni ta’kidlay-di: Bu juda ham oddiy so‘zlar emas, balki muayyan ohangga solingan, sarbast she’r musiqasini eslatuvchi bir maromda aytilgan so‘zlar edi. Odam nutqi ta’sirida solitonlarning tirik-lik quvvatiga erishgani mo‘‘jiza-yu, biroq bu fakt.

Olimning uqtirishicha, so‘z mate-riyaga ta’sir ko‘rsatadi, so‘z yaratish yoki vayron etishi mumkin. Duolar yordamida sog‘ayishni bunga misol qilib kelti-rish mumkin. Qolaversa, aytilmay qolgan so‘z – fikr ham ozmuncha kuchga ega emas. Bir-birovga havas yoki hasad qilib, kimgadir yomonlikni sog‘inib va fikran undan qasos olgan bo‘lib, bu o‘y-fikrlarimizning o‘zi vayrona-garchilik keltirib chiqarishini o‘y-lamaymiz. Tabiiy ofatlar, halokatlar, urushlar – ana shu nomaqbul o‘y-fikrlar oqibati emasmikin?!

Keyingi ikki yil mobaynida biz AQSh va Hindistondagi hamkasblari-miz bilan fikrlarning sayyoramiz holatiga ta’siri bo‘yicha tajribalar o‘tkazdik. Buning uchun ko‘plab odamlar o‘z ixtiyorlari bilan dunyoning turli shaharlarida (jumladan, Moskvada ham) guruh-guruh bo‘lib yig‘ilishib, makondagi muayyan nuqta haqida fikr yuritishga urinishdi. Yaqinda o‘tkazilgan shunday tajribalardan birida, oltmish ming, boshqasida yuz ming kishi qatnashdi. Tajriba davomida bunyodkorlik, ezgulik haqida fikrlash shart qilib belgilandi. Biz fikr yo‘nalishining nuqtasi qilib Bog‘dod shahrini tayin etdik. Bu payt Bog‘dodda urush bo‘layotgan edi. Tajriba chog‘ida va undan keyingi ikki kun mobaynida shaharda janglar to‘xtadi, jinoyatchilik xiyla kamaydi. Keyin qora, vayronakor kuchlar ustun kelib, Iroqda qon to‘kilishlar yana jonlandi. Bundan ajablanmasa ham bo‘ladi: yomonlik ezgulikka qaraganda faolroq. Biroq Yerdagi barcha odamlar ibodat qilishib, chin dildan tinchlikni tilashsa, ishonchimiz komilki, ona sayyoramizdagi vaziyat tubdan yaxshilik tarafiga o‘zgaradi. Albatta, bu e’tirofga ishonish oson emas...

Tushunaman,– deydi olim,– biroq biz harakat qilsak, hech narsani yo‘qot-maymiz. Harakat qilmagan taqdirda esa, hamma narsani yo‘qotishimiz mumkin.

Dalalardagi doiralarni kim chizayapti?

Yer sayyorasi aqlli mavjudot,– deydi g‘ayri tabiiy hodisalar tadqiqotchisi D.Azarov.– Zamin o‘z ustida insoniyat tamadduni mavjudligini bilibgina qolmay, balki, u bilan muloqot o‘rnatishga harakat qilmoqda. Yaponiya, Kanada, Rossiya, Argentina davlatlari hududlaridagi bug‘doyzor dalalarda kutilmaganda doirali chiziqlar, g‘oyat murakkab shakllar chizilib qolmoqda. Bu suratlar bir-biri bilan kesishuvchi to‘g‘ri chiziqlar hamda doiralardan tarkib topmoqda. Suratlarning barchasi uchun xos xususiyat shundaki, surat shaklini olgan bug‘doyzor poyalari toptalgani ham, singani ham yo‘q. Olimlar uchun noma’lum sabablarga ko‘ra, g‘oyat mohirona surat shaklini olgan bug‘doy poyalari yotiq holida ham o‘sib, ko‘paymoqda. Ayniqsa, Angliyaning Gempshir grafigida samolyotdan turib qayd etilgan hodisot g‘oyat hayratlanarli. Bug‘doyzorda paydo bo‘lgan doira ichidagi “Biz yolg‘iz emasmiz” yozuvining har bir harfi 36 metr uzunlikda edi.

Sirli doiralar ko‘pligi jihatidan Janubiy Angliya peshqadamlik qilmoqda. Mamlakat dalalarida so‘nggi yillarda shaklan murakkablashib borayotgan 10 mingga yaqin surat hisobga olingan. Dastlab oddiy doira shaklidagi chiziqlar g‘aroyib uzuk, zanjir, yassi, sinusoid, kvadratga aylanib bormoqda. Mutaxassislarning fikricha, inson bunday g‘aroyib, matematik jihatdan nihoyatda aniq shakllar suratini chizishga ojiz. Matematik jihatdan nihoyatda aniq shakllar suratini faqat kompyuter yaratishi mumkin. Minglab guvohlar bu suratlar bir lahzada paydo bo‘layotganligini ta’kidlashmoqda.

D.Azarovning fikricha, bu sirli yozuvli suratlarni tirik, aqlli sayyoramiz chizmoqda.

Ona Yerning insonga ta’siri

Georgiy Kuznetsov, shuningdek, boshqa olimlar tadqiqotlari inje-nerlik biolokatsiyasi Assotsiatsiyasi prezidenti Vladimir Xlopkov tomonidan yig‘ilgan axborotlarga muvofiq kelyapti. Biolokatsiya operatorlari Yerning odamlarga ta’sir ko‘rsatish mexanizmi mavjudligini aniqladilar. Bu mexanizmni geopatogen hududlar deb atashadi. V.Xlopkovning aytishicha, “geopatogen” iborasi noto‘g‘ri qo‘llangan. Zero, bunday hududlar faol harakatda bo‘lib, Yer ular orqali o‘z jonli qatlamiga ta’sir ko‘rsatadi. Biolokatsiya operatorlari ana shunday hududlarda sodir bo‘layotgan jarayonlarni ko‘p yillar mobaynida kuzatdilar. Hududlar faolligining sutkalik, oylik, yillik davriy tebranishlari qayd etib borildi. Hayratlanarli kashfiyot: faol hududlar insonning jismoniy, ruhiy holatigagina emas, zaminda neki bor barchasiga ta’sir ko‘rsatarkan. Hududlar faolligining davriy tebranishlari Rossiya Fanlar akademiyasining Geologiya instituti olimlari hamda Tabiiy zahiralar vazirligi Butun-rossiya instituti olimlari olib borgan ilmiy kuzatishlar natijalari-ga muvofiq keldi! Sayyoramiz aynan shu faol hududlar orqali tirik olamga energetik ta’sir ko‘rsatadi. Faol hududlar tirik olamni aynashga olib keluvchi zaif, kasalvand turlari tutib qoluvchi o‘ziga xos to‘siq vazifasini ham o‘taydi. V.Xlopkov guruhining biolokatsiya operatorlari ana shu muhim yangiliklarni kashf etdilar. Faol hududlar yaqinida g‘ayri tabiiy hodisalar tez-tez sodir bo‘lishini chuqur o‘rganish yuqoridagi kashfiyotlar to‘g‘riligini tasdiqladi.

Moskva yaqinidagi Zelenograd shaharchasida yerning katta yorig‘i – faol hudud koinotdan suratga olindi. Kuzatishlar bu faol hudud nechog‘li oqilligini isbotladi.

Hududdan har oqshom 90 sm. tezlikda biomaydon tarqalib, shahar sari oqa boshlaydi. Oradan 3,5 soat mobaynida davom etadi. Xo‘sh, biomaydonning bu g‘aroyib “xulq-atvori”ni qanday sharhlash mumkin? Vladimir Xlopkovning fikricha, ilmiy shaharcha ahli o‘z xotiralaridagi mavjud axborotni biomaydon tomonidan o‘qilishi hodi-sasiga duch kelishgan. Oqshom biomay-don uchun g‘oyat qulay payt: ishdan horib qaytgan odamlar o‘zlarini bo‘sh qo‘yib, erkin bo‘ladilar. Kunduzgi yugur-yugur, tashvishlar, zo‘riqishlarni unutadi, uni tashqi ta’sirlardan himoya qiluvchi ruhiy to‘siqlarni olib tashlaydi. Ruhiy to‘siq nima? Odamzot jamiyatda o‘zi yoqtirmaydigan kishilar bilan muomalada bo‘lishga majburligi bois o‘zi bilan ular o‘rtasiga anglamagan holda ruhiy to‘siq qo‘yadi. Uyda erkin-ligi bois bunday to‘siq ko‘tarilgach, yengil bo‘lib qoladi. Biomaydon esa ruhan yengil insonni o‘rab olib, unga sokinlik, xotirjamlik baxsh etadi.

Voronej oblastida ham g‘aroyib xususiyatli hudud aniqlanib, o‘rganil-di. Bu – Novoxopersk tektonik yorig‘i bo‘lib, “Voronej geologiya” davlat korxonasi mutaxassisi Genrix Silanov tomonidan tadqiq etilgan. Tektonik hududda oq jismli materiya parchalari suratga olingan. Parchalar tektonik yorig‘idan to‘satdan sho‘ng‘ib chiqib, Yerning ma’lum bir nuqtasi uzra muallaq turardi. Yer bilan oq materiya parchalarini bog‘lovchi nurli izlar ham ilang-bilang tasmaga tushgan edi.

Tektonik yorug‘ hududidan ajralib chiqayotgan energiya bizning tushuncha-mizdagi geofizik holat emas,– deydi G.Slanov,– bu Yer bilan Koinot o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashinuvi ekanligiga imonim komil. Suratlarning birida sirli oq materiya parchalarining yerga qo‘nishi aks ettirilgan. Sharsimon parcha o‘tloqqa qo‘nib, so‘ng ko‘tarilib ketarkan, o‘zidan qora doira qoldiradi. Bu Angliya bug‘doyzorlaridagi qora doiralarga g‘oyat o‘xshaydi. Yana bir oq materiya parchasida esa plazmaning paydo bo‘lishi va jismga aylanishi suratga tushirilgan. Novoxopersk tektonik yorig‘i tadqiqotchilarining fikricha, Vaqt –energiya turlaridan biri, shuningdek, o‘zaro modda almashinuvi jarayonlari tezligini aniqlovchi, sabab-oqibat o‘zgarishlari-ni jamlovchi maydon hisoblanadi. Yer Koinotga energiya uzatuvchi tektonik kesishuv hududlarida esa Vaqt o‘zgacha xususiyatlar kasb etadi. Fotosuratlar bu fikrlarni tasdiqlaydi. Suratlardan biriga barglari quyuq, adl daraxt tasviri tushirilgan. Vaholanki, aslida daraxt kekasayib egilgan, shoxlari singan holda turibdi! Ha, bu g‘aroyib hodisot qoshida hayratga tushmasdan ilojingiz yo‘q. Axir daraxt 20 yil muqaddamgi yoshligini xotirlagan va ana shu xotiradagi tasvir plyonkaga muhrlangan edi-da! Bu favqulodda hodisot-xotiralar maydoniga taalluq-li bo‘lib, Vaqt to‘satdan o‘tmish tasvirlarini qayta tiklaydi, o‘tmish jonlan-mog‘i uchun moddiy shart-sharoit yaratadi. Mazkur maydonda qachonlardir nimai-ki mavjud bo‘lgan bo‘lsa, uning tasviri jonlanib, optik to‘lqinda aks etadi.

Yer – Parvardigor ilmi tajallisi

Keyingi yuz yillar mobaynida Yer “zaminda podshohman, xohlaganimdayyashayman”, deya kalta o‘ylovchi inso-niyatga oqilona ishoratlar qilmoqda. Donoga ishorat, nodonga kaltak, deydilar-ku. Odamzot Yer yuzida tasodifan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Unga ato etilmish aql ne’mati, chek-siz erkka egalik huquqi Koinot miq-yosida olganda, g‘oyat kamyob (hatto nuriy mavjudot – farishtalarga ham erk berilmagan – M.U.). Inson – Yerni jannatga aylantirmog‘i uchun bu dunyoga kelgan, deyiladi barcha dinlarning muqaddas kitoblarida. Alloh Yer jismini gullab-yashnatishi, undagi xazinalardan aqlu insof bilan, isrof qilmay foydalanishi, asli avval tabiatini saqlashi uchun insonga berdi. Parvardigor Yer bilan birga odamzodga aql-idrok ne’matini, erk-ixtiyorni ham ato etdi. Odamzod esa ona tabiat bilan uyg‘unlikda yashash o‘rniga unga hokim-likni afzal bildi. Yerning jannatiy jamolini toptab, xazinalarini talon-taroj qildi. Alaloqibat tabiat, ya’ni Yerning jonli hujayralari – o‘simlik, hayvonot dunyosi zavolga yuz tutdi, hatto inson o‘z jismi tarkib topgan ulug‘ unsurlar – tuproq, havo, suv, olovni ham bulg‘aladi. Zaminda mehmon ekanligini unutdi. O‘z mehmonlik izzatini bilmaganlar uchun esa Yerning ustidan ko‘ra osti afzal bo‘layotganligini ayni paytda dunyoviy miqyosda ro‘y berayotgan zilzilalar, to‘fonlar, ko‘chkilar, sellar, toshqinlar oqibatida ming-minglab odamlar halokatga uchrayotganligi isbotlamaydimi?! Maqolani falsafa fanlari doktori A.Averyanovning quyidagi ogohlan-tirishi bilan yakunlamoqchimiz: “Olimlar va amaliyotchi moddiyunchilar oqibatini o‘ylamay, Yer qobig‘ini ilma-teshik qilishni davom ettirayotirlar. Yer – Mendeleev davriy sistemasi elementlari birikuvidan tashkil topgan shar deb hisoblovchilar qattiq yanglishadilar. Tabiat va Yer o‘zaro uyg‘unlik, mutanosiblik, poklik qonunlari asosida hayot kechiradi. Tabiat ham, Yer ham o‘z-o‘zini muhofaza qilish, o‘zini-o‘zi poklashdek g‘oyat cheklanmagan qudratga (Modomiki, Yer – Yaratganning ilmi tajalli topgan sayyorasi ekan, uning qudrati chek bilmasdir – M.U.) ega. Yerda ham, Koinotda ham faqat kurashib yashashgina emas, balki o‘zaro madadkorlikda, hamjihatlikda faoliyat ko‘rsatib yashash qonuniyatlari mavjud-ki, bular, shak-shubhasiz insoniyatga ham to‘lasicha taalluqlidir”.

Mixail Taranov, geologiya-minerologiya fanlari nomzodi

Mahfuza Usmonova tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 9-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.